1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.03 Aviatsiya]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat siyosati yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiyasi sohasini tizimli isloh qilish, aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini taʼminlash, aviatsiya sohasini texnik jihatdan tartibga solish, raqobatni rivojlantirish va aviatashuvlar bozorini liberallashtirish, shuningdek, aviatsiya sohasida davlat siyosati ustuvorligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. 2030-yilgacha fuqaro aviatsiyasi sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin.
(a) fuqaro aviatsiyasida parvozlar xavfsizligini taʼminlash sohasida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — ICAO) 8 ta yoʻnalish boʻyicha belgilangan talablari bajarilishini oʻrtacha 85 foizga yetkazish;
(b) havo transportida xizmat koʻrsatilgan yoʻlovchilar sonini 24 million nafarga yetkazish;
(v) xalqaro va mahalliy yoʻnalishdagi parvozlar sonini 200 mingtaga yetkazish;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi rezident aviakompaniyalari havo kemalari parkini 180 taga yetkazish;
(d) Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilish ishlarining 1-bosqichini amalga oshirish.
II. Fuqaro aviatsiyasi sohasini tartibga solishning asosiy yoʻnalishlari
2. Transport vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.01 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.03 Aviatsiya;
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.09.00 Ommaviy axborot vositalaridagi axborot (shuningdek, 13.03.19.00.ga qarang)]
(a) fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarning raqobatbardoshligini taʼminlash, parvozlar geografiyasini diversifikatsiya qilish, respublika hududidagi aeroport xizmatlarining jozibadorligini taʼminlab borish va ommaviy axborot vositalarida doimiy eʼlon qilib borish;
(b) fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar faoliyatini tashkil etish, investitsiyalar jalb qilinishini muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasida ICAO va xalqaro tashkilotlar talablarining milliy qonunchilikka tatbiq etilishini taʼminlash;
(g) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasi sohasidagi xalqaro shartnomalarida belgilangan talablarni bajarish;
(d) aholi mobilligini oshirish, fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, rezident aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish choralarini koʻrish;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.08.00 Sanoat qurilishi]
(j) aviatsiya hodisalari va insidentlarni tekshirish bilan bogʻliq moddiy-texnik baza va laboratoriyalarni tashkil etish;
(z) uchuvchi va aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
(i) fuqaro aviatsiyasi sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va nazorat qilish.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar]
3. Fuqaro aviatsiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzaviatsiya” agentligi)ga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
(a) ICAO standartlari va talablarining toʻliq amaliyotga joriy etilishini taʼminlash hamda milliy qonunchilik hujjatlarini muntazam xatlovdan oʻtkazgan holda takomillashtirib borish;
(b) aviatsiya qoidalarini ICAO hujjatlarining nomi, tuzilishi, raqamlanishi va mazmunini hisobga olgan holda ishlab chiqish va tasdiqlash;
(v) ICAO talablariga muvofiq “Oʻzaviatsiya” agentligining moliyaviy mustaqilligi va moddiy-texnik bazasini taʼminlash hamda inspektorlar faoliyati va tarkibini shakllantirish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tizimli tashkil etish;
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sogʻlomligi / 14.01.08.04 Tibbiy koʻrik]
(g) ICAO talablariga muvofiq fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.07.00 Unitar korxona / 03.03.07.02 Davlat unitar korxonasi]
4. “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUKga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.04.00 Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash]
(a) radiolokatsiya, radionavigatsiya, aloqa uskunalari va avtomatlashtirilgan havo harakatini boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlab borish;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.16.00.00 Aloqa / 09.16.10.00 Aloqa xizmatlari uchun tariflar, bojlar va imtiyozlar]
(b) aeronavigasiya va havodagi harakatga xizmat koʻrsatish toʻlov va yigʻimlarini barcha foydalanuvchilar uchun xalqaro tajribadan kelib chiqib, ICAO standart va tavsiyalari asosida shakllantirish;
(v) ICAO standartlari asosida havo hududida tavsiflarga asoslangan navigatsiya tizimini (PBN) joriy etish.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.02.00 Transport sohasidagi boshqaruv. Transport xizmatlari koʻrsatishni litsenziyalash]
5. Belgilansinki, “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK Oʻzbekiston Respublikasi havo hududida fuqaro aviatsiyasida havodagi harakatga xizmat koʻrsatish boʻyicha vakolatli organ hamda aeronavigatsiya xizmatlarini taʼminlovchi hisoblanadi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.09.00 Mehnat migratsiyasi;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.03 Aviatsiya;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.07 Havo transportining xavfsizligi]
