toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.11.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 29-sonli “Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, boshqa harbiy tuzilmalar davlat suvereniteti va hududiy birligini, uning aholisining tinch hayoti va xavfsizligini taʼminlash uchun tuzilgan.
Qurolli Kuchlar va boshqa harbiy tuzilmalar faoliyatining asosini hamda ularning oʻz vazifalarini bajarishining kafolatini harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qatʼiy va soʻzsiz rioya qilishni taqozo etadi.
Harbiy sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, harbiy jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi ularning qoʻshinlar harbiy intizomi va jangovar tayyorgarligini susaytirib, mamlakatning mudofaa layoqatiga putur yetkazishdir.
Harbiy xizmatchilar orasida harbiy xizmatni oʻtashdan boʻyin tovlash, oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki uning doirasidan chetga chiqish va boshqa harbiy jinoyatlar sodir etilmoqda. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilish hollari uchramoqda.
Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish amaliyoti shuni koʻrsatadiki, sudlar jinoyat qonunchiligining umumiy asoslarini qoʻllashda, harbiy jinoyatlarni tavsiflash hamda jazoning turi va miqdorini belgilashda ayrim hollarda muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda harbiy jinoyatlar toʻgʻrisidagi qonunlarning toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlarga tegishli tushuntirishlar berishni maqsadga muvofiq deb topdi.
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
Umumiy masalalar
1.1. Harbiy jinoyatlar deganda, harbiy xizmatchilar tomonidan, shuningdek, harbiy yigʻinlar vaqtida harbiy xizmatga majbur shaxslar tomonidan harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tushuniladi.
Harbiy xizmatni oʻtash tartibi — qoʻshinlar hayoti va jangovar faoliyati jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar boʻlib, ular qonunlar, harbiy qasamyod va nizomlarda belgilab qoʻyilgan. Ushbu hujjatlarda harbiy xizmat fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligi, yakkaboshchilik va undan kelib chiqadigan tobe shaxsning boshliqqa soʻzsiz itoat qilishi, ushbu munosabatlar subyektlari huquq va erkinliklarining aniq belgilab qoʻyilishi kabi harbiy tashkilot tamoyillari mustahkamlab qoʻyilgan.
1.2. Harbiy jinoyatlarning subyekti Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlarining va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek oʻquv yigʻinlarni oʻtayotgan harbiy xizmatga majbur shaxslar boʻlishi mumkin.
(1.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
1.3 Jinoyat ishlarining harbiy sudlar sudloviga tegishliligi Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 45-moddasi va Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilangan (1-ilova).
(1.3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Jumladan, harbiy sudlar sudloviga favqulotda holatlarga koʻra umumiy sudlar faoliyat koʻrsatmayotgan joylardagi barcha jinoyat ishlari, davlat sirlariga daxldor ishlar, shuningdek, harbiy xizmat davrida harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilgan, biroq ish sudda koʻriladigan paytga kelib harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar sodir etgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Shu munosabat bilan sudlar sudloviga taalluqlilik haqidagi qonun talablariga qatʼiy rioya etishlari lozim.
(1.3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish bilan bogʻliq masalalar
2.1. Muayyan ishlarni koʻrish paytida shuni nazarda tutish kerakki, harbiy xizmatdan boʻyin tovlash qism yoki xizmat joyini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketish, dezertirlik, biror-bir aʼzosini mayib qilish, shuningdek, boshqa usullar bilan sodir etiladi.
2.2. Harbiy xizmatchining bir kecha-kunduz (sutka)dan ortiq vaqt davomida xizmat joyida uzrli sabablarsiz hozir boʻlmasligi qismni oʻzboshimchalik bilan tashlab ketishni tashkil qiladi.
Qarindosh va tanishlarni borib koʻrish, xizmat hordigʻini chiqarish, oilaviy va shaxsiy ishlarni bajarish, vaqtinchalik muammolarni hal etish istagi kabi sabablar qismni oʻzboshimchalik bilan tashlab ketish hollariga xosdir.
2.3. Dezertirlik deganda, harbiy xizmatdan butunlay boʻyin tovlash maqsadida harbiy qismni yoki xizmat joyini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketish, shuningdek, oʻsha maqsadda xizmat joyiga yetib kelmaslik tushuniladi.
Harbiy xizmatchi dezertirlik sodir eta turib, qonunga xilof ravishda harbiy xizmatni oʻtashni tugatadi va oʻzini harbiy xizmat munosabatlari doirasidan chetga olishga intiladi. Subyekt (shaxs) harbiy xizmatdan boʻyin tovlash maqsadida harbiy qism yoki xizmat joyini tark etgan paytdan boshlab dezertirlik jinoyati tugallangan hisoblanadi va shu paytdan javobgarlikka tortish muddati boshlanadi. Bunday maqsad mavjud boʻlganda oʻzboshimchalik bilan oʻz joyida boʻlmaslikning davomiyligi ahamiyat kasb etmaydi.
Dezertirlikka xos alomatlar — aybdor tomonidan soxta hujjatlar toʻgʻrilab olish, fuqaroviy kiyimga qayta kiyinib olish, harbiy kiyimni yoʻq qilish, ishga joylashishga yoki yashash uchun boshqa doimiy manbaa topishga urinish kabilardir.
Xizmat joyida boʻlmaslikning davomiyligi sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini baholash va aybdorga jazo tayinlash paytida ahamiyatga ega boʻladi.
Dezertirlikni sodir etgan shaxsning asosiy sabab qilib koʻrsatadigan vajlari — harbiy xizmat qiyinchiliklari va mahrumliklarini boshdan kechirishni istamaslik, doimiy ravishdagi shaxsiy va oilaviy muammolarni hal qilishga intilish, harbiy xizmatni oʻtash davrida sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish va hokazolar boʻlishi mumkin.
