toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soliq organlari tomonidan ayrim soliq hisobotlarini shakllantirish tartibi joriy etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Respublikada soliq siyosatini takomillashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, soliq yukini izchil kamaytirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan soliq islohotlari doirasida Xorazm viloyatida tajriba tariqasida ayrim soliq turlari boʻyicha soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda hisoblab chiqarish va shakllantirish imkoniyati yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, soliq toʻlovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 81-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchining soliq hisoboti uning tanloviga koʻra soliq organlari tomonidan tuzilishi mumkinligi belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 7-sentabrdagi PF-6307-son Farmoniga muvofiq Xorazm viloyatida soliq toʻlovchilarning qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksiz soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan hisoblab chiqarilishi va shakllantirilishi boʻyicha tajriba oʻtkazilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qarorida Xorazm viloyatida oʻtkazilgan tajribadan kelib chiqib, ayrim soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan hisoblab chiqarish va shakllantirish imkoniyatini kengaytirish choralarini belgilash nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
2024-yil 1-yanvardan boshlab soliq toʻlovchilarning tanloviga koʻra qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantirish tartibini joriy etish;
sotuv cheklarini rasmiylashtirishdagi texnik xatoliklarga tuzatish kiritish muddatini keyingi soliq hisobotlarini topshirish davriga qadar uzaytirish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlariga tuzatishlar kiritish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-oktabr,
548-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-oktabrdagi 548-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 20-noyabrdagi 736-son qarorida:
toʻrtinchi xatboshidagi “3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin” soʻzlari “3-ilovaga muvofiq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Soliq toʻlovchining tanloviga koʻra soliq organlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 31-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
3, 5, 64, 67, 68, 70, 75, 76 va 82-bandlardagi “davlat soliq” va “Davlat soliq” soʻzlari tegishlicha “soliq” va “Soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
10-banddagi “Davlat soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat soliq qoʻmitasi)” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilovaning 2 — 5 va 7 — 11-bosqichlari “Tadbirlar” va “Subyektlar” ustunlaridagi “YSTBHDSI”, “davlat soliq” va “Davlat soliq” soʻzlari tegishlicha “YSTBHSI”, “soliq” va “Soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-bandning ikkinchi xatboshisi, 5, 7, 9 va 10-bandlaridagi “Davlat soliq” soʻzlari tegishlicha “Soliq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2, 3 va 4-ilovalarning matnidagi “davlat soliq inspeksiyasi” soʻzlari “soliq inspeksiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-ilovadagi “DSI” qisqartmasi “soliq inspeksiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) quyidagi mazmundagi 31-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi 736-son qaroriga
31-ILOVA
Soliq toʻlovchining tanloviga koʻra soliq organlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom soliq toʻlovchilarning tanloviga koʻra soliq organi tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq (qatʼiy belgilangan summadagi soliqni toʻlashga oʻtgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno) hamda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlarining soliq hisobotini (keyingi oʻrinlarda — soliq hisoboti) shakllantirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari soliq toʻlovchining tashabbusi bilan yoki soliq tekshiruvlari natijasida qayta aniqlashtirilgan soliq hisobotlarini shakllantirish va taqdim etish holatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliq toʻlovchining tashabbusi bilan yoki soliq tekshiruvlari natijasida qayta aniqlashtirilgan soliq hisobotlarini shakllantirish va taqdim etish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ichki manbalar — soliq toʻlovchilar taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlar, oʻtkazilgan xronometraj, soliq monitoringi, koʻzdan kechirish va soliq tekshiruvi natijalariga oid soliq organlarining axborot tizimlarida, shuningdek, elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat-kassa texnikasi, elektron toʻlov cheklari, soliq organlarining “E-imtiyoz” dasturi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan maʼlumotlar;
tashqi manbalar — Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (keyingi oʻrinlarda — Soliq kodeksi) va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq organlariga maʼlumotlar taqdim etish majburiyati yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maʼlumotlari;
soliq toʻlovchining tanlovi — tegishli soliq hisobotlarini oʻz xohishi yoki soliq organlari tomonidan shakllantirishga (tuzishga) nisbatan boʻlgan huquq;
soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti — ichki va tashqi manbalar asosida soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda shakllantirilgan, joriy soliq davri uchun soliq toʻlovchilar va soliq agentlarining soliq majburiyatlarini aniqlashga asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar.
2-bob. Soliq organlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirish tartibi
3. Soliq hisobotlarining koʻrsatkichlari ichki va tashqi manbalar maʼlumotlari asosida soliq turlari kesimida shakllantiriladi.
Bunda mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemada nazarda tutilgan muddatlarga qadar hisobotni topshirgan soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetiga qayta shakllantirilgan hisobot yuborilmaydi.
4. Ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan manbalardan tashqari soliq hisobotlarini shakllantirish uchun zarur koʻrsatkichlar soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetlaridagi interaktiv xizmatlar orqali shakllantiriladi.
5. Soliq hisobotlarida keltirilgan satr maʼlumotlari hamda ichki va tashqi manbalar maʼlumotlari asosida avtomatik tarzda shakllangan koʻrsatkich raqamlari formula orqali aniqlanadi.
6. Yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida tanlagan soliq turidan kelib chiqqan holda, qoʻshilgan qiymat soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliq hisoboti soliq organlari tomonidan shakllantiriladi.
7. Soliq kodeksining 268-moddasiga asosan hisobga oʻtkazilishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi soliq toʻlovchining tanloviga koʻra alohida-alohida usulda va (yoki) mutanosib usulda aniqlanadi.
Bunda soliq hisoboti mutanosib usul boʻyicha soliq organi tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda alohida-alohida usulni tanlash va koʻrsatkichlarni kiritish imkoniyati yaratiladi.
8. Mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha soliq davrida soliq bazasida (hisoblab chiqarilgan soliq summasi) oʻzgarish boʻlganda yoki soliq boʻyicha majburiyatlar yuzaga kelganda, shuningdek, yangi mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, yuridik shaxslar Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etadi.
9. Mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan ushbu soliq turlari boʻyicha soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etilganlar uchun shakllantiriladi.
3-bob. Soliq organi tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini soliq toʻlovchi tomonidan tasdiqlash tartibi
10. Soliq hisobotlarini soliq organlari tomonidan shakllantirish, soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuborish ushbu Nizomga ilovadagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Soliq toʻlovchi yoki uning vakolatli vakili soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotining toʻgʻriligi va toʻliqligini tasdiqlaydi yoxud eʼtirozlari mavjud boʻlsa, soliq hisobotini qayta ishlaydi va soliq organlariga taqdim etadi.
4-bob. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotiga oʻzgartirishlar kiritish
12. Soliq organlari tomonidan ushbu Nizomning 3-bandiga asosan shakllantirilgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasining kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan holatlar yuzaga kelganda, notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlar va (yoki) xatolar aniqlangan, shuningdek, soliq toʻlovchining hisob hujjatlariga koʻra soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarda yoki soliq bazasida farq yuzaga kelgan taqdirda, soliq toʻlovchi tomonidan ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlar kiritiladi va hisobot soliq organlariga taqdim etiladi.
13. Soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik soliq toʻlovchining yoki soliq agentining zimmasiga yuklanadi.
Bunda soliq organlari soliq hisobotining shakllantirilishi hamda rasmiylashtirilishi yuzasidan soliq toʻlovchiga batafsil tushuntirish berishi shart.
14. Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chogʻida soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti bilan soliq organidagi yangilangan maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq toʻlovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organlariga aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi lozim.
5-bob. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari
15. Soliq toʻlovchilar:
ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan manbalardan tashqari soliq hisobotlarini shakllantirish uchun zarur boʻlgan koʻrsatkichlar raqamlarini soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetlaridagi interaktiv xizmatlar orqali hisobot oyidan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay kiritishi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanishi uchun soliq imtiyozlarini soliq organlarining axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq imtiyozlarining har bir turiga maxsus identifikatsiya kodi asosida hisobga olishi lozim, tovar (xizmat)larga berilgan imtiyozlar bundan mustasno;
soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlari toʻgʻriligi va toʻliqligi boʻyicha tasdiqlagandan soʻng ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelganda, zarur tuzatishlar kiritmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
6-bob. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini qabul qilish tartibi
16. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlarini soliq hisobotini topshirishning Soliq kodeksida belgilangan muddatidan kechiktirilmagan holda, soliq toʻlovchilar tomonidan shaxsiy kabineti orqali tasdiqlashi lozim.
17. Soliq toʻlovchilarga soliq organlari tomonidan tuzilgan soliq hisobotlari qabul qilinganligini shaxsiy kabineti orqali aniqlash imkoniyati yaratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Soliq organlari soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlarning toʻgʻri hisoblanishi va oʻz muddatlarida toʻlanishining toʻgʻriligini nazorat qiladi.
19. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlari ushbu Nizomning 11-bandiga asosan soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan muddatlarda tasdiqlash yoki qayta ishlangan soliq hisobotini taqdim etish taʼminlanmagan hollarda, soliq toʻlovchini qonunchilik hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etmaydi.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Soliq toʻlovchining tanloviga koʻra soliq organlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Soliq organi tomonidan soliq hisobotini shakllantirish hamda soliq toʻlovchilar tomonidan soliq hisobotini tasdiqlash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Soliq organlari

