1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.04.00 Agentliklar, inspeksiyalar va boshqa idoralar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-76-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish]
1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) faoliyatini samarali tashkil etish hisoblanadi.
II. Agentlik faoliyatini tashkil etish
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-76-son Farmoniga muvofiq:
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.02.00 Taʼlim tizimini boshqarish]
(a) “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilgani;
(b) Agentlik oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
III. Tashkiliy chora-tadbirlar
3. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Agentlik direktori (B. Yuldashev):
(a) ikki hafta muddatda Agentlik shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlasin;
(b) bir oy muddatda Agentlikni zarur nazariy va amaliy tajribaga ega boʻlgan, yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshira oladigan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
(v) Agentlikka yuklatilgan vazifalarning sifatli va belgilangan muddatlarda ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov):
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.05.00 Budjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.07.00.00 Budjet tizimining boshqa masalalari / 07.07.02.00 Davlat jamgʻarmalari / 07.07.02.04 Vazirlik va idoralar jamgʻarmalari]
(a) Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda 2025-yilda Agentlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni Agentlikning asoslangan takliflariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish ishlarini tashkil qilsin;
(b) 2026-yildan har yili Davlat budjeti parametrlarida Agentlik faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutsin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.07.00 Boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.07.02 Operativ boshqarish huquqi;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.06.00.00 Noturar joylar. Maʼmuriy binolar / 08.06.02.00 Noturar joy fondi obyektlariga mulk huquqi va boshqa huquqlar. Balansdan balansga berish]
6. Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki hafta muddatda Toshkent shahri Yunusobod tumani Chingiz Aytmatov koʻchasi 1-A uy manzilida joylashgan bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlikka oʻtkazsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Agentlik bilan birgalikda Agentlikka ajratilgan Toshkent shahri Yunusobod tumani Chingiz Aytmatov koʻchasi 1A-uy manzilidagi binoni davlat-xususiy sheriklik asosida demontaj qilish (buzish) va uning oʻrnida Agentlikning zamon talablariga mos keladigan binosini qurish va topshirish ishlarini jadallashtirish choralarini koʻrsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
8. Belgilansinki, Agentlik uning bino-inshootlarida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari yakunlanguniga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli Toshkent shahri Olmazor tumani Universitet koʻchasi 7-uy manzilidagi binoga har bir xodim uchun tasdiqlangan meʼyorlar asosida tekin foydalanish huquqi bilan vaqtincha joylashtiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2025-y., 06/25/190/0985-son)
9. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
PQ-275-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-275-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining markaziy apparati
Strategik rivojlantirish va xalqaro hamkorlik guruhi
3
Oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari sifatini baholash guruhi
12
Oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari reytingini yuritish guruhi
6
Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish guruhi
2
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari sifatini baholash guruhi
6
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari reytingini yuritish guruhi
4
Bosh buxgalter
1
Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish tashkilotlari sifatini baholash guruhi
4
Raqamlashtirish va axborot texnologiyalari guruhi
4
Yuridik xizmat guruhi
2
Birinchi boʻlim
1
Metodologiya, ekspertlarni tayyorlash va reyestrlarni yuritish guruhi
3
Akkreditatsiya jarayonlarini rejalashtirish va natijalarini rasmiylashtirish guruhi
4
Matbuot kotibi
1
Tashkiliy masalalar boʻyicha bosh inspektor
1
Post-akkreditatsiya monitoringini yuritish guruhi
3
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti
Ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bosh inspektor
1
Ekspert va jamoatchilik kengashlari
Komplayens nazorat boʻyicha bosh inspektor
1
Apellyatsiya va shikoyatlar komissiyasi
Izoh:
1. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 62 nafar.
2. Agentlik direktoriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda, zarur hollarda, Agentlikning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
3. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori maqomiga koʻra Agentlik direktori oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
4. Agentlik guruh rahbari, matbuot kotibi, bosh buxgalter lavozim razryadlari va tarif koeffitsiyentlari boʻyicha Strategik islohotlar agentligining guruh rahbariga, bosh inspektorlar esa bosh inspektoriga tenglashtiriladi.
5. Yordamchi xodimlarning soni Strategik islohotlar agentligi uchun belgilangan tartibga asosan aniqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-275-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maqomi, vazifalari va funksiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish, shuningdek, hisobdorlik masalalari tartibini belgilaydi.
2. Agentlik oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda oʻzining baholash jarayonini mustaqil va xolis amalga oshiradi.
