toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari va “Jasorat maktablari” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida joriy etilgan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda — CHQBT) rahbari lavozimiga nomzodlarni tanlov asosida saralab olish tartibini;
CHQBT rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlarini (KPI) va ularning mehnatini qoʻshimcha ragʻbatlantirish tartibini;
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibini ishlab chiqish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
CHQBT rahbarlariga ularning faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari (KPI) asosida erishilgan natijadorligidan kelib chiqib, bazaviy tarif stavkasining 20 foizigacha miqdorda qoʻshimcha har oylik ustama toʻlanadi;
ushbu ustama Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari xarajatlar smetalarida shakllantiriladigan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi doirasida toʻlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda CHQBT rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlarini (KPI) va ularning mehnatini qoʻshimcha ragʻbatlantirish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Sh.Gʻ. Xalmuxamedov hamda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
688-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 688-son qaroriga
1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat umumtaʼlim maktablari, Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablardagi (keyingi oʻrinlarda — umumiy oʻrta taʼlim muassasalari) chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda — CHQBT) rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash hamda CHQBT rahbari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Akademik litseylar va texnikumlarda CHQBT rahbari lavozimlarini butlash hamda CHQBT rahbari faoliyatini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. CHQBT rahbari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining idoraviy hujjatlariga amal qiladi.
4. CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlar ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq saralanadi.
2-bob. CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash
5. CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi. Tanlov boʻsh (vakant) lavozimlarga eʼlon qilinadi.
Boʻsh (vakant) lavozimlar roʻyxati va tanlov oʻtkazish shartlari Milliy vakansiyalar bazasi (ish.mehnat.uz), Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
Tanlovda oliy taʼlim muassasalari harbiy taʼlim fakultetlarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishini tamomlagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi oliy maʼlumotga ega boʻlgan oddiy askarlar, serjantlar, shuningdek, ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qatnashishi mumkin.
6. CHQBT rahbari lavozimiga tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
egallagan bilimlari, oʻz qarashlari, shaxsiy fikr va mulohazalarini davlat tilida ogʻzaki va yozma shaklda erkin bayon etishi, shuningdek, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishi;
taʼlim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini oʻqib tushunishi va oʻz faoliyatida qoʻllay olish koʻnikmasiga ega boʻlishi;
taʼlim jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun yetarli darajada bilim va malakaga ega boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan meʼyorlarga muvofiq kamida “qoniqarli” bahoga baholanadigan jismoniy tayyorgarlik darajasiga ega boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy nizomlari talablarini bilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomi qoidalari hamda elementlarini amalda bajara olishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari umumqoʻshin taktik boʻlinmalarining tarkibiy tuzilishini, asosiy qurol-yarogʻlar va harbiy texnikalarning taktik-texnik tavsiflarini bilishi.
7. Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish taqiqlangan shaxslar, shuningdek, davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomadan mahrum qilingan yoki harbiy xizmatchi nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlar sodir etgani uchun harbiy xizmatdan (xizmatdan) boʻshatilgan shaxslarning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Tanlovning shaffof va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida har yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlarining buyrugʻi bilan tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari kesimida quyidagi tarkibda tanlov komissiyasi tuziladi (keyingi oʻrinlarda — Tanlov komissiyasi):
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi, Tanlov komissiyasi raisi;
tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi, Tanlov komissiyasi raisi oʻrinbosari;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimining harbiy xizmatga majburlar hisobini yuritishga masʼul boʻlinmasi boshligʻi;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimining chaqiruv masalalariga masʼul boʻlinmasi boshligʻi;
tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimi vakili;
tegishli kasaba uyushmasi boʻlinmasi (boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti) vakili;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi mutaxassisi, Tanlov komissiyasi kotibi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimi mavjud boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi rahbari (yoki rahbar oʻrinbosari) Tanlov komissiyasi raisi tomonidan rais oʻrinbosari bilan kelishgan holda kiritiladi.
Nomzodlarning harbiy (jismoniy) tayyorgarligi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash uchun Tanlov komissiyasi ishiga tegishli hududda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalar hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining soha boʻyicha mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
9. Tanlov komissiyasi har yil 1-yanvardan 31-dekabrga qadar faoliyat yuritadi.
10. Tanlov komissiyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
nomzodlarni tanlab olish tadbirlarining shaffof va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash;
nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va roʻyxatga olish;
taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish;
nomzodlarga tanlovni oʻtkazish va baholash tartibi boʻyicha tushuntirishlar, ularning savollariga javob berish;
tanlov tadbirlari oʻtkaziladigan joy va vaqt haqida nomzodlarni xabardor qilish;
tanlov tadbirlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoit yaratish;
tanlov natijalarining sifatli rasmiylashtirilishini (dalolatnoma, bayonlar va boshqalar) taʼminlash;
nomzodlarning shaxsga doir maʼlumotlari ularning roziligisiz oshkor qilinmasligini taʼminlash.
11. Tanlov tadbirlari tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi hamda tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshliqlari tomonidan oʻzaro kelishilgan holda belgilanadigan tegishli hududdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridan birining bazasida oʻtkaziladi.
Bunda zaruratga koʻra, tanlovning amaliy tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarning bazasida ham oʻtkazilishi mumkin.
12. Tanlov oʻquv yili davomida mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻining buyrugʻiga asosan oʻtkaziladi.
13. Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash tartibi, ularga qoʻyiladigan talablar haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan axborot stendlari tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlarida fuqarolarga koʻrinarli joylarga joylashtiriladi.
14. Nomzodlar tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq namunadagi ariza bilan bevosita tanlov tadbirlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin murojaat qilishlari mumkin. Bunda nomzod oʻz arizasiga unda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek, sogʻligʻining holati toʻgʻrisida tegishli shakldagi maʼlumotnomani ilova qilishi lozim.
15. Nomzodlarni ishga qabul qilish jarayonida talab etiladigan hujjatlar (maʼlumotlar) Tanlov komissiyasi kotibi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan roʻyxatga muvofiq “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali yoki qogʻoz shaklida (elektron tizim orqali olishning imkoni boʻlmaganda) soʻrab olinadi.
Nomzodning muomalaga layoqatsizligi yoki muomala layoqati cheklangani holatini tekshirish majburiyati Tanlov komissiyasiga yuklanadi.
Nomzodlarning hujjatlari Tanlov komissiyasi tomonidan oʻn besh ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha malaka talablariga javob beradigan fuqaro Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodlar roʻyxatiga kiritilgani yoki hujjatlaridagi kamchiliklar koʻrsatilgan holda, ularni bartaraf etgandan soʻng qayta murojaat qilishi mumkinligi toʻgʻrisida bir kun muddat ichida pochta yoki aloqaning boshqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
16. CHQBT rahbari lavozimiga tayinlanish uchun tanlovda qatnashuvchi nomzodlar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar kamida bir hafta oldin tanlov tadbirlarini oʻtkazish vaqti va joyi haqida Tanlov komissiyasi kotibi tomonidan pochta yoki aloqaning boshqa vositalari orqali xabardor qilinadi.
Tanlov tadbirlari boshlanishiga bir haftadan kam muddat qolganda murojaat qilgan nomzodlar keyingi tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.
17. Tanlov tadbirlari oʻtkaziladigan joylarga nomzodlar tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter, kitob, lugʻat va boshqa materiallarni olib kirish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, sinovlar vaqtida boshqa nomzodlar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
Ushbu talablarga rioya etmagan nomzodlar Tanlov komissiyasi aʼzolari ishtirokida tuzilgan dalolatnoma asosida tanlov tadbirlaridan chetlashtiriladi.
Tanlov tadbirlari videotasvirga olinadi.
18. Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi. Bunda nomzodlar ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan baholash koʻrsatkichlariga muvofiq baholanadi.
19. Tanlovning birinchi bosqichida (amaliy sinovlar) nomzodning:
pedagogik qobiliyati va mahoratini baholash maqsadida CHQBT fani dasturi doirasida nomzod tomonidan tanlangan mavzuda (mavzular roʻyxati Tanlov komissiyasi tomonidan oldindan taqdim etiladi) sinov mashgʻuloti oʻtkaziladi;
