toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali taʼlim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qaroriga muvofiq davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini taʼlim sohasidagi xalqaro standartlar talablari asosida ishlab chiqish va joriy etish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining maqsadi, vazifalari va prinsiplari;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish uchun qoʻyiladigan talablar hamda taʼlimning standartlashtiriladigan turlari;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini, malaka talablari, namunaviy (tayanch) oʻquv reja va dasturlari loyihalarini ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish tartibi.
2. Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi:
a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xorijiy davlatlarning tajribalari asosida taʼlim turlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlagan holda maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimning oʻquv reja va dasturlariga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
b) 2024-yil 1-avgustga qadar quyidagilarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim turlari oʻquv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash konsepsiyasi;
taʼlim natijalarini baholash, taʼlim sifati va samaradorligini monitoring qilish, taʼlim siyosatida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini joriy etish maqsadida umumiy oʻrta taʼlimda baholash konsepsiyasi;
v) 2024-yil 1-oktabrga qadar taʼlim sohasidagi atamalarning xalqaro darajada qabul qilingan atamalarga muvofiqligini taʼminlagan holda “Uzluksiz taʼlim tizimining izohli lugʻati”ni ishlab chiqsin va uni muntazam ravishda yangilab borsin;
g) taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazsin hamda tadqiqotlar natijalarini muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
3. Belgilansinki:
a) davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:
tegishli taʼlim bosqichi yakunida taʼlim oluvchilarda shakllanishi lozim boʻlgan kompetensiyalarni davlat, jamiyat va mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda belgilash;
taʼlim turlari uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash, maqsad va vazifalarni taʼlim natijadorligiga yoʻnaltirish;
taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish masʼuliyatini shakllantirish;
b) taʼlim natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida mavjud taʼlim turlari YUNESKOning “Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi” darajalari bilan muvofiqlashtiriladi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda 2024-yil 1-avgustga qadar Taʼlim sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagilarni nazarda tutuvchi “dts.uz” — Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining yagona ochiq muhokama portalini ishga tushirsin:
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablari, shuningdek, malaka talablarini 15 kun muddatda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarining registri va ularning matnlari bilan erkin tanishish;
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar berish;
“ochiq maydon” tamoyili asosida va real vaqt rejimida davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich ushbu qaror asosida tegishlicha taʼlim turlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlarini belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarining sinov materiallarini umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlimning yangilangan davlat taʼlim standartlari, oʻquv reja va oʻquv dasturlariga muvofiq tayyorlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Oʻ. Umarova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-mart,
157-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-martdagi 157-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom taʼlimning barcha turlari uchun davlat taʼlim standartlari, shu jumladan, maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti hamda davlat taʼlim talablarini (keyingi oʻrinlarda — taʼlim standartlari) ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat taʼlim standartlari — davlat tomonidan taʼlimning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui;
davlat taʼlim talablari — taʼlimning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek, taʼlim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qoʻyiladigan majburiy talablar;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti — taʼlim-tarbiya jarayonining hajmiga, mazmuniga va sifatiga, maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarning sogʻlom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir majburiy talablar majmui;
oʻqitish natijalari — oʻquv jarayonining maʼlum bosqichi yakuni boʻyicha taʼlim oluvchi baholanadigan kompetensiyalar.
3. Taʼlim standartlari taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayonini tashkil etish va baholash uchun asos hisoblanadi.
