1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.01.00 Asosiy qoidalar]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Yer osti boyliklari to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonunning vazifalari
Ushbu Qonunning vazifalari mineral xomashyoga, yer osti suvlariga bo‘lgan hamda boshqa ehtiyojlarni qondirish uchun yer osti boyliklaridan oqilona, kompleks foydalanishni, yer osti boyliklaridan foydalanish chog‘ida yer osti boyliklarini, atrof tabiiy muhitni muhofaza etish va ishlarni bexatar olib borishni, davlat va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer osti boyliklariga egalik qilishda, ulardan foydalanishda va ularni tasarruf etishda yuzaga keladigan munosabatlarni (konchilik munosabatlarini) tartibga solishdan, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishdan iborat.
2-modda. Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Konchilik munosabatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida konchilik munosabatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Yer osti boyliklaridan foydalanish chog‘ida yuzaga keladigan, yerdan, yer usti suvlaridan, o‘simlik va hayvonot dunyosidan, atmosfera havosidan foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq munosabatlar tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
3-modda. Yer osti boyliklariga egalik qilish
Yer osti boyliklari umummilliy boylik va O‘zbekiston Respublikasining mutlaq mulkidir.
4-modda. Yer osti boyliklari Davlat fondi
Yer osti boyliklarining foydalanilayotgan uchastkalari ham, foydalanilmayotgan uchastkalari ham, shuningdek texnogen hosilalar (mineral xomashyoni qazib olish hamda qayta ishlash chiqindilari) yer osti boyliklari Davlat fondini tashkil etadi.
5-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida yoki bitimlarida O‘zbekiston Respublikasining yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoidalardan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.02.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat va boshqaruv. Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyatini litsenziyalash]
II BO‘LIM. KONChILIK MUNOSABATLARINING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI
6-modda. Konchilik munosabatlarini davlat tomonidan tartibga solishning vazifalari
Konchilik munosabatlarini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy vazifalari:
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishni ta’minlashdan;
foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olishning hozirgi paytdagi va istiqbolga mo‘ljallangan hajmlarini belgilashdan;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq va mineral xomashyoning ayrim turlariga narx belgilashdan;
yer osti boyliklarini geologik jihatdan o‘rganish va muhofaza qilish, mineral resurslardan oqilona, kompleks foydalanish, yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni bexatar yuritishga doir normalar va qoidalarni belgilashdan;
yer osti boyliklaridan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan, yer osti boyliklarini geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan tekshiruv va nazorat tizimini tashkil etishdan iborat.
7-modda. Konchilik munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvi
Konchilik munosabatlari sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, hokimiyat mahalliy organlari, shuningdek bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi konchilik munosabatlari sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari hisoblanib, ular o‘z faoliyatini o‘zlari to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustdagi 125-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 217-modda)
8-modda. Vazirlar Mahkamasining konchilik munosabatlari sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga:
yer osti boyliklari davlat fondini tasarruf etish;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish, mineral resurslardan oqilona va kompleks foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish, ularning ro‘yobga chiqarilishini nazorat qilib borish;
yer osti boyliklaridan foydalanish uchun litsenziya (ruxsatnoma) berish tizimini tashkil qilish;
yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning davlat hisob-kitobini olib borishni va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni tashkil qilish;
davlat geologik axborot fondini yaratish va yuritish, davlat mablag‘i evaziga olingan axborotni tasarruf etish, yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni bajarishni moliyaviy ta’minlagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan olingan axborotdan foydalanish tartibini belgilash;
foydali qazilmalarning qidirib topilgan zaxiralarini tasdiqlash hamda foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini, konlar, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalarning davlat kadastrini yuritish hamda yer qa’ri monitoringini amalga oshirish tartibini belgilash;
keng tarqalgan foydali qazilmalar ro‘yxatini belgilash;
yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat tekshiruvi va nazoratini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirib borish;
yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini olish uchun to‘lovlar undirish tartibi va shartlarini belgilash;
geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, mineral xomashyo qazib olish va uni qayta ishlash uchun, shuningdek foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish uchun chet el yuridik va jismoniy shaxslariga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer osti boyliklari uchastkalari ajratib berish tartibi hamda shartlarini belgilash;
konchilik munosabatlarini tartibga solish sohasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga masalalarni hal qilish kiradi.
9-modda. Hokimiyat mahalliy organlarining konchilik munosabatlari sohasidagi vakolatlari
Konchilik munosabatlari sohasida hokimiyat mahalliy organlarining vakolatlari jumlasiga:
o‘z hududida mineral xomashyo bazasini rivojlantirish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish, mineral resurslardan oqilona va kompleks foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va bajarishda qatnashish, ularning ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
yer maydonlari ajratib berish;
yer osti boyliklaridan foydalanishni va ularni muhofaza qilishni tekshirish hamda nazorat qilish;
ushbu Qonun talablari buzilgan taqdirda yer osti boyliklaridan foydalanish ishlarini to‘xtatib qo‘yish kiradi.
