toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
JALOLIDDIN MANGUBERDI ORDENINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Jaloliddin Manguberdi ordeni taʼsis etilsin.
2. Jaloliddin Manguberdi ordeni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Jaloliddin Manguberdi ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil, № 5—6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998-yil, № 9, 163-modda) “Amir Temur ordeni” degan soʻzlardan soʻng “Jaloliddin Manguberdi ordeni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 30-avgust,
110-II-son
Jaloliddin Manguberdi ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. Jaloliddin Manguberli ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprogʻini himoya qilishda hamda uni koʻz qorachigʻiday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan qoʻmondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar.
2. Jaloliddin Manguberdi ordeni Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy mukofoti hisoblanadi.
3. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlashga doir taqdimnoma mudofaa va huquqni muhofaza qilish muassasalari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi.
4. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlash va ordenni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oltmish besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6. Jaloliddin Manguberdi ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga, Amir Temur ordenidan keyin taqiladi.
7. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla beriladigan pul toʻlovi mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Jaloliddin Manguberdi ordenining
TAVSIFI
Jaloliddin Manguberdi ordeni 925 probali kumushdan tayyorlanadi, qirrador kumushrang nurlar taralgan beshburchak shaklga ega. Beshburchak jo boʻlgan doiraning diametri 55 millimetrdir.
Ordenning markazida, oq aylana bilan hoshiyalangan doirada, taralayotgan nurlar fonida Jaloliddin Manguberdining qabariq zarhal tasviri joylashgan. Siymo ortidagi fon havorang-moviy emal bilan qoplangan.
Aylananing yuqori qismida doira boʻylab “JALOLIDDIN MANGUBERDI” degan yozuv joylashgan. Aylananing sirt diametri 35 millimetr.
Aylananing pastki qismida yashil emal qoplangan ikkita dafna novdasi simmetrik tarzda joylashgan boʻlib, barglari orasiga fianit kristallar oʻrnatilgan.
Aylana uzra, markaz boʻylab oʻlchami boʻyicha diametri 8 millimetrli doiraga jo boʻladigan tillarang musamman joylashgan.
Ordenning orqa tomoni botiq. Oʻrtasida burama qadagʻichi bor. Pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 202-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)