4. Taʼlim standartlari ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
2-bob. Taʼlim standartlarining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari
5. Taʼlim standartlarining maqsadi — taʼlim va oʻqitish sifatiga, taʼlim mazmuniga, taʼlim oluvchilar hamda ularning tayyorgarlik darajasiga, taʼlim darajasidagi kompetensiyalar va natijalarga, beriladigan malakalarga, talab qilinadigan oʻquv yuklamasi va faoliyati hajmiga va baholash mexanizmlariga qoʻyiladigan talablarni belgilash hisoblanadi.
6. Taʼlim standartlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
taʼlimning mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
taʼlimning turlari, mazmuni, taʼlim va tarbiyaning oʻzaro bogʻliqligi, taʼlim tizimida uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash;
oʻqitish natijalarini baholash tartibi, taʼlim va tarbiya sifatini nazorat qilishni takomillashtirish;
taʼlim turlari, bosqichlarining oʻzaro uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;
milliy standartlar talablarining taʼlim sifati va kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro talablarga muvofiqligini taʼminlash.
7. Taʼlim standartlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat, jamiyat, mehnat bozori va shaxs ehtiyojlariga mosligi;
taʼlim va tarbiyaning yaxlitligi, barcha uchun teng va kafolatlanganligi;
taʼlim turlari va bosqichlari oʻrtasida uzluksizlik va taʼlim mazmuni uzviyligining taʼminlanganligi;
gender tenglik va inklyuziv taʼlim olish huquqlarining taʼminlanganligi;
taʼlim oluvchilarga yoʻnaltirilganligi va taʼlim oluvchilar shaxsi, ularning intilishlari, qobiliyatlari hamda qiziqishlarining inobatga olinganligi;
Oʻzbekiston taʼlim siyosatini hisobga olgan holda xorijiy mamlakatlarning taʼlim sohasidagi tajribalaridan foydalanilganligi.
8. Quyidagilar taʼlim standartlarini ishlab chiqishga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
madaniy va tarixiy meros anʼanalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat talablari va jamiyat ehtiyojlarini hisobga olish;
taʼlim oluvchilarda mustaqil fikrlash, vatanga fidoyilik va milliy gʻurur hissini singdirish hamda oʻz majburiyatlarini masʼuliyat bilan bajarish boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish;
taʼlim oluvchilar ongiga Vatan tuygʻusini singdirish;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash;
taʼlim oluvchilarning oʻqitish natijalariga aniq talablarni belgilash hamda uning meʼyorlari va talablari buzilishining oldini olish;
taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish;
taʼlim turlari va bosqichlarini xalqaro miqyosda tan olingan mezonlar boʻyicha taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;
taʼlim oluvchilarning qobiliyat va ehtiyojlari asosida individual rivojlanish hamda differensial yondashuv asosida taʼlim olish imkoniyatlarini yaratish;
variativ va invariativ komponentlarni joriy etish orqali taʼlim jarayonini tizimlashtirish;
mehnat bozori talablariga muvofiq kadrlarni tayyorlashda xalqaro tajribani inobatga olish.
3-bob. Taʼlimning standartlashtiriladigan turlari
9. Taʼlim turlari boʻyicha quyidagi taʼlim standartlari ishlab chiqiladi:
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti;
umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim, oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari;
Oldingi tahrirga qarang.
oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning, shuningdek qoʻshimcha taʼlimning davlat taʼlim talablari.
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
10. Taʼlim turlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini taʼlim sohasidagi xalqaro standartlar talablariga moslashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim bosqichlari YUNESKOning “Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (International Standard Classification of Education (ISCED-2011)” (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro tasniflagich) darajalari bilan mazkur Nizomga 2-ilovaga asosan muvofiqligi taʼminlanadi.
11. Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti Xalqaro tasniflagichning 0-darajasidagi (kichik yoshdagi bolalar taʼlimi) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi.
Ushbu standart erta kognitiv, jismoniy, ijtimoiy va emotsional kabi shakllanishi lozim boʻlgan koʻnikmalar yagona shaklda ishlab chiqilishi, bolalarni boshlangʻich taʼlimga qabul qilish hamda akademik tayyorlash uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.
12. Boshlangʻich taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 1-darajasidagi (boshlangʻich taʼlim) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi va I — IV sinflarni qamrab oladi.
Mazkur standart oʻqish, yozish, asosiy matematik koʻnikmalar (savodxonlik va hisoblash), shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy sohalarini oʻrganish va tushunish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratiladi.
