toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 152-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilgan.
Qurolli Kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalar faoliyatining asosi hamda ularning o‘z vazifalarini bajarishining kafolati harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qat’iy va so‘zsiz rioya qilishni taqozo etadi.
Harbiy sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, harbiy jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi ularning qo‘shinlar harbiy intizomi va jangovar tayyorgarligini susaytirib, mamlakatning mudofaa layoqatiga putur yetkazishdir.
Harbiy xizmatchilar orasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki uning doirasidan chetga chiqish va boshqa harbiy jinoyatlar sodir etilmoqda. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar tomonidan Jinoyat kodeksining (bundan keyin matnda JK deb yuritiladi) maxsus qismida nazarda tutilgan boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilish hollari uchramoqda.
Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda, harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi qonunlarning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
I bob. Umumiy masalalar
1. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar deganda, harbiy xizmatchilar tomonidan, shuningdek, harbiy yig‘inlar vaqtida harbiy xizmatga majbur shaxslar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tushuniladi.
Harbiy xizmatni o‘tash tartibi qonunlar va harbiy nizomlarda belgilab quyilgan qo‘shinlar hayoti va jangovar faoliyati jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Mazkur hujjatlarda harbiy xizmat fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligi, yakkaboshchilik va undan kelib chiqadigan tobe shaxsning boshliqqa so‘zsiz itoat qilishi, ushbu munosabatlar subyektlari huquq va erkinliklarining aniq belgilab qo‘yilishi kabi harbiy tashkilot tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarining va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek, o‘quv yig‘inlarida bo‘lgan vaqtda harbiy xizmatga majbur shaxslar harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarning subyekti bo‘lishi mumkin.
3. Jinoyat ishlarining harbiy sudlar sudloviga tegishliligi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasi va ushbu qonun bilan tasdiqlangan “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomning 4-moddasida belgilangan.
Nizomga muvofiq, harbiy sudlar sudloviga favqulodda holatlarga ko‘ra, umumiy sudlar faoliyat ko‘rsatmayotgan joylardagi barcha jinoyat ishlari, shuningdek, harbiy xizmat davrida sodir etilgan, biroq ishni sudda ko‘rish paytiga kelib harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar ham taalluqlidir.
Shuningdek, harbiy sudlar Qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham ko‘rishi mumkin (masalan, Qurolli Kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalarning xizmatchilari hamda xodimlari tomonidan xizmat faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan jinoyatlar va h.k.).
Bundan tashqari, davlat (davlat, harbiy va xizmat) sirlariga daxldor bo‘lgan barcha maxfiylik darajasi (grif)ga ega bo‘lgan ishlar (JKning 162, 163 va h.k.) harbiy sudlar sudloviga tegishli.
Shuning uchun ham barcha sudlar sudlovga taalluqlilik haqidagi qonun talablariga qat’iy rioya etishlari lozim.
4. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sudlar bir necha asosiy tushunchalarga e’tibor qaratishlari lozim.
Yakkaboshchilik — “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Ichki xizmat nizomi”ning 30-bandiga muvofiq Qurolli Kuchlar qurilishining, unga rahbarlik qilishning va harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning prinsiplaridan biri sanaladi. U komandirga (boshliqqa) bo‘ysunuvchilarga nisbatan idora qilish hokimiyatining butun to‘laligicha berilishida va harbiy qism, bo‘linma va har bir harbiy xizmatchining hayoti va faoliyatining hamma jihatlari uchun davlat oldida shaxsiy javobgarlik uning zimmasiga yuklanishida ifodasini topadi.
Yakkaboshchilik komandirning (boshliqning) vaziyatni har tomonlama baholashdan kelib chiqqan holda yolg‘iz o‘zi qaror qabul qilish, qonun va harbiy nizomlarning talablariga qat’iy muvofiq ravishda buyruqlar berish va ularning bajarilishini talab qilish huquqida mujassamlashgandir.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Ichki xizmat nizomining 31-32-bandlariga muvofiq, o‘z xizmat maqomi va harbiy unvoniga ko‘ra, ayrim harbiy xizmatchilar boshqalarga nisbatan boshliq yoxud bo‘ysunuvchi bo‘lishi mumkin. Boshliq bo‘ysunuvchi uchun xushmuomala va bosiqlik namunasi bo‘lishi va takallufsizlikka ham, noxolislikka ham yo‘l qo‘ymasligi lozim. Bo‘ysunuvchining insoniy qadr-qimmatini poymol etuvchi harakatlari uchun boshliq javobgar bo‘ladi.
5. O‘z xizmat maqomi va harbiy unvoniga ko‘ra, boshqa harbiy xizmatchilarga nisbatan ularning boshlig‘i yoxud bo‘ysunuvchisi sanalmagan harbiy xizmatchilar katta yoxud kichik bo‘lishlari mumkin.
Kattalik harbiy xizmatchilarning harbiy unvoniga qarab belgilanadi.
Harbiy unvoni bo‘yicha kattalar, kichik harbiy unvondagi harbiy xizmatchilarning harbiy intizomini, jamoat tartibini, axloq, harbiy kiyim-kechakni kiyish va askarcha salomlashishni bajarish qoidalarini buzgan hollarda, ulardan bu buzishlarni bartaraf etishlarini talab qilishlari lozim. Unvon bo‘yicha kichiklar kattalarning bunday talablarini so‘zsiz bajarishga majburdirlar.
6. Bir-birining bo‘ysunuvida bo‘lmagan harbiy xizmatchilar majburiyatlarni birgalikda bajaradigan hollarda, ularning o‘zaro xizmat munosabatlari komandir (boshliq) tomonidan belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, ulardan lavozimiga ko‘ra, kattasi, teng mansablarda esa harbiy unvoni bo‘yicha kattasi boshliq sanaladi.
7. Buyruq — komandirning (boshliqning) bo‘ysunuvchilarga qaratilgan va ma’lum amallarning majburan bajarilishini, u yoki bu qoidalarga rioya qilinishini talab etadigan yoxud u yoki bu tartib, qoidalarni belgilaydigan ko‘rsatmasidir.
Buyruq bir yoxud guruh harbiy xizmatchilariga yozma, og‘zaki yoxud aloqaning texnik vositalari orqali berilishi mumkin. Yozma buyruq harbiy qismlarning komandirlari (muassasalarning boshliqlari) yakkaboshchilik asosida chiqaruvchi harbiy boshqaruvning asosiy idora xizmat hujjati (huquqiy hujjati) sanaladi. Og‘zaki buyruqlar barcha komandirlar (boshliqlar) tomonidan beriladi.
Buyruq (buyurish) qonunlar va harbiy nizomlarning talablariga muvofiq kelishi lozim.
8. Jangovar vaziyat — harbiy qism yoki bo‘linmaning dushman bilan bevosita yuzma-yuz to‘qnashishi yoki to‘qnashish xavfi bilan tavsiflanuvchi operativ holat.
