toggle_night_mode
Hujjat 08.06.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va ularni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga muvofiq:
2026-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazilishi belgilangani;
sunʼiy intellektni rivojlantirish sohasida “Sunʼiy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — Alyans) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan istiqbolli biznes-gʻoyalar hamda istiqbolli startap loyihalarni aniqlash va saralash tizimini yaratish;
ichki va tashqi bozorlarga moʻljallangan, eksportbop hamda xalqaro raqobatbardosh sunʼiy intellekt mahsulotlari va yechimlari ishlab chiqilishini ragʻbatlantirish;
tanlov doirasida yosh mutaxassislarning sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida modellashtirish, maʼlumotlar bilan ishlash va jamoaviy faoliyat boʻyicha qiziqishi, amaliy koʻnikmalari va salohiyatini yanada oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tashkiliy qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tegishli qarorlar qabul qilish, uni oʻtkazish muddatlari va masʼullarini belgilash;
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ tomonidan taqdim qilingan saralash va baholash mezonlarini tasdiqlab, tanlovning maxsus portalida ularning eʼlon qilib borilishini taʼminlash;
tanlovning shaffof, adolatli va yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlash hamda gʻoliblarni taqdirlash;
tanlov gʻoliblarining sunʼiy intellektga asoslangan startap loyihalari iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida amaliyotga joriy etilishiga koʻmaklashish.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) tanlov Tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 1-iyunga qadar tasdiqlanadigan 5 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazib boriladi;
b) tanlovga hujjatlar har yilning iyul oyidan boshlab qabul qilinadi;
v) tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda xarajatlar smetasi har yili 1-iyunga qadar Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi;
g) tanlov doirasida arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, Tanlovni yoritish va uning oʻtkazilishi bilan bogʻliq boshqa tadbirlar maxsus portal (awards.gov.uz) orqali Alyans tomonidan amalga oshiriladi;
d) Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organiga tanlov bosqichlari shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali sunʼiy intellekt va (yoki) raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi masʼul tashkilot bilan shartnoma tuzish huquqi beriladi.
Bunda sunʼiy intellekt va (yoki) raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi masʼul tashkilot maxsus portaldan (awards.gov.uz) kelib tushgan nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish, akseleratsiya dasturini oʻtkazish, tanlov ishtirokchilarini saralash va loyihalarni baholash vazifalarini bajaradi;
e) tanlov gʻoliblari sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi masʼul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra tanlovda gʻolib boʻlgan yuridik shaxslar quyidagi miqdorlarda Markaziy bankning toʻlov amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyuta ekvivalentida “IT Park Ventures” MCHJ tomonidan ulush evaziga investitsiya koʻrinishidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — 100 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 60 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 40 000 AQSH dollari.
Bunda tanlov gʻoliblariga mukofot mablagʻlari ikki transhda teng miqdorlarda muhim samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishiga qarab oʻtkazib beriladi.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi har yili 1-iyunga qadar tanlov ishtirokchilarini roʻyxatga olish va yangiliklarni yoritib borish uchun maxsus portalda (awards.gov.uz) tanlov uchun alohida sahifa ochilishini taʼminlasin.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi tanlovning har mavsumi yakuni boʻyicha maxsus portalda (awards.gov.uz) ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlov jarayonlarini yaxshilash va takomillashtirishga qaratilgan takliflarni qabul qilish uchun soʻrovnoma (sahifa) ochilishini taʼminlab borsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2023-yil 15-fevraldagi 66-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-iyun,
288-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-iyundagi 288-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
akseleratsiya dasturi rivojlanishning boshlangʻich bosqichida (dastlabki prototip) boʻlgan startap loyihalarga ega jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va oʻquv kurslari orqali qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va startap loyihani keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan intensiv taʼlim dasturi;
ariza beruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan, maxsus portal orqali elektron shaklda ariza topshiruvchi jamoaning masʼul vakili;
ishchi organ “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ;
jamoa tanlovda ishtirok etish maqsadida maxsus portalda roʻyxatdan oʻtgan guruh;
jamoaning masʼul vakili jamoa nomidan yagona qaror qabul qiluvchi hamda jamoaning fikrlari va gʻoyalarini ifodalovchi shaxs;
loyiha ishtirokchi jamoalar tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot;
maxsus portal — tanlov ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish, tanlov talablari va muddatlari haqida va tanlov bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar joylashtiriladigan “www.awards.gov.uz” veb-sayti;
muhim samaradorlik koʻrsatkichlari tanlov gʻoliblari boʻlgan jamoalarga loyihaning rivojlanishini belgilaydigan va uni baholashga qaratilgan koʻrsatkichlar;
mentor ishtirokchi jamoalarning loyihalarini ishlab chiqish, takomillashtirish boʻyicha maslahat (konsultatsiya) berish orqali rivojlantirishga yordam beruvchi mutaxassis;
masʼul tashkilot maxsus portaldan kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish, tanlov yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalarni saralash, akseleratsiya dasturini oʻtkazish, loyihalarni baholash va tanlov gʻoliblarini aniqlash vazifasini bajaruvchi sunʼiy intellekt va (yoki) raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot;
Tashkiliy qoʻmita — tanlovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita.
3. Tanlovga Tashkiliy qoʻmita umumiy rahbarlik qiladi.
4. Tashkiliy qoʻmita qarorlari uning yigʻilishida aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan holda tegishli bayon bilan rasmiylashtiriladi.
Yigʻilishni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Tashkiliy qoʻmita yigʻilishi oʻtkaziladigan sana toʻgʻrisida Tashkiliy qoʻmita aʼzolariga xabar beriladi.
Yigʻilish bayoni 2026-yilda anʼanaviy, 2027-yildan boshlab elektron shaklda maxsus portalda tashkiliy qoʻmita kotibi tomonidan shakllantiriladi, Tashkiliy qoʻmita aʼzolari uni elektron raqamli imzo yordamida imzolaydi va raislik qiluvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari oʻz yigʻilishlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama va hal qilishda oʻz vakolatini boshqa shaxslarga oʻtkazish huquqiga ega emas.
5. Quyidagilar Tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan istiqbolli biznes-gʻoyalar va istiqbolli startap loyihalarni aniqlash va saralash tizimini yaratish;
