toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy logistika infratuzilmasiga ega milliy elektron tijorat makonini shakllantirish, bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida” 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son qarori bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish vazirligining:
elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi;
elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga oʻzining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida maʼlumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor elektron tijorat operatori hisoblanmasligi haqidagi takliflari maʼqullansin.
3. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikka 1-ilovaga muvofiq yangi tushuncha va atamalarni kiritish;
2025-yil 1-iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirishi uchun xabardor qilish tartibini joriy qilish, 2-ilovaga muvofiq talablar va shartlarni kiritish, elektron tijorat subyektlari reyestrini yuritish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtotransport vositalari boshqaruvida va yoʻnalishli taksi faoliyatini amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida” 2022-yil 7-iyuldagi PQ-311-son qarorining 5-bandida nazarda tutilgan tartibni takomillashtirish hamda uning amal qilish muddatini uzaytirish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, istisno tariqasida, ushbu tartibning amal qilishi 2024-yil 31-dekabrdan keyingi davr uchun ham yangi tartib qabul qilingunga qadar davom ettirilsin.
5. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
elektron tijorat operatorlari, elektron tijoratda sotuvchi boʻlgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijoratda sotuvchi yoki buyurtma asosida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yoxud yoʻlovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar (keyingi oʻrinlarda — oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar) elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlaridan foydalangan holda amalga oshiradi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning elektron tijorat doirasidagi faoliyati natijasida pul mablagʻlari tarzida olingan daromadlari oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning bank kartasi biriktirilgan alohida bank hisobvaragʻida hisobga olinadi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvaragʻiga tushadigan mablagʻlar summasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan olingan daromadlarni aniqlashda oʻzini oʻzi band qilgan shaxsni aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchi sifatida tan olish uchun foydalaniladi.
6. Elektron tijorat sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
a) buyurtma asosida tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi yoki yoʻlovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga, istisno tariqasida:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisi yoki elektron tijorat subyektining hisobvaragʻiga mablagʻlarni keyinchalik inkassatsiya uchun hisobdan chiqarish uchun oʻzini oʻzi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvaragʻiga mablagʻlarni oldindan joylashtirishga;
yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun toʻlov sifatida naqd pul qabul qilishga, bunda alohida bank hisobvaragʻidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisiga oʻtkazilgan mablagʻlarga teng miqdorda naqd pulni inkassatsiya qilmasdan oʻz ixtiyorida qoldirishga ruxsat berilsin;
b) elektron savdo platformalari orqali tovarlarni eksport qilishda yuridik shaxslarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga elektron savdo platformalari, xususan, xorijiy elektron savdo platformalari orqali sotilgan tovarlarni kuryerlik va pochta joʻnatmalari orqali xorijiy davlatlardagi oʻz xaridorlariga, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazmasdan yuborishga ruxsat berilsin.
Bunda elektron savdo platformalari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilinishi lozim.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda elektron shaklda xizmatlar koʻrsatayotgan, xizmatlarni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan xorijiy yuridik shaxslar tomonidan soliq toʻlovlari va qamrovining toʻliqligini oʻrganishni tashkil etish hamda natijalariga koʻra ushbu sohada samarali nazoratni taʼminlaydigan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Agentlik bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, xalqaro tajriba asosida elektron tijorat subyektlari uchun hisobot shakllarini joriy qilsin.
9. Agentlik ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda uch oy muddatda:
elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasidagi nizolarni onlayn tarzda hal etish mexanizmlarini ishlab chiqib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati keng yoritilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-dekabr,
885-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qaroriga
1-ILOVA
Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikka qoʻshimcha kiritiladigan
TUSHUNCHALAR VA ATAMALAR
1. Buyurtmalar agregatori operatori — xizmatlar xaridorlariga (buyurtmachilarga) xizmatlarni qidirish, turkumlashtirish, tizimlashtirish, tanlash va solishtirish imkoniyatini beruvchi, buyurtmalar agregatorini operativ boshqaruvchi elektron tijorat subyekti.
2. Raqamli striming xizmati operatori — raqamli striming xizmatini operativ boshqaruvchi, foydalanuvchilarga raqamli mahsulotga, shu jumladan, real vaqt rejimida kirishga, real vaqt rejimida (onlayn) elektron shartnomalar tuzish va elektron tranzaksiyalarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi elektron tijorat subyekti.
