toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolarni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish maqsadida “E-auksion” elektron savdo platformasida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
buyurtmachi va talabgorning (ishtirokchining) huquq va majburiyatlari, buyurtmani yaratish va joylashtirish;
narxni oshirib borish tamoyili asosida savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani joylashtirish, savdolarni va takroriy savdolarni o‘tkazish;
narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkaziladigan savdolarda hisob-kitob qilish;
e’lon qilingan narxda sotish;
savdolar obyektini topshirish va qabul qilish.
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom talablari xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish hamda ijaraga berishga, shuningdek, mazkur Nizomning elektron tanlov o‘tkazish qismi dehqon xo‘jaligini yuritish va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini elektron tanlov orqali ijaraga berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish, shuningdek, dehqon xo‘jaligini yuritish va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini elektron tanlov orqali ijaraga berish tartibi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari bilan belgilanadi”.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
540-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 16-oktabrdagi 540-son qaroriga
ILOVA
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari budjet tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar, to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulklarini, shuningdek, davlatga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni sotish hamda ijaraga berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“E-auksion shop” elektron savdo do‘koni (keyingi o‘rinlarda — elektron do‘kon) — xususiy mulkdorlar mulklarining elektron savdolarini tashkil etish va o‘tkazishni ta’minlaydigan “E-auksion” elektron savdo platformasidagi (keyingi o‘rinlarda — savdo platformasi) elektron do‘kon;
buyurtmachi — o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan savdolar obyektini elektron do‘kon orqali sotish yoki ijaraga berish uchun buyurtma yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek, mulkdorning ishonchnomasi orqali uchinchi shaxs (budjet tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar, to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar bundan mustasno);
elektron onlayn-savdolar (keyingi o‘rinlarda — savdolar) — elektron do‘kon orqali mulkdorning xohishiga ko‘ra savdolar obyektining narxini oshirib borish tamoyilida yoki e’lon qilingan narxda sotish orqali o‘tkaziladigan elektron savdo usuli;
lot — buyurtmachi tomonidan sotish yoki ijaraga berish uchun elektron do‘konga qo‘yilgan savdolar obyekti;
operator — elektron do‘konda savdoni tashkil etish va o‘tkazish vakolatiga ega yuridik shaxs — “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ;
savdolar obyekti — elektron do‘kon orqali sotiladigan xususiy mulkdorlarga tegishli mol-mulklar, shu jumladan, ijaraga beriladigan ko‘chmas mulk, maxsus texnika va avtotransport vositalari (oziq-ovqat mahsulotlari, tez buziladigan tovarlar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar, termik ishlov berilmagan, shu jumladan, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolar, alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik moddalari, pestitsidlar va agroximikatlar, kimyoviy moddalar va zaharlar, dori vositalari hamda diniy mazmundagi materiallar bundan mustasno);
savdo qadami — savdolar obyekti boshlang‘ich narxiga nisbatan belgilanadigan foiz;
savdo ishtirokchisi (keyingi o‘rinlarda — ishtirokchi) — elektron do‘kon orqali savdoda ishtirok etish uchun elektron ariza bergan yuridik yoki jismoniy shaxs;
savdo platformasidagi texnik uzilish — savdo jarayonida bir yoki bir nechta ishtirokchining qatnashishini yoki mazkur Nizom talablari asosida operatorning xizmat ko‘rsatish imkoniyatini cheklaydigan savdo platformasidagi, shu jumladan, elektron do‘kondagi texnik nosozliklar;
talabgor — savdolarda ishtirok etish istagini bildirgan va operatorning savdo platformasida ushbu Nizom bilan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xabarnoma — elektron do‘konda muayyan lot bo‘yicha savdo o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
xaridor — e’lon qilingan narx bo‘yicha savdolar obyekti qiymatini to‘liq to‘lagan talabgor;
shaxsiy kabinet — buyurtmachi yoki ishtirokchiga savdo platformasidagi savdolarda buyurtma berish, ularda qatnashish, shaxsiy hisobvaraqni boshqarish, uning holati va boshqa statistik ma’lumotlarni ko‘rish hamda operator tomonidan yuborilayotgan xabarlar bilan tanishib borish imkonini beruvchi savdo platformasining maxsus bo‘limi.
3. Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish bo‘yicha elektron savdolarni tashkil etish hamda o‘tkazish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Savdolar ushbu Nizom talablariga muvofiq elektron do‘konda buyurtmachining buyurtmasi asosida quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkaziladigan elektron onlayn-savdo orqali;
e’lon qilingan narxda sotish orqali.
5. Savdolarni tashkil etish hamda o‘tkazish doirasida operator quyidagi majburiyatlarni zimmasiga oladi:
savdolarni belgilangan tartibda va vaqtda tashkil etish va o‘tkazish;
elektron do‘konda savdolar inson omili aralashuvisiz o‘tkazilishini ta’minlash.
6. Savdoda ishtirok etish uchun buyurtmachi va talabgor savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tadi.
Savdo platformasidan ro‘yxatdan o‘tishda buyurtmachi va talabgorning pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, STIRi, yuridik manzili, bank rekvizitlari, buyurtmachi va talabgor rahbari (yoki vakolatli shaxs)ning pasport yoki ID-karta ma’lumotlari hamda aloqa ma’lumotlari ko‘rsatiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish va shaxsni identifikatsiya qilish ma’lumotlarni to‘ldirib ularni elektron raqamli imzo (keyingi o‘rinlarda — ERI) yoki savdo platformasida yaratilgan maxsus identifikatsiyalash imkoniyati yordamida tasdiqlangandan so‘ng amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlari markazlari yoki onlayn tarzda (masofadan turib) rasmiy axborot resurslari orqali elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
7. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida buyurtmachi va talabgor savdolar o‘tkazish tartibi bilan tanishgani, savdo platformasining, shu jumladan, elektron do‘konning o‘ziga xos jihatlari va tartib-taomillarini qabul qilganligi to‘g‘risida operator bilan elektron savdolarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha elektron shartnoma (oferta)ni ERI yoki maxsus identifikatsiyalash imkoniyati orqali imzolaydi.
Savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs savdoni o‘tkazish uchun buyurtma bera olmaydi va savdolarda ishtirok eta olmaydi.
Ro‘yxatdan o‘tgan buyurtmachi va talabgorga savdo platformasida shaxsiy kabinet ochiladi.
8. Savdolarda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlang‘ich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi (e’lon qilingan narxda sotish bundan mustasno).
2-bob. Buyurtmachi va talabgorning (ishtirokchining) huquq va majburiyatlari
9. Buyurtmachi operator bilan elektron do‘konda savdolar o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzishga haqli.
10. Buyurtmachi quyidagilarga majbur:
savdolar obyektini elektron do‘konga joylashtirgan vaqtdan boshlab mol-mulkning butligi va soz holatda saqlanishini ta’minlash;
savdolar obyektini talabgorga (ishtirokchiga) ko‘rsatish uchun sharoit yaratish;
savdolar obyektini g‘olibga (xaridorga) zarar yetkazilmagan holda topshirish;
ma’lumotlarning haqiqiyligini ta’minlash.
11. Talabgor (ishtirokchi) quyidagi huquqlarga ega:
operator bilan elektron do‘konda sotib (ijaraga) olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzish;
savdolar obyektini sotib (ijaraga) olishdan avval borib ko‘rish va savdolar obyektiga oid ma’lumotlar bilan tanishish;
savdolar obyektiga oid e’tirozlar mavjud bo‘lganda, sotib (ijaraga) olgunga qadar ushbu e’tirozlar yuzasidan buyurtmachiga murojaat qilish.
12. Talabgor (ishtirokchi) savdo platformasi va/yoki elektron do‘kon orqali o‘tkaziladigan savdolarda qatnashish bo‘yicha tuziladigan shartnoma shartlarini bajarishga majbur.
13. Operator savdolar obyektini saqlash, topshirish-qabul qilish jarayonida ishtirok etmaydi va uning oqibatlari uchun javobgar hisoblanmaydi.
3-bob. Buyurtmani yaratish va joylashtirish tartibi
14. Savdolar obyekti savdolarga buyurtmachi tomonidan savdo platformasi orqali yuborilgan buyurtma asosida chiqariladi.
15. Buyurtmaga quyidagi ma’lumotlar va hujjatlar ilova qilinadi:
savdolar o‘tkazish shakli (narxni oshirib borish yoki e’lon qilingan narxda);
savdolar obyekti nomi;
savdolar obyektining boshlang‘ich narxi (e’lon qilingan narxda sotishda baholangan narxi);
savdolar obyektini tavsiflovchi (ko‘chmas mulkda — yer va qurilish maydoni, maxsus texnika, avtotransport hamda maishiy texnika vositalarida — texnik xususiyatlari va boshqalar) ma’lumotlar va hujjatlar;
