toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlari samaradorligini oshirish, sohada yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish hamda masʼul davlat organlarining aniq vazifalari va javobgarligini belgilash maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha respublika komissiyasini Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasi etib qayta nomlash va uning yangilangan tarkibini 1-ilovaga muvofiq tasdiqlash;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini tugatish hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etish;
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasini Agentlikka oʻtkazish hamda uning negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Migratsiya jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish.
2. Quyidagilar:
Migratsiya agentligining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq;
Migratsiya agentligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va uning mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq;
Migratsiya agentligi mablagʻlarini shakllantirish manbalari va uning mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
Agentlik Vazirlar Mahkamasi va Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasiga bevosita hisobdordir;
Agentlik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining va Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga berilgan barcha soliq imtiyozlari Agentlik uchun saqlab qolinadi.
4. Quyidagilar:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining xorijdagi mehnat munosabatlarini tartibga solish bilan bogʻliq vazifa va funksiyalari, xalqaro va idoralararo hujjatlardagi huquq va majburiyatlari;
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, uning hududiy filiallari, xorijdagi vakolatxona va vakillari hamda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasining shtat birliklari, mablagʻlari va mol-mulklari Agentlikka oʻtkazilsin.
Agentlikning (xorijdagi vakolatxona va vakillaridan tashqari) jami boshqaruv shtat birliklari soni 117 ta etib belgilansin.
5. 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
Agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlarini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda oʻtkazishga ruxsat etilsin;
Agentlik zimmasiga u tomonidan oʻtkazilgan har qanday tekshirish natijasi boʻyicha tuzilgan bayonnomalar, har bir tekshirilgan subyekt kesimida aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi maʼlumotlarni majburiy tartibda besh kun muddatda “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasiga joylashtirib borish majburiyati yuklansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik direktori:
har olti oyda Agentlik va Jamgʻarma faoliyati, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar, tizimli muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasiga hisobot beradi;
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar ishini toʻgʻri va samarali tashkil etish, faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga soʻzsiz va toʻlaqonli erishish uchun masʼul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
Agentlik direktori oʻrinbosarlari oʻrtasida aniq vazifa va funksiyalarni taqsimlash;
Agentlikning markaziy apparati, uning hududiy filiallari, xorijdagi vakolatxonalari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Agentlik, uning hududiy filiallari, xorijdagi vakolatxonalari tuzilmasini tasdiqlash, xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, ularni ragʻbatlantirish;
kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasi (A. Aripov) bilan kelishilgan holda Jamgʻarmaning mablagʻlaridan foydalanish parametrlariga tezkor oʻzgartirishlar kiritish yoki Jamgʻarma mablagʻlarini mazkur Farmonning 4-ilovasida nazarda tutilmagan xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish.
8. Belgilansinki, Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini hamda ekspertlarni, shu jumladan, shartnoma asosida jalb qilish;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda sohani takomillashtirishga doir tashabbuslar bilan chiqish va takliflar kiritish.
9. Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasiga (A. Aripov) quyidagi huquqlar berilsin:
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalarini tashkil etish va tugatish, Agentlik vakillari uchun shtat birliklarini ochish va qisqartirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha diplomatik lavozimlarni kiritish va tugatish yuzasidan takliflar kiritish.
10. Agentlik Toshkent shahri Olmazor tumani Qamarniso koʻchasi 1-uy manzilidagi bino va inshootlarda tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish, sohaga xususiy sektor vakillarini keng jalb qilish va fuqarolarga yanada qulay sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
uch oy muddatda Agentlik va Jamgʻarma toʻgʻrisidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.
13. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Migratsiya agentligi direktori B.A. Musayev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-oktabr,
PF-162-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
1-ILOVA
Migratsiya boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika komissiyasi raisi

B.A. Musayev

Migratsiya agentligi direktori, Respublika komissiyasi raisi oʻrinbosari

A.A. Azizov

Davlat xavfsizlik xizmati raisi

S.E. Xusanov

Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari — Chegara qoʻshinlari qoʻmondoni

N.N. Saydullayev

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari

B.O. Saidov

tashqi ishlar vaziri

B.E. Zaxidov

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

K.A. Sharipov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

I.R. Maxkamov

transport vaziri

A.A. Xudayarov

sogʻliqni saqlash vaziri v.b.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

A.Y. Mavlonov

Bojxona qoʻmitasi raisi

O.A. Parpibayeva

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

K.K. Kuranbayev

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi

F.F. Eshmatova

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)

K.M. Rafikov

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi

D.A. Vahobov

Savdo-sanoat palatasi raisi

O.B. Sattorov

“Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi

S.S. Boboqulov

Vazirlar Mahkamasining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻlimi boshligʻi, Respublika komissiyasi masʼul kotibi

Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
2-ILOVA
Migratsiya agentligining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
1. Tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini kompleks tartibga solish, fuqarolarni xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish ishlarini nazorat qilish hamda ushbu fuqarolarning hisobini yuritish.
2. Xususiy bandlik agentliklarining Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha faoliyatini litsenziyalash, ular tomonidan litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish.
3. Migratsiya sohasida xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni xorijda vaqtincha ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha chet davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish.
4. Xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish ishlarini tashkil qilish, rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish.
5. Chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy va boshqa qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularni Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarishga koʻmaklashish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-sonli “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
6. Oʻzbekistonning xorijdagi va xorijiy davlatlarning respublikamizdagi diplomatik muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilish, oʻzbek diasporalari va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining
TASHKILIY TUZILMASI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi

Agentlikning xorijdagi vakolatxona va vakillari

Migratsiya jamgʻarmasi

Agentlikning hududiy filiallari

Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga oʻqitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi

Markaz filiallari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
4-ILOVA
Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari
1. Davlat budjetidan ajratiladigan begʻaraz moliyaviy yordam.
2. Chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar uchun yigʻimlarning bir qismi.
3. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar.
4. Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, homiylik, grant mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Migratsiya jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari
1. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor boʻlgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga huquqiy, ijtimoiy hamda moddiy yordam koʻrsatish.
2. Mehnat migratsiyasida boʻlgan vaqtda jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, ogʻir kasallikka chalingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tibbiy yordam koʻrsatish, basharti ushbu xizmatlar qiymatini ularning oʻz mablagʻlari yoki tibbiy sugʻurta hisobidan toʻlash imkoni boʻlmagan taqdirda.
3. Mehnat migratsiyasida boʻlgan davrda vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida mayib boʻlgan yoki ogʻir tan jarohati olgan fuqarolarni olib kelish.
4. Avval uyushgan holda tanlash doirasida xorijga ishga yuborilgan va borgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzishi natijasida chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish, keyinchalik toʻlangan mablagʻlarni mazkur shaxslar hisobidan qoplash, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishga joylashtirish boʻyicha kelishilgan sharoitlar bilan taʼminlanmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish.
5. Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirgan davrda fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va boshqa tavakkalchiliklarini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta mukofotining oʻrnini qoplash uchun sugʻurta kompaniyalariga subsidiyalar toʻlash.
6. Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga oʻqitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi, uning filiallari hamda ketish oldidan moslashtirish markazlari faoliyatini tashkil etish va faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, malakali chet ellik pedagog kadrlarni mahalliy taʼlim tashkilotlariga jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish.
7. Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini kasb-hunarga tayyorlash va chet tillariga oʻqitish hamda ularning malakasini baholash.
8. “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni xarajatlarini toʻlab berish, xorijga ketish uchun yoʻl transport chiptasini xarid qilishga kompensatsiya toʻlash.
9. Rivojlangan davlatlarga uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish.
10. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishni kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish masalalariga doir axborot-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish.
11. Migratsiya Agentligining chet eldagi vakolatxonalarini tashkil etish, jihozlash va saqlab turish.
12. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ish bilan taʼminlanganlik holatini ular ishga joylashgan joylarga borgan holda monitoring qilib borish.
13. Migratsiya agentligi xodimlarini xorijiy davlatlarga uzoq muddatli xizmat safariga yuborish va uning xorijiy davlatlardagi vakillari sifatida jalb etilgan shaxslar faoliyatini moliyalashtirish.
14. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan “call markaz” faoliyatini texnik qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirish.
15. Mehnat migrantlari uchun vaqtincha boʻlib turgan mamlakatlari va u yerdagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan bogʻlanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratish va uni kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirish.
16. Oʻzbekiston hududidan tashqariga chiquvchi va mamlakatimiz hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi Yagona idoralararo elektron maʼlumotlar bazasini yaratish va uni kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirish.
17. Tashkillashtirilgan holda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga 10 million soʻmgacha mikrokreditlar ajratish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish.
18. Ingliz, koreys, nemis va yapon tillari boʻyicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilar soni eng koʻp boʻlgan kasbiy taʼlim tashkilotlari va kasbiy koʻnikmalar markazlarining 50 nafar chet tili fani oʻqituvchilariga 50 million soʻmdan subsidiya toʻlash.
19. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni moliyalashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
5-ILOVA
Migratsiya agentligi mablagʻlarini shakllantirish manbalari
1. Pulli xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar.
2. Chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar uchun undiriladigan yigʻimlarning bir qismi.
3. Agentlikning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar.
4. Yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qoʻllangan jarimalardan tushgan mablagʻlar.
5. Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, homiylik, grant mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Migratsiya agentligining mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari
1. Agentlik markaziy apparati va uning hududiy filiallari xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlari.
2. Agentlik xodimlarini xizmat safariga yuborish xarajatlari.
3. Agentlik va uning hududiy filiallari bino va inshootlarini qurish, kapital va joriy taʼmirlash hamda saqlab turish xarajatlari.
4. Agentlik faoliyatini amalga oshirish uchun asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish hamda saqlash xarajatlari.
5. Agentlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining biometrik diplomatik pasporti toʻgʻrisidagi nizomni va Oʻzbekiston Respublikasining biometrik diplomatik pasporti beriladigan mansabdor shaxslar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-4554-son Farmoniga 2-ilovaning 3-roʻyxati:
quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori va uning oʻrinbosarlari”;
oʻn yettinchi — yigirma birinchi xatboshilar tegishincha oʻn sakkizinchi — yigirma ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan 2-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-apreldagi “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-59-son Farmonida:
1-bandning “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
16-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024 — 2026-yillarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni tayyorlash va chet elga tashkillashtirilgan tartibda yuborishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
4-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 20-ilovada:
4-banddan “huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
7-bandning oʻn birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qolgan mablagʻlarning 50 foizi Migratsiya jamgʻarmasiga, 20 foizi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda 30 foizi Migratsiya agentligiga yoʻnaltiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/162/0847-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)