toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni hamda “Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida raqobat muhitini shakllantirishning taʼsirchan mexanizmlarini hamda koʻp kvartirali uylardagi joylarning kommunal toʻlovlari boʻyicha yagona toʻlov usulini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglament 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi;
boshqarish organiga koʻp kvartirali uylarni biriktirish tartibi.
2. Aholiga qulaylik yaratish va koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida toʻlovlar amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Mening uyim” billing tizimi orqali koʻp kvartirali uydagi joy mulkdorining unikal raqamidan foydalangan holda tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiqlik taʼminoti, ichimlik suvi va oqova suv hamda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun kommunal toʻlovlarni “yagona toʻlov” tamoyili asosida amalga oshirish imkoniyati joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Kadastr agentligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda kommunal xizmat koʻrsatish korxonalaridagi foydalanuvchilarning shaxsiy hisobraqamlarini koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlariga bogʻlash orqali “Mening uyim” billing tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilinishini;
koʻp kvartirali uylarda kommunal xizmatlar samaradorligini foydalanuvchilar tomonidan kompleks baholash natijalari asosida xizmatlar sifati oshirilishini va takomillashtirib borilishini taʼminlansin.
4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati boʻyicha aholi oʻrtasida keng targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirsin.
5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-fevraldagi 47-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri hamda reytingini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-dekabr,
853-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 853-son qaroriga
1-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha
MAʼMURIY REGLAMENT
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish hamda koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga biriktirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
soʻrovnoma — talabgor yoki boshqarish organi tomonidan elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtish yoki uyni boshqarish uchun boshqarish organiga biriktirish yuzasidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda yoʻllangan soʻrovnoma;
vakolatli organ — Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
koʻp kvartirali uyni boshqarish organi (keyingi oʻrinlarda — boshqarish organi) — qonunchilikda belgilangan tartibda elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtgan hamda koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy (yakka tartibdagi tadbirkor) yoki yuridik shaxs;
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — elektron reyestr) — vakolatli organ tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish va yuritish uchun moʻljallangan elektron maʼlumotlar bazasi;
koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilish bayonnomasi (keyingi oʻrinlarda — umumiy yigʻilish bayonnomasi) — “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida (keyingi oʻrinlarda — Qonun) belgilangan tartibda chaqirilgan, oʻtkazilgan va kun tartibidagi masalalar yuzasidan qaror qabul qilingan koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining yigʻilishida tasdiqlangan hujjat;
koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatini beruvchi hujjatlar — Qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hamda koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatini beradigan quyidagi hujjatlardan biri:
umumiy yigʻilish bayonnomasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahri uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinma) vaqtincha boshqaruvchini belgilash toʻgʻrisidagi qarori (hujjati);
boshqaruvchi tashkilot yoxud boshqaruvchini tanlash boʻyicha ochiq tanlov natijalari haqida tuzilgan bayonnoma;
quruvchi va boshqaruvchi tashkilot oʻrtasidagi uyni boshqarish shartnomasi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolati faqatgina elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtgan jismoniy va yuridik shaxslarga berilishi mumkin, koʻp kvartirali uyni bevosita boshqarish holatlari bundan mustasno;
koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish — koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatini beruvchi hujjatlarga muvofiq elektron reyestrda boshqarish organi boshqaruvidagi uyni qayd etish hamda “Mening uyim” billing tizimida mazkur uy boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini berish;
koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi — koʻp kvartirali uydagi joy mulkdorlari (yoki umumiy yigʻilish vakolat bergan shaxs) yoki quruvchi va boshqaruvchi tashkilot (boshqaruvchi) oʻrtasida amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq yozma shaklda tuzilgan shartnoma.
Quruvchi va boshqaruvchi tashkilot oʻrtasida tuzilgan koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasida quruvchining koʻp kvartirali uy-joyni ekspluatatsiya qilish boʻyicha qonunchilikda belgilangan kafolat muddati hamda uchinchi shaxslarning (uyning mulkdorlari) huquq va manfaatlari inobatga olinishi shart;