III BO‘LIM. YER OSTI BOYLIKLARIDAN FOYDALANISh
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
10-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish turlari
Yer osti boyliklari:
geologik jihatdan o‘rganish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish, shu jumladan neft, gaz, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mish uchun inshootlar qurish hamda ulardan foydalanish;
nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash;
davlatning o‘zga ehtiyojlari va jamoat ehtiyojlarini ta’minlash uchun foydalanishga berib qo‘yiladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
11-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar
Yuridik va jismoniy shaxslar yer osti boyliklaridan foydalanuvchi bo‘lishlari mumkin.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
12-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish muddatlari
Yer osti boyliklaridan foydalanish muddati cheklanmagan va cheklangan bo‘lishi mumkin.
Yer osti boyliklaridan foydalanish muddati oldindan belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, u muddati cheklanmagan hisoblanadi.
Yer osti boyliklari cheklangan muddatli foydalanish uchun litsenziyada belgilangan muddatga berib qo‘yiladi. Zaruratga qarab, bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Yer osti boyliklaridan foydalanish muddati foydalanish huquqi berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.05.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqining vujudga kelishi]
13-modda. Yer qa’rini geologik o‘rganish uchun berib qo‘yish
Geologik o‘rganish uchun yer qa’ri belgilangan tartibda tasdiqlangan yer qa’rini geologik o‘rganish loyihasiga asosan berib qo‘yiladi.
Yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va yer uchastkalarini egallashga ruxsat berish yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini boshlash uchun asos hisoblanadi.
Chet el yuridik shaxslariga, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga geologik o‘rganish uchun yer osti boyliklari qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda beriladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.05.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqining vujudga kelishi;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.06.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini litsenziyalash. Litsenziyani berish va qayta rasmiylashtirish. Tanlov va auksionlar]
14-modda. Yer osti boyliklarini foydali qazilmalar qazib olish va boshqa maqsadlar uchun foydalanishga berib qo‘yish
Yer osti boyliklari foydali qazilmalarni qazib olish va boshqa maqsadlar uchun, shuningdek texnogen hosilalar foydalanishga litsenziyalar asosida beriladi.
Qazib chiqarilishi litsenziya asosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan mineral resurslar turlarining ro‘yxati, yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarni berish tartibi, shuningdek kon ajratmalarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Litsenziya uning egasining yer osti boyliklaridan foydalanish, kon joylashgan maydon — kon ajratmasini olish va uning zaminida foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen hosilalardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarni loyihalashtirishga, foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanishga litsenziyada nazarda tutilgan shartlar va talablarga rioya etgan holda, zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini yer qa’rining ma’lum qismida ko‘mishga huquqi borligini tasdiqlaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga yer osti boyliklaridan foydalanishning bir yo‘la bir necha turi uchun litsenziyalar berilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Litsenziya yer osti boyliklaridan foydalanish uchun asosdir.
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyaning taqdim etilishi yer ajratmasi berilishi uchun asos bo‘ladi. Yer ajratmasi berish yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(14-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
Kon ajratmalari Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi tomonidan beriladi.
(14-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustdagi 125-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 217-modda)
Foydali qazilma konlarini tajriba-sanoat yo‘sinida ishlatish (neft va gaz konlari bundan mustasno), yer osti chuchuk suvlarini chiqarib olish, nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa kolleksiyabop geologik materiallarni to‘plash uchun litsenziyaga muvofiq berib qo‘yiladigan yer osti boyliklari uchastkalariga kon ajratmasi talab qilinmaydi.
Geologiya-qidiruv ishlarini moliyaviy ta’minlagan yuridik va jismoniy shaxslar qidirib topilgan konni ishlatish uchun litsenziyalar olishda mutlaq huquqqa egadirlar.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.02 Foydali qazilmalarni kavlab olish]
15-modda. Yer osti boyliklaridan xo‘jalik va ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun foydalanish
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilar o‘zlariga ajratib berilgan yer uchastkalari doirasida o‘z xo‘jalik va ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olish, yer osti suvlarini qazib chiqarish va yer osti inshootlarini qurish maqsadida yer osti boyliklaridan litsenziyasiz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish huquqiga egadirlar.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.07.00 Ekologik ekspertiza]
16-modda. Davlat ekologiya ekspertizasi
Yer osti boyliklaridan foydalanish va mineral xomashyoni qayta ishlash bilan bog‘liq ishlarni bajarish loyihalari davlat ekologiya ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.
Davlat ekologiya ekspertizasi talab qilinmaydigan ishlar ro‘yxati Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
17-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanishni cheklash
Aholi punktlarining belgilangan chegaralari, shahar atrofidagi ko‘kalamzor mintaqalar, sanoat, transport, aloqa obyektlari, yer osti suvlarini chiqarib olish inshootlari va ularning muhofaza qilinadigan mintaqalari, shuningdek boshqa alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar doirasida yer qa’rining ayrim uchastkalaridan foydalanish cheklab yoki taqiqlab qo‘yilishi mumkin.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
18-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning asosiy huquqlari va majburiyatlari
Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:
yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini bajarish uchun yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda yer uchastkalaridan foydalanish;
o‘z faoliyati natijalaridan, shu jumladan yer osti boyliklari to‘g‘risida olingan axborotlardan, shuningdek qazib olingan mineral xomashyodan foydalanish. Ayrim hollarda Vazirlar Mahkamasi qazib olingan mineral xomashyoni tasarruf etishning alohida shartlarini vaqtincha belgilab qo‘yishi mumkin;
basharti litsenziyada o‘zga qoida belgilanmagan bo‘lsa, foydali qazilmalarni qazib olish va mineral xomashyoni qayta ishlash jarayonida olingan texnogen hosilalardan foydalanish.
Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar:
yer qa’ridan belgilangan maqsadda foydalanilishini;
ishlar yer qa’ridan foydalanish loyihasiga muvofiq olib borilishini;
yer qa’ri geologik to‘la-to‘kis o‘rganilishini, yer osti boyliklaridan oqilona, kompleks foydalanilishini va muhofaza etilishini;
konlarning foydali qazilmalar mo‘l uchastkalarini tanlab ishlatishga, mineral xomashyo qazib olish va uni qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdagidan ortiq nobudgarchiligiga yo‘l qo‘yilmasligini;
zaxiralar holati va ulardagi o‘zgarishlar, foydali qazilmalarning nobudgarchiligi va kamayishi hisobga olib borilishini, shuningdek zaxiralarning o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqilishi, qayta tasdiqlanishi va chegirib tashlanishini;
qazib olinayotganda qo‘shilib chiqadigan, lekin vaqtincha foydalanilmayotgan foydali qazilmalarning saqlanishi va hisobga olib borilishini;
suv chiqarib olish inshootlari va ularning atrofidagi hududda yer osti suvlari holati kuzatib borilishini;
yer osti suvlari holatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida yer osti suvlari muhofaza qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar zudlik bilan xabardor qilinishini;
yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlar xavfsiz olib borilishini, falokatlarni tugatish rejalari ishlab chiqilishini;
yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning zararli ta’siridan atrof tabiiy muhit, binolar va inshootlarning muhofaza qilinishini;
yer osti boyliklaridan foydalanish jarayonida geologik, marksheyderlik hujjatlari va o‘zga hujjatlarning yuritilishini hamda ularning asralishini;
Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat geologiya fondiga (matnda bundan buyon Davlat geologiya fondi deb yuritiladi) yer qa’riga oid axborotlar, shuningdek foydali qazilma zaxiralarining holati va o‘zgarishi hamda ularning tarkibidagi komponentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini;
yer osti boyliklaridan foydalanish chog‘ida buzilgan yer uchastkalari ulardan keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirilishini;
yer osti boyliklaridan foydalanish uchun to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab borilishini ta’minlashlari shart.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.07.00 Yer ostidan foydalanish huquqining bekor bo‘lishi]
19-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini to‘xtatish uchun asoslar
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqi:
belgilangan muddat tugagan;
foydalanuvchi yer osti boyliklaridan foydalanish huquqidan voz kechgan;
foydalanish uchun yer qa’ri berib qo‘yilgan korxona yoxud o‘zga xo‘jalik faoliyati subyekti tugatilgan hollarda to‘xtatiladi.
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqi:
ishlovchilar va aholi hayotiga yoki sihat-salomatligiga, shuningdek atrof tabiiy muhit holatiga yaqqol xavf paydo bo‘lgan;
yer osti boyliklaridan foydalanuvchi bir yil mobaynida undan foydalanishga kirishmagan;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun to‘lov muntazam olib borilmagan;
yer osti boyliklaridan foydalanuvchi litsenziyaning asosiy shartlarini buzgan;
davlatning o‘zga ehtiyojlari va jamoat ehtiyojlari uchun yer qa’ri uchastkalarini olib qo‘yish zarur bo‘lgan;
ushbu Qonunning 24, 30 va 33-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bajarilmagan taqdirda muddatidan ilgari to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilar qonun hujjatlari talablarini buzganlari taqdirida yer osti boyliklaridan foydalanish huquqidan mahrum qilinishlari mumkin.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.07.00 Yer ostidan foydalanish huquqining bekor bo‘lishi]
20-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini to‘xtatish
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqi tegishli organlar tomonidan ularning o‘zlari bergan litsenziya va kon ajratmasi berishga oid dalolatnomani bekor qilish yo‘li bilan to‘xtatiladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
21-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish
Davlat boshqaruv organlarining, hokimiyat mahalliy organlarining yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar faoliyatiga aralashishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqining to‘xtatib turilishi, cheklab qo‘yilishi yoki to‘xtatilishi to‘g‘risidagi qarorlarning qay darajada asosliligi, shuningdek zararni qoplash to‘g‘risidagi nizolar sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Buzilgan huquqlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tiklanishi lozim. Yer osti boyliklaridan foydalanuvchiga yer qa’ridan foydalanish huquqi asossiz ravishda to‘xtatib turilishi, cheklab qo‘yilishi yoki to‘xtatilishi tufayli yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.08.00 Yer ostidan foydalanganlik uchun to‘lovlar (shuningdek, 07.10.05.00ga qarang)]
22-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish uchun haq to‘lash
Yer osti boyliklaridan foydalanish pullikdir, ushbu Qonunning 23-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
To‘lov puli yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq ko‘rinishida undirib olinadi. Ularning miqdori, ularni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, shuningdek to‘lov bo‘yicha imtiyozlar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(22-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuni bilan chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.05 Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish]
