toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.09.2022
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 10-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 1291]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2022-yil 22-avgustdagi 19/5-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3389, 28.09.2022-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda), “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunlari (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, 5-6-son, 142-modda), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 402-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida lombardlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ular faoliyatini litsenziyalash masalalari to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 17-18-son, 149-modda) qaroriga muvofiq lombardlar faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Lombard faoliyatini amalga oshirishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega bo‘lgan holda lombardlar faoliyati faqat ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ular faoliyatining asosiy maqsadi fuqarolardan shaxsiy iste’mol uchun mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni garovga olingan holda, qisqa muddatli kreditlar ajratishdan iboratdir.
2. Lombardlar faoliyatini litsenziyalashni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi matnda — litsenziyalovchi organ) amalga oshiradi.
3. Lombardlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya belgilanmagan muddatga beriladi.
4. Lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda bekor qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan rasmiylashtiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
5. Yuridik shaxsga lombard faoliyatini amalga oshirish uchun huquq litsenziya berilgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
6. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga berish taqiqlanadi.
II. Litsenziyaga oid talablar va shartlar
7. Lombard o‘z faoliyatini amalga oshirishda, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik talablariga amal qilishi shart.
8. Lombardlar faoliyatini amalga oshirishga litsenziya, 500 mln. so‘m miqdorida eng kam ustav fondi shakllantirilgan holda, lombard sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan yuridik shaxsga berilishi mumkin.
Lombardning ustav fondi lombard muassislari to‘lagan pul mablag‘laridan shakllantiriladi.
Kreditga va garovga olingan mablag‘lardan hamda boshqa jalb etilgan mablag‘lardan lombardning ustav fondini shakllantirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(81-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
9. Litsenziya olish yoki joylashgan eri (pochta manzili) o‘zgarganligi munosabati bilan qayta rasmiylashtirish uchun ariza berish paytida, lombard Markaziy bankning tegishli hududiy bosh boshqarmasining bino va uning kassa xonalari texnik mustahkamligi hamda yong‘inga qarshi qo‘riqlash va favqulodda ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari bilan ta’minlanganligi, o‘zaro ishlashni va axborot almashinuvi tizimini ta’minlash uchun sifatli aloqa liniyasi, shuningdek buxgalter hisoboti operatsiyalarini o‘tkazish bo‘yicha dasturiy ta’minoti to‘g‘risidagi xulosasiga ega bo‘lishi kerak.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
91. Lombard boshqaruv organining rahbari lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodga qo‘yilgan talablar:
iqtisodiy oliy ma’lumot;
bank-moliya sohasida ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga, shuningdek benuqson ishchanlik obro‘siga ega bo‘lishi kerak.
Bunda, iqtisodiyot sohasidagi yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar benuqson ishchanlik obro‘siga ega emas deb topiladi.
(91-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
III. Litsenziya olish uchun topshiriladigan hujjatlar
10. Yuridik shaxs — litsenziya da’vogari, lombard faoliyatini amalga oshirishga litsenziyani olish uchun litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) lombardning faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish to‘g‘risida ariza, unda yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili) va bank hisobvarag‘ining rekvizitlari ko‘rsatiladi. Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizada da’vogarning elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin;
v) lombardning boshqarish vakolatiga ega organ tomonidan tasdiqlangan bir yillik faoliyat uchun biznes-reja;
g) muassislar ro‘yxati, quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda:
jismoniy shaxslar uchun:
familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma’lumotlari, yashash joyining pochta manzili, telefonlari;
faoliyat turi, ish joyi, lavozimi (agar ishlasa);
lombardning ustav fondidagi ulushi summasi, shu jumladan, ustav fondining umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida;
Yuridik shaxslar uchun:
to‘liq nomi, pochta manzili va telefon raqamlari, to‘lov rekvizitlari;
lombardning ustav fondidagi ulushi summasi, shu jumladan, ustav fondining umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida.
Barcha muassislar (ham yuridik va ham jismoniy shaxslar) uchun ariza taqdim qilingunga qadar oxirgi besh yil mobaynida sud (jumladan, iqtisodiy sud) yoki davlat organlari tomonidan bu shaxsga nisbatan qo‘llanilgan barcha huquqiy jazo choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
