toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Turistik klasterlar faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, tashqi va ichki sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish orqali ularning sonini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishida turistik klasterlarni tashkil etish tartibini hamda ularning huquqiy maqomini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
turistik klasterni tashkil etish, shu jumladan, ularga turistik klaster maqomini berish tartibi;
turistik klaster maqomini berish yuzasidan kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish hamda qaror qabul qilish;
turistik klasterlar reyestrini yuritish tartibi.
3. Belgilansinki:
turistik klaster maqomi ushbu qarorga ilovaga muvofiq kompleks turistik xizmatlar hamda sayyohlarning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatuvchi mustaqil tashkilotlar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar majmuiga beriladi;
turistik klasterlar belgilangan tartibda turistik klaster maqomi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi) turistik klaster maqomini berish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi 105-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)
turistik klaster maqomini olish uchun tadbirkorlik subyektlarining arizalari vakolatli davlat organiga elektron shaklda yoki pochta orqali yuboriladi va bepul koʻrib chiqiladi.
4. Turizm qoʻmitasi:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga turistik klaster maqomini berishni taʼminlasin;
turistik klaster maqomini olish uchun belgilangan talablar, arizalarni koʻrib chiqish tartibi va qaror qabul qilish tartibi haqidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlar va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishini tashkil etsin;
uch oy muddatda respublikada istiqbolli turistik klaster loyihalarini aniqlab, amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
mahalliy hokimliklar bilan birgalikda turistik klasterlarni tashkil etish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida zarur shart-sharoitlarni yaratib borsin;
“turoperator — mehmonxona — transport — savdo va servis” xizmatlari birgalikda koʻrsatiladigan turistik klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ularning xizmat va mahsulotlarini xalqaro turizm yarmarkalari va koʻrgazmalarida targʻib qilish choralarini koʻrib borsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-dekabr,
915-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 915-son qaroriga
ILOVA
Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — turistik klasterni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun belgilangan tartibda ariza topshirgan tadbirkorlik subyekti yoki tadbirkorlik subyektlarining vakili;
turistik klaster — kompleks turistik xizmatlar hamda turist va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur boʻlgan boshqa qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar majmui;
turizm mahsuloti — turistning sayohatlari davomida uning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun moʻljallangan turistik xizmatlar, shu jumladan, turar joy, ovqatlanish, transport va ekskursiya xizmatlari, ishlari va mahsulotlari majmui;
turist — vaqtincha boʻlish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda vaqtincha boʻlish mamlakatiga (joyiga) yigirma toʻrt soatdan ketma-ket oʻn ikki oygacha boʻlgan davrga boruvchi yoki vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs;
ekskursant — vaqtincha boʻlish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxs.
3. Turistik klaster maqomi ushbu Nizomga muvofiq kompleks turistik xizmatlar hamda turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur boʻlgan boshqa qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatuvchi mustaqil tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar majmuiga beriladi.
4. Turistik klasterlar belgilangan tartibda turistik klaster maqomi toʻgʻrisidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) turistik klaster maqomini berish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi 105-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)
6. Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Turistik klasterlarni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun qoʻyiladigan talablar
7. Turistik klasterlarni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun tadbirkorlik subyektlari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
a) turistik klaster faoliyati turoperator — mehmonxona — transport — xizmatlarini koʻrsatish bilan toʻliq qamrab olinganligi;
b) turistik klaster hududida sigʻimi kamida 40 nafar mehmon uchun moʻljallangan joylashtirish vositasining mavjudligi;
v) turistik klaster hududida mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini (esdalik sovgʻalari) sotish shoxobchalari (kamida bitta savdo nuqtasi) mavjudligi;
g) turistik klaster hududida turizmning quyidagi turlaridan biri tashkil etilganligi:
ekologik turizm (geoturizm);
agroturizm (qishloq);
etnografik turizm;
madaniy va tarixiy turizm;
rekreatsion turizm;
tibbiy (sogʻlomlashtirish) turizm;
d) turistik klaster hududi va xizmat koʻrsatish jarayonida turistlar (ekskursantlar) xavfsizligi taʼminlanganligi;
e) turistlar (ekskursantlar) uchun qoʻshimcha koʻngil ochar shart-sharoitlar (otlar, tuyalar, transport, velosipedlar, qayiqlar, katamaranlar va boshqalar ijarasi) yaratilganligi;
j) turistlar tomonidan joylashtirish vositalaridagi joylarni oldindan band qilish va koʻrsatiladigan turistik xizmatlarga buyurtma berish imkoniyatining mavjudligi.
3-bob. Turistik klasterlarni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun ariza berish, uni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish tartibi
8. Ariza beruvchi elektron shaklda yoki pochta orqali ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qiladi. Ariza beruvchi bir nechta tadbirkorlik subyektlari nomidan murojaat qilganida kompleks turistik va boshqa qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning turistik klasterni tashkil etishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni (bayonnoma, rozilik xati yoki ishonchnoma) asos sifatida taqdim etadi.
Bunda arizaga ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan turistik xizmatlar yoʻlga quyilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar ilova qilinishi lozim.
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻzda tutilmagan maʼlumotlarni taqdim etish talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Ariza beruvchi tomonidan ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarning (toʻliq) taqdim etilmasligi yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilishi arizani koʻrib chiqishni rad etish uchun asos boʻladi.
10. Vakolatli organ tomonidan arizani koʻrib chiqish rad etilgan taqdirda, uni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar aniq koʻrsatilishi lozim. Bunda vakolatli organ arizani koʻrib chiqish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani bir ish kuni ichida ariza beruvchiga yuboradi.
Ariza beruvchi arizani koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida xabarnomani olgan kundan boshlab, bir oy ichida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, ularning bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, vakolatli organga takroran ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
11. Vakolatli organ arizani koʻrib chiqish uchun markaziy apparat rahbar xodimlari hamda turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda (kamida 7 nafar) komissiya tuzadi.
12. Vakolatli organining rahbari komissiya raisi hisoblanadi.
13. Komissiya reglamenti vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
14. Komissiya ariza kelib tushgan kundan boshlab ariza beruvchini xabardor qilgan holda, yetti ish kuni ichida vakolatli organning hududiy boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarma) tomonidan tegishli turistik obyektning ushbu Nizom talablariga mos kelishi joyiga chiqqan holda oʻrganilishini tashkil etadi.
15. Hududiy boshqarma oʻrganish natijasi boʻyicha uch ish kuni ichida turistik obyektning ushbu Nizom talablariga mos kelishi (kelmasligi) haqida xulosa tayyorlaydi hamda komissiyaga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
16. Komissiya hududiy boshqarma tomonidan taqdim etilgan xulosani koʻrib chiqib, besh ish kuni ichida ariza beruvchiga turistik klaster maqomini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
17. Komissiyaning qarori uning yigʻilishi bayoni bilan tasdiqlanadi.
18. Komissiya turistik klaster maqomini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi va uch ish kuni ichida ariza beruvchiga yuboradi.
19. Vakolatli organ uch ish kuni ichida komissiyaning turistik klaster maqomini berish haqidagi qaroriga asosan ushbu Nizomga 3-ilovadagi namunaga muvofiq ariza beruvchiga turistik klaster maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etadi.
4-bob. Turistik klasterlarning yagona reyestrini yuritish tartibi
20. Turistik klasterlarning yagona reyestri vakolatli organ tomonidan yuritiladi.
21. Turistik klasterlarning yagona reyestrida quyidagilar koʻrsatiladi:
turistik klasterlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
turistik klaster maqomi berilgan sana va tartib raqami;
turistik klasterlar tomonidan koʻrsatiladigan turistik xizmatlar turlari va boshqalar.
22. Turistik klasterlarning yagona reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Turistik klasterlar faoliyatini nazorat qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish
SXEMASI

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddati

Ariza beruvchi

(tadbirkorlik subyekti)

Turizm qoʻmitasiga elektron shaklda yoki pochta orqali ariza bilan murojaat qiladi.

Ariza beruvchining xohishiga koʻra

Turizm qoʻmitasining hududiy boshqarmasi

1. Ariza beruvchini xabardor qilgan holda, tegishli turistik obyektning ushbu Nizom talablariga mos kelishini joyiga chiqqan holda oʻrganadi.

7 ish kuni ichida

2. Oʻrganish natijasi boʻyicha turistik obyektning belgilangan talablarga mos kelishi (kelmasligi) haqida xulosa tayyorlaydi hamda komissiyaga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.

3 ish kuni ichida

Komissiya

1. Hududiy boshqarma tomonidan taqdim etilgan xulosani koʻrib chiqib, ariza beruvchiga turistik klaster tashkil etish hamda turistik klaster maqomini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

5 ish kuni ichida

2. Turistik klaster tashkil etish hamda turistik klaster maqomini berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi va ariza beruvchiga yuboradi.

3 ish kuni ichida

Turizm qoʻmitasi

Komissiyaning qaroriga asosan tadbirkorlik subyektiga turistik klaster tashkil etish hamda turistik klaster maqomini berish toʻgʻrisidagi guvohnomani beradi.

3 ish kuni ichida

Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Turistik klaster maqomini olish uchun

ariza
 

1.

Ariza beruvchi tadbirkorlik subyektining nomi:

Shu jumladan,

a) mehmonxona (joylashtirish) xizmatini koʻrsatuvchi

b) transport xizmatini koʻrsatuvchi

v) turoperator xizmatini koʻrsatuvchi

g) savdo va servis xizmatini koʻrsatuvchi

2.

Ariza beruvchi tadbirkorlik subyektlarining litsenziya (sertifikat) raqami va sanasi

3.

Turistik klaster nomlanishi

4.

Turistik klaster joylashuvi

(xarita boʻyicha kenglik va uzunlik)

5.

Maydoni (gektar)/sigʻimi (nafar)

6.

Manzili

7.

Turistik klaster maqomini olish uchun amalga oshirilgan ishlar

8.

Tegishli hududda koʻrsatiladigan turizm xizmatlarining roʻyxati

9.

Turistik klasterni rivojlantirishning istiqbolli rejasi mavjudligi va uning qisqacha mazmuni

________________________________________________________

__________

Ariza beruvchi tadbirkorlik subyekti rahbari yoki vakilining F.I.O.imzosi

M.Oʻ
 

20___ yil “___”_________

Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2025-y., 09/25/915/0016-son; 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)