harbiy tayyorgarlik boʻyicha bilim va koʻnikmalarini baholash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomida belgilangan saf amallari, jismoniy tayyorgarlik, oʻq otish tayyorgarligi va fuqaro muhofazasi boʻyicha meʼyorlar bajariladi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash maqsadida nomzod tomonidan “Microsoft Word” dasturida 3 ta, “Microsoft Power Point” dasturida 3 ta, “Microsoft Excel” dasturida 3 ta topshiriq bajariladi.
20. Tanlovning ikkinchi bosqichida nomzodning yoshlar va yoshlarga oid davlat siyosati, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiya masalalariga doir hamda harbiy tayyorgarlik boʻyicha umumiy bilim darajasi test sinovlari oʻtkazish orqali baholanadi.
Bunda nomzod kompyuterda (avtomatik baholash funksiyasi bilan) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tuziladigan 40 ta test savoliga javob beradi.
21. Tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichlarida jami 40 balldan kam ball toʻplagan nomzodlarga tanlovning keyingi bosqichida (yakka tartibda suhbat) ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Tanlovning uchinchi bosqichida:
nomzod bilan jahondagi va (yoki) mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, taʼlim sohasidagi islohotlar, oʻqituvchilik kasbini tanlashining sababi kabi mavzularda yakka tartibda suhbat oʻtkaziladi;
nomzod tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, rasman chop etishga ruxsat etilgan darslik va qoʻllanmalari, pedagogik staji, pedagogika yoʻnalishida malaka oshirgani, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi harbiy xizmati) asosida uning bilim va koʻnikmalari ogʻzaki savol-javob oʻtkazish orqali aniqlanadi.
23. Tanlovning har bir bosqichida nomzodni baholash koʻrsatkichlari tanlov tadbirlari oʻtkazilgan kunning oʻzida tegishli baholash varaqalarida qayd etiladi hamda Tanlov komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda nomzodga imzo qoʻydirib, tanishtiriladi.
Tanlov yakunida nomzodlar tomonidan tanlov tadbirlarida koʻrsatgan natijalari Nomzodlarning umumiy koʻrsatkichlari varaqasida qayd etiladi hamda Tanlov komissiyasi raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda nomzodlarga imzo qoʻydirib tanishtiriladi.
Baholash varaqalarining namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Tanlov yakuni boʻyicha eng yuqori natija koʻrsatgan nomzod tanlovdan oʻtgan deb hisoblanadi hamda Tanlov komissiyasining bayonnoma bilan rasmiylashtiriladigan qarori asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasasining boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimiga tayinlashga tavsiya etiladi.
25. Nomzod oʻzi tanlovda qatnashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida eng yuqori natija koʻrsatmagan, lekin tanlovda koʻrsatgan natijasi boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tanlovda qatnashgan nomzodlarning natijalaridan yuqori boʻlsa, unga ushbu umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi tanlov oʻtkazilgan boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimiga ishga qabul qilishda ustuvorlik beriladi.
26. Tanlov komissiyasi tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasasining boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimiga tayinlashga tavsiya etilgan shaxslar bilan tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi oʻrtasida uch ish kuni ichida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuziladi.
Mehnat shartnomasida umumiy oʻrta taʼlim muassasasi rahbari bilan kelishilgan holda xodim uchun mehnat shartlari hamda mehnat munosabatlariga oid masalalar qayd etiladi.
Xodimning mehnat shartnomasida qayd etilgan mehnat shartlarini bajarish uchun ishga kirishish sanasi mehnat shartnomasi ish beruvchi bilan xodim tomonidan imzolangan kundan boshlanadi.
Mehnat shartnomasi tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻining xodimni lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻini qabul qilish uchun asos boʻladi.
27. CHQBT rahbari lavozimiga tayinlangan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmasi orqali besh kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining hududiy boshqarmalariga taqdim etiladi.
3-bob. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
28. Tanlov natijalaridan, tuman (shahar) tanlov komissiyalari qaroridan norozi boʻlgan nomzodlar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
29. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlarining buyrugʻi bilan, besh kishidan kam boʻlmagan toq tarkibda doimiy faoliyat yurituvchi Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlarining Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish haqidagi buyruqlarida belgilanadi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Tanlov komissiyasi aʼzolarining kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Apellyatsiya komissiyasining tarkibi quyidagilardan iborat boʻladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari, Apellyatsiya komissiyasi raisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududiy boshqarmalarining malakali mutaxassislari, Apellyatsiya komissiyasi raisi oʻrinbosari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari va tegishli kasaba uyushmasi boʻlinmasi (boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti)ning malakali mutaxassislari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasining tegishli boʻlimi boshligʻi, komissiya kotibi.
31. Apellyatsiya komissiyasining majlisi, agar unda aʼzolarning yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.
32. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida murojaat qilgan nomzod ishtirokida yoki uning yozma roziligi asosida nomzod ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasi kotibi shikoyatni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida kamida bir ish kuni oldin nomzodni xabardor qiladi.
33. Apellyatsiya komissiyasi tanlov jarayonida nomzodning bergan javoblari, bajargan amaliy mashqlari aks etgan videotasvirlarni koʻrib chiqadi hamda toʻldirilgan varaqalar asosida masalani atroflicha oʻrganadi.
Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyatni koʻrib chiqish davomida nomzodga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi:
nomzodning tanlov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tanlovning shikoyat qilingan natijalarini oʻzgartirish. Bunda nomzod tanlovda koʻrsatgan natijasi oʻzgarishi oqibatida eng yuqori natija koʻrsatsa, umumiy oʻrta taʼlim muassasasining boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimiga tayinlashga tavsiya etiladi, aksincha boʻlganda esa tavsiya etilmaydi.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda nomzodning tanlovda koʻrsatgan natijasini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Apellyatsiya komissiyasi qarorining nusxasi murojaat etuvchiga qaror qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida taqdim etiladi.
4-bob. CHQBT rahbarlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularga malaka toifasi hamda harbiy unvon berish
36. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari CHQBT rahbari lavozimlarini kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtab, rezervga boʻshatilgan yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega shaxslar bilan sifatli butlash maqsadida harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilishidan kamida uch oy avval kelgusida CHQBT rahbari sifatida faoliyat yuritish istagini yozma ravishda bildirgan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga mansub oliy maʼlumotli kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar uchun Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti, Fargʻona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika instituti harbiy tayyorgarlik fakultetlaridan birining bazasida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi mumkin.
37. CHQBT rahbarlarining malakasi har besh yilda bir marotaba Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti, Fargʻona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika instituti harbiy tayyorgarlik fakultetlari bazasida tegishli oʻquv dasturlari boʻyicha oshiriladi. Ilgari malaka oshirishdan oʻtmagan va ishga yangi qabul qilingan CHQBT rahbarlariga yoki birinchi bor ishga kirgan CHQBT rahbarlari kasbiy faoliyatiga uch yil toʻlgandan soʻng malaka oshirishga jalb etiladi.
Malaka oshirish kurslarida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni oʻquv jarayonida qoʻllash boʻyicha mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti mutaxassislari jalb qilinadi.
Ushbu mashgʻulotlar tahsil oluvchilarning faoliyat yuritish joyining uzoqligi hamda CHQBT fani tadbirlari xususiyatlaridan kelib chiqib, onlayn tarzda ham oʻtkazilishi mumkin.
38. CHQBT rahbarlariga malaka toifalari taʼlim muassasalari pedagog xodimlariga malaka toifalarini berish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq beriladi.
39. CHQBT rahbari lavozimiga tanlov asosida qabul qilingan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi haqiqiy harbiy xizmatdan yosh boʻyicha (harbiy xizmatda boʻlish yoshi chegarasiga yetganda) yoki sogʻligʻining holatiga koʻra rezervga boʻshatilgan ofitserlar, oliy maʼlumotli oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning haqiqiy harbiy xizmatni oʻtash davrida olgan oxirgi malaka toifasi pedagogik malaka toifasiga quyidagicha tenglashtiriladi hamda bazaviy tarif stavkasini belgilashda inobatga olinadi:
“Master” — oliy malaka toifasiga;
“I daraja” — birinchi malaka toifasiga;
“II daraja” — ikkinchi malaka toifasiga.
Keyinchalik ushbu malaka toifalari pedagog kadrlar uchun belgilangan tartibda oshirib (tasdiqlab yoki tushirib) boriladi.
40. CHQBT rahbarlariga navbatdagi harbiy unvon berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy yigʻinlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
41. Harbiy yigʻinlarning nazorat sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan va pedagogik malaka toifasiga ega boʻlgan shaxslarga navbatdagi harbiy unvon Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda beriladi.
42. Harbiy yigʻinlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga yuklanadi. Bunda harbiy okruglar poligonlaridan oʻquv-moddiy baza sifatida foydalanish bilan birga oliy harbiy taʼlim muassasalari, shu jumladan, Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti, Fargʻona davlat universiteti hamda Buxoro davlat pedagogika instituti harbiy tayyorgarlik fakultetlari professor-oʻqituvchilari tarkibidan vakillar harbiy yigʻin maʼmuriyati tarkibiga kiritiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
43. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
44. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