2.4. Biron aʼzosini mayib qilish orqali harbiy xizmatdan boʻyin tovlash — harbiy xizmatchining oʻz sogʻligʻiga zarar yetkazishidan iborat. Bu harakat qasddan, sunʼiy yoʻl bilan biron-bir aʼzo yoki tana toʻqimasiga zarar yetkazish (masalan, oyoq yoki qoʻl barmoqlari), biron-bir aʼzo funksiyasini buzish (masalan, oshqozon, yurak faoliyatining buzilishi), biron-bir kasallikni sunʼiy ravishda chaqirish yoki mavjud kasallikni kuchaytirish orqali sodir etiladi.
Sogʻliqqa ziyon oʻqotar yoki sovuq qurollar, kesadigan yoki sanchiladigan buyumlar, turli xil zaharli moddalar, boshqa mexanik, issiqlik yoki ularga oʻxshash vositalar bilan yetkazilishi mumkin. Boʻyin tovlash tarkibi uchun aʼzoni mayib qilish qanday yoʻl bilan sodir etilganligi ahamiyatsiz.
2.5. Kasallikni simulatsiya qilganda harbiy xizmatchi, haqiqatda sogʻ boʻla turib, harbiy xizmat majburiyatlarini oʻtashdan ozod boʻlishga ruxsat olish maqsadida, goʻyoki oʻz harbiy burchlarini bajarishga xalal berayotgan kasalliklari, jismoniy yoki ruhiy kamchiliklari borligini roʻkach qilib, oʻzini yolgʻondan kasalga soladi.
2.6. Hujjatni qalbakilashtirish usuli orqali boʻyin tovlash shundan iboratki, bunda harbiy xizmatni oʻtashdan ozod boʻlish maqsadida harbiy xizmatchi oʻz qoʻmondoniga soxta hujjat taqdim etadi. Barcha hollarda qalbakilashtirishning mohiyati shundaki, hujjatda koʻrsatilgan voqea va hodisalar amalda mavjud boʻlmasdan, ularga tayangan holda harbiy xizmatchi oʻzini vaqtincha yoki doimiy ravishda harbiy xizmat majburiyatlarini oʻtashdan ozod qilishni iltimos qiladi.
Hujjatlarni qalbakilashtirish — boʻyin tovlash obyektiv tomonining muqarrar belgisi ekanligi sababli, uni Jinoyat kodeksining hujjatlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
2.7. Boʻyin tovlashning usuli sifatida boshqa aldov — harbiy xizmatni oʻtashdan ozod boʻlish maqsadida voqea yoki hodisalar toʻgʻrisida, bila turib, yolgʻon maʼlumot yetkazish yoki mazkur holatlar haqida xabar berishga burchli boʻla turib, oʻsha maqsadda ongli ravishda xabar bermaslikdan iborat.
2.8. Harbiy xizmat vazifalarini oʻtashdan bosh tortish — harbiy xizmatchi tomonidan ochiqdan-ochiq, yolgʻon ishlatmasdan, ogʻzaki, yozma yoki boshqa yoʻl bilan harbiy xizmatni oʻtash yoki uning baʼzi majburiyatlarini bajarishni istamaslikda va amalda ularni bajarmay qoʻyishda namoyon boʻladi.
Tobe shaxsning oʻz qoʻmondonining muayyan topshiriqlarini bajarishdan bosh tortishi (masalan, xizmat safariga joʻnash, sutkalik naryadga kirishish va hokazo) harbiy xizmatdan umuman bosh tortish sifatida koʻrilishi mumkin emas. Bunday harakatlar boʻysunmaslik jinoyati tarkibini tashkil qiladi chunki bunday holda qoʻmondon talabi buyruq xususiyatiga ega boʻlib, harakat esa, harbiy xizmatni oʻtashdan bosh tortishga emas, balki buyruqni ochiqdan-ochiq bajarmaslikka qaratilgan.
2.9. Baʼzi hollarda qonunga va Qurolli Kuchlar Umumharbiy nizomlariga muvofiq harbiy xizmatchilar maxsus huquq va majburiyatlarga ega boʻladilar (jangovar navbatchilik, sutkalik yoki garnizon naryadlarida boʻlish va hokazo).
Sudlar shu narsani nazarda tutishlari lozimki, harbiy xizmatchilar tomonidan maxsus xizmatni oʻtash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik (maxsus subyekt) Jinoyat kodeksining 291—294-moddalarida belgilangan.
Boʻysunish va harbiy shaʼnga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish bilan bogʻliq masalalar
3.1. Oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish deganda xizmatdoshlarini oʻziga boʻysundirishni taʼminlash, xizmatni oʻtash chogʻida oʻzi uchun imtiyozli sharoitlar yaratish maqsadida bir harbiy xizmatchining boshqasiga nisbatan turli xil zoʻrliklar ishlatishi, uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishi tushunilishi lozim.
Ushbu qoidalar xizmat mavqeyi va harbiy unvoni teng, shuningdek, katta va kichik, lekin tobelik munosabatlarida boʻlmagan shaxslar oʻrtasida buzilsa, Jinoyat kodeksining 285-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik vujudga keladi.
Bir-biriga tobelik munosabatlarida boʻlgan va boʻlmagan shaxslar tomonidan zoʻrlik harakatlari birgalikda sodir etilgan hollar tavsiflash uchun birmuncha murakkabroq.
Masalan, ham aybdorga va ham jabrlanuvchiga boshliq boʻlgan serjant soldat tomonidan sodir etilgan noustav harakatlarga qoʻshiladi yoki tobe shaxs oʻz boshligʻining zoʻravonlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bunday hollarda boshliqning oʻziga tobe shaxs tomonidan sodir etilgan noustav zoʻravonlik harakatlarida ishtirok etishini harbiy mansabdorlik jinoyati sifatida Jinoyat kodeksining 301-moddasi bilan tavsiflash lozim. Ijrochining harakatlarini esa, Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismi bilan tavsiflash lozim, chunki boshliq ushbu jinoyatning subyekti emas va sherik sifatida tan olinmaydi.
