1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat dasturlari, konsepsiyalari va boshqalar]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish orqali Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.01.00 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.07.00 Auditorlik faoliyatining boshqa masalalari]
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.01.00 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.04.00.00 Auditorlik faoliyati / 09.04.07.00 Auditorlik faoliyatining boshqa masalalari]
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.12.00 Davlatning moliyaviy nazorati]
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
2027-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Davlat ichki auditi” axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) ishlab chiqsin;
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.02.00.00 Axborot va axborotlashtirish sohasida boshqaruv. Elektron hukumat / 12.02.04.00 Boshqa masalalar;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2028-yil 1-iyulga qadar ishlab chiqilgan axborot tizimi vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlariga “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinishini taʼminlasin;
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.06 Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish]
2028-yildan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazida davlat organlari hamda tashkilotlarining masʼul xodimlarini axborot tizimidan foydalanish boʻyicha oʻqitish va ularning malakasi oshirilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.03.00 Respublika budjeti xarajatlari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablagʻ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.05.00 Xorijdan mablagʻ jalb qilish]
3. Axborot tizimini ishlab chiqish Vazirlar Mahkamasining “Jahon banki ishtirokida “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 668-son qaroriga muvofiq davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish yoʻnalishida davlat ichki nazorati va ichki audit tizimini takomillashtirishga ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.12.00 Davlatning moliyaviy nazorati;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
4. Belgilansinki, 2028-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ichki audit xizmati faoliyatini amalga oshirish hamda xavflarni boshqarish jarayonlari elektron tarzda axborot tizimida amalga oshiriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-son qarori bilan tasdiqlangan 2025 — 2027-yillarda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ichki nazorat tizimini yanada takomillashtirish konsepsiyasiga3-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-mart,
100-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-martdagi 100-sonli qaroriga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Respublikada raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, shu jumladan, davlat boshqaruvi va davlat moliyasini boshqarish sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini (keyingi oʻrinlarda — ichki audit faoliyati) raqamlashtirish faoliyatning samarali, tejamkor, tezkor va shaffof amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Bunda davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini tashkil etishda raqamlashtirish va avtomatlashtirish ishlarini jadallashtirish, faoliyatga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
2. Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) ilgʻor xalqaro tajribalar asosida “Davlat ichki auditi” axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) joriy etish orqali raqamlashtirish va avtomatlashtirishning konseptual asoslarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
Konsepsiya axborot tizimi orqali ichki audit faoliyatini raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari, vazifalari hamda istiqboldagi rivojlanish bosqichlarini belgilaydi.
3. Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtomatik baholash — axborot tizimi orqali ichki audit faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini oshirish hamda takomillashtirish maqsadida amalga oshiriladigan baholash jarayoni;
avtokameral — axborot tizimidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda tahlil qilish orqali qonun buzilishi holatlari, xato va kamchiliklarni avtomatik ravishda aniqlash va bu toʻgʻrisida foydalanuvchilarni xabardor etish jarayoni;
avtoprofilaktika — axborot tizimi yordamida avtomatik ravishda ichki audit faoliyatidagi qonunchilik hujjatlari buzilishini oldindan aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan jarayon;
axborot tizimi — maʼlumotlar bazalari, axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalarini oʻz ichiga olgan “Davlat ichki auditi” axborot tizimi;
biznes intellekt tizimi (Business intelligence — BI) — tashkilotlardagi turli maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va ular asosida qarorlar qabul qilish uchun foydalaniladigan jarayon va texnologiyalar majmuasi;
davlat organlari va tashkilotlari — ichki audit xizmatlari tashkil etilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda boshqa budjet tashkilotlari;
maʼlumotlarni tahlil qilish (Data analytics) — maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tahlil natijalari asosida xulosalar chiqarish jarayoni. Bu jarayon maʼlumotlardagi sabab-oqibat bogʻlanishlarini aniqlash, tendensiyalar va muammolarni oʻrganishga yordam beradi;
masofaviy monitoring — axborot tizimi yordamida ichki audit faoliyatining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyat yuritishini monitoring qilish jarayoni;
raqamli usul — axborotni raqamli koʻrinishda ifodalash va qayta ishlashga asoslangan hisoblash yoki tahlil qilish usuli;
foydalanuvchi — ichki audit faoliyati ishtirokchilari hamda mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish va baholash vazifalari yuklangan masʼul xodim.
