1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Buxgalteriya hisobi]
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
vazir o‘rinbosari
E.F.GADOYEV
25.08.1998-y.
43-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBIning 3-sonli BHMS“MOLIYAVIY NATIJALAR TO‘G‘RISIDAgi HISOBOT”
Milliy standarti
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 26-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 484]
LexUZ sharhi
Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3544, 06.08.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi bo‘lib hisoblanadi.
Standartning maqsadi
2. Mazkur standartning maqsadi bo‘lib barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunda bayon qilingan umumiy qoidalarga muvofiq ravishda hisobotni tuzish va taqdim etishlari uchun moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotning moddalarini hamda uning tasnifini bayon qilib berish hisoblanadi. Bu esa turli davrlarga doir hisobot ma’lumotlarini va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning aynan shunday hisobotlari bilan qiyoslashni ta’minlaydi.
3. Shuningdek, standart umumxo‘jalik (odatiy) faoliyatdan va favqulodda vaziyatlardan, to‘xtatilgan faoliyatdan olingan daromadlar va zararlar moddalarini, hamda hisob bahosidagi o‘zgarishlarni, hisob siyosatidagi o‘zgarishlarni va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotdagi muhim jiddiy xatolarni tuzatishlarni ham yoritib berish tartibini belgilaydi.
Amal qilish sohasi
4. Mazkur BHMS mulk shaklidan qat’i nazar barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobotni tayyorlashda qo‘llaniladi.
Atamalar
5. Ushbu standartda foydalaniladigan atamalar:
Favquloddagi daromad (zarar) — xo‘jalik yurituvchi subyektning odatdagi faoliyatidan aniq farq qiladigan, ya’ni tez-tez yoki muntazam sodir bo‘lmaydigan hodisalar yoki bitimlar natijasida yuzaga kelgan daromadlar yoki xarajatlarni namoyon etadi.
Umumxo‘jalik faoliyati — odatiy faoliyat hisoblangan xo‘jalik yurituvchi subyektning har qanday tadbirkorlik faoliyati, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusida rivojlantirishga, iqtisodiy nafini oshirishga va mustahkamlashga yo‘naltirilgan faoliyatidir.
Tugatilgan faoliyat bu xo‘jalik yurituvchi subyektning aktivlari, sof daromad yoki zarari va faoliyatni, shu jumladan moliyaviy hisobotlarni ajratib olinishi mumkin bo‘lgan ushbu xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining alohida, asosiy yo‘nalishini namoyon etuvchi operatsiyani sotish yoki boshqa shaxsga berish natijasi bo‘lib hisoblanadi.
Jiddiy (muhim) xatolar — joriy davrda aniqlangan xatolar bo‘lib, ular shu qadar muhim bo‘ladiki, o‘tgan davrlar moliyaviy hisobotlari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas.
Hisob siyosati — bu xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzish uchun qo‘llaydigan usullari, ularning prinsip va asoslari bilan birgalikdagi jamlamasidir.
Yoritib berish
6. Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda quyidagilarni yoritib berish zarur:
6.1. Realizatsiyadan sof tushum;
6.2. Realizatsiyadan yalpi moliyaviy natija;
6.3. Asosiy faoliyatdan boshqa operatsion daromadlar va xarajatlar;
6.4. Asosiy xo‘jalik faoliyatining moliyaviy natijalari (foyda yoki zarar);
6.5. Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa daromadlar va xarajatlar;
6.6. Umumxo‘jalik faoliyatining moliyaviy natijasi;
6.7. Favquloddagi foyda va zararlar;
6.8. Daromad (foyda) solig‘i to‘langunga qadar umumiy moliyaviy natija (foyda yoki zarar);
6.9. Hisobot davrining sof foydasi (zarari).
Hisobot davrining sof daromadi yoki zarari
7. Muayyan davrda tan olingan daromadlar va xarajatlarning barcha moddalari, agar Buxgalteriya hisobining milliy standartlarida (BXMS) boshqacha yondashuv nazarda tutilmagan bo‘lsa, hisobot davrining sof daromadi yoki zararni aniqlashda hisobga olinishi shart.
8. Hisobot davrining sof daromadi yoki zarari quyidagi elementlar asosida aniqlanadi va ularning har biri moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda yoritib berilishi lozim:
8.1. Umumxo‘jalik faoliyatidan olingan daromad yoki zararlar;
8.2. Favquloddagi daromadlar (zararlar);
8.3. Daromad (foyda) solig‘i to‘langunga qadar umumiy moliyaviy natija (foyda yoki zarar);
8.4. Daromad (foyda) solig‘idan tashqari sof foyda.
Favquloddagi moddalar
9. Favquloddagi moddalardan yuzaga keladigan daromad yoki zarar moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda alohida ko‘rsatilishi lozim. Har bir favquloddagi moddalarning mohiyati va qiymatini tushuntirish qismida yoritib berilishi lozim.