Bunday to‘qnashish urush sharoitida ham, tinchlik sharoitda ham vujudga kelishi mumkin. Tinchlik sharoitdagi jangovar vaziyat O‘zbekiston Respublikasi hududining yaxlitligi va daxlsizligiga qarshi qaratilgan noqonuniy tuzilmalarning qurollangan harakatlari natijasida yuzaga kelishi mumkin.
9. Qurol — tuzilishiga ko‘ra, jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish, signallar berish uchun mo‘ljallangan qurilmalar va ashyolar. Tuzilishi jihatidan qurolga o‘xshash bo‘lgan xo‘jalik-maishiy va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlar sifatida sertifikatlangan buyumlar, shuningdek, tuzilishi jihatidan qurolga o‘xshash bo‘lgan sport aslahalari qurol jumlasiga kirmaydi. (“Qurol to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi).
10. Portlovchi moddalar tashqi ta’sir (urish, yoqish, zarba, o‘z-o‘zidan yonish) oqibatida tez ximik o‘zgarishlarga kiruvchi modda va buyumlar bo‘lib, bu ximik o‘zgarishlar natijasida uloqtirish yoki vayron qilish kuchiga ega bo‘lgan ko‘p miqdorda issiqlik va qizigan gaz paydo bo‘ladi va ajralib chiqadi.
11. Radioaktiv moddalar — tarkibida belgilangan radiatsiyaviy xavfsizlik normalari va qoidalarining eng kam qiymatidan ortiq aktivlikdagi radionuklidlar bo‘lgan har qanday agregat holatidagi yadroviy materiallarga tegishli bo‘lmagan moddalardir (Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 13-avgustdagi 231-son qarori bilan tasdiqlangan “Radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, 3-band).
12. Jangovar mashinalarga — tanklar, bronetransportyorlar, o‘ziyurar artilleriya va raketa qurilmalari, artilleriya tizimlarini tortishga mo‘ljallangan mashinalar va o‘t ochishni boshqaradigan apparatlar o‘rnatilgan tirkamalar, boshqa o‘ziyurar texnika vositalari kiradi.
13. Maxsus mashinalar — vazifasiga ko‘ra yoki ustida o‘rnatilgan uskunalarga muvofiq, alohida, maxsus ishlarda foydalaniladigan o‘ziyurar texnika vositalaridir. Har xil muhandislik mashinalari, sanitariya transportlari, ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari, laboratoriyalar va hokazolar maxsus mashinalar tarkibiga kiradi.
14. Transport mashinalariga — shaxsiy tarkibni, qurol-yarog‘ni, o‘q-dorilarni, harbiy-texnika buyumlarini hamda harbiy qismning kundalik xo‘jalik, madaniy-maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlarini bajarishga mo‘ljallangan mashinalar taalluqlidir.
II bob. Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
15. Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlarning obyekti Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan harbiy xizmatni o‘tash tartibining qismi bo‘lgan xizmat majburiyatni bajarish jarayonida komandirlar (boshliqlar) va bo‘ysunuvchilarning o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan bo‘ysunishning o‘rnatilgan tartibi hisoblanadi.
16. Haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan harbiy xizmatchilar bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlar subyekti hisoblanadi.
17. Buyruqni ochiqdan-ochiq va namoyishkorona bajarishdan bosh tortish bo‘ysunmaslikdir. Bo‘ysunmaslikda bo‘ysunuvchi boshliqdan buyruq qabul qilib, ushbu buyruqni bajarmasligini ochiq ifoda qiladi.
18. Sudlar bo‘ysunmaslik bilan gap talashishni farqlashi lozim, ya’ni bo‘ysunuvchi unga berilgan buyruq masalasida o‘zining noroziligini bildirib, uni muhokama qilsa-da, buyruqni bajarsa, bunday harakatlar bo‘ysunmaslik jinoyati sifatida baholanmasligi lozim.
Buyruqni boshqacha tarzda qasddan bajarmaslik — sirtdan bo‘ysunuvchi buyruqni ijro uchun qabul qiladi, biroq keyinchalik ongli ravishda bajarmaydi. Bunda buyruqni bajarmaslik qasdi buyruqni qabul qilgan zahoti yoki muayyan vaqt o‘tgandan so‘ng ham paydo bo‘lishi mumkin. Buyruqni bajarmaslik deganda, buyruqda belgilangan ko‘rsatmalarni bajarmaslik, buyruq bilan taqiqlangan harakatlarni bajarish yoki buyruqni talab darajasida (kechiktirib, to‘liqsiz, noaniq) bajarmaslik tushuniladi.
Agar kelib chiqqan oqibatlarga nisbatan subyektning aybi ehtiyotsizlik shaklida namoyon bo‘lsa, qilmish JKning 280-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Bo‘ysunmaslikning motivi va maqsadlari jinoyatni kvalifikatsiya qilishda ahamiyatga ega emas.
19. JKning 280-moddasida nazarda tutilgan qilmishni kvalifikatsiya qilishda subyektiv tomondan buyruqni ehtiyotsizlik oqibatida bajarmaslik kabi harakatlar, ya’ni buyruqda belgilangan ko‘rsatmalarni bajarmaslik, buyruq bilan taqiqlangan harakatlarni bajarish yoki buyruqni talab darajasida (kechiktirib, to‘liqsiz, noaniq) bajarmaslik hisoblanadi. Shu bilan birga bo‘ysunmaslik jinoyatidan (JKning 279-moddasi) faqat subyektiv tomonidan farq qiladi, ya’ni jinoyat o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik tarzidagi ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladi.
Sudlar shunga e’tibor berishlari kerakki, JKning 40-moddasi hamda Ichki xizmat nizomining 38-bandi talabidan kelib chiqqan holda, bo‘ysunuvchining noqonuniyligi oldindan ayon bo‘lgan buyruqni bajarishdan ochiqdan-ochiq bosh tortishi, boshqacha tarzda qasddan bajarmasligi yoxud ehtiyotsizlik orqasida bajarmasligi JKning 279, 280-moddalarida nazarda tutilgan javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
20. Boshliqqa qarshilik ko‘rsatish yoki uni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar JKning 281-moddasi dispozitsiyasi ikki mustaqil jinoyat: boshliqqa qarshilik ko‘rsatish va boshliqni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilishni o‘z ichiga olishini e’tiborga olishlari lozim.
21. Boshliqqa, shuningdek, harbiy xizmat yuzasidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarayotgan boshqa shaxsga qarshilik ko‘rsatish yoki uni mazkur vazifalarni buzishga majbur etish deganda, harbiy xizmatchilarning faoliyatiga ochiqdan-ochiq qarshi chiqish yoki harbiy xizmat manfaatlariga zid ravishda ushbu faoliyat mazmunini o‘zgartirishga harakat qilish tushuniladi.
Boshliqqa, shuningdek, harbiy xizmat yuzasidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarayotgan boshqa shaxsga qarshilik ko‘rsatish yoki uni mazkur vazifalarni buzishga majbur etish jinoyatini kvalifikatsiya qilishda nafaqat boshliqlar, kattalarga nisbatan bo‘lgan jinoiy qilmishlarni, balki harbiy majburiyatni bajarayotgan lavozim yoki harbiy unvon bo‘yicha boshliqlar, bo‘ysunuvchi va kichiklarni ham o‘z ichiga qamrab oladi.
22. JKning 282-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini berish uchun o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish bevosita boshliqqa nisbatan jangovar holatda sodir etilishi talab etiladi.
O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda, haqiqatda (og‘zaki, yozma, qurolni namoyish qilish va h.k.) shaxsan boshliqqa yoki o‘zga shaxslar orqali uni o‘ldirish yoki sog‘lig‘iga shikast yetkazish yo‘li bilan tushunilishi lozim.
23. JKning 283-moddasida nazarda tutilgan badanga shikast yetkazish uchun jinoiy javobgarlik agar boshliqqa nisbatan zo‘ravonlik uning harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgandagina hosil bo‘ladi.
Harbiy xizmat munosabatlari bilan qamrab olinmagan yoki xizmat majburiyatini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda boshliqqa nisbatan qilingan bunday harakatlar shaxsga qarshi jinoyat sifatida tavsiflanishi lozim.
24. Bo‘ysunuvchining o‘z boshlig‘ini yoki boshliqning bo‘ysunuvchini haqorat qilishi jinoyati uchun javobgarlik kelib chiqishi uchun faqat u avval intizomiy javobgarlikka tortilgan va yechilmagan bo‘lishi lozimligi talab etiladi.
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida bo‘ysunish munosabatlari tartibi mavjud bo‘lmasa, harbiy xizmatchi boshqa bir harbiy xizmatchini yoki fuqaroni haqorat qilsa, aybdorning harakatlariga MJtKning 16-moddasi talabidan kelib chiqqan holda, JKning 140-moddasi bo‘yicha javobgarlikni vujudga keltiradi.
Haqorat qilish harbiy qism hududida va harbiy xizmat vaqtida ham, harbiy qism hududidan tashqarida, harbiy xizmatdan tashqari vaqtda ham sodir etilishi mumkin.
25. O‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish deganda xizmatdoshlarini o‘ziga bo‘ysundirishni ta’minlash, xizmatni o‘tash chog‘ida o‘zi uchun imtiyozli sharoitlar yaratish maqsadida bir harbiy xizmatchining boshqasiga nisbatan turli xil zo‘rliklar ishlatishi, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishi tushunilishi lozim.
Ushbu qoidalar xizmat mavqeyi va harbiy unvoni teng, shuningdek, katta va kichik, lekin tobelik munosabatlarida bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida buzilsa, JKning 285-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik vujudga keladi.
Bir-biriga tobelik munosabatlarida bo‘lgan va bo‘lmagan shaxslar tomonidan zo‘rlik harakatlari birgalikda sodir etilgan holatlarni tavsiflash birmuncha murakkabroq.
Masalan, ham aybdorga va ham jabrlanuvchiga boshliq bo‘lgan harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatchi tomonidan sodir etilgan ustavga zid harakatlarga qo‘shiladi yoki tobe shaxs o‘z boshlig‘ining zo‘ravonlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday hollarda boshliqning o‘ziga tobe shaxs tomonidan sodir etilgan ustavga zid zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etishini harbiy mansabdorlik jinoyati sifatida JKning 301-moddasi bilan tavsiflash lozim.
Agar boshliq tomonidan xizmat mavqeyi o‘zi bilan teng shaxslarga nisbatan sodir etilgan ustavga zid harakatlarga, jabrlanuvchiga ham, aybdorga ham tobe shaxs kelib qo‘shilsa, boshliqning harakatlari JKning 285-moddasi, tobe shaxsning harakatlari esa, jinoyatga sherik sifatida JKning 28, 285-moddalari bilan tavsiflanishi lozim.
26. JKning 285-moddasi 1-qismida muntazam ravishda xo‘rlash, kamsitish, sog‘liqning yomonlashuviga sabab bo‘lgan yengil yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish kabi o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu sababli aybdorning harakatlarini JKning shaxsga qarshi jinoyatlarga tegishli moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
27. JKning 285-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi JKning 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil ma’noni anglatadi. Guruh sifatidagi ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri JKning 285-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat subyekti bo‘ladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslarning ayrimlari harbiy xizmatchilar bo‘lmagan hollarda, ularning harakatlari JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan o‘zaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. So‘nggi holda harakatlarni JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor ustavga zid harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab yetganligidir.
Bir guruh va yakka tartibda sodir etilgan ustavga zid jinoiy harakatlar mustaqil huquqiy baholanishi va jinoyatlarning real majmui sifatida qaralishi kerak.
Qurol tan jarohatlari yetkazish maqsadida qo‘llanilishi, boshqa xil zo‘rlik paytida esa, masalan, aybdor qurol ishlatish tahdidi ostida jabrlanuvchini harbiy xizmat yuzasidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishga yoki voz kechishga, o‘zi uchun turli xizmatlar qilishga majburlash, shuningdek, inson sha’nini kamsitadigan xatti-harakatlar qilish paytida, ruhiy ta’sir o‘tkazish uchun qo‘llanilishi mumkin.
Quroldan uning konstruksiyasi va mohiyatidan kelib chiqadigan yakson qiluvchi vosita sifatida emas, balki faqat kaltaklash predmeti sifatida foydalanish qurolni qo‘llash hisoblanmaydi.
28. JKning 285-moddasi 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan “boshqa og‘ir oqibatlar” deganda, aybdorning ustavga zid harakatlari bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lgan, og‘irligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim bo‘lgan oqibatlar tushuniladi.
Agar ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari jabrlanuvchini qasddan o‘ldirish bilan yakunlansa, aybdorning harakatlari JKning 285-moddasi 3-qismi hamda kodeksning shaxsga qarshi jinoyatlarni nazarda tutuvchi moddalari majmui bilan tavsiflanadi.
Amaliyotda ko‘pincha jabrlanuvchining o‘limi yurakning reflektor to‘xtab qolishi yoki mexanik asfiksiya natijasida ro‘y berish hollari uchrab, bu narsa jabrlanuvchining ko‘krak qafasi qismiga aybdor, odatda, qo‘li bilan bir zarba berishi oqibatida kelib chiqadi. Bunday harakatlar, agar aybdorda jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilishga qaratilgan qasd bo‘lganligini aniq isbotlovchi dalillar bo‘lmasa, odam o‘lishiga sabab bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish sifatida tavsiflanishi lozim.
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarining buzilishi, ba’zi paytlarda, nafaqat odamlar o‘limiga, balki jangovar vazifaning bajarilmay qolishiga, harbiy texnikaning ishdan chiqishiga va boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlar sud tomonidan og‘ir deb topilgan taqdirda aybdorning harakatlarini JKning 285-moddasi 4-qismi bilan tavsiflashga asos bo‘la oladi.
Ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga JKning 285-moddasi turli qismlarida nazarda tutilgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu harakatlar JKning 33-moddasi qoidasiga ko‘ra, tavsiflanishi lozim.
29. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish aybdorlar harbiy xizmatning maxsus turlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarayotgan paytda sodir etilishi mumkin (qorovullik, ichki xizmat, harbiy navbatchilik va hokazolar). Agar aybdor tomonidan ayni paytda maxsus xizmat qoidalari ham buzilsa, bu harakatlar JKning 285-moddasi va u yoki bu xizmat turini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Maxsus xizmat turlarini o‘tash qoidalarini buzish, faqat o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish ayni paytda maxsus xizmat turlarini o‘tash qoidalarini ham buzilishiga olib kelsagina alohida huquqiy baholanishi mumkin (misol uchun, qism yoki bo‘linma ichki naryadiga kiruvchi shaxs tomonidan).
30. Harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini, jumladan, muntazam xo‘rlash ko‘rinishida buzish jabrlanuvchilarning oziq-ovqati, harbiy kiyim-kechak ashyolari va boshqa moddiy boyliklarini olib qo‘yish yo‘li bilan sodir etilishi mumkin. Agar bunda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy mulk ashyolari olib qo‘yilsa, aybdorning harakatlari JKning 285-moddasidan tashqari mulkka qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi boshqa moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflanishi zarur.
Zo‘rlik ishlatish yoki uni ishlatish tahdidi bilan harbiy xizmatchiga beriladigan oziq-ovqat payogi yoki harbiy kiyim-kechak ashyolarini olib qo‘yish JKning 285-moddasi dispozitsiyasi bilan to‘laligicha qamrab olinadi.
31. Qo‘mondonlarga va o‘zga boshliqlarga zarur xizmat vakolatlarini, jumladan, tobe shaxslarga nisbatan buyruq, farmoyish berish va uning so‘zsiz bajarilishini — intizomni buzganlarga nisbatan majburlash choralarini qo‘llash orqali talab qilish huquqini bera turib, davlat ularning shaxsini va xizmat sha’nini har qanday tajovuzdan himoya qiladi.
Shu maqsadda, jinoyat qonunchiligida boshliqqa tan jarohatlari yetkazish, haqorat qilish, tahdid solish, shuningdek, unga qarshilik ko‘rsatish yoki xizmat burchini buzishga majburlash uchun javobgarlik belgilangan.
Ushbu jinoyatlarning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ular harbiy xizmat munosabatlari doirasida sodir etiladi. Agarda ko‘rsatilgan jinoyatlar shaxsiy munosabatlar doirasida sodir etilsa, bunday harakatlar harbiy jinoyat deb tan olinmaydi va shaxsga qarshi jinoyat sifatida tavsiflanishi kerak.
III bob. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
32. Muayyan ishlarni ko‘rish paytida shuni nazarda tutish kerakki, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, dezertirlik, biror-bir a’zosini mayib qilish, shuningdek, boshqa usullar bilan sodir etiladi.
33. Muddatli harbiy xizmatchining bir kecha-kunduz (sutka)dan ortiq vaqt davomida xizmat joyida uzrli sabablarsiz hozir bo‘lmasligi qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketishni tashkil qiladi.
JKning 287-moddasi 4-qismiga ko‘ra, ushbu harakatlar jangovar vaziyatda sodir etilgan bo‘lsa, ularning davomiylik muddati ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Qarindosh va tanishlarni borib ko‘rish, xizmat hordig‘ini chiqarish, oilaviy va shaxsiy ishlarni bajarish, vaqtinchalik muammolarni hal etish istagi kabi sabablar qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish hollariga xosdir.
34. Dezertirlik deganda, harbiy xizmatdan butunlay bo‘yin tovlash maqsadida harbiy qismni yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, shuningdek, shu maqsadda xizmat joyiga yetib kelmaslik tushuniladi.
Harbiy xizmatchi dezertirlik sodir eta turib, qonunga xilof ravishda harbiy xizmatni o‘tashni tugatadi va o‘zini harbiy xizmat munosabatlari doirasidan chetga olishga intiladi. Subyekt (shaxs) harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash maqsadida harbiy qism yoki xizmat joyini tark etgan paytdan boshlab dezertirlik jinoyati tugallangan hisoblanadi va shu paytdan javobgarlikka tortish muddatini hisoblash boshlanadi.
Bunday maqsad mavjud bo‘lganda o‘zboshimchalik bilan o‘z joyida bo‘lmaslikning davomiyligi ahamiyat kasb etmaydi.
Dezertirlikka xos alomatlar — aybdor tomonidan soxta hujjatlar to‘g‘rilab olish, fuqaroviy kiyimni qayta kiyib olish, harbiy kiyimni yo‘q qilish, ishga joylashishga yoki yashash uchun boshqa doimiy manba topishga urinish kabilardir.
Xizmat joyida bo‘lmaslikning davomiyligi sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini baholash va aybdorga jazo tayinlash paytida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Dezertirlikni sodir etgan shaxsning asosiy sabab qilib ko‘rsatadigan vajlari — harbiy xizmat qiyinchiliklari va mahrumliklarni boshdan kechirishni istamaslik, doimiy ravishdagi shaxsiy va oilaviy muammolarni hal qilishga intilish, harbiy xizmatni o‘tash davrida sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish va hokazolar bo‘lishi mumkin.
35. Biron a’zosini mayib qilish orqali harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash — harbiy xizmatchining o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishidan iborat. Bu harakat qasddan, sun’iy yo‘l bilan biron-bir a’zo yoki tana to‘qimasiga zarar yetkazish (masalan, oyoq yoki qo‘l barmoqlari), biron-bir a’zo funksiyasini buzish (masalan, oshqozon, yurak faoliyatining buzilishi), biron-bir kasallikni sun’iy ravishda chaqirish yoki o‘zini yolg‘ondan kasallikka solish, mavjud kasallikni kuchaytirish orqali sodir etiladi.
Sog‘liqqa ziyon o‘qotar yoki sovuq qurollar, kesadigan yoki sanchiladigan buyumlar, turli xil zaharli moddalar, boshqa mexanik, issiqlik yoki ularga o‘xshash vositalar bilan yetkazilishi mumkin. Bo‘yin tovlash tarkibi uchun a’zoni mayib qilish qanday yo‘l bilan sodir etilganligi ahamiyatsiz.
36. O‘zini yolg‘ondan kasallikka solishda, harbiy xizmatchi, haqiqatda sog‘ bo‘la turib, harbiy xizmat majburiyatlarini o‘tashdan ozod bo‘lishga ruxsat olish maqsadida, go‘yoki o‘z harbiy burchlarini bajarishga xalal berayotgan kasalliklari, jismoniy yoki ruhiy kamchiliklari borligini ro‘kach qilib, o‘zini yolg‘ondan kasalga soladi.
