toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid huquqbuzarliklar boʻyicha fuqarolarni xabardor qilishni raqamlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi kunda yoʻl harakati qoidalarining buzilish holati yuzasidan chiqarilgan qaror va yuboriladigan xabarnomalar boʻyicha fuqarolar tomonidan murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchiliklar kelib chiqmoqda.
Bu borada yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilish tizimini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat tadqiqoti” hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-308-son qarori hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
2024-yil 1-sentabrdan boshlab yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda uning hududiy boʻlinmalariga (keyingi oʻrinlarda — DYHXX) Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
mazkur xizmat DYHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integrallashgan platformasiga integratsiya qilgan holda YIDXP orqali koʻrsatiladi;
jismoniy va yuridik shaxslar yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan DYHXXga anʼanaviy (ogʻzaki yoki yozma) tarzda murojaat qilishlari mumkin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan YIDXP orqali elektron murojaat qilish tartibi;
yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 30-avgustga qadar yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan elektron murojaat etish uchun zarur boʻlgan axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-iyul,
382-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-iyuldagi 382-son qaroriga
ILOVA
Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati hamda uning hududiy boʻlinmalariga (keyingi oʻrinlarda — DYHXX) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron murojaat qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq DYHXX vakolatiga kiruvchi murojaatlarni koʻrib chiqish uchun tatbiq etiladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtomatlashtirilgan tizimlar — Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda DYHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy boʻlinmalari;
yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror — maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoki DYHXX xodimi tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar boʻyicha chiqarilgan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror;
murojaat etuvchi — yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan YIDXP orqali elektron murojaat qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
murojaat etuvchining maʼlumotlari — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan joyi va sanasi, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi seriyasi va raqami, jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiyalovchi raqami (JSHSHIR), doimiy yashash manzili, yuridik shaxsning nomi, STIR, joylashgan yeri (pochta manzili);
yuborilgan xabarnomalar — maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorning xos raqami va jarima miqdori haqidagi “SMS” yoki pochta xizmati orqali yuborilgan xabar.
4. Quyidagilar yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan elektron murojaatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish jarayonida vakolatli organning vazifalari hisoblanadi:
avtomatlashtirilgan tizimlar orqali kelib tushgan maʼlumotlarga ishlov berish, saqlash va ulardan foydalanish;
“Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integrallashgan platformasi doirasida jalb etilgan vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro tezkor maʼlumot almashish;
murojaatning holatini monitoring qilish hamda tegishli statistika maʼlumotlarini shakllantirish.
5. Jismoniy va yuridik shaxslar yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan YIDXP orqali vakolatli organga mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha elektron murojaat qiladi.
2-bob. Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan murojaat qilish tartibi
6. Murojaat etuvchi yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan murojaatlarni YIDXPdan roʻyxatdan oʻtgan holda yuboradi.
Bunda murojaat etuvchi YIDXP orqali ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi.
7. Murojaat etuvchi soʻrovnomaning toʻgʻri toʻldirilganligini mustaqil tekshiradi va maʼlumotlarning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilinganidan soʻng uni tasdiqlaydi.
8. Murojaat etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 294-moddasiga muvofiq dalillar taqdim etishi mumkin.
9. Murojaatni koʻrib chiqish davrida jarima solish toʻgʻrisidagi qaror uchun belgilangan chegirma muddati toʻxtatib turilmaydi.
10. Murojaat etuvchi qaror qabul qilgan vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
3-bob. Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan murojaatni koʻrib chiqish tartibi
11. Soʻrovnomaga kiritilgan murojaat etuvchi maʼlumotlarining haqqoniyligi vakolatli organ tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Murojaat etuvchining maʼlumotlari haqqoniyligi tasdiqlangan taqdirda, vakolatli organ tomonidan bir ish kuni ichida murojaat etuvchiga murojaati koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma YIDXP orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Soʻrovnomada murojaat haqidagi maʼlumotlar notoʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan bir ish kuni ichida murojaat etuvchiga soʻrovnomadagi xatoliklarni bartaraf etish uchun uch ish kunidan iborat muddat berilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma YIDXP orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Belgilangan muddatda soʻrovnomadagi xatoliklar bartaraf etilmagan taqdirda, soʻrovnomani koʻrib chiqish rad etiladi va bu haqda murojaat etuvchiga YIDXP orqali avtomatik tarzda javob qaytariladi.
12. Tizim orqali murojaatga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi tasdiqlangach, murojaat vakolatli organ tomonidan besh kun ichida, agar murojaat qoʻshimcha oʻrganishlarni talab etgan taqdirda, oʻn kun ichida koʻrib chiqiladi va natijalar yuzasidan murojaat etuvchiga YIDXP orqali belgilangan tartibda javob xati yuboriladi.
Bunda murojaat yuzasidan qoʻshimcha oʻrganishlar talab etilgan taqdirda, murojaat etuvchiga muddat uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot YIDXP orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
13. Koʻrib chiqilgan murojaat boʻyicha muallifga javob xati yuborilgandan soʻng shu mazmundagi takroriy murojaat qayta koʻrib chiqilmaydi.
14. Koʻrib chiqish davrida yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror yuzasidan yuborilgan murojaatdagi holatlar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 271-moddasiga muvofiq qaror qabul qilinadi.
Zarur hollarda, murojaatda koʻrsatilgan holatlar yuzasidan qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkaziladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar bilan bogʻliq boʻlmagan shikoyat, ariza hamda takliflar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
16. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 43, 2155-moddalari.
Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxs

1. Chiqarilgan qaror yoki yuboriladigan xabarnomalar boʻyicha murojaat etish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan roʻyxatdan oʻtadi.

2. Chiqarilgan qaror yoki yuboriladigan xabarnomalar boʻyicha beriladigan murojaatni yuborish uchun soʻrovnomani toʻldiradi.

Murojaat qilingan vaqtda

2-bosqich

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati

Soʻrovnomaga kiritilgan murojaat etuvchining maʼlumotlarini haqqoniyligi va toʻliqligini tekshiradi.

Avtomatik ravishda

3-bosqich

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati

Soʻrovnomada murojaat etuvchi haqidagi maʼlumotlar notoʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda, murojaat etuvchiga soʻrovnomadagi xatoliklarni bartaraf etish uchun xabarnoma yuboradi.

1 ish kunida

4-bosqich

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxs

Soʻrovnomada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi.

3 ish kun mobaynida

5-bosqich

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati

Murojaat etuvchiga javob xati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan tartibda yuboriladi.

10 kun ichida

Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Yoʻl harakati qoidalari buzilishiga doir chiqarilgan qaror va yuborilgan xabarnomalar yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilish boʻyicha
SOʻROVNOMA
Oldingi tahrirga qarang.

I. Jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

1. F.I.O.

2. Tugʻilgan joyi va sanasi:

3. Pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta seriyasi va raqami:

4. Doimiy yashash manzili:

5. JSHSHIR:

6. Telefon raqami:

7. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

II. Yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

1. Yuridik shaxsning nomi:

2. STIR:

3. Joylashgan yeri (pochta manzili):

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

III. Murojaat haqida maʼlumot

1. Murojaat mazmuni:

2. Avtotransport vositasining davlat raqami belgisi:

3. Qaror raqami:

4. Avtotransport vositasini boshqarish vakolatini beruvchi tegishli hujjatlar (haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini qayd etish guvohnomasi, sugʻurta polisi, ishonchnoma maʼlumotlari va boshqalar)

5. Qoʻshimcha hujjatlar:

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 09/24/382/0475-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)