toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
talabalar turar joylarida yashovchi ayrim toifadagi talabalar roʻyxatini shakllantirish tartibi;
talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berishni komissiya tomonidan koʻrib chiqish tartibi;
talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish va qoplab berish tartibi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish uchun toʻlovlar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2027-yildan boshlab esa budjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan budjet soʻrovnomalariga asosan Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Koʻchqorov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-yanvar,
32-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 32-son qaroriga
1-ILOVA
Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ayrim toifadagi talaba (keyingi oʻrinlarda — talaba) — Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning talaba farzandi;
ariza beruvchi — davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joyida shartnoma asosida yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan (yoki respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs) davlat oliy taʼlim tashkilotining talabasi;
komissiya — talabalar turar joyi toʻlovini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish, oʻrganish, talabgorlar roʻyxatini aniqlash va talabalar turar joyi toʻlovini qoplab berish boʻyicha qaror qabul qilishga masʼul boʻlgan, ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori) tomonidan tasdiqlanadigan doimiy va jamoatchilik asosida ishlaydigan komissiya;
talabgor — talabalar turar joyi toʻlovini qoplab berish toʻgʻrisida komissiya tomonidan ijobiy xulosa olgan Ijtimoiy reyestrga kirgan oilaning talaba farzandi.
3. Talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari davlat oliy taʼlim tashkilotlarining faqat kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalariga (shu jumladan, xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida va fakultetlarida taʼlim olayotgan talabalar) davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishidan qatʼi nazar, Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Talabaning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatini qoplab berish uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
4. Talabaning oilasi Ijtimoiy reyestrga kiritilgani:
a) davlat oliy taʼlim tashkilotining tegishli axborot tizimi orqali yuborgan elektron soʻroviga asosan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron maʼlumotlar;
b) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladigan maʼlumotnoma asosida tasdiqlanadi.
Talabaning oilasi Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat oliy taʼlim tashkilotining tegishli axborot tizimi orqali yuborgan elektron soʻroviga asosan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan elektron maʼlumotlar asosida tasdiqlanadi.
5. Talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar joyiga qabul qilinadi. Davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar joyi mavjud boʻlmagan taqdirda, ular davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan talabalar turar joyiga qabul qilinadi.
6. Davlat oliy taʼlim tashkilotlarining talabalar turar joyida yashaydigan talabalariga oylik toʻlovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat oliy taʼlim tashkiloti hamda talaba tomonidan imzolangan shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda, qoplab beriladi.
7. Talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berishni koʻrib chiqish va xarajatlarni qoplab berish ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Talabgorlarni aniqlash va roʻyxatini shakllantirish
8. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar asosida komissiya tomonidan talabgorlar roʻyxati aniqlanadi.
9. Ariza beruvchi oʻquv yili uchun talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish yuzasidan oʻzlari taʼlim oladigan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qiladi. Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ushbu oy boʻyicha yashash xarajatlarini qoplab berish uchun koʻrib chiqilmaydi.
10. Ariza beruvchi mustaqil ravishda komissiyaga “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali ariza yuboradi. Ariza tegishli oʻquv yili uchun bir marotaba yuboriladi.
11. Ariza beruvchi taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
12. Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosarlari (keyingi oʻrinlarda — masʼullar) bir kun muddatda elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirgan holda belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi.
13. Komissiya kotibi oʻrganilgan maʼlumotlarni umumlashtirib, koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun bir hafta muddatda komissiya aʼzolariga taqdim etadi.
3-bob. Yashash xarajatlarini qoplab berishni komissiya tomonidan koʻrib chiqish tartibi
14. Masʼullar tomonidan taqdim etilgan arizalar bir kun muddatda komissiya tomonidan oʻrganib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
15. Davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar joyi toʻlovi miqdori oliy taʼlim tashkiloti kengashi tomonidan har oʻquv yili boshlangunga qadar tasdiqlanadi.
16. Komissiya ishining tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi. Komissiya yigʻilishlari komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Bunda ariza beruvchi taʼlim olayotgan fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari, Xotin-qizlar kengashi raisi bir vaqtning oʻzida komissiya yigʻilishlarida ishtirok etishi shart.
17. Komissiya yigʻilishlarida ishtirok etayotgan aʼzolarning uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan komissiya qarorlari qabul qilingan hisoblanadi va ushbu yigʻilishlarda qabul qilingan qarorlar yigʻilish kotibi tomonidan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda qaror shaklida qabul qilinadi.
18. Komissiya uning vakolatlariga tegishli masalalarni komissiya raisi boshchiligida oʻtkaziladigan yigʻilishlarda koʻrib chiqadi.
19. Komissiya raisi:
komissiyaning umumiy faoliyatiga rahbarlik qiladi, uning ish rejasi bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradi;
komissiyaning yigʻilishlarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni uning yigʻilishlarida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
komissiya qarorlarini tasdiqlaydi.
20. Komissiya kotibi:
komissiya raisining topshiriqlariga asosan komissiya aʼzolarini komissiya yigʻilishining oʻtkaziladigan joyi, vaqti va sanasi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
komissiya ish rejalarini tayyorlaydi;
komissiya bayonnomalarini yuritadi va tasdiqlangan bayonnomalarni komissiya aʼzolariga yuboradi;
komissiya dalolatnomalari va xulosalarini manzillarga yetkazadi hamda komissiya ish yurituvini amalga oshiradi.
21. Komissiya hujjatlari davlat oliy taʼlim tashkilotining arxivida belgilangan muddatgacha saqlanadi.
22. Zarurat boʻlganda, taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida ariza beruvchi suhbat uchun komissiya yigʻilishiga chaqirilishi mumkin.
23. Komissiya arizalarni navbat asosida ularning roʻyxatga olinishi ketma-ketligiga muvofiq koʻrib chiqadi.
24. Komissiya faqat davlat oliy taʼlim tashkilotlarining talabalar turar joyida yashaydigan talabalarning arizalarini oʻrganadi.
25. Komissiya taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar asosida ariza beruvchiga talabalar turar joyidagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish yoki qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Talabgorlar komissiya tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida tanlanadi.
26. Komissiya tomonidan Talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish yoki qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida ariza beruvchilar reyestri alohida yuritiladi.
27. Quyidagi holatlarda ariza beruvchining arizasi rad etilishi yoki talabgorga talabalar turar joyidagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi bekor qilinishi mumkin:
ariza beruvchi yoki talabgor davlat oliy taʼlim tashkiloti talabalar turar joyida shartnoma asosida yashamaganda;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar aniqlanganda;
ariza va tegishli hujjatlar ularni qabul qilishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda.
28. Talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan ariza beruvchilarga besh ish kuni ichida xato va kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Boshqa hollarda ariza beruvchilar ushbu Nizomda belgilangan umumiy tartibda takroran murojaat qilishga haqli.
29. Koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha komissiya yigʻilishining bayonnomasi asosida bir kun muddatda davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori)ning tegishli buyrugʻi rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va ularning roʻyxati toʻlovlarni amalga oshirish uchun oliy taʼlim tashkiloti buxgalteriyasiga taqdim etiladi.
4-bob. Talabalar turar joyi oylik toʻlovini qoplab berishni moliyalashtirish va toʻlab berish tartibi
30. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda davlat oliy taʼlim tashkiloti talabalar turar joyida (ayrim oliy taʼlim tashkilotlarida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan talabalar turar joyida) shartnoma asosida yashaydigan talabalarni koʻrsatgan holda yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha asoslantirilgan hisob-kitoblarni idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etishlari lozim.
31. Vazirlik va idoralar oʻz navbatida davlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarni umumlashtirgan holda, belgilangan tartibda Davlat budjeti hisobidan tegishli mablagʻlarni ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
32. Tegishli mablagʻlar moliya yili boshida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalar sonidan kelib chiqib, tashkilotning yillik xarajatlar smetasida rejalashtiriladi hamda yil davomida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalar soni unga oʻzgartirishini inobatga olgan holda unga oʻzgartirishlar kiritib boriladi.
33. Davlat budjeti hisobidan mazkur maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar oliy taʼlim tashkilotlari xarajatlar smetasining tegishli moddasida rejalashtiriladi.
34. Talabgorlar uchun talabalar turar joyi toʻlovi Davlat budjeti hisobidan ular ariza bergan oydan boshlab qoplab beriladi.
35. Davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori)ning tegishli buyrugʻiga muvofiq tashkilot buxgalteriyasi tomonidan talabalar turar joyi toʻlovini qoplab berish uchun beriladigan mablagʻlar oliy taʼlim tashkiloti kengashi tomonidan tasdiqlangan talabalar turar joyi toʻlovi miqdorida talabgorning bank plastik kartasiga pul oʻtkazish orqali har oyning 15-sanasiga qadar toʻlab beriladi.
36. Talabalar turar joyida yashayotgan talabalar toʻlovini qoplab berish uchun davlat oliy taʼlim tashkilotlariga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning tegishli moliya yili yakuniga qadar oʻzlashtirilmay qolgan qismi belgilangan tartibda Davlat budjetiga qaytariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Talabgor oʻquv yili davomida akademik taʼtilga chiqqan, oilasi Ijtimoiy reyestrda “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kirganiga yoki “davlat taʼminotidagi oila” va “kambagʻal oila” toifasidan ushbu toifaga oʻtkazilganiga oʻn ikki oydan koʻp vaqt oʻtganida, kursda qoldirilgan yoki talabalar safidan chetlashtirilgan hollarda unga talabalar turar joyi uchun toʻlovni qoplab berish mablagʻlarini toʻlash toʻxtatiladi.
38. Talabgor davlat oliy taʼlim tashkiloti talabalar turar joyida, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan talabalar turar joyida yashash boʻyicha shartnoma bekor qilinganda, uch ish kuni ichida masʼullarga hamda oliy taʼlim tashkiloti buxgalteriyasiga bu haqida xabar berishi shart.
39. Talabalar turar joyining oylik toʻlovlari toʻgʻri hisoblanishi va toʻlanishini doimiy nazorat qilish davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori), yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (filial direktorining birinchi oʻrinbosari), bosh buxgalteri va bosh auditori zimmasiga yuklanadi.
40. Talabalar turar joyi toʻlovini qoplab berish boʻyicha ajratilgan mablagʻlar ortiqcha toʻlanganda, davlat oliy taʼlim tashkilotining masʼullari hamda buxgalteriyasi tomonidan mazkur mablagʻlarni qaytarish choralari koʻriladi.
41. Davlat budjeti hisobidan talabalar turar joyining oylik toʻlovini qoplab berish boʻyicha mablagʻlarning talabgorlarga toʻlanishi yuzasidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirlik va idoralarning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
42. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
43. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha talabgorlarni tanlab olish komissiyasining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (filial direktorining birinchi oʻrinbosari), Komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi

3.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Xotin-qizlar kengashi raisi

4.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkiloti fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari

5.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining bosh auditori

6.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Buxgalteriya boʻlimi masʼul xodimi

7.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi, Komissiya kotibi

Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

(Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaning talaba farzandi)

Oʻquv yili uchun talabalar turar joyi toʻlovining summasini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish yuzasidan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga maxsus axborot tizimi orqali ariza bilan murojaat qiladi.

Har oyning 7-sanasiga qadar

2-bosqich

Oliy taʼlim tashkiloti fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari

Elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirgan holda belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi.

1 kun muddatda

3-bosqich

Komissiya kotibi

Maʼlumotlarni umumlashtirib, koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun komissiya aʼzolariga taqdim etadi.

1 hafta muddatda

4-bosqich

Komissiya

Arizalarni oʻrganib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi.

1 kun muddatda

5-bosqich

Davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori)

Komissiya yigʻilishining bayonnomasi asosida davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori) tegishli buyruq rasmiylashtirib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va ularning roʻyxatini toʻlovlarni amalga oshirish uchun buxgalteriyaga taqdim etadi.

1 kun muddatda

6-bosqich

Davlat oliy taʼlim tashkilotlari

Talabalar turar joyi uchun oylik toʻlovlarini qoplab berish uchun talabgorlarning roʻyxatiga muvofiq hisob-kitoblarni oliy taʼlim tashkilotining idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga yuboradi.

Belgilangan muddatlarda

7-bosqich

Vazirlik va idoralar

Taqdim etilgan talabgorlar roʻyxatiga asosan tegishli mablagʻlarni oliy taʼlim tashkilotlarining budjet mablagʻlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga soʻrovnoma taqdim etadi.

2027-yildan boshlab tegishli oliy taʼlim tashkilotining budjet xarajatlar smetasida rejalashtirilgan holda aks ettiriladi.

3 ish kunida

8-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Belgilangan tartibda mablagʻlarni tegishli oliy taʼlim tashkilotlarining budjet boʻyicha xarajatlar smetasida rejalashtiradi.

10 ish kunida

9-bosqich

Davlat oliy taʼlim tashkilotlari

Talabgorlarga oʻquv yili uchun talabalar turar joyi uchun oylik toʻlovlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish toʻgʻrisida tegishli oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori)ning buyrugʻini qabul qiladi.

Har oyning 15-sanasiga qadar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 32-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan toʻlanadigan ijara toʻlovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-sentabrdagi 605-son qarorida:
a) 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “talabalarni turar joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi boʻlimiga” soʻzlari “Registrator ofisiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-bandning birinchi xatboshisidagi “talabalarni turar joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi boʻlimiga” soʻzlari “Registrator ofisiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish boʻyicha talabgorlarni tanlab olish komissiyasining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (filial direktorining birinchi oʻrinbosari), Komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi

3.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Xotin-qizlar kengashi raisi

4.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkiloti fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari

5.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining yoshlar yetakchisi

6.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining tyutori

7.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining bosh auditori

8.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Buxgalteriya boʻlimi masʼul xodimi

9.

Lavozimiga koʻra

Oliy taʼlim tashkilotining Registrator ofisi maʼlumotlar bazasi boʻlimi menejeri, Komissiya kotibi

”.

2. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat oliy taʼlim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 5-bandi “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul xorijiy tilni bilish boʻyicha kamida B1 darajasidagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Fanlar majmuasida chet tili fani mavjud boʻlgan taʼlim yoʻnalishlariga qabulda:
B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi;
B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi”;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“maqsadli qabul parametrlarini oshirishda, birinchi navbatda, olis va chekka hududlar boʻyicha maktab taʼlimi va sogʻliqni saqlash tizimining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojlariga muvofiq qabul parametrlari ajratishga ustuvorlik beriladi;”;
beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yettinchi xatboshi “taʼlim tashkiloti oʻrtasida” soʻzlaridan keyin “talaba oʻqishni tamomlagandan soʻng muayyan hududda (tashkilotda) ishlab berish majburiyati, muddati va boshqa huquq va majburiyatlarni nazarda tutuvchi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi 711-band bilan toʻldirilsin:
“711. Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarida ishtirok etib, Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal ball va undan yuqori ball toʻplagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, jumladan, roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida oliy taʼlim tashkiloti va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga vakant oʻrinlar qolgan, fanlar majmuasi va taʼlim tili mos boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
bakalavriatga kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilingan sanadan bir haftadan soʻng Agentlik tomonidan ushbu toifadagi abituriyentlar fanlar majmuasi va taʼlim tili mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining vakant oʻrinlariga bir hafta muddatda roʻyxatdan oʻtkaziladi;
Agentlik tomonidan roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlarni toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda, vakant oʻrinlarga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish boʻyicha tanlov qaydnomalari oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi;
Agentlikning tanlov qaydnomalari abituriyentlarni talabalikka qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibda buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos boʻladi”;
birinchi xatboshidagi “nisbatan Davlat komissiyasi” soʻzlari “nisbatan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2026-y., 09/26/32/0084-son)