Agar boshliq tomonidan xizmat mavqeyi oʻzi bilan teng shaxslarga nisbatan sodir etilgan noustav harakatlarga, jabrlanuvchiga ham, aybdorga ham tobe shaxs kelib qoʻshilsa, boshliqning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasi bilan, tobe shaxsning harakatlari esa — jinoyatga sherik sifatida Jinoyat kodeksining 28, 285-moddalari bilan tavsiflanishi lozim.
3.2. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismida muntazam ravishda xoʻrlash, kamsitish, sogʻliqning yomonlashuviga sabab boʻlgan yengil yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish kabi oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu sababli aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining shaxsga qarshi jinoyatlarga tegishli moddalari bilan qoʻshimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
3.3. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi Jinoyat kodeksining 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil maʼnoni anglatadi. Guruh sifatidagi noustav zoʻravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri Jinoyat kodeksining 285-moddasida koʻrsatilgan jinoyat subyekti boʻladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan oʻzaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. Soʻnggi holda harakatlarni Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor oʻz noustav harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab yetganligidir.
Guruh va yakka tartibda sodir etilgan noustav harakatlar epizodlari jinoyatlarning real majmui sifatida qaralishi va mustaqil huquqiy baholanishi kerak.
(3.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Qurol tan jarohatlarini yetkazish uchun qoʻllanilishi, boshqa xil zoʻrlik paytida esa, masalan, aybdor qurol ishlatish tahdidi ostida jabrlanuvchini harbiy xizmat yuzasidan oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishga, oʻzi uchun turli xizmatlar qilishga majburlash, shuningdek, inson shaʼnini kamsitadigan xatti-harakatlar qilish paytida, ruhiy taʼsir oʻtkazish uchun qoʻllanilishi mumkin.
Quroldan uning konstruksiyasi va mohiyatidan kelib chiqadigan yakson qiluvchi vosita sifatida emas, balki faqat kaltaklash predmeti sifatida foydalanish qurolni qoʻllash hisoblanmaydi.
3.4. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 4-qismi “b” bandida koʻzda tutilgan “boshqa ogʻir oqibatlar” deganda, aybdorning noustav harakatlari bilan sababiy bogʻlanishda boʻlgan, ogʻirligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim boʻlgan oqibatlar tushuniladi.
Agar noustav zoʻravonlik harakatlari jabrlanuvchini qasddan oʻldirish bilan yakunlansa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasi 3-qismi hamda kodeksning shaxsga qarshi jinoyatlarni koʻzda tutuvchi moddalari majmui bilan tavsiflanadi.
Amaliyotda, koʻpincha, jabrlanuvchining oʻlimi yurakning reflektor toʻxtab qolishi yoki mexanik asfiksiya natijasida roʻy berish hollari uchrab, bu narsa jabrlanuvchining koʻkrak qafasi qismiga aybdor, odatda, qoʻli bilan bir zarba berishi oqibatida kelib chiqadi. Bunday harakatlar, agar aybdorda jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilishga qaratilgan qasd boʻlganligini aniq isbotlovchi dalillar boʻlmasa, odam oʻlishiga sabab boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish sifatida tavsiflanishi lozim.
Harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarining buzilishi, baʼzi paytlarda, nafaqat odamlar oʻlimiga, balki jangovar vazifaning bajarilmay qolishiga, harbiy texnikaning ishdan chiqishiga va boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlar sud tomonidan ogʻir deb topilgan taqdirda aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining 285-moddasi 4-qismi bilan tavsiflashga asos boʻla oladi.
Noustav zoʻravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga Jinoyat kodeksi 285-moddasining turli qismlarida koʻzda tutilgan zarar yetkazilgan boʻlsa, bu harakatlar Jinoyat kodeksining 33-moddasi qoidasiga koʻra tavsiflanishi lozim.
3.5. Harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish aybdorlar harbiy xizmatning maxsus turlari boʻyicha majburiyatlarni bajarayotgan paytda sodir etilishi mumkin (qorovullik, ichki xizmat, harbiy navbatchilik va hokazolar). Agar aybdor tomonidan ayni paytda maxsus xizmat qoidalari ham buzilsa, bu harakatlar Jinoyat kodeksining 285-moddasi va u yoki bu xizmat turini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Maxsus xizmat turlarini oʻtash qoidalarini buzish, faqat, oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish ayni paytda maxsus xizmat turlarini oʻtash qoidalarini ham buzilishiga olib kelsagina alohida huquqiy baholanishi mumkin (misol uchun, qism yoki boʻlinma ichki naryadiga kiruvchi shaxs tomonidan).
3.6. Harbiy xizmatchilar tomonidan oʻzaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini, jumladan, “oʻzga zoʻrlik” koʻrinishida buzish jabrlanuvchilarning oziq-ovqati, harbiy kiyim-kechak ashyolari va boshqa moddiy boyliklarini olib qoʻyish yoʻli bilan sodir etilishi mumkin. Agar bunda jabrlanuvchiga tegishli boʻlgan shaxsiy mulk ashyolari olib qoʻyilsa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasidan tashqari, mulkka qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi boshqa moddalari bilan qoʻshimcha tavsiflanishi zarur.
Zoʻrlik ishlatish yoki uni ishlatish tahdidi ostida harbiy xizmatchiga beriladigan oziq-ovqat payogi yoki harbiy kiyim-kechak ashyolarini olib qoʻyish Jinoyat kodeksi 285-moddasining dispozitsiyasi bilan toʻlaligicha qamrab olinadi.
3.7. Qoʻmondonlarga va oʻzga boshliqlarga zarur xizmat vakolatlarini, jumladan, tobe shaxslarga nisbatan buyruq, farmoyish berish va uning soʻzsiz bajarilishini — intizomni buzganlarga nisbatan majburlash choralarini qoʻllash orqali talab qilish huquqini bera turib, davlat ularning shaxsini va xizmat shaʼnini har qanday tajovuzdan himoya qiladi.
