toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TEXNOGEN, TABIIY VA EKOLOGIK TUSDAGI FAVQULODDA VAZIYATLARNING TASNIFI TO‘G‘RISIDA
Aholi va hududlarni tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-oktabr,
455-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-oktabrdagi 455-son qaroriga
ILOVA
Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning
TASNIFI
Favqulodda vaziyatlar* ularning vujudga kelish sabablariga (manbalariga) ko‘ra tasnif qilinadi va ular ushbu vaziyatlarda zarar ko‘rgan odamlar soniga, moddiy zararlar miqdoriga va ko‘lamlariga (hududlar chegaralariga**) qarab lokal, mahalliy, respublika va transchegara turlariga bo‘linadi.
* Favqulodda vaziyat — bu muayyan hududda o‘zidan so‘ng odamlarning qurbon bo‘lishi, odamlar sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga ziyon yetkazishi, kishilarning hayot faoliyatiga kattagina moddiy zarar hamda uning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, stixiyali ofat, epidemiyalar, epizootiyalar natijasida yuzaga kelgan holatdir.
** Favqulodda vaziyatlar — hududlar chegaralari, ularni bartaraf etish ishlari, rahbarlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar oqibatlari (shikastlovchi omillar) tarqalishiga qarab belgilanadi.
I. TEXNOGEN TUSDAGI FAVQULODDA VAZIYATLAR
1. Transport avariyalari va halokatlari:
ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarning o‘limiga, havo kemalarining to‘liq parchalanishiga yoki qattiq shikastlanishiga hamda qidiruv va avariya-qidiruv ishlarini talab qiladigan aviahalokatlar;
yong‘inga, portlashga, harakatlanuvchi tarkibning buzilishiga sabab bo‘lgan va temiryo‘l xodimlarining, halokat hududidagi temiryo‘l platformalarida, vokzallar binolarida va shahar imoratlarida bo‘lgan odamlar o‘limiga, shuningdek tashilayotgan kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi zaharli modda (KTKZM)lar bilan halokat joyiga tutash hududning zaharlanishiga olib kelgan temiryo‘l transportidagi halokatlar va avariyalar (ag‘darilishlar);
portlashlarga, yong‘inlarga, transport vositalarining parchalanishiga, tashilayotgan KTKZMlarning zararli xossalari namoyon bo‘lishiga va odamlar o‘limi (jarohatlanishi, zaharlanishi)ga sabab bo‘ladigan avtomobil transportining halokati va avariyalari, shu jumladan, yo‘l-transport hodisalari;
odamlarning o‘limiga, shikastlanishiga va zaharlanishiga, metropoliten poyezdlari parchalanishiga olib kelgan metropoliten bekatlaridagi va tunellaridagi halokatlar, avariyalar, yong‘inlar;
gaz, neft va neft mahsulotlarining (avariya holatida) otilib chiqishiga, ochiq neft va gaz favvoralarining yonib ketishiga sabab bo‘ladigan magistral quvurlardagi avariyalar.
2. Kimyoviy xavfli obyektlardagi avariyalar:
atrof-tabiiy muhitga kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarning (avariya holatida) otilib chiqishiga va shikastlovchi omillarning odamlar, hayvonlar va o‘simliklarning ko‘plab shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan darajada, yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy konsentratsiyalardan ancha ortiq miqdorda sanitariya-himoya hududidan chetga chiqishiga sabab bo‘ladigan kimyoviy xavfli obyektlardagi avariyalar, yong‘in va portlashlar.
3. Yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan obyektlardagi avariyalar:
texnologik jarayonda portlaydigan, oson yonib ketadigan hamda boshqa yong‘in uchun xavfli moddalar va materiallar ishlatiladigan yoki saqlanadigan obyektlardagi, odamlarning mexanik va termik shikastlanishlariga, zaharlanishiga va o‘limiga, asosiy ishlab chiqarish fondlarining nobud bo‘lishiga, Favqulodda vaziyatlar hududlarida ishlab chiqarish siklining va odamlar hayot faoliyatining buzilishiga olib keladigan avariyalar, yong‘inlar va portlashlar;
odamlarning shikastlanishiga, zaharlanishiga va o‘limiga olib kelgan hamda qidirish-qutqarish ishlarini o‘tkazishni, nafas olish organlarini muhofaza qilishning maxsus anjomlarini va vositalarini qo‘llanishni talab qiluvchi ko‘mir shaxtalaridagi va kon-ruda sanoatidagi gaz va chang portlashi bilan bog‘liq avariyalar, yong‘inlar va jinslar qo‘porilishi.
4. Energetika va kommunal tizimlardagi avariyalar:
sanoat va qishloq xo‘jaligi mas’ul iste’molchilarining avariya tufayli energiya ta’minotisiz qolishiga hamda aholi hayot faoliyatining buzilishiga olib kelgan GES, GRES, TETSlardagi, tuman issiqlik markazlaridagi, elektr tarmoqlaridagi, bug‘qozon qurilmalaridagi, kompressor va gaz taqsimlash shoxobchalaridagi va boshqa energiya ta’minoti obyektlaridagi avariyalar va yong‘inlar;
aholi hayot faoliyatining buzilishiga va salomatligiga xavf tug‘ilishiga olib kelgan gaz quvurlaridagi, suv chiqarish inshootlaridagi, suv quvurlaridagi, kanalizatsiya va boshqa kommunal obyektlardagi avariyalar;
atmosfera, tuproq, yer osti va yer usti suvlarining odamlar salomatligiga xavf tug‘diruvchi darajada konsentratsiyadagi zararli moddalar bilan ifloslanishiga sabab bo‘lgan gaz tozalash qurilmalaridagi, biologik va boshqa tozalash inshootlaridagi avariyalar.
5. Odamlar o‘limi bilan bog‘liq bo‘lgan va zudlik bilan avariya-qutqaruv ishlari o‘tkazilishini hamda zarar ko‘rganlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini talab qiladigan maktablar, kasalxonalar, kinoteatrlar va boshqa ijtimoiy yo‘nalishdagi obyektlar, shuningdek uy-joy sektori binolari konstruksiyalarining to‘satdan buzilishi, yong‘inlar, gaz portlashi va boshqa hodisalar.
6. Radioaktiv va boshqa xavfli hamda ekologik jihatdan zararli moddalardan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bog‘liq avariyalar:
sanitariya-himoya hududi tashqarisiga chiqarib tashlanishi natijasida paydo bo‘lgan yuqori darajadagi radioaktivlik odamlarning yo‘l qo‘yiladigandan ko‘p miqdorda nurlanishini keltirib chiqargan texnologik jarayonda radioaktiv moddalardan foydalanadigan obyektlardagi avariyalar; radioaktiv materiallarni tashish vaqtidagi avariyalar;
atrof-muhit va odamlar salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi radioaktiv chiqindilar to‘plagichlardagi, chiqindixonalardagi, ishlam to‘plagichlardagi va zaharli moddalar ko‘miladigan joylardagi avariyalar (o‘pirilishlar);
radioizotop buyumlarning yo‘qotilishi;
biologik vositalarni va ulardan olinadigan preparatlarni tayyorlash, saqlash va tashishni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot va boshqa muassasalarda biologik vositalarning atrof-muhitga chiqib ketishi yoki yo‘qotilishi bilan bog‘liq vaziyatlar.
7. Gidrotexnik halokatlar va avariyalar:
suv omborlarida, daryo va kanallardagi buzilishlar, baland tog‘lardagi ko‘llardan suv urib ketishi natijasida vujudga kelgan hamda suv bosgan hududlarda odamlar o‘limiga, sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlari ishining, aholi hayot faoliyatining buzilishiga olib kelgan va shoshilinch ko‘chirish tadbirlarini talab qiladigan halokatli suv bosishlari.