malaka sertifikati — boshqaruvchi tashkilotning rahbar va xodimlarining, shuningdek, boshqaruvchining, shirkat boshqaruvi raisining koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha malakasini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat;
talabgor — boshqarish organlarining elektron reyestrida roʻyxatdan oʻtish uchun tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda soʻrovnoma yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
topshirish-qabul qilish dalolatnomasi — koʻp kvartirali uydagi joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishi qaroriga asosan belgilangan boshqarish organi hamda yigʻilish oʻtkazilgan kunga qadar mazkur uyni boshqarib kelgan boshqarish organi oʻrtasida tuzilgan koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlari, uyni boshqarish uchun zarur boʻladigan boshqa hujjatlar, texnik vositalar va asbob-uskunalar, debitor hamda kreditor qarzdorliklar boʻyicha topshirish-qabul qilish dalolatnomasi.
3. Elektron reyestr vakolatli organ tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi hamda vakolatli organning rasmiy veb-saytiga (keyingi oʻrinlarda — veb-sayt) joylashtiriladi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi
4. Talabgor yoki boshqarish organi soʻrovnoma berish uchun Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan kelib murojaat etadi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
Soʻrovnoma YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda soʻrovnoma ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni soʻrovnomaning vakolatli organga tushgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan kun deb hisoblanadi.
5. Soʻrovnoma beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazlari xodimi soʻrovnoma beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, soʻrovnoma beruvchi mustaqil ravishda soʻrovnomani ushbu Reglamentning 1-ilovasiga muvofiq shaklda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga uning turiga qarab mazkur Reglamentning 13 — 15-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinadi. Ilova qilinadigan hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda boʻlishi kerak.
Soʻrovnoma beruvchidan tegishli soʻrovnoma turi boʻyicha mazkur Reglamentning 13 — 15-bandlarida koʻrsatilmagan maʼlumotlar va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng soʻrovnoma beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Soʻrovnoma beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlash talab etiladi.
6. Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim (keyingi oʻrinlarda — yigʻim) undiriladi.
yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
7. Yigʻim uchun toʻlangan summa quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisob-raqamiga;
10 foizi — Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazining shaxsiy hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobraqamiga;
11,75 foizi — “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
10 foizi — Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
qolgan mablagʻlar — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
8. Soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻimni toʻlamaslik davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi (soʻnggi bir yil ichida elektron reyestrdan chiqarib yuborilgan boshqarish organlari bundan mustasno).
Soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda, 1 ish kuni ichida Davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki soʻrovnoma beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal (YIDXP) orqali elektron ravishda xabarnoma yuboradi.
Soʻrovnoma beruvchi xabarnomani olgan kundan boshlab oʻn kun ichida hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf qilib, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlamagan holda, Davlat xizmatlari markazlariga yoki YIDXP orqali takroran murojaat qilish huquqiga ega.
9. Soʻrovnoma beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Soʻrovnoma beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
10. Oʻzi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazlari soʻrovnoma toʻldirilgan vaqtdan boshlab uni bir soat mobaynida vakolatli organga yuboradi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik ravishda vakolatli organga yuboriladi.
11. Davlat xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim soʻrovnoma beruvchi tomonidan invoys kelib tushgandan soʻng uch kun mobaynida invoysda koʻrsatilgan miqdorda toʻlanadi.
Invoysda koʻrsatilgan summa toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimi orqali tasdiqlanadi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
3-bob. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organini elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish va koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish tartibi
12. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organini elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish va koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish tartibi mazkur Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq sxemada amalga oshiriladi.
