toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA “OILA” ILMIY-AMALIY MARKAZINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 229-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jamiyat taraqqiyotida, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashda oilaning o‘rni muhim ekanligini hisobga olib, oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy an’analarni avaylab-asrash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, oila a’zolarining huquqiy savodxonliklarini oshirish muammolarini ilmiy o‘rganishni va fuqarolarga bu masalalarda amaliy yordam berishni muvofiqlashtirish maqsadida, 1998-yilning Respublika Prezidenti tomonidan “Oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tashkil etilsin.
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi Toshkent davlat universiteti va Toshkent davlat pedagogika institutidagi oila muammolarini o‘rganish laboratoriyalari negizida tashkil qilinishi belgilab qo‘yilsin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan laboratoriyalarning shtatlari va ish haqi fondini “Oila” ilmiy-amaliy markaziga bersinlar, jihozlarini balansdan balansga o‘tkazsinlar.
2. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazining Nizomi va tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. Markaz direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Kamolot” jamg‘armasi, “Ekosan” jamg‘armasi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi faoliyatida ishtirok etishi haqidagi takliflari ma’qullansin.
Ishtirokchilar Kengashining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
4. Quyidagilar Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
oila va jamiyat, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq boy milliy an’analar, sermazmun milliy qadriyatlarning ildizlarini, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ommalashtirish;
milliy oilaviy tarbiyada umuminsoniy qadriyatlarning o‘rnini yuksaltirish va uning oilada uyg‘unlashuvini ta’minlash;
oilaning pedagogik, psixologik, ijtimoiy-psixologik, etno-pedagogik, etno-psixologik muammolarini o‘rganish hamda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, demografik xususiyatlarini ilmiy asosda tadqiq etish;
oila, ayol va bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyini aks ettiruvchi statistik axborotlarni to‘plash va umumlashtirish;
oilani rejalashtirishni, uning salomatligining tibbiy-biologik asoslarini ilmiy-amaliy tadqiq etish, uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish va ularni amaliyotga keng tatbiq etish;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni yaxshilash maqsadida nikoh uylari va salomatlik markazlari huzurida maxsus o‘quv-tarbiyaviy kurslarni tashkil etish;
oilaning huquqiy savodxonligini tubdan yaxshilash va himoyalash bo‘yicha ilmiy-amaliy faoliyat ko‘rsatish;
oilada bolaning qonuniy huquq va manfaatlarining himoya qilinishi, sog‘lom o‘sishi, maktabga tayyorlanishida ota-onalarning faoliyatlarini takomillashtirish hamda mas’uliyatlarini oshirish yuzasidan o‘quv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
yosh avlodda ma’naviyat, madaniyat, ma’rifatni yanada yuksaltirish orqali oilada barkamol avlodni tarbiyalashning eng samarali, maqbul usullarini izlash va ishlab chiqish;
oila va jamiyat muammolariga va ularning yechimiga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanma, ilmiy-ommabop risolalar yaratish;
1998-yilning “Oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan belgilangan tadbirlar dasturining bajarilishi monitoringini olib borish;
oila va jamiyat muammolari sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
5. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Markazga oila muammolarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda hamda o‘z faoliyati uchun zarur axborotlarni olishda ko‘maklashsinlar;
Markazga oila manfaatlariga yo‘naltirilgan dasturlarni bajarishda har tomonlama yordam ko‘rsatsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi 1998-yilda va keyingi yillarda “Oila” ilmiy-amaliy markazining ilmiy izlanishlari mavzularini Davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari tarkibida rejalashtirsin.
Markazning o‘z ilmiy-amaliy dasturlarini joylarda shartnoma asosida amalga oshirishi belgilab qo‘yilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari Kengashi:
“Oila” ilmiy-amaliy markazining oila va jamiyat muammolari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan amaliy aloqalar o‘rnatishiga ko‘maklashsinlar;
“Oila” ilmiy-amaliy markazini xalqaro tashkilotlar va chet davlatlardagi oila muammolariga oid ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy axborotlar bilan doimiy ravishda ta’minlasinlar.
8. “Oila” ilmiy-amaliy markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadigan qonunlar va qarorlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar hamda idoralarning me’yoriy va yo‘riqnoma hujjatlari majburiy tartibda tarqatiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.
9. “Oila” ilmiy-amaliy markazi xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot institutlari va ularga tenglashtirilgach tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash uchun o‘rnatilgan yagona tarif setkasi va mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha belgilangan razryadlar joriy etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan hisob-kitoblarga binoan Markaz faoliyatini tashkil etish, kerakli jihozlar va kompyuter texnikasi xarid qilish uchun zarur mablag‘ ajratsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Markazni zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.
12. “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi Markazga xizmat ko‘rsatish uchun yengil avtomobil, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uning xarajatlari uchun zarur bo‘lgan limit ajratsinlar.
13. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari Markaz faoliyatini muntazam yoritib borsinlar, oila va jamiyatning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar dasturlarini ushbu qarorga asoslangan holda qayta ko‘rib chiqsinlar.
14. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “Oila” ilmiy-amaliy markaziga Furqat ko‘chasidagi 1-uydan joy ajratsin va uni ta’mirlash masalalarini hal qilsin.
15. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari D. G‘ulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-fevral,
54-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
2-fevraldagi 54-son qaroriga
1-ILOVA
“Oila” ilmiy-amaliy markazining
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1.1. “Oila” ilmiy-amaliy markazi (bundan keyin matnda Markaz deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi o‘z-o‘zini boshqaradigan mustaqil tashkilot bo‘lib, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadigan qonunlar va qarorlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda mazkur Nizom asosida olib boradi.
1.2. Markaz yilning har choragida va oxirida yakuniy, shuningdek, so‘ralgan vaqtlarda O‘zbekistonda oilalarning holati, dolzarb muammolari, ularning yechimlari va oila istiqboli haqida Hukumatga rasmiy ma’lumotlar berib turadi.
1.3. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasasida milliy va xorijiy valyutalarda hisob raqamiga, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga va boshqa ramziy ashyolarga ega bo‘ladi.
1.4. Markaz Toshkent shahar, Furqat ko‘chasi, 1-uyda joylashgan.
II. Markazning maqsadi va asosiy vazifalari
2.1. Markazning maqsadi oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy an’analarni avaylab-asrash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, oila a’zolarining huquqiy savodxonliklarini oshirish muammolarini ilmiy o‘rganishni va fuqarolarga bu masalalarda amaliy yordam berishni muvofiqlashtirishdan iborat.
2.2. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oila va jamiyat, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq boy milliy an’analar, sermazmun milliy qadriyatlarning ildizlarini, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ommalashtirish;
milliy oilaviy tarbiyada umuminsoniy qadriyatlarning o‘rnini yuksaltirish va uning oilada uyg‘unlashuvini ta’minlash;
oilaning pedagogik, psixologik, ijtimoiy-psixologik, etno-pedagogik, etno-psixologik muammolarini o‘rganish hamda rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlash;
oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, demografik xususiyatlarini ilmiy asosda tadqiq etish;
oila, ayol va bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyini aks ettiruvchi statistik axborotlarni to‘plash va umumlashtirish;
oilani rejalashtirishni, uning salomatligining tibbiy-biologik asoslarini ilmiy-amaliy tadqiq etishga oid uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish va ularni amaliyotga keng tatbiq etish;
Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dasturda belgilangan oila tomonidan maktabgacha ta’lim talablarini ta’minlashda ota-onalarga, oila a’zolariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni yaxshilash maqsadida nikoh uylari va salomatlik markazlari huzurida maxsus o‘quv-tarbiyaviy kurslarni tashkil etish;
oilaning huquqiy savodxonligini tubdan yaxshilash va himoyalash bo‘yicha ilmiy-amaliy faoliyat ko‘rsatish;
oilada bolaning qonuniy huquq va manfaatlarining himoya qilinishi, sog‘lom o‘sishi, maktabga tayyorlanishida ota-onalarning faoliyatlarini takomillashtirish hamda mas’uliyatlarini oshirish yuzasidan o‘quv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
yosh avlodda ma’naviyat, madaniyat, ma’rifatni yanada yuksaltirish orqali oilada barkamol avlodni tarbiyalashning eng samarali, maqbul usullarini izlash va ishlab chiqish;
oila va jamiyat muammolariga va ularning yechimiga oid o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy-ommabop risolalar yaratish;
oila va jamiyat muammolari sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
oila farovonligi va kamoloti yo‘lida qabul qilingan Hukumat qarorlarida belgilangan chora-tadbirlarning respublika miqyosida hamda joylarda bajarilishiga ko‘maklashish.
III. Markazning boshqaruv asoslari va tizimi
3.1. Ishtirokchilar Kengashi Markazning rahbar organi hisoblanadi.
3.2. Ishtirokchilar Kengashi Markazning hay’at organi bo‘lib, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi uning raisi etib tayinlanadi.
Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Kengashga oila muammolari va masalalari yuzasidan faoliyat ko‘rsatayotgan vazirliklar, jamg‘armalar, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari a’zo etib tayinlanadilar.
3.3. Ishtirokchilar Kengashining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
Markazga oila manfaatlariga oid ilmiy-amaliy hamda uslubiy-o‘quv-tarbiyaviy dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan buyurtmalar berish;
Markazga homiy tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va hamkorlik qilish, moliyaviy mablag‘lar, o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar uchun grantlar olish hamda chet el investitsiyalarini Markaz faoliyatiga jalb qilishda ko‘maklashish;
Markaz direktori lavozimiga nomzodlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etish;
Markaz direktorining o‘rinbosarlarini va ilmiy kotibini tasdiqlash;
Markaz ilmiy-uslubiy Kengashi nizomini va uning tarkibini tasdiqlash;
Markaz direktori tomonidan taqdim qilingan Markaz faoliyatining va Markaz huzuridagi ilmiy-uslubiy Kengashning yillik ish rejalarini tasdiqlash;
Markaz direktori va ilmiy-uslubiy Kengashning yil choragi bo‘yicha va yillik hisobotlarini muhokama qilish va tasdiqlash;
Markazga yuklangan vazifalarni bajarish uchun tuziladigan maqsadli dasturlarning joylardagi tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilishini ta’minlash.