1. Boʻsh (vakant) boʻlgan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda — CHQBT) rahbari lavozimlari va tanlov oʻtkazish joyi, kuni va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Milliy vakansiyalar bazasi (ish.mehnat.uz) hamda oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi.

Doimiy

Tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari

2. CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash tartibi, ularga qoʻyiladigan talablar haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan axborot stendlarini tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlariga joylashtiradi.

2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari

Tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari kesimida CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash boʻyicha tanlov komissiyasini (keyingi oʻrinlarda — Tanlov komissiyasi) tuzadi.

Har yil 1-yanvargacha

3-bosqich

Nomzodlar

CHQBT rahbari lavozimiga ishga qabul qilish uchun ariza (tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda) topshiradi.

Tanlov tadbirlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin

4-bosqich

Tanlov komissiyasi

1. Nomzodlarning hujjatlarini oʻrganib chiqadi.

Oʻn besh ish kuni ichida

2. Malaka talablariga javob beradigan fuqaroni nomzodlar roʻyxatiga kiritadi.

Bir ish kuni ichida

3. Hujjatlarida kamchiliklari boʻlgan fuqaroni ularni bartaraf etgandan soʻng qayta murojaat qilishi mumkinligi haqida xabardor qiladi.

Bir ish kuni ichida

4. Nomzodlar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolarni tanlov oʻtkazish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi.

Tanlov boshlanishidan kamida bir hafta oldin

5-bosqich

Tanlov komissiyasi

Tanlovni quyidagi uch bosqichda oʻtkazadi:

amaliy sinovlar;

nazariy sinovlar;

yakka tartibda suhbat.

Belgilangan muddatlarda

6-bosqich

Tanlov komissiyasi

Tanlov natijasi boʻyicha rasmiylashtirilgan bayonnomaga muvofiq eng yuqori natija koʻrsatgan nomzodni CHQBT rahbari lavozimiga tayinlashga tavsiya etadi.

Tanlov yakuni boʻyicha

7-bosqich

Tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi

Tanlov komissiyasining bayonnomasiga muvofiq boʻsh (vakant) CHQBT rahbari lavozimiga tayinlashga tavsiya etilgan shaxslar bilan mehnat shartnomasi tuzadi.

Uch ish kunida

8-bosqich

Nomzodlar

Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, Tanlov komissiyasi qarori ustidan shikoyat qiladi.

Tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida

Apellyatsiya komissiyasi

Murojaatni nomzod ishtirokida yoki uning yozma roziligi asosida nomzod ishtirokisiz koʻrib chiqadi.

Shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

______________________ (viloyati) ______________ tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga

Ariza

Sizdan ___-son umumiy oʻrta taʼlim muassasasi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga ishga qabul qilish uchun oʻtkaziladigan tanlovda qatnashish uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritishingizni soʻrayman.

Oʻzim haqimda quyidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etaman:

1.

Nomzodning F.I.O.

2.

Yashash manzili (respublika, viloyat, tuman, shahar, qishloq, ovul, koʻcha, xonadon raqami)

3.

JSHSHIR

4.

Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta (seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan)

5.

Xorijga chiqish biometrik pasporti — agar mavjud boʻlsa (seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan)

6.

Telefon raqami

7.

Maʼlumoti (qachon, qaysi oliy harbiy taʼlim muassasasini (oliy taʼlim muassasasini) tamomlagan)

8.

Diplom boʻyicha mutaxassisligi (diplom seriyasi, raqami, berilgan sanasi va uni bergan taʼlim muassasasining nomi)

9.

Malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — agar mavjud boʻlsa (seriyasi, raqami, qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgan)

10.

Malaka toifasiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — agar mavjud boʻlsa (seriyasi, raqami, qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgan, ixtisoslik boʻyicha toifasi)

11.

Umumiy ish staji — agar mavjud boʻlsa, shundan boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun talab etiladigan mutaxassislik boʻyicha

12.

Harbiy xizmatdan (xizmatdan) rezervga (isteʼfoga) boʻshatish haqidagi buyruq raqami va sanasi

13.

Oxirgi ish joyi boʻyicha elektron yoki tasdiqlangan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasidan koʻchirma

14.

Harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishlicha harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma

15.

Jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasi, birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno

Oʻzim haqimdagi (shaxsga doir) maʼlumotlardan foydalanishga rozilik bildiraman.

______________

__________________________

(imzo)

(F.I.O.)

20___ yil “___” ____________

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Nomzodlarni ishga qabul qilish jarayonida Tanlov komissiyasi tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadigan
MAʼLUMOT VA HUJJATLAR

T/r

Maʼlumot va hujjat nomi

Maʼlumot va hujjatlarni taqdim etishga masʼul vazirlik va idoralar

1.

Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumot

Sogʻliqni saqlash vazirligi

2.

Narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumot

3.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotlari

4.

Sudlanganlik haqida maʼlumot

Ichki ishlar vazirligi

5.

Manzil-maʼlumot axboroti

Ichki ishlar vazirligi, Davlat personallashtirish markazi

6.

Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta maʼlumotlari

7.

Shaxsning fotosurati

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
CHQBT rahbari lavozimiga nomzodlarni baholash koʻrsatkichlari

T/r

Sinov turi

Baholash mezonlari (ball)

5 baho

4 baho

3 baho

2 baho

Alohida koʻrsatkich

I. Amaliy sinovlar

1.

CHQBT fani dasturi doirasida sinov mashgʻuloti oʻtkazish

30

15

5

0

2.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomida belgilangan saf amallari, jismoniy tayyorgarlik, oʻq otish tayyorgarligi va fuqaro muhofazasi boʻyicha meʼyorlarni bajarish

20

15

10

0

3.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirganlik darajasi

10

7

5

0

II. Nazariy sinovlar

4.

Yoshlar va yoshlarga oid davlat siyosati, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiya masalalariga doir hamda harbiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari

40

30

20

0

Har bir toʻgʻri javob uchun 1 balldan beriladi

Jami sinovlar boʻyicha ballar:

100

67

40

0

III. Yakka tartibda suhbat

5.

Jahondagi va (yoki) mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, taʼlim sohasidagi islohotlar, oʻqituvchilik kasbini tanlashining sababi kabi mavzularda suhbat oʻtkazish

15

10

5

0

6.

Ilmiy darajasi uchun:

fan doktori (DSc)

25

falsafa doktori (PhD)

15

7.

Ilmiy unvoni uchun:

professor

15

dotsent (kichik ilmiy xodim)

10

8.

Rasman chop etishga ruxsat etilgan darslik va qoʻllanmalari uchun:

yakka mualliflikda

10

hammualliflikda

5

9.

Pedagogik staji uchun:

2 yil

4

4 yil

8

5 yil va undan ortiq

10

10.

Pedagogika yoʻnalishida malaka oshirgani uchun

10

11.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi harbiy xizmati uchun:

5 — 10 yil

5

10 yildan ortiq

10

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 688-son qaroriga
2-ILOVA
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qarori bilan tashkil etilgan “Jasorat maktablari”ga (keyingi oʻrinlarda — Jasorat sinflari) oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jasorat sinflarining asosiy maqsadi oʻquvchilarni harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatni oʻtashda zarur boʻladigan dastlabki harbiy va ijodiy koʻnikmalarni shakllantirish, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun maqsadli tayyorlashdan iborat.
3. Quyidagilar Jasorat sinflarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
harbiy-sport musobaqalari, intellektual viktorinalar va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish;
robototexnika, kelajak oʻyinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport oʻyinlari kabi toʻgarak mashgʻulotlariga oʻquvchilarni jalb qilish;
oʻquvchilarda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga, uning madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari sifatlarni, shuningdek, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantirish;
mamlakatimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo, sohibqiron Amir Temurning bebaho merosi, Vatanimiz ozodligi hamda el-yurt tinchligi yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan vatandoshlarimizning qahramonligi asosida Oʻzbekiston xalqiga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlarni tarbiyalash.
4. Jasorat sinflarida taʼlim jarayonlari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan oʻquv reja hamda dasturlari asosida tashkil etiladi.
5. Jasorat sinflariga oʻquvchilar belgilangan yillik qabul parametri doirasida (bitta sinfga 26 nafar oʻquvchi) 5-sinfdan boshlab qabul qilinadi.
6. Jasorat sinflariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
7. Jasorat sinflarida oʻqish muddati yetti yilni tashkil qiladi.
8. Jasorat sinflari oʻquvchilarining kiyim-bosh namunalari va kiyinish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Jasorat sinflariga oʻquvchilar ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq qabul qilinadi.
2-bob. Jasorat sinflariga oʻquvchilarni qabul qilish
10. Jasorat sinflariga oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalariga koʻra qabul qilinadi.
Jasorat sinflariga oʻquvchilar ushbu Nizom talablariga muvofiq qabul komissiyasi tomonidan tanlab olinadi va oʻqishga qabul qilinadi.
11. Jasorat sinflari tashkil etilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish, jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlar oʻtkazish, test sinovini oʻtkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash va ota-onalarning (qonuniy vakilning) murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Vazirlik, Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda uning tizimidagi tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning (keyingi oʻrinlarda — Hamkor tashkilotlar) masʼul vakillaridan iborat tarkibda qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi) shakllantiriladi.
12. Qabul komissiyasining tarkibi Agentlik direktori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Qabul komissiyasi 7 nafardan kam boʻlmagan toq sonda komissiya raisi, komissiya raisi oʻrinbosari, komissiya kotibi va uning aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
13. Qabul komissiyasi:
kirish imtihonlari materiallarini Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tayyorlaydi;
har bir Jasorat sinfi boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hujjatlari qabul qilingan oʻquvchilarning roʻyxatini shakllantiradi, ularni kirish imtihonlari shartlariga mos ravishda guruhlarga taqsimlaydi;
kirish imtihonlari uchun apellyatsiya komissiyalariga malakali mutaxassislarni jalb etadi hamda ularning tarkibini tasdiqlaydi;
kirish imtihonlarini tashkil etadi hamda ularning natijalarini eʼlon qiladi.
14. Qabul komissiyasi tomonidan har bir Jasorat sinfi boʻyicha alohida ishchi guruh tarkibi shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
15. Ishchi guruh:
oʻquvchilarning hujjatlari ushbu Nizom talablari asosida taqdim etilganini oʻrganadi;
oʻrganish natijasida oʻquvchining hujjatlarini qabul qilish, tahrirlashga yuborish yoki qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
hujjatlari tahrirlashga yuborilgan yoki qabul qilinishi rad etilgan hollarda tahrirlashga yuborish yoxud rad etish sabablarini aniq koʻrsatgan holda, oʻquvchilarning shaxsiy kabinetiga yoki telefon raqamiga “SMS” shaklida xabar yuboradi;
kirish imtihonlari oʻtkaziladigan joylarni talab darajasida tayyorlaydi;
oʻquvchilarni, ularning ota-onalarini (qonuniy vakilini) kirish imtihonlari shartlari bilan tanishtiradi, kirish imtihonlari oʻtkaziladigan joyi va vaqti toʻgʻrisida shaxsiy kabinetga yoki bogʻlanish uchun taqdim etilgan telefon raqamiga “SMS” shaklida xabar yuborish orqali ogohlantiradi;
tasdiqlangan jadval asosida murojaat qiluvchilarga maslahat berib boradi;
qabul qilingan hujjatlarning kunlik monitoringini yuritadi va qabul komissiyasiga kunlik axborot kiritadi;
oʻquvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakili) tomonidan beriladigan savollarga javob tayyorlash va ularni veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommaga taqdim etish choralarini koʻradi.
16. Hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida oʻn ish kuni oldin qabul komissiyasi tomonidan Vazirlik va Agentlikning rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari hamda qabul parametrlari toʻgʻrisida eʼlon qilinadi.
17. Jasorat sinflariga kirish uchun oʻquvchilarning hujjatlari yigirma ish kunidan kam boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
18. Kirish imtihonlari barcha Jasorat sinflari uchun bir vaqtda oʻtkaziladi. Oʻquvchi hujjatlarini faqat bitta Jasorat sinfiga topshirishi mumkin.
19. Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining tegishli sinfida oʻqishni toʻliq tamomlagan oʻquvchilarning Jasorat sinflarining shunday sinfida takroran oʻqishiga ruxsat berilmaydi.
20. Jasorat sinflariga oʻquvchilarning quyidagi hujjatlari onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinadi:
oʻquvchilarning tegishli oʻquv yili natijasiga koʻra baholar tabelining umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
oʻquvchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va ularning ota-onalari (qonuniy vakili) biometrik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-karta) maʼlumotlari, bogʻlanish uchun mobil telefon raqamlari.
Hujjat topshirish jarayonida oʻquvchilarning ota-onalari (qonuniy vakili) kirish imtihonlari shartlari va talablari bilan tanishgani toʻgʻrisidagi onlayn ofertani tasdiqlaydi.
21. Hujjatlarni belgilangan muddatlarda, toʻgʻri va sifatli taqdim etish boʻyicha masʼuliyat oʻquvchilarning ota-onalari (qonuniy vakili) zimmasiga yuklanadi.
22. Oʻquvchilarning hujjatlari ishchi guruh tomonidan (24 soat ichida) koʻrib chiqilgandan soʻng ularga hujjatlar qabul qilingani, tahrirlashga yuborilgani yoki rad etilgani toʻgʻrisida xabar yuboriladi.
23. Quyidagi hollarda hujjatlar tahrirlashga yuboriladi:
ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa;
taqdim etilgan hujjatlardagi, muhrdagi yozuvlar oʻqib boʻlmaydigan holda nusxalangan boʻlsa.
24. Hujjatlar tahrirlash uchun yuborilganda, oʻquvchilarga koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar toʻgʻrilashga ruxsat beriladi.
Hujjatlarni qabul qilish muddati tugagandan soʻng maʼlumotlarni oʻzgartirishga ruxsat berilmaydi.
25. Quyidagi hollarda oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish rad etiladi:
oʻquvchi belgilangan muddatlardan keyin kirish imtihonida ishtirok etish xohishini bildirsa;
taqdim etilgan hujjatlarning qalbaki ekanligi aniqlansa;
oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa.
26. Oʻquvchilarning ota-onalari (qonuniy vakili) hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar taqdim etilgan arizani qaytarib olish yoki bekor qilish huquqiga ega.
27. Har yil iyul oyida Jasorat sinflariga kirish uchun jismoniy tayyorgarlik va tegishli fanlar boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi.
Kirish imtihonlari davlat tilida (Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzbek yoki qoraqalpoq tilida) yoxud oʻquvchi taʼlim olgan boshqa tilda oʻtkaziladi.
28. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda umumiy oʻrta taʼlimning 4-sinf uchun moʻljallangan oʻquv dasturi doirasida har bir oʻquvchiga 5 tadan jismoniy mashqlar beriladi.
Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov 50 balli tizimda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining turlari va mezonlariga muvofiq oʻtkaziladi.
Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlarga Hamkor tashkilotlarning hududdagi harbiy qismlaridan jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassislar jalb etiladi.
29. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlarga oʻz vaqtida kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha sinovlar oʻtkazilmaydi.
30. Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻquvchilar, ularning ota-onalari (qonuniy vakili) test sinovlarini oʻtkazish sanasi, joyi va vaqti toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
31. Test sinovlari oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha imtihon materiallari spetsifikatsiyasi Vazirlik tomonidan har yil imtihon boshlanishidan bir oy oldin eʼlon qilinadi.
32. Test sinovlari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinf dasturlariga muvofiq ona tili va matematika fanlaridan tashkil etiladi.
Bunda matematika fani topshiriqlariga mantiqiy savollar ham kiritiladi.
Test topshiriqlari kitobida matematika uchun 30 ta, ona tili uchun 20 ta topshiriq belgilanadi. Umumiy 50 balli tizimda baholanadi hamda har bir toʻgʻri javob uchun 1 balldan qoʻyiladi.
Test topshiriqlarini bajarish boʻyicha har bir savol uchun 2 daqiqa vaqt beriladi.
Javoblar varaqasini toʻldirish uchun oʻquvchilarga belgilangan vaqt meʼyoridan tashqari qoʻshimcha 10 daqiqa vaqt ajratiladi.
33. Test sinovlariga oʻz vaqtida kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
34. Nomzodlar kirish imtihoni natijalari boʻyicha teng ball toʻplagan taqdirda, ushbu Nizomning 28-bandiga muvofiq jismoniy tayyorgarlik boʻyicha yuqori ball toʻplagan nomzodga ustunlik beriladi.
Bunda nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik sinovi boʻyicha toʻplagan ballari teng boʻlgan hollarda jismoniy mashqlarda yuqori natija koʻrsatgan nomzod oʻqishga qabul qilinadi.
3-bob. Kirish imtihonlari natijalarini eʼlon qilish
35. Kirish imtihonlarining yakuniy natijalari test sinovlari oʻtkazilgan kundan keyin yigirma ish kuni ichida Vazirlik va Agentlikning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
36. Kirish imtihonlarining (test va jismoniy tayyorgarlik sinovlari) natijasiga koʻra eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar belgilangan qabul parametri doirasida ballar ketma-ketligiga qatʼiy amal qilgan holda Jasorat sinflariga qabul qilinadi.
37. Oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, natija eʼlon qilingan vaqtdan boshlab uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
38. Kirish imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilarning murojaatlari Agentlikda tegishli mutaxassislardan iborat tarkibda tuzilgan Apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasiga Agentlik direktori oʻrinbosari raislik qiladi.
39. Apellyatsiya komissiyasi oʻquvchilarning murojaatini oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
40. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga jismoniy tayyorgarlik va test sinovida qatnashgan xodimlar kiritilmaydi.
41. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish;
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish.
42. Apellyatsiya komissiyasi quyidagi holatlarda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qiladi:
apellyatsiya shikoyati apellyatsiya berish muddatlarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topmasa.
43. Oʻquvchi tomonidan apellyatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda, jismoniy tayyorgarlik va (yoki) test sinovlari natijasida oʻquvchining toʻplagan ballarini oʻzgartirish toʻgʻrisida Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinadi.
44. Oʻquvchi va uning ota-onasi (qonuniy vakili) Apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat etish huquqiga ega.
45. Kirish imtihonlari natijalari boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar yangi oʻquv yili boshlangunga qadar qatʼiy ketma-ketlikda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktorining tegishli buyrugʻi bilan Jasorat sinflariga qabul qilinadi.
46. Jasorat sinflariga oʻquvchilar qabuli natijalari boʻyicha maʼlumotlar Vazirlik tomonidan har yil 10-sentabrga qadar umumlashtirilib, Jasorat sinflari biriktirilgan Hamkor tashkilotlarga maʼlumot uchun taqdim etiladi.
47. Jasorat sinflarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning boshqa (oddiy) sinfga yoki boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻqishi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish hamda oʻquvchilarni bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentida belgilangan tartibda koʻchiriladi.
48. Jasorat sinflari tashkil etilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boʻshab qolgan oʻrinlarga, kirish imtihonlarida ishtirok etib, belgilangan yillik qabul parametri doirasidan kelib chiqib qabul qilinmay qolgan oʻquvchilar ballar qatʼiy ketma-ketligida qabul qilinadi.
Agar oʻquvchining ota-onasi (qonuniy vakili)dan rad javobi olinsa, ballar reytingi boʻyicha navbatdagi yuqori ball toʻplagan oʻquvchi chaqirib olinadi.
Ushbu bandda belgilangan talablar faqatgina Jasorat sinflari tashkil etilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 5-sinf oʻquvchilari uchun joriy oʻquv yilining birinchi yarim yilligida tatbiq etiladi.
4-bob. Jasorat sinflarida oʻquv-tarbiya jarayoni
1-§. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish
49. Jasorat sinflarida umumiy oʻrta taʼlim fanlari soatlarini maqbullashtirish hisobidan matematika, fizika, tarix, chet tili, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda — CHQBT) va jismoniy tarbiya fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.
CHQBT fani oʻquv dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishilgan holda, matematika, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili hamda fizika fanlari oʻquv dasturlari esa Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
50. Jasorat sinflarida oʻqish muddati yetti yil boʻlib, taʼlim 5 — 11-sinflarda olib boriladi.