Umumxo‘jalik (odatiy) faoliyatdan daromadlar yoki zararlar
10. Umumxo‘jalik (odatiy) faoliyatdan daromadlar va xarajatlar moddalari muayyan miqdorga yetsa va xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatining operatsiyalari mazmuni juda muhim bo‘lsa, bu moddalarning mohiyati va summalari yoritilishi kerak.
Tushuntirishlarda yoritib berishni talab qiluvchi muhim xo‘jalik operatsiyalari:
10.1. Sotishning sof qiymatigacha TMZni arzonlashtirish yoki qayta tiklash qiymatigacha asosiy vositalarni arzonlashtirish, shuningdek bunday arzonlashtirishni bekor qilish.
10.2. Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, shuningdek tarkibiy jihatdan o‘zgartirish xarajatlari bo‘yicha har qanday zaxiralarni bekor qilish;
10.3. Uzoq muddatli investitsiyalarni tugatish;
10.4. Faoliyatni tugatish;
10.5. Sud jarayonlarini tartiblashtirish;
10.6. Zaxiralarni bekor qilish.
Faoliyatning tugatilishi
11. Tugatilgan faoliyatning natijalari odatda umumxo‘jalik (odatiy) faoliyatning daromadi va zarariga kiritiladi, bundan umumxo‘jalik (odatiy) faoliyatidan aniq farq qiladigan yoki bu faoliyatda sodir bo‘lmaydigan hodisalar natijasida bu faoliyatning tugatilishi mustasno. Bunday hollarda faoliyatni tugatishdan daromad yoki zararlar favqulodda modda sifatida tasnif qilinishi mumkin.
12. Tugatilgan operatsiyalarning har biri tushuntirishlarda yoritilishi va ularda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
12.1. Tugatilgan faoliyatning mohiyati;
12.2. Moliyaviy hisobotni tuzishda tugatilgan faoliyat tegishli bo‘lgan tarmoq va uning geografik joylashgan joyi;
12.3. Buxgalteriya hisobi maqsadlarida faoliyatni tugatish kuchga kirgan sana;
12.4. Faoliyatni tugatish usuli (sotish, boshqa shaxsga berish va shu kabilar);
12.5. Faoliyatni tugatishdan daromadlar va zararlar hamda ushbu daromad yoki zararlarni o‘lchash uchun foydalaniladigan hisob turi;
12.6. Har bir taqdim etilgan davr uchun summasi bilan birgalikda tovarlarni (ish, xizmatlarni) sotishdan tushum va hisobot davridagi umumxo‘jalik (odatiy) faoliyat bo‘yicha operatsiyalardan daromad yoki zararlar.
Hisob baholaridagi o‘zgarishlar
13. Hisob baholaridagi o‘zgarishlarning natijalari sof daromad va zararni aniqlashga quyidagicha kiritiladi:
13.1. Hisobot davrida, agar bu o‘zgarishlar faqat mazkur davrga ta’sir etgan bo‘lsa;
13.2. O‘zgarishlar yuz bergan davr hisobot davrida va keyingi hisobot davrlarida, agar o‘zgarishlar ularga ham ta’sir o‘tkazsa.
14. Hisob baholari o‘zgartirilgan turli davrlardagi moliyaviy hisobotlarni bir-biriga qiyoslashni ta’minlash maqsadida ular moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotning ilgari baholash uchun foydalanilgan tasniflangan moddalariga kiritiladi.
15. Joriy davrga jiddiy ta’sir qiladigan hisob baholaridagi o‘zgarishlarning mohiyati va qiymati yoki bu o‘zgarishlar keyingi davrlarda muhim o‘zgarishlarga olib keladigan bo‘lsa, ularning mohiyati va qiymati yoritib berilishi lozim.
Agar natijalarni va o‘zgarishlarni qiymat jihatidan aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ularni ham yoritib berish talab qilinadi.
Asosiy (jiddiy) xatolar
16. Oldingi davrlardagi moliyaviy hisobotlarni tayyorlash chog‘ida yo‘l qo‘yilgan xatolarga kiritilgan tuzatish miqdori (qiymati) hisobot davridagi sof daromad yoki zararga qo‘shiladi.