buyurtmachining manzili va telefon (mobil, mavjud bo‘lganda — statsionar) raqami;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat (kamida 3 ta) va geolokatsiyasi;
savdolar obyektiga bo‘lgan egalik huquqini belgilovchi hujjatlar (ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat);
ijaraga berilganda — ijaraga berish muddati;
sertifikatlanishi shart bo‘lgan tovarlar bo‘yicha — muvofiqlik sertifikatlari;
hisob-kitob qilish tartibi;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
operator tomonidan taqdim etilishi so‘ralgan savdo obyektiga taalluqli boshqa hujjatlar.
16. Agar buyurtmaga ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlar kiritilmagan va/yoki hujjatlar ilova qilinmagan, buyurtmachi mazkur Nizomda buyurtmachi uchun belgilangan mezonlarga nomuvofiqligi haqida ma’lumot kelib tushgan bo‘lsa, operator buyurtmani olgan kunidan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay buyurtmani savdo platformasi orqali buyurtmachiga qaytaradi. Buyurtmachi operator tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, buyurtmani qayta yuborishga haqli.
17. Buyurtmachi buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangunga (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingunga) qadar savdo platformasi orqali elektron so‘rov berish yo‘li bilan savdodan olishi mumkin. Bunda, savdodan olish avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Savdolarda narx tasdiqlangandan (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingandan) so‘ng elektron so‘rov qabul qilinmaydi va savdoni o‘tkazish tartib-taomillari davom ettiriladi.
Buyurtmachi buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangunga (savdolar obyekti sotib yoki ijaraga olingunga) qadar savdo platformasi orqali elektron so‘rov berish yo‘li bilan savdodan olish holatlari 2-marta takrorlangan taqdirda, operator hisobiga:
3-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
5-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;
7-martadan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida buyurtmachidan qo‘shimcha to‘lov undiriladi.
Bunda mazkur to‘lovni undirish to‘g‘risidagi ogohlantirish buyurtmachi o‘z buyurtmasini qaytarib olish istagini bildirgan vaqtda unga savdo platformasi orqali ma’lum qilinadi.
4-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkaziladigan savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani joylashtirish
18. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtma va unga ilova qilingan ma’lumot hamda hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq deb e’tirof etilgan taqdirda, operator buyurtmani olgan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani elektron do‘konda e’lon qiladi.
Operator buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning va unga ilova qilingan hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgar hisoblanmaydi.
19. Tegishli lot bo‘yicha savdolar boshlanganidan so‘ng elektron do‘konda savdolar boshlanganligi haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda e’lon qilinadi.
Elektron do‘konda savdolar yakunlangandan so‘ng savdolar yakunlangan vaqt va uning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda e’lon qilinadi.
20. Xabarnoma quyidagilarni o‘z ichiga olishi zarur:
savdolar o‘tkaziladigan sana;
lot raqami, undagi savdo obyektlari soni va nomlanishi;
lotning boshlang‘ich narxi;
boshlang‘ich narxga nisbatan foiz ko‘rinishida ifodalangan savdo qadami;
zakalat pulining boshlang‘ich narxga nisbatan foiz ko‘rinishida va qat’iy summada ifodalangan miqdori;
buyurtmachining manzili va telefon (mavjud bo‘lganda mobil) raqami;
savdolar obyektini tavsiflovchi ma’lumotlar;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
ijaraga berilganda ijaraga berish muddati;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat va geolokatsiyasi;
hisob-kitob qilish tartibi.
Operator tomonidan elektron do‘konda savdo o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma e’lon qilingandan keyin savdo o‘tkazish shartlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Buyurtmachi tomonidan buyurtmani savdolardan olish hamda savdolar o‘tkazish shartlari o‘zgartirilgan holda buyurtmani qayta yuborish holatlari bundan mustasno.
21. Operator tomonidan savdo platformasida savdolar o‘tkazish qoidalari bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.
5-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida savdolar o‘tkazish tartibi
22. Ishtirokchilarning savdolarda ishtirok etish bo‘yicha arizalari elektron do‘konda xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab savdolar yakunlangunga qadar avtomatik tarzda qabul qilinadi.