Shu maqsadda, jinoyat qonunchiligida boshliqqa tan jarohatlari yetkazish, haqorat qilish, tahdid solish, shuningdek, unga qarshilik koʻrsatish yoki xizmat burchini buzishga majburlash uchun javobgarlik belgilangan.
Ushbu jinoyatlarning oʻziga xosligi shundan iboratki, ular harbiy xizmat munosabatlari doirasida sodir etiladi. Agarda koʻrsatilgan jinoyatlar shaxsiy munosabatlar doirasida sodir etilsa, bunday harakatlar harbiy jinoyat deb tan olinmaydi va shaxsga qarshi jinoyat sifatida tavsiflanishi kerak.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlariga oid ishlarni koʻrish bilan bogʻliq masalalar
4.1. Harbiy mansabdorlik jinoyatlari harbiy boshqaruv organlarining Qurolli kuchlar salohiyatini mustahkamlash manfaatlariga mos keluvchi, toʻgʻri faoliyatiga, harbiy boshliq va mansabdor shaxslar uchun belgilangan xizmat vazifalarini amalga oshirish tartibiga tajovuz qiladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarning subyektlari harbiy boshliqlar va boshqa mansabdor shaxslar boʻlishi mumkin. Ichki xizmat Nizomiga muvofiq boshliq xizmat mavqeyi (lavozimi)ga va harbiy unvoniga koʻra boʻlishi mumkin. Harbiy mansabdor shaxslarning namunaviy roʻyxatlari Ichki xizmat Nizomida, Intizomiy Nizomda, Garnizon va qorovul xizmati Nizomida va boshqa huquqiy aktlarda keltirilgan.
Boshqa harbiy xizmatchilar ham, agar ular boshliq boʻlmay turib, muayyan tashkiliy-farmoyish berish yoki maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan lavozimlarni doimiy yoki vaqtincha egallab tursa, yoki bu vazifalarni qoʻmondonlikning maxsus farmoyishi boʻyicha bajarsa, mansabdor shaxs boʻlishi mumkin. Ushbu vazifalarni bajarish uchun harbiy xizmatchilarga yuridik ahamiyatga ega harakatlar sodir eta olishi bilan bogʻliq tegishli vakolatlar beriladi.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining ijrochilari sifatida faqat boshliqlar va mansabdor shaxslar, ishtirokchilari boʻlib esa, — boshqa shaxslar ham boʻlishi mumkin.
Harbiy mansabdorlik jinoyatlarining oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, uni sodir etishdan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatlar, baʼzan, aybdor tomonidan bevosita emas, balki xizmat boʻyicha unga tobe shaxslardan foydalanish, ularga noqonuniy buyruq berish orqali yetkazilishi mumkin. Bunday buyruqni qasddan bergan mansabdor shaxs noqonuniy buyruqni ijro etish natijasida kelib chiqqan oqibatlar uchun javob beradi. Bunday holda uning xatti-harakati shaxsan oʻzi sodir etgani singari mansabdorlik jinoyati sifatida, agar oqibatlarning oʻzi mustaqil jinoyatni tashkil etsa, qilmishlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Mansabdor shaxsning notoʻgʻri harakatlari bilan u sodir etgan jinoyat oqibatlari oʻrtasida sababiy bogʻlanish borligi aniqlangan boʻlishi kerak.
4.2. Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish — boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning qasddan oʻz xizmat mavqeyidan harbiy xizmat manfaatlariga zid maqsadlarda foydalanishidir.
Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish mansabdor shaxs tomonidan uning oʻz vakolatlarini buzishida ifodalanishi mumkin, ammo bu harakatlar aybdor zimmasiga xizmat yuzasidan yuklatilgan u yoki bu muayyan huquq va majburiyatlarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlmasligi ham mumkin. Biroq, barcha hollarda ham shaxs mazkur xatti-harakatlarni, faqat oʻzi egallab turgan xizmat mavqeyiga koʻra sodir etgan boʻlishi va bu xatti-harakatlar oʻz mohiyatiga koʻra xizmat burchiga zid boʻlishi shart.
Xizmat manfaatlariga xilof ravishda sodir etilgan deb, xizmat zarurati taqozo etmagan, xizmat burchi va mansab majburiyatlarini buzadigan, qonunlar, harbiy nizomlar va qoʻmondonlik buyruqlariga zid boʻlgan xatti-harakatlar tushunilishi lozim. Bunda xizmat boʻyicha yuklatilgan majburiyatlarning mansabdor shaxs tomonidan buzilishini, unga berilgan huquqlarning suiisteʼmol qilinishini, oʻz faoliyatida qonun talablaridan chetga chiqilishini maqsadga muvofiqlik yoki xizmat zaruriyati tufayli qilingan deb oqlab boʻlmaydi.
4.3. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish, mansabni suiisteʼmol qilishdan farqli oʻlaroq, qoʻmondon yoki boshqa mansabdor shaxsning oʻziga berilgan huquq va vakolatlar doirasidan qasddan, ochiqchasiga chetga chiqadigan harakatlarni sodir etishida ifodalanadi. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish jumlasiga mansabdor shaxs xizmat yuzasidan faqat muayyan, ayni vaqtda mavjud boʻlmagan hollardagina sodir etishga haqli boʻlgan yoki yuqori lavozimda turgan yoxud maxsus vakolatli shaxs sodir etishi lozim boʻlgan harakatlar ham kiradi.
Shaxsning xizmat mavqeyi doirasidan chetga chiqishda aybdorligi masalasini hal etish chogʻida har doim uning vakolat doirasini aniqlab olish muhimdir. Harbiy mansabdor shaxslarning huquq va vakolatlari qonunlar, ustavlar, nizomlar va qoʻmondonlik buyruqlarida aniq belgilab qoʻyilgan. Ayni paytda shuni eʼtiborga olish kerakki, mansabdor shaxs tomonidan qurol va boshqa jismoniy zoʻrlik ishlatilishi, agar bu harakatlar uning tomonidan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi va xizmat yuzasidan jabrlanuvchiga nisbatan mavjud vakolatlar doirasidan chetga chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan hollardagina hokimiyatni suiisteʼmol qilish deb baholanishi mumkin. Jabrlanuvchi aybdorga tobe yoki aybdor hokimiyat vakili boʻlganligi bois unga qaram boʻlgan hollarda muayyan vakolatlar mavjud boʻlishi mumkin. Aks holda shaxsga qarshi jinoyat uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.