17. Oldingi davrda yo‘l qo‘yilgan muhim xatolarni to‘g‘rilash miqdori:
17.1. Yil boshigacha taqsimlangan foyda saldosini o‘zgartirish yo‘li bilan hisobotda aks ettiriladi;
17.2. O‘tgan yilning shu davriga oid ma’lumotlar o‘zgartiriladi, agar xatolar arzimaydigan darajada bo‘lsa, ular istisno qilinadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning balansidagi yil boshida taqsimlanmagan foydaning saldosida muhim xatolarni aks ettirish quyidagi axborotni ochib berishi kerak:
17.2.1. Muhim xatolarning mohiyati;
17.2.2. Joriy davrdagi va hisobot taqdim etilgan har bir davrdagi tuzatishlar miqdori;
17.2.3. Oldingi yillarning ma’lumotlariga kiritilgan dastlabki davrlarga oid tuzatishlar miqdori;
17.2.4. Qayta hisoblangan qiyosiy ma’lumotlar yoki qayta hisoblash mumkin bo‘lmasligi sabablari.
Joriy davrdagi sof daromad yoki zararga qo‘shish yo‘li bilan oldingi davrlardagi xatolarni to‘g‘rilash chog‘ida oldingi yillarga oid qiyosiy axborot oldingi davr uchun tuzilgan moliyaviy hisobda kam ko‘rsatilishi kerak, lekin joriy davrdagi yoki oldingi har qanday davrdagi sof daromad yoki zararni ko‘rsatish uchun (agar muhim xatolar shu davrlar davomida tuzatilgan bo‘lsa) alohida ustunda qo‘shimcha axborot keltirilishi lozim.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘zgartish kiritish bilan bir vaqtning o‘zida quyidagi axborotni yoritib berishi lozim:
1) jiddiy (muhim) xatoning mohiyatini;
2) joriy davrdagi daromad yoki zarar deb e’tirof etilgan o‘zgartishlar summasini;
3) qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilgan har bir davrga oid o‘zgartishlar summasi hamda shu davrdan oldingi davrlarga oid qo‘shimcha ma’lumotlarga kiritilgan davrlarga taalluqli o‘zgartirishlar summasi. Agar amaliyotda qo‘shimcha ma’lumotlar keltirish qo‘llanilmasa, u holda buning sabablari yoritib berilishi kerak.
Hisob siyosatidagi o‘zgartishlar
18. Hisob siyosatidagi o‘zgartishlar belgilangan tartibda ko‘zda tutilgan hollardagina yoki o‘zgartishlar xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotlarida axborotni yanada ishonchliroq taqdim etishga ko‘maklashsagina o‘tkazilishi mumkin.
19. Hisob siyosatidagi o‘zgartishlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar summasi quyidagicha amalga oshirilishi kerak:
19.1. Yil boshidagi taqsimlanmagan foyda saldosini o‘zgartirish yo‘li bilan buxgalteriya balansiga yozib qo‘yish;
19.2. Hisobot davridagi sof daromad yoki zararni aniqlashga kiritish.
20. Hisob siyosatidagi o‘zgartishlar moliyaviy hisobotni taqdim etishning oldingi davriga nisbatan hisobot davriga muhim ta’sir o‘tkazsa yoki kelgusi hisobot davrlariga ta’sir o‘tkazadigan bo‘lsa, xo‘jalik yurituvchi subyekt tushuntirishlarda quyidagi axborotlarni yoritib berishi kerak:
20.1. O‘zgartishlar sabablarini;
20.2. Hisobot davridagi va taqdim etilgan oldingi davrlardagi tuzatishlar summasini;
20.3. Joriy davrdagi sof daromad yoki zararda hisobga olingan tuzatish summasini;
20.4. Qiyosiy ma’lumotlarga kiritilgan hisobot davridan oldingi davrlardagi tuzatishlar summasini;
20.5. Qo‘shimcha ma’lumotlar keltirilgan har bir hisobot davriga kiritilgan tuzatishlar summasini va moliyaviy hisobotlarga kiritilgan davrlardan oldingi davrlar bilan bog‘liq tuzatishlar summasini. Agar qiyosiy axborot kiritilgan bo‘lsa yoki qo‘shimcha ma’lumot taqdim etish imkoniyati bo‘lmasa, bu holat yoritib berilishi kerak;
20.6. Qayta hisoblangan qiyosiy ma’lumotlarni yoki ularni qayta hisoblash maqsadga muvofiq emasligining sabablarini.