1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.03.00.00 Bankrotlik va sanatsiya (shuningdek, 03.03.03.00 ga qarang) / 09.03.14.00 Qishloq xoʻjalik korxonalarining sanatsiyasi;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tugatish. Sanatsiya va bankrotlik;
2.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGI KORXONALARINI SANATSIYA QILISh BOʻYIChA MEʼYORIY HUJJATLARNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 4-yanvardagi 2-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika komissiyalari va kengashlari faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisida” 2005-yil 6-noyabrdagi PF–3675-son farmoni)” gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 29-oktabrdagi F-776-son farmoyishini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish tartibi 2-ilovaga muvofiq;
Sanatsiya qilinayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining tashqi boshqaruvchisi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
sanatsiya qilinadigan zarar koʻrib ishlayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalari roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-iyundagi 294-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2003-y., 12-son, 99-modda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari, Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi raisi R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-yanvardagi 21-son qaroriga 2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish
TARTIBI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish tartibi (keyingi oʻrinlarda Tartib deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 29-oktabrdagi F—776-son farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Mazkur Tartib zarar koʻrib ishlayotgan, toʻlovga qodir boʻlmagan va iqtisodiy nochor qishloq xoʻjaligi korxonalariga nisbatan qoʻllaniladigan suddan oldin sanatsiya qilish tartiboti xususiyatlarini belgilaydi.
3. Suddan oldin sanatsiya qilish (keyingi oʻrinlarda sanatsiya deb ataladi) korxonalarning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻashdan oldin amalga oshiriladi hamda kreditor (kreditorlar) talabini qondirish uchun qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlovga qodirligini va iqtisodiy qudratini tiklash hamda korxonaning kelgusida samarali faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratishni maqsad qilib qoʻyadi.
4. Zarar koʻrib ishlayotgan, toʻlovga qodir boʻlmagan va iqtisodiy nochor korxonalar sanatsiya obyektlari hisoblanadi.
Zarar koʻrib ishlayotgan, toʻlovga qodir boʻlmagan va iqtisodiy nochor qishloq xoʻjaligi korxonalari mol-mulki egalari, kreditorlar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sanatsiya subyektlari hisoblanadi. Davlat oʻzi vakil qilgan organlar orqali sanatsiya subyekti sifatida ish koʻradi.
Sanatsiya qilishda moliyaviy yordam koʻrsatayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek tashqi boshqaruvchi sanatsiya qatnashchilari hisoblanadilar.
II. QIShLOQ XOʻJALIGI KORXONALARINI SANATSIYA QILISh MASALALARINI KOʻRIB ChIQISh TARTIBI
5. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Korxonalarning bankrotligi va sanatsiyasi masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Hukumat komissiyasi deb ataladi) tomonidan belgilangan tartibga muvofiq qishloq xoʻjaligi yili yakunlari (kutilayotgan yakunlar) boʻyicha har bir qishloq xoʻjaligi korxonasining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini tahlil qilib chiqadi;
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
b) tahlil natijalariga koʻra toʻlovga qodirligini va iqtisodiy qudratini amalda tiklash imkoniyatiga ega boʻlgan zarar koʻrib ishlayotgan, toʻlovga qodir boʻlmagan va iqtisodiy nochor korxonalar boʻyicha tegishli xulosa tayyorlanadi;
v) tahlil natijalari toʻgʻrisidagi xulosa asosida qishloq xoʻjaligi korxonasi yoki korxona egasi yoxud kreditor (kreditorlar) yoxud hududiy boshqarmalar Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari boʻyicha mintaqaviy komissiya (keyingi oʻrinlarda mintaqaviy komissiya deb ataladi)ga sanatsiya qilish toʻgʻrisida iltimosnoma beradilar. Iltimosnomaga, xulosadan tashqari, qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlovga qodirligini amalda tiklash imkoniyatini, sanatsiya muddati tugagandan soʻng uning moliyaviy barqarorlikka erishishini asoslovchi barcha zarur hujjatlar, shuningdek sanatsiya qilishning taklif etilayotgan shakllari, turlari va choralari ilova qilinadi;
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
g) mintaqaviy komissiya iltimosnoma va unga ilova qilingan xulosa va hisob-kitoblar asosida toʻgʻri tuzilgan hujjatlar olingandan soʻng ikki hafta muddatda sanatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi. Takliflarda sanatsiya qilish (davlat moliyaviy mablagʻlarini jalb etgan yoki etmagan holda) shakli, sanatsiya qilish turlari va muddatlari asoslanishi kerak.
Takliflarda:
boshqaruv tuzilmasini maqbullashtirish;
ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish;
debitorlik qarzlarni undirish;
mehnat resurslaridan (normativlarga muvofiq) oqilona foydalanish;
shartnomaviy-huquqiy ishlarni takomillashtirish;
agrotexnika qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
qarzlarni boʻlib-boʻlib toʻlash (toʻlashni kechiktirish) toʻgʻrisida kreditorlar bilan ahdlashuvga erishish;
boshqa tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan tashqi moliyaviy mablagʻlarni jalb etmasdan toʻlovga qodirlikni tiklash variantlari ham ishlab chiqilgan boʻlishi kerak.
d) mintaqaviy komissiya xulosasi, sanatsiya qilish taklifi, sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va boshqa asoslovchi hujjatlardan iborat boʻlgan hujjatlar paketi Hukumat komissiyasiga taqdim etiladi;
e) Hukumat komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida ikki hafta muddatda oʻz yigʻilishlarida sanatsiya qilish, shuningdek tashqi boshqarishni joriy etish yoxud sanatsiya qilish yuzasidan tanlov eʼlon qilish haqida qaror qabul qiladi. Mutlaq koʻpchilik ovoz berganda qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Sanatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda hujjatlar mintaqaviy komissiyaga qaytariladi.
III. SANATSIYA QILISh
6. Hukumat komissiyasi tomonidan sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng sanatsiya qilishda qatnashishga qoʻyilgan shaxslar (sanatsiya qilishda moliyaviy yordam koʻrsatayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek tashqi boshqaruvchi) sanatsiya qilish rejasini bir oy muddatda ishlab chiqishlari va taqdim etishlari kerak.
6.1 Rejada quyidagilar boʻlishi kerak:
barcha kreditorlarning talablarini ular bilan kelishilgan muddatlarda qondirish majburiyati;
sanatsiya qilishning moʻljallanayotgan muddati;
mablagʻlarning qaytarilish shartlari va muddatlari;
kreditorlar oldidagi javobgarlikning sanatsiya qatnashchilari oʻrtasida taqsimlanishi;
sanatsiya boshlangandan keyin sanatsiya qatnashchilarining unda qatnashishni rad etgan taqdirdagi javobgarligi;
sanatsiya qatnashchilari zarur deb hisoblaydigan boshqa qoidalar.
6.2. Sanatsiya qilish rejasida qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan asosiy vositalarning sanatsiya qatnashchilariga berilishi nazarda tutilishi mumkin emas.
6.3. Sanatsiya qatnashchilari kreditorlar oldida qabul qilingan majburiyatlarni toʻliq hajmda bajarishga majburdir va ularning bajarilishi uchun javob beradilar.