Ishtirokchi o‘z arizasini savdolar yakunlangunga qadar chaqirib olishga va takroran yuborishga haqli, savdolar jarayonida oxirgi va oxiridan oldingi narx tasdiqlagan ishtirokchilar bundan mustasno.
23. Operator barcha ishtirokchilar uchun savdolarga kirishish va qatnashishda imkoniyatlar tengligini ta’minlaydi.
Ishtirokchilarga savdoda ishtirok etish uchun shaxsiy raqamlar beriladi.
24. Savdolarda ishtirok etish uchun arizalar berish va savdolar jarayonida ishtirokchilar to‘g‘risida ma’lumotlar elektron do‘konda aks ettirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
25. Savdolar xabarnomada keltirilgan kun va vaqtda boshlanadi.
26. Savdolar har bitta lot uchun alohida o‘tkaziladi.
27. Savdolar kamida ikki nafar ishtirokchi mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi.
28. Boshlang‘ich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi.
29. Savdo qadami:
birinchi to‘rtta qadamda — savdolar obyekti boshlang‘ich narxining 5 foizi miqdorida;
beshinchi va undan keyingi qadamlarda — savdolar obyekti boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Boshlang‘ich narxi xabarnoma joylashtirish paytida bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan yuqori bo‘lgan savdolar obyekti realizatsiya qilingan taqdirda, savdoning barcha qadami savdolar obyekti boshlang‘ich narxining 2 foizi miqdorida belgilanadi.
30. Savdolar elektron do‘konda xabarnoma e’lon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar o‘tkaziladi.
31. Savdolar ishtirokchilardan lotni uning boshlang‘ich narxidan bir savdo qadamiga oshirilgan narxda sotib olish (ijaraga olish) bo‘yicha taklifni tasdiqlashni so‘rashdan boshlanadi.
32. Agar lot narxini oshirish bo‘yicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi savdoni o‘tkazish vaqti yakunlanishiga o‘n daqiqadan kam qolganda amalga oshirgan bo‘lsa, savdolarni o‘tkazish vaqti oxirgi taklif tasdiqlangan paytdan boshlab keyingi o‘n daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif savdoni o‘tkazish vaqtini o‘n daqiqadan uzaytirib boradi.
Agar oxirgi tasdiqlangan taklifdan so‘ng o‘n daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bo‘yicha taklif ishtirokchilarning birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi.
33. Oxirgi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi savdo g‘olibi deb topiladi.
Buyurtmachi ixtiyoriga ko‘ra (buyurtma va xabarnomada ko‘rsatilgan tartibda) lot qiymati to‘liq yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Savdo g‘olibiga tasdiqlangan lot qiymati to‘liq (buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra, bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablag‘) u tomonidan to‘langanidan so‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmay savdo natijalari to‘g‘risidagi QR-kodli (matrik shtrixli kod) bayonnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi orqali sotilgan (ijaraga berilgan) savdolar obyektining to‘liq qiymati savdo g‘olibi va buyurtmachi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan to‘lanadi.
34. Bayonnoma savdo g‘olibi va buyurtmachining shaxsiy kabinetlariga elektron shaklda yuboriladi.
Qiymati to‘liq to‘langan savdo obyektlari bo‘yicha bayonnoma oldi-sotdi (ijara) shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, mulk va mulkiy huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
Qiymati bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan savdo obyektlari bo‘yicha bayonnoma oldi-sotdi (ijara) shartnomasini tuzish uchun asos hisoblanadi.
Bunda shartnomalarni notarial tasdiqlash talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Savdo g‘olibidan bir qadam past narx taklifini tasdiqlagan ishtirokchi zaxiradagi g‘olib deb e’tirof etiladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Savdo g‘olibi belgilangan muddatda lotni sotib (ijaraga) olishdan bosh tortsa yoki lot qiymatini muddatida yoxud bo‘lib-bo‘lib to‘lashda mablag‘ operator xizmat haqini yetarli to‘lamasa, operator keyingi ish kunidan kechiktirmay zaxiradagi g‘olibga u tasdiqlagan narxda lotni sotib olishni (ijaraga olishni) taklif qiladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Lot qiymatini to‘liq (buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablag‘) to‘lagan zaxiradagi g‘olib savdo g‘olibi deb topiladi va unga keyingi ish kunidan kechiktirmay savdo natijasi to‘g‘risida bayonnoma taqdim etiladi.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
38. Savdo platformasida texnik uzilish sodir bo‘lgan hollarda savdolar vaqtincha to‘xtatiladi hamda bu haqda ishtirokchining shaxsiy kabineti, elektron pochta manzili va/yoki mobil telefon raqamiga xabar yuboriladi hamda ushbu savdo texnik uzilish bartaraf qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da oxirgi tasdiqlangan narxdan bir qadam oshirilgan narxni taklif etishdan davom ettiriladi.
