1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.13.00.00 Shaharsozlik va arxitektura / 09.13.05.00 Shaharsozlik normativlari. Shaharsozlik hujjatlari. Ekspertiza]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
SHNQ 2.08.02-09* “Jamoat binolari va inshootlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 22-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 226]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 2-apreldagi 01/2-7-sonli “SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (hisob raqami 249, 06.05.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.08.02-09* “Jamoat binolari va inshootlari” shaharsozlik normalari va qoidalarining 3-bobiilovaga muvofiq mazmundagi 21-paragraf bilan toʻldirilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-dekabr,
442-son
Kelishildi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2023-yil 7-noyabr
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2023-yil 24-noyabr
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. QULDASHEV
2023-yil 14-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2023-yil 20-dekabrdagi 442-son buyrugʻiga
ILOVA
“21-§. Modulli mehmonxonalar
3.1661. Modulli mehmonxonalarni loyihalash QMQ 2.01.03-19ga muvofiq amalga oshirilishi, bunda ularning maksimal balandligi, joylashish joyi, shamol va seysmik taʼsirlarni hisobga olgan holda aniqlanishi kerak.
3.1662. Modullarni loyihalashda boʻylama va vertikal devorlari orqali tushadigan yuklar pastki modullarga uzluksiz uzatilishi hamda ustki modulning devorlari pastki modulga tayanishi, bunda modullar shamol va seysmik kuchlarga chidamli boʻlishi lozim.
3.1663. Yengil metall devorlar karkasi shveller koʻrinishidagi profillardan tayyorlanishi, bunda profillar koʻndalang kesimining qisqa tomoni oʻlchami 65 mm dan 100 mm gacha boʻlishi zarur.
3.1664. Modulli mehmonxona binolari pol toʻsinining qalinligi 150 mm yoki 200 mm, shuningdek pol va shiftning umumiy qalinligi 300 mm dan 400 mm gacha boʻlishi kerak.
3.1665. Modulli mehmonxona binolarining tomi QMQ 2.03.10-19ga muvofiq loyihalanishi lozim.
3.1666. Balandlikda modullarni koʻtarish, tushirish, tashish, montaj qilish va xavfsiz yechib olish maxsus koʻtarma ramalardan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.
3.1667. Modulli mehmonxonalar darak berish va yongʻindan himoya qilish uskunalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
3.1668. Modulli mehmonxona binolari uchun zavod sharoitida tayyorlangan modullarni tashish OʻzDst 681:96 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
3.1669. Modulli mehmonxona binolarini toʻliq modulli yoki metall konstruksiyalarning aralash shakllaridan foydalangan holda loyihalashda quyidagi modullardan foydalaniladi:
toʻrt tomonli;
ochiq turdagi;
birlamchi strukturali ramaga tayanuvchi;
ortiqcha yuklantirilmaydigan.
3.16610. Toʻrt tomonli modullar deraza va eshik boʻshliqlarga ega boʻlishi, shuningdek ularning eni 4 m, ichki kengligi 3 — 3,6 m, uzunligi 6 — 10 m tashkil etishi lozim.
3.16611. Ochiq turdagi modullarning karkasi va boʻylama chetki toʻsinlari metall boʻlishi hamda ularning oraligʻi 5 — 8 m, chetki toʻsin, shift va polning birgalikdagi qalinligi 600 — 800 mm ni tashkil etishi lozim.
Ochiq turdagi modullarning kengligi (eni) 3 — 3,6 m boʻlishi kerak.
3.16612. Birlamchi strukturali ramaga tayanuvchi modullar poʻlat yoki kompozit toʻsinlarga tayanishi, bunda toʻsinlar chizigʻidan har bir qavatga tushadigan yuk 15 kgf/m ni tashkil etishi, shuningdek ustun (kolonnalar) har 2-3 moduldan keyin joylashtirilishi hamda konstruksiyalarning oraliq masofasi 10 — 18 m boʻlishi zarur.
3.16613. Ortiqcha yuklantirilmaydigan modullarning shakli toʻrt tomonli modullardek loyihalanilishi, tashqi yuk taʼsirlarga moʻljallanmasligi, ular bevosita polga yoki alohida konstruksiya ustiga oʻrnatilishi, qurilish davomida pol ustiga surib joylashtirilishi lozim.
Mazkur modullar binolarda hojatxonalar, vannaxonalar va xizmat koʻrsatuvchi xonalar sifatida qoʻllanilishi kerak.”.