1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.05.00 Budjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.02 Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va taʼminoti]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
“TASDIQLAYMAN” Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri oʻrinbosari Sh. Abdullayev 20-son, 1999-yil 2-mart
“TASDIQLAYMAN” Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari D. Asadov
Pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga bosqichma-bosqich oʻtayotgan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash
TARTIBI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 22-martda 679-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 26-dekabrdagi 210-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2024-yil 24-dekabrdagi 20-sonli “Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3603, 27.01.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturini amalga oshirishga doir asosiy chora-tadbirlarning 26-bandi ijrosi boʻyicha ishlab chiqilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmoniga 10-ilova).
1.2. Tartib pullik xizmat koʻrsatishga bosqichma-bosqich oʻtkazilayotgan davlat davolash-profilaktika muassasalarining moliyaviy resurslarini shakllantirishning asosiy umumiy qoidalari, uslublari va yondashuvlarini belgilaydi.
1.3. Roʻyxatga kiritilgan davolash-profilaktika muassasalari quyidagilarni amalga taʼminlashlari zarur (yuqorida nomi qayd etilgan Farmonga 3-ilova);
oʻz faoliyatini budjetdan toʻliq taʼminlanishidan asta-sekin va izchil ravishda tibbiy xizmat koʻrsatish hajmini oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlash sharoitiga, yaʼni pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga oʻtish;
pul toʻlanishining shaklidan qatʼi nazar, davolanuvchilar zamonaviy va malakali tibbiy yordam olishi uchun rad etmay bajarish va teng foydalanish imkoniyati;
barcha bosqichlarda aholiga koʻrsatilgan xizmatning yuqori sifati va tibbiyot-sanitar standartlarga muvofiq boʻlishi.
1.4. Davolash-profilaktika muassasalarining pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga oʻtishlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturida belgilangan muddatlar va miqdorlarga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmoniga 3-ilova), shuningdek aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning qoʻshimcha (davlat tomonidan kafolatlanganidan ortiq) turlariga boʻlgan talabdan kelib chiqib amalga oshiriladi.
2. Davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini moliyalashtirishning turlari va manbalari
2.1. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalarida bir vaqtning oʻzida moliyalashtirishning ikki xil shakli amal qiladi — budjetdan moliyalashtirish va oʻzini oʻzi moliyalashtirish. Ikki xil shaklda moliyaviy mablagʻlar hajmini belgilashda kasalliklar turi va aholining ijtimoiy guruhlari boʻyicha tasdiqlangan tibbiy-iqtisodiy standartlarga muvofiq ravishda davolanuvchiga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan xarajatlar qiymati yotadi. Oʻzini oʻzi moliyalashtirish shakli pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga oʻtish va uni kengaytirish bilan bogʻlik ravishda rivojlanadi.
2.2. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalari moliyaviy resurslarining asosiy manbalari quyidagilar hisoblanadi:
budjet mablagʻlari, uning hajmi belgilangan tartibda davolangan bemorlarning soni va xizmat koʻrsatiladigan hududning aholisi sonidan kelib chiqib belgilanadi. DPM tomonidan sarflanadigan budjet mablagʻlarining hajmi aholiga pullik xizmat koʻrsatish shakllari rivojlanishi sari asta-sekin kamayib boradi;
ushbu korxonalar va tashkilotlarning ishchilariga va ularning oila aʼzolariga tuzilgan shartnomalar asosida koʻrsatilgan profilaktik va tibbiy xizmat hajmi uchun davolash-profilaktika muassasalar hisobiga oʻtkaziladigan mablagʻlar;
davolash-profilaktika muassasalari tomonidan aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam koʻrsatish hajmidan ortiq ravishda koʻrsatilgan qoʻshimcha tibbiy xizmat uchun davolanuvchining (homiylar) toʻlovlari (davolash ovqatlanishi bilan);
homiylarning mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan man etilmagan boshqa manbalar.
(2.2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
3. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy xizmat tashkil etish
3.1. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini 1998 — 2005-yillarda isloh qilish davlat dasturi, meʼyoriy-uslubiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli hududiy sogʻliqni saqlash boshqaruvi organlarining litsenziyalariga muvofiq amalga oshiriladi.
3.2. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning, ularning shaklidan qatʼi nazar, oʻz vaqtidaligi, toʻlaqonliligi va sifatiga davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar boʻladi.
3.3. Davolash-profilaktika muassasasining rahbari mavjud budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarni taqsimotchisi boʻlib, ularning maqsadli ishlatilishi uchun javobgardir.
3.4. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalarida barcha smeta-moliya va buxgalteriya hujjatlari, shuningdek davolanuvchilarga bepul va pullik xizmat koʻrsatishni tashkil etish moliyalashtirish manbalari boʻyicha alohida olib boriladi.
3.5. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalariga tushadigan mablagʻlarning alohida hisobini yuritish uchun bank muassasalarida quyidagi depozit hisobvaraqlari ochiladi:
a) aholiga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish uchun budjetdan tushadigan mablagʻlar uchun — hisobvaraq;
b) pullik xizmatdan tushadigan mablagʻlarni hisobga olish uchun — hisobvaraq;
v) ovqatlanish uchun davolanuvchilarning (homiy korxonalar va h.k.) xususiy toʻlovlaridan kelib tushadigan mablagʻlarni jamlash uchun — hisobvaraq.