3. Agentlik oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan amal oshiradi.
4. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida taʼlim sifatiga oid qabul qilgan qaror va buyruqlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Agentlik davlat muassasasi hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtamplarga, blankalarga, mustaqil balansga, oʻz mulkiga, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, tijorat banklarida milliy va xorijiy valyutadagi hisobvaraqlariga ega boʻladi.
6. Agentlikning rasmiy nomi:
(a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi;
qisqartirilgan nomi — Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi yoki TSTMA;
(b) rus tilida:
toʻliq nomi — Natsionalnoye agentstvo obespecheniya kachestva obrazovaniya pri Administratsii Prezidenta Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Natsionalnoye agentstvo obespecheniya kachestva obrazovaniya yoki NAOKO;
(v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — National Quality Assurance Agency for Education under the Administration of the President of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — National Quality Assurance Agency for Education yoki NQAAE.
7. Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2-bob. Agentlik tuzilmasi
8. Agentlik tuzilmasiga Agentlikning markaziy apparati hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti kiradi.
9. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori va direktor oʻrinbosarlari Agentlik direktori tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
3-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
(a) idoraviy mansubligi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkilotlari)da tashqi baholashni amalga oshirish;
(b) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati madaniyatini shakllantirish, ichki sifat nazorati mezonlari va tartiblarini takomillashtirish hamda samarali amalga oshirish yuzasidan uslubiy tavsiyalar berish;
(v) taʼlim sifatini baholashning mezon va usullarini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda ishlab chiqish hamda takomillashtirish;
(g) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oʻrganish yuzasidan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda soʻrovnomalar oʻtkazish;
(d) taʼlim sifatini taʼminlash yoʻnalishida xalqaro aloqalarni kengaytirish, taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish hamda milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishini taʼminlash;
(j) taʼlim sifatini baholash boʻyicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida jamoatchilik va manfaatdor tomonlar ishtirokida yillik hisobotlarni eʼlon qilib borish;
(z) taʼlim sohasidagi davlat dasturlari va strategiyalarida belgilangan maqsadli koʻrsatkich va natijalarga erishilishini tahlil qilish hamda tavsiyalar ishlab chiqish;
(i) taʼlim sohasi va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish.
11. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
(a) idoraviy mansubligi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi baholashni amalga oshirish boʻyicha:
(i) taʼlim tashkilotlarining belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar hamda meʼyor va qoidalarga amal qilishini tahlil qiladi;
(ii) idoraviy mansubligi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar taʼlim tashkilotlarini maxsus va kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazadi;
(iii) taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot jarayonlari sifatini qiyosiy taqqoslash asosida ularning milliy reytingini yuritadi;
(iv) taʼlim dasturlarining kasbiy standartlarga va belgilangan malakalarga muvofiqligini baholaydi;
(v) taʼlim tashkilotlarida tenglik va inklyuzivlikni taʼminlash orqali barcha taʼlim oluvchilar uchun adolatli va qoʻllab-quvvatlovchi muhit yaratilganini tahlil qiladi;
(vi) akkreditatsiyaga oid axborot tizimlarida maʼlumotlar almashish samaradorligini oshirish uchun davlat organlarining tegishli platformalari bilan integratsiya jarayonlarini yoʻlga qoʻyadi;
(vii) taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash jarayonlariga “xavfni tahlil qilish” tizimini joriy qiladi;
(b) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati madaniyatini shakllantirish, ichki sifat nazorati mezonlari va tartiblarini takomillashtirish hamda samarali amalga oshirish yuzasidan uslubiy tavsiyalar berish boʻyicha:
(i) sifat madaniyatini shakllantirish va taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha taʼlim tashkilotlariga uslubiy jihatdan koʻmaklashadi;
(ii) xalqaro tajribalar asosida ichki sifatni taʼminlashga oid mezonlar, indikator va qoʻllanmalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
(iii) taʼlim va ilm-fanda korrupsiya holatlarining oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
(iv) taʼlim sifatini taʼminlashga oid seminarlar, konferensiyalar, kurslar tashkil etadi hamda maslahat xizmatlarini koʻrsatadi;
(v) maxsus va kompleks davlat akkreditatsiyasiga jalb qilingan ekspertlar malakasini oshirib, ular faoliyatini doimiy nazorat qilib boradi;
(v) taʼlim sifatini baholashning mezon va usullarini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda ishlab chiqish hamda takomillashtirish boʻyicha:
(i) ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganadi va ular asosida milliy taʼlim sifatini baholashning mezon va usullarini ishlab chiqadi hamda takomillashtirib boradi;
(ii) taʼlim sifatini baholash mezonlari va usullarini yangilab borish boʻyicha mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qiladi;
(iii) milliy malaka tizimiga mos ravishda akkreditatsiya mezonlarini takomillashtirib boradi;
(iv) davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim tashkilotlari va dasturlari reyestrini yuritadi;
(g) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oʻrganish yuzasidan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda soʻrovnomalar oʻtkazish boʻyicha:
(i) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oʻrganish yuzasidan sotsiologik va boshqa soʻrovnomalar oʻtkazadi;
(ii) taʼlim sohasida islohotlarni sifatli amalga oshirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga har tomonlama koʻmaklashish, xalqaro tashkilotlar, konsalting kompaniyalar va xorijiy mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, tashabbuslarning samarali implementatsiyasini taʼminlashga koʻmaklashadi;
(d) taʼlim sifatini taʼminlash yoʻnalishida xalqaro aloqalarni kengaytirish, taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish hamda milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishini taʼminlash boʻyicha:
(i) respublikada tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlariga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi va ularning reyestrini yuritadi;
(ii) taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish va ular bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻradi;
(iii) respublika taʼlim tashkilotlariga ularning xalqaro darajada eʼtirof etilishi uchun uslubiy va amaliy tavsiyalar beradi;
(iv) milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishini taʼminlash choralarini koʻradi;
(j) taʼlim sifatini baholash boʻyicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida jamoatchilik va manfaatdor tomonlar ishtirokida yillik hisobotlarni eʼlon qilib borish boʻyicha:
(i) taʼlim sifati va akkreditatsiya bilan bogʻliq jarayonlarni raqamlashtirish choralarini koʻradi;
(ii) taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bilim va koʻnikmalarini baholash hamda ularning mehnat bozoriga integratsiyasini oʻrganish maqsadida Umummilliy ish beruvchilar soʻrovnomasini oʻtkazadi;
(iii) taʼlim tashkilotlari oʻquvchi va talabalarining taʼlim sifati boʻyicha fikrlarini oʻrganishga qaratilgan Umummilliy talabalar soʻrovnomasini, shuningdek, jamoatchilikning taʼlim sifati boʻyicha fikrlarini oʻrganishga qaratilgan soʻrovnomalar oʻtkazadi;
(iv) taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda taʼlim tizimi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni taʼminlash hamda korporativ boshqaruv usullarini qoʻllash boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
(z) taʼlim sohasidagi davlat dasturlari va strategiyalarida belgilangan maqsadli koʻrsatkich va natijalarga erishilishini tahlil qilish hamda tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha:
(i) taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda jamoatchilik, yetakchi xorijiy ekspertlar, konsultantlar va maslahatchilarni keng jalb qilgan holda tizimdagi eng dolzarb masalalar va muammolarga yechim topish choralarini koʻradi;
(ii) oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalaridagi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻrganib, oʻz taklif va eʼtirozlarini bildiradi;
(iii) taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda taʼlim xizmatlari isteʼmolchilari, ilmiy-pedagogik jamoatchilik hamda davlat organlari va tashkilotlarining takliflari asosida taʼlim sohasiga oid istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqadi;
(i) taʼlim sohasi va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha:
(i) taʼlim va ilmiy sohada amaldagi qonunchilikni tizimli oʻrganadi, tahlil qiladi va uni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
(ii) taʼlim sohasida ishlab chiqilgan qonunchilik hujjatlarini xalqaro tajriba va standartlar asosida tahlil qiladi.
12. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiradi.
