toggle_night_mode
Hujjat 11.03.2024 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 7-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3500]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-sentabrdagi PF-156-son “Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-fevral,
6-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 6-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2024-yil 7-fevraldagi 6-son buyrugʻiga
ILOVA
Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish hamda uning faoliyatini boshqarish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi.
2. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish yoʻnalishlari
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar;
spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar;
Vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning boʻsh turgan binolari, koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auksion)da sotishdan tushadigan mablagʻlarning respublika budjetiga oʻtkaziladigan 50 foizi;
Vazirlik tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning, Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining operatsion xarajatlarini chegirib tashlagan holda, mahalliy budjetlarga oʻtkaziladigan 100 foizi;
xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari va Vazirlik tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar sotib olish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish;
tibbiy asbob-uskunalar, kompyuterlar, planshetlar, multimedia va tarmoq qurilmalari, dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish va rivojlantirish;
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari va Vazirlik tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, oʻqitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari, shuningdek, Vazirlik tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
mahalliy va xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish, sogʻliqni saqlash sohasidagi keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirish maqsadida ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish;
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalarini kapital va joriy taʼmirlash, qurish va rekonstruksiya qilish, ularga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini xarid qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlik tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikada amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijiy mamlakatlarda oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va davolash-profilaktika xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash;
Vazirlik tizimi xodimlarini oʻqitish, qayta tayyorlash va stajirovkasini tashkil etish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, Oʻzbekiston hududidan tashqarida oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
oliy va oʻrta tibbiyot taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar toʻlashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;
Jamgʻarma va uning direksiyasi, shuningdek, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan boshqa tadbirlarni hamda sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni, shu jumladan quyidagilarni:
tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransportini xarid qilish va transport parkini oʻz vaqtida yangilash, shuningdek, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, ehtiyot qismlar va sarflanadigan materiallarni xarid qilish;
tez tibbiy yordam xizmatining xodimlarini oʻqitish, malakasini oshirish va amaliyot oʻtashini, shu jumladan xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida amaliyot oʻtashini tashkil etish;
tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga ustamalar, mukofot pullari va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni toʻlash;
tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʻyilgan bemor bolalarni dori vositalari bilan davolash, tibbiy, reabilitatsion, palliativ, shu jumladan yuqori texnologik ixtisoslashgan amaliyot tadbirlarini moliyalashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
5. Jamgʻarmaning joriy moliya yilida foydalanilmagan (oʻzlashtirilmagan) mablagʻlari keyingi moliya yiliga oʻtkaziladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash va boshqarish
6. Jamgʻarmaning mablagʻlari ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq tarkibda shakllantirilgan Jamgʻarma kuzatuv kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) qaroriga koʻra sarflanadi.
7. Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromad va xarajatlar smetasi Vazirlik, uning tizimidagi tegishli muassasalar va organlarning mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha taqdim etgan hisob-kitoblari asosida Jamgʻarma direksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashxis qoʻyiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar roʻyxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
8. Kengash tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq har yili 10-yanvarga qadar, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan hamda “Spinal mushak atrofiyasi” tashxisi qoʻyilgan bemorlarga (bundan buyon matnda bemorlar deb yuritiladi) tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish hajmini (bundan buyon matnda tibbiy-ijtimoiy yordam hajmi deb yuritiladi) tasdiqlaydi.
Bunda, Kengash:
a) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har yili, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatiladigan bemorlar roʻyxatini (bundan buyon matnda roʻyxat deb yuritiladi) Vazirlik taqdim etgan statistik maʼlumotlar hamda ushbu bemorlarga tegishli tibbiyot xodimlari tomonidan qoʻyilgan tashxis va xulosalar asosida tasdiqlaydi.
roʻyxatga kiritiladigan bemorlar ularga qoʻyilgan tashxis asosida ularning holatining yengil, oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻirligidan kelib chiqib ajratiladi;
b) Jamgʻarma mablagʻlaridan bemorlarga:
tibbiy yordam koʻrsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
yil davomida bir nafar bemor uchun kasallik turiga qarab Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan yordam hajmi, qiymati va yetkazib beriladigan dori vositalarining turlari yuzasidan rejalashtirilgan koʻmak hajmini ishlab chiqadi;
yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilish uchun murakkab operatsiyalar roʻyxati, shuningdek, ushbu mutaxassislarni kelishi va ketishi bilan bogʻliq (mehmonxona hamda xizmat haqi va boshqalar) xarajatlari miqdorini tasdiqlaydi;
respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlaridan xarid qilinadigan yuqori texnologik tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatish xizmat turlarini tasdiqlaydi.
9. Mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan boshqa yoʻnalishlar uchun mablagʻlarni sarflash ularning aniq maqsadlari, yoʻnalishlari va uning miqdorini koʻrsatgan holda Kengashning qarori asosida amalga oshiriladi.
10. Kengash majlislari zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Kengash majlislarini Kengash raisi, Kengash raisi boʻlmagan taqdirda, Kengash raisi oʻrinbosari boshqaradi.
11. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda oʻtkazilgan hisoblanadi.
12. Kengash majlisini oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
13. Kengash majlisiga unda koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari taklif etilishi mumkin.
14. Kengash qarori uning majlisda qatnashgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining yoki raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
15. Kengash qarorlari Kengash majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayoni Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Kengash:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlarini hamda yillik xarajatlar smetasini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Direksiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan muassasalar tomonidan qabul qilingan mahsulotlarning sarflanishi yuzasidan hisobotlarni eshitadi;
Direksiya faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya faoliyatini, shu jumladan, uning daromad va xarajatlar prognoz parametrlari ijrosini, mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini nazorat qiladi;
tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy koʻmaklashish va uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha mablagʻlarni ajratish, sarflash, ijrosi va natijadorligini taʼminlash yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish yuzasidan mablagʻlarni ajratish, sarflash, ijrosi va natijadorligini taʼminlash yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari va Vazirlik tizimidagi davlat tibbiyot muassasalarining xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, oʻqitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish masalalarini koʻrib chiqadi;
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti hamda uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan belgilangan maqsadlar boʻyicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali, shu jumladan, tegishli rasmiy veb-saytlar orqali oxirgi olti oy davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yilda ikki marotaba hisobotni eʼlon qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Quyidagilar Kengash aʼzolarining vazifalari hisoblanadi:
majlislarda koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish;
majlislarda shaxsan qatnashish, agar qatnashish imkoni boʻlmagan taqdirda, majlis kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidirlar.
18. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va tasdiqlaydi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
19. Kengash kotibi:
ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga Jamgʻarmadan mablagʻ olishga oid murojaatlarni Kengash majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash uchun Kengashning aʼzolariga tegishliligi boʻyicha taqsimlaydi;
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyi boʻyicha Kengash raisiga takliflar kiritadi;
kun tartibidagi masalalari boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlis sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasi boʻyicha xabardor qiladi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
Kengash qarorlari ijrosining nazoratini yuritadi hamda Kengashga muntazam ravishda axborot kiritib boradi.
4-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
20. Jamgʻarma direksiyasi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
21. Quyidagilar Direksiyaning vazifalari hisoblanadi:
mablagʻlar va moddiy boyliklarning buxgalteriya hisobi yuritilishini, statistika va buxgalteriya hamda boshqa turdagi hisobotlar tuzilishini hamda ular Kengash va tegishli davlat organlariga belgilangan tartibda taqdim etilishini tashkil qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilarining jamlangan hisobotlarini qabul qiladi va oʻrganadi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaga xorijiy investitsiyalar, grantlar hamda homiylik xayriyalarini jalb qilish choralarini koʻradi;
qoʻshimcha daromadlarni jalb etish maqsadida vaqtincha boʻsh mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirish boʻyicha Kengashga taklif kiritadi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari hamda asosiy xarajatlari yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Kengash qarorlari asosida belgilangan tadbirlar doirasida xaridlarni tashkil etish boʻyicha taqdim qilingan buyurtmalarni (ehtiyoj, texnik topshiriqlarni) Kengashda koʻrib chiqilishi uchun kiritilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobotlarini muntazam ravishda Kengashga kiritadi va Kengash yigʻilishlarida ishtirok etadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlar boʻyicha Kengash bilan kelishgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlari sarflashining shaffofligini, uning daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisida hisobdorlikni, shuningdek faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini hamda ushbu mablagʻlardan belgilangan tartibda foydalanishni taʼminlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikas Budjet kodeksining 17-moddasi.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan ushbu tadbirlar va ularning natijalari toʻgʻrisida vazirlikning rasmiy veb-saytida yilda kamida ikki marotaba hisobotlarni eʼlon qiladi.
22. Kengash tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq har yili 10-yanvarga qadar, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlar hajmini tasdiqlaydi.
5-bob. Hisobga olish, hisobot va nazorat
23. Kengash va Direksiya ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanish uchun javobgardir.
24. Direksiya Kengash va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda hisobotlarni taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.)
25. Kengash Jamgʻarma mablagʻlaridan belgilangan tartibda foydalanilishini nazorat qilib boradi.
6-bob. Yakuniy qoida
26. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi.
Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

