toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektr energetika tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli taʼminlash maqsadida:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turkiya Respublikasining “CENGIZ ENERJI SAN.VE TIC A.Ş.” (keyingi oʻrinlarda — Investor) va “Cenergo” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) bilan “Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) amalga oshirilishi rejalashtirilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida 2023-yil 14-sentabrda Investitsiya shartnomasi imzolanganligi hamda unga muvofiq Investor va Loyiha kompaniyasi:
Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 500 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) 2023-yil 14-sentabrda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim hamda 2024-yil 18-sentabrda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning ushbu bitimda belgilangan huquq va majburiyatlarini “Oʻzenergosotish” AJga oʻtkazish orqali qayta rasmiylashtirish haqidagi qoʻshimcha bitim (keyingi oʻrinlarda — Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim) imzolanganligi va shunga muvofiq:
(1-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 2,0 mln AQSH dollari miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etishi;
Oldingi tahrirga qarang.
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;
(1-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzenergosotish” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
2. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Loyiha kompaniyasi hamda Investor oʻrtasida imzolangan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin;
Oldingi tahrirga qarang.
Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
3. Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida elektr energiyasini sotib olish uchun toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan va milliy valyutada toʻlanadigan qatʼiy tarif boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqini Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilarga:
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni majburiy ekspertiza oʻtkazmagan holda tanlab olishga va shartnomalar tuzishga;
“Oʻzenergosotish” AJga Investitsiya loyihasi maqsadlari uchun tabiiy gaz yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga;
“Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el bankining xorijiy valyutada tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Suv xoʻjaligi vazirligi va “UzGasTrade” AJ, “Oʻztransgaz” AJ “Oʻzenergosotish” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻzda tutilgan hajm va parametrlarga muvofiq, Loyiha kompaniyasi ehtiyojlari uchun tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzolanishini taʼminlasin.
Bunda, Suv xoʻjaligi vazirligi va “UzGasTrade” AJ, “Oʻztransgaz” AJning shartnomalar shartlariga muvofiq tabiiy gaz va texnik suv yetkazib bermasligi natijasida “Oʻzenergosotish” AJ tomonidan Loyiha kompaniyasiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan barcha turdagi jarima va boy berilgan foyda summasini toʻlab berish majburiyati yuzasidan, agar shartnomada boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, tabiiy gaz va texnik suv yetkazib beruvchilar “Oʻzenergosotish” AJ oldida qonunchilikka muvofiq regress tartibida javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiya loyihasi doirasida barpo etiladigan elektr stansiyasini tabiiy gaz bilan ishonchli va uzluksiz taʼminlash maqsadida tabiiy gaz taʼminoti infratuzilmasini barpo etish bilan bogʻliq xarajatlarning Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
8. Loyiha kompaniyasiga Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda quyidagi huquqlar berilsin:
kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet el banklarida bank hisobvaraqlarini ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
9. Investitsiya loyihasi doirasida elektr stansiyasini barpo qilish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlarni loyihalashtirish normalari va qoidalari Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim qoidalariga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilsin.
10. Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tanlab olingan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududidagi 9,54 gektar yer uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi “Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-267-son qaroriga asosan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Jizzax viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Investitsiya loyihasi doirasida bugʻ-gaz elektr stansiyasi hamda havo elektr uzatish tarmoqlari quriladigan yer uchastkalarining aniq chegarasini aniqlasin;
bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish uchun zarur oʻlchamdagi yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishini taʼminlasin hamda Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin;
havo elektr uzatish tarmoqlari oʻtadigan yer uchastkalariga, shuningdek, qurilish davrida vaqtincha foydalaniladigan 2 gektar (9,54 gektardan) yer uchastkasiga Yer kodeksi va Shaharsozlik kodeksi asosida ommaviy servitut belgilasin.
Energetika vazirligi mazkur bandga asosan doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkasini bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish uchun Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga Loyiha kompaniyasiga ijaraga berilishini taʼminlasin.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
Loyiha kompaniyasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovidan) ozod qilinsin;
Loyiha kompaniyasi tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Investitsiya loyihasi doirasida qurilish ishlarining sifatli bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatsin.
12. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasi buyurtmanoma (ariza)siga binoan jalb qilingan:
Tashqi ishlar vazirligi — xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar vazirligi — pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini (muddati uzaytirilishini);
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy mutaxassislarga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
13. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi majburiyatlarini bajarishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
14. Adliya vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
15. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi “Jizzax viloyatida quvvati 450 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-267-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 8-noyabr,
PQ-361-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2023-y., 07/23/361/0838-son; 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)