37. Hujjatni qalbakilashtirish usuli orqali bo‘yin tovlash shundan iboratki, bunda harbiy xizmatni o‘tashdan ozod bo‘lish maqsadida harbiy xizmatchi o‘z qo‘mondoniga soxta hujjat taqdim etadi. Barcha hollarda qalbakilashtirishning mohiyati shundaki, hujjatda ko‘rsatilgan voqea va hodisalar amalda mavjud bo‘lmasdan, ularga tayangan holda harbiy xizmatchi o‘zini vaqtincha yoki doimiy ravishda harbiy xizmat majburiyatlarini o‘tashdan ozod qilishni iltimos qiladi.
Hujjatlarni qalbakilashtirish — bo‘yin tovlash obyektiv tomonining muqarrar belgisi ekanligi sababli, uni JKning hujjatlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
38. Bo‘yin tovlashning usuli sifatida boshqa aldov — harbiy xizmatni o‘tashdan ozod bo‘lish maqsadida voqea yoki hodisalar to‘g‘risida, bila turib, yolg‘on ma’lumot yetkazish yoki mazkur holatlar haqida xabar berishga burchli bo‘la turib, o‘sha maqsadda ongli ravishda xabar bermaslikdan iborat.
39. Harbiy xizmat vazifalarini o‘tashdan bosh tortish — harbiy xizmatchi tomonidan ochiqdan-ochiq, yolg‘on ishlatmasdan, og‘zaki, yozma yoki boshqa yo‘l bilan harbiy xizmatni o‘tash yoki uning ba’zi majburiyatlarini bajarishni istamaslikda va amalda ularni bajarmay qo‘yishda namoyon bo‘ladi.
Tobe shaxsning o‘z qo‘mondonining muayyan topshiriqlarini bajarishdan bosh tortishi (masalan, xizmat safariga jo‘nash, sutkalik naryadga kirishish va hokazo) harbiy xizmatdan umuman bosh tortish sifatida ko‘rilishi mumkin emas. Bunday harakatlar bo‘ysunmaslik jinoyati tarkibini tashkil qiladi, chunki bunday holda qo‘mondon talabi buyruq xususiyatiga ega bo‘lib, harakat esa, harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortishga emas, balki buyruqni ochiqdan-ochiq bajarmaslikka qaratilgan.
40. Ba’zi hollarda qonunga va Qurolli Kuchlar umumharbiy nizomlariga muvofiq harbiy xizmatchilar maxsus huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladilar (jangovar navbatchilik, sutkalik yoki garnizon naryadlarida bo‘lish va hokazo).
Sudlar shu narsani nazarda tutishlari lozimki, harbiy xizmatchilar tomonidan maxsus xizmatni o‘tash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik (maxsus subyekt) JKning 291 — 294-moddalarida belgilangan.
Ushbu moddalar dispozitsiyasi blanket xususiyatga ega bo‘lganligi sababli, sudlarning e’tibori jinoyat sodir etgan shaxs o‘zining harakatlari bilan havola etilayotgan normativ hujjat yoki Nizomning aynan qaysi modda yoki bandlari talablarini buzganligini aniq ko‘rsatishlari lozimligiga qaratilsin.
IV bob. Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
41. Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, portlovchi, radioaktiv va boshqa moddalar va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish — harbiy xizmatchi tomonidan maxsus ehtiyot qoidalariga rioya etmaslikdan iborat. Bu esa, odamlarning o‘limi va ularga shikast yetkazilishiga, harbiy mulkning yo‘q bo‘lishiga, harbiy tadbirlarning barbod bo‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlar bilan muomalada bo‘lish tartibi harbiy nizomlarda va boshqa normativ aktlar (turli xil qurollardan otish kurslari, qo‘llanmalar va boshqalar)da belgilangan bo‘lib, ularda qurol-yarog‘, tegishli modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lishda xavfsizlik shartlarini ta’minlovchi qoidalar majmui keltirilgan.
Qoida buzilishi deganda, qurol-yarog‘, shuningdek, moddalar va buyumlar bilan ishlash chog‘ida belgilangan usullarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik, yoxud ular bilan muomalada bo‘lishda harakat ketma-ketligiga rioya qilmaslik, shuningdek, ushbu modda va buyumlarni saqlash xavfsizligini ta’minlovchi qoidalarni buzish tushuniladi.
JKning 297-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti — o‘z xizmat mohiyatiga ko‘ra, atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni ta’minlab beruvchi yoxud ularga daxldor bo‘lgan va ular bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar bo‘lishi mumkin.
JKning 297-moddasi dispozitsiyasi faqat o‘qotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarog‘lari) o‘z ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarog‘ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Qo‘lda yasalgan o‘qotar qurollar JKning 297-moddasida nazarda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yo‘q qilishga mo‘ljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu guruhga kirmaydi.
42. Jangovar, maxsus yoki transport mashinalaridan belgilangan maqsadda foydalanish Ichki xizmat Nizomi, Yo‘l harakati qoidalari va boshqa huquqiy aktlarda belgilangan tartibga qat’iy rioya qilishni nazarda tutadi.
43. JKning 298-moddasi nazarda tutgan jinoyatning muqarrar alomati — yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar natijasida odamlarning halok bo‘lishi yoki ularga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi muayyan zararning kelib chiqishidir. Hayot yoki sog‘liqqa zarar yetkazish ushbu jinoyat tarkibi bilan qamrab olingan va u shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi moddalar bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qilmaydi.
Boshqa og‘ir oqibatlar deganda, poyezdlar, kemalar yoki samolyotlar qatnovi uzoq muddatga izdan chiqishi, tevarak-atrofdagi uylar, qurol-aslaha, kiyim-kechak, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omborlari va boshqa inshootlar vayron qilinishi (portlashi, yonib ketishi, qulab tushishi) va h.k.lar tushunilishi lozim.
Moddiy bo‘lmagan og‘ir oqibatlar muhim harbiy topshiriqlar, jangovar, harbiy-o‘quv vazifalari yoki boshqa muhim tadbirlarning barbod bo‘lishida ifodalanishi mumkin.
44. Jangovar, transport va maxsus mashinalarni boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish jinoyatini unga o‘xshash boshqa jinoyatlardan ajratish lozim.
JKning 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining ba’zi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. JKning 298-moddasi bo‘yicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan va jangovar, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tash tartibidir. JKning 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. JKning 298-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovar, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovar, maxsus yoki transport bo‘lmagan mashinada va harbiy xizmatchi bo‘lmagan shaxs esa, jangovar, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat JKning 266-moddasi tarkibi alomatlariga to‘g‘ri keladi.
Agar transport vositalarining texnik holati yoki ulardan foydalanishga mas’ul shaxs texnik jihatdan nosoz bo‘lgan jangovar, maxsus yoki transport mashinalarni foydalanish uchun chiqarib yuborsa va bu JKning 262-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarsa, bu holat JKning 262-moddasi bilan tavsiflashni talab qilmaydi, chunki ushbu qilmish JKning 298-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olingan.
45. JKning 298-moddasi jangovar, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan barcha oqibatlarni, jumladan, bir necha odamlarning halok bo‘lishini ham nazarda tutadi. Shuning uchun bir necha odamlarning o‘limiga olib kelganlik alomati mavjudligining o‘zi qilmishni JKning 262-moddasi bilan tavsiflash uchun asos bo‘lmaydi.