ichki va tashqi bozorlarga moʻljallangan, eksportbop hamda xalqaro raqobatbardosh sunʼiy intellekt mahsulotlari va yechimlari ishlab chiqilishini ragʻbatlantirish;
tanlov doirasida yosh mutaxassislarning sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida modellashtirish, maʼlumotlar bilan ishlash va jamoaviy faoliyat boʻyicha qiziqishini, amaliy koʻnikmalarini va salohiyatini yanada oshirish;
davlat boshqaruvi, sanoat va energetika, soliq, bojxona, bank-moliya, sogʻliqni saqlash, suv va qishloq xoʻjaligi hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash.
6. Masʼul tashkilot ishchi organ tomonidan quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
nufuzli venchur jamgʻarmalar va investorlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi;
sunʼiy intellekt sohasida startaplarni qoʻllab-quvvatlash, tanlovlar oʻtkazish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini shakllantirish yoʻnalishida kamida uch yillik amaliy tajribaga ega boʻlish;
rivojlangan chet el davlatlarda yuridik shaxs tashkil etgan va kamida 5 ta sunʼiy intellekt yoʻnalishida startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanlov (dastur)lar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan boʻlishi;
masʼul tashkilotning xalqaro inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplar orasidan kamida 5 ta 1 mlrd AQSH dollaridan yuqori baholashga yetgan boʻlishi;
sunʼiy intellekt, maʼlumotlar muhandisligi, texnologik tadbirkorlik va venchur moliyalashtirish yoʻnalishlarida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlgan malakali xalqaro ekspertlar va mentorlar mavjudligi.
Bunda Tashkiliy qoʻmitaga ushbu mezonlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
7. Masʼul tashkilot bilan tuziladigan shartnomada quyidagilar inobatga olinadi:
koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning 80 foizi oldindan va 20 foizi masʼul tashkilotga yuklangan ishlar yakunlangandan soʻng qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida toʻlanadi;
ishchi organ qabul qilish-topshirish dalolatnomasini imzolashdan oldin tanlov tashkil etilishi va oʻtkazilishi yuzasidan eʼtirozlari yoʻqligi haqida xulosani olish yuzasidan Tashkiliy qoʻmitaga soʻrov yuboradi.
Bunda Tashkiliy qoʻmita ishchi organning soʻrovi kelib tushgan kundan boshlab uch kun muddatda tegishli xulosani rasmiylashtirishi yoki asoslantirilgan rad javobini berishi zarur.
2-bob. Tanlov bosqichlari va ularni oʻtkazish tartibi
8. Tanlov ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
9. Birinchi bosqichda Tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 1-iyuldan boshlab tanlov eʼlon qilinadi va arizalar qabuli boshlanadi.
Bunda ariza va unga ilova qilingan materiallar har yili 1-avgustga qadar ariza beruvchilar tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda maxsus portal orqali topshiriladi.
10. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari portalda “Raqamli hukumat” tizimining Yagona foydalanuvchilar identifikatsiya tizimi (OneID), Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar esa maxsus portalda mavjud shakl orqali roʻyxatdan oʻtadilar.
11. Ishtirokchi jamoalar Nizomga 2-ilovaga muvofiq barcha maʼlumot va materiallarni oʻzbek, rus va ingliz tillarida taqdim etadilar.
12. Portalda roʻyxatdan oʻtish jarayonida jamoa aʼzolari tanlov ofertasini tasdiqlash (akseptlash) yoʻli bilan tanlov shartlariga rozilik bildiradi va har bir jamoaga maxsus identifikatsiya raqami biriktiriladi.
Portalda nazarda tutilgan tanlov ofertasining jamoa aʼzolari tomonidan qabul qilinishi jamoa aʼzolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilishiga yozma rozilik berganligini ifodalaydi.
13. Ikkinchi bosqichda ishchi organ har yili 20-avgustga qadar maxsus portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini koʻrib chiqadi hamda ushbu Nizom talablariga mosligini tekshiradi.
Bunda kelib tushgan arizalar onlayn shaklda ishchi organ tomonidan masʼul tashkilot yordamida baholanadi va ariza beruvchilarning elektron pochta manziliga keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqidagi xabar (portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
14. Uchinchi bosqichda ishtirokchi jamoalar uchun har yili 5-sentabrga qadar anʼanaviy (offlayn) tarzda loyihalar taqdimoti tashkil etiladi.
Bunda Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida har bir yoʻnalish boʻyicha masʼul tashkilot baholari asosida eng yuqori natijalarga ega boʻlgan 5 ta (jami 25 ta) ishtirokchi jamoa tanlab olinadi va ular tanlovning keyingi bosqichiga (akseleratsiya dasturiga) oʻtadi.
15. Toʻrtinchi bosqichda har yili 1-dekabrga qadar ishtirokchi jamoalar uchun masʼul tashkilot tomonidan akseleratsiya dasturi tashkil etiladi va uning yakuni boʻyicha masofaviy (onlayn) yoki anʼanaviy (offlayn) tarzda loyihalar taqdimoti tashkil etiladi.
Bunda masʼul tashkilot baholari asosida eng yuqori natijaga ega boʻlgan 3 tadan (jami 15 ta) jamoa keyingi bosqichga oʻtadi.
16. Beshinchi bosqichda har yili 25-dekabrga qadar Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan sana va joyda anʼanaviy (offlayn) tarzda loyihalarning yakuniy taqdimoti oʻtkaziladi. Loyihalarning yakuniy taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin.
Bunda ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilot huzurida himoya qiladilar. Loyihalar tasdiqlangan mezonlar asosida masʼul tashkilot tomonidan baholanadi.
Masʼul tashkilotning baholari natijasiga muvofiq har bir yoʻnalish boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan, 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan (jami 15 ta) ishtirokchi jamoalar tanlovning gʻoliblari hisoblanadi.
Tanlov natijalari Tashkiliy qoʻmita tomonidan tashkil etiladigan taqdirlash marosimida tantanali ravishda eʼlon qilinadi va ushbu natijalar eʼlon qilinganidan soʻng ikki ish kuni ichida maxsus portalda ham joylashtiriladi.
17. Tanlov gʻoliblariga pul mukofotlari ikki transhda oʻtkazib beriladi.
18. Tanlov bosqichlari oʻtkaziladigan muddatlar va sanalarga Tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Bunda tanlov yoki bosqich boshlanishidan bir hafta oldin portalda oʻzgartirishlar haqida eʼlon joylashtiriladi.
3-bob. Tanlovda ishtirok etish uchun talablar
19. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin.
20. Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalar tarkibi 3 — 8 kishidan iborat boʻlishi kerak.
21. Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalarga faqat ikki yoʻnalish doirasida oʻzaro oʻxshash boʻlmagan ikki xil loyiha boʻyicha ariza topshirishga ruxsat etiladi.
22. Jamoa tarkibiga jamoaning masʼul vakili murojaati asosida Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
23. Tanlov doirasida mentorlik qilayotgan shaxslar ishtirokchi jamoalar tarkibida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi.
25. Ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlovgacha va tanlov davomida ishlab chiqilgan loyihalar bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmaydi.
Tanlov doirasida ishtirokchi jamoalarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun masʼul tashkilotga toʻlangan mablagʻlar bundan mustasno.
4-bob. Ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash hamda tanlov gʻoliblarini aniqlash
26. Masʼul tashkilot tanlovda umumiy hakamlik qiladi va ishtirokchi jamoalarning loyihalarini Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlariga asosan baholaydi va saralaydi, shuningdek, tanlov gʻoliblarini aniqlaydi.
27. Tashkiliy qoʻmita tanlovning har bir bosqichi alohida tartibda oʻtkazilishini inobatga olgan holda, har yili 1-iyulga qadar saralash va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va ishchi organga maxsus portalda eʼlon qilishi uchun taqdim etadi.
Bunda ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash mezonlarida quyidagilar inobatga olinadi:
loyiha aniq muammo (muammolar)ni hal qilish yoki foydalanuvchilar tomonidan mavjud talabni bajarishga qaratilgani va amaldagi yechimlarning samarali, sifatli va qulayligi;
loyiha daromadliligi va moliyaviy modeli asoslangani;
loyiha bozor sharoitlarida raqobatga chidamliligi, rivojlanayotgan yoʻnalishga (soha) qaratilgani va foydalanuvchilar uchun jozibadorligi;
loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bogʻliq boshqa mezonlar.
28. Tashkiliy qoʻmita har yili saralash va baholash mezonlarini tasdiqlashda maxsus portal orqali ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlov jarayonlarini yaxshilash va takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflarni inobatga olib boradi.
29. Saralash va baholash mezonlari tasdiqlangandan soʻng tanlovning joriy mavsumi tugagunga qadar (navbatdagi tanlov eʼlon qilinguniga qadar) ularga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.
5-bob. Tanlovdan chetlashtirish tartibi
30. Ishchi organ tomonidan ishtirokchi jamoalarning aʼzolari quyidagi xatti-harakatlar amalga oshirilganligi aniqlanganda, ularni tanlovdan chetlashtirish boʻyicha taklif Tashkiliy qoʻmitaga qaror qabul qilish uchun kiritiladi:
masʼul tashkilot tomonidan belgilangan tartib va reglamentlarga zid harakatlar sodir etish orqali tanlov jarayonlarini tashkil etish, baholash yoki axborot almashinuvi jarayonlariga asossiz aralashsa;
maxsus portalning axborot tizimlariga ruxsatsiz kirishga urinsa, ataylab notoʻgʻri maʼlumot kiritsa yoki texnik ish faoliyatiga zarar yetkazishga qaratilgan harakatlar sodir etsa;
tanlov doirasida arizada koʻrsatilmagan, yaʼni ishtirokchi jamoaning aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilsa;
oʻz xohishi bilan tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechsa;
tanlov ofertasida belgilangan shartlarni buzsa;
ushbu Nizom talablariga rioya qilmasa.
Ishchi organ ishtirokchi jamoalarning aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritishi mumkin.
Chetlashtirilish natijasida tarkibida uch kishidan kamayib ketgan ishtirokchi jamoalarning masʼul vakili bir kun muddatda Tashkiliy qoʻmitaga oʻz jamoasi qayta shakllantirilgani haqida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq maʼlumotlarni kiritishi lozim. Aks holda, ushbu ishtirokchi jamoa tanlovdan chetlashtiriladi.
31. Tashkiliy qoʻmitaning ishtirokchi jamoalar aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qabul qilingan qarori ishtirokchi jamoaning masʼul vakilining elektron pochta manziliga (maxsus portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi.
6-bob. Tanlovni moliyalashtirish va tanlov gʻoliblarini taqdirlash
32. Tanlov gʻoliblari ular bilan startap loyiha rivojlanishning maʼlum bir bosqichiga yetganida yoki ustav fondi (kapitalini)ni oshirganida 10 foizdan ortiq boʻlmagan ulushini “IT Park Ventures” MCHJ venchur jamgʻarmasiga oʻtkazib berishni nazarda tutuvchi shartnoma tuzilgandan soʻng investitsiya koʻrinishida quyidagi mablagʻlar bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — 100 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 60 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 40 000 AQSH dollari.
Bunda tanlov gʻoliblariga investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlar ikki transhda teng miqdorlarda Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishiga qarab oʻtkazib beriladi.
33. Investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlar tanlov gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyuta ekvivalentida ishtirokchi jamoalar tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxsning bank hisob raqamiga Tashkiliy qoʻmitaning xulosasi asosida oʻtkazib beriladi.
Bunda:
a) investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlarning 50 foiz miqdoridagi birinchi transhi tanlov gʻoliblari bilan shartnoma tuzilgan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida;
b) investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlarning ikkinchi transhi tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida bir yil davomida oʻtkazib beriladi.
34. Tanlovning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlarning ikkinchi transhini olish uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarishi lozim.
Bunda ishchi organ har yili 25-dekabrga qadar masʼul Tashkilot takliflari asosida ishlab chiqilgan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini tashkiliy qoʻmitaga kiritadi.
35. Mazkur Nizom shartlarini bajarmagan yoki buzgan, shuningdek, muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarmagan tanlovning asosiy yoʻnalishlari gʻoliblariga investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlarning ikkinchi transhni oʻtkazib berilmaydi.
36. Muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bir yil davomida toʻliq bajarmagan jamoalarga toʻlanmagan investitsiya koʻrinishidagi mablagʻlar “IT Park Ventures” MCHJ ixtiyorida qoldiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Tanlovning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash maqsadida taqdimot tashkilotchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda jonli onlayn efirga uzatilishi mumkin.
Bunda barcha taqdimotlar videotasvirga olish moslamalari hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda videotasvirga olinadi va mazkur videotasvirlar ikki yil davomida saqlanadi.
38. Tanlovning yopilish tadbiri tantanali ravishda Tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
39. Tanlov natijalari yuzasidan ishtirokchi jamoalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat yuborishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
40. Masʼul tashkilot, uning rahbarlari va xodimlari hamda masʼul tashkilot tomonidan tanlov jarayoniga jalb qilingan shaxslarga aloqador (affillangan) shaxslarning tanlovda ishtirok etishi taqiqlanadi.
41. Tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishga jalb qilingan barcha shaxslar tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni oshkor qilishlari taqiqlanadi. Bunda:
tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishda yuzaga keladigan nizoli holatlarda tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlar Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin;
tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilmagan holda oshkor qilgan shaxslar ushbu xatti-harakatlar natijasida koʻrilgan zarar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
42. Tanlov natijalari sud qarori asosida bekor qilingan yoki tanlovda korrupsiya omillari aniqlanganini isbotlovchi holatlar mavjud boʻlganda, tegishli yoʻnalishning tanlov natijalari bekor qilinadi.
43. Ishchi organ tanlovning har bir bosqichida shaffoflik, ochiqlik va haqqoniylik tamoyillari taʼminlanishi maqsadida ishtirokchi jamoalarning xatti-harakatlarini oʻrganib chiqish, tahlil qilish va ular boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritish huquqini saqlab qoladi.
44. Ushbu Nizom talablariga amal qilmagan va uning talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddati

1-bosqich

Tashkiliy qoʻmita,

ishchi organ

Tanlovni eʼlon qiladi va arizalarni qabuli qilishni boshlaydi.

Har yili 1-iyuldan boshlab

Ariza beruvchilar

Ariza va unga ilova qilingan materiallarni topshiradi.

Har yili 1-avgustga qadar

2-bosqich

ishchi organ,

masʼul tashkilot

Maxsus portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini koʻrib chiqadi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomini beradi.

Har yili 20-avgustga qadar

3-bosqich

Ishtirokchi jamoalar,

ishchi organ

1. Ishtirokchi jamoalar uchun anʼanaviy tarzda loyihalar taqdimotini tashkil etadi.

Har yili 5-sentabrga qadar

masʼul tashkilot

2. Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari har bir yoʻnalish boʻyicha keyingi bosqichga oʻtadigan eng yuqori natijalarga ega boʻlgan 5 tadan (jami 25 ta) ishtirokchi jamoani tanlab oladi.

4-bosqich

Ishtirokchi jamoalar,

masʼul tashkilot,

ishchi organ

1. Ishtirokchi jamoalar uchun masʼul tashkilot tomonidan akseleratsiya dasturini tashkil etadi va uning yakuni boʻyicha masofaviy loyihalar taqdimotini tashkil etadi.

Har yili 1-dekabrga qadar

masʼul tashkilot

2. Ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash orqali har bir yoʻnalish boʻyicha keyingi bosqichga oʻtadigan eng yuqori natijalarga ega boʻlgan 3 tadan (jami 15 ta) jamoani aniqlaydi.

5-bosqich

Tashkiliy qoʻmita,

ishchi organ

1. Anʼanaviy (offlayn) tarzda loyihalarning yakuniy taqdimoti tashkil etadi.

Har yili 25-dekabrga qadar

Ishtirokchi jamoalar,

masʼul tashkilot

2. Ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadi va himoya qiladi.

3. Masʼul tashkilotning baholari natijasiga muvofiq har bir yoʻnalish boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan, 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan (jami 15 ta) ishtirokchi jamoalarni aniqlaydi.

Taqdirlash marosimida

ishchi organ

4. Tanlov natijalarini eʼlon qiladi.

Tanlov natijalari eʼlon qilingandan soʻng ikki ish kuni ichida

“IT Park Ventures” venchur jamgʻarmasi

5. Tanlov gʻoliblariga investitsiyaning 50 foiz miqdoridagi birinchi transhini oʻtkazib beradi.

Tanlov gʻoliblari bilan shartnoma tuzilgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida

6. Investitsiyaning ikkinchi transhini tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida oʻtkazib beradi.

Bir yil davomida muhim samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishiga koʻra

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “President AI Award” tanlovida qatnashish uchun topshiriladigan ariza
SHAKLI

Ariza beruvchi haqida maʼlumot

1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.

2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochtasi

4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari:

5. Product menejer

6. Frontend dasturchi

7. Backend dasturchi

8. Full stack dasturchi

9. Data muhandis

10. ML (Mashinaviy oʻqitish muhandisi)

11. Axborot xavfsizligi muhandisi

12. Mobil dasturchi

13. Devops dasturchi

14. MLOps dasturchi

15. Web dasturchi

16. Data scientist (tadqiqotchi)

17. Data architect (Maʼlumotlar arxitektori)

18. Sinovchi

19. Dizayner

20. Boshqa

21. Jamoaning namoyish etayotgan hududi

22. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi

Loyiha toʻgʻrisida maʼlumot

23. Tanlov yoʻnalishi:

• davlat boshqaruvida sunʼiy intellekt texnologiyalari

• sanoat va tadbirkorlikda sunʼiy intellekt texnologiyalari

• sogʻliqni saqlash va tibbiyotda sunʼiy intellekt texnologiyalari

• taʼlim sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalari

• yashil iqtisodiyot va agrotexnologiyalar yoʻnalishida sunʼiy intellekt texnologiyalari

24. Loyiha nomi

25. Loyihaning tavsifi

26. Loyihaning tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)

27. Loyihaning taqdimoti (PDF shaklida) — yuklash, yoki unga havola

28. Loyihaning GitHub platformasidagi havolasi

29. Loyihaning prototipi (MVP)ga havola

30. Loyihaning yuqori sifatdagi logotipi (yuklash)

Izoh: Tanlov yoʻnalishlari har yili Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-iyundagi 288-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI

1.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi

2.

O.A. Pekos

raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari

3.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari

4.

kelishuv asosida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari

5.

N.N. Saydullayev

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari

6.

B.R. Mamatkarimov

energetika vazirining birinchi oʻrinbosari

7.

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

8.

D.A. Vahobov

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi

9.

U.A. Sadullayev

Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

10.

I.M. Muxtorov

Bojxona qoʻmitasi raisi maslahatchisi

11.

S.B. Radjabov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari

12.

O.M. Omonov

sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari

13.

M.K. Karimov

suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari

14.

Q.A. Yuldashev

qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari

15.

A.A. Kadirov

Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori

16.

V.V. Kravchenko

“Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” DM direktori

17.

A.O. Karamatov

“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bosh direktori

18.

A.X. Muxitdinov

Sunʼiy intellekt alyansi NNT raisi, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Zarurat hollarda Tashkiliy qoʻmita tarkibiga xorijiy ekspertlar hamda boshqa vazirlik va idoralar mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-iyundagi 288-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” 2023-yil 15-fevraldagi 66-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 4-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) tanlov 2026-yil may oyidan boshlab har yili “inkubatsiya”, “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” “yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi”;
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra tanlov gʻoliblariga IT-park direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan quyidagi miqdorlarda Markaziy bankning toʻlov amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyuta ekvivalentida bir martalik (bir startapga bir marotaba beriladi) pul mukofotlari hamda oʻzaro kelishuvlar asosida tuzilgan shartnoma doirasida IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan venchur investitsiyasi koʻrinishida ajratiladi:
a) tanlovning “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadigan 10 ta soha boʻyicha jami 30 ta jamoaga — 2 500 000 AQSH dollari.
1-oʻrin uchun — 125 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 75 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 50 000 AQSH dollari;
b) “akseleratsiya” yoʻnalishi uchun 15 ta jamoaga — 100 000 AQSH dollari (umumiy 1 500 000 AQSH dollari);
v) “inkubatsiya” yoʻnalishi uchun 25 ta jamoaga — 40 000 AQSH dollari (umumiy 1 000 000 AQSH dollari);
Bunda:
venchur moliyalashtirish “eng yaxshi startap” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari ishtirokchilariga qoʻllanadi hamda shartnoma shartlari venchur jamgʻarma tomonidan belgilanadi hamda startapda 10 foizdan ortiq boʻlmagan ulush evaziga ajratiladi;
“inkubatsiya” yoʻnalishi ishtirokchilariga esa grant sifatida bir martalik (bir startapga bir marotaba beriladi) pul mukofotlari bilan IT-park direksiyasi tomonidan belgilangan shartlari asosida taqdirlanadi.”.
a) 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Tanlovga tashkiliy qoʻmita umumiy rahbarlik qiladi.
Tashkiliy qoʻmita qarorlari tashkiliy qoʻmita yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan holda tegishli bayon bilan rasmiylashtiriladi.
Yigʻilishni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, tashkiliy qoʻmita yigʻilishi oʻtkaziladigan sana toʻgʻrisida tashkiliy qoʻmita aʼzolariga xabar beriladi.
Yigʻilish bayoni 2026-yilda anʼanaviy, 2027-yildan boshlab elektron shaklda maxsus portalda tashkiliy qoʻmita kotibi tomonidan shakllantiriladi, tashkiliy qoʻmita aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzo yordamida imzolanadi va raislik qiluvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari oʻz yigʻilishlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama va hal qilishda oʻz vakolatini boshqa shaxslarga oʻtkazish huquqiga ega emas.”.
ikkinchi xatboshi “rivojlantirish hamda” soʻzlaridan keyin “inkubatsiya va” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
toʻrtinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“masʼul tashkilotning xalqaro inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplar orasidan kamida 5 ta 1 mlrd AQSH dollaridan yuqori bahosiga yetgan boʻlishi.”;
beshinchi xatboshi tegishlicha oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi yettinchi — oʻninchi xatboshlar bilan toʻldirilsin:
“Masʼul tashkilot bilan tuziladigan shartnomada quyidagilar inobatga olinadi:
koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning 80 foizi oldindan toʻlov va 20 foizi masʼul tashkilotga yuklangan ishlar yakunlangandan soʻng qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida toʻlanadi;
Ishchi organ qabul qilish-topshirish dalolatnomasini imzolashdan oldin tanlov tashkil etilishi va oʻtkazilishi yuzasidan eʼtirozlari yoʻqligi haqida xulosani olish yuzasidan tashkiliy qoʻmitaga soʻrov yuboradi.
Bunda tashkiliy qoʻmita ishchi organning soʻrovi kelib tushgan kundan boshlab uch kun muddatda tegishli xulosani rasmiylashtirishi yoki asoslantirilgan rad javobi berishi zarur”;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Tanlov har yili bir marotaba quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:
“inkubatsiya” yoʻnalishi — tanlovning rivojlanishning boshlangʻich bosqichida (gʻoya, dastlabki prototip) boʻlgan jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va oʻquv kurslari orqali qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va startapni keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan yoʻnalish;
“akseleratsiya” yoʻnalishi — tanlovning rivojlanishning boshlangʻich bosqichida (dastlabki mahsulot) boʻlgan jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va oʻquv kurslari orqali qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va startapni keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan yoʻnalishi;
“eng yaxshi startap” yoʻnalishi — tanlovning faol quyidagi sohalar boʻyicha investitsiya jalb qilish (tayyor mahsulot) bosqichidagi startaplar:
Moliyaviy texnologiyalar (FinTech);
Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar (AI);
Korxonalar uchun moslashgan raqamli texnologiyalar (Enterprise);
Kreativ industriya va reklama texnologiyalari (Creative Industry & AdTech);
Davlat boshqaruvida qoʻllanadigan raqamli texnologiyalar (GovTech);
Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari;
Taʼlim jarayonida qoʻllanadigan raqamli va innovatsion texnologiyalar (EdTech);
Logistika, transport va harakatlanish tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan texnologik yechimlar (Logistics & Mobility);
Sogʻliqni saqlash sohasida texnologik yechimlar (HealthTech);
Ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan yuqori texnologik yechimlar (DeepTech).”;
g) 9 — 11-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Birinchi bosqichda tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 15-mayga qadar tanlov eʼlon qilinadi va arizalar qabuli boshlanadi.
10. Ikkinchi bosqichda “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha har yili 15-iyunga qadar, “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha esa har yili 31-mayga qadar ariza beruvchilar tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallar portal orqali topshiriladi.
11. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Bunda ishtirokchilar “Elektron hukumat”tizimining Yagona foydalanuvchilar identifikatsiya tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadilar.”;
d) 14 — 19-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Uchinchi bosqichda ishchi organ tomonidan barcha yoʻnalishlar boʻyicha 30-iyulga qadar portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligi hamda mazkur Nizom talablariga mosligi tekshirilib, ariza beruvchilarning elektron pochta manzili (shaxsiy kabineti)ga keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqidagi xabar (xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
Bunda “inkubatsiya” yoʻnalishida 30 tadan va “akseleratsiya” yoʻnalishida boʻyicha 25 tadan kam boʻlmagan jamoalar saralab olinadi.
15. Har yili:
“eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha 25-avgustga qadar jamoalar mentorlar bilan loyihani takomillashtiradi hamda har bir soha boʻyicha 5 tadan 10 tagacha istiqbolli loyihalar tasdiqlangan baholash mezonlari asosida reyting natijalariga koʻra finalga oʻtadi.
16. Toʻrtinchi bosqichda har yili oʻtkaziladigan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi” doirasida “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadi va himoya qiladi. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin va uning yakuni boʻyicha “eng yaxshi startap” yoʻnalishida muvaffaqiyatli ishtirokchi jamoalarga tanlov gʻolibi maqomi beriladi va taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
Ushbu bosqichda, “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha 25-noyabrga qadar ishtirokchi jamoalar uchun ekspertlar ishtirokida maslahatlar va oʻquv sessiyalari tashkil etiladi va jami 40 ta loyiha saralab olinadi va final bosqichiga oʻtadi.
Bunda loyihalar masʼul tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlangan baholash mezonlari asosida reyting shakllantirilib, jami 40 ta ishtirokchi jamoalar saralab olinadi.
17. Beshinchi bosqichda 25-dekabrga qadar ishchi organ tomonidan belgilangan sanalarda “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishidagi ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalarini masʼul tashkilotga taqdimot oʻtkazadilar va himoya qiladilar. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin.
Bunda loyihalar masʼul tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlangan baholash mezonlari asosida jami 40 ta ishtirokchi jamoalar saralab olinadi.
Saralab olingan ishtirokchi jamoa tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻolibi maqomi beriladi va ularga mazkur Nizom talablariga muvofiq mukofot sovrinlar va investitsiyalar ajratiladi.
18. Tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha natijalar tantanali taqdirlash marosimida eʼlon qilinadi va ushbu natijalar eʼlon qilinganidan soʻng ikki kun ichida portalda ham joylashtiriladi.
Tanlov “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi har yili 5-noyabrga qadar tashkiliy qoʻmita tomonidan tantanali ravishda tashkil qilinadi.
19. Tanlovning “eng yaxshi startap” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari gʻoliblariga IT Park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan investitsiyalar mazkur Nizomga muvofiq, shartnomada belgilangan muddatlarda ajratiladi, bunda moliyalashtirish davri 1 yildan oshmasligi shart.”;
e) 21 — 23-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Tanlovda ishtirok etish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bir jamoa tarkibida ishtirok etishi mumkin.
22. Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalar tarkibi “inkubatsiya” yoʻnalishida 2 — 5, “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” yoʻnalishlarida esa 3 — 8 kishidan iborat boʻlishi kerak.
23. Tanlovda ishtirok etish uchun faqat 1 ta yoʻnalish boʻyicha ariza yuborishga ruxsat etiladi”;
k) 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlovgacha va tanlov davomida ishlab chiqilgan loyihalar bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmaydi.
Tanlov doirasida ishtirokchi jamoalarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun masʼul tashkilotga toʻlangan mablagʻlar bundan mustasno.”;
l) 27-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Saralash va baholash mezonlari tasdiqlangandan soʻng tanlovning joriy mavsumi tugagunga qadar (navbatdagi tanlov eʼlon qilinguniga qadar) ularga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.”;
m) 28-29-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Tashkiliy qoʻmita tanlovning har bir bosqichi alohida tartibda oʻtkazilishini inobatga olgan holda, har yili 15-iyunga qadar saralash va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va ishchi organga maxsus portalda eʼlon qilish uchun taqdim etadi.
Bunda ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash mezonlarida quyidagilar inobatga olinadi:
loyiha aniq muammo (muammolar)ni hal qilish yoki foydalanuvchilar tomonidan mavjud talabni bajarishga qaratilgani va amaldagi yechimlarning samarali, sifatli va qulayligi;
loyiha daromadliligi va moliyaviy modeli asoslangani;
loyiha bozor sharoitlarida raqobatga chidamliligi, rivojlanayotgan yoʻnalish (soha)ga qaratilganligi va foydalanuvchilar uchun jozibadorligi;
loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bogʻliq mezonlar.
29. Gʻoliblar “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha beshinchi bosqichda, “eng yaxshi startap” yoʻnalishida esa toʻrtinchi bosqichda masʼul tashkilot tomonidan aniqlanadi.”;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tanlov ofertasida belgilangan shartlarni buzsa;”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ishchi organ ishtirokchi jamoalarning aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritadi.”.
o) 32-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tashkiliy qoʻmita har yili saralash va baholash mezonlarini tasdiqlashda maxsus portal orqali ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlov jarayonlarini yaxshilash va takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflarni inobatga olib boradi.”;
p) 33 — 37-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Tanlov gʻoliblari quyidagi miqdordagi mukofot va investitsiya bilan taqdirlanadi:
a) tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi uchun 25 ta jamoaga — 40 000 AQSH dollari (umumiy 1 000 000 AQSH dollari) grant sifatida;
b) tanlovning “akseleratsiya” yoʻnalishi boʻyicha 15 ta jamoaga — 100 000 AQSH dollari (umumiy 1 500 000 AQSH dollari) IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan investitsiya sifatida;
v) tanlovning “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadigan 10 ta soha boʻyicha IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan investitsiya sifatida jami 30 ta jamoaga — 2 500 000 AQSH dollari quyidagi nisbat boʻyicha:
1-oʻrin uchun — 125 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 75 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 50 000 AQSH dollari.
34. Tanlov gʻoliblariga pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlovlar amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyutada:
a) “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha — ishtirokchi jamoaning bank hisob raqamiga yil davomida uch transhda belgilangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida oʻtkazib beriladi;
b) “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” yoʻnalishlari boʻyicha — ishtirokchi jamoalarning bank hisob raqamlariga IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan oʻtkazilgan chuqur tekshiruv (Due Diligence) asosida bir yil davomida toʻliq oʻtkazib beriladi.
35. Tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblarga:
tanlov gʻoliblari eʼlon qilingan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida pul mukofotining birinchi transhi (50 foiz miqdorida) toʻlanadi;
pul mukofotining keyingi transhi (25 foizdan 50 foizgacha) yil davomida muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida tashkiliy qoʻmitaning qaroriga muvofiq oʻtkazib beriladi.
36. Tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar pul mukofotining ikkinchi (yoki uchinchi) transhini olish uchun tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarishi lozim.
37. Mazkur Nizom shartlarini bajarmagan yoki buzgan, shuningdek, muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarmagan tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi gʻoliblariga pul mukofotining qolgan transhi toʻlanmaydi”;
r) 39-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda barcha taqdimotlar videotasvirga olish moslamalari hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda videotasvirga olinadi va mazkur videotasvirlar ikki yil davomida saqlanadi.”
s) 411-band 42-band deb hisoblansin va quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“42. Tanlov natijalari sud qarori asosida bekor qilingan yoki tanlovda korrupsiya omillari aniqlanganini isbotlovchi holatlar mavjud boʻlganda, tegishli yoʻnalishning tanlov natijalari bekor qilinadi.”
t) quyidagi mazmundagi 43 va 44-bandlar bilan toʻldirilsin:
“43. Masʼul tashkilot, uning rahbarlari va xodimlari hamda masʼul tashkilot tomonidan tanlov jarayoniga jalb qilingan shaxslarga aloqador (affillangan) shaxslarning tanlovda ishtirok etishi taqiqlanadi.
44. Tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishga jalb qilingan barcha shaxslar tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni oshkor qilishlari taqiqlanadi. Bunda:
tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishda yuzaga kelgan nizoli holatlarda tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlar Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin.
tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilmagan holda oshkor qilgan shaxslar ushbu xatti-harakatlar natijasida koʻrilgan zarar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
u) 42-band 45-band deb hisoblansin.
f) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Tashkiliy qoʻmita