6.4. Ishlab chiqilgan sanatsiya qilish rejasi korxona egasi va kreditor (kreditorlar) bilan kelishib olinadi.
7. Sanatsiya davlat mablagʻlarini jalb qilgan holda va jalb qilmasdan amalga oshirilishi mumkin.
8. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini davlat mablagʻlarini jalb etgan holda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mablagʻlarni qaytarish asosida amalga oshiriladi. Mablagʻlar korxona tomonidan budjetga foizlar (penya) qoʻshmasdan sanatsiya rejasida nazarda tutilgan muddatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
9. Quyidagilar sanatsiya qilishning asosiy turlari hisoblanadi:
qarzlarning oʻzaro qaytarilishini tashkil etish;
toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni toʻliq yoki qisman sotib olish;
majburiy toʻlovlarni toʻlash va davlat kreditlarini qaytarishni sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish;
ishlab chiqarishni raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashtirish;
chetdan menejment, ishlab chiqarishni tashkil etish, marketing va qishloq xoʻjaligi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;
xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
qishloq xoʻjaligi korxonasining toʻlovga qodirligi tiklanishidan va faoliyati davom ettirilishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish;
korxona va kreditor (kreditorlar) oʻrtasida korxona faoliyatini davom ettirishi uchun kreditorlarga toʻlanishi kerak boʻlgan toʻlovlarni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash yoki qarzlarning bir qismini chegirib tashlashga oʻzaro kelishib olishga qaratilgan bitim tuzish;
tashqi boshqarishni joriy etish;
korxonani qayta tashkil etish.
10. Quyidagilar qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish mablagʻlarining manbalari hisoblanadi:
korxona mol-mulki egalarining, kreditorlar, korxonalar birlashmalari (xoʻjalik uyushmalari), boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy yordami;
davlat mablagʻlari;
qishloq xoʻjaligi korxonasining oʻz mablagʻlari;
mablagʻlarning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalari.
11. Davlat mablagʻlarini jalb etgan holda sanatsiya qilinganda:
11.1. Sanatsiya qilish rejasi tashqi boshqaruvchi tomonidan hududiy boshqarmaga taqdim etiladi, u oʻn kun mobaynida sanatsiya qilish rejasini ekspertiza qiladi. Bir nechta sanatsiya qilish rejasi taqdim etilgan taqdirda hududiy boshqarma korxona uchun maqbul boʻlgan sanatsiya qilish rejasini aniqlaydi va tasdiqlaydi. Ekspertiza xulosasi koʻrib chiqish uchun mintaqaviy komissiyaga beriladi.
11.2 Mintaqaviy komissiya oʻn kun mobaynida materiallarni koʻrib chiqadi va sanatsiya qilish rejasini tasdiqlash uchun Hukumat komissiyasiga taqdim etadi.
11.3. Qishloq xoʻjaligi korxonasini sanatsiya qilish yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etiladi. Sanatsiya qilishning aniq muddatlari (lekin bir qishloq xoʻjalik yilidan kam emas) Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
12. Davlat mablagʻlari jalb etilmasdan sanatsiya qilinganda sanatsiya qilish rejasi tanlov gʻolibi tomonidan taqdim etiladi va mintaqaviy komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
13. Davlat mablagʻlari jalb etilgan holda sanatsiya qilingan taqdirda mablagʻlarni qaytarish shartlari va muddatlari sanatsiya qilish rejasida koʻrsatiladi.
14. Sanatsiya qilish uni oʻtkazishning belgilangan muddati tugashi munosabati bilan yoki sanatsiya qilishning samarasiz ekanligi aniqlangan taqdirda belgilangan muddat tugagunga qadar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sabablarga koʻra toʻxtatilishi mumkin.
Sanatsiya qilishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorni Hukumat komissiyasi chiqaradi.
Sanatsiya qilish natijalariga (tashqi boshqarish va tashqi boshqaruvchi arizasi xususiyatiga) koʻra quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
maqsadga erishilishi munosabati bilan sanatsiya qilishni tugallash toʻgʻrisida;
belgilangan muddat doirasida (agar sanatsiya qilish muddati kamida 24 oy belgilangan boʻlsa) sanatsiya qilishni davom ettirish toʻgʻrisida;
maqsadga erishilmaganligi tufayli sanatsiya qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida.
15. Hukumat komissiyasi qarorining bajarilishi ustidan nazoratni Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi amalga oshiradi, u har chorakda Hukumat komissiyasini qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilishning tasdiqlangan rejalarining bajarilishi haqida xabardor qiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y.,7-8-son, 58-modda)
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-yanvardagi 21-son qaroriga 3-ILOVA
Sanatsiya qilinayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining tashqi boshqaruvchisi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Tashqi boshqarish bu sanatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi korxonasi faoliyatini boshqarishni tashkil etish usuli, korxonani boshqarish va uning mol-mulkini tasarruf etish boʻyicha huquq va majburiyatlarning tayinlangan shaxsga tashqi boshqaruvchiga oʻtishini bildiradi.