4. Konsepsiya axborot tizimi asosida ichki audit faoliyatini raqamlashtirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi:
davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — ichki audit xizmatlari) faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish;
axborot tizimi yordamida ichki audit faoliyatini muvofiqlashtirish hamda baholash jarayonlarini raqamlashtirish;
axborot tizimidan foydalanish boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish, axborot tizimini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish.
5. Ichki audit faoliyatining raqamlashtirilishi:
ichki audit faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini masofaviy monitoring qilish imkoniyatini yaratish;
ichki audit faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshirish;
ichki audit faoliyatini amalga oshirishda vaqt, moliyaviy va inson resurslarini tejash hamda ulardan samarali foydalanish;
budjet mablagʻlaridan foydalanishda avtoprofilaktika va avtokameral usullarni yoʻlga qoʻyish orqali ichki nazoratni kuchaytirish;
zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali maʼlumotlarni shakllantirishning tezkorligi, toʻliqligi, aniqligi, ishonchliligi va xavfsizligini oshirish;
ichki audit faoliyatining holati va natijalarini avtomatik baholash imkonini yaratish;
maʼlumotlarni raqamlashtirish asosida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatini oshirish;
hisobdorlikni oshirish va tahlillar orqali faoliyatni natijadorlikka yoʻnaltirishga oid vazifalarni bajarishga xizmat qiladi.
2-bob. Ichki audit faoliyatini raqamlashtirishdagi tizimli muammolar
6. Ichki audit faoliyatini raqamlashtirishni samarali joriy etish boʻyicha quyidagi tizimli muammolar mavjud:
ichki audit faoliyatini amalga oshirishda inson omilining yuqoriligi sababli faoliyatda aniqlangan holatlar yuzasidan subyektiv fikrlarning ustuvorligi, moliyaviy, vaqt va inson resurslaridan samarali foydalanilmayotgani;
real vaqt rejimida barcha davlat organlari va tashkilotlari boʻyicha ichki audit faoliyatining holati boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirishni taʼminlaydigan yagona va yaxlit markazlashgan raqamli ekotizimning mavjud emasligi;
ichki audit faoliyatiga doir maʼlumotlarni shakllantirishning toʻliqligi va ishonchliligini raqamli nazorat qilish zaruratining mavjudligi;
ichki audit faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining ijrosini masofaviy monitoring qilish imkoniyati cheklangani;
ichki audit faoliyatini avtomatik baholash imkoniyati yaratilmagani;
maʼlumotlarning raqamlashmagani sababli sohaga sunʼiy intellektni tatbiq etish imkoniyati cheklangani;
axborot tizimlaridagi maʼlumotlardan foydalangan holda, avtoprofilaktika va avtokameral tizimlarni yoʻlga qoʻyish orqali nazoratni kuchaytirish imkoniyatidan yetarli foydalanilmayotgani;
ichki audit faoliyatini amalga oshirishga oid maʼlumotlarning turli axborot tizimlarida shakllanishi va ularning integratsiyasi toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani;
ichki audit faoliyati natijalari boʻyicha hisobotlarni markazlashgan tarzda tezkor jamlash va qayta ishlash imkoniyatining mavjud emasligi;
ichki audit faoliyatini raqamlashtirishga oid tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinmagani;
ichki audit xizmati xodimlarining axborot tizimlari va axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmaga ega emasligi sababli raqamlashtirish va zamonaviy sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga oid oʻqitish va malaka oshirish kurslarini tizimli ravishda tashkil etish zarurati mavjud.
3-bob. Jahonda ichki audit faoliyatini raqamlashtirishning umumiy tendensiyasi va asosiy xulosalar
7. Xorijiy mamlakatlarda ichki audit faoliyatini raqamlashtirish hamda avtomatlashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar va loyihalar amalga oshirilgan. Bunda zamonaviy axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar tahlili va blokcheyn kabi raqamli yechimlardan foydalanilib, budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash, xavflarni boshqarish imkoniyatlari yaratilgan.
Raqamlashtirishda asosiy eʼtibor hisobdorlik va shaffoflikni oshirish, korrupsiya omillarini kamaytirish, faoliyat samaradorligini oshirish, manfaatdor tomonlar oʻrtasida tezkor axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish va qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishga qaratilgan. Natijada samarali, toʻliq, ishonchli va natijador davlat ichki nazorati tizimi yuzaga kelgan.