Boshqarish qoidalarini buzgan shaxs tomonidan ayni paytda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmaslik JKning 298-moddasi dispozitsiyasi doirasidan tashqariga chiqadi va JKning 117-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qiladi.
46. Jinoyatning subyekti — jangovar, maxsus yoki transport mashinasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan yoki uni bevosita boshqaradigan harbiy xizmatchi bo‘ladi. Qoidabuzarni boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishda uning shtat bo‘yicha haydovchi bo‘lish-bo‘lmasligining va mashinani boshqara olish-olmasligining ahamiyati yo‘q. Instruktor nazorati ostida o‘quv mashinasida boshqarishni o‘rganayotgan harbiy xizmatchini JKning 298-moddasida nazarda tutilgan jinoyat uchun javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Bunday holda harakat xavfsizligini ta’minlash instruktorga yuklatilgan bo‘lib, aynan u boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgardir.
47. Uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish harbiy texnikadan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar tarkibiga kiradi.
Mazkur jinoyatning obyekti — Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan uchish va uchishga tayyorgarlik ko‘rish tartibidir. Shuning uchun ham ushbu jinoyat uchun javobgarlik, faqat uchish apparatini havoda boshqarish vaqtida yoki ko‘tarilish-qo‘nish yo‘lagidagi harakat chog‘ida ko‘tarilish yoki qo‘ngandan so‘ng dvigatel to‘xtashigacha bo‘lgan vaqtda uchish apparatini boshqarish qoidalarini buzish, shuningdek, mashinani va ekipajni uchish oldidan tayyorlash qoidalarini buzgandagina yuzaga kelishi mumkin. Mashinaning havoga ko‘tarilishi yoki qo‘nishi bilan bog‘liq bo‘lmagan hodisalar ushbu modda bilan javobgarlikka tortishga asos bo‘la olmaydi va boshqa jinoyat tarkibini tashkil etishi mumkin.
Uchish apparatlariga Qurolli Kuchlarga tegishli bo‘lgan samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan samolyotlar va planerlar kiradi.
48. JKning 299-moddasi halokat yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi.
Halokat deganda, harakatlanayotgan uchish apparatining unda uchayotgan ekipaj a’zolaridan, ko‘chirilayotgan bo‘linma shaxsiy tarkibidan yoki havo kemasida bo‘lgan boshqa shaxslardan birortasining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan buzilishi yoki shikastlanishi tushuniladi.
Boshqa og‘ir oqibatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
havo kemasida bo‘lgan shaxslarning badaniga og‘ir shikast yetkazilishi;
uchish apparatining yerga qulab tushishi yoki majburan qo‘nishi natijasida yerdagi odamlarning halok bo‘lishi yoki ularning badaniga og‘ir shikast yetkazilishi;
avariya, ya’ni samolyotga uning yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lgan darajada shikast yetkazilishi;
havo kemasining halokati, qulashi yoki majburan qo‘nishi chog‘ida davlat, shuningdek, harbiy mulkning yoki shaxsiy mulkning nobud bo‘lishi yoki ularga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi.
49. Uchish qoidalarini buzish kemani boshqarishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, belgilangan mo‘ljal yoki yo‘l boshqaruvining yo‘qotilishi, sho‘ng‘ish holatidan chiqishda kechikish, qo‘nish joyiga yetib kelmasdan yoki u yerdan o‘tib ketib qo‘nish, shassini to‘liq tushirmasdan yerga qo‘nish, qo‘nayotganda pasayish tezligini oshirish va hokazolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish ekipaj a’zolarini uchishga tayyorlash va ruxsat berish qoidalarini bajarmaslik yoki mashinaning o‘zini uchishga tayyorlash qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liqdir (bemor uchuvchining uchishi, meditsina ko‘rigidan o‘tmaslik, mashinani texnik nosozliklar bilan uchishga chiqarish va hokazolar).
Jinoyat tarkibi uchun xos muqarrar alomat — yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik bilan uning oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishning mavjudligidir.
50. JKning 299-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti — zimmasiga uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlashga oid maxsus vazifa yuklatilgan harbiy xizmatchilar bo‘lishlari mumkin.
Uchish rahbari, havo kemasining qo‘mondoni, uchuvchi, bort muhandisi, shturman va boshqalar ham javobgarlikka tortilishlari mumkin.
Uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzganlik uchun samolyot texniklari, mexaniklar, uchishni ta’minlash xizmatining boshqa shaxslari javobgarlikka tortilishlari mumkin.
51. Harbiy mulkni behuda sarflash, yo‘qotish yoki ishdan chiqarish jinoyatining obyekti — harbiy nizomlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar va buyruqlarda qayd etilgan harbiy mulkdan foydalanish va uni asrab-avaylash tartibidir. Bu tartibga rioya qilish qurol-yaroqlarning, jangovar va boshqa texnikadan, anjomlar, kiyim-kechak va boshqa mulkdan to‘g‘ri foydalanish va ularni ehtiyot qilishni ta’minlaydi.
Harbiy mulk harbiy xizmatchilarga shaxsiy ehtiyoj yoki xizmatda foydalanishi uchun beriladi. Shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanishga faqat kiyim-kechaklar va anjomlar, xizmatda foydalanish uchun esa — qurol, o‘q-dori, harakatlanish vositalari va hokazolar beriladi.
52. JKning 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Kiyim-kechak va anjomlar ofitserlar tarkibida bo‘lgan shaxslarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy mulk sifatida beriladi. Shuning uchun ham bu shaxslar tomonidan ushbu ashyolarning kimgadir berib yuborilishi, yo‘qotilishi yoki ularga shikast yetkazilishi uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Muddatli xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga, ofitserlarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga inventar sifatida berilgan anjomlar harbiy qismning mulki hisoblanadi. Ularning birovlarga o‘tkazilishi behuda sarflash jinoyatining emas, davlat mulkini talon-toroj qilish jinoyatining tarkibini tashkil qiladi.
53. JKning 295-moddasidan farqli o‘laroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yaroq, o‘q-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki bo‘lib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning o‘zida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi.
Behuda sarflash kiyim-kechak va anjomlarni sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxsga foydalanish uchun berishda ifodalanadi. Behuda sarflashning muqarrar belgisi — shaxsiy foydalanish uchun berilgan kiyim-kechak yoki anjomlarning harbiy xizmatchi egaligidan chiqib, o‘zga shaxsning noqonuniy egaligiga o‘tishidir.
Behuda sarflangan harbiy mulk doimo davlat mulki bo‘lib qolganligi uchun, har qanday vaziyatda u noqonuniy egalikdan tortib olinadi va agar uning qaytarilishining iloji bo‘lmasa, uning qiymati qonunda belgilangan miqdorda aybdordan undiriladi.
Subyektiv tomondan behuda sarflash aybning to‘g‘ri qasd shaklida sodir etiladi. Aybdor o‘ziga shaxsiy foydalanish uchun berilgan buyumni sotayotganini, birovga foydalanish yoki garovga berayotganini anglaydi va buni xohlaydi.