2. Tashqi boshqarishni joriy etish masalasi davlat mablagʻlari jalb etilgan holda sanatsiya qilinganda mintaqaviy komissiya xulosasi asosida Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Hukumat komissiyasi deb ataladi) tomonidan, davlat mablagʻlari jalb etilmasdan sanatsiya qilinganda Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish masalalari boʻyicha mintaqaviy komissiya (keyingi oʻrinlarda mintaqaviy komissiya deb ataladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
Tashqi boshqaruvchi lavozimga, tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda, korxona mol-mulki egasi, kreditor (kreditorlar) va Hukumat komissiyasi bilan kelishgan holda tuman hokimi tomonidan tayinlanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-apreldagi 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
3. Tashqi boshqaruvchi korxonani boshqarish funksiyasini 24 oygacha boʻlgan muddatda amalga oshiradi.
4. Tashqi boshqarish joriy etilgan paytdan boshlab qishloq xoʻjaligi korxonasi rahbari va boshqaruv ijro etuvchi organlarining vakolatlari toʻxtatiladi hamda ular tashqi boshqaruvchiga oʻtadi. Korxona boshqaruvining ijro etuvchi organlari tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab yetti kun ichida korxonaning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhrlar va shtamplar, moddiy va boshqa boyliklarning tashqi boshqaruvchiga topshirilishi qabul qilib olinishini taʼminlashlari shart.
5. Tashqi boshqaruvchi hududiy qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi bilan kelishgan holda:
sanatsiya qilinayotgan qishloq xoʻjaligi korxonasining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
bosh buxgalterni, bosh iqtisodchini, bosh agronomni va boshqa mutaxassislarni tayinlaydi.
6. Tashqi boshqaruvchi quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlariga muvofiq korxonaning mol-mulkini tasarruf etish;
korxona nomidan kreditorlar bilan qarzlarni toʻlash muddatini uzaytirish va (yoki) ularni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida bitimlar tuzish;
korxonaga qoʻyilgan talablar boʻyicha belgilangan tartibda eʼtirozlar bildirish;
mulk egasi, kreditor (kreditorlar) va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi hududiy boshqarmasi roziligi bilan yirik bitishuvlarni amalga oshirish.
(6-bandning 5-xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 169-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
Yirik bitishuvlarga qiymati bitishuv tuzilayotgan paytdagi korxona aktivlarining balans qiymatidan oʻn foiz ortiq boʻlgan koʻchmas mulkka yoki boshqa mulkka egalik qilish bilan bogʻliq bitishuvlar kiradi.
Korxonaning tashqi boshqaruv joriy etilgandan soʻng paydo boʻlgan pul majburiyatlari miqdori kreditorlar talablari reyestriga muvofiq summaning 20 foizidan ortiq boʻlsa, korxonaning yangi pul majburiyatlari bilan bogʻliq bitishuvlar, tashqi boshqarish rejasida nazarda tutilgandan tashqari, tashqi boshqaruvchi tomonidan faqat mulk egasi, kreditorlar va Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi) roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
7. Tashqi boshqaruvchi quyidagilarga majburdir:
sanatsiya rejasini ishlab chiqish va mintaqaviy komissiyaga taqdim etish;
korxona rahbari vakolatlarini amalga oshirish;
korxona boʻyicha buxgalteriya, moliya, statistika hisobini va hisobotini yuritishni tashkil etish;
korxonalar mol-mulkini xatlashni amalga oshirish;
tashqi boshqarishni amalga oshirish va kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun maxsus schyot ochish;
kreditorlar talablarini koʻrib chiqish;
hududiy boshqarmaga har chorakda sanatsiya qilish rejasining bajarilishi haqida, shuningdek, yakuniy hisobotlar taqdim etish.
