Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlarini manfaatli hamkorlikka yanada keng jalb qilish va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 7-iyuldagi 279-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurashish jarayonini yanada takomillashtirish hamda bunga tadbirkorlik subyektlarini manfaatli hamkorlik asosida yanada kengroq jalb qilish maqsadida “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, ushbu jarayonlarda tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha qulayliklar yaratishda yuqoridagi dasturni amalga oshirish boʻyicha masʼul rahbarlar tarkibiga tegishli aniqliklar kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 12-iyundagi PF-93-son
Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, dastur bilan qamrab olinadigan tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 7-iyuldagi 279-son
qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosarlariga “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 200 tadan ortiq ish oʻrni yaratadigan tadbirkorlik subyektlari bilan “hamkorlik shartnomasi”ni tuzish huquqini berish;
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibiga tegishli aniqliklar kiritish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
1. 1-ilovaning
matnidagi “Bosh vazirining oʻrinbosari” soʻzlari “Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri” soʻzlari bilan, “Sh. Kudbiyev — iqtisodiyot va moliya vaziri” soʻzlari “I. Norqulov — iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-ilovaning 7-bandi
toʻrtinchi xatboshisi “Iqtisodiyot va moliya vaziri” soʻzlaridan keyin “yoki ularning birinchi oʻrinbosarlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.