toggle_night_mode
Hujjat 15.09.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI IQTISODIY FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 182-modda, 1992-yil, № 9, 335-modda) oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 26-may,
77-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, uning iqtisodiy suvereniteti va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, milliy iqtisodiyot rivojini ragʻbatlantirish, mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
2-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Tashqi iqtisodiy faoliyat deganda Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro foydali iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyati tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan jismoniy shaxslar tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy prinsiplari
Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining erkinligi va iqtisodiy mustaqilligi;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining tengligi;
savdo-iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmasligi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinishi.
5-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari hisoblanadilar.
6-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat obyektlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oldi-sotdi yoki ayirboshlash obyekti boʻlgan tovarlar, ishlar (xizmatlar), har qanday mol-mulkka, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar, valyuta qimmatliklariga, elektr, issiqlik energiyasi va boshqa turdagi energiyaga, transport vositalariga, intellektual mulk obyektlariga nisbatan, tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlanganlarini istisno etganda, tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilishi mumkin.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-216-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 37-son, 403-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari bunday faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlari doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashish shakllarini mustaqil belgilash, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun oʻz xohishiga koʻra boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni shartnoma asosida belgilangan tartibda jalb qilish;
tashqi iqtisodiy faoliyat natijalariga, shu jumladan milliy va chet el valyutasidagi daromadga qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining majburiyatlari
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari:
tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi hisobotni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning Oʻzbekistonda belgilab qoʻyilgan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari, talablari, qoidalari va normalariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
(8-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari
Tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardir:
xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik;
tashqi savdo faoliyati;
chet el investitsiyalarini jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati.
10-modda. Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik
Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik ishlab chiqarish, moliya, bank va sugʻurta faoliyati, taʼlim va kadrlarni tayyorlash, turizm, sogʻliqni saqlash, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatishi va kengaytirishga qaratilgan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Tashqi savdo faoliyati
Tashqi savdo faoliyati xalqaro tovarlar, ishlar (xizmatlar) savdosi sohasidagi tadbirkorlik faoliyatidir.
Tashqi savdo faoliyati tovarlarni, ishlarni (xizmatlarni) eksport va import qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan ularni qayta olib kirish toʻgʻrisidagi majburiyatni olmasdan olib chiqib ketilishi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, tovarlar eksportidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga ularni qayta olib chiqib ketish toʻgʻrisidagi majburiyatni olmasdan olib kirilishi tovarlar importidir.
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish), ularning bajarilish (koʻrsatilish) joyidan qatʼi nazar, ishlar (xizmatlar) eksportidir.
Xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi uchun ishlar bajarish (xizmatlar koʻrsatish), ularning bajarilish (koʻrsatilish) joyidan qatʼi nazar, ishlar (xizmatlar) importidir.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi “Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-1604-son qaroriga qarang.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
12-modda. Chet el investitsiyalarini jalb qilish
Chet ellik investorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati obyektlariga hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlariga kiritilayotgan moddiy va nomoddiy neʼmatlarning barcha turlari hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek chet el investitsiyalaridan olinadigan har qanday daromad Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalarini amalga oshirish shakllari va tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi tadbirkorlik va boshqa faoliyat obyektlariga moddiy va nomoddiy neʼmatlarni hamda ularga boʻlgan huquqlarni qoʻyish bilan bogʻliq tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari harakatlarining yigʻindisi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
yuridik shaxslar tashkil etish yoki ustav fondlarida (kapitallarida) ulushbay asosda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar sotib olish yoʻli bilan qatnashish;
 LexUZ sharhi
“Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chet elda tashkilotlar tashkil etish yoki ularning ustav fondi (kapitali)da ulush bilan ishtirok etish toʻgʻrisida xabardor etish tartibi haqida”gi nizom (roʻyxat raqami 2457, 17.05.2013-y.)ga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vakolatxonalar, filiallar va boshqa alohida boʻlinmalar taʼsis etish;
Oldingi tahrirga qarang.
qimmatli qogʻozlarni, shu jumladan xorijiy davlatlarning rezidentlari tomonidan tasdiqlangan qarz majburiyatlarini sotib olish;
(13-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-216-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 37-son, 403-modda)
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, izlab topish, qazib olish yoxud ulardan foydalanishga moʻljallangan konsessiyalarni qoʻlga kiritish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
mulk huquqini, shuningdek, yerga hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati xorijiy davlatning qonun hujjatlarida va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Xorijiy davlatlarning va ular yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari
Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlatlarning savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha vakolatxonalari Oʻzbekiston Respublikasi tegishli xorijiy davlatlar bilan tuzadigan xalqaro shartnomalar asosida taʼsis etiladi.