Tashqi boshqaruvchi kreditorlar oldida qabul qilingan majburiyatlarni toʻliq bajarishi shart va ularning bajarilishi uchun javob beradi.
8. Tashqi boshqaruvchi oʻzi tayinlangan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan sanatsiya qilish rejasini ishlab chiqishi lozim. Sanatsiya qilish rejasi tashqi boshqarish muddatida korxonaning toʻlov qobiliyatini tiklash va uni sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutishi kerak.
Rejaga moliyaviy-iqtisodiy ahvolni sogʻlomlashtirish boʻyicha batafsil chora-tadbirlar kiritilgan boʻlishi kerak, shu jumladan:
tashqi boshqarish muddati;
barcha kreditorlar talablarining ular bilan kelishilgan muddatlarda qondirilishini taʼminlash majburiyati;
kreditorlar oldidagi javobgarlik;
tashqi boshqaruvchining tashqi boshqarishda u boshlanganidan keyin qatnashishdan bosh tortgan taqdirdagi javobgarligi;
tashqi boshqaruvchi nazarda tutishni zarur deb hisoblaydigan boshqa qoidalar.
9. Sanatsiya qilish rejasi korxona egasi hamda kreditorlar bilan kelishiladi va hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.
10. Tashqi boshqaruvchi tashqi boshqarishning belgilangan muddati tugaguncha oʻn besh kundan kechiktirmay, shuningdek, uning muddatidan oldin tugallanishi uchun asoslar mavjud boʻlganda, yakuniy hisobot taqdim etadi,
Hisobotda quyidagilar boʻlishi kerak:
bajarilgan ishlar haqidagi maʼlumotlar;
mustaqil auditor tomonidan tasdiqlangan toʻliq hajmdagi moliyaviy hisobot;
korxonaning pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlar talablarini qondirish uchun yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan boʻsh pul mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisidagi bank maʼlumotlari;
korxonaning qolgan debitorlik qarzlari yoyilmasi;
qolgan kreditorlik qarzlarini uzish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar.
11. Tashqi boshqaruvchi oʻz vakolatlarini amalga oshirish muddati tugagunga qadar mintaqaviy komissiya orqali Hukumat komissiyasiga quyidagi takliflardan birini kiritish huquqiga egadir:
toʻlov qobiliyati tiklanishi munosabati bilan tashqi boshqarishni toʻxtatish;
tashqi boshqarish muddatini uzaytirish;
tashqi boshqarishni toʻxtatish va korxonani bankrot deb eʼtirof etish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilish.
12. Tashqi boshqaruvchi Hukumat komissiyasi bilan kelishgan holda tuman hokimi tomonidan vakolatlaridan quyidagi hollarda ozod etiladi:
tashqi boshqaruvchining uni vakolatlardan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomasiga koʻra;
tashqi boshqaruvchi oʻz vazifalarini muntazam ravishda buzgan taqdirda kreditorlar yoki korxona mulkining egasi iltimosnomasiga koʻra;
shaxsni tashqi boshqaruvchi etib tayinlashga toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlangan taqdirda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
13. Tashqi boshqarishni toʻxtatish tashqi boshqaruvchi vakolatlarini toʻxtatishga sabab boʻladi.
Agar tashqi boshqarish kelishiluv bitimi qabul qilinishi yoki kreditorlar talablari toʻlanishi bilan tugallansa, tashqi boshqaruvchi yangi rahbar va boshqaruvning boshqa ijro etuvchi organlari tayinlangan (saylan)gunga qadar korxona rahbari vazifalarini bajarib turadi.
Agar Hukumat komissiyasi tomonidan korxonani bankrot deb eʼlon qilish haqida ish qoʻzgʻash uchun materiallarni xoʻjalik sudiga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, tashqi boshqaruvchi ishlar tugatish komissiyasiga berilgunga qadar oʻz vazifasini bajarishni davom ettiraveradi.