1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.03.00.00 Pul tizimi va pul muomalasi. Inflyatsiya / 07.03.02.00 Naqd pul emissiyasi, pul muomalasini tashkil qilish va tartibga solish. Inflyatsiya;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.20.00 Jamgʻarma ishi. Bank tomonidan naqd pul berilishi]
[TSZ:
1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar;
2.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BANK TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh, PUL-KREDIT MUNOSABATLARINI BARQARORLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-sonli “Bank tizimini isloh qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bank tizimini takomillashtirish, banklarning pul muomalasining ahvoli uchun javobgarliklarini va mustaqilliklarini oshirish, shuningdek, pul-kredit munosabatlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Oʻztadbirkorbank” va boshqa tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda jahondagi va MDH hududidagi eng yaxshi banklarning tajribasini oʻrgansin va bozor talablariga muvofiq oʻziga qarashli banklarning boshqarish tuzilmasini va amaliy faoliyatini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
2. “Oʻzjamgʻarmabank”ka kredit-moliya muassasasi maqomi berilsin hamda unga:
kredit resurslaridan jismoniy va yuridik shaxslarga kredit berish uchun foydalanishga, shuningdek, kredit resurslarini banklararo pul bozorida kimoshdi savdosi orqali sotishga;
kichik korxonalar barpo etish va rivojlantirish, fuqarolar tomonidan davlat mulkini xususiylashtirish, turar-joy binolarini qurish va taʼmirlash hamda aholining boshqa ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq xarajatlarga qarz berish doirasini kengaytirishga;
aholi jamgʻarmalari boʻyicha, yuqori stavkasini cheklamagan holda, eng kam foiz stavkalarini mustaqil ravishda koʻpaytirishga ruxsat etilsin;
1994-yil 1-apreldan boshlab aholi jamgʻarmalari boʻyicha amaldagi eng kam foiz stavkalari 2 baravar oshirilsin.
3. Tijorat banklarining pul muomalasi uchun javobgarliklarini oshirish, shuningdek, berilayotgan kredit resurslarini pul massasi bilan oʻzaro bogʻlash hamda naqd pul mablagʻlari berishni jadallashtirish maqsadida Markaziy bankning ruxsatnomasi boʻlgan banklarga xizmat koʻrsatilayotgan mijozlar bilan joriy kassa operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilsin.
Kassa operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga qatʼiy rioya qilinishi ustidan nazorat respublika Markaziy bankining ichki xavfsizlik maxsus boshqarmasi zimmasiga yuklansin.
4. Qalbaki pul oʻtkazish (avizo)larga va qonunga xilof ravishda naqd pulsiz hisob-kitoblarning naqd pulli hisob-kitoblarga aylanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
barcha bank muassasalariga davlat korxonalari va tashkilotlaridan pul oʻtkazishni, ularning toʻplanishi va amalga oshirish operatsiyalarining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda, nodavlat tuzilmalarga oʻtkazishni taqiqlasin;
tabulyagrammalar (avizo roʻyxatlari) berish asosida kvitovka usuli bilan olingan pul oʻtkazishlarning aynanligini qayta tekshirish majburiyligini taʼminlasin;
tijorat banklari bilan birgalikda Bank axborotlarini qayta ishlovchi kompyuter markazini barpo etsin va 1994-yilning 1-oktabriga qadar bank tizimini kompyuterlashtirishni, hisobga olishni, qalbaki pul oʻtkazish (avizo)larga yoʻl qoʻymaslikni, kredit-toʻlov operatsiyalarining noqonuniyligining oldini olish va naqd pullarni inkassatsiya qilishni avtomatlashtirishni taʼminlovchi elektron pochtalarni joriy etishni tugallasin;
qalbaki hujjatlar boʻyicha schyotlarga mablagʻlarni oʻtkazishning belgilangan tartibini buzish hollari aniqlangan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisob-kitob (joriy) schyotlarini yopib qoʻysin va materiallarni tezlik bilan aybdorlarni qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborsin;
bank operatsiyalarini yuritish qoidalarini buzganlik uchun tijorat banklariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin, bunda bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnomalar (litsenziyalar)ni qaytarib olish va bank muassasalari rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan boʻshatishgacha boʻlgan choralar koʻrishni nazarda tutsin;
bir oy muddatda qalbaki avizolardan foydalanish, pulsiz hisob-kitoblarni naqd pulli hisob-kitoblarga aylanib qolish hollari sinchiklab oʻrganib chiqilsin va uning natijalari toʻgʻrisida respublika hukumatiga axborot bersin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilayotgan hisob-kitob operatsiyalarining va bank muassasalari tomonidan kassa operatsiyalarining yuritilishining qonuniyligini muntazam ravishda tanlab tekshirsin. Qonun buzishlar aniqlangan taqdirda tezkorlik bilan qonunga muvofiq choralar koʻrilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, bankka tushumlarni naqd topshirgan yuridik, jismoniy shaxslar naqd pul mablagʻlarini darhol va cheklashlarsiz oladilar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining yalpi pul massalari oʻzgarishlarining cheklangan miqdorlarini yilning har choragida belgilash boʻyicha taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
yalpi pul massalari oʻzgarishlarining tasdiqlangan miqdorlariga muvofiq kredit va naqd pul emissiyasini qatʼiy cheklasin;
xalq xoʻjaligi tarmoqlari uchun imtiyozli kredit resurslarini markazlashtirilgan tartibda berishni toʻxtatsin, ilovada koʻrsatilgan tarmoqlar bundan mustasnodir, bunda yillik daromadning hisob stavkasi kamida 50 foiz miqdorida belgilansin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishli hududlarda pul muomalasining ahvoli va emissiyaning qisqartirilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
8. Bank kompyuter tizimini yaratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika valyuta fondidan Markaziy bank hisob-kitoblariga muvofiq qaytarib berish asosida zarur valyuta mablagʻlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi esa tegishli aloqa kanalini ajratsitlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bank barqarorlashtirish jamgʻarmasini yaratish hamda milliy valyuta kursini saqlab turish chora-tadbirlarini taʼminlash maqsadida bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oltin-valyuta zaxiralarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish mexanizmini ishlab chiqsinlar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 17-iyun 310-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 18-mart,
146-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 18-martdagi 146-son qaroriga ILOVA
Imtiyozli kreditlar oladigan vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalarning
ROʻYXATI
Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning nomi
Kredit berish maqsadi
Respublika tashqarisidan quyidagilarni olib kelish uchun:
“Oʻzdonmahsulot” davlat konserni
don
Oʻzbekbirlashuv
goʻsht, qand-shakar
“Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi
goʻsht, qand-shakar
“Oʻzkooptayyorlovsavdo” birlashmasi
goʻsht, don
“Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi
goʻsht
“Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni
quvvatlarni kengaytirish uchun
Yoqilgʻi-energetika kompleksi
gaz uzatish tarmoqlarini, neftni qayta ishlash zavodlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun