toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda soliq maʼmuriyatchiligini zamonaviy bosqichga olib chiqish, soliq siyosatini yanada takomillashtirish, soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan transformatsiya qilish, soliqlarning yigʻiluvchanligini oshirish, soliq nazoratining samaradorligini kuchaytirish hamda soliq toʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) 2030-yilga qadar:
(i) Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yoʻnalishi boʻyicha birinchi darajaga chiqish;
(ii) huquqbuzarliklar profilaktikasi ustuvorligi prinsipini qoʻllash orqali soliqlarni ixtiyoriy toʻlash ulushini 98 foizga yetkazish;
(iii) soliq qonunchiligini buzish holatlarining oldini olish va yuqori xavflarni ikki barobar kamaytirish;
(iv) jami soliq tushumlari miqdorini ikki barobarga oshirish;
(b) soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq toʻlovchilarning soliq organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash.
II. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish yoʻnalishlari
2. Quyidagilar soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga jahon standartlari talablari darajasida xizmat koʻrsatish va soliq xizmatlaridan foydalanish uchun qulay shart-sharoit yaratish;
(b) tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida soliq xavflarini boshqarishda “Compliance risk management” (CRM) tizimini yanada takomillashtirish;
(v) raqamlashtirish va innovatsion yechimlar orqali sunʼiy intellektdan foydalangan holda soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish hamda soliq toʻlovchilarga moliyaviy va maʼmuriy yukni kamaytirish;
(g) soliq organlarida oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan kadrlar siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. 2026 — 2030-yillarda soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish
4. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(i) tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
(ii) soliq xavfi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchilarga aniqlangan xavflar toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;
(iii) yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi;
(iv) tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari amaldagi moliyalashtirish tartibi va moddiy-texnika bazasini saqlab qolgan holda “Soliq-servis” AJ tasarrufiga oʻtkaziladi;
(b) 2026-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozlarga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq toʻlovchilar tomonidan:
(i) soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini;
(ii) soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi;
(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan neft va gaz mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi va noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, qishloq xoʻjaligi yerlari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari proaktiv tartibda shakllantiriladi;
(ii) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha soliq vakolatli organlarning soliq organlariga taqdim etgan maʼlumotlari asosida hisoblab chiqariladi va soliq toʻlovchi tomonidan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
(iii) jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash idoralararo axborot tizimi maʼlumotlari asosida proaktiv tartibda amalga oshiriladi. Bunda imtiyoz qoʻllash natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa jismoniy shaxsning murojaatiga asosan 10 ish kuni ichida qaytariladi.
5. Belgilansinki, quyidagi soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi, soliq hisobini yuritish va nazorati tegishincha tumanlar (shaharlar) soliq inspeksiyalarida amalga oshiriladi, bundan yirik soliq toʻlovchilar mustasno:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab bozorlar va savdo komplekslari, shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha soliq toʻlovchilar.
IV. Soliq xavflarini boshqarish tizimini takomillashtirish
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan soliq toʻlovchilarga nol darajali soliq stavkasini qoʻllash va koʻchmas mulklar xaridi hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Bunda soliq toʻlovchilarning ayrim toifalari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini tezlashtirilgan tarzda qoplashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;
(b) qarz (moliyaviy yordam) va omborda omonat saqlash shartnomalari soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.
7. Soliq qoʻmitasi:
(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar soliq organlarining biznes jarayonlarini xavflarni boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarga (ISO 22301 va ISO 31000) muvofiqlashtirsin;
(b) 2026-yil 1-noyabrga qadar Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tavsiyalari hamda xalqaro standartlarga asosan soliq toʻlovchilarning soliq xavflarini oldindan bartaraf etishga qaratilgan “Xavflarni toifalash (Risk Differentiation Framework)” va “Xavflarni koʻrib chiqish (Risk Review)” axborot tizimlarini ishlab chiqsin. Bunda:
(i) 2027-yil 1-yanvardan boshlab kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan;
(ii) 2027-yil 1-iyuldan boshlab barcha yirik soliq toʻlovchilarga nisbatan joriy etilsin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan dehqon bozorlari va savdo komplekslari balansidagi noturar joy obyektlarini ijaraga berish faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
V. Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish
9. 2026-yil 1-iyuldan boshlab soliq toʻlovchilarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish mezonlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki:
(a) 2027-yildan 1-yanvardan boshlab avvalgi yilning 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi oʻn ikki oylik davr boʻyicha Davlat budjetiga toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 500 ming baravaridan ortiq boʻlgan korxonalar va tijorat banklari yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiruvchi oʻta yirik soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi hamda ularning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi;
(b) oʻta yirik soliq toʻlovchilarning soliq maʼmuriyatchiligi yirik soliq toʻlovchilar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 15-iyulga qadar Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi va hududiy soliq organlari maʼmuriyatchiligidagi korxonalar roʻyxatining oʻzgarishi munosabati bilan 2026-yil uchun Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini ularga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlarni kiritgan holda qayta tasdiqlasin. Prognoz koʻrsatkichlarini qayta tasdiqlashda soliq toʻlovchilar kesimida daromadlar rejasini ishlab chiqish uchun foydalanilgan choraklik koʻrsatkichlarga oʻzgartirish kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ushbu Farmonning 11-bandiga muvofiq tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, uch ish kuni ichida tuman (shahar) prognoz koʻrsatkichlarini qayta tasdiqlasin.
VI. Soliq organlarida kadrlar salohiyatini oshirish va xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash
13. Belgilansinki:
(a) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash, shuningdek, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Soliq qoʻmitasi huzurida Soliq oliy maktabi hamda uning tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi tashkil etiladi;
(b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi balansida boʻlgan Toshkent shahri Kichik halqa yoʻli koʻchasi 3 va 3a-uy manzillaridagi bino va inshootlar operativ boshqaruv huquqi asosida Soliq oliy maktabiga bepul oʻtkazib beriladi. Bunda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tomonidan ushbu bino va inshootlardan tekin foydalanish huquqi saqlab qolinadi;
(v) 2026-yil 1-iyundan boshlab:
(i) 3-ilovaga muvofiq xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlariga ega boʻlgan barcha darajadagi soliq xizmati xodimlariga har oylik ish haqiga qoʻshimcha ravishda lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama haqi toʻlanadi. Bunda ushbu ustama haqi toʻlovlari Soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(ii) soliq xizmati xodimlariga koʻp yil ishlaganlik uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdori 4-ilovaga muvofiq 150 foizgacha oshiriladi;
(g) soliqlarni toʻlash muddatini buzganlik uchun penyalar, shu jumladan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida qoʻshimcha undirilgan summalar boʻyicha penyalar hamda soliq qonunchiligini buzganlik uchun qoʻllangan moliyaviy jazo choralari summalarining Maxsus jamgʻarmani shakllantirishga yoʻnaltiriladigan qismi 40 foiz etib belgilanadi;
(d) 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq sohasida alohida tashabbus koʻrsatgan, soliq tizimi rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.
14. Soliq qoʻmitasi:
(a) ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Soliq oliy maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, soliq sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyotni oʻzaro integratsiyalovchi kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar inson resurslarini rivojlantirish va boshqarishda meritokratiya tamoyiliga asoslangan Inson resurslari salohiyatini oshirish (HR Capacity Development) strategiyasini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
15. Soliq qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda Soliq qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasiga kiritilgan tashkilotlar davlat mulki boʻlgan bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Mazkur Farmonda nazarda tutilgan soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishda yangi instrumentlarni joriy etish bilan bogʻliq dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va texnik imkoniyatlarni yaratish xarajatlari Soliq qoʻmitasining Maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov belgilansin.
20. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-may,
PF-95-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
1-ILOVA
2026 — 2030-yillarda soliq maʼmuriyatchiligi va soliq organlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Amalga oshirish shakli

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

I. Soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish

1.

Soliq toʻlovchilarning mijozga yoʻnaltirilganlik indeksini joriy etish.

1. Soliq toʻlovchilarning mijozga yoʻnaltirilganlik indeksini aniqlash metodologiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy hujjat

2026-yil avgust

Soliq qoʻmitasi

2. Soliq organlarining mijozga yoʻnaltirilganlik indeksini hisoblash natijalarini rasmiy veb-saytda eʼlon qilib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Har oyning 20-sanasiga qadar

2.

Soliq organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini oʻrganish.

1. Jamoatchilik ishonchini oʻrganish boʻyicha soʻrov oʻtkazib borish tizimini joriy etish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2. Jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha soʻrovlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish.

Reja-jadval

2026-yil dekabr

3.

Soliq toʻlovchilar reyestri maʼlumotlari yaxlitligini hamda toʻgʻriligini taʼminlash.

1. Soliq toʻlovchilar reyestrini xatlovdan oʻtkazib borish.

2. Soliq toʻlovchilarni roʻyxatga olish maʼlumotlar bazasida soliq maʼmuriyatchiligidagi asosiy oʻlchovlar (faoliyat turi, faoliyat joyi, aloqa maʼlumotlari, faollik holati va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni baholashdan oʻtkazish, boshqaruv yoki ichki audit hisobotlarini tayyorlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Har chorakda

Soliq qoʻmitasi

4.

Soliqqa oid huquqbuzarliklar va huquqbuzarlarga qoʻllangan choralar yuzasidan turli vaziyatlarga doir soliq qoʻllanmalarini ishlab chiqish.

Soliq toʻlovchilarda eng koʻp aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar va huquqbuzarlarga qoʻllangan choralar yuzasidan turli vaziyatlarga doir soliq qoʻllanmalarini ishlab chiqish, statistik-tahliliy maʼlumotlar, mavjud xavf-xatarlar hamda soliq maʼmuriyatchiligidagi kamchiliklarni rasmiy sahifalarda eʼlon qilib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Har chorakda

Soliq qoʻmitasi

5.

Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibini soddalashtirish.

1. Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlari va ularni qoplashga doir maʼlumotlarni olish yuzasidan idoralararo axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil oktabr

Soliq qoʻmitasi,

Markaziy bank,

Adliya vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

2. Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha soliq imtiyozlarini qoʻllashni idoralararo axborot tizimi maʼlumotlari asosida proaktiv tartibda amalga oshirish tartibini ishlab chiqish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil avgust

6.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini yuridik shaxsning har bir alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha budjetga toʻlash tartibini joriy etish.

Qurilish korxonalari tomonidan soliq boʻyicha hisobga qoʻyilgan joydan boshqa joyda bajarilgan ishlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini ushbu korxonaning alohida boʻlinmasi joylashgan joy boʻyicha toʻlash tartibini joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil iyun

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Soliq qoʻmitasi

7.

“Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklarining buxgalteriya hisobini yuritish tartibini joriy etish.

“Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilash, bunda fermer xoʻjaligining bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlari fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan boshqarilishini nazarda tutish.

Idoraviy hujjat loyihasi

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

8.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni chakana sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni chakana sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarishda 2026-yilning yanvar-fevral oylari uchun taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq summasi 2026-yil 25-mayga qadar toʻliq toʻlanganda, ushbu davrlar uchun soliqni qaytarib berish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil 1-iyun

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

II. Soliq xatarlarini boshqarishda “Compliance risk management” (SRM) tizimini yanada takomillashtirish va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish

9.

Soliq xatarlarini boshqarishda “Compliance risk management” (CRM) tizimini takomillashtirib borish.

1. Xavflarni baholash metodologiyalarini takomillashtirish, maʼlumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini yaxshilash va yuqori darajadagi xavflarni bartaraf etish boʻyicha yillik rejani tasdiqlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Har yili dekabr

Soliq qoʻmitasi

2. Xalqaro ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda soliq maʼmuriyatchiligi xavflarini boshqarish tizimi boʻyicha taklif va xulosalarni olish.

2027-yil mart

3. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazuvchi xodimlar malakasini oshirib borish hamda soliq auditini oʻtkazuvchi yuqori malakali xodimlar sonini bosqichma-bosqich 2000 tagacha yetkazish.

Reja-jadval

2026 — 2030-yillar

10.

Tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish holatlarining oldini olish.

Soliq organlari xodimlari tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayonida tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish holatlari aniqlanganda sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishga asos boʻlishini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil avgust

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

11.

Shartnomalarni hisobga qoʻyish tartibini soddalashtirish.

Qarz (moliyaviy yordam) va omborda omonat saqlash shartnomalarini soliq organlarida elektron tarzda hisobga qoʻyish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil sentabr

Soliq qoʻmitasi,

Adliya vazirligi

12.

Xavflarni avtomatlashtirilgan tahlil qilish modulini baholash.

1. Xavflarni avtomatlashtirilgan tahlil qilish moduli samaradorligini baholash asosida soliq toʻlovchilarning xatti-harakatlarini bashorat qilish va soliq maʼmuriyatchiligidagi xavflarni aniqlashni taʼminlash.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil oktabr

Soliq qoʻmitasi

2. “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturini (CRM) Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (IMF) hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ekspertlarini jalb etgan holda mustaqil tashqi ekspertizadan oʻtkazish.

2026-yil dekabr

3. Ekspertiza xulosasi asosida ushbu dasturni takomillashtirish.

2027-yil mart

13.

Soliq maʼmuriyatchiligini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli rejalar (Compliance Improvement Plan) ishlab chiqish.

Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va unga qarshi kurashish, biznesni soyadan chiqarishga qaratilgan keng qamrovli rejalarni ishlab chiqish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi

14.

Soliq boʻshliqlarini aniqlash (Revenue Administration Gap) tizimini joriy etish.

1. Zamonaviy tahliliy usullardan foydalangan holda soliqdan qochish usullarini har tomonlama baholashni amalga oshirish uchun soliq boʻshliqlarini aniqlash dasturini amalga oshirish.

Amaliy chora-tadbirlar

2028-yil yanvar

Soliq qoʻmitasi

2. Soliqdan qochish mexanizmlarini va tushum yoʻqotishlarini aniqlash uchun tahliliy maʼlumotlardan foydalanadigan soliq boʻshligʻini oʻrganish dasturini (pastdan yuqoriga) joriy etish.

2029-yil yanvar

15.

Soliq auditini oʻtkazish tartibini takomillashtirish.

1. Soliq auditi milliy rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Har yili dekabr

Soliq qoʻmitasi

2. Soliq auditini oʻtkazish bilan bogʻliq maʼlumotlar bazasi toʻliqligi va haqqoniyligini taʼminlash orqali natijadorligini oshirish.

Har chorakda

3. Sohalar, hududlar hamda soliq turlari kesimida yuqori xavflarni va budjetga potensial toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini aniqlash, soliq nazorati tadbirlari natijadorligini oshirish hamda xavflarni pasaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash.

Har chorakda

4. Tasodifiy audit holatlarini tanlash uslubiyotini ishlab chiqish, aniq mezonlar va tartiblarni belgilash.

Ichki idoraviy hujjat

2026-yil avgust

5. Soliq auditi jarayonlarini raqamlashtirish.

Amaliy chora-tadbirlar

2027-yil yanvar

16.

 Soliq maʼmuriyatchiligida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari boʻyicha davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish.

Davlat-xususiy sheriklik shartnomalari asosida soliq xavfi yuqori boʻlgan sohalarda soliq bazasini yashirish holatlarini avtomatik ravishda aniqlashni taʼminlaydigan sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan axborot tizimlarini ishlab chiqish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi

17.

Realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) uchun toʻlovlarni jismoniy shaxsning bank kartalariga qabul qilish orqali soliq bazasini yashirish holatlarining oldini olish.

Jismoniy shaxsdan boshqa jismoniy shaxsning bank kartalariga (bundan yaqin qarindoshlar mustasno) kalendar oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada mablagʻlar bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamyonlardan kelib tushganda soliq organlariga maʼlumot taqdim etish tartibini ishlab chiqish. Bunda mablagʻlarni qabul qilib olgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani majburiy tarzda taqdim etish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Markaziy bank,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

18.

Qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) tartibini avtomatlashtirish.

1. Soliq xavfi darajasi past boʻlgan soliq toʻlovchilarga nol darajali soliq stavkasini qoʻllash va koʻchmas mulklar xaridi hisobidan hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda qoplash (qaytarish) tartibini joriy qilish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil avgust

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2. Qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) tartibini toʻliq avtomatlashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.

Amaliy chora-tadbirlar

2027-yil iyun

III. Raqamlashtirish va innovatsion yechimlar orqali samaradorlikni oshirish hamda soliq toʻlovchilarga moliyaviy va maʼmuriy yukni kamaytirish

19.

Maʼlumotlarni boshqarish va xavfsizlikni kuchaytirish boʻyicha Soliq qoʻmitasi xodimlarining malakasini oshirish.

Maʼlumotlarning ishonchli muhofazasini taʼminlash (shifrlash va koʻp omilli autentifikatsiya usullarini joriy etish), kiberxavfsizlikka doir muntazam audit tekshiruvlarini amalga oshirish, xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etish hamda Soliq qoʻmitasi axborot xavfsizligi xodimlari uchun innovatsion yechimlarni oʻrganishga qaratilgan oʻquv treninglarni tashkil etish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil avgust

Soliq qoʻmitasi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

20.

Soliq organlarining yagona integratsiyalashgan axborot-resurs bazasida yirik hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirish.

1. Maʼlumotlar bazasini bosqichma-bosqich tranzaksion va tahliliy (analitik) qismlarga ajratish hamda soliq majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq maʼlumotlarni vazirlik va idoralardan elektron tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri olishni yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil noyabr

Soliq qoʻmitasi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

2. Maʼlumotlarni manbalarga qarab toifalash hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatini taʼminlash.

2027-yil mart

3. Yirik hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini joriy etish.

2028-yil aprel

21.

Soliq maʼmuriyatchiligini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli rejalar (Compliance Improvement Plan) ishlab chiqish.

Soliq tizimining samaradorligini oshirish, budjet tushumlarini barqaror taʼminlash hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay va shaffof muhit yaratish imkoniyatiga ega boʻlgan soliq maʼmuriyatchiligini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli rejalarni ishlab chiqish.

Amaliy chora-tadbirlar

2027-yil yanvar

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

22.

Soliq organlarining maʼlumotlar bazasini takomillashtirish va optimallashtirish.

1. Soliq organlari maʼlumotlar bazasini faoliyat yoʻnalishlariga koʻra bosqichma-bosqich OLTP (onlayn tranzaksiyalarni qayta ishlash) va OLAP (onlayn analitik ishlov berish) tizimlariga ajratish.

Amaliy chora-tadbirlar

2028-yil sentabr

Soliq qoʻmitasi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

2. Tahliliy maʼlumotlar tayyorlash va qayta ishlashni tezlashtirish orqali soliq bazasini kengaytirish.

2029-yil yanvar

23.

Elektr energiyasi abonentlarining kadastr hujjatlari va shaxsiy hisobraqamlarini real vaqt rejimida oʻzaro muvofiqlashtirib borish.

Elektr energiyasi maʼlumotlar bazasini kadastr organlari maʼlumotlar bazasi bilan muvofiqlashtirish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil oktabr

Energetika vazirligi,

Kadastr agentligi,

Soliq qoʻmitasi

24.