IV BO‘LIM. YER QA’RINI GEOLOGIK O‘RGANISh
24-modda. Yer qa’rini geologik o‘rganishga qo‘yiladigan asosiy talablar
Yer qa’rini geologik o‘rganishni amalga oshirayotgan yer qa’ridan foydalanuvchilar:
yer qa’ri geologik o‘rganilishining, qidirib topilayotgan konlarni, foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlari qurish va ulardan foydalanish uchun, shuningdek zararli moddalar, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mish uchun foydalanishga berib qo‘yiladigan yer qa’ri uchastkalarini ishga solishning konchilik-texnika, geologik-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarining bekami-ko‘stligini;
asosiy qazilma hamda u bilan birga joylashgan foydali birikmalar va ularning tarkibidagi komponentlarning, texnogen hosilalarning miqdori va sifati aniq belgilanishini, kon ustida yotgan hamda sig‘diruvchi jinslardan ishlab chiqarishda va yerlarni qayta tiklash ishlarini bajarishda foydalanish uchun ana shu jinslarning xossalari tadqiq etilishini, mineral xomashyoning radiatsiya-gigiyena jihatidan baholanishini;
yer qa’rini geologik o‘rganish bo‘yicha ishlarning foydali qazilmalar asossiz nobud bo‘lishi va sifati pasayishini istisno etuvchi usul va yo‘sinlarda olib borilishini;
yer qa’ridan qazib chiqarilayotgan tog‘ jinslari va foydali qazilmalarni ularning tabiiy atrof muhitga zararli ta’sirini istisno etadigan tarzda joylashtirish uchun uchastkalar o‘rganilishi va tanlanishini;
konlarni ishga solishda va boshqa ishlab chiqarish hamda xo‘jalik maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan qidiruv ishlari uchun olib borilgan kon qazilmalari va burg‘ilangan quduqlarning saqlanishini, foydalanilmaydigan kon qazilmalari va quduqlar belgilangan tartibda ko‘mib yo‘q qilinishini;
yer qa’rini kelgusida o‘rganishda, foydali qazilma konlarini qidirish va ishga solishda, shuningdek yer qa’ridan foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan geologik va texnikaviy-ijro hujjatlari, tog‘ jinslari va rudalarning namunalari, kern, foydali qazilma namuna nusxalarining saqlanishini;
ishdan chiqayozgan yerlarning keyinchalik ulardan foydalanish uchun yaroqli holatga keltirilishini ta’minlashlari shart.
25-modda. Topilgan foydali qazilma konlarini sanoat ko‘lamida o‘zlashtirish uchun topshirish
Topilgan foydali qazilma konlari yoki ularning muayyan qismlari faqat zaxiralari belgilangan tartibda tasdiqlangandagina sanoat ko‘lamida o‘zlashtirishga topshirilishi lozim.
Qazilmalarni boyitish va qayta ishlashning samarali texnologiyasi ishlab chiqilmagan, shuningdek suv ta’minoti va chiqindilarni joylashtirish masalalari hal qilinmagan topilgan foydali qazilma konlari konservatsiya qilinishi lozim va ular sanoat ko‘lamida o‘zlashtirishga topshirilmaydi.
26-modda. Foydali qazilma konlarining kashf etuvchilari
Ilgari ma’lum bo‘lmagan, sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilma konini topgan, qidiruv ishlarini bajargan, shuningdek ilgari ma’lum bo‘lgan konda uning sanoat ahamiyatini ancha oshiradigan foydali qazilmalarning qo‘shimcha zaxiralari yoki yangi mineral xomashyo topgan shaxslar kashf etuvchilar deb e’tirof etiladi.
Foydali qazilma konlarining kashf etuvchilari taqdirlanish huquqiga egadirlar. Taqdirlash tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
27-modda. Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi axborotlarga egalik qilish
Geologik hisobotlar, xaritalar hamda boshqa materiallardagi yer qa’rining geologik tuzilishi, undagi foydali qazilmalar, ularning texnologik va boshqa xossalari, foydali qazilma konlari ishga solinishining shart-sharoitlari to‘g‘risidagi axborotlar ishni moliyaviy ta’minlagan buyurtmachining mulki hisoblanadi. Davlat budjeti yoki mineral-xomashyo bazasini tiklash budjetdan tashqari fondi, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning o‘z mablag‘lari hisobiga yer osti boyliklari to‘g‘risida olingan axborotlar ularni hisobga olish, saqlash va tartibga solish uchun Davlat geologiya fondiga bepul, majburiy tartibda topshiriladi. Davlat geologiya fondi tushayotgan axborotning sir tutilishini ta’minlaydi.
Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi axborotlardan foydalanish tartibi va shartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi axborotga egalik qilish huquqi qonun bilan muhofaza qilinadi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.01 Umumiy qoidalar]
V BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh BILAN BOFLIQ KORXONALARNI LOYIHALAShTIRISh
28-modda. Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq korxonalarni loyihalashtirish xususiyatlari
Foydali qazilma qazib oluvchi va mineral xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarni, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini loyihalashtirish tasdiqlangan zaxiralar asosida hamda mo‘ljallanayotgan qurilish uchastkasida yer qa’ri o‘rganilib, ishlarni texnikaviy jihatdan bexatar olib borish ta’minlanishini va mintaqaning ekologik holatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mish bilan bog‘liq yer osti inshootlarini loyihalashtirishga ularni ko‘mish mumkinligini asoslab beradigan geologik, muhandislik-geologik, gidrogeologik va boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘lsagina ruxsat beriladi.
