1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.02.00 Ishga joylash va aholi bandligi sohasidagi boshqaruv;
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.09.00 Mehnat migratsiyasi]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IShChI KUChLARINI ChETDAN KELTIRISh VA ChETGA ChIQARISh MASALALARINI BOShQARISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tegishli qonun hujjatlari qabul qilingungacha “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellarda kasbi boʻyicha ishlash huquqlarini roʻyobga chiqarish, chet ellarda respublika fuqarolarini ishga joylashtirishni davlat tomonidan boshqarish va muvofiqlashtirishni taʼminlash, ularning huquqi va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Vazirlik huzurida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan va xoʻjalik hisobi asosida faoliyat koʻrsatadigan Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligi toʻgʻrisida Nizom (1-ilova);
(2-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 19-oktabrdagi 408-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Belgilab qoʻyilsinki, Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligi faoliyatini tashkil etish uchun mablagʻlar dastlabki bosqichda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligini layoqatli kadrlar bilan toʻldirsin, bitim (kontrakt)larga muvofiq agentlikning ishchi va mutaxassislarni tanlash, test usulida sinash hamda chet ellarga oʻz vaqtida yuborishga doir ishlarining samaradorligini taʼminlasin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 19-oktabrdagi 408-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ishlash uchun chet elga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini roʻyxatga olish, shuningdek ularga borgan mamlakatida ishga joylashishda huquqiy yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish yuklatilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, “chet eldan kelish va chet elga ketish toʻgʻrisida” hamda “Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisi”da qonunlar loyihalarini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga chet elda ishlash uchun hujjatlarini rasmiylashtirayotgan ishchi va mutaxassislarni oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish yuklatilsin.
10. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligining talabnomasiga binoan, chet elga ketuvchi mehnatkashlar uchun aviachiptalarni band qilib qoʻyishni taʼminlasin.
11. Vazirlar Mahkamasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 13-maydagi 235-son qarorining 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Koʻchma Mehnatchilar ishlari boʻyicha respublika agentligi Toshkent shahar, Kosmonavtlar shox koʻchasidagi 6-uyga joylashtirilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 14-iyul.,
353-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 14-iyuldagi 353-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
Koʻchma mehnatchilar ishlari respublika agentligi (bundan keyin Agentlik deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 14-iyuldagi 353-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining fuqarolarning ishlash uchun chet elga ketishini amalga oshiruvchi mustaqil boʻlinmasi hisoblanadi.
Agentlik oʻzining asosiy faoliyatini ishchi kuchlarini yollash boʻyicha chet ellik ish beruvchilar bilan tuzilgan davlatlararo bitimlar va kontraktlarga, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq xoʻjalik hisobi asosida amalga oshiradi. Agentlik oʻz faoliyatini viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlikda yuritadi.
Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, banklarda hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlariga, oʻz nomi yozilgan gerbli va yumaloq muhrlarga, toʻrt burchakli muhrga va bosma ish qogʻozlapiga ega boʻladi.
Agentlik ushbu Nizomdan kelib chiqadigan vazifa va xizmatlarni bajarish uchun javob beradi.
2. Agentlikning asosiy vazifalari va xizmatlari
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari va xizmatlari hisoblanadi:
chet mamlakatlarning Mehnat bozorlarini oʻrganish, chet ellik ish beruvchilarni qidirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasidan ishchi-kuchlarini eksport qilish yuzasidan chet ellik sheriklar bilan bitim va kontraktlar tuzish.
Agentlik ushbu vazifalarni bajarish uchun:
tuzilgan kontraktlarga muvofiq chet elda ishlash uchun kadrlarni tanlashni, ularning kasbi boʻyicha layoqatini test usulida sinashni tashkil etishni, boriladigan mamlakatlarning asosiy qonunlarini oʻrgatishni, til boʻyicha minimal tayyorgarlikni amalga oshiradi;
kasb boʻyicha dastlabki tanlovdan oʻtgan ishchilar va mutaxassislar bilan mehnat kontraktlari tuzadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining viza va ruxsatnomalar berish boshqarmasi boʻlinmalari bilan chet elga ishlash uchun joʻnab ketayotgan respublika fuqarolarining hujjatlarini va vizalarini rasmiylashtiradi;
ishchilar va mutaxassislarni ishga joylashiladigan mamlakatga joʻnatishni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻzlari borgan mamlakatlarda mehnat faoliyatining bajarilishini doimiy nazorat qilib borishni, u yerda ish beruvchilar va vositachi firmalar bilan paydo boʻladigan ijtimoiy-maishiy va moliyaviy muammolarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining vakili orqali tezkorlik bilan hal qilishni amalga oshiradi;
respublikada qoʻshimcha ishchi oʻrinlari tashkil qilish va ish bilan band boʻlmagan aholini ishga jalb etish maqsadida qoʻshma korxonalar (shu jumladan, MDH) korxonalari va chet el firmalari ishtirokida tashkil etadi;
davlat statistika organlari tomonidan koʻzda tutilgan tegishli hisobotni taqdim etadi;
oʻz huquqi doirasida qarorlar qabul qiladi;
tegishli hujjatlar va Agentlikning buyrugʻi asosida ishchi va mutaxassisning chet elda ishlagan davri toʻgʻrisida uning Mehnat daftarchasiga yozib qoʻyadi;
sudlarda va boshqa davlat organlarida daʼvogar yoki javobgar boʻladi.
3. Agentlikni boshqarish
Agentlikni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirining buypygʻi bilan tayinlanadigan va ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
Direktor mazkur Nizomga muvofiq Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar va xizmatlarning sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Agentlikning tuzilmasi, xodimlarning soni va xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Shtatlar jadvali agentlik direktori tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
4. Agentlikning mulki va mablagʻlari
Agentlik toʻla xoʻjalik hisobini va boshqalarni yuritish huquqlari bilan ustav jamgʻarmasiga va alohida mol-mulkka ega boʻladi.
Agentlik oʻz mulkini xoʻjalik jihatidan toʻliq yuritish huquqini amalga oshirib mazkur mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi hamda mulk boʻyicha oʻz ixtiyori bilan respublika qonunchiligiga zid boʻlmagan istalgan ishlarni amalga oshiradi.
Agentlik quyidagi jamgʻapmalap va zaxiralarni tashkil qiladi:
faoliyatni rivojlantirish jamgʻarmasi;
ragʻbatlantirish jamgʻapmasi;
moliya zaxirasi;
yangi ishchi oʻrinlarni tashkil etish jamgʻarmasi.
Agentlik faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va boshqa organlar belgilangan tartibda nazorat va taftish qiladilar.
5. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish
Agentlik belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qayta tashkil qilinadi va tugatiladi.
6. Agentlikning yuridik manzili
Toshkent sh. — 700031, Kosmonavtlar shox koʻchasi, 6-uy.