toggle_night_mode
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2024-yil 3-iyundagi PQ-204-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi sohasida huquqbuzarlik xavfini avtomatik tarzda inson omilisiz tahlil qilish;
huquqbuzarlik xavfi mezonlari asosida tahlil qilish va natijasi boʻyicha balli tizim orqali huquqbuzarlik xavfi darajasini baholash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-oktabr,
650-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 650-son qaroriga
1-ILOVA
Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari:
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini eksport va import qilish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bosqichlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alkogol mahsulotlari — oziq-ovqat xomashyosidan olingan etil spirtidan va (yoki) tarkibida spirt boʻlgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan yoki foydalanmagan holda ishlab chiqarilgan, tarkibida etil spirtining hajmiy ulushi bir yarim foizdan yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsuloti;
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi;
isteʼmol etil spirti — etil spirtining ulushi 96,0 foizdan kam boʻlmagan, har xil turdagi don, qand lavlagisi, xom shakar, melassa hamda tarkibida shakar va kraxmal mavjud boshqa qishloq xoʻjaligi mahsuloti boʻlgan oziq-ovqat xomashyosidan (meva-rezavorlardan tashqari) tabiiy bijgʻitish jarayonida olingan achitqini yoki qishloq xoʻjaligi mahsuloti boʻlgan oziq-ovqat xomashyosidan etil spirti ishlab chiqarish jarayonida olinadigan xom etil spirti hamda etil spirtining bosh fraksiyasini rektifikatsiya qilish yoʻli bilan ishlab chiqariladigan rektifikatlangan etil spirti;
tadbirkorlik subyekti — qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda litsenziya yoki xabardor qilish tartib-taomili asosida isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan shugʻullanuvchi, shuningdek, ushbu mahsulotlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tamaki mahsuloti — tarkibida xomashyo sifatida tamaki bargi va (yoki) tamaki oʻsimligining boshqa qismlari mavjud boʻlgan mahsulot.
Quyidagilar tamaki mahsulotlari jumlasiga kiradi:
chekiladigan mahsulotlar (papiroslar, sigaralar, sigaretalar, sigarillalar (sigaritalar), qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chilim uchun tamaki, ingichka qirqilgan, chekiladigan tamaki, trubka uchun tamaki) va chekilmaydigan mahsulotlar (nosvoy, tamakili snyus, hidlanadigan tamaki, chaynaladigan tamaki) shunday mahsulot boʻlishi mumkin;
tarkibida nikotin yoki nikotinning hosilalari, shu jumladan, nikotin tuzlari, eritmalari, nikotinli suyuqliklar yoki tarkibida nikotinli gellar mavjud boʻlgan, lekin tamaki bargi va (yoki) tamaki oʻsimligining boshqa qismlari mavjud boʻlmagan mahsulot. Chekiladigan mahsulotlar (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinli suyuqliklar, nikotin suyuqligi boʻlgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinli aralashmalar) va chekilmaydigan mahsulotlar (nikotinli snyus) shunday mahsulot boʻlishi mumkin;
tarkibida tamaki va nikotin mavjud boʻlmagan, lekin tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalari bilan birga foydalanish uchun moʻljallangan mahsulot (nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari uchun nikotinsiz suyuqliklar, nikotinsiz suyuqligi boʻlgan elektron sigaretalar, chilim uchun nikotinsiz qorishmalar);
xavfni tahlil etish tizimi — xavf mezonlari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda qonunchilik talablarining buzilish xavfi darajasini aniqlash tizimi;
xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimi — (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) — isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, huquqbuzarlik xavfini avtomatik tarzda inson omilisiz tahlil qilishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi;
shaxsiy kabinet — vakolatli davlat organining axborot bazasi orqali davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining vakolatli davlat organi bilan oʻzaro munosabatlarini elektron shaklda amalga oshirishni taʼminlaydigan axborot resursi.
4. Axborot tizimi vakolatli davlat organi axborot bazasining ajralmas qismi boʻlib, isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmini hisobga olish axborot tizimi hamda isteʼmol va texnik etil spirtini tashuvchi avtotransport vositalari harakatini markazlashtirilgan tarzda monitoring va nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan geoaxborot tizimi bilan oʻzaro integratsiyalashgan holda faoliyat koʻrsatadi.
2-bob. Xavfni tahlil etish tizimini tashkil etish
5. Xavfni tahlil etish maqsadida Axborot tizimida quyidagi maʼlumotlar shakllantiriladi:
isteʼmol va texnik etil spirtini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xomashyolar (don, qand lavlagisi, melassa va boshqalar) xaridi va sarfi;
isteʼmol va texnik etil spirtini ishlab chiqarish, saqlash (qoldigʻi) va sotish hajmi hamda transport vositalarida tashish;
isteʼmol va texnik etil spirtining birja savdolari;
alkogol va tamaki mahsulotlari eksporti va importi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyolar (isteʼmol etil spirti, tamaki, aksiz markalar, yorliqlar va boshqalar), ularning sarfi, yarim tayyor mahsulotlar hajmi;
ishlab chiqarilgan alkogol va tamaki mahsulotlari hajmi va turi;
ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash va xabardor qilish talablari va shartlarining bajarilishi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining soliq toʻlovlari;
nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
vakolatli davlat organi tomonidan isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillariga rioya etilishi borasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar;
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan aniqlangan etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar hamda ular uchun koʻrilgan choralar.
6. Axborot tizimidagi maʼlumotlar quyidagilar asosida shakllantiriladi:
a) ishlab chiqaruvchilar tomonidan har oy yakunida belgilangan hisobot shakllari boʻyicha shaxsiy kabinet orqali taqdim etiladigan quyidagi maʼlumotlar:
isteʼmol va texnik etil spirtini ishlab chiqarish uchun foydalanilgan xomashyolar (don, qand lavlagisi, melassa va boshqalar) xaridi, sarfi va qoldigʻi;
alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanilgan xomashyolar (vino xomashyosi, konyak distillyati va boshqalar) sarfi va qoldigʻi, shuningdek, qayta quyishga (ishlashga) yoʻnaltirilgan alkogol mahsulotlari hajmi;