Quyidagi soliq turlari boʻyicha ichki va tashqi manbalar asosida kelib tushgan maʼlumotlarni umumlashtiradi:

Hisobot davridan keyingi oyning 11-sanasiga qadar

qoʻshilgan qiymat soligʻi;

aylanmadan olinadigan soliq;

mol-mulk va yer soligʻi;

Joriy soliq davrining 15-yanvariga qadar

qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yer soligʻi boʻyicha.

Joriy soliq davrining 10-apreliga qadar

2-bosqich

Soliq organlari

Soliq hisobotlarini shakllantiradi.

Maʼlumotlar umumlashtirilgandan soʻng 1 kun ichida

3-bosqich

Soliq organlari

Shakllantirilgan soliq hisobotini soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Soliq hisobotlari shakllantirilgandan soʻng 1 kun ichida

4-bosqich

Soliq toʻlovchi

Soliq organi tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini tasdiqlaydi.

Shaxsiy kabinetiga soliq hisoboti kelib tushgandan soʻng

Eʼtirozlar mavjud boʻlganda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va soliq organlariga taqdim etadi.

shu soliq turi boʻyicha hisobot topshirish muddatida

”.

2. Vazirlar Mahkamasining “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarorida:
2-bandning beshinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-banddagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
381-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“381. Ilgari amalga oshirilgan hisob-kitoblarga oʻzgartirishlar kiritish zarur boʻlgan hollarda, foydalanuvchi tomonidan tuzatuvchi kassa cheki shakllantiriladi.
Tuzatuvchi kassa cheki foydalanuvchi tomonidan ilgari onlayn-NKMdan foydalanmasdan hisob-kitob qilgan hollarda, onlayn-NKMdan foydalanish majburiyatining bajarilishini taʼminlash maqsadida yoki onlayn-NKMdan ushbu Nizom talablari buzilgan holda foydalanilganda shakllantiriladi.
Kassa chekiga mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi identifikatsiyalash kodlari, mahsulotning (tovar, xizmat) oʻlchov birligi, soni va summasi boʻyicha tafovut aniqlangan oydagi qoʻshilgan qiymat soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliqlar boʻyicha soliq toʻlovchilar uchun tegishincha soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarigacha tuzatish kiritilishi mumkin, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 257-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
b) 1a-ilovaga ilovadagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2-ilova 6-bandining yigirma toʻrtinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2 va 12-bandlardagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ilovadagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-banddagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-ilovadagi “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-ilovadagi Arizada “Davlat soliq qoʻmitasi” soʻzlari “Soliq qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2023-y., 09/23/548/0786-son)