Soliqsiz tushumlar ustidan nazoratni tashkil etish va ularning aniq hisobi yuritilishini taʼminlash.

1. Vakolatli davlat organi va tashkilotlar tomonidan undiriladigan soliqsiz tushumlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq organlariga hisobot topshirish tartibini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil dekabr

Soliq qoʻmitasi,

Adliya vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

2. Soliq qoʻmitasida umumiy shtat birliklari doirasida soliqsiz tushumlar va majburiy toʻlovlarni nazorat qilish boʻyicha alohida tarkibiy tuzilma tashkil qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

Bir oy muddatda

Soliq qoʻmitasi

IV. Kadrlar siyosatini ishlab chiqish va joriy etish, inklyuzivlik va kreativ fikrlash tizimini joriy etish, operatsion xavflarni bartaraf etish hamda xodimlarning kompetensiyasi va ish samaradorligini oshirish

25.

Soliq organlari uchun maxsus formali kiyim-bosh joriy qilish.

Soliq idoralari mansabdor shaxslari uchun yangi formali kiyim-bosh va farqlovchi belgilarni joriy etish toʻgʻrisida qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

26.

Soliq sohasida alohida tashabbus koʻrsatgan soliq idoralari xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida “Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish.

“Soliq xizmati fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2026-yil avgust

Soliq qoʻmitasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

27.

Soliq organlarida meritokratiya tamoyiliga asoslangan inson resurslaridan samarali foydalanish mexanizmini joriy etish.

1. Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarishda “Inson resurslari salohiyatini oshirish” (HR Capacity Development) va “Isteʼdodlarni boshqarish” (Talent Management) dasturlarini ishlab chiqish.

2. Inson resurslarini shakllantirishda rejalashtirish va rekruting avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish.

3. Natijadorlikka yoʻnaltirilgan “ROWE” tizimi tamoyili asosida ishlaydigan hamda KPI asosida baholash imkoniyatiga ega boʻlgan “Assessment” markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora -tadbirlar

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Boshqaruv samaradorligi agentligi

4. Oliy oʻquv yurtlarining 4-kurs talabalari oʻrtasida tanlov oʻtkazib, iqtidorli talabalarning toʻlov kontraktlarini soliq organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlash va soliq organlariga ishga jalb qilish mexanizmini yaratish.

Idoraviy hujjat

Doimiy

28.

Korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari asosida normativ-huquqiy bazani qayta koʻrib chiqish.

Korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari talablariga muvofiq soliq qonunchiligini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ularda mavjud korrupsion xavflarni bartaraf etish nuqtai nazaridan koʻrib chiqqan holda takomillashtirib borish.

Tahliliy maʼlumotnoma

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi,

Bosh prokuratura,

Adliya vazirligi

29.

Soliq xizmati organlarida mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish choralarini koʻrish hamda ishchanlik muhitini yaxshilash.

1. Soliq xizmati organlari xodimlari oʻrtasida korrupsion holatlarning oldi olinganligi boʻyicha baholash mexanizmini yoʻlga qoʻyish.

Amaliy chora-tadbirlar

2026-yil iyul

Soliq qoʻmitasi

2. Soliq toʻlovchilar va fuqarolarga xizmat koʻrsatishda uchrayotgan maishiy korrupsiya hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritishga toʻsiq boʻlayotgan byurokratik toʻsiqlar roʻyxatini ishlab chiqish orqali inson omilini kamaytirish va sohani raqamlashtirish ishlarini olib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Doimiy

3. Soliq organlarining mavjud funksiyalarini amalga oshirish jarayonlarini avtomatlashtirib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Doimiy

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
2-ILOVA
Soliq toʻlovchilarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish
MEZONLARI
1. Quyidagilar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritiladi:
(a) Davlat budjetiga toʻlanadigan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlar hajmidan qatʼi nazar:
(i) tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari, tovar-xomashyo, valyuta va fond birjalari, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar;
(ii) “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzavtosanoat” AK hamda ularning taʼsischiligidagi tashkilotlar;
(iii) Oʻzbekiston Respublikasining havo boʻshligʻidan yoʻlovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar;
(iv) Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari;
(v) mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;
(vi) uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar (bundan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari va faoliyat yuritayotganiga 2 yildan koʻp boʻlmagan yuridik shaxslar mustasno), shuningdek, ularga tovar (xizmat) yetkazib beruvchi chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari (boʻlinmalari);
(vii) bir vaqtning oʻzida yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar tomonidan ustav fondida (ustav kapitalida) 20 foiz miqdorida va undan ortiq ulush bilan yangi tashkil etilgan hamda oʻzaro hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan yuridik shaxslar, bundan nodavlat notijorat tashkilotlar va aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchi korxonalar mustasno;
(b) bir vaqtning oʻzida Davlat budjetiga toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlari hajmi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz qirq ming baravaridan va doimiy ishchilar soni yuz nafardan kam boʻlmagan yuridik shaxslar, bundan paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar, sement va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ulgurji va chakana savdo korxonalari mustasno. Bunda:
(i) mazkur yuridik shaxslar 2026-yilda 1-aprel holatiga hamda kelgusi yillarda 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi oʻn ikki oylik davr boʻyicha soliq organlari axborot tizimidagi koʻrsatkichlarga asosan aniqlanadi;
(ii) ushbu mezonga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslar har yili 1-yanvardan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Soliq qoʻmitasi tomonidan yirik soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkaziladi.
2. Mazkur ilovaning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan mezonlarga toʻgʻri keladigan yuridik shaxslar ushbu mezonga toʻgʻri kelgan yildan keyingi yilning 1-sanasidan (Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida hisobga qoʻyilgan sanadan) eʼtiboran yirik soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkaziladi.
3. Soliq qoʻmitasi 2026-yil 1-iyulga qadar yirik soliq toʻlovchilarning roʻyxatini qayta shakllantirgan holda oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi, ushbu roʻyxat oʻzgargan taqdirda, yangilab borilishini, shuningdek, roʻyxatdagi oʻzgarishlar boʻyicha soliq toʻlovchilarni bir ish kuni ichida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilishni taʼminlaydi.
Izoh: Soliq qoʻmitasi, zarur hollarda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu mezonlarga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
3-ILOVA
Soliq xizmati xodimlarining har oylik ish haqiga qoʻshimcha ustama haqi toʻlanadigan xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlar
ROʻYXATI
1. Sertifikatlangan ichki auditor (CIA)
2. Boshqaruv hisobi boʻyicha xalqaro professional kvalifikatsiya (CIMA)
3. Sertifikatlangan global boshqaruv buxgalteri (CGMA)
4. “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ACCA Membership)” xalqaro sertifikati yoki barcha ACCA imtihonlarini muvaffaqiyatli tamomlagan xodim (F3 va undan yuqori)
5. Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR) sertifikati
6. “Moliyaviy risk menejeri (FRM)” tavakkalchilikni boshqarishga oid xalqaro sertifikati yoki barcha (Part I — Part II) FRM imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan xodim
7. Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)
8. Sertifikatlangan diplomli auditor-buxgalter (ACA)
Izoh:
1. Mazkur roʻyxatda keltirilgan xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlar amalda boʻlgan davrda ustama toʻlanadi.
2. Ushbu xalqaro malaka darajalari va (yoki) sertifikatlardan bir nechtasi mavjud boʻlgan taqdirda, bittasi boʻyicha ustama toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
4-ILOVA
Soliq xizmati xodimlariga koʻp yil ishlaganlik uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdorlari

T/r

Ish staji

Ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda har oylik ustama miqdorlari

1.

1 yildan 3 yilgacha

30 foiz

2.

3 yildan 5 yilgacha

60 foiz

3.

