toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga pensiya tayinlash boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 31-oktabrdagi PQ-353-son qarori ijrosini taʼminlash, mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirishning barqaror mezonlarini belgilash hamda mahallalar yagona reyestrini shakllantirish va yuritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga pensiya tayinlash boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 31-oktabrdagi PQ-353-son qaroriga muvofiq Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) ishlab chiqilgani hamda sinov tariqasida ishga tushirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mahalla fuqarolar yigini tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi va (yoki) tugatilishi bilan bogʻliq mahallaga oid maʼlumotlarni Reyestr orqali onlayn yuritish hamda undan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Mahalla fuqarolar yigini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) Reyestrni yuritish boʻyicha masʼul organ hisoblanishi;
Reyestr Uyushmaning “Raqamli mahalla” axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) shakllantirilishi va yuritilishi;
Reyestrning maʼlumotlar bazasini tashkil etish, amaliyotga joriy qilish va yuritish Uyushmaning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtirilishi;
Reyestr davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik uchun zarur boʻlgan mahallaga oid yagona maʼlumot manbai hisoblanishi;
Reyestr “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron hamkorlik asosida “Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimida joylashtirilishi va yangilab borilishi;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik birlashmalarining axborot tizimlari va resurslarida mahallaga oid maʼlumotlar Reyestrga asosan shakllantirilishi inobatga olinsin.
4. Uyushmaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar Reyestrga kiritiladigan mahallaga oid maʼlumotlarning haqqoniyligi va dolzarbligini taʼminlash boʻyicha mahallalarni xatlovdan oʻtkazish tavsiya etilsin.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Uyushma Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar Reyestrni toʻliq ishga tushirsin.
6. Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi 2025-yil 1-noyabrga qadar mazkur qarorga muvofiq Reyestrni yuritish tartibini inobatga olgan holda, oʻzlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
7. Davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik birlashmalari 2026-yil 1-yanvarga qadar oʻzlarining axborot tizimlaridagi mahallaga oid maʼlumotlarni Reyestrga moslashtirish choralarini koʻrsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-sentabr,
586-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-sentabrdagi 586-son qaroriga
1-ILOVA
Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) shakllantirish va yuritish, shuningdek, undan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Reyestr davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan idoralararo elektron hamkorlik uchun zarur boʻlgan mahalla fuqarolar yigʻiniga (keyingi oʻrinlarda — mahalla) oid yagona maʼlumot manbai hisoblanadi.
3. Reyestr:
mahallaga oid toʻliq maʼlumotlarni shakllantirish;
jismoniy shaxslarning manzil maʼlumotlari, yuridik shaxslar va kadastr obyektlari maʼlumotlarini mahalla kesimida shakllantirish;
davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik birlashmalari tomonidan oʻzlarining axborot tizimlarida shakllanadigan mahalla kesimidagi maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimining yagona infratuzilmasiga birlashtirish maqsadida ilovaga muvofiq sxema asosida shakllantiriladi va yuritiladi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish
4. Reyestr Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari (keyingi oʻrinlarda — Kengash) qaroriga asosan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tomonidan mahallaga berilgan mahalla kodidan foydalangan holda shakllantiriladi va yangilanadi.
5. Reyestr Uyushma tomonidan “Raqamli mahalla” axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — “Raqamli mahalla” AT) yuritiladi.
Uyushma Reyestrdagi maʼlumotlarning asosliligi va toʻliqligini taʼminlaydi.
6. Reyestrda quyidagi maʼlumotlar shakllantiriladi:
mahallaning toʻliq va qisqacha nomi;
mahalla kodi;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
Kengash qarori sanasi va raqami;
mahalla hisobga olingani yoki qayta tashkil etilganda hisobga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
mahalla joylashgan hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar yoki Toshkent shahri);
mahallaning hududiy chegarasi geomaʼlumotlari.
7. Mahallani tashkil etish va qayta tashkil etish (mahallalarni tuzish va birlashtirish) toʻgʻrisida Kengash qarori qabul qilinganda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi” (keyingi oʻrinlarda — “E-qaror” tizimi) orqali oʻzaro elektron hamkorlik asosida mahallaning toʻliq va qisqacha nomi, mahalla joylashgan hudud, Kengash qarori sanasi va raqami hamda mahallaning hududiy chegarasi geomaʼlumotlari “Raqamli mahalla” ATga yuboriladi.
8. Mahallalar tashkil etilganda yoki qayta tashkil etilganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga olinadi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish moduli” (keyingi oʻrinlarda — “birdarcha.uz” axborot tizimi) orqali elektron hamkorlik asosida mahalla hisobga olingani toʻgʻrisidagi hamda mahallaga berilgan STIR maʼlumotlari “Raqamli mahalla” ATga yuboriladi.
9. Mahallaning hisobga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida yangi tashkil etilgan mahallalarga “Raqamli mahalla” AT orqali mahalla kodi avtomatik tarzda beriladi hamda mahalla maʼlumotlari Reyestrga kiritiladi.
10. Mahallalar birlashtirilganda yangi tashkil etilgan mahalla hisobga olinadi, mazkur Nizomning 9-bandiga asosan yangi tashkil etilgan mahallaga kod beriladi va Reyestrga kiritiladi.
Boshqa mahallalarga birlashtirilgan va tugatilgan mahallalar Reyestrdan chiqariladi.
11. Reyestrga maʼlumotlar Kengash qarori hamda mahallalar hisobga olingani yoki mahallalar qayta tashkil etilganda hisobga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga asosan Uyushma tomonidan kiritiladi va yangilanadi.
12. Reyestrga maʼlumotlar qatʼiy ravishda “Elektron hukumat”ning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registriga kiritilgan maʼlumotnomalar va klassifikatorlardan foydalangan holda kiritiladi va yangilanadi.
3-bob. Mahallani Reyestrdan chiqarish
13. Mahalla tugatilgani toʻgʻrisida Kengash qarori qabul qilinganda, “Raqamli mahalla” AT hamda “birdarcha.uz” axborot tizimiga “E-qaror” tizimi orqali oʻzaro elektron hamkorlik asosida mahalla tugatilgani toʻgʻrisidagi Kengash qarori maʼlumotlari (mahallaning STIRi, tugatish sababi, Kengash qarori sanasi va raqami) yuboriladi.
14. Mahallani tugatish toʻgʻrisidagi Kengash qarori asosida “birdarcha.uz” axborot tizimi orqali mahalla tugatilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot “Raqamli mahalla” ATga yuboriladi.
Ushbu maʼlumotga asosan mahalla Reyestrdan chiqariladi.
4-bob. Mahalla nomi oʻzgarganda Reyestrni yangilash
15. Mahalla nomi oʻzgarganda mahalla nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi Kengash qaroriga asosan “Raqamli mahalla” ATga “E-qaror” tizimi orqali oʻzaro elektron hamkorlik asosida mahallaning yangi nomi yuboriladi.
16. Mahalla nomi oʻzgarganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mahalla qayta hisobga olinadi.
Bunda “birdarcha.uz” axborot tizimi orqali elektron hamkorlik asosida mahalla qayta tashkil etilganda hisobga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda mahallaning yangi nomi “Raqamli mahalla” ATga yuboriladi.
17. Reyestrda mahallaning qayta tashkil etilganda hisobga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida mahalla nomi yangilanadi.
5-bob. Reyestrdan foydalanish tartibi
18. Reyestr quyidagilarni taʼminlashga qaratilgan:
Reyestr dasturiy-texnik majmuasining ishlashini texnik taʼminlash va uni yanada takomillashtirish;
Reyestrda maʼlumotlarning saqlanishi va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha belgilangan tartibda choralar koʻrish;
Reyestrda mavjud boʻlgan maʼlumotlarning toʻliqligini taʼminlash.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan Reyestrga taqdim etiladigan maʼlumotlar asosli va toʻliq boʻlishi kerak.
20. Maʼlumotlar Reyestrdan mahalla kodi yoki mahalla STIRidan foydalanish orqali olinadi.
21. Idoralararo elektron hamkorlikda boshqa identifikatorlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Idoralararo elektron oʻzaro hamkorlikda Reyestr maʼlumotlaridan foydalanish “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi yordamida amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
24. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Mahalla fuqarolar yigʻini yagona reyestrini shakllantirish va yuritish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Adliya vazirligi