4-bob. Agentlikning huquq va majburiyatlari
13. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
(a) oʻz vakolati doirasida, shu jumladan, boshqa davlat organlari bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
(b) Vazirlar Mahkamasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
(v) davlat organlari va tashkilotlaridan, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali zarur statistik, tahliliy hamda boshqa maʼlumotlarni olish;
(g) oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlaridan zarur maʼlumotlarni bepul, jumladan, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali olish;
(d) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimlaridan (NEMIS, EMIS) va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimidan toʻsiqsiz foydalanish;
(j) davlat organlari va tashkilotlariga, jumladan, taʼlim tashkilotlariga taʼlim sifatini oshirish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
(z) mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va qonunchilikdagi oʻzgarishlar hamda xalqaro taʼlim makonidagi zamonaviy tendensiyalardan kelib chiqib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish talab va mezonlarini yangilab borish;
(i) taʼlim sifatini taʼminlash, akkreditatsiya, reyting va boshqa masalalar yuzasidan xalqaro va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzish;
(k) taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati bilan bogʻliq oʻrganishlar, monitoring va soʻrovnomalar oʻtkazish;
(l) taʼlim tashkilotlarida “xavfni tahlil qilish” tizimi asosida aniqlangan talab va shartlarning buzilishi holatlari yuzasidan Agentlik tomonidan taʼlim tashkilotiga taqdimnoma kiritish hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilash;
(m) aniqlangan kamchiliklar boʻyicha taʼlim tashkilotlariga choralar koʻrish boʻyicha muassis yoki yuqori turuvchi organiga taqdimnomalar kiritish;
(n) taʼlim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasini toʻlov asosida amalga oshirish hamda toʻlangan mablagʻlarni akkreditatsiyani oʻtkazish bilan bogʻliq (jumladan, jalb qilingan mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash) xarajatlarni qoplashga yoʻnaltirish;
(o) taʼlim sifatini taʼminlash bilan bogʻliq standartlar, mezonlar va indikatorlarni amaliyotga tatbiq qilishdan oldin taʼlim tashkilotlarida tajriba-sinovdan oʻtkazish;
(p) mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlar vakillarini (asosiy ish joyidagi ish haqi saqlangan holda) jalb etish, ular ishtirokida ekspert komissiyalari va ishchi guruhlar tuzish;
(r) ekspert komissiyalari va ishchi guruhlar tomonidan taʼlim sohasidagi joriy holatni chuqur tahlil qilish, baholash va taklif ishlab chiqish boʻyicha texnik topshiriqlarni shakllantirish hamda konsalting kompaniyalarni jalb etgan holda tegishli taʼlim sohasini isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish;
(s) jalb qilingan xorijiy va mahalliy ekspertlarga ish haqini tegishli shartnomaga muvofiq milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan, mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali toʻlash;
(t) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan pulli xizmatlar koʻrsatish;
(u) Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida yetakchi xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish maqsadida Agentlik xodimlarini, shuningdek, ekspert komissiyalari va ishchi guruhlar aʼzolarini hamda shartnoma asosida jalb etilgan boshqa shaxslarni xorijiy xizmat safarlariga yuborish;
(f) oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy tuzilmalarni tashkil etish;
(x) tegishli davlat organlari bilan birgalikda taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini oshirish va taʼlim jarayonlarini yaxshilashga taalluqli masalalar yuzasidan qonunchilikda belgilangan choralarni qoʻllash.
14. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshiriqlariga asosan Agentlik boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Agentlik quyidagilarga majbur:
(a) zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish;
(b) davlat akkreditatsiyasini qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirish;
(v) akkreditatsiya jarayonlarida va ularning natijalarini ochiq holda eʼlon qilish orqali shaffoflikni taʼminlash;
(g) akkreditatsiya qarorlaridan norozi boʻlganlar uchun shikoyat va apellyatsiya berish jarayonlarini tashkil etish;
(d) ijro intizomini taʼminlash.
5-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
16. Agentlik faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
17. Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
18. Agentlik direktori ikki nafar oʻrinbosarga ega boʻladi.
19. Direktor oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
20. Agentlik direktori oʻrinbosarlari va xodimlari mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining tegishli xodimlariga tenglashtiriladi.
21. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori maqomiga koʻra Agentlik direktori oʻrinbosariga tenglashtiriladi hamda unga Agentlik direktori oʻrinbosarlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shart-sharoitlari qoʻllanadi.
22. Agentlikning boshqaruv xodimlari Agentlik direktori tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri suhbat asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
23. Agentlikka xorijiy mutaxassis, ekspert, konsultant va maslahatchilarni jalb qilish va ishga qabul qilish shartnoma asosida Agentlik direktori tomonidan amalga oshiriladi.