13. Elektron reyestrga kirish uchun soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi (bundan koʻp kvartirali uyni bevosita boshqarish holatlari mustasno):
mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq talabgorning koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilari hamda moddiy-texnik bazasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar pasportining tasdiqlangan nusxasi;
tasdiqlangan shtatlar jadvali (boshqaruvchi tashkilot va shirkat uchun);
tegishli malaka sertifikati (shirkat raisi, boshqaruvchi (yakka tartibdagi tadbirkor) va boshqaruvchi tashkilot — kamida ikki nafar xodim, shu jumladan, boshqaruvchi tashkilotining rahbari uchun talab qilinadi).
Bunda yuridik shaxsni (yoki yakka tartibdagi tadbirkorni) roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnoma, Nizom (tegishli malaka sertifikati tizimda mavjud boʻlsa) “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.
14. Koʻp kvartirali uy kengashi elektron reyestrga kirish uchun soʻrovnomaga koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatini beruvchi hujjat nusxasi va topshirish-qabul qilish dalolatnomasini ilova qiladi.
15. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish uchun soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) boshqaruvchi tashkilotlar (boshqaruvchilar) va shirkatlar:
koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatini beruvchi hujjat nusxasi;
topshirish-qabul qilish dalolatnomasi;
b) koʻp kvartirali uy kengashi:
kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari va uy kengashi oʻrtasida uydagi umumiy mulkka kommunal xizmat koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnomalar;
koʻp kvartirali uydagi avariya holatlarini bartaraf etish uchun avariya-dispetcherlik xizmatini koʻrsatuvchi tashkilot bilan uy kengashi oʻrtasida tuzilgan shartnoma.
16. Kelib tushgan soʻrovnomani hududiy boʻlinma besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi (zarur hollarda joyiga chiqqan holda) va oʻrganish natijalari boʻyicha soʻrovnomani kelishib, vakolatli organga yuboradi yoki rad etishning aniq sabablarini va qonunchilik hujjatlari normalarini koʻrsatgan holda kelishishni rad etadi.
17. Vakolatli organ hududiy boʻlinma tomonidan kelishilgan soʻrovnomani uch ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi va soʻrovnoma boʻyicha ijobiy qaror qabul qiladi yoki aniq sabablarini va qonunchilik hujjatlari normalarini koʻrsatgan holda rad etadi.
18. Soʻrovnoma beruvchi tomonidan mazkur Reglamentning 13 — 15-bandlaridan birida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda, soʻrovnomaga ilova qilinadigan hujjatlarda notoʻgʻri yoki ularda buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, hududiy boʻlinma yoki vakolatli organ tomonidan soʻrovnomani rad etishga asos boʻladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslarga koʻra rad etish taqiqlanadi.
19. Soʻrovnoma beruvchi koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish uchun kelishish rad etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigim toʻlamasdan, koʻrsatilgan kamchilikni bartaraf etgan holda kelishish uchun takroran soʻrovnoma berish huquqiga ega.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish uchun kelishishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar soʻrovnoma beruvchi tomonidan bartaraf qilingan taqdirda, soʻrovnoma takroran tushgan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
20. Vakolatli organ tomonidan soʻrovnoma boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinganda:
talabgorni boshqarish organi sifatida elektron reyestrga kiritadi hamda unga boshqarish organi sifatida roʻyxatdan oʻtgan ID-raqami va elektron reyestrdagi shaxsiy kabineti havolasini yuboradi;
koʻp kvartirali uyni elektron reyestrda boshqarish organiga biriktiradi hamda mazkur uy boʻyicha “Mening uyim” billing tizimidagi shaxsiy kabinetida hisob-kitob yuritish imkoniyatini taqdim etadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
21. Qurilishi tugallangan, biroq foydalanishga topshirilmagan uylar boshqarish organlariga mazkur Reglamentda belgilangan tartibda biriktiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)
22. Vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslari qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, qonunchilik buzilganligi haqidagi soʻrovnomalar va ishlarni koʻrib chiqishda qonunchilikda belgilangan tartibda soʻrovnomaning hujjatlari va axborotini olish huquqiga ega.
23. Vakolatli organ qonunchilikka muvofiq oʻziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishi munosabati bilan maʼlum boʻlib qolgan tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni va shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati yuzasidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
25. Soʻrovnomachi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
26. Ushbu Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 159-moddaci.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentga
1-ILOVA
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organini elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish va koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun
SOʻROVNOMA