To‘xtatilgan lot bo‘yicha savdo ishtirokchisi davom ettiriladigan savdo ishtirokchisi sifatida uning shaxsiy kabineti, elektron pochta manzili va/yoki mobil telefon raqami orqali xabardor qilinadi. Ishtirokchi xabar bilan o‘z vaqtida tanishmaganligi uchun operator javobgar hisoblanmaydi.
Texnik uzilishni bartaraf etish davrida ishtirokchi tomonidan o‘z tasdiqlangan takliflari qaytarib olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishtirokchining kompyuter va (yoki) telekommunikatsiya jihozlarida texnik uzilish bo‘lganda, bu holat savdo platformasidagi texnik uzilish deb hisoblanmaydi va savdo davom ettiriladi.
39. Savdolar quyidagi hollarda o‘tkazilmagan deb topiladi:
savdolarda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmagan bo‘lsa;
savdolar kuni ishtirokchilar tomonidan bironta ham taklif tasdiqlanmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
mazkur Nizomning 42-bandida belgilangan tartibda savdo g‘olibi va zaxiradagi g‘olib tomonidan tasdiqlangan lot qiymati belgilangan muddatda to‘lanmasa.
(39-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Savdolar o‘tkazilmagan deb topilganda, savdolar obyekti mazkur Nizomda belgilangan tartibda takroriy savdoga chiqariladi.
6-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida takroriy savdolar o‘tkazish tartibi
40. Takroriy savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma savdolar o‘tkazilmagan deb topilgandan so‘ng avtomatik tarzda elektron do‘konga joylashtiriladi.
Bunda takroriy savdolar savdolar o‘tkazilmagan deb topilgan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 dan 18:00 ga qadar o‘tkaziladi.
Dastlabki savdolar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan boshlab 30 kalendar kun davomida sotilmagan (ijaraga berilmagan) savdo obyektlari avtomatik tarzda buyurtmachiga qaytariladi.
Qaytarilgan buyurtma buyurtmachining qayta savdolarga chiqarish to‘g‘risidagi so‘roviga asosan takroriy savdolarga chiqarilishi mumkin.
41. Savdolar obyekti buyurtmachiga qaytarilganda buyurtmachining so‘roviga ko‘ra savdolar obyektini takroriy savdolarga chiqarish mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-bob. Narxni oshirib borish tamoyili asosida o‘tkaziladigan savdolarda hisob-kitob qilish va zakalat pulini qaytarish tartibi
42. Savdo g‘olibi lot qiymatini qoida tariqasida uch ish kunidan kechiktirmay to‘laydi. Buyurtmachi ixtiyoriga ko‘ra lot qiymati to‘liq to‘lanadigan savdolarda ushbu muddat savdolarga qadar xabarnomada e’lon qilish orqali uzog‘i bilan o‘n ish kuniga qadar kechiktirib belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Zaxiradagi g‘olibga sotib olish (ijaraga olish) bo‘yicha taklif kelib tushgan kundan boshlab lot qiymatini to‘lash uchun uch ish kunlik (buyurtmachi tomonidan boshqa muddat belgilangan holatlar bundan mustasno) muddat beriladi.
(42-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Oldingi tahrirga qarang.
43. Belgilangan muddatlarda to‘lovlarni to‘lamagan savdo g‘olibi (zaxiradagi g‘olib)ning zakalat miqdori qaytarilmaydi.
(43-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
Qaytarilmagan zakalat miqdori operator tasarrufida qoladi.
44. Savdolarni tashkil etish va o‘tkazish xizmatlari uchun operator savdolar obyektining sotilgan (ijaraga berilgan) qiymatidan 1 foiz miqdorida xizmat haqi oladi.
45. Ishtirokchi tomonidan savdo platformasi orqali ariza chaqirib olingan taqdirda, operatorga xabarnoma yuborish hamda ishtirokchining so‘roviga ko‘ra zakalat summasi ishtirokchining bankdagi hisobvarag‘iga (plastik kartasiga) qaytarilishi savdo platformasi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
46. Savdolar boshlangandan so‘ng oxirgi va oxiridan oldingi narxni tasdiqlagan ishtirokchining arizasi va kiritgan zakalati qaytarib olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
47. Zakalat puli ishtirokchining savdo platformasidagi shaxsiy hisobvarag‘iga kirim qilinadi, bunda uning so‘roviga ko‘ra bankdagi hisobvarag‘i (plastik kartasi)ga savdolar yakunlangan deb topilgan kundan so‘ng quyidagi tartibda qaytariladi:
Oldingi tahrirga qarang.
zaxiradagi g‘olibga — savdolar yakunlangandan so‘ng g‘olib tomonidan lot qiymati to‘langandan boshlab uch ish kuni ichida;
(47-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)
qolgan ishtirokchilarga — savdolar yakunlangan yoki o‘tkazilmagan deb topilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida.
