toggle_night_mode
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
IXTIROLAR, FOYDALI MODELLAR VA SANOAT NAMUNALARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 29-avgustdagi 397-II-sonli “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
Ushbu Qonun ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanishning huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslari va tartibini belgilaydi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini (matnda bundan keyin sanoat mulki obyektlari deb yuritiladi) yaratish, huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib boriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat mulki obyektlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solib boriladi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat patent idorasi
O‘zbekiston Respublikasining Davlat patent idorasi (matnda bundan keyin Patent idorasi deb yuritiladi) ushbu Qonunga muvofiq sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Patent idorasi sanoat mulki obyektlariga talabnomalarni ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi, ular bo‘yicha davlat ilmiy-texnik ekspertizasini o‘tkazadi, ularni davlat ro‘yxatiga oladi, muhofaza hujjatlarini beradi, rasmiy axborotnoma nashr etadi, ushbu Qonunning qo‘llanilishiga oid qoidalar va tushuntirishlarni ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Patent idorasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.
Patent idorasining faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlashning manbai davlat budjeti mablag‘idan, patent bojlaridan, shuningdek Patent idorasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va beriladigan materiallar uchun olinadigan haqdan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Sanoat mulki obyektlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Sanoat mulki obyektiga bo‘lgan huquq muallifga (mualliflarga) yoki uning (ularning) huquqiy vorisiga (vorislariga) tegishli bo‘ladi hamda patent, dastlabki patent (matnda bundan keyin patent, dastlabki patent deb yuritiladi) bilan tasdiqlanadi.
Basharti bir necha shaxs bir-biridan mustaqil ravishda sanoat mulki obyektini yaratgan bo‘lsa, patent yoki dastlabki patentga bo‘lgan huquq Patent idorasiga birinchi bo‘lib talabnoma topshirgan shaxsga tegishli bo‘ladi.
Sanoat mulki obyektining muallifi, basharti o‘zining obyektiga nisbatan g‘ayrihuquqiy ravishdagi o‘zlashtirish natijasida talabnoma topshirilgan yoxud patent yoki dastlabki patent olingan bo‘lsa, sud tartibida patent yoki dastlabki patent berilishiga norozilik bildirish yoxud patent yoki dastlabki patentga bo‘lgan huquq egasi (matnda bundan keyin patent egasi deb yuritiladi) sifatida patent yoki dastlabki patent o‘ziga berilishini talab qilish huquqiga egadir.
Dastlabki patent dastlabki ekspertiza o‘tkazilganidan so‘ng, patent esa — obyekt mohiyatan ekspertizadan o‘tkazilganidan so‘ng beriladi.
Ixtiro patenti ixtironing yangiligini, ixtirochilik darajasini, ixtironing haqiqiyligini va patent egasining ixtiroga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanishga doir mutlaq huquqini tasdiqlaydi.
Sanoat namunasi patenti sanoat namunasining yangiligi va o‘ziga xosligini, sanoat namunasining haqiqiyligini va patent egasining sanoat namunasiga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanishga doir mutlaq huquqini tasdiqlaydi.
Foydali model patenti uning yangiligini, foydali modelning haqiqiyligini va patent egasining foydali modelga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanishga doir mutlaq huquqini tasdiqlaydi.
Patentning to‘la hajmdagi huquqiy muhofaza yoki bu muhofazaning bir qismi jihatidan haqiqiy emasligini isbotlash vazifasi patentni haqiqiy emas deb da’vo qilayotgan tomon zimmasiga yuklanadi va sud tartibida amalga oshiriladi.
Dastlabki patent patent egasining sanoat mulki obyektiga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanishga doir mutlaq huquqini tasdiqlaydi.
Patent egasining mutlaq huquqi patent yoki dastlabki patent haqidagi ma’lumotlar Patent idorasining rasmiy axborotnomasida e’lon qilingan sanadan boshlab amalda deb hisoblanadi.
Ustuvorlik (prioritet) sanasidan yoki ushbu Qonun 18-moddasining qoidalariga muvofiq belgilanadigan boshqa sanadan e’tiboran hisoblanganda ixtiro patenti yigirma yil mobaynida, sanoat namunasi patenti o‘n yil mobaynida, foydali model patenti besh yil mobaynida amal qiladi.
Dastlabki patent ustuvorlik sanasidan boshlab hisoblanganda besh yil mobaynida amal qiladi.
Sanoat namunasi patentining va foydali model patentining amal qilish muddati patent egasining iltimosiga ko‘ra Patent idorasi tomonidan tegishlicha besh yilga va uch yilga uzaytirilishi mumkin.
Dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektiga dastlabki patent egasining iltimosnomasiga ko‘ra obyekt mohiyatan ekspertizadan o‘tkazilganidan so‘ng patent berilishi mumkin.
Ixtiro hamda foydali model patenti va dastlabki patenti bilan ta’minlanadigan huquqiy muhofaza hajmi ularning formulasi bilan, sanoat namunasi patenti va dastlabki patenti bilan ta’minlanadigan huquqiy muhofaza hajmi esa, buyumning (maketning, rasmning) fotosuratlarida aks ettirilgan muhim alomatlari majmui yoki (va) ularning kombinatsiyasi (matnda bundan keyin muhim alomatlar majmui deb yuritiladi) bilan belgilanadi.
Davlat tomonidan maxfiy deb topilgan sanoat mulki obyektlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solib boriladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
4-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida yoki bitimlarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
II BOB. SANOAT MULKI OBYEKTLARINING PATENTGA LAYoQATLILIK ShARTLARI
5-modda. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari
Ixtiro sifatida ko‘rsatilgan obyekt, basharti u yangi, ixtirochilik darajasiga ega bo‘lsa va uni sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Ixtiro, basharti u texnika taraqqiyoti darajasidan ma’lum bo‘lmasa, yangi deb hisoblanadi.
Ixtiro, basharti u texnika taraqqiyoti darajasi haqidagi ma’lumotlardan yaqqol ayon bo‘lmasa, ixtirochilik darajasiga ega bo‘ladi.
Texnika taraqqiyoti darajasi ixtiro ustuvorligi sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor bo‘lgan har qanday ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Ixtironing yangiligini aniqlash chog‘ida birmuncha oldin ustuvorlikka ega bo‘lgan holda topshirilgan va qaytarib olinmagan talabnomalar ham hisobga olinadi.
Ixtiro, basharti uni sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘llash mumkin bo‘lsa, sanoatda qo‘llash mumkin deb hisoblanadi.
Basharti, ixtiroga oid talabnoma, shu ixtiroga taalluqli ma’lumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita Ushbu ma’lumotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan bo‘lsa, bu holat ixtironing patentga layoqatliligini tan olishga ta’sir ko‘rsatadigan vaziyat sifatida e’tirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida bo‘ladi.
Qurilmalar, usullar, moddalar, mikroorganizmlarning shtammlari, o‘simliklar va hayvonlar hujayralarining turlari, ilgaridan ma’lum bo‘lgan qurilmalar, usullar, moddalarning, mikroorganizmlar shtammlarining yangi maqsadda qo‘llanilishi ixtiro sifatida e’tirof etiladi.
Quyidagilar ixtiro sifatida e’tirof etilmaydi:
ilmiy nazariyalar va matematika usullari;
xo‘jalikni tashkil etish va boshqarish usullari;
shartli belgilar, jadvallar, qoidalar;
aqliy operatsiyalarni bajarish qoidalari va usullari;
elektron hisoblash mashinalari uchun algoritmlar va dasturlar;
binolar, inshootlar, hududlarni rejalashtirish loyihalari va sxemalari;
estetika talablarini qanoatlantirishga yo‘naltirilgan, mahsulotlarning faqat tashqi ko‘rinishiga oid yechimlar;
integral sxemalarning topologiyalari;
o‘simlik navlari va hayvon zotlari;
jamoat manfaatlari, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlar.
6-modda. Foydali modelning muhofazaga layoqatliligi shartlari
Foydali model sifatida ko‘rsatilgan obyekt, basharti u yangi bo‘lsa va uni sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Foydali model, basharti uning muhim alomatlari majmui texnika taraqqiyoti darajasidan ma’lum bo‘lmasa, yangi deb hisoblanadi.
Talabnoma topshirilgan foydali model amalga oshirishi mumkin bo‘lgan vazifalarni bajara oladigan vositalar haqidagi hamma foydalana oladigan barcha ma’lumotlar, shuningdek ularni qo‘llashga doir ma’lumotlar texnika taraqqiyoti darajasiga kiritiladi.
Foydali model, basharti undan amalda foydalanish imkoni bo‘lsa, sanoatda qo‘llash mumkin deb hisoblanadi.
Basharti foydali modelga oid talabnoma, shu foydali modelga taalluqli ma’lumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita ushbu ma’lumotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan bo‘lsa, bu holat foydali modelning yangiligiga ta’sir ko‘rsatadigan vaziyat sifatida e’tirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida bo‘ladi.
Amaliyotbop qilib tayyorlangan ishlab chiqarish vositalari va iste’mol buyumlari, shuningdek ularning tarkibiy qismlari foydali modellar jumlasiga kiradi.
Quyidagilar foydali modellar sifatida muhofaza qilinmaydi:
usullar, moddalar, mikroorganizm shtammlari, o‘simlik va hayvonlar hujayralarining turlari, shuningdek ularning yangi maqsadda qo‘llanilishi;
ushbu Qonun 5-moddasining to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan obyektlar.
7-modda. Sanoat namunasining patentga layoqatlilik shartlari
Sanoat namunasi sifatida ko‘rsatilgan obyekt, basharti u yangi, o‘ziga xos bo‘lsa va uni sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Sanoat namunasi, basharti buyumning estetik va (yoki) ergonomik xususiyatlarini belgilovchi muhim alomatlari majmui sanoat namunasiga ustuvorlik berish sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor bo‘lgan ma’lumotlardan ayon bo‘lmasa, yangi deb hisoblanadi.
Sanoat namunasining yangiligini aniqlash chog‘ida birmuncha oldin ustuvorlikka ega bo‘lgan holda topshirilgan va qaytarib olinmagan talabnomalar ham hisobga olinadi.
Sanoat namunasi, basharti uning muhim alomatlari majmui buyum estetik xususiyatlarining ijodiy xarakteri bilan bog‘liq bo‘lsa, asl hisoblanadi.
Sanoat namunasi, basharti uni takror-takror hosil qilish mumkin bo‘lsa, sanoatda qo‘llash mumkin deb e’tirof etiladi.
Basharti sanoat namunasiga oid talabnoma, shu sanoat namunasiga taalluqli ma’lumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yohud bilvosita ushbu axborotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan bo‘lsa, bu holat sanoat namunasining patentga layoqatliligini tan olishga ta’sir ko‘rsatadigan vaziyat sifatida e’tirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida bo‘ladi.
Buyumning tashqi ko‘rinishini ifodalaydigan badiiy konstruktorlik yechimlari sanoat namunasi jumlasiga kiradi.
Quyidagilar sanoat namunalari sifatida e’tirof etilmaydi:
matbaa mahsulotlari;
me’morchilik obyektlari, (kichik me’morchilik shakllaridan tashqari), sanoat, gidrotexnika inshootlari va boshqa statsionar inshootlar;
suyuq, gazsimon sochiluvchan yoki shunga o‘xshash moddalardan iborat o‘zgaruvchan shakldagi obyektlar;
buyumning faqat texnik funksiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan yechimlar;
mahsulotlarning jamoat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlari.
III BOB. HUQUQ SUBYEKTLARI
8-modda. Sanoat mulki obyektining muallifi
Sanoat mulki obyektini shaxsiy ijodiy mehnati bilan yaratgan jismoniy shaxs bu obyektning muallifi deb e’tirof etiladi.
Basharti, sanoat mulkining obyekti bir necha jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati asosida yaratilgan bo‘lib, ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularning barchasi bu obyektning teng huquqli muallifi deb e’tirof etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mualliflik huquqi begonalashtirilmaydigan hamda o‘zgaga o‘tkazilmaydigan shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi.
(8-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Patent egasi
Sanoat mulkining obyektiga patent yoki dastlabki patent quyidagilarga beriladi:
sanoat mulki obyektining muallifiga (mualliflariga) yoki uning (ularning) merosxo‘riga (merosxo‘rlariga) ;
muallif yoki uning huquqiy vorisi tomonidan patent yoki dastlabki patent berish to‘g‘risidagi talabnomada yoki sanoat mulki obyekti ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar Patent idorasiga topshirilgan arizada ko‘rsatilgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga (ular rozi bo‘lgan taqdirda);
ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda ish beruvchiga.
Xizmatchi o‘z xizmat vazifasini yoki ish beruvchidan olgan aniq bir topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratgan sanoat mulki obyektiga patent yoki dastlabki patent olish huquqiga, agar bu hol ular o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchi ega bo‘ladi.
Basharti ish beruvchi bilan muallif o‘rtasida ushbu modda ikkinchi qismidagi qoidalar nazarda tutilgan bo‘lmasa, muallif talabnoma topshirish va patent yoki dastlabki patentni o‘z nomiga olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ish beruvchi sanoat mulkining tegishli obyektidan o‘z korxonasida patent egasiga shartnomada belgilanadigan haqni to‘lagan holda foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Ish beruvchi tomonidan sanoat mulki obyekti maxfiy saqlanadigan bo‘lsa, u muallifga mutanosib miqdorda haq to‘lashi shart, bu haq miqdori shartnoma asosida belgilanib, mutlaq litsenziyaning bozor narxidan kam bo‘lmasligi lozim.
Sanoat mulki obyektiga patent yoki dastlabki patent, shuningdek uni olish huquqi meros bo‘lib o‘tadi.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
10-modda. O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk davlat fondi
O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk davlat fondi (matnda bundan keyin Intellektual mulk davlat fondi deb yuritiladi) patent egasining davlat mulkiga kiradigan yoki shartnoma asosida olinadigan intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquq hamda majburiyatlarini ro‘yobga chiqaradi va davlat manfaatlari yo‘lida ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
Intellektual mulk davlat fondi faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash manbai sanoat mulki va intellektual mulkning boshqa turlari obyektlaridan foydalanish huquqiga oid litsenziya sotilishidan tushadigan mablag‘larning bir qismidan, davlat budjeti mablag‘lari hamda boshqa tushumlardan iboratdir.
Intellektual mulk davlat fondi o‘z faoliyatini ushbu Qonun va Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ustavga binoan amalga oshiradi.
IV BOB. SANOAT MULKI OBYEKTIGA BO‘LGAN MUTLAQ HUQUQ
11-modda. Patent egasining huquq va majburiyatlari
Patent egasi sanoat mulki obyektiga o‘z xohishicha egalik qilish va uni tasarruf etish hamda undan foydalanish, basharti bunday foydalanish boshqa patent egalarining huquqlarini buzmasa, shu jumladan boshqa shaxslarning mazkur obyektdan foydalanishini taqiqlab qo‘yish mutlaq huquqiga egadir, bunday foydalanish ushbu Qonunga muvofiq patent egasining huquqini buzish hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Bir necha patent egasiga qarashli bo‘lgan sanoat mulki obyektidan foydalanish borasidagi o‘zaro munosabatlar ular o‘rtasida tuzilgan bitimga binoan belgilanadi. Bunday bitim bo‘lmagan taqdirda, har bir patent egasi muhofazalangan sanoat mulki obyektidan o‘z xohishicha foydalanishi mumkin, lekin qolgan patent egalarining roziligisiz obyektga oid litsenziya berishga yoki patent yoki dastlabki patentni o‘zga shaxsga topshirishga haqli emas.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Patent egalari o‘rtasidagi nizolar o‘zaro murosaga kelishning iloji bo‘lmasa, sud tartibida hal qilinadi.
Patent egasi foydalanilayotgan sanoat mulki obyektlariga patent berilganligini ko‘rsatuvchi ogohlantirgich tamg‘adan foydalanishi mumkin.
Patent egasi sanoat mulki obyektidan foydalanishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Patent yoki dastlabki patent ro‘yxatga olingan sanadan boshlab uch yil mobaynida patent egasi sanoat mulki obyektidan butunlay yohud yetarli darajada foydalanmasa, ushbu muhofaza etilayotgan sanoat mulki obyektidan foydalanmoqchi va foydalanishga tayyor bo‘lgan har qanday shaxs, basharti patent egasi u bilan litsenziya shartnomasi tuzishdan bosh tortgan taqdirda, majburiy oddiy litsenziya berishni so‘rab sudga iltimosnoma bilan murojaat etishi mumkin.
(11-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Basharti patent egasi sanoat mulki obyektidan butunlay yoki yetarli darajada foydalanilmaganligiga uzrli sabablar borligini isbotlab bera olmasa, sud aytilgan litsenziyani berib, undan foydalanish me’yorlarini, to‘lov miqdori, muddati va tartibini belgilab qo‘yadi. To‘lov miqdori litsenziyaning bozor narxidan kam bo‘lmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Patent egasi mutlaq huquqining buzilishi sifatida e’tirof etilmaydigan harakatlar
Quyidagi hollar patent egasi mutlaq huquqining buzilishi sifatida e’tirof etilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan qurilmalarni Parij konvensiyasi qatnashchisi bo‘lgan boshqa davlatning transport vositasida, mazkur vosita O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki tasodifan turgan vaqtda qo‘llash — bu qurilmalardan faqat mazkur vositaning ehtiyojlari uchungina foydalanish sharti bilan;
patentlar yoki dastlabki patentlar bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalar ustida ilmiy tadqiqot yoki tajriba o‘tkazish;
patentlar yoki dastlabki patentlar bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiya va boshqa favqulodda holatlarda qo‘llash;
patentlar yoki dastlabki patentlar bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni, basharti, bu vositalar xo‘jalik muomalasiga qonuniy yo‘l bilan kiritilgan bo‘lsa, qo‘llash;
patentlar bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni daromad olmay shaxsiy maqsadlarda qo‘llash;
dorixonalarda vrach retseptlari bo‘yicha bir gallik dorilar tayyorlash.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Patent egasi mutlaq huquqlarining buzilishi
Patent yoki dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan ushbu Qonun 11 va 31-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga xilof ravishda foydalanuvchi har qanday shaxs patent egasining mutlaq huquqlarini buzuvchi hisoblanadi.
Patentlangan ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasidan foydalangan holda ruxsatsiz mahsulot tayyorlash, uni qo‘llash, import qilish, sotuvga taklif etish, sotish, fuqaro muomalasiga o‘zga tarzda kiritish yoki shu maqsadlarda uni saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan qo‘riqlanadigan usulni qo‘llash yoki ixtiro patenti bilan qo‘riqlanadigan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqaro muomalasiga kiritish yoxud shu maqsadlarda saqlab turish patent egasining mutlaq huquqini buzish deb e’tirof etiladi.
Sanoat mulki obyektidan patent egasining huquqlariga xilof ravishda foydalanayotgan shaxslar patent egasi talabiga binoan:
patent egasining mutlaq huquqini buzayotgan harakatlarni to‘xtatishlari;
patent egasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashlari shart. Zarar o‘rniga patent egasi huquqbuzardan shu harakati orqasidan olgan daromadini undirib olishga haqlidir.
(13-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
V BOB. PATENT YOKI DASTLABKI PATENT OLISh
(V bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Patent yoki dastlabki patent berish so‘ralgan talabnomani topshirish
Patent yoki dastlabki patent berish so‘ralgan talabnoma muallif, ish beruvchi yoki ularning huquqiy vorisi (matnda bundan keyin talabnoma beruvchi deb yuritiladi) tomonidan Patent idorasiga topshiriladi.
Patent yoki dastlabki patent so‘ralgan talabnomaga belgilangan miqdorda boj to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat yoki boj to‘lashdan ozod qilishning yoxud boj miqdorini kamaytirishning asoslari ilova qilinadi.
Sanoat mulki obyektlariga oid talabnoma hujjatlariga doir boshqa talablar Patent idorasi tomonidan belgilanadi.
Talabnoma shaxsan yoki Patent idorasida ro‘yxatdan o‘tgan patent vakili orqali topshirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida yashayotgan jismoniy shaxslar yoki ajnabiy yuridik shaxslar patent olish va uni kuchda saqlab turish bo‘yicha Patent idorasida ro‘yxatdan o‘tgan patent vakillari orqali ish olib boradilar. Patent vakilining vakolatlari talabnoma kirituvchi tomonidan berilgan ishonch qog‘ozi bilan tasdiqlanadi.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
15-modda. Ixtiroga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralgan talabnoma
Ixtiroga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralgan talabnoma (matnda bundan keyin ixtiroga oid talabnoma deb yuritiladi) bitta ixtiroga yoki yagona ixtirochilik fikrini (ixtiro birligi talabi) tashkil qilib, bir-biri bilan uzviy bog‘langan ixtirolar guruhiga tegishli bo‘lishi kerak.
Ixtiroga oid talabnoma o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
ixtiro muallifi (mualliflari) va nomiga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralayotgan shaxs (shaxslar), shuningdek ularning yashash yoki turar joyi ko‘rsatilib, patent yoki dastlabki patent berish so‘ralgan ariza;
ixtironing uni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan darajada to‘liq bayon etilgan tavsifi;
ixtiro mohiyatini aks ettiruvchi va uning tavsifiga to‘la muvofiq bo‘lgan ixtiro formulasi;
ixtiro mohiyatini tushunish uchun zarur bo‘lsa, chizmalar va boshqa materiallar;
referat.
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Foydali modelga patent berilishi so‘ralgan talabnoma
Foydali modelga patent berilishi so‘ralgan talabnoma (matnda bundan keyin foydali modelga oid talabnoma deb yuritiladi) bitta foydali modelga yoki yagona ijodiy fikrni (foydali model birligi talabi) tashkil qilib, bir-biri bilan uzviy bog‘langan foydali modellar guruhiga tegishli bo‘lishi kerak.
Foydali modelga oid talabnoma o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
foydali model muallifi (mualliflari) va nomiga patent berilishi so‘ralayotgan shaxs (shaxslar), shuningdek ularning yashash yoki turar joyi ko‘rsatilib, patent berish so‘ralgan ariza;
foydali modelning uni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan darajada to‘liq bayon etilgan tavsifi;
foydali model mohiyatini aks ettiruvchi va uning tavsifiga to‘la muvofiq bo‘lgan foydali model formulasi;
basharti foydali model mohiyatini tushunish uchun zarur bo‘lsa, chizmalar va boshqa materiallar;
referat.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
17-modda. Sanoat namunasiga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralgan talabnoma
Sanoat namunasiga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralgan talabnoma (matnda bundan keyin sanoat namunasiga oid talabnoma deb yuritiladi) bitta sanoat namunasiga tegishli bo‘lishi kerak va u shu namuna variantlarini (sanoat namunasi birligi talabi) qamrab olishi mumkin.
Sanoat namunasiga oid talabnoma o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
sanoat namunasining muallifi (mualliflari) va nomiga patent yoki dastlabki patent berilishi so‘ralayotgan shaxs (shaxslar), shuningdek ularning yashash va turar joylari ko‘rsatilib, patent yoki dastlabki patent berish so‘ralgan ariza;
buyumning o‘zi, uning maketi yoki rasmining buyum tashqi ko‘rinishi haqida to‘la-to‘kis, bor tafsiloti bilan tasavvur beruvchi turkum fotosuratlari;
basharti sanoat namunasining mohiyatini ochish uchun zarur bo‘lsa, buyum umumiy ko‘rinishining chizmasi, ergonomik sxemasi, konfeksion xaritasi;
sanoat namunasining undagi muhim alomatlar majmuini o‘z ichiga olgan tavsifi.
18-modda. Sanoat mulki obyekti ustuvorligi
Sanoat mulki obyekti ustuvorligi talabnoma ushbu Qonun talablariga muvofiq holda rasmiylashtirilib, Patent idorasiga topshirilgan kundan boshlab belgilanadi.
Ustuvorlik:
sanoat mulkini muhofaza qilish Parij konvensiyasi qatnashchisi bo‘lgan boshqa davlatda (konvensiya ustuvorligi) berilgan birinchi talabnomada qayd etilgan sanaga ko‘ra, basharti Patent idorasiga ana shu sanadan boshlab ixtiroga, foydali modelga oid talabnoma o‘n ikki oy ichida, sanoat namunasiga oid talabnoma esa olti oy ichida topshirilgan bo‘lsa, belgilanadi. Basharti konvensiya ustuvorligi so‘ralgan talabnoma uni beruvchiga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarga ko‘ra belgilangan muddatda topshirib ulgurilmasa, bu muddat Patent idorasi tomonidan uzog‘i bilan yana ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Konvensiya ustuvorligi huquqidan foydalanish istagidagi talabnoma beruvchi o‘zining ana shu istagini talabnomani topshirish paytida ko‘rsatishi va (yoki) zarur materiallarni talabnoma topshirilgan sanadan boshlab uch oydan kechiktirmay Patent idorasiga taqdim etishi lozim;
O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etadigan sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha davlatlararo bitimlarga muvofiq topshirilganiga ayni o‘xshash birinchi talabnoma topshirilgan sanaga ko‘ra, basharti ushbu talabnoma uning egasi tomonidan qaytarib olinib, ustuvorlik sanasi bilan Patent idorasiga talabnoma tushgan sana o‘rtasidagi vaqt ixtiro uchun o‘n ikki oydan va sanoat namunasi uchun olti oydan oshmagan bo‘lsa, belgilanadi;
qo‘shimcha materiallar topshirilgan sanaga ko‘ra, basharti talabnomaga ilova qilingan qo‘shimcha materiallar talabnoma qaratilgan ixtiro mohiyatini o‘zgartirib yuborishi va shu sababga ko‘ra ular qabul qilinmasligi Patent idorasi tomonidan talabnoma beruvchiga ma’lum qilingan sanadan boshlab uch oy muddat ichida talabnoma beruvchi tomonidan qo‘shimcha materiallar mustaqil talabnoma tarzida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, belgilanadi;
shu talabnoma beruvchining Patent idorasiga birmuncha oldin taqdim etgan, ushbu sanoat mulki obyektining mohiyatini ochib beruvchi talabnomasi topshirilgan sanaga ko‘ra, basharti ustuvorlik so‘ralgan talabnoma birmuncha oldin berilgan talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab ixtiro va foydali model yuzasidan o‘n ikki oy va sanoat namunasi yuzasidan olti oy ichida topshirilgan bo‘lsa, belgilanadi. Bunda birmuncha oldin topshirilgan talabnoma qaytarib olingan deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Basharti ekspertiza jarayonida sanoat mulki obyektlariga ayni o‘xshash talabnomalarning ustuvorlik sanalari bir xilligi aniqlansa, u holda patent yoki dastlabki patent Patent idorasiga oldinroq jo‘natilganligi isbotlangan talabnoma bo‘yicha, bordi-yu jo‘natilgan sanalari ham bir xil bo‘lib chiqsa, Patent idorasida kelgan hujjat sifatida qaysi biri oldin qayd etilgan bo‘lsa, shu talabnomaga beriladi.
(18-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Ustuvorlik birmuncha oldin ustuvorlik so‘ralgan talabnoma kelib tushgan sanaga ko‘ra belgilanishi mumkin emas.
19-modda. Davlat ilmiy-texnik ekspertizasi
Sanoat mulki obyektiga oid talabnoma bo‘yicha Patent idorasi rasmiy ekspertiza, dastlabki ekspertiza va (yoki) mohiyatan ekspertizadan iborat bo‘lgan davlat ilmiy-texnik ekspertizasini o‘tkazadi.
Talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida talabnoma beruvchi talabnoma berilayotgan sanoat mulki obyektining mohiyatini o‘zgartirmagan holda unga tuzatishlar, aniqliklar yoki qo‘shimcha materiallar kiritish huquqiga ega.
Sanoat mulki obyektiga oid talabnomaga tuzatishlar, aniqliklar kiritish yoki qo‘shimcha materiallar taqdim etish, boj to‘lash sharti bilan, mazkur muddat o‘tganidan keyin ham, biroq muhofaza hujjatini berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingunga qadar amalga oshirilishi mumkin.
Belgilangan talablar buzilgan holda rasmiylashtirilgan talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga so‘rov yuborilib, unda shu so‘rovni olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida tuzatilgan yoki yetishmaydigan materiallarni topshirish taklif qilinadi.
Basharti talabnoma beruvchi mazkur muddatda so‘ralgan materiallarni taqdim etmasa yoki belgilangan muddatni uzaytirib berish to‘g‘risida iltimosnoma topshirmasa, talabnoma qaytarib olingan hisoblanadi.
Sanoat mulki obyekti birligi talablari buzilgan holda berilgan talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga tegishli so‘rov olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida ushbu obyektlardan qaysi biri ko‘rib chiqilishi lozimligini xabar qilish hamda talabnoma hujjatlariga tegishli aniqliklar kiritish taklif qilinadi. Dastlabki talabnoma materiallariga kiritilgan boshqa obyektlar mustaqil talabnomalar tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Basharti talabnoma beruvchi sanoat mulki obyekti birligi talablari buzilganligi haqida so‘rov olganidan so‘ng ikki oy ichida ushbu obyektlardan qaysi biri ko‘rib chiqilishi lozimligini xabar qilmasa va aniqlik kiritilgan materiallarni taqdim etmasa, ixtiro, foydali model formulasida yoki sanoat namunasi tavsifida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan obyekt ekspertizadan o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi sanoat mulki obyekti tegishli Davlat reyestrida qayd qilingunga qadar ekspertizaning istalgan bosqichida patentlar va dastlabki patentlar so‘ralgan talabnomani qaytarib olishi mumkin.
Patentlar va dastlabki patentlar so‘ralgan talabnomalarga doir materiallardagi ma’lumotlar Patent idorasida maxfiy saqlanishi kerak va ular haqidagi axborotlar talabnoma beruvchi yoki patent egasining roziligisiz berilmaydi. Patent va dastlabki patent haqidagi ma’lumotlar rasmiy ravishda e’lon qilingunga qadar talabnomalarga doir materiallardagi axborotlarni oshkor etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(19-moddaning sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Patent idorasi tomonidan ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan talabnomalar talabnoma beruvchilarga qaytarilmaydi.
20-modda. Rasmiy va dastlabki ekspertizalar
Rasmiy ekspertiza Patent idorasi tomonidan sanoat obyekti mulkiga oid talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy o‘tganidan so‘ng o‘tkaziladi. Talabnoma beruvchining iltimosiga ko‘ra rasmiy ekspertiza mazkur muddat o‘tmasdan boshlanishi mumkin. Bu holda talabnoma beruvchi iltimosnoma berilgan paytdan boshlab talabnoma materiallariga qo‘shimcha boj to‘lamasdan o‘z tashabbusi bilan tuzatishlar va aniqliklar kiritish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Talabnomani rasmiy ekspertizadan o‘tkazish chog‘ida taqdim qilingan taklifning huquqiy muhofaza ta’minlanadigan sanoat mulki obyektlariga qay darajada mosligi ko‘rib chiqiladi va uning ustuvorligi belgilanadi.
Rasmiy ekspertizaning ijobiy natijasi va ustuvorlik belgilanganligi haqida talabnoma beruvchiga xabar qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Dastlabki ekspertiza Patent idorasi tomonidan ixtiroga, sanoat namunasiga yoki foydali modelga dastlabki patent berish so‘ralgan talabnoma bo‘yicha o‘tkaziladi.
(20-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Dastlabki ekspertiza o‘tkazish chog‘ida ko‘rsatilgan obyektning talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan talabnoma materiallarida keltirilgan texnika taraqqiyoti darajasi bo‘yicha yoki (va) O‘zbekiston Respublikasining patent hujjatlari bo‘yicha yangilik va sanoatda qo‘llash shartlariga qanchalik mosligi tekshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Basharti talabnomani dastlabki ekspertizadan o‘tkazish natijasida sanoat mulki obyektiga oid talabnoma materiallari qo‘yilayotgan talablarga mos kelishi aniqlansa, Patent idorasi dastlabki patent berish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda rasmiy xabar e’lon qiladi.
Basharti dastlabki ekspertiza natijasida obyekt qo‘yilayotgan talablarga mos emasligi aniqlansa, Patent idorasi dastlabki patent berishni rad qilish haqida qaror qabul qiladi.
(20-moddaning oltinchi va yettinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Talabnoma beruvchi Patent idorasining qarori ustidan qarorni olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida Patent idorasining Apellatsiya kengashiga (matnda bundan keyin Apellatsiya kengashi deb yuritiladi) shikoyat berishi mumkin. Apellatsiya kengashi shikoyatni u tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida ko‘rib chiqishi lozim. Apellatsiya kengashining Patent idorasi vakolat doirasidagi qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Talabnomalarni rasmiy va dastlabki ekspertizalardan o‘tkazishning ushbu moddada belgilangan va talabnoma beruvchi tomonidan o‘tkazib yuborilgan muddatlari muddatlar uzaytirilishini muqarrar qilib qo‘ygan sabablar tasdiqlangan va boj to‘langan taqdirda Patent idorasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Talabnoma beruvchi muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani o‘tkazib yuborilgan muddat tugagan kundan boshlab o‘n ikki oydan kechiktirmay topshirishi lozim.
Apellatsiya kengashiga murojaat qilish muddati tiklanmaydi.
21-modda. Mohiyatan ekspertiza o‘tkazish
Patent idorasi ixtiro va sanoat namunasiga patent berish so‘ralgan talabnomani talabnoma topshirilgan sanadan boshlab o‘n ikki oy ichida talabnoma beruvchi tomonidan kiritilishi mumkin bo‘lgan iltimosnomaga ko‘ra mohiyatan ekspertizadan o‘tkazadi.
Mohiyatan ekspertiza o‘tkazish haqidagi iltimosnoma berishning mazkur muddati buzilgan taqdirda talabnoma qaytarib olingan hisoblanadi.
Basharti talabnomani mohiyatan ekspertizadan o‘tkazish natijasida talabnoma beruvchi taklif qilgan formula bilan ifodalangan ixtiro sifatida ta’riflangan obyekt, muhim alomatlar majmui sifatida ifodalangan sanoat mulki sifatida ta’riflangan obyekt belgilangan talablarga mosligi aniqlansa, Patent idorasi patent berish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda rasmiy xabar e’lon qiladi.
Talabnoma beruvchi yoki boshqa shaxslar dastlabki patent so‘ralgan talabnomani topshirgan sanadan boshlab istalgan paytda, lekin dastlabki patentning amal qilish vaqti tugamasdan oldin beradigan iltimosnomaga ko‘ra Patent idorasi ixtiro yoki sanoat namunasining patentga layoqatlilik shartlariga muvofiq mohiyatan ekspertiza o‘tkazadi.
Basharti dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektini mohiyatan ekspertizadan o‘tkazishning tugash muddati dastlabki patentning amal qilish muddatidan uzoqroq bo‘lsa, iltimosnoma dastlabki patent egasi tomonidan berilishi sharti bilan dastlabki patentning amal qilish muddati mohiyatan ekspertiza o‘tkazish davriga teng muddatga uzaytiriladi.
Boshqa shaxslardan tushgan iltimosnomalar talabnoma beruvchiga ma’lum qilinadi.
Basharti talabnoma beruvchi mohiyatan ekspertiza o‘tkazish haqida mazkur muddatda iltimosnoma topshirmasa, ixtiro yoki sanoat namunasining huquqiy muhofazasi dastlabki patentning amal qilish muddati tugashi bilan to‘xtatiladi.
Ixtiro yoki sanoat namunasi sifatida ifodalangan obyektning patentga layoqatlilik shartlariga mos kelmasligi aniqlansa, patent berishni rad qilish haqida qaror qabul qilinadi.
Talabnoma beruvchi Patent idorasining qarori ustidan qarorni olgan sanadan boshlab uch oy muddat ichida Apellatsiya kengashiga shikoyat berishi mumkin. Apellatsiya kengashi shikoyat tushgan sanadan boshlab to‘rt oy muddat ichida uni ko‘rib chiqishi lozim.
Talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashi qaroriga rozi bo‘lmasa, qarorni olgan sanadan boshlab olti oy muddat ichida Oliy sudga da’vo bilan murojaat qilishi mumkin. Oliy sudning qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Talabnomalarni mohiyatan ekspertizadan o‘tkazishning ushbu moddada belgilangan va talabnoma beruvchi tomonidan o‘tkazib yuborilgan muddatlari, muddatlar uzaytirilishini muqarrar qilib qo‘ygan sabablar tasdiqlangan va boj to‘langan taqdirda Patent idorasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Talabnoma beruvchi muddatni tiklash haqidagi iltimosnomani o‘tkazib yuborilgan muddat tugagan kundan boshlab o‘n ikki oydan kechiktirmay topshirishi mumkin.
Apellatsiya kengashiga murojaat qilish muddati tiklanmaydi.
22-modda. Talabnomalarni o‘zgartirish
Talabnoma beruvchi muhofaza hujjati berish haqida qaror qabul qilingunga qadar ixtiroga oid talabnomani foydali modelga oid talabnoma, foydali modelga oid talabnomani esa ixtiroga oid talabnoma qilib o‘zgartirishga haqlidir.
Bunday o‘zgartirishlar qilinganda birinchi talabnomaning ustuvorligi saqlanib qoladi.
Talabnomalarni o‘zgartirish tegishli boj to‘langandan so‘ng amalga oshiriladi.
23-modda. Sanoat mulki obyektini ro‘yxatdan o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Patent idorasi patent yoki dastlabki patent berish haqida qaror qabul qilgandan so‘ng tegishli sanoat mulki obyektini Ixtirolar davlat reyestri, Foydali modellar davlat reyestri yoki Sanoat namunalari davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazadi.
(23-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
24-modda. Patent va dastlabki patent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasman e’lon qilish
Patent idorasi sanoat mulki obyektlari ro‘yxatdan o‘tkazilganligiga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan rasmiy axborotnoma chiqaradi.
Dastlabki patentlar bilan muhofaza etiladigan sanoat mulki obyektlarining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlarni rasman e’lon qilish ularga boshqa davlatda (davlatlarda) patent olinayotganligi munosabati bilan obyektlar ustuvorligi sanasidan boshlab, o‘n ikki oyga vaqtincha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
E’lon qilinadigan ma’lumotlarning to‘liq ro‘yxati va tarkibini Patent idorasi belgilaydi.
(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Patent va dastlabki patent berish
Patent va dastlabki patent berish ular ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotlar rasmiy axborotnomada e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach, Patent idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
Patent va dastlabki patent O‘zbekiston Respublikasi nomidan beriladi hamda Patent idorasi rahbari tomonidan imzolanadi.
Patent yoki dastlabki patent bir necha kishi nomiga so‘ralganda bitta muhofaza hujjati beriladi.
Sanoat mulki obyektiga bo‘lgan huquqni Intellektual mulk davlat fondiga topshirgan obyekt muallifiga Patent idorasi uning muallifligini tasdiqlovchi hujjat beradi.
Muhofaza hujjati shaklini va unda ko‘rsatiladigan ma’lumotlar tarkibini Patent idorasi belgilaydi.
Berilgan muhofaza hujjatidagi ko‘zga yaqqol tashlanib turgan va texnik xatolarni patent egasining talabi bo‘yicha Patent idorasi tuzatadi.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
26-modda. Patent bojlari
Patent yoki dastlabki patent bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik harakatlar va tadbirlar amalga oshirilganligi uchun patent boji undiriladi.
Patent boji olinadigan harakatlar va tadbirlar ro‘yxati, ularning miqdori va to‘lash muddati, boj to‘lovidan ozod qilish, boj miqdorini kamaytirish yoki olingan bojni qaytarib berishning asoslari Patent idorasi tomonidan Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Bojlar talabnoma beruvchi, patent egasi, shuningdek boshqa manfaatdor jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslari bojlarni milliy pul birligida to‘laydilar. Boshqa davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari bojlarni, basharti, xalqaro shartnomalar va bitimlarda o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet el valyutasida to‘laydilar.
Patent yoki dastlabki patentni kuchda saqlab turish bojini to‘lash uchun patent egasiga qo‘shimcha boj to‘lash sharti bilan olti oylik imtiyozli muddat beriladi.
Patent yoki dastlabki patentning kuchini saqlab turish uchun boj va qo‘shimcha boj imtiyozli muddat davomida to‘lanmasa, sanoat mulki obyektiga bo‘lgan mutlaq huquq yo‘qoladi, patent, yoki dastlabki patent esa belgilangan muddat tugagan kundan boshlab bekor qilinadi.
(26-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
VI BOB. PATENT YOKI DASTLABKI PATENTNING AMAL QILIShINI TO‘XTATISh
(VI bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Patent yoki dastlabki patent yuzasidan e’tiroz bildirish
Patentning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi xususida patent huquqiy muhofazasining to‘liq hajmida yoki uning bir qismi bo‘yicha, istalgan paytda Oliy sudga quyidagi asoslarga ko‘ra berilgan da’vo yuzasidan bahslashilishi mumkin:
muhofazalangan sanoat mulki obyekti patentga layoqatlilik shartlariga mos kelmagan taqdirda;
talabnoma materiallarida ixtironing mohiyati yetarlicha ochib berilmagan bo‘lsa;
ixtiro formulasida yoki sanoat namunasining muhim alomatlar majmuida talabnomaning dastlabki materiallarida bo‘lmagan belgilar mavjud bo‘lsa.
Dastlabki patentning amal qilishi xususida dastlabki patent huquqiy muhofazasining to‘liq hajmida yoki uning bir qismi bo‘yicha Apellatsiya kengashiga berilgan shikoyat asosida:
ushbu moddaning birinchi qismida keltirilgan asoslarga ko‘ra;
foydali model formulasidagi muhim alomatlar majmuida talabnomaning dastlabki materiallarida bo‘lmagan belgilar mavjud bo‘lganda e’tiroz bildirilishi mumkin.
Apellatsiya kengashining shikoyat bo‘yicha Patent idorasi vakolatlari doirasida chiqargan qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Berilgan patent yoki dastlabki patentlar bo‘yicha sanoat mulki obyektiga mualliflik va egalik huquqi (patent egasi) xususidagi nizolar:
sanoat mulki obyekti muallifi (mualliflari) yoki patent egasi (patent egalari)ning patentda noto‘g‘ri ko‘rsatilishi;
patent egasida patent yoki dastlabki patent olish huquqi yo‘qligi;
g‘ayrihuquqiy ravishda o‘zlashtirilganlik fakti asoslariga binoan sudda ko‘riladi.
Patent yoki dastlabki patent berish Apellatsiya kengashiga shikoyat berilishi munosabati bilan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Basharti nizo sudda qarab chiqiladigan bo‘lsa, masala hal etilguniga qadar sanoat mulki obyektiga doir ish yuritilishi Patent idorasi tomonidan to‘xtatib qo‘yiladi.
Apellatsiya kengashining chiqargan qaroriga rozi bo‘lmagan istalgan tomon qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy muddat ichida Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.
(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Patent yoki dastlabki patentning amal qilishini muddatidan ilgari to‘xtatish
Patent yoki dastlabki patentning amal qilishi:
ushbu Qonunga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq patent yoki dastlabki patent amal qilmayotgan deb topilsa;
patent yoki dastlabki patent amalda saqlab turish uchun to‘lanadigan boj o‘z vaqtida to‘lanmasa;
Patent idorasiga patent egasi tomonidan berilgan arizaga asosan muddatidan ilgari to‘xtatiladi.
Patent yoki dastlabki patentning amal qilishi muddatidan ilgari to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot Patent idorasining rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi.
(28-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
VII BOB. SANOAT MULKI OBYEKTLARIDAN FOYDALANISh
29-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish
Ixtironing, foydali modelning formula mustaqil bandiga kiritilgan har bir belgisi yoki unga muodil bo‘lgan belgi qo‘llanilgan bo‘lsa, mahsulot (buyum) patent berilgan ixtiro, foydali modeldan foydalanilgan holda tayyorlangan, ixtiro patenti bilan muhofaza etiladigan usul esa, qo‘llanilgan deb hisoblanadi.
Mahsulotni olish usuliga berilgan patentning amal qilishi aynan shu usul yordamida olingan mahsulotga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Bunda inkorini isbotlovchi dalillar bo‘lmasa, bu yangi mahsulot patent berilgan usulda olingan deb hisoblanadi.
Basharti mahsulotda patent berilgan sanoat namunasining barcha muhim alomatlari bo‘lsa, u patent berilgan sanoat namunasidan foydalanilgan holda tayyorlangan deb e’tirof etiladi.
Z0-modda. Avval foydalanganlik huquqi
Sanoat mulki obyektiga oid talabnoma ustuvorligi sanasiga qadar uning muallifidan mustaqil tarzda aynan o‘xshash bo‘lgan yechimdan foydalangan yoki shunga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs keyinchalik ham ishlab chiqarish hajmini kengaytirmagan tarzda, undan bepul foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Avval foydalanganlik huquqi o‘zga jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘xshash yechimdan foydalanilgan yoki foydalanishga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilgan ishlab chiqarish bilan birgalikdagina topshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
31-modda. Sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini berish
Patent egasi bo‘lmagan har qanday shaxs patent yoki dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektidan faqat patent egasining ruxsati bilan litsenziya shartnomasi asosida foydalanish huquqiga egadir.
Litsenziya shartnomasi Patent idorasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Patent egasi sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini har qanday shaxsga topshirishga rozi ekanligi to‘g‘risida Patent idorasiga ariza berishi mumkin (ochiq litsenziya). Bunday holda Patent idorasi bu xil arizalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilganidan keyingi yildan boshlab, patentning amal qilishini saqlab turish uchun to‘lanadigan boj haqi 50 foizga kamaytiriladi.
Ochiq litsenziyani sotib olish istagini bildirgan shaxs patent egasi bilan to‘lovlar haqida shartnoma yoki mutloq bo‘lmagan oddiy litsenziyani berish to‘g‘risida shartnoma tuzishi shart. Shartnoma talablari bo‘yicha nizolar xo‘jalik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Patent egasining ochiq litsenziyaga huquq berilishi haqidagi arizasi qaytarib olinmaydi.
Vazirlar Mahkamasi milliy xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlab patent egasining ruxsatisiz unga mutanosib miqdorda tovon to‘lash sharti bilan sanoat mulki obyektidan foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
Tovon miqdori to‘g‘risidagi nizolar Oliy xo‘jalik sudi tomonidan hal etiladi.
Basharti patent egasi sanoat mulki obyektidan uning tarkibida boshqa jismoniy yoki yuridik shaxsga qarashli muhofazalangan o‘zga obyekt qo‘llanilishi tufayli foydalana olmasa, patent egasi mazkur shaxsdan shartnomada nazarda tutilgan talablar asosida bu obyektdan foydalanishga litsenziya berishni talab qilishga haqlidir.
(31-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
32-modda. Sanoat mulki obyektlaridan foydalanishning davlat tomonidan rag‘batlantirilishi
Mualliflar va sanoat mulki obyektlaridan foydalanuvchi xo‘jalik yuritish subyektlariga soliq solish va kredit berishda imtiyozli shartlar belgilanadi, shuningdek ularga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa imtiyozlar beriladi.
33-modda. Sanoat mulki obyektini o‘z ichiga olgan yangi texnikani ishlab chiqish va yetkazib berishga buyurtma
Oldingi tahrirga qarang.
Sanoat mulki obyektlaridan foydalanilgan holda mahsulot ishlab chiqarish uchun korxonaga buyurtma bergan davlat boshqaruv organi, basharti ularga doir patentlar yoki dastlabki patentlar boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shuningdek ajnabiy patent egalariga qarashli bo‘lsa, yetarli moliyaviy mablag‘ ajratib, litsenziya sotib olinishini ta’minlaydi.
(33-modda O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
34-modda. Ixtiro mualliflariga mukofot puli berish
Oldingi tahrirga qarang.
Patent egasi bo‘lmagan sanoat mulki obyektining muallifi (mualliflari) mazkur obyektdan foydalanilganligi yoki unga doir litsenziya sotilganligi uchun mukofot puli olishga haqlidir (haqlidirlar), haq miqdori va uni to‘lash shartlari va tartibi ish beruvchi, patent egasi yoki ularning huquqiy vorisi bilan tuzilgan shartnoma asosida belgilanadi.
(34-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Patent egasi patent, dastlabki patent yoki guvohnomaning amal qilish muddati mobaynida sanoat mulki obyekti muallifiga quyidagilar hisobidan haq to‘laydi:
obyektdan foydalanganlikdan keladigan foyda (daromad);
obyektga to‘g‘ri kelgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxi;
litsenziya to‘lovlari.
Litsenziya shartnomasi bo‘yicha mukofot puli litsenziya shartnomasida ko‘rsatilgan to‘lov valyutasida to‘lanishi mumkin.
35-modda. Sanoat mulki obyektlarini yaratish va ulardan foydalanishda ko‘maklashgan shaxslarga mukofot puli to‘lash
Patent egasi (litsenziar) o‘z xizmat vazifalarini bajarish davomida yoki shartnoma asosida ishlab, sanoat mulki obyektlarini yaratish, ulardan foydalanish, ularga litsenziya sotishga ko‘maklashgan shaxslarga (shu jumladan mazkur korxonada ishlamayotgan shaxslarga) mukofot puli to‘lashga haqlidir.
Mukofot puli sanoat mulki obyektidan foydalanish boshlangan yoki litsenziya sotish natijasida to‘lov mablag‘lari tushgan sanadan boshlab ikki yil mobaynida quyidagilar hisobidan to‘lanadi:
obyektdan foydalanishdan tushgan foyda (daromad);
obyektga to‘g‘ri kelgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxi;
litsenziya to‘lovlari.
Litsenziya shartnomasi bo‘yicha mukofot puli litsenziya shartnomasida ko‘rsatilgan to‘lov valyutasida to‘lanishi mumkin.
VIII BOB. MUALLIFLAR VA PATENT EGALARI HUQUQLARINI HIMOYA QILISh
36-modda. Mualliflarning huquq va imtiyozlari
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnomani ko‘rib chiqishning istalgan bosqichida muallif ariza berib, sanoat mulki obyektiga maxsus nom berish huquqiga ega.
(36-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Muallif sanoat mulki obyektini foydalanishga tayyorlash ishida shartnoma asosida qatnashish huquqiga ega.
Mualliflarning boshqa huquq va imtiyozlari qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Mualliflikni o‘zlashtirish, hammualliflikka majbur qilish, sanoat mulki obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor qilish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
37-modda. Nizolarni ko‘rib chiquvchi organlar
Oldingi tahrirga qarang.
Sanoat mulki obyektlarini qo‘riqlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq nizolar:
Patent idorasining Apellatsiya kengashi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(37-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
38-modda. Patent idorasining Apellatsiya kengashi
Apellatsiya kengashi:
talabnoma topshirilgan sanoat mulki obyektlariga doir ekspertiza xulosalari va Patent idorasining chiqargan qarorlar ustidan tushgan shikoyatlarni;
manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslarning muhofaza hujjatlari berilishiga norozilik bildirgan shikoyatlarini;
Oldingi tahrirga qarang.
dastlabki va patentlarning amal qilishiga norozilik bildirilgan shikoyatlarni;
(38-moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
patentlar haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni;
boshqa turdagi shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.
Apellatsiya kengashi qarorlar qabul qilishda mustaqil bo‘lib, o‘z faoliyatida ushbu Qonunga Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Apellatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Apellatsiya kengashi tarkibiga Patent idorasining rahbari, uning o‘rinbosarlari va bosh ekspertlar kiradi.
Patent idorasi vakolatlari doirasida faqat Apellatsiya kengashigina sanoat mulkining talabnoma topshirilgan yoki muhofazalangan obyektini davlat ilmiy-texnik ekspertizasidan qayta o‘tkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
39-modda. Nizolarni sud tartibida ko‘rib chiqish
O‘z vakolatlariga muvofiq:
Oliy sud — patent berilganligi va patent yuzasidan bildirilgan e’tirozlar to‘g‘risidagi majburiy litsenziya berilganligi to‘g‘risidagi nizolarni;
barcha instansiyadagi sudlar — sanoat mulki obyektiga mualliflik to‘g‘risidagi, undan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi to‘g‘risidagi, patent egasini aniqlash to‘g‘risidagi, avval foydalanganlik huquqi to‘g‘risidagi nizolarni;
xo‘jalik sudlari — patent egasining mulkiy huquqlari to‘g‘risidagi, litsenziya shartnomalarining ijrosi to‘g‘risidagi, muallifga mukofot puli to‘lash to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rib chiqadilar.
40-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakilligi
Sanoat mulki obyektlariga nisbatan Patent idorasi va sudda yuridik va jismoniy shaxslar vakilligi Patent vakillari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan patent vakili tomonidan ta’minlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Patent vakillari to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tarzda malaka sinovidan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi (jismoniy shaxs) patent vakili sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
IX BOB. YAKUNIY QOIDALAR
41-modda. Sanoat mulki obyektlarini boshqa davlatlarda patentlashtirish
O‘zbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslari sanoat mulki obyektlarini boshqa davlatlarda patentlashtirish huquqiga egadirlar.
Sanoat mulki obyektlarini patentlashtirish Patent idorasiga talabnoma topshirilganidan keyin uch oy o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning talablarini buzgan holda berilgan patent yoki dastlabki patent haqiqiy emas deb hisoblanadi va Patent idorasining qarori bilan bekor qilinadi.
(41-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
Sanoat mulki obyektini boshqa davlatda (davlatlarda) g‘ayrihuquqiy ravishda patentlashtirgan har qanday shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
42-modda. Boshqa davlatlar jismoniy va yuridik shaxslarining huquqlari
O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1062-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 138-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)