13. Tayanch oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 2-darajasidagi (oʻrta taʼlimning birinchi bosqichi) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi va V — IX sinflarni qamrab oladi. Tayanch oʻrta taʼlim bitiruvchilari (IX sinf) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 2-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak. Tayanch oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti boshlangʻich taʼlim natijalarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Ushbu standart hayot davomida taʼlim olish va inson kapitalini rivojlantirish poydevorini yaratish, umumtaʼlim fanlari boʻyicha nazariy bilimlarni shakllantirishga qaratiladi.
14. Oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlimning davlat taʼlim standartlari Xalqaro tasniflagichning 3-darajasidagi (oʻrta taʼlimning ikkinchi bosqichi) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi. Mazkur bosqichning davlat taʼlim standartlari tayanch oʻrta taʼlim bosqichi natijalariga asoslanadi.
Oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus taʼlim bosqichi bitiruvchilari (XI sinf) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 3-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak. Bunda oʻrta taʼlim bosqichida umumtaʼlim fanlariga ustuvorlik berilgan holda qisqa muddatli kasbga tayyorlash dasturlari ham oʻqitiladi.
15. Boshlangʻich professional taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 3-darajasidagi (oʻrta taʼlimning ikkinchi bosqichi) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi. Tayanch oʻrta taʼlimning IX sinflari bitiruvchilarini qamrab oladi.
Boshlangʻich professional taʼlim bosqichi bitiruvchilari (XI sinf) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 3-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Boshlangʻich professional taʼlimning davlat taʼlim standarti tayanch oʻrta taʼlim natijalarini hisobga olgan holda, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi hamda umumtaʼlim fanlari bilan birga Milliy malaka ramkasining 3-malaka darajasiga tegishli boʻlgan kasblar boʻyicha oʻqitiladi.
16. Oʻrta professional taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 4-darajasidagi (umumiy oʻrta taʼlimdan keyingi taʼlim) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi. Oʻrta professional taʼlim bosqichi bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 4-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Ushbu standart oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim natijalarini hisobga olib, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Taʼlim oluvchilarni mehnat bozoriga tayyorlashga qaratilgan hamda Milliy malaka ramkasining 4-malaka darajasiga tegishli boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim beriladi.
17. Oʻrta maxsus professional taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 5-darajasidagi (oliy taʼlimning qisqa sikli) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi. Oʻrta maxsus professional taʼlim bosqichi bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 5-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Mazkur standart oʻrta taʼlim, boshlangʻich va oʻrta professional taʼlim natijalarini hisobga olgan holda, ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Milliy malaka ramkasining 5-malaka darajasiga tegishli boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitiladi.
18. Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti Xalqaro tasniflagichning 6-darajasidagi (bakalavriat yoki unga tenglashtirilgan) va 7-darajasidagi (magistratura yoki unga tenglashtirilgan) belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqiladi.
Bakalavriat taʼlim bosqichi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim natijalariga, magistratura taʼlim bosqichi bakalavriat taʼlim natijalariga asoslanadi. Bakalavriat va magistratura taʼlim bosqichlari tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 6-malaka darajasi va 7-malaka darajasiga muvofiqlashtiriladi.
19. Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning davlat taʼlim talabi Xalqaro tasniflagichning 8-darajasidagi (doktorlik tadqiqotlari yoki unga tenglashtirilgan) belgilangan talablarga muvofiq tadqiqotchilarning ilmiy tadqiqotlarda yuqori malakaga erishish uchun moʻljallangan bilim, koʻnikma, kompetensiyalarga ega boʻlishlarini taʼminlaydi.
Mazkur taʼlim bosqichi magistratura taʼlim natijalariga asoslanadi. Taʼlim bosqichi bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 8-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
20. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning davlat taʼlim talabi orqali xodimlarda qoʻshimcha kasbiy bilim, koʻnikma va malakalar shakllantiriladi hamda ular kasb yoki mutaxassisligi boʻyicha kasbiy rivojlantiriladi.
Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malaka ramkasining 3 — 8-malaka darajasida belgilangan talablarga javob berishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Qoʻshimcha taʼlimning davlat taʼlim talabi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining isteʼdodi va qobiliyatini rivojlantirishga, maʼnaviy ehtiyojlarini qanoatlantirishga va kasb-hunar toʻgʻrisidagi boshlangʻich koʻnikmalarini shakllantirishga qaratiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
4-bob. Taʼlim standartlari ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish
22. Taʼlim standartlari tegishliligi boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari) tomonidan ishlab chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabgacha, umumiy oʻrta va qoʻshimcha taʼlim turlari boʻyicha taʼlim standartlarining (davlat talablari) loyihalari Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan tasdiqlanadigan talablar asosida ishlab chiqiladi.
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
23. Taʼlim standartlarining matni loʻnda, sodda va ravon tilda bayon etiladi. Hujjatning har bir bandi toʻliq va yakunlangan mazmunga ega boʻlishi lozim.
Taʼlim standartlarida foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda qoʻllaniladi. Standartda qoʻllaniladigan atamalar va qisqartmalar taʼriflari uning oʻzida keltiriladi.
24. Taʼlim standartining matni mantiqiy ketma-ketlik nuqtai nazaridan boʻlimlar, kichik boʻlimlar, bandlar, kichik bandlarga boʻlinishi mumkin. Boʻlimlar, kichik boʻlimlar, bandlar va kichik bandlar ketma-ketlikda arab raqamlari bilan raqamlanadi.
25. Taʼlim standartining matni A4 formatidagi qogʻoz varagʻida joylashtiriladi. Tartib raqami sahifaning pastki oʻrta qismida joylashtiriladi va arab raqamlari bilan belgilanadi. Standart, qoida tariqasida, Microsoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalangan holda tayyorlanadi:
“Times New Roman” 12 oʻlchamli shrift, sahifaning chap, oʻng va yuqori hoshiyasi 2 sm, pastki hoshiyasi 2,5 sm; xatboshining satr boshi 1,5 sm;
matn satrlari oraligʻi 1 interval; boʻlim va kichik boʻlimlar sarlavhalari hamda jadvallar matndan matbaa dizaynining maqbulligidan kelib chiqib, 1 intervaldan yuqori miqdorda ajratilishi mumkin.
26. Taʼlim standarti davlat tilida tasdiqlanadi va chop etiladi. Standart boshqa tillarga faqat uni tasdiqlovchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilangan tartibda tarjima qilinadi.
27. Taʼlim standarti matn tilidan qatʼi nazar, hujjat nomining davlat tilidagi quyidagi qisqartirishlari bilan belgilanadi:
Oʻzbekiston Davlat taʼlim standarti (Oʻzbekiston Davlat Taʼlim Standarti) — OʻzDTSt, interval, tartib raqami, ikki nuqta ajratish belgisi, tasdiqlash yili (masalan: OʻzDTSt xxxx: 2024).
28. Taʼlim standartlari vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, pedagoglar, ota-onalar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida aprobatsiyadan oʻtkaziladi. Aprobatsiya natijasiga koʻra taʼlim standartlari samaradorligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplash va amalga oshirishning salbiy oqibatlari xavfini minimallashtirish uchun monitoring va baholash mexanizmlari joriy etiladi.
29. Zaruratga koʻra yangi tahrirda ishlab chiqilgan taʼlim standartlari loyihasi yoki unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi loyiha (keyingi oʻrinlarda — loyiha) vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun taʼlim standartlarining yagona ochiq muhokama portaliga 15 kun muddatga joylashtiriladi.
30. Loyihaning jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishini taʼminlash vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organining rahbari zimmasiga yuklanadi.
31. Jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasi muddati tugagach, muhokama jarayonida kelib tushgan barcha taklif va eʼtirozlar loyihani ishlab chiquvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan koʻrib chiqiladi hamda Markaz tomonidan 10 kun muddatda belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan tegishli xulosa beriladi.
Muhokama jarayonida kelib tushgan taklif va eʼtirozlar asosida loyiha qayta koʻrib chiqiladi hamda maqbul deb topilgan taklif va eʼtirozlar loyiha matniga kiritiladi.
32. Taʼlim standartlari mazkur Nizomga 3-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq ishlab chiqiladi.
33. Taʼlim standartlari asosida taʼlim turlari va bosqichlari boʻyicha tegishlicha malaka talablari, oʻquv reja va dasturlari yoki taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi.
34. Taʼlim tashkilotlaridagi malaka talablari, oʻquv reja va dasturlarining mazmuni, ularni ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi tegishliligi boʻyicha vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Taʼlim standartlari tizimida taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari hamda taʼlim standartlari asosida taʼlim faoliyatini olib boradigan taʼlim tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Taʼlim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari)

1. Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablari loyihasini (taʼlim standartlari) belgilangan tartibda ishlab chiqadi.

Zaruratga koʻra

2. Taʼlim standartlarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun “dts.uz” muhokama portaliga joylashtiradi.

15 kun muddatda

2-bosqich

Vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari

Taʼlim tashkilotlari, nodavlat sektor vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida taʼlim standartlari muhokamasini tashkil etadi.

Zaruratga koʻra

3-bosqich

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi

Taʼlim standartlarini belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan xulosa beradi.

10 kun muddatda

4-bosqich

Vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari

Taʼlim standartlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

Belgilangan muddatda

5-bosqich

Vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari

Taʼlim standartlarini vazirlik va idoralarning tizimidagi tashkilotlarga platforma orqali yuboradi.

Tasdiqlangandan soʻng 3 kun muddatda

Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim bosqichlari va YUNESKOning “Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (International Standard Classification of Education (ISCED-2011)” darajalari oʻrtasidagi muvofiqlik jadvali
Oldingi tahrirga qarang.

ISCED-2011 darajalari

ISCED-2011 taʼlim dasturlari

Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim bosqichlari

0

Kichik yoshdagi bolalar taʼlimi

Maktabgacha taʼlim va tarbiya

1

Boshlangʻich taʼlim

Boshlangʻich taʼlim (I — IV sinflar)

2

Oʻrta taʼlimning birinchi bosqichi

Tayanch oʻrta taʼlim (V — IX sinflar)

3

Oʻrta taʼlimning ikkinchi bosqichi

Oʻrta taʼlim (X — XI sinflar)
Oʻrta maxsus taʼlim
Boshlangʻich professional taʼlim

4

Umumiy oʻrta taʼlimdan keyingi taʼlim

Oʻrta professional taʼlim

5

Oliy taʼlimning qisqa sikli

Oʻrta maxsus professional taʼlim

6

Bakalavriat yoki unga tenglashtirilgan

Bakalavriat

7

Magistratura yoki unga tenglashtirilgan

Magistratura

8

Doktorlik tadqiqotlari yoki unga tenglashtirilgan

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim:

tayanch doktorantura

(Doctor of Philosophy) (PhD);

doktorantura

(Doctor of Science) (DSc).

