1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.04.00 Vazirlar Mahkamasining Reglamenti]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish uchun mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursida oʻqitish;
Mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Mediatorlar reyestriga kiritish uchun yuboriladigan arizalarni koʻrib chiqishning texnik imkoniyatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2023-yil 17-oktabrdagi 544-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 1-aprel,
140-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi 140-son qaroriga ILOVA
Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish bilan bogʻliq davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mediatsiya — kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilish usuli;
mediator — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs;
mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursi (keyingi oʻrinlarda — maxsus oʻquv kursi) — Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasida belgilangan munosabatlarda mediatsiyani qoʻllash boʻyicha mediatorlarni tayyorlash, ularda muzokaralar olib borish texnologiyasi, stress holati va kelishmovchiliklarni boshqarish, mediatsiya tartib-taomili haqida tayanch bilimlar berish, nizolarni hal qilishda amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv kursi;
Mediatorlar reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy adliya organlari) tomonidan yuritiladigan mediatorlar haqidagi maʼlumotlar aks ettirilgan, doimiy yangilab turiladigan yagona maʼlumotlar bazasi.
3. Jismoniy shaxslarni Reyestrga kiritish bilan bogʻliq davlat xizmati Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
4. Maxsus oʻquv kursida oʻqigan, malaka imtihonini topshirmoqchi boʻlgan va Reyestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabgor) eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
5. Talabgor shaxsan kelib murojaat qilganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi talabgor nomidan, YIDXP orqali murojaat qilganda esa, mustaqil ravishda Reglamentga 2-ilovaga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Soʻrovnomada belgilangan talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar idoralararo elektron almashinuv orqali olinadi. Bunda ushbu maʼlumotlarning toʻgʻri va toʻliq ekanligi uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari javobgar hisoblanadi. Maʼlumotlarni idoralararo elektron almashinuv orqali olish imkoni mavjud boʻlmagan hollarda tegishli davlat organlari va tashkilotlari soʻrov yuborish orqali olishi mumkin.
Talabgor soʻrovnomani yuborish vaqtida mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari va mediatorning kasb etikasi qoidalari bilan tanishganini tasdiqlashi lozim.
6. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi hamda imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (elektron raqamli imzo, daktiloskopiya, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
7. Ushbu davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
8. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
9. Talabgor Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng oʻn daqiqa ichida tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda tegishli hududiy adliya organiga yuboriladi.
10. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda, hududiy adliya organlari talabgorga besh ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.
Talabgor tomonidan yuqorida nazarda tutilgan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, hududiy adliya organlari soʻrovnomani qabul qilishni rad etadi va shu kuni bu haqida talabgorni xabardor qiladi.
11. Davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuni 12-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga mos kelmasligi;
belgilangan muddatda soʻrovnomadagi kamchiliklar bartaraf etilmagani;
talabgor malaka imtihonini topshira olmagan kundan eʼtiboran uch oy oʻtmasdan murojaat qilgan boʻlsa;
talabgorning Reyestrga kiritish boʻyicha malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻta olmagani, notariuslar va advokatlar bundan mustasno;
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
12. Hududiy adliya organlari soʻrovnoma kelib tushgan kundan soʻng bir ish kuni ichida talabgorning hujjatlarini hududiy adliya organlari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalariga (keyingi oʻrinlarda — malaka komissiyalari) taqdim qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasida advokat yoki notarius maqomiga ega boʻlgan shaxslar malaka imtihonini topshirishi talab etilmaydi.
Malaka komissiyasi masʼul kotibi talabgorni malaka imtihoni tayinlangani yoki rad etilgani haqida tegishli Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali oʻn ish kuni ichida xabardor qiladi.
Malaka imtihoni tayinlangani haqidagi xabarnomada malaka imtihoni oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy, agar malaka imtihoni videokonferensaloqa yordamida oʻtkaziladigan boʻlsa, videokonferensaloqa havolasi qayd etiladi.
13. Talabgorning malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtishi (notariuslar va advokatlar bundan mustasno) uni Reyestrga kiritish uchun asos boʻladi.
Malaka komissiyasi masʼul kotibi malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorni Reyestrga kiritilgani haqida malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida tegishli Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali xabarnoma yuboradi.
3-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi
14. Reyestr Reglamentga 3-ilovaga muvofiq elektron shaklda shakllantiriladi va yuritiladi.
15. Reyestrda mediatorlar toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
mediatorga berilgan tartib raqam;
Reyestrga kiritilgan sana;
mediatorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
mediator bilan bogʻlanish uchun uning joylashgan joyi toʻgʻrisidagi va boshqa maʼlumotlar;
mediatorning maʼlumoti (mutaxassisligi);
mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;
mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir boʻlgan til haqidagi maʼlumotlar;
mediatorning faoliyati toʻxtatib turilgani, tiklangani yoki mediator Reyestrdan chiqarilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
16. Reyestrdagi maʼlumotlar oʻzgargan hollarda, mediator uch ish kuni ichida Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ushbu Reglamentning 2-bobida belgilangan tartibda xabarnoma yuborishi kerak.
Hududiy adliya organi ushbu xabarnoma asosida ikki ish kuni ichida Reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
17. Mediator quyidagi hollarda Reyestrdan chiqarilishi mumkin:
oʻz arizasiga koʻra;
vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
muomala layoqati cheklanganda yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
davlat xizmatiga kirganda, pedagogik, ilmiy, ijodiy va notarial faoliyat bundan mustasno;
mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilgani natijasida malaka komissiyalarining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan.
18. Mediator Reyestrdan uni reyestrga kiritgan hududiy adliya organi tomonidan chiqariladi.
19. Mediatorni Reyestrdan chiqarishga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgan (tugallangan) taqdirda, talabgor Reglamentda belgilangan tartibda Reyestrga kiritish yuzasidan qayta murojaat etishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Hududiy adliya organlari tomonidan Reyestrdagi maʼlumotlar real vaqt rejimida yangilanib boriladi.
Reyestr Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va hududiy adliya organlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
21. Talabgorlar Reyestrga kiritish rad etilgani yoki undan chiqarilganidan norozi boʻlsa, belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
22. Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Maxsus oʻquv kursida oʻqigan, malaka imtihonini topshirmoqchi boʻlgan va Mediatorlar reyestriga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — Talabgor)
Davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnomani elektron shaklda hududiy adliya organiga yuboradi.
Real vaqt rejimida
2-bosqich
Hududiy adliya organlari
Talabgorga malaka imtihoni tayinlangani yoki rad etilgani haqida tegishli Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali xabarnoma yuboradi.
10 ish kuni ichida
3-bosqich
Hududiy adliya organlari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari
Talabgorlar uchun malaka imtihonini oʻtkazadi.
1 oy muddat ichida
4-bosqich
Hududiy adliya organlari
Talabgorni Mediatorlar reyestriga kiritadi va bu haqida Davlat xizmatlari markaziga yoki talabgorga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xabarnoma yuboradi.
Malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida
Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
SOʻROVNOMA
1. F.I.O.
2. Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta maʼlumotlari (seriyasi, raqami, sanasi, kim tomonidan berilgani)