Ajnabiy yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq vakolatxonalar ochishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquq va manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari taʼminlanishini kafolatlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ulardan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olishga haqli emas.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzuvchi hujjatlar qabul qilgan taqdirda, ularga yetkazilgan zararning oʻrni qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Axborot olish erkinligi
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi oʻz huquqlari va manfaatlariga daxldor boʻlgan va maxfiy tusda boʻlmagan axborotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlaridan olishga haqlidir. Axborotning maxfiyligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soluvchi va umummajburiy tusdagi qonun hujjatlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari ulardan erkin foydalana olishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik negizini shakllantirish va takomillashtirish;
valyuta bilan tartibga solish;
soliq bilan tartibga solish;
tarif va notarif tartibga solish;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya etilishi uchun himoya, kompensatsiya va dempingga qarshi choralarni qoʻllash;
tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilash, shu jumladan, miqdoriy cheklovlar oʻrnatish hamda tovarlarning ayrim turlari eksport va import qilinishi ustidan davlat monopoliyasini oʻrnatish;
Oldingi tahrirga qarang.
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab qilinadigan hujjatlarning toʻliq roʻyxatini belgilash;
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz xossa hamda xususiyatlariga koʻra yalpi qirgʻin qurolini (yadroviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurol) hamda uni yetkazib berish vositalarini (raketalar va yalpi qirgʻin qurolini yetkazib berishga qodir boshqa texnika vositalarini), boshqa turdagi qurol-yarogʻ hamda harbiy texnikani yaratishda muhim hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan, eksport nazorati obyektlari roʻyxatlarida koʻrsatilgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalariga nisbatan eksport nazoratini oʻrnatish;
(17-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
olib kiriladigan va olib chiqiladigan tovarlarni sertifikatlash;
Oldingi tahrirga qarang.
texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari, talablari, qoidalari va normalarini belgilash;
(17-moddaning birinchi qismi oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari uchun preferensiya va imtiyozlar berish.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligini, iqtisodiy mustaqilligi va iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzadi;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini ishlab chiqadi;
chet eldan olinadigan kreditlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini beradi;
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-noyabrdagi 534-son qarori bilan tasdiqlangan “Jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi:
tashqi savdo faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va uning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi;
qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida tashqi savdo faoliyati subyektlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va tartibga solib turadi;
Keyingi tahrirga qarang.
tashqi savdo faoliyati sohasiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:
investitsiyalar boʻyicha yagona davlat siyosatini shakllantiradi va uning amalga oshirilishini hamda chet el investitsiyalari jalb qilinishini taʼminlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining chet el investitsiyalarini jalb qilish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilash va uni amalga oshirishga, shuningdek xalqaro moliya institutlari va chet ellik investorlar bilan investitsiya sohasidagi hamkorlikni amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
investitsiya faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Eksport, importni taqiqlash hamda cheklash
Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlari bilan tovarlar eksporti, importini taqiqlash hamda cheklash belgilanishi mumkin va ular quyidagi maqsadlarni koʻzlaydi:
Keyingi tahrirga qarang.
milliy xavfsizlikni taʼminlash;
fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, hayvonot va oʻsimlik dunyosini hamda atrof-muhitni muhofaza qilish;
ijtimoiy axloq-odobga va huquq-tartibotga rioya etish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqining madaniy merosini saqlash;
madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqish, olib kirish va ularga boʻlgan mulk huquqlarini boshqaga oʻtkazishdan himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini saqlab turish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish;
tiklab boʻlmaydigan tabiiy resurslar tugatilishining oldini olish;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini himoya qilish.
