toggle_night_mode
Hujjat 04.12.2025 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga xodimlarning mehnat daftarchasidagi yozuvlarni hamda mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va oʻzgartirish haqidagi maʼlumotlarni kiritish;
elektron mehnat daftarchasini va tashkilotning tuzilmasini “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida shakllantirish boʻyicha tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijoriy elektron xizmatlardan foydalanish boʻyicha kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi.
2. Belgilansinki:
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish bepul hisoblanib, xodimlar bilan ish beruvchilar oʻrtasida mehnat shartnomalarini elektron shaklda tuzish, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi cheklanmaydi;
ish beruvchilar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali qoʻshimcha ravishda koʻrsatiladigan tijoriy elektron xizmatlardan oʻz xohishlariga koʻra ixtiyoriy foydalanishlari mumkin. Bunda tijoriy elektron xizmatlardan foydalanish ish beruvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishini va uning ishlashini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-dekabr,
763-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-dekabrdagi 763-son qaroriga
1-ILOVA
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament ish beruvchilarga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi oʻrinlarda — “YAMMT” IDAK) orqali tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi;
talabgor — Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlarni toʻlov evaziga “YAMMT” IDAKga kiritish va shakllantirish boʻyicha ixtiyoriy ravishda murojaat etuvchi ish beruvchilar;
tijoriy elektron xizmatlar — vakolatli organ tomonidan talabgorlarga ularning xohishiga koʻra “YAMMT” IDAKga mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlarni kiritish va shakllantirish boʻyicha toʻlov evaziga koʻrsatiladigan xizmatlar;
YIDXP — Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi — axborot resurslari, texnologiyalar va aloqa vositalarining tashkiliy tartibga solingan majmui boʻlib, u orqali tuzilgan roʻyxatga olingan mehnat shartnomalari va xodimlarning mehnat stajiga oid maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va qayta ishlash amalga oshiriladi.
3. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq “YAMMT” IDAKdan foydalanish bepul hisoblanadi.
Talabgorlar “YAMMT” IDAK orqali koʻrsatiladigan tijoriy elektron xizmatlardan oʻz xohishiga koʻra ixtiyoriy ravishda foydalanishlari mumkin. Bunda mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlarni “YAMMT” IDAKga ish beruvchilarning oʻzi tomonidan bepul ravishda kiritishi va shakllantirishi tartibi cheklanmaydi.
4. “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali tijoriy elektron xizmatlar ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
5. Ushbu Reglament qoidalari 2 — 4-ilovalarda keltirilgan tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatish pasportlarida (keyingi oʻrinlarda — pasportlar) nazarda tutilgan xizmatlar turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish tartibi
6. Vakolatli organ tomonidan talabgorlarga “YAMMT” IDAK orqali quyidagi tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatiladi:
xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqidagi maʼlumotlarni “YAMMT” IDAKga kiritish;
xodimlarining avvalgi ish joy(lar)i toʻgʻrisida mehnat daftarchasidagi yozuvlarni “YAMMT” IDAKga kiritish orqali elektron mehnat daftarchasini shakllantirish;
“YAMMT” IDAKda tashkilotning tuzilmasini shakllantirish.
7. Talabgor elektron tijoriy xizmatlardan foydalanish uchun oʻrnatilgan tartibda YIDXPdan roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnoma toʻldiradi.
Soʻrovnomani toʻldirish jarayonida tasdiqlovchi hujjatlar (ishga qabul qilish, boshqa lavozimga oʻtkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqdan, mehnat shartnomasi va mehnat daftarchasidan nusxa va boshqalar) ilova qilinadi. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi lozim.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va ish beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
8. Soʻrovnoma YIDXP orqali avtomatik ravishda vakolatli organga yuboriladi.
Soʻrovnoma dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda soʻrovnoma ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida yuborilganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni soʻrovnoma vakolatli organga kelib tushgan kun hisoblanadi.
9. Talabgor toʻgʻrisidagi “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilingan axborot tizimlarida mavjud maʼlumotlar yuridik shaxsning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) orqali soʻrovnomaga avtomatik tarzda kiritiladi.
10. Talabgordan pasportlarning 4-bandida koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Vakolatli organ, zaruratga koʻra, taqdim qilgan maʼlumotlarga va tasdiqlovchi hujjatlarga talabgorga telefon qilish orqali aniqlik kiritishi mumkin.
11. Tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish uchun pasportlarning 5-bandida belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
Yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yigʻim miqdori quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining maxsus hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlangani Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
12. Soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik xizmatlarni koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
13. Talabgor tijoriy elektron xizmatlardan foydalanishni xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida rad etish huquqiga ega. Bunda soʻrovnoma koʻrilmasdan qoldiriladi va toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
14. Vakolatli organ pasportlarning 6-bandida belgilangan muddatda soʻrovnomani koʻrib chiqib, tegishli hujjatlar (maʼlumotlar) pasportlarga muvofiq boʻlgan taqdirda, “YAMMT” IDAKda mehnat faoliyatiga oid elektron maʼlumotlarni shakllantiradi va ushbu Reglamentga 5-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan maʼlumotnomani rasmiylashtiradi hamda uni YIDXP orqali elektron shaklda talabgorga yuboradi.
15. Talabgor tomonidan pasportlarda nazarda tutilgan hujjatlar yoki maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmaganda, soʻrovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganda, talabgorga kamchiliklarni toʻliq koʻrsatgan holda ularni bartaraf etish uchun besh ish kunidan iborat muddat beriladi.
Tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xabar talabgorga soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlangandan soʻng bir ish kuni ichida YIDXP orqali yuborilishi lozim.
16. Tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish muddati kamchiliklarni bartaraf etish vaqti davomida toʻxtatib turiladi. Kamchiliklar bartaraf etilib, qayta taqdim etilgan hujjatlar koʻrib chiqilgani uchun toʻlov undirilmaydi.
17. Vakolatli organ tomonidan pasportlarning 1-bandiga muvofiq maʼlumotlar “YAMMT” IDAKga kiritilgandan (shakllantirilgandan) soʻng talabgor oʻzining elektron raqamli imzosi (ERI) bilan ushbu maʼlumotlarni tasdiqlashi lozim.
18. Mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan notoʻgʻri shakllantirilgani aniqlansa, talabgor 15 kun ichida yigʻim toʻlamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda vakolatli organ maʼlumotlarni 5 ish kunida toʻgʻri holatda qayta shakllantirishi lozim.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Mehnat faoliyatiga oid (mehnat stajini tasdiqlovchi) yuborilgan maʼlumotlarning (hujjatlarning) haqqoniyligi uchun javobgarlik talabgorga yuklanadi.
20. Vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlaydi.
21. Talabgor vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
22. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali tijoriy elektron xizmatlarni koʻrsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) portalidan roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnoma toʻldiradi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

YIDXP

Tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatilishi uchun soʻrovnomani vakolatli organga yuboradi.

Avtomatik tarzda

3-bosqich

Vakolatli organ

Talabgor tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar (hujjatlar) asosida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida maʼlumotlarni shakllantiradi.

Pasportlarning 6-bandida belgilangan muddatlarda

4-bosqich

Maʼlumotlar shakllantirilgani haqida QR-kod qoʻyilgan maʼlumotnomani talabgorga elektron shaklda YIDXP orqali yuboradi.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqidagi maʼlumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish boʻyicha tijoriy elektron xizmat koʻrsatish
PASPORTI

1. Tijoriy elektron xizmat nomi

Xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqidagi maʼlumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish.

2. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Talabgor (ish beruvchi).

3. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatuvchi vakolatli organ

Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi.

4. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanish uchun talab etiladigan maʼlumotlar

1. Soʻrovnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);

yuridik shaxs nomi;

yuridik shaxs joylashgan manzil;

yuridik shaxs rahbarining F.I.O.;

yuridik shaxs rahbarining/kadrlar boʻyicha masʼul xodimining telefon raqami;

elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa);

mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantirilishi lozim boʻlgan xodimlar soni.

2. Ish beruvchining ERI kaliti, xodimlarning ishga qabul qilinishi, mehnat shartnomasiga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilishi yoki bekor qilinishi haqidagi buyruqlar va mehnat shartnomalari nusxalari PDF, PNG yoki JPEG formatda ilova qilinadi.

5. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatganlik uchun undiriladigan yigʻim miqdori

Bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (bir nafar xodimning maʼlumotlarini shakllantirish uchun).

6. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatish muddati

3 ish kuni.

7. Izoh

Talabgor ushbu xizmatdan foydalanish uchun xodimlari bilan mehnat shartnomasi tuzilgan yoki mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritilgan yoki bekor qilingan kundan boshlab 2 ish kuni davomida vakolatli organga murojaat qilishi lozim.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Xodimlarining avvalgi ish joy(lar)i toʻgʻrisidagi mehnat daftarchasidagi yozuvlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish orqali elektron mehnat daftarchasini shakllantirish boʻyicha tijoriy elektron xizmat koʻrsatish
PASPORTI

1. Tijoriy elektron xizmat nomi

Xodimlarining avvalgi ish joy(lar)i toʻgʻrisidagi mehnat daftarchasidagi yozuvlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish orqali elektron mehnat daftarchasini shakllantirish.

2. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Talabgor (ish beruvchi).

3. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatuvchi vakolatli organ

Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi.

4. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanish uchun talab etiladigan maʼlumotlar

1. Soʻrovnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);

yuridik shaxs nomi;

yuridik shaxs joylashgan manzil;

yuridik shaxs rahbarining F.I.O.;

yuridik shaxs rahbarining/kadrlar boʻyicha masʼul xodimining telefon raqami;

elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa);

mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantirilishi lozim boʻlgan xodimlar soni.

2. Ish beruvchining ERI kaliti, xodimlarning mehnat daftarchasi nusxasi va mehnat stajini tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlar PDF, PNG yoki JPEG formatda ilova qilinadi.

5. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatganlik uchun undiriladigan yigʻim miqdori

Bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi (bir nafar xodimning maʼlumotlarini shakllantirish uchun).

6. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatish muddati

15 ish kuni.

7. Izoh

Ish beruvchi vakolatli organ tomonidan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan 2005-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr uchun mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida ERI bilan tasdiqlab berishga, 2005-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqlash uchun xodim avval ishlagan ish beruvchilarning “Tashkilot kabineti”ga elektron shaklda soʻrov yuborilishiga masʼul hisoblanadi.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
4-ILOVA
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida tashkilotning tuzilmasini shakllantirish boʻyicha tijoriy elektron xizmat koʻrsatish
PASPORTI

1. Tijoriy elektron xizmat nomi

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida tashkilotning tuzilmasini shakllantirish.

2. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanuvchilar toifasi

Talabgor (ish beruvchi).

3. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatuvchi vakolatli organ

Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi.

4. Tijoriy elektron xizmatdan foydalanish uchun talab etiladigan maʼlumotlar

1. Soʻrovnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);

yuridik shaxs nomi;

yuridik shaxs joylashgan manzil;

yuridik shaxs rahbarining F.I.O.;

yuridik shaxs rahbarining/kadrlar boʻyicha masʼul xodimining telefon raqami;

elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa).

2. Soʻrovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

ish beruvchining ERI kaliti;

tashkilotning barcha boʻlinmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, yuridik shaxsning alohida STIRga ega boʻlgan va alohida yuridik shaxs boʻlganlaridan tashqari;

ish beruvchining (budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilarning) tasdiqlangan shtat jadvali;

ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta qilingani boʻyicha sugʻurta polisi sanasi va raqamlari;

maʼmuriy, ishlab chiqarish va texnik xodimlar bilan birgalikda tashkilotdagi barcha ish oʻrinlari, shu jumladan, boʻsh ish oʻrinlari, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun belgilangan zaxiraga qoʻyilgan ish oʻrinlarining toifalari va soni (agar qonunchilik talablari tatbiq etilsa) haqidagi maʼlumotlar;

 noqulay va zararli mehnat sharoitlari boʻyicha lavozim va kasblar roʻyxati (mavjud boʻlsa).

5. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatganlik uchun undiriladigan yigʻim miqdori

Bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi.

6. Tijoriy elektron xizmatni koʻrsatish muddati

5 ish kuni.

Izoh

Vakolatli organ tashkilot kabinetini shakllantirishda talabgor tomonidan ushbu pasportning 4-bandiga muvofiq taqdim etilgan barcha maʼlumotlarni kiritishi shart.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
5-ILOVA

Elektron hujjatning identifikatsiya raqami

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

_____________________________________________________________________________________

(vakolatli organning nomi)

Sizning 20___ yil “____” _________________dagi ____________________-son murojaatingiz belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqildi va “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat faoliyatiga oid maʼlumotlar shakllantirildi.

Masʼul ijrochining F.I.O.

QR-kod

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-dekabrdagi 763-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishini va uning ishlashini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. YAMMT” IDAKdan foydalanish barcha ish beruvchilar va jismoniy shaxslar uchun bepuldir.
Ish beruvchilar “YAMMT” IDAK orqali qoʻshimcha ravishda koʻrsatiladigan tijoriy elektron xizmatlardan oʻz xohishlariga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishlari mumkin”;
22-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Ish joyi haqidagi maʼlumotlarni shakllantirishda ish beruvchi har bir lavozim boʻyicha Mashgʻulotlarning milliy klassifikatoriga muvofiq lavozim nomi, ish stavkasi hajmi (agar mavjud boʻlsa), ish haqining asosiy (bazaviy) qismi (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar shtatlar jadvaliga muvofiq), ish oʻrniga qoʻyiladigan malakaviy talablar (Milliy malakalar ramkasining malaka darajasiga mos taʼlim darajasi va boshqalar), lavozim vazifalari, ish vaqti rejimi, mehnat sharoitlari (normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar) toʻgʻrisida maʼlumotlarni kiritishi shart. Shuningdek, ish beruvchi ish haqining asosiy (bazaviy) qismiga qoʻshimcha toʻlovlarni (ustamalar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, ustamalarni) ham koʻrsatishi mumkin”;
27-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“27. Tashkilotlarda ishlamagan fuqarolarning xabardorligisiz gʻayriqonuniy ravishda ular bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi haqidagi “YAMMT” IDAKda qayd etilgan maʼlumotlar Davlat mehnat inspeksiyasining tegishli xulosasi asosida operator tomonidan “YAMMT” IDAKda “Tashkilot kabineti” arxiviga tushmaydigan tarzda toʻliq oʻchirilishi mumkin”;
42-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“42. Tashkilotdagi mavjud har bir boʻsh ish oʻrni haqidagi maʼlumotda ushbu Nizomning 22-bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotlar va tashkilot rekvizitlari, tashkilotning kadr xizmati masʼuli (F.I.O.) va aloqa maʼlumotlari ish beruvchi tomonidan koʻrsatilishi shart”;
ikkinchi xatboshisi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
44-band chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2025-y., 09/25/763/1123-son)