Kiyim-kechak yoki anjomlarni yo‘qotish yoki ularni ishdan chiqarish, shuningdek, aybning ehtiyotsizlik shakli — jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish yoki jinoiy beparvolik bilan sodir etiladi.
54. Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishning atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etilishi (yoqish yoki cho‘ktirib yuborish va hokazolar) JKning 296-moddasi bilan qamrab olinadi va kodeksning 173-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab etmaydi.
Harbiy mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish ba’zida shikastlangan mulkning qandaydir qismini o‘g‘irlash bilan birga sodir etiladi. Mazkur harakatlar mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish va davlat mulkini o‘g‘irlash sifatida jinoyatlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
JKning 296-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qo‘yadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga bila-turib yo‘l qo‘yadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi.
Agar shaxs o‘z harakati bilan harbiy mulkni yo‘q qilyapman deb o‘ylasa-yu, haqiqatda esa mulk harbiy bo‘lmasa, qilmish harbiy mulkni nobud qilishga suiqasd deb baholanishi lozim.
Jinoyatning haqiqiy sababini (motivini) aniqlash katta ahamiyatga ega. Agar harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish O‘zbekiston Respublikasiga ziyon yetkazish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, bunday harakatlar davlatga qarshi jinoyat — diversiya (JKning 161-moddasi)ni tashkil etadi.
V bob. Harbiy mansabdorlik jinoyatlariga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
55. Harbiy mansabdorlik jinoyatlari harbiy boshqaruv organlarining Qurolli kuchlar salohiyatini mustahkamlash manfaatlariga mos keluvchi, to‘g‘ri faoliyatiga, harbiy boshliq va mansabdor shaxslar uchun belgilangan xizmat vazifalarini amalga oshirish tartibiga tajovuz qiladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarning subyektlari harbiy boshliqlar va boshqa mansabdor shaxslar bo‘lishi mumkin. Ichki xizmat Nizomiga muvofiq boshliq xizmat mavqeyi (lavozimi)ga va harbiy unvoniga ko‘ra bo‘lishi mumkin. Harbiy mansabdor shaxslarning namunaviy ro‘yxatlari Ichki xizmat Nizomida, Intizom Nizomida, Garnizon va qorovullik xizmatlari Nizomida va boshqa huquqiy aktlarda keltirilgan.
Boshqa harbiy xizmatchilar ham, agar ular boshliq bo‘lmay turib, muayyan tashkiliy — farmoyish berish yoki ma’muriy — xo‘jalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarni doimiy yoki vaqtincha egallab tursa, yoki bu vazifalarni qo‘mondonlikning maxsus farmoyishi bo‘yicha bajarsa, mansabdor shaxs bo‘lishi mumkin. Ushbu vazifalarni bajarish uchun harbiy xizmatchilarga yuridik ahamiyatga ega harakatlar sodir eta olishi bilan bog‘liq tegishli vakolatlar beriladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining ijrochilari sifatida faqat boshliqlar va mansabdor shaxslar, ishtirokchilari bo‘lib esa, boshqa shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, uni sodir etishdan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatlar, ba’zan, aybdor tomonidan bevosita emas, balki xizmat bo‘yicha unga tobe shaxslardan foydalanish, ularga noqonuniy buyruq berish orqali yetkazilishi mumkin. Bunday buyruqni qasddan bergan mansabdor shaxs noqonuniy buyruqni ijro etish natijasida kelib chiqqan oqibatlar uchun javob beradi. Bunday holda uning xatti-harakati shaxsan o‘zi sodir etgani singari mansabdorlik jinoyati sifatida, agar oqibatlarning o‘zi mustaqil jinoyatni tashkil etsa, qilmishlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Mansabdor shaxsning noto‘g‘ri harakatlari bilan u sodir etgan jinoyat oqibatlari o‘rtasida sababiy bog‘lanish borligi aniqlangan bo‘lishi kerak.
56. Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish — boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning qasddan o‘z xizmat mavqeyidan harbiy xizmat manfaatlariga zid maqsadlarda foydalanishidir.
Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish mansabdor shaxs tomonidan uning o‘z vakolatlarini buzishida ifodalanishi mumkin, ammo bu harakatlar aybdor zimmasiga xizmat yuzasidan yuklatilgan u yoki bu muayyan huquq va majburiyatlarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq, barcha hollarda ham shaxs mazkur xatti-harakatlarni, faqat o‘zi egallab turgan xizmat mavqeyiga ko‘ra sodir etgan bo‘lishi va bu xatti-harakatlar o‘z mohiyatiga ko‘ra xizmat burchiga zid bo‘lishi shart.
Xizmat manfaatlariga xilof ravishda sodir etilgan deb, xizmat zarurati taqozo etmagan, xizmat burchi va mansab majburiyatlarini buzadigan, qonunlar, harbiy nizomlar va qo‘mondonlik buyruqlariga zid bo‘lgan xatti — harakatlar tushunilishi lozim. Bunda xizmat bo‘yicha yuklatilgan majburiyatlarning mansabdor shaxs tomonidan buzilishini, unga berilgan huquqlarning suiiste’mol qilinishini, o‘z faoliyatida qonun talablaridan chetga chiqilishini maqsadga muvofiqlik yoki xizmat zaruriyati tufayli qilingan deb oqlab bo‘lmaydi.
57. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish, mansabni suiiste’mol qilishdan farqli o‘laroq, qo‘mondon yoki boshqa mansabdor shaxsning o‘ziga berilgan huquq va vakolatlar doirasidan qasddan, ochiqchasiga chetga chiqadigan harakatlarni sodir etishida ifodalanadi. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish jumlasiga mansabdor shaxs xizmat yuzasidan faqat muayyan, ayni vaqtda mavjud bo‘lmagan hollardagina sodir etishga haqli bo‘lgan yoki yuqori lavozimda turgan yoxud maxsus vakolatli shaxs sodir etishi lozim bo‘lgan harakatlar ham kiradi.
Shaxsning xizmat mavqeyi doirasidan chetga chiqishda aybdorligi masalasini hal etish chog‘ida har doim uning vakolat doirasini aniqlab olish muhimdir. Harbiy mansabdor shaxslarning huquq va vakolatlari qonunlar, ustavlar, nizomlar va qo‘mondonlik buyruqlarida aniq belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda shuni e’tiborga olish kerakki, mansabdor shaxs tomonidan qurol va boshqa jismoniy zo‘rlik ishlatilishi, agar bu harakatlar uning tomonidan o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi va xizmat yuzasidan jabrlanuvchiga nisbatan mavjud vakolatlar doirasidan chetga chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan hollardagina hokimiyatni suiiste’mol qilish deb baholanishi mumkin. Jabrlanuvchi aybdorga tobe yoki aybdor hokimiyat vakili bo‘lganligi bois unga qaram bo‘lgan hollarda muayyan vakolatlar mavjud bo‘lishi mumkin. Aks holda shaxsga qarshi jinoyat uchun JKning tegishli moddalari bilan javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.