Tanlovni eʼlon qiladi va arizalarni qabul qilishni boshlaydi.

Har yili 15-mayga qadar

2-bosqich

Ariza beruvchilar

Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallarni portal orqali topshiradi.

Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalarning aʼzolari portalda “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Har yili 15-iyunga qadar

3-bosqich

“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ

(ishchi organ)

1. Portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini koʻrib chiqadi hamda Nizom talablariga mosligini tekshiradi.

Bunda ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqida elektron pochta manziliga xabar yuboradi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomini beriladi.

Har yili 30-iyunga qadar

Ishtirokchi jamoalar

2. Oʻzlari ishlab chiqqan loyihalarni takomillashtiradi va portalga qaytadan joylashtirishi mumkin. Kechikib taqdim etilgan loyihalar koʻrib chiqilmaydi.

4-bosqich

“Eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchi jamoalar

1. Loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadi.

“Eng yaxshi startap” yoʻnalishidagi ishtirokchilar “butkemp”da ishtirok etib, mentorlar ishtirokida oʻz loyihalarini takomillashtiradi va reyting natijasida har bir soha boʻyicha 5 tadan 10 tagacha finalistlar aniqlanadi.

Har yili oʻtkaziladigan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida

Masʼul tashkilot Tashkiliy qoʻmita,

ishchi organ,

masʼul tashkilot

2. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin va uning yakuni boʻyicha “Eng yaxshi startap” yoʻnalishida muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalarga tanlov gʻolibi maqomini beradi va taqdirlash marosimini oʻtkazadi.

3. “Inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalar uchun ekspertlar ishtirokida maslahatlar va oʻquv sessiyalarini tashkil etadi.

Har yili 25-noyabrga qadar

5-bosqich

Masʼul tashkilot,

“inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalar

1. Oʻzlarining loyihalarini masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadilar va himoya qiladilar.

2. Tasdiqlangan baholash mezonlari asosida jamoalar saralab oladi.

3. Saralab olingan 40 ta ishtirokchi jamoa tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻolibi maqomi beriladi va ularga mazkur Nizom talablariga muvofiq mukofot sovrinlari ajratiladi.

Har yili 25-dekabrga qadar

.

x) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovida qatnashish uchun topshiriladigan ariza
SHAKLI

“Eng yaxshi startap” yoʻnalishi

1. Jamoa haqida maʼlumot

1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.

2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili

4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari:

 Frontend dasturchi

 Backend dasturchi

 Data muhandis

 AI muhandis

 Mobil dasturchi

 Devops dasturchi

 Product menejer

 Web dasturchi

 Sinovchi

 Dizayner

 Boshqa

5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat

6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi

2. Loyiha haqida maʼlumot

1. Loyiha sohasi:

 Moliyaviy texnologiyalar (FinTech)

 Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar (AI)

 Korxonalar uchun moslashgan raqamli texnologiyalar (Enterprise)

 Kreativ industriya va reklama texnologiyalari (Creative Industry & AdTech)

 Davlat boshqaruvida qoʻllanadigan raqamli texnologiyalar (GovTech)

 Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari

 Taʼlim jarayonida qoʻllanadigan raqamli va innovatsion texnologiyalar (EdTech)

 Logistika, transport va harakatlanish tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan texnologik yechimlar (Logistics & Mobility)

 Sogʻliqni saqlash sohasida texnologik yechimlar (HealthTech)

 Ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan yuqori texnologik yechimlar (DeepTech)

2. Loyiha nomi

3. Loyiha tavsifi

4. Rivojlanish bosqichi

5. Oldingi hisobot davri uchun umumiy daromad

6. Mazkur yilning birinchi choragi uchun daromad

7. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)

8. Loyihaning GitHub platformasidagi havola

9. Loyiha taqdimoti (PDF)

10. Logotip (.svg/.png)

“Inkubatsiya” yoʻnalishi

1. Jamoa haqida maʼlumot

1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.

2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili

4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari:

 Frontend dasturchi

 Backend dasturchi

 Data muhandis

 AI muhandis

 Mobil dasturchi

 Devops dasturchi

 Product menejer

 Web dasturchi

 Sinovchi

 Dizayner

 Boshqa

5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat

6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi

2. Loyiha haqida maʼlumot

1. Loyiha nomi

2. Rivojlanish bosqichi

3. Loyiha sohasi

4. Loyiha tavsifi

5. Minimal ishlaydigan mahsulot (MVP)

6. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)

7. Loyihaning GitHub platformasidagi havola

8. Loyiha taqdimoti (PDF)

9. Logotip (.svg/.png)

“Akseleratsiya” yoʻnalishi

1. Jamoa haqida maʼlumot

1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.

2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili

4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari:

 Frontend dasturchi

 Backend dasturchi

 Data muhandis

 AI muhandis

 Mobil dasturchi

 Devops dasturchi

 Product menejer

 Web dasturchi

 Sinovchi

 Dizayner

 Boshqa

5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat

6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi

2. Loyiha haqida maʼlumot

1. Loyiha nomi

2. Rivojlanish bosqichi

3. Loyiha sohasi

4. Loyiha tavsifi

5. Oldingi hisobot davri uchun umumiy daromad

6. Mazkur yilning birinchi choragi uchun daromad

7. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)

8. Loyihaning GitHub platformasidagi havola

9. Loyiha taqdimoti (PDF)

10. Logotip (.svg/.png)

”.
a) 2-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O.A. Pekos — raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari;”
b) 6-pozitsiyadagi “K.X. Karimov” soʻzlari “S.B. Radjabov” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 7-pozitsiyada: “A.K. Shadmanov” soʻzlari “A.Sh. Boboyev” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 10-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin
“A.O. Karamatov — “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bosh direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2026-y., 09/26/288/0570-son)