29-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq korxonalarni loyihalashtirishga qo‘yiladigan asosiy talablar
Foydali qazilma qazib oluvchi va mineral xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarni qurish loyihalarida:
yer qa’ridan asosiy foydali qazilma zaxiralari va ular bilan birga joylashgan foydali birikmalarni mumkin qadar to‘liq, kompleks ravishda va iqtisodiy jihatdan maqbul tarzda chiqarib olishni, shuningdek xodimlar va aholining xavfsizligini ta’minlovchi foydali qazilma konlarini ochish usullari hamda bu konlarni ishga solish tizimlari;
foydali qazilma ustida joylashgan jinslardan oqilona foydalanish, shuningdek ularni jinslarning xususiyatlarini hamda yerlarni qayta tiklash talablarini hisobga olib joylash;
asosiy qazilma bilan birga qazib chiqariladigan, lekin vaqtincha foydalanilmaydigan foydali qazilma va texnogen hosilalarni to‘plash, hisobga olib borish va saqlash;
yer osti inshootlarini qurish va ishlatish jarayonida ochiladigan yer qa’rini geologik o‘rganish;
atrof tabiiy muhitga ko‘rsatiladigan ta’sirni baholash;
qayta ishlash chiqindilaridan imkon qadar to‘liq foydalanish;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini, tarkibida zararli moddalar bo‘lgan oqova suvlarni qayta ishlash, zararsizlantirish, foydali suratda ishlatish, ko‘mish va vaqtincha to‘plab qo‘yishning atrof tabiiy muhit ifloslanishi oldini olishni ta’minlaydigan usullari;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqitlarini, oqova suvlarni qat’iy belgilangan joylarda to‘plashning ular yer qa’ri qo‘shni uchastkalariga, yer osti suvlariga, yer yuzasiga va atmosferaga tarqalib ketishining oldi olinishini ta’minlaydigan chora-tadbirlari ko‘zda tutilishi lozim.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.09.00 Yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha talablar]
VI BO‘LIM. FOYDALI QAZILMA KONLARINI IShLATISh, MINERAL RESURSLARNI QAYTA IShLASh VA IShLARNI BEXATAR OLIB BORIShGA QO‘YILADIGAN ASOSIY TALABLAR
30-modda. Foydali qazilma konlarini ishlatish va mineral xomashyoni qayta ishlashga qo‘yiladigan asosiy talablar
Foydali qazilma konlarini ishlatish foydali qazilma qazib oluvchi korxonalarning tasdiqlangan loyihalariga, konchilik ishlarini rivojlantirish rejalariga, neft, gaz konlari va yer osti suvlarini ishlatish loyiha va sxemalariga hamda texnikaviy foydalanishning konchilik munosabatlari sohasidagi maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Foydali qazilma konlarini ishlatishda va mineral xomashyoni qayta ishlashda:
ishga solinayotgan foydali qazilma konlari va ularning yonidagi foydali qazilma konlari hamda yer qa’ri boshqa uchastkalarining konchilik ishlari olib borish natijasida buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek yer qa’rida konservatsiya qilib qo‘yiladigan foydali qazilma zaxiralari saqlanishi;
tog‘ jinslarining siljish jarayonlari, yer yuzasi, binolar, inshootlarning mayishishlari, konlarning pog‘onalari va chekka tomonlari mustahkamligi maxsus asboblar bilan kuzatib turilishi;
mineral xomashyoni qayta ishlashning turli bosqichlarida foydali komponentlar taqsimoti va ularni ajratib olish darajasining hisobga olib hamda nazorat qilib borilishi;
ushbu Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismida, 28 va 29-moddalarida bayon etilgan qoidalarga rioya etilishi ta’minlanishi lozim.
31-modda. Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarni tugatish va konservatsiya qilish
Foydali qazilmalar qazib oluvchi korxona yoki uning muayyan qismi, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlari:
yer qa’ridan foydalanish muddatlari tugagan;
yer qa’ridan foydalanish huquqi muddatidan oldin to‘xtatilgan;
foydali qazilmalarning balansdagi zaxiralarini to‘liq ishlatib bo‘lgach, zaxiralarni orttirishning istiqboli va balansdan tashqaridagi zaxiralarni ishlatishga jalb qilishning imkoni bo‘lmagan;
kondan yoki uning muayyan uchastkasidan foydali qazilma chiqarib olishni davom ettirish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamagan;
qazilayotgan konni, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini suv bosishi yoki ularning vayron bo‘lishi xavfi paydo bo‘lib, buning oldini olishning texnikaviy jihatdan iloji bo‘lmagan yoki bunday qilish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamagan;
yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmagan hollarda, to‘liq yoki qisman tugatilishi va (yoxud) konservatsiya qilinishi lozim.
Foydali qazilma qazib oluvchi korxona yoki uning muayyan qismi, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini tugatish va (yoki) konservatsiya qilish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yer osti boyliklaridan foydalanuvchi tugatish jarayoni oxiriga yetkazilgunga qadar va konservatsiya chog‘ida yer osti boyliklaridan foydalanishga doir jami vazifalarni litsenziya va ushbu Qonunga muvofiq ado etib boradi hamda to‘lig‘icha javobgar bo‘ladi.
32-modda. Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning bexatar olib borilishini ta’minlash
Foydali qazilma qazib oluvchi korxonalar, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish, qayta qurish va ishlatishda, yer osti boyliklarini geologik jihatdan o‘rganish ishlari hamda yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa ishlarni bajarishda xodimlar, aholi va atrof tabiiy muhitning xavfsizligi ta’minlanishi lozim.
Yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning bexatar olib borilishi shart-sharoitlarini ta’minlash mas’uliyati korxonalarning rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
(32-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
33-modda. Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning xavf-xatarsiz olib borilishini ta’minlashga doir asosiy talablar
Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning xavf-xatarsiz olib borilishini ta’minlashga doir asosiy talablar:
ishlarni xavf-xatarsiz olib borish normalari va qoidalarini o‘rganish va ularga amal qilish, shuningdek avariyalarning oldini olish va tugatish tadbirlarini rejalashtirish hamda o‘tkazishdan;
maxsus tayyorgarligi va malakasi bo‘lgan shaxslargagina ishlash uchun ijozat berishdan;
kon ishlarida, burg‘ilash ishlarida va boshqa ishlarda band bo‘lgan shaxslarni maxsus kiyim-bosh, yakka va umumiy himoya vositalari bilan ta’minlashdan;
xavfsizlik normalari va qoidalari talablariga hamda sanitariya normalariga mos keladigan mashinalar, asbob-uskuna va materiallarni qo‘llanishdan;
portlovchi moddalar va portlatish vositalarini hisobga olib borish, tegishli ravishda saqlash va sarflash, shuningdek ulardan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanishdan;
ishlarning texnologik tizimini ta’minlashga va xavfli vaziyatlarni bashorat qilishga zarur va yetarlicha bo‘lgan geologik, marksheyderlik hamda o‘zga kuzatishlar majmuini o‘tkazishdan;
kon havosining holati, uning tarkibidagi kislorod, zararli va portlash xavfi bo‘lgan gazlar hamda changlar miqdorini muntazam nazorat qilib borishdan;
texnikaviy hujjatlarni va avariyalarni tugatish rejalarini xavfsiz ravishda ish olib boriluvchi mintaqalar chegaralarini aniqlashtiruvchi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘ldirib borishdan;
qattiq foydali qazilma konlarini ishga solish loyiha tizimlariga, neft, gaz konlari va yer osti suvlarini ishga solish va yo‘lga qo‘yish loyihalari va texnologik sxemalariga rioya qilishdan iborat.
Basharti, yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning holati odamlarning hayoti va sihat-salomatligiga xavf tug‘dirsa, bunday ishlarni olib borish man etiladi.
34-modda. Konchilikdagi qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va ularni tugatish-o‘chirish xizmatlari
Konchilikdagi qutqaruv qismlari, shuningdek ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni tugatish-o‘chirish xizmatlari yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish uchun tuziladi.
Konchilikdagi qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va ularni tugatish-o‘chirish xizmatlari to‘g‘risidagi nizomlarni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
35-modda. Hokimiyat mahalliy organlari hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning avariyalarni tugatish vaqtidagi vazifalari
Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq korxonalarda avariya yuz bergan hollarda hokimiyatning mahalliy organlari, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar transport vositalari, materiallar va asbob-uskuna, aloqa vositalari va dori-darmon berishlari hamda avariyalarni tugatishda boshqa xil yordam ko‘rsatishlari shart.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.09.00 Yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha talablar]
VII BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh VA ULARNI MUHOFAZA QILISh
36-modda. Yer qa’ridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir asosiy talablar
Yer qa’ridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir asosiy talablar:
yer qa’rini foydalanishga berib qo‘yishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya qilishlik va yer osti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdan;
yer qa’rini geologik jihatdan to‘la-to‘kis o‘rganish, undan oqilona, kompleks foydalanishni va uning muhofaza qilinishini ta’minlashdan;
kon ajratmalaridan tashqarida foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydali qazilma konlarini ishga solishni va yer osti boyliklaridan foydalanishni taqiqlab qo‘yishdan;
yer qa’ridan asosiy qazilma va u bilan birga joylashgan foydali birikmalar hamda ularning tarkibidagi komponentlarning mumkin qadar to‘liq chiqarib olinishini ta’minlashdan;
foydali qazilma konlarini ishga solishda yer qa’ridan qazib olinadigan va unda qoldiriladigan asosiy qazilma hamda u bilan birga joylashgan foydali qazilmalar va ular tarkibidagi komponentlarning zaxiralarini, shuningdek mineral xomashyoni qayta ishlash chog‘ida foydali komponentlarni aniq hisobga olib borishdan;
qazib olingan mineral xomashyodan uning tarkibidagi sanoat ahamiyatiga molik komponentlarni oqilona va kompleks ravishda ajratib olishni ta’minlashdan;
foydali qazilma konlarini tugab qolishdan, ifloslanishdan, suv bosishdan, suv chiqib ketishidan, yong‘indan hamda foydali qazilmalar sifatini va konlarning sanoat ko‘lamidagi ahamiyatini pasaytiruvchi yoki ularni ishga solishni murakkablashtiruvchi boshqa omillardan muhofaza qilishdan;
yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni olib borishda, ayniqsa neft, gaz yoki boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlashda, zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mishda yer qa’ri ifloslanishining oldini olishdan;
foydali qazilma qazib oluvchi korxonalarni va foydali qazilma qazib chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini tugatish va konservatsiya qilib qo‘yishning belgilangan tartibiga rioya qilishdan;
foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda asossiz ravishda va o‘zboshimchalik bilan imorat qurishning oldini olishdan;
ichimlik suvi sifatida va sanoat suv ta’minoti uchun foydalaniladigan suv to‘plash maydonlarida va yer osti suvlari joylashgan maydonlarda sanoat va maishiy chiqindilar yig‘ilib qolishining oldini olishdan;
yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning foydali qazilma zaxiralarining, ishlatilayotgan, konservatsiya qilib qo‘yilayotgan konlar, burg‘ilangan quduqlar va yer osti inshootlarining saqlanishiga zararli ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslikdan;
xodimlar va aholining xavfsizligini, atrof tabiiy muhit yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning zararli ta’siridan muhofaza qilinishini ta’minlashdan iborat.