Jahon banki koʻmagida tashkil etilgan Davlat moliyasini boshqarish boʻyicha xalqaro hamkorlik dasturi (PEMPAL) tomonidan ichki nazorat hamda ichki audit faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishni raqamlashtirish maqsadida maxsus dasturiy majmua (pempal.codeman.am) ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunga qadar Albaniya va Qirgʻizistonda amaliyotga joriy etilgan.
Bu dastur orqali ichki nazorat tizimi va ichki audit faoliyati boʻyicha maʼlumotlar yagona markazlashtirilgan tizimda jamlangan hamda tahlil va monitoring jarayonlarini avtomatlashtirilgan. Bu esa, maʼlumotlarni real vaqt rejimida kiritish, hisobotlarni toʻliq, aniq va sifatli shakllantirish imkonini bergan.
Saudiya Arabistonida “Shamel” elektron audit platformasi davlat moliyaviy nazorati va ichki audit tizimini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu platforma orqali audit jarayonlarini raqamli asosda tashkil etish, moliyaviy maʼlumotlarni avtomatik tarzda toʻlash, tahlil qilish hamda real vaqtda monitoring olib borish imkoniyatlari yaratilgan.
Estoniya davlat moliyaviy nazorati va ichki audit tizimini raqamlashtirish borasida Yevropa miqyosida eʼtirof etilgan ilgʻor tajribaga ega. Xususan, mamlakatda hukumatlararo axborot almashinuvini taʼminlovchi “X-Road” platformasi asosida ichki nazorat va audit jarayonlarini raqamli muhitda tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda platforma orqali budjet ijrosi, moliyaviy xarajatlar va shartnomalar koʻrsatkichlarini tahlil qilish avtomatlashtirgan. Bu orqali ichki audit xodimlariga maʼlumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilish, xavflarni oldindan aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Xorijiy tajribalarda davlat organlari tomonidan ichki audit faoliyatini amalga oshirish jarayonlarni avtomatlashtirish boʻyicha yaratilgan ichki audit jarayonlarini boshqarishga oid “MetricStream Audit Management”, “AuditBoard” va “TeamMate+” kabi bir qator zamonaviy platformalar mavjud. Mazkur platformalarda audit jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tahlil qilish va hisobotlarni shakllantirish bosqichlari tezkorligi va samaradorligini oshirish imkoniyatlari yaratilgan.
Xalqaro tajribalardan kelib chiqib, respublikada zamonaviy axborot tizimlari asosida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jarayonlarga sunʼiy intellekt, biznes intellekt tizimi, maʼlumotlarni tahlil qilish va boshqa texnologiyalarni joriy etish dolzarb hisoblanadi.
4-bob. Ichki audit faoliyatini raqamlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari
8. Ichki audit faoliyatini raqamlashtirish faoliyat jarayonlarining tezkorligi va samaradorligi oshirilishini, faoliyatga oid maʼlumotlarning aniqligi, ishonchliligi va shaffofligi ortishi, hisobdorlik va javobgarlik kuchayishini taʼminlaydi.
Ichki audit faoliyati raqamlashtirishning yagona axborot tizimi asosida tashkil etilishi monitoring va tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda integratsiya va tezkor maʼlumotlar almashinuviga xizmat qiladi.
Bunda real vaqt rejimida monitoring qilish, ichki nazorat jarayoni va ichki audit faoliyati har tomonlama tahlil qilish hamda tezkor maʼlumot almashinuvi imkoniyati oshiriladi.
Ichki audit faoliyatini raqamlashtirishni uslubiy taʼminlash va muvofiqlashtirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi va unga quyidagi asosiy vazifalar belgilanadi:
ichki audit faoliyatini raqamlashtirishni tashkil etish, boshqarish va muvofiqlashtirish;
xalqaro tajribalarni oʻrganish asosida ichki audit faoliyatini raqamlashtirishni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash va amaliyotga tatbiq etish;
ichki audit faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha tegishli hujjatlarni (konsepsiya, texnik topshiriq va boshqalar) ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
axborot tizimlarida ishlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari malakasini oshirish.
9. Ichki audit faoliyati quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga asosan raqamlashtiriladi va avtomatlashtiriladi:
a) ichki audit xizmatlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish:
rejalarni tuzishda xavf tahlilini oʻtkazishning raqamlashtirilgan va avtomatlashtirilgan texnik imkoniyatlarini yaratish;
axborot tizimida ichki audit tadbirlarini oʻtkazish jarayonini tashkil etish hamda ularning natijalarini kiritish, jamlash va tahlil qilish;
masofaviy audit oʻtkazish uchun markazlashgan imkoniyatlar yaratish orqali uning koʻlami va samaradorligini oshirish;
axborot tizimi yordamida ichki audit xizmati xodimlarining faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlarini avtomatlashtirilgan holda aniqlash va reytingini shakllantirish;
ichki audit xizmatiga oid hisobotlarni avtomatik shakllantirish, tasdiqlash va yuborish imkoniyatini yaratish;
ichki audit xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish va uning natijalarini axborot tizimida umumlashtirish;
raqamli shakldagi maʼlumotlar almashinuviga oʻtish, hisobdorlik boʻyicha axborot tizimi foydalanuvchilari oʻrtasida integratsiya va oʻzaro hamkorlik qilish orqali maʼlumotlar qamrovi va sifatini oshirish;
ichki audit xizmatiga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, jamlash va yangilab borishning raqamli usullarini yaratish;
ichki audit xizmatlarining xodimlari tomonidan vakolat doirasidan tashqaridagi xavflar, savollar, avtoprofilaktika va avtokameral tizimlarni tatbiq etish boʻyicha takliflarni yuborish imkoniyatini yaratish;
ichki audit xizmatlarining xodimlariga foydalanish uchun vakolat berilgan dasturiy majmualarga bir joydan kirish hamda xavfsiz maʼlumotlar almashish imkonini beruvchi maxsus modulni joriy etish;
b) axborot tizimi yordamida ichki audit faoliyatini muvofiqlashtirish hamda baholash jarayonlarini raqamlashtirish:
ichki audit xizmati faoliyatiga oid hisobotlarni jamlash va tahlil qilishda raqamli shakldagi maʼlumotlar almashinuviga oʻtish orqali ularning oʻzaro bogʻlangani, aniqligi va ishonchliligini oshirish;
ichki audit faoliyati samarali tashkil etilganligini raqamli maʼlumotlar asosida avtomatik va masofadan baholashni joriy etish;
axborot tizimidagi maʼlumotlardan foydalanish orqali davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit faoliyati boʻyicha reytingini avtomatik aniqlash imkoniyatini yaratish;
ichki audit xizmati xodimlarining faoliyat samaradorligi reytingi hamda ichki audit milliy malaka sertifikatlari reyestrini yuritish va nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan texnologiyalarni joriy etish;
ichki audit faoliyati boʻyicha davlat organlari va tashkilotlaridan taklif va tavsiyalarni elektron qabul qilish hamda qaytar aloqa imkoniyatlarini yaratish;
axborot tizimida rollarni taqsimlash, biriktirish va bekor qilish vakolatlarini shakllantirish va amalga oshirish;
ichki audit xizmatlarining rahbarini (ichki audit xizmati bir nafar shtatdan iborat boʻlganda, ushbu shtatda faoliyat yurituvchi xodimni) lavozimidan ozod etishni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishishni raqamlashtirish;
ichki audit xizmati faoliyatining raqamlashgan jamlanma maʼlumotlarini umumlashtirish va ularni sunʼiy intellekt va biznes intellekt tizimi asosida tahlil qilishning usullarini yaratish;
ichki audit faoliyatini tartibga soluvchi ichki idoraviy hujjatlarni umumlashtirish va ularning amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini sunʼiy intellekt vositasida oʻrganish imkoniyatini yaratish;
axborot tizimidagi maʼlumotlar asosida ichki audit faoliyatiga oid hisobotlarni shakllantirish va eʼlon qilishni tashkil etish;
ichki audit xizmati xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlariga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish orqali raqamli taʼlim muhitini rivojlantirish;
raqamli texnologiyalardan foydalangan holda, foydalanuvchilarga ochiq maʼlumot va axborotlarni taqdim etishning shaffofligini oshirish;
v) axborot tizimidan foydalanish boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirib borish, axborot tizimini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish:
ichki audit faoliyatiga oid oʻquv-metodik qoʻllanmalarni (standartlar, oʻquv dasturi metodikasi) xalqaro standartlarga moslashtirish;
ichki audit faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash va boshqarishga oʻqitish boʻyicha amaliy-tajriba dasturlarini ishlab chiqish;
axborot tizimi va boshqa dasturiy majmualardan foydalanish boʻyicha malakani shakllantirish hamda oshirishga koʻmaklashuvchi dasturiy majmualarning “demo varianti”ni yaratish;
masofadan malaka oshirish imkonini beruvchi maxsus modellarni yaratish va amaliyotga joriy etish;
ichki audit xizmati xodimlari malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ichki audit faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
“Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlar amalga oshirilishi boʻyicha monitoring yuritadi;
ichki audit faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida va bosqichma-bosqich amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
11. Konsepsiyani amalga oshirish asosida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
ichki audit jarayonlari, maʼlumotlar va hisobotlarning raqamlashtirilishi orqali faoliyat samaradorligi va tezkorligi ortadi, mehnat va vaqt resurslarining sarfi hamda maʼlumotlarni shakllantirishdagi xatoliklar qisqaradi;
ichki audit faoliyati barcha jarayonlarining elektron qayd etilishi orqali raqamlashgan maʼlumotlar bazasi shakllanadi, tizimdagi shaffoflik va xodimlarning masʼuliyati ortadi hamda maʼlumotlarning toʻliqligi, aniqligi, ishonchliligi va sifati taʼminlanadi;
xalqaro tajribalar asosida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha yagona axborot tizimi joriy etiladi;
ichki audit faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari ijrosini masofaviy monitoring qilish imkoniyati yaratiladi;
ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligi va tuzilmalar boʻyicha reytingi avtomatik shakllantiriladi hamda jamoatchilik uchun ochiqlanadi;
hisobotlarni shakllantirish va tahlil imkoniyatlari kengayadi;
integratsiya va maʼlumotlar almashinuvi imkoniyatlarining yaratilishi orqali masofadan turib monitoring va tahlil oʻtkazish, turli manbalardan maʼlumotlarni jamlash hamda taqqoslash osonlashadi;
ichki audit jarayonlarida inson omili taʼsirining kamayishi, raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali korrupsiya ehtimoli pasayadi hamda xatolarning kamayishiga erishiladi;
ichki audit faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida innovatsion texnologiyalar, shu jumladan, sunʼiy intellekt, biznes intellekt tizimi BI (Business Intelligence), maʼlumotlarni tahlil qilish (Data Analytics) texnologiyalari joriy etiladi;
ichki audit xizmati xodimlarining axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalari ortadi va doimiy ravishda takomillashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-martdagi 100-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini raqamlashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r
Chora-tadbirlar
Amalga oshirish mexanizmi
Amalga oshirish shakli
Bajarish muddati
Moliyalashtirish manbalari
Ijro uchun masʼullar
I. “Davlat ichki auditi” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish ishlarini amalga oshirish
1.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimini ishlab chiqish konsepsiyasini ishlab chiqish.
1. Konsepsiya loyihasini ishlab chiqish boʻyicha xorijiy mutaxassis yollash.
2. “Davlat ichki auditi” axborot tizimini yaratishda xalqaro va milliy standartlar hamda loyihaoldi tahlil oʻtkazish.
3. “Davlat ichki auditi” axborot tizimi konsepsiyasini ishlab chiqish.
Amaliy chora-tadbirlar
2026-yil iyul
“Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi mablagʻlari,
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
2.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimi texnik topshirigʻini ishlab chiqish.
1. “Davlat ichki auditi” axborot tizimi konsepsiyasi asosida axborot tizimining texnik topshirigʻini ishlab chiqish.
2. Axborot tizimining texnik topshirigʻini belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtkazish.
Amaliy chora-tadbirlar
2026-yil dekabr
“Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi mablagʻlari,
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
3.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimining ichki audit modulini ishlab chiqish.
1. Texnik topshiriq asosida ichki audit modulini ishlab chiqish.
2. Ichki audit modulini sinovdan oʻtkazish.
Amaliy chora-tadbirlar
2027-yil aprel
“Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi mablagʻlari,
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
4.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimining ichki audit faoliyatini muvofiqlashtirish hamda baholash modulini ishlab chiqish.
1. Texnik topshiriq asosida ichki audit faoliyatini muvofiqlashtirish hamda baholash modulini ishlab chiqish.
2. Ichki audit faoliyatini muvofiqlashtirish hamda baholash modulini sinovdan oʻtkazish.
Amaliy chora-tadbirlar
2027-yil sentabr
“Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi mablagʻlari,
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
5.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimini kompleks sinovdan oʻtkazish.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimini kompleks sinovdan oʻtkazish.
Amaliy chora-tadbirlar
2027-yil dekabr
“Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi mablagʻlari,
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
6.
“Davlat ichki auditi” axborot tizimini amaliyotga joriy etish.
Davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, ichki audit xizmati faoliyatini elektron tarzda “Davlat ichki auditi” axborot tizimida amalga oshirish.
Amaliy chora-tadbirlar
2028-yil yanvar
Mablagʻ talab etilmaydi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
II. “Davlat ichki auditi” axborot tizimini integratsiya qilish ishlarini amalga oshirish
7.
Axborot tizimini tegishli davlat organlari va tashkilotlarining dasturiy taʼminotlari bilan “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilish.
1. Ichki audit faoliyatida axborot tizimlaridagi maʼlumotlarni (axborot resurslarini) integratsiya qilish orqali maʼlumotlarni taqdim etish va qabul qilishni tartibga soluvchi texnologik hujjatni ishlab chiqib.
2. Axborot tizimini budjet ijrosini amalga oshirish bilan bogʻliq dasturiy mahsulotlar, jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi dasturiy taʼminotlari va boshqalar bilan integratsiya qilish.
3. Davlat organlari va tashkilotlarining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilish hamda takomillashtirib borish.
Tashkiliy va texnik tadbirlar
2028-yil iyul
Mablagʻ talab etilmaydi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
8.
Axborot tizimini amaliyotga joriy etishni kuzatib borish va takomillashtirish.
Axborot tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etishdagi texnik kamchiliklarni bartaraf etish, doimiy kuzatib borish va takomillashtirish.
Tashkiliy va texnik tadbirlar
Doimiy
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
III. Axborot tizimida samarali ishlashni tashkil etish, xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish
9.
Axborot tizimida samarali ishlashni tashkil etish.
1. Davlat organlari va tashkilotlarida axborot tizimda ishlash boʻyicha masʼul xodimlarni belgilash.
2. Axborot tizimida ishlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbar va masʼul xodimlarini elektron raqamli imzo kalitlari bilan taʼminlash.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2028-yil yanvar
Mablagʻ talab etilmaydi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
10.
Axborot tizimidan foydalanish boʻyicha xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish.
1. Axborot tizimida samarali ishlashni tashkil etish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish.
2. Axborot tizimidan foydalanish boʻyicha seminar, treninglar va amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish.
Tashkiliy chora-tadbirlar
2028-yil yanvar
Davlat budjeti mablagʻlari
Iqtisodiyot va moliya vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-martdagi 100-son qaroriga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-son qarori bilan tasdiqlangan 2025 — 2027-yillarda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ichki nazorat tizimini yanada takomillashtirish konsepsiyasiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 46-band quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ichki nazorat tizimini tashkil etish va raqamlashtirishga axborot texnologiyalarini joriy qilish”.
2. Quyidagi mazmundagi 461-band bilan toʻldirilsin:
“461. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ichki nazorat tizimini tashkil etish va raqamlashtirishga axborot texnologiyalarini joriy qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
ichki nazoratga ochiq hujjatlar va ularni yangilab borish natijalarini jamlashni raqamlashtirish;
ichki nazorat tizimini baholash jarayoniga avtomatlashtirilgan axborot texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishni jadallashtirish;
ichki nazorat tizimining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni Masʼul organ tomonidan qabul qilish va tahlil qilishni raqamlashtirish asosida ichki nazorat tizimi holatini masofadan oʻrganish;
xavflarni baholash jarayonlarini avtomatlashtirish orqali xavflar reyestrini shakllantirish hamda undagi oʻzgarishlarni kuzatib borishni raqamlashtirish;
xavflarni kamaytirish boʻyicha tuzilgan chora-tadbirlarning raqamli shaklini yaratish orqali uning monitoringi samaradorligini oshirish;
xavflar tasnifi va toifasini raqamlashtirish asosida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tarkibiy boʻlinmalar, funksiyalar va sohalar kesimida xavflar xaritasini shakllantirish;
funksiya va jarayonlarning raqamlashtirilgan reyestrini shakllantirish hamda yuritib borish;
Xavflarni boshqarish qoʻmitasi tarkibi va faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qabul qilish va tahlil etishni raqamlashtirish;
ichki nazoratga oid maʼlumot va hisobotlarning raqamli shakldagi almashinuviga oʻtish, hisobdorlik boʻyicha masʼuliyat va javobgarlikni oshirish”.
3. 48-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ichki nazorat jarayonlari, maʼlumotlar va hisobotlarning raqamlashtirilishi orqali faoliyat samaradorligi ortadi, inson omili taʼsiri kamayadi hamda maʼlumotlarning toʻliqligi va sifati taʼminlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2026-y., 09/26/100/0233-son)