4.4. Hokimiyat harakatsizligi — boshliq oʻz harbiy xizmat majburiyatlariga koʻra sodir qilishi lozim boʻlgan harakatlarni qasddan bajarmaganligida ifodalanadi.
Harbiy nizomlar, har bir boshliq oʻziga berilgan hokimiyatdan harbiy xizmat manfaatlari, unga ishonib topshirilgan qism (boʻlinma)ning jangovar salohiyatini oshirish, tartib va intizomga qatʼiy amal qilish yoʻlida toʻliq foydalanishi kerakligini talab etadi. Boshliqning jinoiy harakatsizligi, muayyan sharoitda ijtimoiy xavfli oqibatlarning oldini olish uchun qoʻllashi lozim boʻlgan choralarni qoʻllamasligi harbiy xizmatga katta ziyon yetkazishi mumkin.
Agar boʻlinma qoʻmondoni oʻziga tobe shaxs boʻlinma mulkini tashish paytida jangovar oʻqlarni oʻgʻirlab, begona shaxsga sotayotganligini koʻra turib, buning oldini olmasa, bu qoʻmondon jinoiy harakatsizlik uchun javobgarlikka tortilishi kerak.
Boshliqning tobe shaxslarga nisbatan ularning noustav harakatlariga barham berish uchun chora koʻrmasligi ham hokimiyat harakatsizligi deb baholanishi lozim.
Hokimiyat harakatsizligi — qasddan qilinadigan xatti-harakat boʻlib, u aynan shu bilan xizmatga sovuqqonlik bilan qarashdan farq qiladi. Hokimiyat harakatsizligi hokimiyat vakolatini suiisteʼmol qilishdan shunisi bilan farq qiladiki, bu jinoyat boshliq faqat hokimiyat vakolati doirasida va faqat xizmat vazifasiga koʻra qilishi shart boʻlgan harakatni sodir etmasligi shaklida boʻlishi mumkin. Shuning uchun ham har bir holda bajarilmay qolgan harakatlarni sodir etish mazkur mansabdor shaxsning vakolatiga kirish-kirmasligi va buning uchun unda yetarli imkoniyat boʻlgan-boʻlmaganligi aniqlanishi zarur.
4.5. Hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish, hokimiyat yoki xizmat vakolatidan chetga chiqish va hokimiyat harakatsizligi — qasddan sodir etiladigan jinoyatlar.
Aybdor mansab mavqeyidan foydalanib, sodir etayotgan harakati (harakatsizligi) harbiy xizmat manfaatlariga zid ekanligini anglaydi va aynan shuni sodir etishni istaydi yoki oʻzining bunday harakatlariga befarq qaraydi.
Aybdorning oqibatlarga — qonunga muvofiq jinoyat tarkibining muqarrar alomati boʻlgan jiddiy ziyonga munosabati ham qasd, ham ehtiyotsizlik shaklida boʻlishi mumkin.
Mansabdorlik jinoyatiga xos jinoiy oqibat — jiddiy ziyon boʻlib, u oʻz xususiyati va koʻlamiga koʻra koʻp miqdorni tashkil etadi. Jiddiy ziyon Qurolli Kuchlar, alohida xizmatchilar va boshqa shaxslarga yetkazilishi va turlicha, ham moddiy, ham moddiy boʻlmagan muayyan tusda namoyon boʻlishi mumkin. Jinoyat tugallangan deb tan olinishi uchun zarar amalda yetkazilgan boʻlishi shart.
Jiddiy ziyon sifatida, jumladan, sodir etilgan jinoyat tufayli boʻlinmada (qismda) harbiy intizomga putur yetishi, jangovar topshiriqning, oʻq otish mashgʻulotlarining, ishlarning barbod boʻlishi harbiy mulkka ziyon yetkazish yoki uni yoʻq qilish, jiddiy moddiy zarar yetkazish, harbiy xizmatchilar va boshqa shaxslarning shaxsiy yoki mulkiy huquqlarining buzilishi kabilar tan olinadi. Jiddiy ziyon tushunchasi oʻz ichiga hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati uchun xos boʻlgan jabrlanuvchining hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni ham oladi. Qasddan odam oʻldirish yoki qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish sifatida yetkazilgan zarar hokimiyat yoki xizmat vakolatidan chetga chiqish jinoyati alomatlaridan tashqariga chiqadi va ogʻirroq jinoyat sifatida mustaqil tavsiflashni taqozo etadi.
(4.5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
4.6. Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash — mansabdor shaxsning oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni beparvoligi yoki vijdonan munosabatda boʻlmasligi oqibatida umuman yoki lozim darajada bajarmasligidan iborat.
Majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik ularning yuzaki, ishtiyoqsiz, eʼtiborsizlik bilan, oʻylamasdan va kerakli gʻayrat, tashabbussiz bajarilishida namoyon boʻladi. Bu koʻrinishdagi sovuqqonlik harbiy mansabdor shaxsning unga ishonib topshirilgan harbiy mulkka loqayd munosabatda boʻlishi oqibatida mazkur mulkning nobud boʻlishi yoki unga shikast yetishi, moddiy boyliklardan foydalanishda hisob-kitob va nazoratning yetarlicha boʻlmaganligi yoki ularni saqlash yomon tashkil etilganligi sababli talon-toroj yoki kamomad kelib chiqishi, qoʻmondon boʻlinmada harbiy tartib oʻrnatish uchun tegishli chora-tadbirlar koʻrmaganligi tufayli tobe shaxslar tomonidan intizomning qoʻpol buzilishi yoki qoʻmondonlik bergan topshiriqlarning bajarilishi barbod boʻlishi kabilarda namoyon boʻladi.
Sovuqqonlik mansabdorlik jinoyati boʻlib, mansabdor shaxs tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan harakatlar uning xizmat vakolatiga tegishli boʻlishini, lavozimi boʻyicha uning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar doirasiga kirgan boʻlishini taqozo etadi.
Mansabdor shaxs u yoki bu majburiyatlarni oʻz xizmat burchi tufayli bajarishi nafaqat shart boʻlgan, balki uni lozim darajada bajarish mumkin va buning uchun real imkoniyatga ega boʻlgan holdagina sovuqqonlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Agar mansabdor shaxs oʻz xizmat vazifalarini lozim darajada amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatga ega boʻlmagan sharoitga tushib qolgan boʻlsa, sovuqqonlik uchun javobgarlik istisno etiladi.
Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish bilan bogʻliq masalalar
5.1. Atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, portlovchi, radioaktiv va boshqa moddalar va buyumlar bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzish — harbiy xizmatchi tomonidan maxsus ehtiyot qoidalariga rioya etmaslikdan iborat. Bu esa, odamlarning oʻlimi va ularga shikast yetkazilishiga, harbiy mulkning yoʻq boʻlishiga, harbiy tadbirlarning barbod boʻlishi va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, moddalar va buyumlar bilan muomalada boʻlish tartibi harbiy nizomlarda va boshqa normativ aktlar (turli xil qurollardan otish kurslari, qoʻllanmalar va nastavleniyelar)da belgilangan boʻlib, ularda qurol-yarogʻ, tegishli modda va buyumlar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlik shartlarini taʼminlovchi qoidalar majmui keltirilgan.
Qoida buzilishi deganda qurol-yarogʻ, shuningdek moddalar va buyumlar bilan ishlash chogʻida belgilangan usullarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik, yoxud ular bilan muomalada boʻlishda harakat ketma-ketligiga rioya qilmaslik, shuningdek ushbu modda va buyumlarni saqlash xavfsizligini taʼminlovchi qoidalarni buzish tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 297-moddasida koʻzda tutilgan jinoyat subyekti — oʻz xizmat mohiyatiga koʻra atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni taʼminlab beruvchi yoxud ularga daxldor boʻlgan va ular bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar boʻlishi mumkin.
5.1.1. Qurol — tirik kuchni yoʻq qilish uchun maxsus yaratilgan texnik vositadir. Jinoyat kodeksining 297-moddasi dispozitsiyasi faqat oʻqotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarogʻlari) oʻz ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarogʻ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan boʻlishi kerak. Qoʻlda yasalgan oʻqotar qurollar Jinoyat kodeksining 297-moddasida koʻzda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yoʻq qilishga moʻljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu guruhga kirmaydi.
Yordamchi oʻq-dorilar (masalan, oʻqsiz yoki oʻquv patronlari, koʻrgazma snaryadlari yoki granatalari va hokazolar) jinoyat predmeti boʻla olmaydi.
5.1.2. Portlovchi moddalar tashqi taʼsir (urish, yoqish, zarba, oʻz-oʻzidan yonish) oqibatida tez ximik oʻzgarishlarga kiruvchi modda va buyumlar boʻlib, bu ximik oʻzgarishlar natijasida uloqtirish yoki vayron qilish kuchiga ega boʻlgan koʻp miqdorda issiqlik va qizigan gaz paydo boʻladi va ajralib chiqadi.
5.1.3. Radioaktiv moddalar — oʻz-oʻzidan parchalanishi va korpuskulyar yoki elektr magnit nurlanishi orqali tirik mavjudotlarga zarar keltirish xususiyatiga ega boʻlgan moddalardir.
5.2. Jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan belgilangan maqsadda foydalanish Ichki xizmat Nizomi, Yoʻl harakati qoidalari va boshqa huquqiy aktlarda belgilangan tartibga qatʼiy rioya qilishni nazarda tutadi.
Jangovor mashinalarga — tanklar, bronetransportyorlar, oʻziyurar artilleriya va raketa qurilmalari, artilleriya tizimlarini tortishga moʻljallangan mashinalar va oʻt ochishni boshqaradigan apparatlar oʻrnatilgan tirkamalar, boshqa oʻziyurar texnika vositalari kiradi.
Maxsus mashinalar — vazifasiga koʻra yoki ustida oʻrnatilgan uskunalarga muvofiq, alohida, maxsus ishlarda foydalaniladigan oʻziyurar texnika vositalaridir. Har xil muhandislik mashinalari, sanitariya transportlari, koʻchma taʼmirlash ustaxonalari, laboratoriyalar va hokazolar maxsus mashinalar tarkibiga kiradi.
Transport mashinalariga — shaxsiy tarkibni, qurol-yarogʻni, oʻq-dorilarni, harbiy-texnika buyumlarini hamda harbiy qismning kundalik xoʻjalik, madaniy-maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlarini bajarishga moʻljallangan mashinalar taalluqlidir.
5.2.1. Jinoyat kodeksining 298-moddasi nazarda tutgan jinoyatning muqarrar alomati — yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklar natijasida odamlarning halok boʻlishi yoki ularga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish kabi muayyan zararning kelib chiqishidir. Hayot va sogʻliqqa zarar yetkazish ushbu jinoyat tarkibi bilan qamrab olingan va u shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi moddalar bilan qoʻshimcha tavsiflashni talab qilmaydi.
“Boshqa oqibatlar”ga ancha miqdordagi moddiy yoki moddiy boʻlmagan zarar kiradi. Moddiy zarar avtomashina, injener qurilmalari va boshqa binolarni yoʻq qilish yoki shikast yetkazishda, chorva mollarining nobud boʻlishi va hokazolarda ifodalanishi mumkin. Moddiy boʻlmagan ogʻir oqibatlar muhim harbiy topshiriqlar, jangovor, harbiy-oʻquv vazifalari yoki boshqa tadbirlarning barbod boʻlishida ifodalanishi mumkin.