II. TABIIY TUSDAGI FAVQULODDA VAZIYATLAR
1. Geologik xavfli hodisalar:
odamlar o‘limiga, ma’muriy-ishlab chiqarish binolarining, texnologik asbob-uskunalarning, energiya ta’minoti, transport kommunikatsiyalari va infratuzilma tizimlarining, ijtimoiy yo‘nalishdagi binolarning va uy-joylarning turlicha darajada buzilishiga, ishlab chiqarish va odamlar hayot faoliyatining izdan chiqishiga olib kelgan zilzilalar;
odamlar o‘limiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan va xavfli hududdan odamlarni vaqtincha ko‘chirishni yoki xavfsiz joylarga doimiy yashash uchun ko‘chirishni talab qiluvchi yer ko‘chishlari, tog‘ o‘pirilishlari va boshqa xavfli geologik hodisalar.
2. Gidrometeorologik xavfli hodisalar:
odamlar o‘limiga, aholi punktlarini, ba’zi sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlarini suv bosishiga, infratuzilmalar va transport kommunikatsiyalari, ishlab chiqarish va odamlar hayot faoliyati buzilishiga olib kelgan va shoshilinch ko‘chirish tadbirlari o‘tkazilishini talab qiladigan suv toshqinlari, suv to‘planishi va sellar;
aholi punktlaridagi, sanatoriy, dam olish uylaridagi, sog‘lomlashtirish lagerlaridagi odamlarning, turistlar va sportchilarning jarohatlanishiga va o‘limiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan qor ko‘chkilari, kuchli shamollar (dovullar), jala va boshqa xavfli gidrometeorologik hodisalar.
3. Favqulodda epidemiologik, epizootik va epifitotik vaziyatlar:
o‘lat, vabo, sarg‘ayma isitma kabi siyrak uchraydigan kasalliklarni keltirib chiqargan alohida xavfli infeksiyalar;
odamlarda uchraydigan yuqumli kasalliklar rikketsiyalar — epidemik toshmali terlama, Bril kasalligi, Ku-isitma;
zoonoz infeksiyalar — Sibir yarasi, quturish;
virusli infeksiyalar — SPID;
epidemiya — alohida xavfli infeksiyalarga tegishli bo‘lmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil bo‘lgan odamlarning guruh bo‘lib yuqumli kasallanishi, bir aholi punktida — 50 kishi va undan ortiq;
aniqlanmagan etiologiya bilan guruh bo‘lib kasallanish — 20 kishi va undan ortiq;
tashhisi aniqlanmagan bezgak kasalligi — 15 kishi va undan ortiq;
o‘lim yoki kasallanish darajasi o‘rtacha statistik darajadan 3 baravar va undan ortiq bo‘lgan vaziyat;
zaharli moddalar bilan zaharlanish — jabrlanganlar soni — 10 kishi, vafot etganlar soni — 2 kishi va undan ortiq:
oziq-ovqatdan ommaviy zaharlanish — jabrlanganlar soni — 10 kishi, vafot etganlar soni — 2 kishi va undan ortiq;
epizootiya — hayvonlarning ommaviy kasallanishi yoki nobud bo‘lishi;
epifitotiya — o‘simliklarning ommaviy nobud bo‘lishi.
III. EKOLOGIK TUSDAGI FAVQULODDA VAZIYATLAR
1. Quruqlik (tuproq, yer osti)ning holati o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatlar:
halokatli ko‘chkilar — foydali qazilmalarni qazish chog‘ida yer ostiga ishlov berilishi va insonning boshqa faoliyati natijasida paydo bo‘luvchi yer yuzasining o‘pirilishi, siljishi;
tuproq va yer ostining sanoat tufayli kelib chiqqan toksikantlar bilan ifloslanishi, og‘ir metallar, neft mahsulotlari, shuningdek qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida odamlarning sog‘lig‘i uchun xavf soluvchi konsentratsiyalarda qo‘llaniladigan pestitsidlar va boshqa zaharli ximikatlar mavjudligi.