3. Elektron savdo platformasi operatori — elektron savdo platformasi va (yoki) veb-sayt va (yoki) Internet tarmogʻidagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasining operativ boshqaruvchi va (yoki) foydalanuvchi, sotuvchilar va xaridorlarga, shu jumladan, oʻz nomidan elektron shartnomalar tuzish va tovarlarning oldi-sotdisiga qaratilgan elektron operatsiyalarni amalga oshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi elektron hisoblash mashinalari uchun dastur egasi va (yoki) Internet tarmogʻidagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasi egalari boʻlgan elektron tijorat subyekti.
4. Buyurtmalar agregatori — axborot tizimi boʻlib, uning doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
agregator platformasidagi xizmatlarga kirish va ulardan foydalanish boʻyicha arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va ularga ishlov berish;
elektron bitimlarda ishtirok etish boʻyicha yetkazib beruvchilar va xaridorlar (buyurtmachilar) tomonidan berilgan arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
yetkazib beruvchilar tomonidan xizmat (ish) haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yoki oʻchirish boʻyicha arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
xizmatlar narxlarini eʼlon qilish;
xaridor (buyurtmachi)ning shaxsiy kabineti (profili)ni yaratish jarayoni;
xizmat koʻrsatish va sotib olish boʻyicha arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
elektron toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha arizalarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
mablagʻlarni deponentlash (eskrou);
agregator operatori tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
xizmat koʻrsatish usulini tanlash, shuningdek, xizmatning holatini kuzatib borish;
xizmatlarni qidirish, toifalash, tizimlashtirish, tanlash va solishtirish;
xizmat haqidagi maʼlumotlarni yangilash;
xizmatlar, yetkazib beruvchilar va (yoki) xaridorlar (buyurtmachilar) boʻyicha fikrlar va reytinglar shakllantirish;
koʻrsatilgan xizmat sifatini nazorat qilish;
xizmat yetkazib beruvchi va xaridor (buyurtmachi) oʻrtasidagi oʻzaro muloqot;
tanlovlar va auksionlarni tashkil etish va oʻtkazish;
amalga oshirilgan elektron bitimlar boʻyicha statistika maʼlumotlari, hisobot hujjatlarini tayyorlash;
elektron bitimlarni amalga oshirish va bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni saqlash, oshkor qilish va ularga ishlov berish;
xizmatlar agregatori bilan bogʻliq boshqa funksiyalar.
5. Raqamli striming xizmati — axborot tizimi boʻlib, uning doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
raqamli striming xizmati platformasida raqamli mahsulotdan foydalanishni taʼminlash uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
platformada raqamli mahsulotni va (yoki) raqamli mahsulot haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yoki olib tashlash uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
foydalanuvchiga taqdim etilayotgan raqamli mahsulot xizmatlari narxlarini eʼlon qilish;
raqamli mahsulot bilan elektron bitimlarda ishtirok etish uchun raqamli mahsulot yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilardan arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va qayta ishlash;
raqamli striming xizmati platformasida onlayn-striming (tovarlar (xizmatlar), raqamli mahsulotlar reklamasi), tanlovlar va auksionlar oʻtkazish;
yetkazib beruvchi va raqamli mahsulotdan foydalanuvchi oʻrtasida elektron toʻlovlarni amalga oshirish uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
raqamli mahsulot uchun intellektual mulk obyektlarini, xususan mualliflik huquqlari, tovar belgilari va mualliflik huquqi egalarining patentlariga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini monitoring va himoya qilish;
raqamli kontentni yuklab olish imkoniyatini berish (agar bunday xizmat koʻrsatilsa);
elektron shartnomalarni tuzish va qayta ishlash, shu jumladan, elektron toʻlovlarni amalga oshirish, mablagʻlarni kiritish va elektron operatsiyalar uchun elektron kvitansiyani taqdim etish boʻyicha keyingi operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanuvchini uchinchi tomon platformasiga yoʻnaltirish;
raqamli striming operatori tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
foydalanuvchining shaxsiy kabinetini (profilini) yaratish;
foydalanuvchining depozitini raqamli striming xizmati platformasidagi mablagʻlar bilan toʻldirish;
raqamli mahsulotdan foydalanish imkoniyatini (cheklangan, cheklanmagan) taʼminlash usulini tanlash;
raqamli mahsulotni qidirish, turkumlashtirish, tizimlashtirish, tanlash va taqqoslash;
raqamli mahsulot haqidagi maʼlumotlarni yangilash;
raqamli mahsulot, provayder va (yoki) raqamli kontent foydalanuvchisi uchun sharhlar va reytinglarni yaratish;
taqdim etilgan raqamli mahsulot va raqamli striming xizmatlari sifatini nazorat qilish;
raqamli mahsulot provayderi va foydalanuvchi oʻrtasidagi oʻzaro aloqa;
statistika maʼlumotlarini, yakunlangan elektron operatsiyalar boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash.
6. Elektron savdo platformasi — Internet jahon axborot va telekommunikatsiya tarmogʻidan foydalangan holda, quyidagilarni taʼminlaydigan dasturiy apparat majmuasi yoki axborot-telekommunikatsiya tizimi:
sotuvchi tomonidan isteʼmolchini tanishtirish uchun elektron tijorat tovarlarini sotish boʻyicha takliflar joylashtirish, elektron tijorat tovarlarini reklama qilish, oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa shartnomalar tuzish, elektron toʻlovlarni amalga oshirish, tijorat tovarlarini isteʼmolchiga yetkazib berishni tashkil etish hisobidan tovarni isteʼmolchiga masofadan sotish imkoniyati;
elektron savdo platformasida tovarlardan foydalanish imkoniyatini olish uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va qayta ishlash;
elektron bitimlarda ishtirok etish uchun sotuvchilar va xaridorlarning arizalarini qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
sotuvchilar tomonidan mahsulot va (yoki) raqamli mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish yoki olib tashlash uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlar narxlarini eʼlon qilish;
sotuvchi va xaridor uchun shaxsiy kabinet (profil) yaratish;
tovarlarni sotish, sotib olish, saqlash, oʻtkazish, yetkazib berish va (yoki) raqamli mahsulotni raqamli distributsiya qilish uchun arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish, shu jumladan, oʻz nomidan;
tovarlarni yetkazib berish va saqlash;
sotuvchilar va xaridorlar oʻrtasida elektron toʻlovlarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
tovar xaridorga yetkazib berilgandan soʻng mablagʻlarni sotuvchiga oʻtkazib berish yoʻli bilan mablagʻlarni deponentlash (eskrou);
elektron savdo platformasi operatori tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
tovarlarni raqamli markirovkalash va taqsimlash;
tovarlarni qabul qilish va (yoki) raqamli mahsulotni raqamli distributsiya qilish usulini tanlash, shuningdek, yetkazib berish xizmati mavjud boʻlgan hollarda, tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlarni yetkazib berish holatini kuzatish;
tovarlar, raqamli mahsulotlar, sotuvchilar va (yoki) xaridorlar uchun sharhlar va reytinglarni yaratish;
tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlar sifatini nazorat qilish;
sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar;
elektron tanlovlar va auksionlarni tashkil etish va oʻtkazish;
amalga oshirilgan elektron operatsiyalar boʻyicha statistika maʼlumotlarini, hisobot hujjatlarini tayyorlash;
elektron bitimlarni amalga oshirish va buning uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
elektron savdo platformasi bilan bogʻliq boshqa funksiyalar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qaroriga
2-ILOVA

Elektron tijorat subyektlarining faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun

TALABLAR VA SHARTLAR
Elektron tijorat subyektlarining faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun quyidagi talablar va shartlarga rioya qilinishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi shaklida davlat roʻyxatidan oʻtish;
Oʻzbekiston Respublikasining elektron tijorat, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama sohasidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
vakolatli organning soʻroviga muvofiq elektron tijorat subyektlarining faoliyatiga oid maʼlumotlarni bepul taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari talablariga rioya qilish;
elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatish uchun zarur darajada ishlashi taʼminlangan axborot tizimining mavjudligi;
faoliyat boshlanishi haqidagi xabarnoma maʼlumotlarining haqqoniyligini taʼminlash;
xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalari tuzish, shartnomalarga oʻzgartirishlar kiritish va ularni bekor qilish holatlarini, shuningdek, amaldagi mehnat shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy roʻyxatga olish — agar xodimlar uchun tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun bunday talab mavjud boʻlsa;
xabardor qiluvchining nomi, joylashgan joyi (yashash manzili) oʻzgarganligi yoki filial va vakolatxona ochilganligi toʻgʻrisida roʻyxatga olingandan keyin oʻn ish kuni ichida vakolatli organni xabardor qilish;
xabardor qilish tartibiga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat (harakat) turining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa talablar va shartlar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 09/24/885/1077-son)