5 yildan 10 yilgacha

80 foiz

4.

10 yildan 15 yilgacha

100 foiz

5.

15 yildan 20 yilgacha

120 foiz

6.

20 yildan yuqori

150 foiz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining
TASHKILIY TUZILMASI

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi

Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi

“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” AJ

Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi

“Soliq-servis” AJ

Soliq oliy maktabi

“Soliq maʼlumotlarini qayta ishlash markazi” MCHJ

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri soliq boshqarmalari

“Gʻazalkent sogʻlomlashtirish markazi” DM

Tuman (shahar) soliq inspeksiyalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son Farmoniga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-93-son Farmonida:
(a) 3-bandning “g” kichik bandi “vakil” soʻzidan keyin “hamda Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
(ii) “g” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(i) 4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

4.

Soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini soddalashtirish yoʻnalishida:

a)

Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) va barcha soliq turlari boʻyicha mavjud ortiqcha toʻlov summasini qaytarish muddati.

Amaldagi muddat 2 baravar qisqartiriladi

1 kun

b)

Bojxona nazoratini amalga oshirishda qoʻllaniladigan xavfni boshqarish darajasi.

“yashil yoʻlak”

;

(ii) 5-pozitsiya chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-68-son Farmonida:
(i) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. 2026-yil 1-iyuldan boshlab uch yil muddatga huquqiy eksperiment tariqasida lotereyalarni tashkil etish, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagi tartiblari oʻrnatilsin”;
(ii) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga lotereyalarni tashkil etish, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortish mexanizmini belgilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”;
(b) 4-bandning “b” kichik bandidan “Soliq kodeksi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-138-son Farmonining 14-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Soliq qoʻmitasi:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan 2027-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment doirasida Navoiy viloyatida soliqlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish, ortiqcha toʻlov va qarzdorlik summalarini yagona gʻaznachilik hisobvaragʻi orqali oʻzaro hisobga olish tizimini joriy qilsin;
(b) 2027-yil 1-sentabrga qadar huquqiy eksperiment natijalari asosida yagona gʻaznachilik hisobvaragʻini boshqa hududlarda joriy etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4389-son qaroriga 1-ilovaning 4-bobida:
(a) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 17,3 foizga yetkaziladi”;
(b) quyidagi mazmundagi 15-band bilan toʻldirilsin:
“15. Faoliyat yuritayotgan kichik va oʻrta biznes subyektlari orasida uch va undan ortiq yil faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar ulushi 60 foizga yetkaziladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-iyuldagi “Davlat organlari xodimlarining formali kiyim-bosh kiyib yurishi tartibini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4394-son qarorida:
(a) muqaddimaning ikkinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-bandda birinchi xatboshidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) 2-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“soliq organlari xodimlari”;
(i) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
(d) 5-bandning birinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-iyundagi “Koʻchma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5136-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshisi “36 oy muddatga” soʻzlaridan keyin “, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 60 oy muddatga” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisi “bundan maʼmuriy javobgarlik va maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi,” soʻzlaridan keyin “soliq tekshiruviga oid,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi “Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5252-son qarori 1-bandining “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan qismidan 1 foizi respublika budjetidan qaytariladi, bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yoʻl va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun toʻlov hamda oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan raqamli platformalarda generatsiya qilingan maxsus QR kod orqali berilgan xarid cheklari mustasno”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-439-son qarorining 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi:
yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suv olish inshootlarida oʻrnatilgan suvni hisobga olish vositalari plombalanishi, roʻyxatga olinishi va ishchi holatining monitoringini taʼminlab borsin;
Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq toʻlovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish choralarini koʻrsin”.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-39-son qarori 4-bandining “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Mazkur tartib tadbirkorlik subyektini qayta tashkil etish natijasida huquqiy vorisda hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy farq summasiga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-96-son qaroriga 1-ilovaning 10-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustuni 2-bandidagi “budjet oldidagi” soʻzlari “soliq” soʻzi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)