toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Asakabank” aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
“Asakabank” aksiyadorlik jamiyatining operatsion samaradorligini oshirish, xususiylashtirishga tayyorlash va bank tizimiga strategik investorlarni jalb qilish orqali bank xizmatlari sohasida raqobat muhitini yanada rivojlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asakabank faoliyatini transformatsiya qilish
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) hamda “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Asakabank) oʻrtasida Asakabankning operatsion samaradorligini va mustaqilligini taʼminlash, uning aktivlari sifati hamda kapitallashuvini oshirish, YETTB tomonidan Asakabankning 15 foiz aksiyalarini sotib olish boʻyicha Hamkorlikning asosiy shartlari toʻgʻrisida kelishuv imzolangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning Asakabank faoliyatini transformatsiya qilishga doir quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) barcha bank amaliyotlarini bozor (tijorat) tamoyillari, zamonaviy bank amaliyoti va xatarlarni boshqarish tizimi talablaridan kelib chiqqan holda bankning ichki siyosati asosida amalga oshirish;
(b) bankning asosiy faoliyatiga taalluqli boʻlmagan va qoʻshimcha yuklangan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishini toʻxtatish;
(v) aktivlar sifatini tahlil qilish natijalarini inobatga olgan holda bank aksiyalarining nominal qiymatini bozor qiymatiga moslashtirishda yuzaga kelgan tafovutni uning qoʻshilgan kapitaliga kiritish.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda aktivlar sifatini tahlil qilish natijalariga koʻra muammoli deb topilgan kreditlar boʻyicha kelgusida yuzaga keladigan yoʻqotishlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining Asakabankdagi uzoq muddatli kredit liniyalari va depozitlari hamda Davlat budjetining boshqa manbalari hisobidan qoplash mexanizmini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin.
4. Asakabank:
(a) sobiq “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning bank oldidagi majburiyatlarini soʻndirish hisobiga bank balansiga qabul qilingan Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani Buyuk ipak yoʻli koʻchasi 434-uy manzilidagi mulkiy majmua bankning boshqaruv organlari qarori asosida baholangan qiymatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilishini taʼminlasin. Bunda mulkiy majmuaning qiymati 2026-yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga bankka qoplab beriladi;
(b) ikki oy muddatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qiymati 382,6 milliard soʻmlik 4 ta loyiha va bank ulushlari 1-ilovaga muvofiq keyinchalik xususiylashtirish va sohaviy idoralarga ishonchli boshqaruvga berish sharti bilan oʻtkazilishini taʼminlasin;
(v) aktivlar sifatini tahlil qilish natijalariga koʻra:
(i) muammoli deb topilgan aktivlarni undirish mexanizmini belgilasin va bunda ushbu aktivlar undirilishi har chorakda Asakabankning kuzatuv kengashi tomonidan koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
(ii) Markaziy bank bilan birgalikda Asakabank aksiyalarining nominal qiymatini bozor qiymatiga moslashtirish mexanizmini belgilasin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Asakabank aktivlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilishi natijasida yuzaga keladigan Asakabankning kapitali kamayishini 2-ilovaga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligining Asakabankdagi kreditlarini ustav kapitaliga aylantirish hisobidan qayta tiklash huquqi berilsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Asakabank tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan 3-ilovadagi loyihalarni “UzVC” milliy venchur fondiga oʻtkazsin hamda ularni amalga oshirishni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
7. Markaziy bankka Asakabank bilan birgalikda aktivlar sifatini tahlil qilish natijalariga koʻra muammoli deb topilgan kreditlarni undirish uchun sudga murojaat qilingandan boshlab ushbu kreditlarni qoplash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mutanosib miqdorda mablagʻlar ajratilgunga qadar alohida tavakkalchilikka tortish mexanizmi va zaxira siyosatini qoʻllash tavsiya etilsin.
II. Asakabankni xususiylashtirishga tayyorlash
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Asakabank:
(a) aktivlar sifatini tahlil qilish natijalariga koʻra muammoli deb topilgan kreditlar boʻyicha kelgusida yuzaga keladigan yoʻqotishlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining Asakabankdagi uzoq muddatli kredit liniyalari va depozitlari hamda Davlat budjetining boshqa manbalari hisobidan qoplab borilishi toʻgʻrisidagi rozilik YETTB bilan tuziladigan shartnomalarda aks ettirilishini;
(b) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 2026-yilda Asakabankning ustav kapitaliga 95 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ kiritilishini;
(v) oddiy aksiyalar boʻyicha dividend toʻlanmagan holda bankning 2024-2025-yillardagi sof foydasi taqsimlanmasligini taʼminlasin.
9. Asakabankka bank aksiyalarining 15 foizini YETTBga sotish va bankni transformatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnoma loyihasini ishlab chiqish hamda YETTB bilan aksiyalar narxi yuzasidan muzokaralarni olib borish uchun xalqaro yuridik kompaniya va “katta toʻrtlik” turkumiga kiruvchi yoki nufuzli investitsiya banklarining biri bilan “taklif soʻrovi” asosida moliyaviy konsultantni jalb qilishga ruxsat berilsin.
10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sobiq “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hududida amalga oshirish uchun ijtimoiy va iqtisodiy maqsadga yoʻnaltirilgan loyiha ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Asakabank bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar jalb qilingan moliyaviy konsultantning YETTB taklifini oʻrganish yakunlari boʻyicha tavsiyasi asosida Asakabank ustav kapitalidagi davlatga tegishli 15 foiz ulushni sotish narxi, shuningdek, YETTB va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida imzolanadigan investitsiya shartnomasining asosiy shartlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov belgilansin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-aprel,
PQ-149-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-son qaroriga
1-ILOVA
“Asakabank” AJ tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladigan loyihalar hamda ulushlar
ROʻYXATI

T/r

Jamiyat nomi

Investitsiya kiritilgan korxona faoliyati

Qoldiq qiymati

(mln soʻm)

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar

1.

“Yashil energiya” MCHJ

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qarori asosida tashkil etilgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqarish asbob-uskunalarini oʻrnatishga ixtisoslashgan korxona

67 066,8

Yaxlit paket sifatida xususiylashtiriladi

2.

“Uz CLAAS Agro” MCHJ QK

Qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish korxonasi

222 346,6

Yaxlit paket sifatida xususiylashtiriladi

3.

“Khorezm Invest Project” MCHJ

Xorazm viloyatidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun tashkil etilgan investitsiya kompaniyasi

90 215,0

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi huzuridagi Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi

4.

“Sayxun Tomorqa Export” MCHJ

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va ularni eksport qilishga koʻmaklashish korxonasi

2 950,4

Yaxlit paket sifatida xususiylashtiriladi

Jami

382 578,8

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-son qaroriga
2-ILOVA
“Asakabank” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi qarz
MAJBURIYATLARI

T/r

Shartnoma

Resurs qarz qoldigʻi

(mln soʻm)

Sanasi

Raqami

1.

05.04.2017

3471-UZB (SF)

366 262,76

2.

30.06.2018

8824-UZ

1 124 625,22

3.

19.11.2018

L3673 (COL)-UZB

339 537,24

4.

15.10.2019

08-02-19/5

68 039,71

5.

26.06.2024

D2406010055

87 816,25

Jami:

1 986 281,18

Izoh: mazkur mablagʻlar Bosh kelishuvda hamda buyurtmalarga asosan alohida shartnoma boʻyicha jalb qilingan va qarz qoldigʻi Markaziy bank tomonidan belgilangan kursga nisbatan oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-son qaroriga
3-ILOVA
“Asakabank” AJdan “UzVC” milliy venchur fondiga oʻtkaziladigan va Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar
ROʻYXATI

T/r

Tashkilot nomi

Investitsiya kiritilgan korxona faoliyati

Kiritilishi lozim boʻlgan investitsiyalar (mln soʻm)

Oʻtkaziladigan tashkilot

1.

“Asaka Farm Venchurs” MCHJ

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga muvofiq farmatsevtika tarmogʻidagi startap loyihalarga investitsiya kiritish maqsadida tashkil etilgan venchur kompaniya.

130 000

“UzVC” milliy venchur fondi

2.

“Asaka Farm Invest” MCHJ

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga muvofiq farmatsevtika tarmogʻidagi istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan investitsiya kompaniyasi.

650 000

Jami

780 000

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-son qarori 7-bandida:
(a) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-289-son qaroriga 2-ilovaning 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 07/26/149/0395-son)