5.2.2. Jangovor, transport va maxsus mashinalarni boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish jinoyatini unga oʻxshash boshqa jinoyatlardan ajratish lozim.
Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining baʼzi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. Jinoyat kodeksining 298-moddasi boʻyicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda oʻrnatilgan va jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan harbiy xizmatni oʻtash tartibidir. Jinoyat kodeksining 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. Jinoyat kodeksining 298-moddasida koʻrsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovor, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovor, maxsus yoki transport boʻlmagan mashinada va harbiy xizmatchi boʻlmagan shaxs esa, jangovor, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat Jinoyat kodeksining 266-moddasi tarkibi alomatlariga toʻgʻri keladi.
Agar transport vositalarining texnik holati yoki ulardan foydalanishga masʼul shaxs texnik jihatdan nosoz boʻlgan jangovor, maxsus yoki transport mashinalarni foydalanish uchun chiqarib yuborsa va bu Jinoyat kodeksining 262-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarsa, bu holat Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflashni talab qilmaydi, chunki ushbu qilmish Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olingan.
Jinoyat kodeksining 298-moddasi jangovor, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan barcha oqibatlarni, jumladan, bir necha odamlarning halok boʻlishini ham nazarda tutadi. Shuning uchun bir necha odamlarning oʻlimiga olib kelganlik alomati mavjudligining oʻzi qilmishni Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflash uchun asos boʻlmaydi.
Boshqarish qoidalarini buzgan shaxs tomonidan ayni paytda jabrlanuvchiga yordam koʻrsatmaslik Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi doirasidan tashqariga chiqadi va Jinoyat kodeksining 117-moddasi bilan qoʻshimcha tavsiflashni talab qiladi.
5.2.3. Jinoyatning subyekti — jangovor, maxsus yoki transport mashinasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan yoki uni bevosita boshqaradigan harbiy xizmatchi boʻladi. Qoidabuzarni boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishda uning shtat boʻyicha haydovchi boʻlish-boʻlmasligining va mashinani boshqara olish-olmasligining ahamiyati yoʻq. Instruktor nazorati ostida oʻquv mashinasida boshqarishni oʻrganayotgan harbiy xizmatchini Jinoyat kodeksining 298-moddasida nazarda tutilgan jinoyat uchun javobgarlikka tortib boʻlmaydi. Bunday holda harakat xavfsizligini taʼminlash instruktorga yuklatilgan boʻlib, aynan u boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgardir.
5.3. Uchish yoki uchishga tayyorgarlik koʻrish qoidalarini buzish harbiy texnikadan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar tarkibiga kiradi.
Mazkur jinoyatning obyekti — Qurolli Kuchlarda oʻrnatilgan uchish va uchishga tayyorgarlik koʻrish tartibidir. Shuning uchun ham ushbu jinoyat uchun javobgarlik, faqat uchish apparatini havoda boshqarish vaqtida yoki koʻtarilish-qoʻnish yoʻlagidagi harakat chogʻida — koʻtarilish yoki qoʻngandan soʻng dvigatel toʻxtashigacha boʻlgan vaqtda — uchish apparatini boshqarish qoidalarini buzish, shuningdek, mashinani va ekipajni uchish oldidan tayyorlash qoidalarini buzgandagina yuzaga kelishi mumkin. Mashinaning havoga koʻtarilishi yoki qoʻnishi bilan bogʻliq boʻlmagan hodisalar ushbu modda bilan javobgarlikka tortishga asos boʻla olmaydi va boshqa jinoyat tarkibini tashkil etishi mumkin.
Uchish apparatlariga Qurolli Kuchlarga tegishli boʻlgan samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan samolyotlar va planerlar kiradi.
5.3.1. Jinoyat kodeksining 299-moddasi halokat yoki boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi.
Halokat deganda harakatlanayotgan uchish apparatining unda uchayotgan ekipaj aʼzolaridan, koʻchirilayotgan boʻlinma shaxsiy tarkibidan yoki havo kemasida boʻlgan boshqa shaxslardan birortasining halok boʻlishiga sabab boʻlgan buzilishi yoki shikastlanishi tushuniladi.
Boshqa ogʻir oqibatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
havo kemasida boʻlgan shaxslarning badaniga ogʻir shikast yetkazilishi;
uchish apparatining erga qulab tushishi yoki majburan qoʻnishi natijasida erdagi odamlarning halok boʻlishi yoki ularning badaniga ogʻir shikast yetkazilishi;
avariya, yaʼni samolyotga uning toʻla yaroqsiz holga kelishiga sabab boʻlgan darajada shikast yetkazilishi;
mashinalarning ularni taʼmirlash uchun anchagina moddiy xarajatlar talab qiladigan darajada buzilishi;
havo kemasining halokati, qulashi yoki majburan qoʻnishi chogʻida davlat, shuningdek, harbiy mulkning yoki shaxsiy mulkning nobud boʻlishi yoki ularga katta miqdorda zarar yetkazilishi.
5.3.2. Uchish qoidalarini buzish kemani boshqarishda yoʻl qoʻyilgan xatoliklar, belgilangan moʻljal yoki yoʻl boshqaruvining yoʻqotilishi, shoʻngʻish holatidan chiqishda kechikish, qoʻnish joyiga yetib kelmasdan yoki u erdan oʻtib ketib qoʻnish, shassini toʻliq tushirmasdan erga qoʻnish, qoʻnayotganda pasayish tezligini oshirish va hokazolar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Uchishga tayyorgarlik koʻrish qoidalarini buzish ekipaj aʼzolarini uchishga tayyorlash va ruxsat berish qoidalarini bajarmaslik yoki mashinaning oʻzini uchishga tayyorlash qoidalariga rioya qilmaslik bilan bogʻliqdir (bemor uchuvchining uchishi, meditsina koʻrigidan oʻtmaslik, mashinani texnik nosozliklar bilan uchishga chiqarish va hokazolar).
Jinoyat tarkibi uchun xos muqarrar alomat — yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlik bilan uning oqibatlari oʻrtasidagi sababiy bogʻlanishning mavjudligidir.