9

Tasniflanmaydi

Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda qoʻshimcha taʼlim

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Taʼlim standartlarining namunaviy tuzilishi
1. Umumiy qoidalar
Boʻlimda tegishli darajadagi taʼlimning umumiy maqsadi, vazifalari, nazariy asoslari, shu jumladan, taʼlim oluvchilar tomonidan egallanishi kerak boʻlgan taʼlim natijalari, shuningdek, oʻquv rejasi va taʼlim oluvchilarni baholash boʻyicha koʻrsatmalarning qisqacha mazmuni batafsil bayon qilinadi.
2. Asosiy maqsadlar va rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari
Ushbu boʻlimda oʻquv dasturining mazmuni boʻyicha taʼlim oluvchilarning tegishli darajada taʼlim olishda ega boʻlishi kutilayotgan bilim, koʻnikma va malakalar boʻyicha erishilishi kerak boʻlgan asosiy strategik maqsadlarning qisqacha mazmuni bayon qilinadi.
Zarur boʻlganda, mehnat bozorining dolzarbligi yoki uning milliy strategik ustuvorliklariga aloqadorligi toʻgʻrisida eslatmalar beriladi hamda asbob-uskunalar va materiallar roʻyxatini oʻz ichiga qamrab olgan maʼlumotlar aks ettiriladi.
Boʻlimda tegishli taʼlim darajasida kutilayotgan taʼlimni yaxshilashga koʻmaklashish uchun moʻljallangan pedagogik yondashuv boʻyicha koʻrsatmalarni, jumladan, oʻquv xonasiga qoʻyiladigan tashkiliy talablar, innovatsion oʻquv-uslubiy materiallarni yaratish, oʻquv-uslubiy yordamni kuchaytirish.
3. Taʼlim natijalari
Ushbu boʻlimda barcha darajalarda qoʻllaniladigan spiral yondashuv boʻyicha batafsil taqsimlangan taʼlimning tegishli darajasida taʼlim oluvchilar tomonidan namoyon etilishi kerak boʻlgan asosiy kompetensiyalarning tafsilotlari bayon qilinadi. Shu bilan birga, tegishli taʼlim natijalariga misollar keltiriladi.
4. Oʻqitish metodikasi
Ushbu boʻlimda oʻqitish usullari va taʼlim texnologiyalari, shu jumladan, innovatsion yondashuvlar haqida batafsil maʼlumotlar beriladi.
5. Oʻquv dasturi, oʻquv mavzularining yuklamasi, hajmi va taqsimoti
Ushbu boʻlim oʻquv soatlari hajmining tafsilotlarini oʻz ichiga oladi.
Oʻquv soatlari taʼlim tizimining har bir bosqichida fanni oʻqitish uchun oʻquv rejasiga kiritiladi.
Shuningdek, mazkur boʻlimda tegishli taʼlim darajalarining fanlararo integratsiyasi, oʻqitish va oʻrganish boʻyicha batafsil eslatmalar boʻladi.
6. Oʻqitish natijalarini baholash
Ushbu boʻlim oʻquv jarayonining muhim va zarur tarkibiy qismi boʻlib, u taʼlimning bosqichlarida taʼlim oluvchilar faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va xulosa qilish imkonini beradi. Baholash va uning mazmun-mohiyati, baholashdagi yondashuvlar, baholash maqsadlari, tamoyillari, turlari, mazmuni (domen, subdomen, konstrukt, baholash indikatorlari), formati, mezonlari, metodikasi, vositalari va baholashga qoʻyilgan talablar taʼlim jarayonining barcha subyektlari — taʼlim tashkiloti maʼmuriyati, oʻqituvchilar, ota-onalar va taʼlim oluvchilar uchun tushunarli tarzda bayon etiladi. Bu taʼlimni baholash tizimiga mos kelishi kerak.
7. Monitoring va baholash
Ushbu boʻlimda har bir fan boʻyicha, har bir taʼlim darajasida taʼlim oluvchilarning oʻzlashtirishi va yutuqlarini monitoring qilish va baholash haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Monitoring taʼlim sifatini baholash va nazorat qilishning uzluksiz jarayoni sifatida belgilanib, bu jarayon taʼlim holatini kuzatish, baholash va istiqbollarini belgilashda muhim hisoblanadi.
Monitoringda taʼlim jarayonining borishi, uslubiy va tashkiliy jihatdan taʼminlanganligi kuzatiladi, tahlil qilinadi, baho beriladi va taʼlimdagi sifat koʻrsatkichlari aniqlanib, xulosa qilinadi hamda istiqboldagi oʻzgarishlar belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-martdagi 157-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz taʼlim tizimi uchun davlat taʼlim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish toʻgʻrisida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 3-iyundagi 345-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2024-y., 09/24/157/0247-son; 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)