1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.06.00 Sport]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida
Sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususiy sport klublari hamda mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarning yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullantirish borasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining haftaning har payshanba kunini jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.02.00 Jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqaruv;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.03.00 Sport tashkilotlari. Jismoniy sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari]
2. Belgilansinki:
a) tuman (shahar)larda ommaviy va professional sportni rivojlantirish hamda sport siyosatini yuritish Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi;
b) sport maktablarining faoliyati bolalar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishga yoʻnaltiriladi;
v) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
sport maktablarida mavjud shtat birliklari doirasida Sport vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;
har bir ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat taʼlim muassasalari biriktiriladi;
ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner oʻziga biriktirilgan hududda yoshlar yetakchilari hamda jismoniy tarbiya oʻqituvchilari bilan hamkorlikda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari va boshqa ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazib borishga masʼul hisoblanadi;
sport maktablarining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha direktor oʻrinbosarlari hamda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlar bazaviy tarif stavkasiga ustamalar “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlaridagi natijalar hamda sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
3. Sport turlariga ixtisoslashtiriladigan sport maktablari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda sport turlariga ixtisoslashtiriladigan sport maktablari uchun har yilgi vazifa va maqsadli koʻrsatkichlar Sport vazirligi tomonidan belgilab boriladi.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.01.00 Umumiy masalalar]
4. Sport vazirligi:
a) sport maktablarida “Fase ID” tizimi orqali trenerlar va sport bilan shugʻullanuvchilarning kunlik davomatini elektron monitoring qilib borish hamda trenerlarning ish haqi miqdori oʻquvchi-sportchilar davomatidan kelib chiqib belgilanishini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq toʻlash / 05.03.04.00 Ustamalar, qoʻshimcha toʻlovlar va koeffitsiyentlar]
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar:
“ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimini UzASBO-2 dasturiy majmuasiga integratsiya qilish orqali sport maktablari trenerlari va boshqa xodimlarining oylik ish haqlariga doir hujjatlarni elektron almashish tizimini joriy qilish choralarini koʻrsin;
sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish va ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish; shuningdek, sport maktablarining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha direktor oʻrinbosarlari hamda ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlar bazaviy tarif stavkasiga ustamalar belgilash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har yili 1-fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda oʻz hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiriladigan vazifalar hamda erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlarni belgilashni nazarda tutuvchi yillik Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini (keyingi oʻrinlarda — hududiy dasturlar) tasdiqlaydi.
Sport vazirligi hududiy dasturlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muntazam ravishda monitoring qilsin hamda har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.02.00 Jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqaruv;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.04.00 Olimpiya va paralimpiya harakati]
6. Sport vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini quyidagi yangicha tartibda tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda sport turlari boʻyicha mahorat maktablari (keyingi oʻrinlarda — mahorat maktablari) tashkil qilinadi;
mahorat maktablari faoliyati sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
mahorat maktablari oʻquvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan koʻp boʻlmagan miqdorda 7 — 11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;
mahorat maktablari oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi;
mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarga oʻzi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Bunda:
mazkur trenerlarga oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi;
trenerlar oʻz hududidagi sport maktabiga biriktiriladi;
trenerlarga tegishli moliya yilida uchun sport maktabiga ajratilgan mablagʻlar doirasida ijtimoiy buyurtmani bajarganlik uchun ularni ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi;
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.03.00 Sport tashkilotlari. Jismoniy sogʻlomlashtirish va sport yoʻnalishidagi jamoat birlashmalari]
b) jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar reyestrini (keyingi oʻrinlarda — reyestr) yuritish tartibi joriy etiladi. Bunda:
reyestrga ixtiyoriy tartibda sport klublari; fitnes klublar, sport taʼlim tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi boshqa yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar kiritiladi;
reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga sportchilarni “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida roʻyxatdan oʻtkazish huquqi beriladi;
reyestr Sport vazirligi tomonidan “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida yuritiladi;
v) sport pasporti amal qilish muddati cheklanmagan holda “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali elektron shaklda beriladi.
Bunda sport pasporti maʼlumotlari shaxsning biometrik identifikatsiya maʼlumotlari bilan integratsiya qilinadi hamda sport pasportini berish boʻyicha ariza beruvchidan undiriladigan toʻlovning Sport vazirligiga oʻtkaziladigan qismi toʻgʻridan-toʻgʻri Sport vazirligi huzuridagi “Raqamlashtirish va sertifikatlash markazi” MCHJga yoʻnaltiriladi;
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.32.00 Malaka toifalari]
g) 2026-yildan boshlab sport-taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari va yoʻriqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish hamda sport hakamlariga malaka toifasini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish proaktiv shaklga oʻtkaziladi;
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar]
d) sport federatsiyalari (uyushmalari) va sport turlari (sport turining tarmoqlari) reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrdan chiqarish tartibi Sport vazirligi tomonidan belgilanadi.
Bunda sport federatsiyalari (uyushmalari) va sport turlari (sport turining tarmoqlari)ni aniq belgilangan mezonlar asosida reyestrga kiritish va reyestrdan chiqarish tartibi joriy etiladi;
e) jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarida trenerlik faoliyati boʻyicha malaka oshirganlik haqidagi sertifikatga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan trenerlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
[OKOZ:
1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.07.00 Sport inshootlari va jihozlari]
8. Belgilansinki, sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida 2025-yil 1-sentabrdan boshlab sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi.
Bunda:
barpo etilib, foydalanishga topshirilgan sport inshootlari mulkdor yoki balansda saqlovchining arizasiga muvofiq sport inshootlari reyestriga kiritiladi;
belgilangan tartibda foydalanishga topshirilgan sport inshootini reyestrga kiritishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi;
sport inshootlari reyestrini shakllantirish, yuritish va sport inshootlarini reyestrdan chiqarish Sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtiriladi;
sport inshootlari reyestriga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalari oʻtkazilmaydi;
hududlarda Sport vazirligi tizimidagi sport inshootlarida jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid boʻlmagan tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda Sport vazirligi bilan kelishilgan holda oʻtkaziladigan tadbirlar bundan mustasno.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
9. Sport vazirligi:
a) 2025-yil 1-avgustga qadar:
Sport turlari boʻyicha mahorat maktablari faoliyatini tashkil qilishni;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari reyestrini, shuningdek, sport inshootlari reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorlari loyihalarini;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar oʻzini oʻzi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini;
v) 2026-yil yakuniga qadar “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(9-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-373-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2025-y., 07/25/373/1157-son)
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-dekabr,
PQ-443-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-dekabrdagi PQ-443-son qaroriga ILOVA
Sport turlariga ixtisoslashtiriladigan sport maktablari
* Hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib ustuvor sport turlari rivojlantiriladi.
** Aholining qiziqishlari va mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib qoʻshimcha ravishda istiqbolli sport turlari rivojlantiriladi.
Sport maktablarida ustuvor va istiqbolli sport turlaridan tashqari barcha sport turlari oʻrnatilgan tartibda faoliyat olib boradi.
Sport vazirligi tomonidan hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, shuningdek, erishilgan sport natijalari hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib yangi moliya yili boshlangunga qadar sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari va sport turlari roʻyxati qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2024-y., 07/24/443/1035-son; 12.12.2025-y., 07/25/373/1157-son)