Ishtirokchiga zakalat puli qaytarilganda bank hisobvarag‘i (plastik karta raqamlari) noto‘g‘ri ko‘rsatilganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra to‘lov operatorning bank hisobvarag‘iga qaytib tushgan taqdirda, operator ishtirokchini bu haqda savdo platformasi orqali ogohlantiradi. Bunda zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisobvarag‘iga biriktiriladi. Ishtirokchi bank hisobvarag‘i (plastik karta) raqami to‘g‘ri ko‘rsatilgan holda zakalat pullarini qaytarish yuzasidan so‘rov yuborishi mumkin.
8-bob. E’lon qilingan narxda sotish tartibi
48. Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtma va unga ilova qilingan ma’lumot hamda hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq deb e’tirof etilgan taqdirda, operator buyurtmani olgan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay savdolar obyekti sotilishi (ijaraga berilishi) to‘g‘risidagi e’lonni elektron do‘konda joylashtiradi.
Bunda, ko‘chmas mulk, maxsus texnika va avtotransport vositalari, shuningdek, savdolar obyektining e’lon qilingan narxi buyurtma qabul qilingan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan yuqori bo‘lgan savdo obyektlari e’lon qilingan narxda sotish tartibi qo‘llanilmaydi.
Operator buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning va unga ilova qilingan hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgar hisoblanmaydi.
49. E’lon buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra belgilangan muddat va/yoki sotilgunga (ijaraga berilgunga) qadar elektron do‘konga joylashtiriladi.
50. E’lon quyidagilarni o‘z ichiga olishi zarur:
savdolar obyekti nomi;
savdolar obyektining e’lon qilingan narxi (ijara narxi);
buyurtmachining manzili va telefon (mavjud bo‘lganda mobil) raqami;
savdolar obyektini tavsiflovchi ma’lumotlar;
buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan qo‘shimcha ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
ijaraga berilganda ijaraga berish muddati;
savdolar obyekti joylashgan manzil, fotosurat va geolokatsiyasi;
hisob-kitob qilish tartibi.
51. Talabgor savdolar obyektini e’lon qilingan (ijara) narxini elektron do‘konda operatorga to‘liq (buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan hollarda operator xizmat haqiga yetarli mablag‘) to‘lash orqali sotib (ijaraga) oladi.
Bunda talabgorning shaxsiy kabinetida savdolar obyektini sotib (ijaraga) olishga yetarli pul mablag‘lari mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi orqali sotilgan (ijaraga berilgan) savdolar obyektining to‘liq qiymati savdo g‘olibi va buyurtmachi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan to‘lanadi.
52. Savdolar obyektining e’lon qilingan narxi (ijara narxi) to‘langandan so‘ng xaridorga operator tomonidan keyingi ish kunidan kechiktirmay bayonnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
9-bob. Savdolar obyektini topshirish-qabul qilish tartibi
53. Savdolar natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari operatorning maxsus hisobvarag‘ida yig‘iladi va savdo g‘olibi (xaridor) tomonidan shaxsiy kabineti orqali savdolar obyektini qabul qilib olganligini tasdiqlaganidan so‘ng ular buyurtmachi hisobvarag‘iga (operator xizmat haqi chegirilgan holda) o‘tkaziladi.
Savdo g‘olibi (xaridor) lot rekvizitlarida ko‘rsatilgan barcha parametrlarga to‘liq mos keluvchi savdolar obyektini qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, taraflar (g‘olib, buyurtmachi va operator)ning kelishuviga asosan to‘langan pul mablag‘lari ushbu Nizomda belgilangan tartibda (operator xizmat haqi chegirilgan holda) savdo g‘olibiga (xaridorga) qaytariladi. Bunda buyurtma operator tomonidan buyurtmachiga avtomatik tarzda qaytariladi.
Taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda, ushbu nizoli masala sud tartibida ko‘rib chiqiladi.
Nizoli masala hal etilmagunga qadar savdo g‘olibi (xaridor) tomonidan to‘langan pul mablag‘lari operatorning maxsus hisobvarag‘ida saqlanadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
54. Buyurtmachi lotda ko‘rsatilgan savdo obyekt(lar)ini to‘liq va but holatda saqlash, savdo jarayoni yakunlangandan hamda xaridor tomonidan tegishli to‘lovlar amalga oshirilgandan keyin bir ish kunidan oshmagan muddatda xaridorga topshirilishini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi.
55. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasi.
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Xususiy mulkdorlar buyurtmasi asosida ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish va ijaraga berish bo‘yicha savdolar o‘tkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Buyurtmachi