kirim-chiqim, qoldiqda boʻlgan hamda yaroqsiz aksiz markalar;
tasdiqlangan yillik ishlab chiqarish reja-grafigi (dekabr oyining 20-sanasi);
b) soliq organlarining axborot tizimlari orqali doimiy ravishda real vaqt rejimida quyidagi maʼlumotlar:
ishlab chiqarish va savdo subyektlari, savdo tushumlari va toʻlangan soliqlar;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlari realizatsiyasiga oid shartnomalar, hisobvaraq-fakturalar;
majburiy raqamli markirovka kodlari xaridi, qoldigʻi va realizatsiyasi;
v) bojxona organlarining axborot tizimlari orqali doimiy ravishda real vaqt rejimida quyidagi maʼlumotlar:
isteʼmol etil spirti (distillyalar), alkogol va tamaki mahsulotlari hamda ularning xomashyosi eksporti va importi;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologik uskunalari importi;
isteʼmol va texnik etil spirtini ishlab chiqarish uchun import qilingan don hajmi;
g) adliya organlarining axborot tizimlari orqali doimiy ravishda real vaqt rejimida quyidagi maʼlumotlar:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ishlab chiqaruvchi va savdo subyektlari;
litsenziya hamda xabardor qilish tartib-taomili asosida faoliyat koʻrsatuvchi ishlab chiqaruvchi va savdo subyektlari;
patentlangan tovar belgilari va sanoat namunalari;
d) Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining axborot tizimlari orqali doimiy ravishda real vaqt rejimida isteʼmol va texnik etil spirti savdosi, shuningdek, isteʼmol va texnik etil spirtini ishlab chiqarish uchun xarid qilingan don hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
e) huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan shaxsiy kabinet orqali belgilangan hisobot shakllari asosida aniqlangan isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish va oʻtkazish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
j) vakolatli davlat organining quyidagi maʼlumotlari:
nazorat xaridi hamda litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillariga rioya etilishi borasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar natijalari — tekshiruv yakuni boʻyicha;
huquqbuzarlik uchun qoʻllanilgan huquqiy (maʼmuriy va jinoiy) va moliyaviy taʼsir choralari — har oy yakuni boʻyicha hisobot shaklida;
ishlab chiqarishda foydalanilgan ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfi — har oy yakuni boʻyicha hisobot shaklida;
isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, shuningdek, isteʼmol va texnik etil spirtini tashish hajmi — axborot tizimlari orqali doimiy ravishda real vaqt rejimida.
7. Davlat organlarining axborot tizimlari vakolatli davlat organining Axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinadi.
Davlat organlari vakolatli davlat organining Axborot tizimidagi maʼlumotlaridan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
3-bob. Huquqbuzarlik xavfi darajasining tahlili
8. Axborot tizimida ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida belgilangan mezonlar boʻyicha avtomatlashtirilgan tarzda huquqbuzarlik xavfi darajasi doimiy ravishda tahlil qilib boriladi.
9. Xavf darajasini tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish yoki unga toʻsqinlik qilish taqiqlanadi.
10. Huquqbuzarlik xavfi tahlili natijasida ball tizimi orqali huquqbuzarlik xavfi darajasi baholanadi.
11. Huquqbuzarlik xavfi darajalari va ularning ball tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan holda vakolatli davlat organi boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
12. Xavflilik darajasidan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlari uch toifaga boʻlinadi:
huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyekti;
huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrtacha boʻlgan tadbirkorlik subyekti;
huquqbuzarlik sodir etish xavfi past boʻlgan tadbirkorlik subyekti.
13. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori, oʻrtacha yoki past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati Axborot tizimi maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.
14. Axborot tizimi maʼlumotlari asosida huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrta yoki yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektida qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv oʻtkaziladi va tegishli dalolatnoma tuziladi.
Tekshiruv davomida isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan masalalarni oʻrganish taqiqlanadi.
15. Quyidagi hollarda huquqbuzarlik xavf darajasi tahlillarini amalga oshirmasdan, tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkaziladi:
faoliyat bilan shugʻullanishga litsenziya olish uchun murojaat etilganda, faoliyati davomida litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrganishlar;
yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish holatlarida;
litsenziyasiz yoki xabardor etmasdan alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanish holatlari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida;
aniq fakt va hollar boʻyicha fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etishda;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
16. Xavf darajasi yuqori boʻlmagan tadbirkorlik subyektiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga yoʻl qoʻymaslik borasida shaxsiy kabinet orqali yozma ravishda xabarnoma (ogohlantirish) yuboriladi.
Tadbirkorlik subyektiga kamchiliklarni bartaraf etish uchun oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddat belgilanadi.
Belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmagan tadbirkorlik subyektining xavf darajasi huquqbuzarlik sodir etish xavfi oʻrta yoki yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyekti toifasiga kiritiladi.
17. Xavf darajasini tahlil qilish natijasida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan mahsulot hajmi soliq hisobotlari maʼlumotlari hamda ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda foydalanilgan xomashyolar (aksiz marka, markirovka kodi, isteʼmol etil spirti, tayyor mahsulot va boshqalar) hajmi oʻrtasida farq aniqlanganda, vakolatli davlat organi shaxsiy kabinet orqali ishlab chiqaruvchi yoki savdo subyektiga ushbu holat yuzasidan xabarnoma yuboradi.
18. Xavfni tahlil etish tizimi asosida monitoring va nazorat ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Huquqbuzarlik sodir etish xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyekti yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
20. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Xavfni tahlil etish tizimi asosida monitoring va nazorat qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Vakolatli davlat organi)