3.6. Budjetdan moliyalashtirish uchun davolash-profilaktika muassasasining daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali va boshqa hujjatlar belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
3.7. Pullik tibbiy va boshqa turdagi xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali va boshqa hujjatlar davolash-profilaktika muassasasining rahbari tomonidan yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash boshqaruvi organi bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
3.8. Davolash-profilaktika muassasasida davolanuvchilarga pullik xizmatlar koʻrsatish ushbu maqsadlar uchun ajratilgan alohida boʻlimlarda (yoki ixtisoslashtirilgan pullik boʻlim palatalarida) amalga oshiriladi.
3.9. Davolash-profilaktika muassasasining rahbari va pullik tibbiy yoki boshqa turdagi xizmat koʻrsatuvchi boʻlinma (xodimlar guruhi) oʻrtasidagi munosabatlar ular oʻrtasidagi, mijozlarga tibbiy xizmat koʻrsatishni kafolatlashni taʼminlash boʻyicha tomonlarning majburiyatlari va javobgarliklari aniq yoritilgan, shartnoma bilan belgilanadi.
3.10. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasasida pullik xizmat koʻrsatish qiymati tibbiy xizmatning har bir turiga kasalliklar boʻyicha tibbiy-iqtisodiy standartlar, amaldagi meʼyorlar va xarajatlarning javobgar shaxslar tomonidan tuziladigan barcha turlari kalkulyatsiyasi asosida belgilanadi. Tibbiy xizmatga toʻlovning eng koʻp qiymati mazkur muassasa tomonidan budjet mablagʻlari hisobiga koʻrsatilayotgan aynan shunday xizmatlar qiymatidan, qiymatning 25 foizidan koʻproq ortiq boʻlishi mumkin emas.
3.11. Davolash-profilaktika muassasasi davolanuvchilar uchun barcha tegishli maishiy sharoitlarni va davolash-saqlash rejimini tashkil etadi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi, jumladan, bemorni oʻz vaqtida va malakali davolamaganligi oqibatida ogʻirlashishini kelib chiqishi uchun moddiy javobgar boʻladi.
(3.11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi.
3.12. Xizmatlar turi, ularning narxi va miqdori masalalari boʻyicha davolanuvchi va davolash-profilaktika muassasasi oʻrtasidagi munosabatlar mazkur Tartibga ilova qilingan Bitim hisobvaragʻining shakli boʻyicha rasmiylashtiriladi.
3.13. Tibbiy xizmat, dori-darmon vositalari va tibbiy mahsulotlar uchun toʻlovlar shifoxona kassasiga naqd pul bilan yoki muassasasining hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan oldindan yoki davolanuvchini kuzatish, koʻrish va davolash davrida toʻlanishi mumkin. Alohida hollarda tibbiy xizmat uchun toʻlovlarni toʻlash muddatlari davolash-profilaktika muassasasi va davolanuvchi oʻrtasida yakka tartibda tuziladigan bitimda belgilanishi mumkin.
3.14. Davolash-profilaktika muassasasi koʻrsatayotgan tibbiy xizmatning oʻz vaqtidaligi va sifatini nazorat qilish yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.
3.15. Davolash-profilaktika muassasalari va davolanuvchilar oʻrtasida kelib chiqadigan nizoli masalalar va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻriladi.
(3.15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
4. Aralash moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalarida bemorni dori-darmonlar bilan taʼminlash
4.1. Bepul tibbiy xizmat oluvchi bemorlarni dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash va Moliya vazirliklari tomonidan 1999-yil 26-yanvarda tasdiqlangan va Adliya vazirligida 1999-yil 18-fevralda 639-son bilan roʻyxatga olingan dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish Tartibiga asosan amalga oshiriladi.
4.2. Tibbiy yordamning pullik turlarini koʻrsatish uchun dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlash shifoxona ichidagi dorixona rahbari, mudiriga yuklatiladi va ularni “Dori-darmon” davlat aksiyadorlik birlashmasi tizimidan, turli mulkchilik shaklidagi dorixonalardan sotib olish yoki davolanuvchilardan tushadigan mablagʻlar hisobidan taʼminotchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnomalar boʻyicha amalga oshiriladi.
4.3. Dori vositalarini hisobga olish, kelib tushishini va pulli xizmatga ishlatilishini nazorat qilish davolash-profilaktika muassasasining rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining meʼyoriy hujjatlariga muvofiq tartibda amalga oshiriladi.
davolash uchun _____________________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________ davolash-profilaktika muassasasining nomi _________________________________________________________________________________________________ bemorning familiyasi, ismi, otasining ismi _________________________________________________________________________________________________ bemorning tashxisi _________________________________________________________________________________________________ boʻlimning nomi _________________________________________________________________________________________________ davolovchi shifokorning familiyasi, ismi, otasining ismi
Davolash-profilaktika muassasasi toʻliq hajmda bajarishni, davolanuvchi esa — quyidagi tibbiy xizmatlar haqini toʻlash majburiyatini oladilar.
T/r
Xizmatlar nomi (dori vositalaridan va tibbiy mahsulotlardan tashqari)
Oʻlchov birligi
Soni
Narxi (soʻm)
Summa
Davolanuvchining olganligi haqidagi imzosi
Jami
T/r
Dori vositalari va tibbiy mahsulotlarning nomi
Oʻlchov birligi
Soni
Narxi (soʻm)
Summa
Davolanuvchining olganligi haqidagi imzosi
Jami
Boʻlim mudiri Davolovchi shifokor Hisobchi (iqtisodchi, buxgalter) Davolanuvchi
Muassasaning muhri oʻrni
(Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2008-yil 23-apreldagi 35, 5-son (roʻyxat raqami 679-1, 2008-yil 5-may) qarori bilan kiritilgan oʻzgartirish bilan. Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)