Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 10—12-iyulda Polsha Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida erishilgan bitimlar va ahdlashuvlarning amalga oshirilishini taʼminlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, harbiy va harbiy-texnikaviy, insonparvarlik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tashrif davomida Polsha Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan imzolangan bitimlar va erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga
* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalari va savdo vazirligi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki rasmiy tashrif davomida imzolangan hujjatlar va bitimlar amalga oshirilishi boʻyicha monitoring olib borsinlar va tizimli nazorat oʻrnatsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Polsha tomoni bilan Varshava shahrida Bosh konsulxona ochish yuzasidan tartibotga oid va tashkiliy masalalar 2003-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda hal etilishini taʼminlasin.
4. Tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi (E.M. Gʻaniyev) Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi (M.Z.Usmonov) bilan birgalikda Polsha Respublikasining vakolatli organlari bilan hamkorlikda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi tarkibini chuqur tahlil qilib chiqsin hamda ikki tomonlama savdo nomenklaturasini kengaytirish va hajmini koʻpaytirish boʻyicha aniq takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi hududlarida Oʻzbekiston va Polsha ishlab chiqarish korxonalari hamda savdo kompaniyalari ishtirokida qoʻshma Savdo uylari tashkil etish shart-sharoitlarini ishlab chiqsin.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi hamda Milliy bank bilan birgalikda bir hafta muddatda moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimlarni amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritsin, unda:
loyihalarni tanlab olish tartiboti, Polsha hukumatining imtiyozli va tijorat kreditlarini oʻz vaqtida oʻzlashtirish va qaytarish manbalarini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrishni;
kreditning imtiyozli qismi boʻyicha ixtisoslashtirilgan kollejlar va litseylarni jihozlash loyihasini amalga oshirish uchun potensial mahsulot yetkazib beruvchilarni tanlab olish shartlarini belgilashni;
kreditning tijorat qismini oʻzlashtirish boʻyicha 2-ilovaga
* muvofiq investitsiya loyihalarining ekspertizadan oʻtkazilishini nazarda tutsin, bunda Polsha texnologiyalarini turizm infratuzilmasini, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga, toʻqimachilik va tikuvchilik sanoatini, mahalliy xomashyodan foydalanish negizida qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirishga jalb etishni ustuvor yoʻnalishlar etib belgilasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.