(o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan savdo obyektini elektron do‘kon orqali sotish yoki ijaraga berish uchun buyurtma yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek, mulkdorning ishonchnomasi orqali uchinchi shaxs)

1. Buyurtmachi elektron savdo platformasidan ro‘yxatdan o‘tishi.

1. Elektron buyurtma berish sanasiga qadar.

2. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ (keyingi o‘rinlarda — operator) bilan xususiy mulkdorlarning mulklari bo‘yicha “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish, ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga shartnoma tuzish.

2. Elektron buyurtma berish sanasiga qadar.

3. Obyektni “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish uchun operatorga elektron buyurtma berish.

3. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida joylashtirilgunga qadar.

2-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

1. “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali savdo o‘tkazilishi haqida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koniga xabarnoma joylashtirish.

1. Buyurtma olingan kundan keyingi ikki ish kunidan kechiktirmay.

2. Talabgorlardan ariza qabul qilish.

2. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida e’lon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

3-bosqich

Talabgor

(jismoniy va yuridik shaxslar)

1. Savdo platformasidan ro‘yxatdan o‘tish va savdo qoidalari, savdo platformasining tartib-taomillarini qabul qilgani yuzasidan elektron shartnoma imzolash.

1. “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali savdoda ishtirok etish uchun ariza berish sanasiga qadar.

2. Shaxsiy hisobvaraqni zakalat pulini o‘tkazishga talab etiladigan miqdordagi pul mablag‘lari bilan to‘ldirish.

2. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron do‘konida e’lon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

3. Ariza yuborish.

3. Xabarnoma “E-auksion shop” elektron do‘konida e’lon qilingan kundan boshlab savdo yakunlangunga qadar.

4. Ishtirokchi shaxsiy kabineti orqali zakalat pulini to‘lashi.

4. “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali savdoda ishtirok etish uchun ariza berguniga qadar.

4-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

Savdo “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida avtomatik tarzda o‘tkaziladi.

Savdo xabarnoma elektron do‘konda e’lon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlab, besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar.

5-bosqich

Savdo g‘olibi

Lot qiymatini to‘lash.

Uch ish kuni ichida to‘lovni to‘liq amalga oshirish.

6-bosqich

Operator

(“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ)

1. Savdo natijalari operatorning savdo platformasida e’lon qilish.

1. Savdo yakunlanishi bilan.

2. QR-kodini qo‘llash savdo natijalari to‘g‘risidagi elektron bayonnomani rasmiylashtirish.

2. Lot qiymati (operator xizmat haqiga yetarli mablag‘) to‘langandan so‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmay.

3. Bayonnomani savdo g‘olibining va Buyurtmachining kabinetiga yuborish.

3. Bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng.

4. Kelib tushgan pul mablag‘larini taqsimlash.

4. Savdo g‘olibi tomonidan obyekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng uch ish kuni ichida.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.10.2023-y., 09/23/540/0777-son; 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)