58. Hokimiyat harakatsizligi — boshliq o‘z harbiy xizmat majburiyatlariga ko‘ra sodir qilishi lozim bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmaganligida ifodalanadi.
Harbiy nizomlar, har bir boshliq o‘ziga berilgan hokimiyatdan harbiy xizmat manfaatlari, unga ishonib topshirilgan qism (bo‘linma)ning jangovar salohiyatini oshirish, tartib va intizomga qat’iy amal qilish yo‘lida to‘liq foydalanishi kerakligini talab etadi. Boshliqning jinoiy harakatsizligi, muayyan sharoitda ijtimoiy xavfli oqibatlarning oldini olish uchun qo‘llashi lozim bo‘lgan choralarni qo‘llamasligi harbiy xizmatga katta ziyon yetkazishi mumkin.
Agar bo‘linma qo‘mondoni o‘ziga tobe shaxs bo‘linma mulkini tashish paytida jangovar o‘qlarni o‘g‘irlab, begona shaxsga sotayotganligini ko‘ra turib, buning oldini olmasa, bu qo‘mondon jinoiy harakatsizlik uchun javobgarlikka tortilishi kerak.
Boshliqning tobe shaxslarga nisbatan ularning ustavga zid harakatlariga barham berish uchun chora ko‘rmasligi ham hokimiyat harakatsizligi deb baholanishi lozim.
Hokimiyat harakatsizligi — qasddan qilinadigan xatti-harakat bo‘lib, u aynan shu bilan xizmatga sovuqqonlik bilan qarashdan farq qiladi. Hokimiyat harakatsizligi hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilishdan shunisi bilan farq qiladiki, bu jinoyat boshliq faqat hokimiyat vakolati doirasida va faqat xizmat vazifasiga ko‘ra qilishi shart bo‘lgan harakatni sodir etmasligi shaklida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham har bir holda bajarilmay qolgan harakatlarni sodir etish mazkur mansabdor shaxsning vakolatiga kirish-kirmasligi va buning uchun unda yetarli imkoniyat bo‘lgan-bo‘lmaganligi aniqlanishi zarur.
59. Hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki xizmat vakolatidan chetga chiqish va hokimiyat harakatsizligi — qasddan sodir etiladigan jinoyatlar.
Aybdor mansab mavqeyidan foydalanib, sodir etayotgan harakati (harakatsizligi) harbiy xizmat manfaatlariga zid ekanligini anglaydi va aynan shuni sodir etishni istaydi yoki o‘zining bunday harakatlariga befarq qaraydi.
Aybdorning oqibatlarga — qonunga muvofiq jinoyat tarkibining muqarrar alomatlaridan biri bo‘lgan jiddiy ziyonga munosabati ham qasd, ham ehtiyotsizlik shaklida bo‘lishi mumkin.
Jiddiy ziyon sifatida, jumladan, Qurolli Kuchlar manfaati hamda nufuziga, bo‘linmada (qismda) harbiy intizomga putur yetishi, jangovar topshiriqning, o‘q otish mashg‘ulotlarining, ishlarning barbod bo‘lishi kabi holatlar tan olinadi.
Shuningdek, jiddiy ziyon tushunchasi hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatlari uchun xos bo‘lgan jabrlanuvchining hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni ham o‘z ichiga olishligi bois, sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazishda ifodalangan qilmishlar jiddiy ziyon deb baholanmasligi va kam ahamiyatli deb topilishi kerak.
60. Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash — mansabdor shaxsning o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni beparvoligi yoki vijdonan munosabatda bo‘lmasligi oqibatida umuman yoki lozim darajada bajarmasligidan iborat.
Majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik ularning yuzaki, ishtiyoqsiz, e’tiborsizlik bilan, o‘ylamasdan va kerakli g‘ayrat, tashabbussiz bajarilishida namoyon bo‘ladi. Bu ko‘rinishdagi sovuqqonlik harbiy mansabdor shaxsning unga ishonib topshirilgan harbiy mulkka loqayd munosabatda bo‘lishi oqibatida mazkur mulkning nobud bo‘lishi yoki unga shikast yetishi, moddiy boyliklardan foydalanishda hisob-kitob va nazoratning yetarlicha bo‘lmaganligi yoki ularni saqlash yomon tashkil etilganligi sababli talon-toroj yoki kamomad kelib chiqishi, qo‘mondon bo‘linmada harbiy tartib o‘rnatish uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rmaganligi tufayli tobe shaxslar tomonidan intizomning qo‘pol buzilishi yoki qo‘mondonlik bergan topshiriqlarning bajarilishi barbod bo‘lishi kabilarda namoyon bo‘ladi.
Sovuqqonlik mansabdorlik jinoyati bo‘lib, mansabdor shaxs tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan harakatlar uning xizmat vakolatiga tegishli bo‘lishini, lavozimi bo‘yicha uning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar doirasiga kirgan bo‘lishini taqozo etadi.
Mansabdor shaxs u yoki bu majburiyatlarni o‘z xizmat burchi tufayli bajarishi nafaqat shart bo‘lgan, balki uni lozim darajada bajarish mumkin va buning uchun real imkoniyatga ega bo‘lgan holdagina sovuqqonlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Agar mansabdor shaxs o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmagan sharoitga tushib qolgan bo‘lsa, sovuqqonlik uchun javobgarlik istisno etiladi.
Agar boshliq yoki mansabdor shaxs tomonidan boshqa shaxs yordamida JKning 301-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir qilinsa, uning harakatlari ushbu modda bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yordam bergan boshqa shaxsning harakatlari esa JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim.
VI bob. Yakunlovchi qoidalar
61. Sudlar jazo tayinlashda alohida yondoshuv to‘g‘risidagi qonun talabiga qat’iy rioya qilishlari, uni har doim sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatidan, harbiy xizmatchining shaxsi hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlardan kelib chiqqan holda qo‘llashlari shart.
Sudlarga tushuntirilsinki, sudlanuvchiga jazo turini tayinlash paytida uni hukm chiqarilgunga qadar belgilangan tartibda harbiy xizmatdan bo‘shatilganligini va shaxsini hisobga olib, unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash jazosini qo‘llash huquqiga ega.
Uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JKning 47-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat yoki og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat bo‘yicha cheklash jazolarini qo‘llash huquqiga ega.
Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan harbiy yoki maxsus unvonga ega bo‘lgan shaxslarga doir ishlarni ko‘rishda sud har doim JKning 52-moddasiga asosan ularni bunday unvondan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
62. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan to‘g‘ri va aniq qo‘llanilishi ustidan nazoratni kuchaytirishi, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishi va natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli tartibda taqdimnoma kiritish choralarini ko‘rishi lozim.
(62-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Shuningdek, sudlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli organlarga xususiy ajrimlar chiqarish orqali munosabat bildirsinlar.
63. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 2000-yil 15-sentabrdagi 23-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2023-yil 20-noyabr,
29-son