_______________

_______________

(sanasi)

(raqami)

I. Buyurtma beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. Pasport maʼlumotlari (seriyasi va raqami):

3. JSHSHIR:

4. Manzili:

5. Telefon raqami:

6. Elektron pochta manzili:

II. Buyurtma beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Toʻliq nomi:

2. Tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Yuridik manzili:

5. Telefon raqami:

6. Elektron pochta manzili:

III. Buyurtma beruvchi — yakka tartibdagi tadbirkor:

1. F.I.O.:

2. Pasport maʼlumotlari (seriyasi va raqami):

3. STIR:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili:

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentga
2-ILOVA
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organini elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish va koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

I bosqich

Boshqarish organi

Koʻp kvartirali uyni boshqarish organini elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkazish yoki koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga biriktirish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib yoxud YIDXP orqali murojaat qilinadi.

Oʻz xohishiga kura

Murojaat qilganda

II bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2.YIDXP

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahri uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasiga yuboriladi.

Avtomatik ravishda

III bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahri uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi

Kelib tushgan buyurtmani koʻrib chiqadi va oʻrganish natijalari boʻyicha buyurtmani kelishib, vakolatli organga yuboradi yoki asoslantirilgan rad javobini beradi.

5 ish kunida

IV bosqich

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi

Hududiy boʻlinma tomonidan kelishilgan buyurtmaga asosan talabgorni boshqarish organi sifatida elektron reyestrga kiritadi (yoki koʻp kvartirali uyni elektron reyestrda boshqarish organiga biriktirish) yoki asoslantirilgan rad javobini beradi.

3 ish kunida

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentga
3-ILOVA
Talabgorning koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilari hamda moddiy-texnik bazasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
PASPORTI

_______________

_______________

(sanasi)

(raqami)

Avariya-dispetcherlik xizmati

Manzili:

Aloqa raqamlari:

Boshqa tashkilotga qarashli (shartnoma asosda) boʻlsa, shartnoma raqami, tashkilot nomi va STIR raqami

Ishchi-xodimlari

Lavozimi

Doimiy

(soni)

Fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida

(soni)

Rahbar

Oʻrinbosar

Hisobchi

Muhandis

Dispetcher

Elektr ustasi

Chilangar usta (santexnik)

Tozalash va obodonlashtirishga masʼul xodim

Boshqa xodimlar

Moddiy-texnik bazasi

Turi:

soni

Avtotransport

Mototransport

Maxsus transport

Santexnika toʻplami

Kompyuter jamlanmasi

Boshqa vositalar

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 853-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-fevraldagi 47-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri hamda reytingini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
2. “Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
koʻp kvartirali uyni boshqarish organi (keyingi oʻrinlarda — boshqarish organi) — qonunchilikda belgilangan tartibda elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtgan hamda koʻp kvartirali uyni boshqarish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy (yakka tartibdagi tadbirkor) yoki yuridik shaxs.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — elektron reyestr) — vakolatli davlat organi tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazish/chiqarish hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish uchun moʻljallangan elektron maʼlumotlar bazasi;
reyting — koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining fikr-mulohazalari, soliq, statistik va boshqa hisobotlardagi muntazam ravishda yangilanib turiladigan maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda shakllanadigan koʻp kvartirani uylarni boshqarish organlarini baholashning elektron tizimi”.
2. 4-band quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari va foydalanuvchilarining isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish;
3. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 853-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish boʻyicha maʼmuriy reglamentga muvofiq elektron reyestrda roʻyxatdan oʻtkaziladi”;
4. 7 va 8-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. 10-banddagi “tugatilgan” soʻzi “elektron reyestrdan chiqarilgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 11 — 13 bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Elektron reyestrga boshqarish organi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan hamda boshqarish organi boshqaruvidagi uylar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.
Elektron reyestr tegishli davlat organlaridan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali maʼlumotlarni oladi va elektron reyestrdagi maʼlumotlarni har chorakda avtomatik ravishda yangilab boradi.
12. Koʻp kvartirali uy boshqarish organiga qonunchilikda belgilangan tartibda biriktiriladi va elektron reyestrda qayd etiladi.
13. Vakolatli davlat organi oʻzida mavjud elektron tizimlarda boshqarish organiga qonunchilikda taqiqlanmagan maʼlumotlardan foydalanish hamda mazkur tizimlarda amaliyot bajarish imkoniyatini taqdim etishi mumkin.
Bunda boshqarish organi vakolatli davlat organiga tegishli elektron tizimlardan vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartib hamda taraflarning kelishuviga koʻra foydalanadi”.
7. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Vakolatli davlat organi tomonidan boshqarish organi kuyidagi hollarda elektron reyestrdan chiqariladi:
koʻp kvartirali uyni boshqarish organi qonunchilikka muvofiq elektron reyestrga kirish uchun taqdim etgan hujjatlar haqqoniy emasligi, notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilganligi holati tegishli davlat organlari tomonidan tasdiqlangan taqdirda;
boshqarish organi tugatilganda;
barcha koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan uyni boshqarishdan bir tomonlama voz kechish haqida qaror qabul qilingan vaqtdan uch oy muddat ichida boshqarish organi boshqaruviga uy biriktirilmagan taqdirda;
boshqarish organi tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish qoidalari bir kalendar yilda uch marta buzilganda va har bir holat yuzasidan tegishli davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilganda;
boshqarish organi insofsiz boshqarish organlari roʻyxatiga kiritilganda.
Boshqarish organini elektron reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida qaror vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilinadi.
Bunda vakolatli davlat organi tomonidan boshqarish organini elektron reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida uning shaxsiy kabinetiga uch kun oldin xabar yuboriladi”.
8. 15-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. 23-banddagi “Veb-saytda” soʻzlari “Elektron reyestrda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 09/24/853/1061-son; 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)