21-modda. Tovarlar ayrim turlarining eksport va importini litsenziyalash hamda kvotalash
Tovarlarning ayrim turlarini eksport va import qilish faqat ularni olib kirish yoki olib chiqish uchun tegishli ruxsatnoma (litsenziya) olinganidan keyin amalga oshiriladi. Tovarlar ayrim turlarining eksporti va importini amalga oshirish uchun litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar tomonidan beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim tovarlar turlarini eksport va import qilishga nisbatan miqdoriy cheklovlar (kvotalar) belgilashi mumkin.
Kvotalarni taqsimlash, qoida tariqasida, tanlov yoki kim oshdi savdosi asosida amalga oshiriladi.
Eksport va import qilinishi, litsenziyalanishi hamda kvotalanishi zarur boʻlgan tovarlar ayrim turlarining roʻyxati, shuningdek, litsenziyalarni berish va kvotalarni taqsimlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Eksport nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻz xossa hamda xususiyatlariga koʻra yalpi qirgʻin qurolini (yadroviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurol) hamda uni yetkazib berish vositalarini (raketalar va yalpi qirgʻin qurolini yetkazib berishga qodir boshqa texnika vositalarini), boshqa turdagi qurol-yarogʻ hamda harbiy texnikani yaratishda muhim hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan, eksport nazorati obyektlari roʻyxatlarida koʻrsatilgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalariga nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilayotganda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek xalqaro majburiyatlarga rioya etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida eksport nazorati tizimi amal qiladi. Eksport nazorati obyektlari roʻyxatlari, shuningdek ularni olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Eksport nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
(22-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasining hamda tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish
Xorijiy davlat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining iqtisodiy manfaatlarini buzuvchi choralar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ushbu davlat xalqaro shartnomalarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi oldida qabul qilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida javob choralarini kiritishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
24-modda. Muhofaza choralari
Tovar importining koʻpayganligiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan muhofaza choralari qoʻllanilishi mumkin.
Muhofaza choralarining qoʻllanilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Antidemping bojlari
Demping narxlaridagi tovar importiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan antidemping bojlari qoʻllanilishi mumkin.
Antidemping bojlarining qoʻllanilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(25-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
26-modda. Kompensatsiya bojlari
Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan kompensatsiya bojlari qoʻllanilishi mumkin.
Kompensatsiya bojlarining qoʻllanilish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(26-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Olib kirilayotgan tovarlarga qoʻyiladigan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya va ekologiya standartlari, talablari, qoidalari va normalari
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya va ekologiya standartlari, talablari, qoidalari va normalariga muvofiq boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga:
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan standartlar, talablar, qoidalar va normalarga mos kelmaydigan tovarlarni;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sertifikatga, markirovkaga yoki muvofiqlik belgisiga ega boʻlmagan tovarlarni olib kirish taqiqlanadi.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Erkin iqtisodiy zonalar
Oʻzbekiston Respublikasining hududida erkin iqtisodiy zonalar uchun tashqi iqtisodiy faoliyatning alohida tartibi (bojxona, valyuta, soliq va boshqalar) oʻrnatilishi mumkin boʻlib, u erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Erkin savdo
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona bojlari, soliqlar va ularga teng kuchga ega boʻlgan yigʻimlarni bekor qilishga, tovarlarni eksport va import qilishning miqdoriy cheklovlariga, tovarlarning erkin harakat qilishi yoʻlidagi boshqa toʻsiqlarni bekor qilishga qaratilgan erkin savdo toʻgʻrisida xorijiy davlatlar bilan xalqaro shartnomalar tuzishi mumkin.
30-modda. Nizolarni hal qilish
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan nizolar shartnomada nazarda tutilgan tartibda hal qilinadi. Shartnomada nizolarni hal qilishni tartibga soluvchi qoidalar boʻlmagan taqdirda, qoʻllaniladigan huquq va hal qilinadigan joy xalqaro xususiy huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga muvofiq belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1190-moddasiga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan nizolari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
31-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 148-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 51-son, 514-modda; 2005-y., 49-50-son, 365-modda; 2009-y., 37-son, 403-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )