toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 25.03.2026
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining
Qarori
Narkomaniya bilan kasallangan shaxslarning shug‘ullanishi uchun cheklovlar belgilangan kasbiy faoliyat turlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 15-aprelda 1233-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 23-dekabrdagi 28-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3733, 23.12.2025-y.) asosan 2026-yil 25-martdan davlat reyestridan chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 17-bandini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi qaror qiladi:
1. Narkomaniya bilan kasallangan shaxslarning shug‘ullanishi uchun cheklovlar belgilangan kasbiy faoliyat turlarining ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Sog‘liqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-aprel,
8-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABIDOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-aprel,
46-son
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAXONGIROVA
Toshkent sh.,
2003-yil 7-aprel,
14-10-son
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmasi federatsiyasi Kengashining 2003-yil 7-apreldagi 8, 46, 14-10-son qarori
Narkomaniya bilan kasallangan shaxslarning shug‘ullanishi uchun cheklovlar belgilangan kasbiy faoliyat turlarining
ro‘yxati
1. Yuqori xavflilik manbalari bilan bog‘liq hamda yuqori aniqlik va tezkorlikni talab qiluvchi ish faoliyatlari:
a) o‘qotar qurol olib yurish va uni ishlatishga ruxsat etilgan xizmatlar;
b) maxsus aloqa xizmati;
v) naqd pul muomalasi bilan shug‘ullanuvchi barcha muassasa va banklardagi xizmat;
g) soliq va bojxona xizmatlari;
d) FVVda xizmat;
e) Qurolli Kuchlardagi xizmat;
j) huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat;
z) yong‘in xavfsizligi xizmati;
i) gazdan qutqarish xizmati;
k) shoshilinch tibbiy yordam xizmati (doimiy tayyorgarlikda bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tibbiy guruhlar)
2. Alohida muhim muxofaza qilinadigan obyektlarda ishlash.
3. Portlovchi moddalar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha faoliyat turlari.
4. Portlash va yong‘in chiqarish xavfi bo‘lgan ishlab chiqarishdagi barcha ish turlari.
5. 127 V va undan yuqori kuchlanishga ega bo‘lgan harakatdagi elektr qurilmaga texnik xizmat ko‘rsatish, ularda elektr toki yo‘nalishini o‘zgartirish, sozlash ishlari va yuqori voltli sinovlarni olib borish bilan bog‘liq barcha ish turlari.
6. Balandlikda bajariladigan barcha ish turlari.
7. Giyohvandlik vositlari, psixotrop moddalar va prekursorlar almashinuvi (saqlash, sotish, tashish, ishlab chiqarish, ishlatish) bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlar:
a) tibbiy xodimlar, dorixona, farmatsevtik ishlab chiqarish xodimlari;
b) laborantlar;
v) veterinariya xizmati.
8. Havo transportini boshqarish xavfsizligini ta’minlovchi barcha ish turlari.
9. Avto-, mototransport vositalarini haydovchilari, shu jumladan tramvay va trolleybus haydovchilari.
10. Temir yo‘l va metropolitenda harakatlanuvchi sostavlar harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan lokomotivlar (paravozlar, teplovozlar, elektrovozlar, motovozlar, drezinalar, temir yo‘lda harakatlanuvchi mexanizmlar) mashinistlari va mashinist yordamchilari, temir yo‘l kesib o‘tgan joy navbatchilari, harakat yo‘nalishini boshqaruvchisi va poyezd tarkibini tashkillashtiruvchi, vagonlarni ko‘zdan kechiruvchi.
11. Bug‘ qozon va kompressor qurilmalari operatori.
12. Oziq-ovqat mahsulotlari va mineral ichimlik suvlarini ishlab chiqarish, saqlash va sotish bilan bog‘liq ish turlari.
13. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimida suvni tayyorlash, zararsizlantirish va suv bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar.
14. Gidroelektrostansiya, gidrotexnik inshootlari va sun’iy havzalarda suv zaxiralarini jamg‘arish, taqsimlash va chiqarib yuborish bilan bog‘liq ishlar.
15. Ta’lim-pedagogik faoliyatining barcha turlari.
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 7-8-son)