toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.08.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZAVTOSANOAT” OʻZBEKISTON AVTOMOBILSOZLIK KORXONALARI UYuShMASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-avgustdagi 405-sonli “Avtomobil sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 21-yanvardagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qishloqxoʻjalikmash” konserniga kiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlarning:
“Qishloqxoʻjalikmash” Oʻzbekiston davlat qishloq xoʻjaligi va avtomobil mashinasozlik konsernini tugatish toʻgʻrisidagi;
1-ilovaga muvofiq birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan “Oʻzavtosanoat” Oʻzbekiston avtomobilsozlik korxonalari uyushmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi;
“Oʻzavtosanoat” uyushmasi tomonidan “Qishloqxoʻjalikmash” konserni qabul qilgan majburiyatlar, tuzgan shartnomalar, kontraktlar va unga tegishli mol-mulklar boʻyicha huquqiy vorislik funksiyalarining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining 2-ilovaga muvofiq tuzilmaga ega boʻlishiga rozilik berilsin va xodimlari soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 56 nafardan, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan uyushma raisi hamda uning 3 nafar oʻrinbosaridan iborat qilib belgilansin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, ijro etuvchi apparatni mablagʻ bilan taʼminlash uyushma qatnashchilari — birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari hisobidan amalga oshiriladi.
“Oʻzavtosanoat” uyushmasiga Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari va xorijiy mamlakatlarning yetakchi mutaxassislarini shartnomaviy shartlarda mehnatga haq toʻlagan holda kontrakt boʻyicha ishlash uchun jalb etishga ruxsat etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilar “Oʻzavtosanoat” uyushmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
uyushma taʼsischilarini huquqiy himoya qilish hamda davlat va mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida ularning qonuniy manfaatlarini ifodalash;
bozor konyunkturasi va. mahsulot marketingidan kelib chiqqan holda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasini belgilash, avtomobil sanoatining mulkchilikning barcha shakllaridagi birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini mustahkamlash;
uyushma doirasida raqobatbardoshli mahsulotlarni yaratish va ishlab chiqarishni taʼminlaydigan yagona ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini oʻtkazish, mavjud asosiy fondlardan samarali foydalanish.
4. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga uyushma tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini, ularni koʻproq ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishni nazarda tutgan holda, 1994-1995-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzavtosanoat” uyushmasiga uyushma aʼzolari –– davlat birlashmalari, korxonalari, tashkilotlarini, davlat tasarrufidan chiqarilgandan keyin esa — davlat korxonalari negizida tashkil etilgan, uyushma tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlarini, shirkatlarni davlatga tegishli aksiyalar (ulushlar, paylar)ga muvofiq boshqarish huquqini bersin.
(4-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-dekabr 525-son qarori tahririda)
5. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi:
bir oy muddatda Ustavni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda qabul qilsin;
avtomobilsozlik boʻyicha qurila boshlangan obyektlarni (Asaka avtomobil zavodi, “Avtoehtiyotqism” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “AvtoVAZagregat” ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalarni) 2 oy muddatda qayta roʻyxatdan oʻtkazsin, texnik-iqtisodiy asoslashni aniqlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga ularni qurishni nihoyasiga yetkazishga doir takliflar kiritsin;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, birlashmalar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga avtomobilni yigʻish uchun butlovchi buyumlar (avtoshinalar, avtooynalar, akkumulyatorlar, startyorlar, generatorlar va boshqalar) ishlab chiqarishni tashkil etishga doir takliflar kiritsin.
6. Umumtarmoq vazifalarini hal etish, texnika bilan qayta jihozlashni mablagʻ bilan taʼminlash va jahon bozorida raqobatga qodir boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida “Oʻzavtosanoat” uyushmasiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning mahsulot tannarxining 3 foizigacha miqdordagi ajratmalari, shuningdek, birlashma va korxonalar ixtiyorida qoladigan foyda hisobiga barqarorlashtirish va rivojlantirish yagona jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Oʻzavtosanoat” uyushmasi Moliya vazirligi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda uyushmaning barqarorlashtirish va rivojlantirish yagona jamgʻarmasiga mablagʻ ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “Oʻzavtosanoat” uyushmasini, uning talabnomasiga binoan, aloqa vositalari, shu jumladan, selektor va hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
8. “Oʻzavtosansat” uyushmasi Toshkent shahar, Jukovskiy koʻchasi, 79-uyda joylashgan.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.N. Voznenko zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 17-mart,
143-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 17-martdagi 143-son qaroriga
1-ILOVA
“Oʻzavtosanoat” Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoati uyushmasi tarkibiga kiruvchi ishlab chiqarish birlashmalari, korxonalari, tashkilotlarining
ROʻYXATI
1. “Oʻzbekiston bogʻdorchilik mashinasozligi zavodi (“OʻzBMZ”) ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent viloyati.
2. “Krasniy dvigatel” ishlab chiqarish birlashmasi, Samarqand shahri.
3. Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi, Doʻstlik shahri, Xorazm viloyati.
4. Yuqori Chirchiq qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tajriba zavodi, Yik shaharchasi, Toshkent viloyati.
5. “Avtoehtiyotqism” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent viloyati.
6. Asaka pritseplar zavodi, Asaka shahri, Andijon viloyati.
7. “OʻzDEUavto” qoʻshma korxonasi, Asaka shahri, Andijon viloyati.
8. “Zenit” zavodi, Toshkent shahri.
9. 19-davlat podshipnik zavodi, Shovot shahri, Xorazm viloyati.
10. 26-davlat podshipnik zavodi, Marhamat shahri, Andijon viloyati.
11. “27-davlat podshipnik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi, Oxunboboyev shahri, Andijon viloyati.
12. Tuzatish-qurish, oʻrnatish boshqarmasi, Toshkent shahri.
13. “Oʻzavtotexxizmatkoʻrsatish” ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent shahri.
14. “AvtoVAZagregat” ishlab chiqarish birlashmasi, Samarqand shahri.
15. 1-avtodoʻkon, Toshkent shahri.
16. 2-avtodoʻkon, Toshkent shahri.
17. Biznes-markaz, Toshkent shahri.
18. “Oʻzavtoservis” uyushmasi, Toshkent shahri.
Izoh: taʼsischilari “Oʻzavtosanoat” uyushmasi aʼzolari — birlashmalar, korxonalar boʻlgan boshqa uyushmalar, ilmiy-ishlab chiqarish va ishlab chiqarish birlashmalariga, qoʻshma (shu jumladan, xorijiy sarmoyani jalb etuvchi) korxonalarga kiruvchi korxonalar ham uyushma aʼzolari hisoblanadilar.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 17-martdagi 143-son qaroriga
2-ILOVA
“Oʻzavtosanoat” Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoati uyushmasi markaziy apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Iqtisodiy istiqbolni belgilash, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boshqarmasi
Ishlab chiqarishni rivojlantirish strategiyasi, investitsiyalar, texnika bilan qayta jihozlash boshqarmasi
Marketing, birja faoliyati, moddiy-texnika resurslari boshqarmasi
Xalqaro kooperatsiya va butlash boʻlimi
Moliya, hisob va hisobot boʻlimi
Avtoservisni rivojlantirish boʻlimi
Ilmiy-texnika siyosatini muvofiqlashtirish boʻlimi
Xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻlimi
Tashqi iqtisodiy aloqalar, qoʻshma korxonalar va firmalar ishini muvofiqlashtirish boʻlimi
Ishlar boshqarmasi
Birinchi boʻlim