toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda turistik imkoniyatlardan samarali foydalanish, ushbu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga sharoitlar yaratish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish, shuningdek, isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, turizm sohasiga mahalliy va chet el investitsiyalarini jalb etish samaradorligini oshirish, xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, madaniy aloqalarni yanada kengaytirish hamda monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirish talab etilmoqda.
Boʻstonliq tumanining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish, hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va yangilash, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxi asossiz oshirilishining oldini olish, shuningdek, mamlakatimiz madaniyati va sanʼatini, turizm salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish va uni targʻib qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasining “TURKSOY tuzilmasi va faoliyat koʻrsatish prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomani (Olma-ota, 1993-yil 12-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamgʻarmasini “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi boshqaruviga oʻtkazish;
Madaniyat vazirligini Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)ga aʼzolik boʻyicha majburiyatlarini bajarish uchun masʼul etib belgilash;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarining keskin tebranishi davrida ularning asossiz oshirilishining oldini olish yuzasidan qoʻshimcha vakolatlar berish;
davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi aʼzolarini ragʻbatlantirish va ijro organi aʼzolari mehnatiga haq toʻlash tartibini takomillashtirish.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-sentabr,
PF-164-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PF-164-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi “Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6053-son Farmonida:
a) 2-band “a” kichik bandining davlat tilidagi matnidagi “erkin turistik” soʻzlari “turistik-rekreatsion” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma 2023-yil 10-oktabrga qadar “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi boshqaruviga oʻtkazilsin”;
ikkinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshidagi “yer uchastkalarini” soʻzlari “yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 4-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) Turizm qoʻmitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamgʻarmasining (“chiqish turizmi” yoʻnalishi boʻyicha turizm faoliyatini amalga oshiruvchi turoperator va turagentlar tomonidan zaxira qilinadigan mablagʻlar bundan mustasno) vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda koʻrsatilgan maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi PF-101-son Farmonining 16-bandi va Farmonga 9-ilovaning 26-pozitsiyasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-145-son Farmonining 6-bandi “a” kichik bandida:
birinchi va beshinchi xatboshilardagi “asosiy oziq-ovqat mahsulotlari” soʻzlari “ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “oziq-ovqat mahsulotlarining” soʻzlari “ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoni bilan tasdiqlangan Raqamlashtirish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 50-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

50.

2024-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berish choralarini koʻrish. Bunda:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi

-

Elektron tijorat sohasini rivojlantirish orqali savdo aylanmasi hajmini oshirish, shuningdek, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish uchun sharoit yaratiladi.

1) ayrim qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasi, shuningdek, ushbu tartibni amalga oshirish uchun zaruriy mexanizmlarni joriy etishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;

2023-yil noyabr

2) qonun va normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2023-yil dekabr

”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-son qaroriga 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-son qaroriga
1-ILOVA
“Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi maʼmuriy kengashi
TARKIBI

1.

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Maʼmuriy kengash raisi

2.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri, Maʼmuriy kengash raisi oʻrinbosari

3.

Sh.J. Toʻxtaboyev

Bosh prokuror �rinbosari

4.

B.I. Zakirov

qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri

5.

B.F. Islamov

togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri

6.

Sh.D. Kudbiyev

Soliq qoʻmitasi raisi

7.

F.J. Pulatov

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori

8.

J.H. Babajanov

Toshkent viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari

9.

J.I. Axmedov

Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani hokimi

10.

U.R. Shadiyev

Turizm qoʻmitasi raisi, Maʼmuriy kengash masʼul kotibi

Izoh:
Maʼmuriy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Maʼmuriy kengash raisiga Maʼmuriy kengash tarkibiga yangi aʼzolarni kiritish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralar ekspertlari va mutaxassislarini jalb qilish huquqi beriladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PQ-4756-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlarni bajarishga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxatida:
a) 21-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

21.

Madaniyat vazirligi

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarining gumanitar hamkorligi boʻyicha davlatlararo jamgʻarmasi

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)

”;

b) 48-pozitsiyaning “Toʻlovchilar nomi” ustunidagi “Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va “yashil” oʻsishni taʼminlash boʻyicha harakatlar rejasi 61-pozitsiyasining “Ijro muddati” ustunidagi “2023-yil iyul” soʻzlari “2023-yil dekabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2023-y., 06/23/164/0737-son)