6. Parvozlar xavfsizligi nazorati boʻyicha yuklatilgan vazifa va funksiyalarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlash, ICAO oldidagi Oʻzbekiston tomonidan olingan majburiyatlarni toʻliq bajarish maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligiga qoʻshimcha 51 ta shtat birlikligi ajratilib, boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 109 nafar etib belgilansin. Bunda “Oʻzaviatsiya” agentligiga ajratilgan qoʻshimcha shtat birliklari doirasida xorijiy mutaxassislar (umumiy cheklangan shtat birliklarining 25 foizidan koʻp boʻlmagan holda) jalb qilinishiga ruxsat berilsin.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sogʻlomligi / 14.01.08.04 Tibbiy koʻrik]
7. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining Tibbiy uchish ekspert komissiyasi tugatilib, ICAO talablariga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab qoʻshimcha ajratiladigan shtatlar doirasida “Oʻzaviatsiya” agentligida fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga ixtisoslashgan Aviatsiya tibbiyoti boʻlimi tashkil etilsin. Bunda:
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.05.00 Budjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish]
(a) mazkur boʻlim faoliyatini tashkil etish va uni saqlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar koʻrsatiladigan pullik xizmatlardan hamda “Oʻzaviatsiya” agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) mazkur boʻlimning asosiy vazifalari va funksiyalari ICAO talablaridan kelib chiqib “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
III. Imtiyozlar va moliyaviy resurslar
[OKOZ:
1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.02.00.00 Bojxona tarifini tartibga solish / 10.02.07.00 Tarif imtiyozlari va prefensiyalar;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.05.00.00 Tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasidan olib oʻtilganda undiriladigan soliqlar va yigʻimlar / 10.05.02.00 Import vaqtida qoʻshilgan qiymat soligʻining qoʻllanilishi (shuningdek, 07.10.03.00ga qarang)]
8. Belgilansinki, rezident aviakompaniyalar tomonidan yoʻlovchi hamda yuk tashish havo kemalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda ular bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritiladi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.03.00 Respublika budjeti xarajatlari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.06.00 Ijtimoiy va boshqa sohalarni moliyalashtirish]
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan aerodrom va havodagi harakatni boshqarish komplekslarini modernizatsiya qilish, shuningdek, parvozlarni radiotexnik taʼminlash uskunalarini xarid qilish hamda aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari uchun 3 yil davomida har yili 250 milliard soʻm miqdorida mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.07.00.00 Budjet tizimining boshqa masalalari / 07.07.02.00 Davlat jamgʻarmalari / 07.07.02.04 Vazirlik va idoralar jamgʻarmalari;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.04 Aeroportlar. Aerodromlar]
10. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Transport vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Aviatsiya sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda respublika hududidagi barcha aeroportlarda xalqaro yoʻnalishlardagi parvozlardan aeroport yigʻimlari hisobidan ajratmalar Aviatsiya sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi daromadlari manbai etib belgilansin.
11. Jamgʻarma mablagʻlari sarflanishining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) ICAO talablariga muvofiq “Oʻzaviatsiya” agentligi faoliyatini tashkil etish va saqlash hamda moliyaviy mustaqilligini taʼminlash;
(b) uchuvchilar va bort kuzatuvchilarini tayyorlash oʻquv yurti faoliyatini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini yaratish hamda saqlash ishlarini moliyalashtirish;
(v) uchuvchi, bort kuzatuvchilari hamda boshqa aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash ishlarini ragʻbatlantirish;
(g) aviatsiya hodisalari va insidentlarni tekshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish hamda moddiy-texnika bazasi va laboratoriyalarni tashkil etish.
12. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Oʻzaviatsiya” agentligini saqlash uchun Davlat budjetidan ajratmalar bekor qilinadi;
(b) 2025-yil yakuni va kelgusi yillar uchun “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK sof foydasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan 20 foiz ajratma bekor qilinadi.
IV. Fuqaro aviatsiyasi obyektlaridan foydalanishni tartibga solish
13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.07 Havo transportining xavfsizligi]
(a) mutasaddi organlar tomonidan aeroportlar yer uchastkalarida shaharsozlik ishlari ICAO parvozlar xavfsizligi talablariga muvofiq “Oʻzaviatsiya” agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
(b) aeroport infratuzilmasini rivojlantirish ehtiyojlari uchun yer uchastkalari belgilangan tartibda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga doimiy foydalanishga beriladi;
(v) Mudofaa vazirligi va “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK respublika hududida joylashgan fuqaro va davlat aviatsiyasi aerodromlarida oʻrnatilgan radiolokatsiya, radionavigatsiya, aloqa uskunalari, aeronavigasiya va havodagi harakatga xizmat koʻrsatish maʼlumotlaridan bepul va oʻzaro hamkorlikda foydalanadi.