37-modda. Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga imorat qurish shartlari
Aholi punktlari, sanoat majmuilari va boshqa xo‘jalik obyektlarini loyihalashtirish va qurishga imorat quriladigan uchastkaning yer qa’rida foydali qazilmalar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlar olinganidan keyingina ruxsat beriladi.
Foydali qazilmalar joylashgan (keng tarqalganlaridan tashqari) maydonlarga imorat qurishga va bunday joylarda foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini joylashtirishga, alohida hollarda, konchilik munosabatlari sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda va yer qa’ridan foydali qazilmalarni qazib olish imkoniyatlari ta’minlangan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Keng tarqalgan foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda imorat qurishga, shuningdek bunday joylarda foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini joylashtirishga konchilik munosabatlari sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlarining xulosasi bo‘lgan taqdirda hokimiyat mahalliy organlarining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Qurilish obyektlari imorat qurish va rejalashtirishning tasdiqlangan loyihalarida nazarda tutilgan chegaralardagi maydonlarda joylashtiriladigan hollarda bunday xulosa talab qilinmaydi.
Keng tarqalgan foydali qazilmalar joylashgan katta maydonlarga imorat qurish, shuningdek bunday joylarda foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yirik yer osti inshootlarini joylashtirish, alohida hollardagina, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.
38-modda. Foydali qazilma konlariga tutashgan maydonlarda imorat qurish shartlari
Konchilik munosabatlari sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari bilan kelishmasdan turib:
foydali qazilma konlariga tutash joylashgan, konlarni ishga solishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan maydonlarga;
foydali qazilma konlariga tutash, ushbu konlarni ishga solishdagi portlatish ishlari va sodir bo‘ladigan siljishlarning xavfli va zararli ta’siri tarqalishi mumkin bo‘lgan maydonlarga imorat qurish mumkin emas.
39-modda. Alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga molik yer osti boyliklari uchastkalarini muhofaza qilish
Noyob ochiq geologik jinslar, mineralogik hosilalar, paleontologik obyektlar va yer osti boyliklarining alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga molik boshqa uchastkalari belgilangan tartibda davlat qo‘riqxonalari yoxud tabiat va madaniyat yodgorliklari deb e’lon qilinishi mumkin. Ushbu qo‘riqxonalar va yodgorliklarning saqlanishiga putur yetkazadigan har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Yer osti boyliklaridan foydalanishda noyob ochiq geologik jinslar va mineralogik hosilalar, meteoritlar, paleontologik, arxeologik hamda fan va madaniyat uchun ahamiyatga molik boshqa obyektlar topilib qolgan hollarda yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tegishli uchastkadagi ishlarni to‘xtatib, bu haqda manfaatdor davlat organlariga xabar qilishlari shart.
Alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga molik yer osti boyliklari uchastkalarini davlat qo‘riqxonalari yoxud tabiat yoki madaniyat yodgorliklariga mo‘ljallab ajratib olish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.03.00 Yer osti boyliklarining davlat hisobi. Foydali qazilma konlari, foydali qazilma belgilari davlat kadastri. Monitoring]
VIII BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh BILAN BOFLIQ IShLARNING DAVLAT TOMONIDAN HISOBGA OLINIShI
40-modda. Yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarining davlat tomonidan hisobga olinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi
Yer qa’rini geologik o‘rganishga doir ishlar davlat tomonidan hisobga olinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Ishlarni davlat tomonidan hisobga olish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat geologiya fondi tomonidan amalga oshiriladi.
Yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan turib amalga oshirish taqiqlanadi.
41-modda. Foydalanish uchun berilgan yer qa’ri uchastkalarining davlat tomonidan hisobga olinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi
Foydali qazilma qazib olish, yer osti inshootlari qurish va ishlatish hamda foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘zga maqsadlar uchun foydalanishga berib qo‘yilgan yer qa’ri uchastkalari Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda yagona tizim bo‘yicha davlat tomonidan hisobga olinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
42-modda. Foydali qazilma konlari, nishonalari va texnogen hosilalar davlat kadastri
Foydali qazilma konlari, nishonalari va texnogen hosilalar davlat kadastri har bir kon bo‘yicha asosiy qazilma va u bilan birga joylashgan foydali birikmalar, ular tarkibidagi komponentlar zaxiralarining miqdor va sifatini, konni ishga solishning konchilik-texnik, texnologik, gidrogeologik va boshqa sharoitlarini hamda konning geologik-iqtisodiy bahosini tavsiflovchi ma’lumotlarni, shuningdek har bir foydali qazilma nishonasiga oid ma’lumotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Texnogen hosilalarga oid kadastr har bir to‘plab qo‘yilayotgan obyekt bo‘yicha texnogen hosilalarning tipi yoki turini miqdor-sifat ko‘rsatkichlari hamda saqlash konchilik-texnik sharoitlarini ham ko‘rsatib o‘tilgan holda tavsiflovchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Foydali qazilma konlari, nishonalari va texnogen hosilalar davlat kadastri Davlat geologiya fondi tomonidan yuritiladi.