2. Atmosfera (havo muhiti) tarkibi va xossalari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatlar:
havo muhitining quyidagi ingridiyentlar bilan ekstremal yuqori ifloslanishi:
oltingugurt dioksid, dioksid va azotli oksid, uglerodli oksid, dioksin, qurum, chang va odamlar sog‘lig‘iga xavf soluvchi konsentratsiyalarda antropogen tusdagi boshqa zararli moddalar;
katta ko‘lamda kislotali zonalar hosil bo‘lishi va ko‘p miqdorda kislota chiqindilari yog‘ilishi;
radiatsiyaning yuqori darajasi.
3. Gidrosfera holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatlar:
yer yuzasi va yer osti suvlarining sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi oqovalari: neft mahsulotlari, odamlarning zaharlanishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan tarkibida og‘ir metallar, har xil zaharli ximikatlar bor bo‘lgan chiqindilar va boshqa zararli moddalar bilan ekstremal yuqori darajada ifloslanishi;
binolar, muhandislik kommunikatsiyalari va uy-joylarning yemirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan sizot suvlar darajasining oshishi;
suv manbalari va suv olish joylarining zararli moddalar bilan ifloslanishi oqibatida ichimlik suvning keskin yetishmasligi.
IV. LOKAL, MAHALLIY, RESPUBLIKA VA TRANSCHEGARALI FAVQULODDA VAZIYATLAR
Oldingi tahrirga qarang.
1. Lokal favqulodda vaziyatga favqulodda vaziyat natijasida 10 dan ortiq bo‘lmagan odam jabrlangan, yoxud 100 dan ortiq bo‘lmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan, yoxud moddiy zarar Favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming baravaridan ortiq bo‘lmaganni tashkil etadigan hamda Favqulodda vaziyat zonasi ishlab chiqarish obyekti yoki ijtimoiy maqsadli obyekt hududi tashqarisiga chiqmaydigan Favqulodda vaziyat tegishli bo‘ladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mahalliy favqulodda vaziyatga favqulodda vaziyat natijasida 10 dan ortiq, biroq 500 dan ko‘p bo‘lmagan odam jabrlangan, yoxud 100 dan ortiq, biroq 500 dan ko‘p bo‘lmagan odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan, yoxud moddiy zarar Favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming baravaridan ortiqni, biroq 0,5 million baravaridan ko‘p emas, tashkil etadigan hamda Favqulodda vaziyat zonasi aholi punkti, shahar, tuman, viloyat tashqarisiga chiqmaydigan favqulodda vaziyat tegishli bo‘ladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Respublika favqulodda vaziyatiga favqulodda vaziyat natijasida 500 dan ortiq odam jabrlangan, yoxud 500 dan ortiq odamning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan, yoxud moddiy zarar favqulodda vaziyat paydo bo‘lgan kunda bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 million baravaridan ortiqni tashkil etadigan hamda favqulodda vaziyat zonasi viloyat tashqarisiga chiqadigan favqulodda vaziyat tegishli bo‘ladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
4. Transchegara favqulodda vaziyatga oqibatlari mamlakat tashqarisiga chiqadigan, yoxud favqulodda vaziyat chet elda yuz bergan va O‘zbekiston hududiga daxl qiladigan favqulodda vaziyat tegishli bo‘ladi.
5. Tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarga (jala, do‘l, tuproq, yer osti va suvning neft mahsulotlari, og‘ir metallar, pestitsidlar va boshqa zaharli ximikatlar bilan ifloslanishi, atmosferaning yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy konsentratsiyadan ortiq zararli ingrediyentlar bilan ekstremal ifloslanishi va boshqalar) qarshi muqobil harakat qilish maqsadida mazkur Nizomda nazarda tutilmagan miqdor ko‘rsatkichlar favqulodda vaziyatlarning odamlarning hayoti, sog‘lig‘iga va atrof muhitga ta’sirining aniq darajasiga qarab atrof tabiiy muhitning holatini kuzatuvchi va nazorat qiluvchi vazirliklar va idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli rahbar organlari tomonidan belgilanadi.