I-bosqich

Jamgʻarma kuzatuv kengashi va direksiyasi

1. Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha daromad va xarajatlar smetasini Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi), uning tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning hisob-kitoblari asosida ishlab chiqadi.

belgilangan muddatlarda

2. Jamgʻarma kuzatuv kengashi Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.

har yili 25-dekabrga qadar

3. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi.

doimiy

4. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.

har chorak yakuni boʻyicha

5. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini bajarish boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim qiladi.

belgilangan muddatlarda

II-bosqich

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi, Jamgʻarma kuzatuv kengashi

1. Jamgʻarma mablagʻlarini Jamgʻarma kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq sarflaydi.

doimiy

2. Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tomonidan ishlab chiqilgan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashxis qoʻyiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklar roʻyxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.

3. Jamgʻarma kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan hamda “Spinal mushak atrofiyasi” tashxisi qoʻyilgan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish hajmini tasdiqlaydi.

har yili 1-fevralga qadar, zaruratga koʻra, yil davomida bir necha marotaba

III-bosqich

Vazirlik, uning tizimidagi muassasa va tashkilotlar

1. Jamgʻarma mablagʻlarini Jamgʻarma kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq sarflaydi.

doimiy

2. Mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan boshqa yoʻnalishlar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasini tuzish uchun hisob-kitoblarni Jamgʻarma direksiyasiga taqdim etadi.

Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi kuzatuv kengashi
TARKIBI

A.A. Xudayarov

sogʻliqni saqlash vaziri, Kuzatuv kengashi raisi

F.M. Tashpulatov

sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari

E.I. Basitxanova

sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari

F.R. Sharipov

sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari

Lavozimga koʻra

Sogʻliqni saqlash vazirligining Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi boshligʻi

Lavozimga koʻra

Sogʻliqni saqlash vazir Kotibiyati boshligʻi

Lavozimga koʻra

Ilm-fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi

Lavozimga koʻra

Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi

Lavozimga koʻra

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Lavozimga koʻra

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi direktori

Lavozimga koʻra

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Lavozimga koʻra

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori

Lavozimga koʻra

Sogʻliqni saqlash vazirligining Jamgʻarmalar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi (Direksiya) boshligʻi, Kuzatuv kengashi kotibi

Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2024-y., 10/24/3500/0197-son; 20.05.2026-y., 10/26/3837/0512-son; 18.06.2026-y., 10/26/3500-1/0611-son)