toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 03.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi 140-sonli “Jismoniy shaxslarni Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoni ijrosini taʼminlash va davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2024-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin:
Professional mediatorlar reyestriga kiritish tartib-taomillarini davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali amalga oshirish;
Professional mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi;
Professional mediatorlar reyestridan chiqarish tartib-taomili.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuni.
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar:
mazkur davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida jismoniy shaxslarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
3. Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 17-oktabr,
544-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-oktabrdagi 544-son qaroriga
ILOVA
Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament jismoniy shaxslarni Professional mediatorlar reyestriga kiritish bilan bogʻliq davlat xizmatlarini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmatlari) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mediatsiya — kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator koʻmagida hal qilish usuli;
mediator — mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs;
mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursi (keyingi oʻrinlarda — maxsus oʻquv kursi) — fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda mediatsiyani qoʻllash boʻyicha mediatorlarni tayyorlash, ularda muzokaralar olib borish texnologiyasi, stress holati va kelishmovchiliklarni boshqarish, mediatsiya tartib-taomili haqida tayanch bilimlar berish, nizolarni hal qilish amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv kursi;
professional mediator — Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi boʻyicha maxsus oʻquv kursidan oʻtgan, shuningdek, Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxs;
Professional mediatorlar reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy adliya organlari) tomonidan yuritiladigan professional mediatorlar haqidagi maʼlumotlar aks ettirilgan, doimiy yangilab turiladigan yagona maʼlumotlar bazasi.
3. Jismoniy shaxslarni Reyestrga kiritish bilan bogʻliq davlat xizmatlari mazkur Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
4. Maxsus oʻquv kursidan oʻtganligi haqida sertifikatga ega boʻlgan va Reyestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabgor) doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan manzilidan qatʼi nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
5. Talabgor oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi talabgor nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, Reglamentga 2-ilovaga muvofiq soʻrovnomani elektron shaklda mustaqil toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilinayotganda, soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.
Soʻrovnomada talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi hamda maxsus oʻquv kursidan oʻtganligi haqidagi sertifikat ilova qilinadi.
6. Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi hamda imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (elektron raqamli imzo, daktiloskopiya, elektron imzo, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
7. Mazkur davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.
8. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi.
9. Talabgor Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa ichida tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda tegishli hududiy adliya organiga yuboriladi.
10. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda hamda hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda, hududiy adliya organlari talabgorga besh ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.
Talabgor tomonidan yuqorida nazarda tutilgan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, hududiy adliya organlari soʻrovnomani qabul qilishni rad etadi va shu kuni bu haqda talabgorni xabardor qiladi.
11. Davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabgorning Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Qonuni 12-moddasining beshinchi qismida belgilangan talablarga mos kelmasligi;
belgilangan muddatda soʻrovnomadagi kamchiliklar bartaraf etilmaganligi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
12. Hududiy adliya organlari soʻrovnoma kelib tushgan kundan soʻng uch ish kuni ichida talabgorni Reyestrga kiritadi yoki kiritishni rad etadi va bu haqda tegishli davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YIDXP orqali xabarnoma yuboradi.
13. Talabgor Reyestrga hududiy adliya organining qarori asosida kiritiladi.
3-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi
14. Reyestr ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq elektron shaklda shakllantiriladi va yuritiladi.
15. Reyestrda professional mediatorlar toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
professional mediatorga berilgan tartib raqam;
Reyestrga kiritilgan sana;
professional mediatorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
professional mediatorning joylashgan yeri va aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlari (telefon raqami, elektron manzili);
professional mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;
professional mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir boʻlgan til haqidagi maʼlumotlar;
maxsus oʻquv kursini tugatganligi toʻgʻrisida sertifikat rekvizitlari;
Reyestrdan chiqarilgan sana.
16. Reyestrdagi maʼlumotlar oʻzgargan hollarda, professional mediator uch ish kunida tegishli hududiy adliya organiga ushbu Reglamentning 2-bobida belgilangan tartibda xabarnoma yuborishi kerak.
Hududiy adliya organi mazkur xabarnoma asosida ikki ish kunida Reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
17. Professional mediator quyidagi hollarda Reyestrdan chiqarilishi mumkin:
Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida ariza bilan ushbu Reglamentning 2-bobida belgilangan tartibda murojaat etganda;
vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
davlat vazifalarini amalga oshiradigan lavozimga tayinlanganda yoki saylanganda, notariuslar bundan mustasno;
mediatorga nisbatan jinoiy taʼqib amalga oshirilayotganda;
bir yildan ortiq muddat mobaynida u toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoni boʻlmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga koʻra;
doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketganda.
18. Professional mediator Reyestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi.
19. Professional mediatorni Reyestrdan chiqarishga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgan (tugallangan) taqdirda, fuqaro mazkur Reglamentda belgilangan tartibda Reyestrga kiritish yuzasidan qayta murojaat etishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Hududiy adliya organlari Reyestrdagi maʼlumotlarni har chorakda kamida bir marta yangilaydi hamda umumlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboradi.
Reyestr Adliya vazirligi va hududiy adliya organlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
21. Fuqarolar Reyestrga kiritish rad etilganligi, undan chiqarilganligidan norozi boʻlsa, belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
22. Mazkur Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnomani elektron shaklda hududiy adliya organiga yuboradi.

Real vaqt rejimida

2-bosqich

Hududiy adliya organlari

Talabgorni Professional mediatorlar reyestriga kiritadi va bu haqda Davlat xizmatlari markaziga yoki talabgorga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xabarnoma yuboradi.

Uch ish kuni ichida

Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA


‎SOʻROVNOMA

I. Talabgor toʻgʻrisida maʼlumotlar:
1. F.I.O.

2. Pasport yoki ID-karta maʼlumotlari (seriyasi, raqami, sanasi, kim tomonidan berilganligi)

3. JSHSHIR*
4. Tugʻilgan sanasi
‎‎5. Maʼlumoti*
6. Ixtisoslashgan mediatsiya sohasi

7. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir boʻlgan til

8. Yashash, faoliyatni amalga oshirish manzili
9. Elektron manzili (mavjud boʻlsa)‎‎
‎‎10. Telefon raqami‎
11. Talabgorning ish staji haqidagi maʼlumotlar:*‎‎

T/r‎

‎Ishga kirish sanasi

Ishdan ketish sanasi

Ish joyi va lavozimi

‎‎12. Sudlanganlik yoki jinoiy taʼqib holati mavjudligi*‎

13. Oʻziga nisbatan muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisida sudning qarori mavjudligi*

14. Maxsus oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatganligi haqidagi sertifikat nusxasi

15. Notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda)

Izoh. *Ushbu maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.
Professional mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Professional mediatorlar
REYESTRI

Mediatorga berilgan tartib raqam

Reyestrga kiritilgan sana

Mediatorning

F.I.O.

Telefon raqami, elektron manzili

Mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi

Mediator faoliyat olib boradigan til

Sertifikat rekvizitlari

Reyestrdan chiqarilgan sana (chiqarilgan boʻlsa)

1.

2.

3.

...

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2023-y., 09/23/544/0781-son)