43-modda. Foydali qazilma zaxiralari davlat balansi
Foydali qazilma zaxiralari davlat balansi sanoat ahamiyatiga molik konlar bo‘yicha har bir turdagi foydali qazilma zaxiralarining miqdori, sifati va o‘rganib chiqilganlik darajasiga oid, ularning qanday joylashganligi, sanoat ko‘lamida qay darajada o‘zlashtirilganligi, qancha qazib olinayotganligi, qancha nobud bo‘layotganligi haqidagi hamda sanoatning qidirib topilgan foydali qazilma zaxiralari bilan nechog‘li ta’minlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Foydali qazilma konlari zaxiralari davlat balansi Davlat geologiya fondi tomonidan yuritiladi.
44-modda. Foydali qazilma zaxiralarini tasdiqlash
Qidirib topilgan konlardagi foydali qazilma zaxiralari, shuningdek konlarni ishga solish jarayonida qo‘shimcha topilgan qazilma zaxiralari tasdiqlanishi lozim.
Foydali qazilma konlarining zaxiralari mineral xomashyoning turi, miqdori va sifatiga qarab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilma zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi yoki Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilma zaxiralari bo‘yicha markaziy komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
45-modda. Foydali qazilma zaxiralarini hisobdan chiqarish
Sanoat uchun ahamiyatini yo‘qotgan, qazib olish jarayonida yo‘qotilgan, keyinchalik o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoki konni ishga solishda tasdiqlanmagan qazib olingan foydali qazilmalar, shuningdek foydali qazilma zaxiralari davlat balansiga tegishli o‘zgartishlar kiritgan holda yer osti boyliklaridan foydalanuvchining balansidan chiqarilishi kerak.
Sanoat uchun ahamiyatini yo‘qotgan yoki keyinchalik o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoxud konni ishga solishda tasdiqlanmagan foydali qazilma zaxiralarini yer osti boyliklaridan foydalanuvchining hisobidan chiqarish foydali qazilma zaxiralarini tasdiqlagan organlar tomonidan Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi hamda Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining xulosalari asosida amalga oshiriladi.
(45-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustdagi 125-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 217-modda)
Qazib olingan va qazib olish jarayonida yo‘qotilgan foydali qazilmalarni yer osti boyliklaridan foydalanuvchi hisobidan chiqarish Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(45-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustdagi 125-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 217-modda)
46-modda. Yer qa’ri monitoringi
Yer qa’ri monitoringi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlab baholash, salbiy jarayonlar oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun yer qa’ri holatini kuzatib borish tizimidan iborat. Monitoringni amalga oshirishning tarkibi, mazmuni va tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.02.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat va boshqaruv. Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyatini litsenziyalash]
IX BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh VA UNI MUHOFAZA QILISh, GEOLOGIK O‘RGANISh HAMDA MINERAL RESURSLARDAN OQILONA FOYDALANISh USTIDAN DAVLAT TEKShIRUVI VA NAZORATI
47-modda. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish, geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat tekshiruvi va nazoratining vazifalari
Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish, geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat tekshiruvi va nazorati vazifalari barcha yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar yer osti boyliklaridan foydalanishning belgilangan tartibiga, yer osti boyliklaridan foydalanish hamda yer osti boyliklarini muhofaza qilish, yer qa’rini geologik o‘rganish sohasidagi qonun hujjatlari, qoidalar va normalarga, ishlarni xavf-xatarsiz olib borish, ishlarning aholiga, atrof tabiiy muhitga, binolar va inshootlarga zararli ta’sir etishining oldini olish hamda bunday ta’sirni bartaraf qilishga doir talablarga, shuningdek davlat hisobini yuritish va hisobdorlik qoidalariga rioya etishlarini ta’minlashdan iborat.
48-modda. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish, geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat tekshiruvi va nazoratini amalga oshiruvchi organlar
Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish, geologik o‘rganish hamda mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat tekshiruvi va nazorati hokimiyat mahalliy organlari, shuningdek konchilik munosabatlari sohasida maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
49-modda. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan tarmoq nazorati
Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan tarmoq nazorati yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning geologik, marksheyderlik yoki texnikaviy xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Geologik va marksheyderlik xizmatlari to‘g‘risidagi namunali nizomlarni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
X BO‘LIM. YER OSTI BOYLIKLARIDAN FOYDALANISh VA ULARNI MUHOFAZA QILISh MASALALARIGA DOIR NIZOLARNI KO‘RIB ChIQISh. YER OSTI BOYLIKLARI TO‘FRISIDAGI QONUN HUJJATLARINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.13.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish yuzasidan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish]
50-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalariga doir nizolarni ko‘rib chiqish
Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalariga doir nizolar qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.14.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik]
51-modda. Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-sentabr,
2018-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 10-son, 252-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda; 1998-y., 5-6-son, 102-modda, 9-son, 181-modda; 2000-y., 7-8-son, 217-modda)