V. Fuqaro aviatsiyasi sohasida islohotlarni izchil davom ettirish
14. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat siyosatini yuritish maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasi;
(b) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining havodagi harakatni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasi;
(v) ikki oy muddatda uchuvchilar va bort kuzatuvchilarini tayyorlash oʻquv yurtini tashkil qilish boʻyicha Hukumat qarori loyihasi;
(g) ikki oy muddatda Aviatsiya sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini jamlash va taqsimlash boʻyicha nizomni tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasi;
(d) uch oy muddatda fuqaro aviatsiyasi qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar roʻyxatini takomillashtirish hamda javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi;
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi]
(j) 2026-yil 1-oktabrga qadar ICAO talablaridan kelib chiqqan holda hamda xorijiy tajriba asosida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi loyihasi.
15. Transport vazirligi rezident aviakompaniyalar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va ular ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:
(a) ikki oy muddatda rezident aviakompaniyalarning xalqaro yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshiruvchi havo kemalarining texnik va ichki interyer holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yoʻl harakati xavfsizligi. Texnik koʻrik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang)]
(b) ikki oy muddatda rezident aviakompaniyalar havo kemalarining bazaviy texnik xizmat davrida barcha nosozliklar bartaraf etilishi boʻyicha talablarni ishlab chiqsin;
(v) uch oy muddatda yoʻlovchilardan taklif va eʼtirozlarni qabul qilish hamda yoʻlovchi aviaqatnovlarida sodir boʻlgan aviatsiya hodisalari va insidentlar bilan tanishtirish va izoh berish uchun “Oʻzaviatsiya” agentligida isteʼmolchilar bilan ishlash axborot tizimi (CRM) va Call-markazni ishga tushirsin;
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.01.00 Oldi-sotdi / 03.11.01.03 Tovarlarni yetkazib berish]
(g) olti oy muddatda sertifikatlangan ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchilar bilan jamlangan (Pool) shartnomalar tuzish tizimini yoʻlga qoʻysin;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.06 Havo kemalarining parvozi]
(d) ikki oy muddatda rezident aviakompaniyalar tomonidan xalqaro qatnovlarni amalga oshirish jarayonida tashqi pudratchilar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar (ketring, yoʻlovchi va havo kemalariga xizmat koʻrsatish) sifatini oshirish choralarini ishlab chiqsin;
(j) uch oy muddatda aviakompaniyalar va aeroportlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni monitoring qilish va takomillashtirishning xalqaro baholash tizimini (Sky trax) joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.05.00 Havo transporti / 09.15.05.06 Havo kemalarining parvozi]
(z) doimiy ravishda rezident aviakompaniyalar tomonidan belgilangan parvoz jadvallariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha taʼsirchan choralar qoʻllasin.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.10.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti / 01.10.03.00 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.12.00 Davlatning moliyaviy nazorati;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat toʻgʻrisida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.03.00 Monopoliya faoliyati yuzasidan davlat nazorati. Monopoliyaga qarshi davlat organi]
16. Hisob palatasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar aviatsiya bozorida ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda tabiiy monopoliyalar subyektlari boʻlgan barcha aeroportlar, ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan aviakompaniyalar hamda “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUKning faoliyatlarini oʻrganib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.02.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari]
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
20. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-oktabr,
PF-193-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-oktabrdagi PF-193-son Farmoniga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilovada “7. Transport vazirligi” boʻlimining “2. Fuqaro aviatsiyasi agentligi” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
2.
Fuqaro aviatsiyasi agentligi
109
109
shu jumladan, direktor oʻrinbosarlari soni
1
1
”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2025-2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-87-son Farmoniga 1-ilovaning 2-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustuni “Turizm qoʻmitasi” soʻzlaridan keyin “, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, barcha rezident aviakompaniyalar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-sentabrdagi “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-309-son qarorining 1-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalari va ularning tarkibidagi korxonalar” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-78-son qaroriga 5-ilovaning 29-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustuni “Uzbekistan Airports” AJ” soʻzlaridan keyin “, “Oʻzaeronavigatsiya” markazi DUK” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2025-y., 06/25/193/0984-son)