51. Jasorat sinflarida oʻquvchilar bilan dars va darsdan tashqari mashgʻulotlar oʻtkazishda turli zamonaviy shakllar va usullardan, shu jumladan, oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha fakultativ va toʻgarak mashgʻulotlari hamda oʻquvchilarni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash tadbirlaridan foydalaniladi.
52. Jasorat sinflari oʻquvchilari uchun oʻqish, dam olish va turli tadbirlarni qoʻshib olib borishga qaratilgan kun tartibi tuziladi.
53. Jasorat sinflarining 9-sinfini yakunlagan oʻquvchilarga tayanch oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma, 11-sinfini tamomlagan oʻquvchilarga umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi.
54. Jasorat sinflarini yakunlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma boshqa taʼlim muassasalariga kirishda qoʻshimcha imtiyoz bermaydi.
55. Jasorat sinflarini aʼlo baholar bilan tamomlagan, har bir “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi boʻlgan bir nafar oʻquvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
56. Jasorat sinflarida oʻquv jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq tashkil etiladi.
2-§. Oʻquv-tarbiya jarayoni ishtirokchilari
57. Jasorat sinflaridagi oʻquv-tarbiya jarayoni ishtirokchilariga oʻquvchilar, ularning ota-onalari (qonuniy vakili), pedagog xodimlar va ularning vakillari kiradi.
58. Oliy maʼlumotli, taʼlim muassasalari oʻqituvchilariga qoʻyiladigan malaka talablariga javob beruvchi shaxslar Jasorat sinflarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egadirlar.
Jasorat sinflaridagi CHQBT rahbari lavozimiga fuqarolar Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari lavozimiga nomzodlarni saralash va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ishga qabul qilinadi hamda ularning faoliyati tashkil etiladi.
59. Jasorat sinflarida dars beradigan pedagog kadrlar malakasi Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oshiriladi va ular attestatsiyadan oʻtkaziladi.
60. Jasorat sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq haq toʻlanadi.
61. Jasorat sinflariga biriktiriladigan CHQBT rahbarlariga maktab oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi bilan birga tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari fuqaro xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, ustama haq, qoʻshimcha toʻlov, ragʻbatlantirish va moddiy yordam koʻrsatish shartlari ham tatbiq etiladi.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbariyati Jasorat sinflari oʻquvchilarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan oʻqish va dam olish sharoitlariga rioya etishi uchun javob beradi.
62. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbariyati Jasorat sinflari faoliyatini nazorat qiladi, oʻquvchilarga sifatli taʼlim va tarbiya berilishi, oʻquv reja hamda dasturlarining bajarilishi, Jasorat sinflarining oʻquv-metodik jihatdan sifatli taʼminlanishi uchun javob beradi.
63. Quyidagilar Vazirlikning Jasorat sinflari faoliyatini tashkil etishga doir vazifalari hisoblanadi:
vazirlik va idoralar bilan birgalikda Jasorat sinflariga oʻquvchilarni qabul qilishni tashkil etish;
pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish;
oʻquv-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini taʼlim dasturlari hamda oʻquv-tarbiya jarayoniga samarali joriy etish boʻyicha amaliy ilmiy-metodik yordam koʻrsatish;
oʻquv, oʻquv-metodik adabiyotlar va koʻrgazmali qoʻllanmalar ishlab chiqish hamda Jasorat sinflariga elektron koʻrinishda yetkazish;
oʻquvchilarni jasorat, huquqiy, maʼnaviy-axloqiy va estetik tarbiyalashni taʼminlaydigan kompleks maʼnaviy-maʼrifiy hamda tarbiyaviy ishlarni tashkil etish va amalga oshirish;
vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Jasorat sinflari oʻquvchilarini aniq maqsadni koʻzlagan holda kasbga yoʻnaltirish;
oʻquvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga aloqador boʻlgan vazirlik va idoralar bilan oʻzaro samarali hamkorlik qilishni tashkil etish va nazorat qilish;
Jasorat sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini zarur hollarda oʻqitishning zamonaviy texnik vositalari, kompyuter texnikasi va tegishli oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash;
Jasorat sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining maʼmuriy, moliyaviy va xoʻjalik faoliyatini, shuningdek, moddiy-texnik taʼminotidan samarali foydalanilishini nazorat qilish;
Jasorat sinflari oʻquvchilarining robototexnika, kelajak oʻyinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport oʻyinlari kabi toʻgaraklarga qatnashishlari hamda harbiy poligonlarda amaliy otish mashqlarini bajarishlari va davlat muzeylariga tashrif buyurishlarini tashkil etish;
yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish va Jasorat sinflari bitiruvchilariga shahodatnoma berish.
64. Quyidagilar Hamkor tashkilotlarning Jasorat sinflari faoliyatini tashkil etishga doir vazifalari hisoblanadi:
jismoniy tayyorgarlik va test sinovlari tashkil etiladigan joylarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrish;
Jasorat sinflarida oʻquv-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etishda, harbiy mavzudagi ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini taʼlim dasturlariga va oʻquv jarayoniga joriy etishda amaliy metodik yordam koʻrsatish;
chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani dasturiga muvofiq Jasorat sinflarini oʻquv qurol-aslaha va vositalari, harbiy mavzudagi oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalar bilan taʼminlash;
Jasorat sinflari oʻquvchilari bilan tegishli harbiy qism va muassasalarning bazasida oʻq otish, maxsus tayyorgarlik fanlari boʻyicha (shu jumladan, dala sharoitlarida ham) amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashish;
Jasorat sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida harbiy-sport turlari boʻyicha tarmoq toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ular boʻyicha musobaqa va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish;
tegishli harbiy taʼlim muassasalarini oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, Jasorat sinflariga uslubiy yordam koʻrsatuvchi muassasa sifatida biriktirish tizimini joriy etish;
oʻquv yili davomida harbiy poligonlarda kamida ikki marta, har chorakda bir marta harbiy qismlarning oʻquv-moddiy bazasida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish;
Vazirlik bilan birgalikda idoralararo guruh tomonidan ishlab chiqilgan CHQBT fani oʻquv dasturi samaradorligini monitoring qilish;
Jasorat sinflariga oʻquvchilarni qabul qilish, bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonlarida qatnashish.
65. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Jasorat sinflari faoliyatini tashkil etishga doir vazifalari hisoblanadi:
jismoniy tayyorgarlik sinovlarini topshirishda ishtirok etadigan oʻquvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda (tegishli shakldagi tibbiy maʼlumotnoma) yaqindan yordam berish;
test va jismoniy tayyorgarlik sinovlari oʻtkaziladigan joylarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga mos boʻlishini taʼminlash hamda tez tibbiy yordam brigadalari navbatchiligini tashkil etish.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
66. Jasorat sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq moliyalashtiriladi.
67. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
68. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiya jarayonni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Jasorat sinflariga oʻqishga qabul qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Agentlik,