3.4. Markazga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori maqomiga ko‘ra ilmiy-tadqiqot institutlarining direktorlariga tenglashtiriladi. Markaz direktori o‘z faoliyati bo‘yicha Ishtirokchilar Kengashi rahbariga bo‘ysunadi.
3.5. Direktor:
Markaz xodimlarining ishlarini tashkil qiladi va boshqaradi, Markaz nomidan faoliyat ko‘rsatadi, shu jumladan, uning moliyaviy-xo‘jalik ishlarini amalga oshiradi, Markaz nomidan bitimlar tuzadi, Markazning joriy, faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha vazifalarni amalga oshirishga rahbarlik qiladi;
direktor o‘rinbosari va ilmiy kotib lavozimlariga nomzodlar, Ilmiy-uslubiy Kengash tarkibi bo‘yicha takliflarni tasdiqlash uchun Ishtirokchilar Kengashiga kiritadi;
o‘z vakolatlari doirasida Markazning barcha xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi, amaldagi qonunlarga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi. Markazning Nizom doirasidagi barcha faoliyati uchun javob beradi.
3.6. Markazda ilmiy-uslubiy faoliyat bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun direktor rahbarligida Ilmiy Kengash tuziladi. Ilmiy Kengash o‘z Nizomi asosida ishlaydi.
3.7. Markaz tizimi quyidagi bo‘limlardan iborat:
— oila salomatligining tibbiy-biologik asoslari;
— oila psixologiyasi;
— oila ma’naviyati;
— demografiya va oilaning ijtimoiy-iqtisodiy istiqboli asoslari;
— oila va huquq asoslari.
Bo‘limlarga ilmiy darajali mutaxassislar mudirlik qiladi.
IV. Markazning huquqlari
4.1. Viloyatlarda o‘z hududiy bo‘limlarini va oila muammolari bo‘yicha aholiga amaliy yordam beruvchi xo‘jalik hisobidagi guruhlar tashkil etish.
4.2. Nizom maqsadlari doirasida respublika hududida va uning tashqarisida ilmiy-amaliy, ilmiy-nazariy anjumanlar va boshqa tadbirlar majmuini tayyorlash va o‘tkazish.
4.3. Mavjud qonunchilik doirasida noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
4.4. Oila muammolarini o‘rganish yuzasidan tayyorlangan o‘quv-uslubiy va bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, dasturlarini tahlil qilish va baholash uchun ekspert guruhlari tuzish.
4.5. Markazning o‘z faoliyati doirasida o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirishi maqsadida vaqtinchalik ijodiy mehnat guruhlarini tuzish. Nizomdagi vazifalari doirasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun asosida ta’lim xizmatlarini amalga oshirish.
4.6. Nizom maqsadlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan tashqi faoliyat bilan shug‘ullanish. O‘zbekiston Respublikasi hududida, xorijiy mamlakatlarda o‘z vakolati doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar, boshqa yuridik hujjatlar tuzish.
4.7. Ilmiy xodimlarning malakasini oshirish, chet ellarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, o‘zaro tajriba almashish hamda tashqi faoliyatni amalga oshirish maqsadida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
V. Markazning moliyaviy ta’minoti
5.1. Markaz faoliyatining moliyaviy asosini unga davlat tomonidan maqsadli ajratiladigan mablag‘lar, doimiy foydalanishga berilgan asosiy vositalar (fondlar), Nizom maqsadlari doirasida pullik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishdan olingan daromadlar, mamlakatimiz va xorijdagi turli tashkilot, jamg‘arma grantlari va fuqarolarning homiylik mablag‘lari tashkil etadi.
5.2. Ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish uchun turli davlat, jamoatchilik va xususiy jamg‘armalardan ajratilgan yoki turli shartnoma, kontrakt, bitimlar asosida olingan mablag‘lar Markaz mulki hisoblanib, ulardan Markaz ixtiyoriy ravishda foydalanadi.
5.3. Markazning ilmiy va boshqa xodimlariga yagona tarif setkasiga muvofiq davlat budjeti hisobidan haq to‘lanadi. Markaz o‘z imkoniyatlari doirasida mustaqil ravishda o‘z xodimlarini turli rag‘batlantirish shakllaridan foydalanishi mumkin.
5.4. Markaz unga o‘z mulki sifatida yoki vaqtincha foydalanish uchun berilgan davlat fondlari, boshqa mol-mulklardan davlat topshiriqlari asosida va amaldagi qonunlar doirasida foydalanadi.
5.5. Markazning mustaqil xo‘jalik hisobidagi bo‘linmalari o‘z xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatlarini ushbu faoliyatlardan olingan daromad (foyda)lar hisobiga amalga oshiradi.
VI. Markazning tugatilishi
Markaz faoliyatini tugatish yoki qayta tashkil etish Vazirlar Mahkamasining qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
2-fevraldagi 54-son qaroriga
2-ILOVA
“Oila” ilmiy-amaliy markazining
TUZILMASI
Jami: 26 kishi