24. Agentlik direktori:
(a) Agentlik faoliyatiga umumiy boshqaruvni amalga oshiradi hamda Agentlik tashkiliy-xoʻjalik faoliyati uchun javobgar hisoblanadi;
(b) oʻz oʻrinbosarlari va Agentlik tizimidagi tashkilotlarning mansabdor shaxslari vakolatlarini hamda shaxsiy javobgarlik darajasini belgilaydi, shuningdek, vazifalarni taqsimlaydi;
(v) davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda Agentlik nomidan ish koʻradi;
(g) Agentlik xodimlari va taʼlim tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
(d) Agentlikka yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun shaxsiy javobgar hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobot beradi;
(j) Agentlik xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
(z) Agentlikning ish rejalari, hisobotlari va uslubiyishlanmalarini tasdiqlaydi;
(i) Agentlik xodimlari bilan mehnat shartnomalarini, shuningdek, xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalarni tuzadi va bekor qiladi;
(k) Agentlik xodimlarining lavozim (funksional) vazifalarini taqsimlaydi;
(l) ijro intizomiga, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqish muddatlari va tartibiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi;
(m) Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi va shakllarini, ularning lavozim maoshiga ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni belgilaydi, xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha buyruqlar qabul qiladi;
(n) Agentlik nomidan shartnoma va kelishuvlar tuzadi, Agentlik aktivlarini tasarruf etadi, mulkni boshqarish boʻyicha qarorlar qabul qiladi, moliyaviy va boshqa turdagi hujjatlarni imzolaydi;
(o) qonunchilik hujjatlari va mazkur Nizomga muvofiq oʻziga yuklatilgan boshqa masalalarni hal etadi.
25. Agentlik direktori oʻrinbosarlari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ishlar samaradorligini oshirish va vazifalar oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻradi hamda direktor topshirigʻiga koʻra uning alohida funksiyalarini bajaradi.
26. Agentlik direktori boʻlmagan yoki oʻz vazifalarini bajarishi mumkin boʻlmagan hollarda direktor oʻrinbosarlaridan biri direktor vazifasini vaqtincha bajarib turadi.
6-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish
27. Quyidagilar Agentlik faoliyatini, shu jumladan, Agentlik tomonidan tashkil etiladigan ekspert komissiyalari va ishchi guruhlar, shartnoma asosida jalb etiladigan mahalliy va xorijiy mutaxassislarga toʻlovlarni amalga oshirish hamda Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
(b) Agentlikning asoslangan takliflariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
(v) akkreditatsiyadan oʻtkazishdan, shuningdek, shartnoma asosida boshqa pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
(g) oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida konsalting, ekspert-tahlil va boshqa xizmatlarni koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
(d) davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablagʻlar;
(j) xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari hamda maqsadli mablagʻlari;
(z) Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
(i) homiylik va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
28. Agentlik oʻzining vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, xorijiy valyutadagi mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasidagi tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish va olingan daromadlarni tasarruf etishi mumkin.
7-bob. Agentlikning hisobdorligi
29. Agentlik oʻz faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda oʻz faoliyati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir.
30. Agentlik har yil yakunida (zarur hollarda navbatdan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot kiritadi.
31. Agentlik taʼlim sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan salbiy omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari, shuningdek, taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash mexanizmlarini takomillashtirish hamda taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.
8-bob. Agentlikning mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari hamda faoliyatini tashkil etishning boshqa masalalari
32. Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari, taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar, tadqiqot, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro yaqindan hamkorlik qiladi.
33. Xalqaro hamkorlik faoliyatini amalga oshirishda Agentlik vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
(a) xorijiy davlatlarning taʼlim sohasidagi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish va ular bilan shartnomalar (bitim, memorandum va boshqalar) tuzish;
(b) taʼlim sohasida xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yoki ularga aʼzo boʻlish;
(v) Agentlik xodimlarini xorijiy mamlakatlarga stajirovka, amaliyot oʻtash, konferensiya va treninglarda ishtirok etish uchun yuborish;
(g) oʻz vakolati doirasida boshqa xorijiy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish.
34. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari Agentlikka har tomonlama koʻmaklashadi, shu jumladan, uning soʻroviga koʻra markaziy apparat va tizim tashkilotlari xodimlarining oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni saqlab qolgan holda ekspert sifatida yuborilishini taʼminlaydi.
35. Agentlik xodimlarining xizmat safarlari amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
36. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida amalga oshiriladi.
37. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
38. Mazkur Nizomda nazarda tutilmagan masalalar tegishli qonunchilik hujjatlari, oʻrnatilgan tartibga muvofiq Agentlik buyruqlari hamda boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2025-y., 07/25/275/0825-son; 28.10.2025-y., 06/25/190/0985-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)