Qabul komissiyasi

Jasorat sinflariga tanlov haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi.

Hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida oʻn ish kuni oldin

2-bosqich

Agentlik,

Qabul komissiyasi

Nomzodlarning hujjatlarini qabul qiladi.

Yigirma ish kunidan kam boʻlmagan muddatda

3-bosqich

Qabul komissiyasi

1. Test sinovlarini oʻtkazadi.

2. Jismoniy tayyorgarlik sinovlarini oʻtkazadi.

Har yil iyul oyida

4-bosqich

Qabul komissiyasi

Kirish imtihonlarining yakuniy natijalarini eʼlon qiladi.

Har yil avgust oyining birinchi oʻn kunligida

5-bosqich

Maktab direktori

Nomzodlarni Jasorat sinflari oʻquvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi.

Yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 688-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-avgustdagi 500-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni saralab olish va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 25-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “professional” soʻzi “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 26-banddagi “professional” va “oʻqituvchilarini” soʻzlari tegishlicha “kasbiy” va “rahbarlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 27-bandning ikkinchi xatboshisidagi “oʻqituvchilari” soʻzi “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
g) 70-banddagi “professional” soʻzi “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
d) 1-ilovaning “2-bosqich” pozitsiyasi “Oʻtkaziladigan tadbirlar (oʻtkazish joyi)” ustunida:
1-banddagi “oʻqituvchilarini” va “professional” soʻzlari tegishlicha “rahbarlarini” va “kasbiy” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-banddagi “oʻqituvchilari” soʻzi “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 24-banddagi “yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash oʻqituvchilarini” soʻzlari “chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 25-bandning ikkinchi xatboshisidagi “yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash oʻqituvchilari” soʻzlari “chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidagi “fani rahbarlari va oʻqituvchilari” soʻzlari “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “taʼlim muassasalarining yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash” soʻzlari “taʼlim muassasalaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “taʼlim muassasalarining yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash oʻqituvchilariga” soʻzlari “taʼlim muassasalaridagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshidagi “boshlangʻich professional” soʻzlari “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
g) 37-bandning yettinchi xatboshisidagi “yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlashda” soʻzlari “chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 57-banddagi “professional” soʻzi “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
e) 1-ilovaning “3-bosqich” pozitsiyasida:
“Subyektlar” ustunidagi “fani rahbarlari va oʻqituvchilari” soʻzlari “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Tadbirlar” ustunidagi “fani (CHQBT) oʻqituvchilarini” va “CHQBT oʻqituvchilari” soʻzlari tegishlicha “(CHQBT) rahbarlarini” va “CHQBT rahbarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qarorida:
a) 1-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2024-yil 15-yanvardan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilariga” soʻzlari “chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbarlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 6-bandning ikkinchi xatboshisidagi “fani oʻqituvchilari” soʻzlari “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
1 va 2-bandlardagi “boshlangʻich professional” soʻzlari “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
5-bandning uchinchi xatboshisidagi “umumharbiy nizomlari” soʻzlari “harbiy nizomlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“masʼul organlarning CHQBTni tashkil etish va rejalashtirishga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi CHQBT rahbarlari faoliyatini tashkil etadi”;
toʻrtinchi xatboshidagi “umumharbiy nizomlari” soʻzlari “harbiy nizomlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi xatboshidagi “fani oʻqituvchilari” soʻzlari “rahbarlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn uchinchi xatboshidagi “boshlangʻich professional” soʻzlari “kasbiy” soʻzi bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshidagi “oʻqituvchilar” soʻzi “CHQBT rahbarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn birinchi — oʻn beshinchi xatboshilardagi tegishli son va kelishikdagi “CHQBT fani oʻqituvchisi” soʻzlari tegishli son va kelishikdagi “CHQBT rahbari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-bandning toʻrtinchi xatboshisi, 13-bandning toʻrtinchi xatboshisi, 4 va 5-boblarning nomi, 30-band, 31-bandning birinchi — uchinchi xatboshilari, 33 va 34-bandlar, 35-bandning beshinchi — yettinchi xatboshilari, 36-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari, 7-bobning nomi, 38-band hamda 39-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi tegishli son va kelishikdagi “CHQBT fani oʻqituvchisi” soʻzlari tegishli son va kelishikdagi “CHQBT rahbari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
17-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Harbiy poligonlardagi bir kunlik amaliy mashgʻulotlarga bitiruvchi sinf va kurslardagi qizlar oʻz xohishiga koʻra jalb etilishi mumkin”;
21-banddagi “koʻchmas” soʻzi chiqarib tashlansin;
28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. CHQBT rahbari tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi tavsiyasiga koʻra taʼlim muassasasi direktori tomonidan ishga qabul qilinadi va ishdan boʻshatiladi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar tizimidagi taʼlim muassasalari bundan mustasno. Ishga qabul qilinayotgan nomzodning maʼlumoti, harbiy, jismoniy va pedagogik tayyorgarligining saviyasi, shuningdek, tashkilotchilik qobiliyati hamda uslubiy koʻnikmalari puxta shakllangani hisobga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi CHQBT rahbari lavozimlari qonunchilikda belgilangan tartibda toʻldiriladi.
CHQBT rahbari lavozimiga oliy taʼlim muassasalari harbiy taʼlim fakultetlarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishini tamomlagan yoki Qurolli Kuchlar rezervidagi oliy maʼlumotga ega boʻlgan oddiy askarlar, serjantlar, shuningdek, ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tayinlanadi, Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish taqiqlangan shaxslar, davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomadan mahrum qilingan yoki harbiy xizmatchi nomiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlar sodir etgani natijasida harbiy xizmatdan boʻshatilganlar bundan mustasno”;
32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. CHQBT rahbarlari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslariga jalb etiladi. Ilgari malaka oshirishdan oʻtmagan va ishga yangi qabul qilingan CHQBT rahbarlariga yoki birinchi bor ishga kirgan CHQBT rahbarlari kasbiy faoliyatiga uch yil toʻlgandan soʻng malaka oshirishga jalb etiladi”;
37-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“37. Malakaviy attestatsiya xulosasiga koʻra malaka toifasi berilgan CHQBT rahbarlarining bazaviy lavozim maoshlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida — umumtaʼlim muassasasining mos keluvchi malaka toifasiga ega boʻlgan fan oʻqituvchilarining, oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim muassasalarida — tegishlicha katta (yetakchi, bosh) oʻqituvchilarning bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi CHQBT rahbarlariga qonunchilikka muvofiq tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari fuqaro xodimlari uchun belgilangan ish staji uchun foizli ustama hamda moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondidan ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi”;
Nizomga 2-ilovada:
nomidagi “kasb-hunar maktablarida” soʻzlari “texnikumlarda” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Taʼlim muassasalari” ustunidagi “Kasb-hunar maktabi” soʻzlari “Texnikum” soʻzi bilan almashtirilsin;
Nizomga 3-ilovada:
nomidagi “kasb-hunar maktablarida” va “fani oʻqituvchilari” soʻzlari tegishlicha “texnikumlarda” va “rahbarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Taʼlim muassasalari nomlanishi” ustunidagi “Kasb-hunar maktabi” soʻzlari “Texnikum” soʻzi bilan almashtirilsin;
“CHQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari” ustunidagi “CHQBT fani rahbari va oʻqituvchilari” va “CHQBT fani oʻqituvchisi” soʻzlari tegishlicha “CHQBT rahbarlari” va “CHQBT rahbari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
Nizomga 4-ilovada:
nomidagi “fani oʻqituvchisi” soʻzlari “rahbari” soʻzi bilan almashtirilsin;
“CHQBT fani oʻqitilayotgan taʼlim muassasalari” ustunidagi “Kasb-hunar maktabi” soʻzlari “Texnikum” soʻzi bilan almashtirilsin;
d) 2-ilovaning “Taʼlim muassasalari nomlanishi” ustunidagi “Kasb-hunar maktabi” soʻzlari “Texnikum” soʻzi bilan almashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 688-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida harbiy-vatanparvarlik sinflari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 17-apreldagi 237-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni saralab olish va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 6-avgustdagi 500-son qaroriga 2-ilovaning 4-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 821-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar tarmogʻi kengaytirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablarda harbiy-vatanparvarlik yoʻnalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 17-apreldagi 237-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida” 2023-yil 23-fevraldagi 75-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 09/25/688/1005-son)