1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.13.00 Qazilma xomashyolarni qazib olish sanoati]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FOSFORLI O‘G‘ITLAR IShLAB ChIQARISh UChUN JEROY-SARDARA KONI XOM AShYoSIDAN FOSFORIT KUKUNI IShLAB ChIQARISh HAJMLARINI KO‘PAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “1998 — 2002-yillarda O‘zbekiston kimyo sanoati korxonalarini kompleks rivojlantirish dasturi to‘g‘risida” 1998-yil 25-martdagi 129-son qarorini bajarish yuzasidan, Jeroy-Sardara koni xomashyosidan fosforlik o‘g‘itlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qizilqumnodirmetalloltin” konsernining Qizilqum fosforit kombinatining birinchi navbati ishlab chiqarilishini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. U quyidagilarni nazarda tutadi:
quvvatini 300 ming tonna boyitilmagan fosforit kukunidan 600 ming tonnagacha, shu jumladan 1999-yil may oyida foydalanishga topshirgan holda quruq boyitish sxemasi bo‘yicha 400 ming tonna konsentratga ko‘paytirish (1-ilova*);
* 1-ilova berilmaydi.
Samarqand kimyo zavodini yiliga 400 ming tonna hajmidagi va Qo‘qon superfosfat zavodini — yiliga 200 ming tonna hajmidagi fosforit kukuni bilan ta’minlash.
2. Quyidagilar:
Samarqand kimyo zavodining pilot qurilmasida Jeroy-Sardara konining Toshqo‘ra uchastkasi rudasidan quruq boyitish usuli bilan fosforit kukuni olish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilganligi, buning natijasida fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish talablarini qoniqtiruvchi konsentrat olinganligi;
“Qizilqumnodirmetalloltin” konserni tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra:
Germaniyaning “Krupp-Polizius” firmasi bilan 8,68 mln. AQSh dollarilik pishirish qurilmasi asbob-uskunalari yetkazib berishga;
Amerikaning “Katerpillar Oversiz A.O.” kompaniyasi bilan Qizilqum fosforit kombinati uchun 28 mln. AQSh dollarilik kon asbob-uskunalari yetkazib berishga, shu jumladan 8,68 mln. AQSh dollarilik og‘ir yuk ko‘taruvchi texnikalarni tuzatish (dvigatel, uzatmalar qutisi, gidravlika asbob-uskunalari) liniyasi va ehtiyot qismlar yetkazib berishga;
Rossiyaning “Gornozavodchik-plyus” firmasi bilan 2,6 mln. AQSh dollarilik fosfor rudasini quruq boyitish asbob-uskunalari yetkazib berishga kontraktlar imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin”;
(2-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 51-sonli qarori tahririda)
3. Belgilansinki, kon asbob-uskunalari, og‘ir yuk ko‘taruvchi texnikalarni tuzatish liniyasi va ularga ehtiyot qismlarni import bo‘yicha yetkazib berish:
xorijiy bankning AQShning Eksimbanki sug‘urta qoplamasi ostida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 5 yil muddatga beriladigan 25,004 mln AQSh dollari (kontrakt qiymatining 85 foizi va AQSh Eksimbankning sug‘urta mukofoti) miqdoridagi krediti;
“Katerpillar Oversiz A.O.” kompaniyasining “Qizilqumnodirmetalloltin” konserniga 2 yil muddatga beriladigan 4,2 mln AQSh dollari (kontrakt qiymatining 15 foizi) miqdoridagi krediti hisobidan mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Kredit resurslari “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni mablag‘lari hisobiga jadvalga muvofiq qaytarilsin (2-ilova*).
* 2-ilova berilmaydi.
Quyidagilar:
Germaniyaning “Krup-Polizius” firmasi tomonidan 8,68 mln. AQSh dollari miqdoridagi pishirish qurilmasi asbob-uskunalari yetkazib berilishini mablag‘ bilan ta’minlash Navoiy kon-metallurgiya kombinatining mahsulotini eksport qilishdan olingan o‘z valyuta mablag‘lari hisobiga;
Rossiyaning “Gornozavodchik-plyus” yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati tomonidan fosfor rudasini quruq boyitish sxemasi bo‘yicha 2,6 mln. AQSh dollari miqdoridagi asbob-uskunalar yetkazib berilishini mablag‘ bilan ta’minlash 1999-yilga import prognozi hajmida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 51-sonli qarori tahririda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
25,004 mln AQSh dollari summasiga kredit bitimini, AQSh Eksimbankining 1,204 mln AQSh dollari miqdoridagi sug‘urta mukofotini hisobga olgan holda, ikki oy muddatda rasmiylashtirsin;
ko‘rsatib o‘tilgan kreditni bankning bir foizdan ortiq bo‘lmagan marjasi bilan “Qizilqumnodirmetalloltin” konserniga qayta moliyalasin.
5. “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni kontraktlar bo‘yicha avans to‘lovlari to‘lash uchun 4,2 mln AQSh dollari summasiga “Katerpillar oversiz A.O.” kompaniyasi bilan kredit bitimini bir oy muddatda rasmiylashtirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri mazkur loyiha uchun jalb etilayotgan valyuta kreditlari bo‘yicha xorijiy bankka, “Katerpillr Oversiz A.O.” kompaniyasiga va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga belgilangan tartibda kafolat berishga vakil qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatlari bo‘yicha kredit tomonlari talablariga muvofiq shakllar bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
11. “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni, O‘rta Osiyo sanoat texnolgiyasi ilmiy-tadqiqot-ishlab chiqarish instituti:
bir oy muddatda Qizilqum fosforit kombinati birinchi navbatini kengaytirishning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqsinlar va uni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
ikki oy muddatda Qizilqum fosforitlarini qayta ishlash shartlariga tatbiqan texnik talablarini hisobga olgan holda bazis loyihani ishlab chiqsinlar.
12. Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti ekspertiza, vazirliklar va idoralarning vakolatli organlarini jalb qilgan holda Qizilqum fosforit kombinatini sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishning birinchi navbatini kengaytirishning texnik-iqtisodiy asoslanishini belgilangan tartibda ko‘rib chiqsin va uni tasdiqlash yuzasidan takliflar kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-dekabrdagi 557-son qaroriga muvofiq Qizilqum fosforit kombinatining birinchi navbatini rekonstruksiya qilish va kengaytirish bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini ishchi loyihalashtirish bilan bir vaqtda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
14. “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni bir oy muddatda Qizilqum fosforit kombinatini kengaytirishni hisobga olgan holda uning birinchi navbatining gaz ta’minoti masalasi bo‘yicha qaror qabul qilsinlar.
15. Tashqi ishlar vazirligi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” buyurtmanomalari bo‘yicha xorijiy mutaxassislarga konsullik yig‘imlari undirmagan holda kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-maydagi 237-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 20-son, 236-modda)
16. Ichki ishlar vazirligi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” buyurtmanomalari bo‘yicha xorijiy mutaxassislarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yashash joyi bo‘yicha vizalar va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar vizalar rasmiylashtirilganligi va ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘imlar undirmasdan hal etilishini ta’minlasin.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-maydagi 237-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2004-y., 20-son, 236-modda)
17. Loyihani tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlaganlik va transportning barcha turlarida yurish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar bo‘yicha haq to‘lash huquqi berilsin.