1. Tadbirkorlik subyekti va davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar hamda axborot tizimlari maʼlumotlari asosida isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini Axborot tizimida tahlil qiladi va oʻrganadi.

1. Doimiy ravishda

2. Tahlil va oʻrganish davomida huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini koʻradi yoki monitoring natijalariga koʻra tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi.

2. Monitoring natijalariga koʻra 1 kun ichida

2-bosqich

Vakolatli davlat organi

1. Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti mansabdor shaxsini buyruq bilan tanishtiradi.

2. Tekshiruvni amalga oshirish, tekshiruv predmetiga doir hujjatlar, materiallar va maʼlumotlarni oʻrganadi va tahlil qiladi.

2 kundan ortiq boʻlmagan muddatda

3-bosqich

Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti

1. Tekshiruv jarayonida ishtirok etadi, tekshiruv materiallari bilan tanishadi va nusxa oladi.

2. Tekshiruvni oʻtkazishga har tomonlama koʻmaklashadi va tekshiruvga doir masalalar boʻyicha yozma tushuntirishlar beradi.

Tekshiruv davomida

4-bosqich

Vakolatli davlat organi

1. Tekshiruv natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzadi va uning nusxasini tekshirilayotgan tadbirkorlik subyektiga taqdim etadi.

2. Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha choralar koʻradi.

Tekshiruv yakuni boʻyicha

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 650-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish boʻyicha “tahlika-tahlil” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 18-martdagi 166-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 30-noyabrdagi 753-son qaroriga 4-ilovaning 8-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 31-dekabrdagi 833-son qaroriga 5-ilovaning 6-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 809-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2025-y., 09/25/650/0946-son)