d) lombardning boshqaruv organlari tuzilmasi va shaxsiy tarkibi to‘g‘risida ma’lumotlar;
e) naqd pul mablag‘lari va garovga olingan mulklarning saqlanishini ta’minlaydigan, maxsus jihozlangan xonalar mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
z) litsenziya da’vogarning arizasini litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasining nusxasi;
Mazkur hujjatlar ro‘yxati to‘la-to‘kis (tugal) hisoblanadi. Litsenziya da’vogaridan ushbu Nizomda ko‘zda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya da’vogari tomonidan bevosita litsenziyalovchi organga yoki uning hududiy bo‘linmalariga yoxud pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, yetkazib beriladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya da’vogarining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya da’vogarining litsenziya olish uchun arizasida elektron manzili ko‘rsatilgan taqdirda uning arizasi bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabar berilishiga roziligini bildiradi.
12. Noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar taqdim etganlik uchun litsenziya da’vogari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
IV. Litsenziya olish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish tartibi
13. Litsenziya olish uchun kerak bo‘lgan barcha zaruriy hujjatlar bilan ariza litsenziyalovchi organ tomonidan ariza va zaruriy hujjatlar tushgan kundan 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
14. Litsenziya da’vogaridan arizasini litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yig‘im undiriladi. Arizani qayta ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun undiriladigan yig‘im summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Hujjatlar ko‘rib chiqilishi davrida litsenziya da’vogari bergan arizasidan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
(14-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
Yig‘im miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(14-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
15. Litsenziyalovchi organ litsenziyani berish to‘g‘risidagi yoki litsenziya berilishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror, qabul qilingan kundan so‘ng 3 kun ichida qabul qilingan qaror to‘g‘risida litsenziya da’vogarini yozma shaklda, shuningdek axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi kerak.
17. Litsenziyani berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya da’vogariga bank hisobvarag‘i rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziat tomonidan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan va u litsenziya shartnomasini imzolaganidan so‘ng, unga ilovada keltirilgan shaklga muvofiq litsenziya beriladi.
Agar litsenziat unga litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan e’tiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan taqdirda litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli.
18. Litsenziatga litsenziyaning asl nusxasi beriladi, nusxasi o‘rnatilgan tartibda litsenziyalovchi organda saqlanadi.
19. Litsenziyalovchi organ, quyidagi sabablarga ko‘ra, litsenziya berilishini rad qilish huquqiga ega:
hujjatlar talab etilgan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim qilinganda;
hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
litsenziya da’vogarining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligida.
20. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma litsenziya da’vogariga yozma shaklda, rad etishning sabablari hamda ko‘rsatilgan kamchiliklarni litsenziya da’vogari bartaraf qilib, hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun qayta taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bolishi lozim.
Litsenziya talabgorining arizasi qayta ko‘rib chiqilganda litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslarga asosan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddatdan kechikib taqdim etilgan litsenziya da’vogarining arizasi yangidan taqdim etilgan hisoblanadi.
21. Litsenziyalovchi organ tomonidan hujjatlarni takroran ko‘rib chiqilishi barcha zaruriy hujjatlar litsenziya da’vogaridan olingan kundan boshlab, 10 kun muddat davomida amalga oshiriladi.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi
22. Lombardlar qayta tashkil qilinganda, ularning nomlanishi yoki joylashgan joyi o‘zgarganda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, bir oy muddat ichida litsenziyalovchi organga ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza taqdim qilishi shart.
Hujjatlar litsenziya da’vogari tomonidan bevosita litsenziyalovchi organga pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, yetkazib beriladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya da’vogarining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
23. Agar litsenziya yo‘qolgan yoki yaroqsiz holatga kelgan holda, litsenziya egasi 15 kunlik muddat ichida dublikat olish uchun ariza berishi shart.
VI. Litsenziyani to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi
24. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini quyidagi hollarda to‘xtatib turishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlari litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror, ushbu qarorni qabul qilgan litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga asosli sabablar qayd etgan holda yozma shaklda qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziyaning amal qilishni to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etish uchun muddat belgilashi shart. Ko‘rsatilgan muddat olti oydan oshishi mumkin emas.
Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziat bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishni to‘xtatib turgan litsenziyalovchi organ ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomani olgan kundan e’tiboran uch kunlik muddat ichida litsenziyaning amal qilishini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.
25. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi holatlarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyani amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganida;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shib yuborilishi mustasno;
litsenziat tomonidan litsenziya shartnomasida ko‘zda tutilgan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol buzilganda;
litsenziyalovchi organ belgilagan muddatda litsenziya amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni litsenziat bartaraf qilmaganida;
litsenziyalovchi organning litsenziyani berish to‘g‘risidagi qarori qonunga xilofligi aniqlanganda.
Litsenziyaning amal qilishi, shuningdek, sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
26. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani bekor qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
agar, litsenziya da’vogari litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida bildirish xati jo‘natilgan (topshirilgan)dan so‘ng uch oy davomida litsenziya beruvchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilmasa yoki litsenziya shartnomasini imzolamasa;
litsenziat litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganida;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziya, shuningdek, sudning qaroriga ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Bekor qilish to‘g‘risidagi qaror litsenziya berilgan sanadan e’tiboran amal qiladi.
26-1. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tiklash, tugatish va uni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.
VII. Lombardlar faoliyatini nazorat qilish
27. Litsenziyalovchi organ litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi uchun nazoratning amalga oshirilishida, o‘z vakolatlari doirasida, quyidagi huquqlarga ega:
lombardlardan buxgalter hisoboti va kredit operatsiyalari to‘g‘risidagi birlamchi hujjatlarini olish va tekshirish, ularning amaliyotlariga oid axborotlarni so‘rash hamda olish;
olingan axborotlar bo‘yicha tushuntirish talab qilish;
lombardlarning faoliyatini tekshirish, tartibbuzarlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash;
lombardlarga ularning faoliyatida aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf qilish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborish.
VIII. Litsenziatlar ro‘yxatini yuritish
28. Litsenziyalovchi organ litsenziatlar ro‘yxatini yuritadi va unda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
litsenziatlarning nomi va uni joylashgan joyi (pochta manzili), litsenziat to‘g‘risida asosiy ma’lumotlar (rahbar va bosh buxgalter f.i.o., telefon raqami, bank hisobvarag‘i va b.)
litsenziyalarning berilgan vaqti va raqami;
litsenziyalarning qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish va qayta tiklash asoslari hamda sanalari;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
boshqa ma’lumotlar.
29. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq bo‘ladi.
IX. Yakuniy qoidalar
30. Litsenziyalovchi organ va uning mansabdor shaxslari qarorlari va harakatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Markaziy bank raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.R. JUMAGALDIYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 22-sentabr,
23/3-son
2003-yil 22-sentabrdagi 23/3-sonli Lombardlar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
ILOVA

‎‎Lombard faoliyatini amalga oshirish uchun
‎______-raqamli
‎LITSENZIYA

‎‎20___ yil “___” _________

Toshkent shahri

‎‎O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 20__ yil “___” ____ dagi qaroriga muvofiq lombard

_______________________________________________________________________________________________
‎(lombardning to‘liq nomi)
‎_______________________________________________________________________________________________
‎(pochta manzili va boshqa rekvizitlar)

‎‎O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda litsenziyalga oid talab va shartlarga muvofiq lombard faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.

‎‎Ushbu litsenziya belgilanmagan muddat davomida amal qiladi.

‎‎O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi hamda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”ga qonunlarida ko‘zda tutilgan hollarda mazkur litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishi, tugatishi yoki bekor qilishi mumkin.

‎‎Mazkur litsenziya 20__ yil “___” ________ da ____-raqam ostida lombard faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar Davlat reyestriga kiritildi.

‎‎O‘zbekiston Respublikasi
‎Markaziy banki
‎Raisining o‘rinbosari

________________________________________

________________________________________‎‎

(F.I.Sh.)‎‎

M.O‘‎‎

(imzo)‎‎

‎‎Seriya AA № 000000