Oʻzaro elektron hamkorlik asosida “E-qaror” tizimi orqali:

a) mahalla tashkil etilganda yoki mahalla qayta tashkil etilganda, mahallaning toʻliq va qisqacha nomi, mahalla joylashgan viloyat va tumani, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlari (keyingi oʻrinlarda — Kengash) qarori sanasi va raqami hamda mahallaning hududiy chegarasi geomaʼlumotlari;

b) mahalla tugatilganda, mahalla STIRi, tugatish sababi, Kengash qarori sanasi va raqami “Raqamli mahalla” axborot tizimiga yuboriladi.

Avtomatik tarzda

2-bosqich

Adliya vazirligi

Oʻzaro elektron hamkorlik asosida “birdarcha.uz” tizimi orqali:

a) mahalla qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinganda, hisobga olinganligi toʻgʻrisidagi hamda mahallaga berilgan STIR maʼlumotlari;

b) mahalla qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisobga olinganda, mahallaning qayga tashkil etilishi munosabati bilan hisobga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

v) mahalla tugatilganda, mahallani tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumot “Raqamli mahalla” axborot tizimiga yuboriladi.

Avtomatik tarzda

3-bosqich

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi

“Raqamli mahalla” axborot tizimida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

a) mahalla hisobga olinganda, yangi tashkil etilgan mahallalarga mahalla kodi beriladi va mahalla maʼlumotlari Reyestrga kiritiladi;

b) mahalla qayta hisobga olinganda, Reyestrda mahalla maʼlumotlari yangilanadi;

v) mahalla birlashtirilganda yoki tugatilganda, mahallalar Reyestrdan chiqariladi.

Avtomatik tarzda

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-sentabrdagi 586-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 31-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda mahalla hududiy chegaralari geomaʼlumotlari Adliya vazirligining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi”ga elektron shaklda kiritiladi.”.
2. 1-ilovaning 4-bosqichi “Tadbirlar” ustuni quyidagi mazmundagi 3-band bilan toʻldirilsin:
“3. Mahalla hududiy chegaralari geomaʼlumotlarini Adliya vazirligining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi”ga kiritadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2025-y., 09/25/586/0842-son)