5.3.3. Jinoyat kodeksining 299-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti — zimmasiga uchish yoki uchishga tayyorgarlik koʻrishni taʼminlashga oid maxsus vazifa yuklatilgan harbiy xizmatchilar boʻlishlari mumkin. Uchish rahbari, havo kemasining qoʻmondoni, uchuvchi, bort muhandisi, shturman va boshqalar ham javobgarlikka tortilishlari mumkin.
5.4. Harbiy mulkni behuda sarflash, yoʻqotish yoki ishdan chiqarish jinoyatining obyekti — harbiy nizomlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar va buyruqlarda qayd etilgan harbiy mulkdan foydalanish va uni asrab avaylash tartibidir. Bu tartibga rioya qilish qurol-yarogʻlarning, jangovar va boshqa texnikadan, anjomlar, kiyim-kechak va boshqa mulkdan toʻgʻri foydalanish va ularni ehtiyot qilishni taʼminlaydi.
Harbiy mulk harbiy xizmatchilarga shaxsiy ehtiyoj yoki xizmatda foydalanishi uchun beriladi. Shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanishga faqat kiyim-kechaklar va anjomlar, xizmatda foydalanish uchun esa — qurol, oʻq-dori, harakatlanish vositalari va hokazolar beriladi.
5.4.1. Jinoyat kodeksining 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni koʻzda tutadi.
Kiyim-kechak va anjomlar ofitserlar tarkibida boʻlgan shaxslarga, praporshiklarga, michmanlarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy mulk sifatida beriladi. Shuning uchun ham bu shaxslar tomonidan ushbu ashyolarning kimgadir berib yuborilishi, yoʻqotilishi yoki ularga shikast yetkazilishi uchun javobgarlik koʻzda tutilmagan.
Muddatli xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga, ofitserlarga, praporshiklarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga inventar sifatida berilgan anjomlar harbiy qismning mulki hisoblanadi. Ularning birovlarga oʻtkazilishi behuda sarflash jinoyatining emas, davlat mulkini talon-toroj qilish jinoyatining tarkibini tashkil qiladi.
5.4.2. Jinoyat kodeksining 295-moddasidan farqli oʻlaroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki boʻlib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning oʻzida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi.
Behuda sarflash kiyim-kechak va anjomlarni sotish, garovga qoʻyish yoki boshqa shaxsga foydalanish uchun berishda ifodalanadi. Behuda sarflashning muqarrar belgisi — shaxsiy foydalanish uchun berilgan kiyim-kechak yoki anjomlarning harbiy xizmatchi egaligidan chiqib, oʻzga shaxsning noqonuniy egaligiga oʻtishidir.
Behuda sarflangan harbiy mulk doimo davlat mulki boʻlib qolganligi uchun, har qanday vaziyatda u noqonuniy egalikdan tortib olinadi va, agar uning qaytarilishining iloji boʻlmasa, uning qiymati bir necha karra miqdorida aybdordan undiriladi.
Subyektiv tomondan behuda sarflash aybning toʻgʻri qasd shaklida sodir etiladi. Aybdor oʻziga shaxsiy foydalanish uchun berilgan buyumni sotayotganini, birovga foydalanish yoki garovga berayotganini anglaydi va buni xohlaydi.
Kiyim-kechak yoki anjomlarni yoʻqotish yoki ularni ishdan chiqarish, shuningdek, aybning ehtiyotsizlik shakli — jinoiy oʻz-oʻziga ishonish yoki jinoiy beparvolik bilan sodir etiladi.
5.4.3. Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishning atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etilishi (yoqish yoki choʻktirib yuborish va hokazolar) Jinoyat kodeksining 296-moddasi bilan qamrab olinadi va kodeksning 173-moddasi bilan qoʻshimcha tavsiflashni talab etmaydi.
Harbiy mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish baʼzida shikastlangan mulkning qandaydir qismini oʻgʻirlash bilan birga sodir etiladi. Mazkur harakatlar mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish va davlat mulkini oʻgʻirlash sifatida jinoyatlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Jinoyat kodeksining 296-moddasida koʻrsatilgan jinoyat toʻgʻri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qoʻyadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga, bila-turib, yoʻl qoʻyadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi.
Agar shaxs oʻz harakati bilan harbiy mulkni yoʻq qilayapman deb oʻylasayu, haqiqatda esa mulk harbiy boʻlmasa, qilmish harbiy mulkni nobud qilishga suiqasd deb baholanishi lozim.
Jinoyatning haqiqiy sababini (motivini) aniqlash katta ahamiyatga ega. Agar harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish )Oʻzbekiston Respublikasiga ziyon yetkazish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, bunday harakatlar davlatga qarshi jinoyat — diversiya (Jinoyat kodeksining 161-moddasi)ni tashkil etadi.
6. Sudlar jazo tayinlashda alohida yondashuv toʻgʻrisidagi qonun talabiga qatʼiy rioya qilishlari, uni har doim sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatidan, harbiy xizmatchining shaxsi hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlardan kelib chiqqan holda qoʻllashlari shart.
Sudlarga tushuntirilsinki, sudlanuvchiga jazo turini tayinlash paytida uni hukm chiqarilgunga qadar belgilangan tartibda harbiy xizmatdan boʻshatilganligini va shaxsini hisobga olib, unga nisbatan JKning 46-moddasida koʻrsatilgan axloq tuzatish ishlari jazosini qoʻllash huquqiga ega.
Uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JK ning 47-moddasida koʻrsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat yoki ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat boʻyicha cheklash jazolarini qoʻllash huquqiga ega.
Harbiy yoki maxsus unvonga ega boʻlgan shaxslarni ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat uchun sudlash chogʻida, sud har doim Jinoyat kodeksining 52-moddasiga asosan ularni bunday unvondan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunlarning sudlar tomonidan toʻgʻri va aniq qoʻllanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borsinlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish chorasini koʻrsinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
2000-yil 15-sentabr,
23-son