toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini yanada soddalashtirish, sanoat korxonalarining xomashyo taʼminotini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
Shuningdek, respublikamiz eksport salohiyatini oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda kelgusida ularni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish muhim omillardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-392-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-392-son qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxati tegishli texnologik asbob-uskunalarni kiritish hisobidan kengaytirilishi;
Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga qoʻshimcha vakolatlar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilsin:
import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar roʻyxatini kengaytirish;
Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi funksiyalarini kengaytirish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-sentabr,
482-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 482-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 6-oktabrdagi 601-son qarorida:
a) nomi va 1-bandning birinchi xatboshisidagi “Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi” soʻzlari “Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
nomi va 1-banddagi “Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi” soʻzlari “Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandning “v” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“respublika hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritilgan, biroq ishlab chiqarilganiga 3 yildan koʻp boʻlgan ayrim texnologik uskunalar roʻyxatini faqat bojxona bojidan ozod qilish sharti bilan tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportchi korxonalarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 7-sentabrdagi PF-6306-son Farmoni 3-bandining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan norma kelib chiqish sertifikati asosida ham qoʻllaniladigan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlarni belgilash;
muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida belgilangan tartibda olish sharti bilan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mahsulotlarning bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladigan holatlar roʻyxatini (import qiluvchining kafolat xati asosida) tasdiqlash”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxati:
a) 581 va 74-pozitsiyalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

581.

8413810000

Nasoslar

...

...

...

74.

8414805100

Hajmli qaytma-ilgarilanma kompressorlar

;

b) quyidagi mazmundagi 1471 va 1472-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

1471.

8426120000

Gʻildirakli, harakatlanadigan koʻtarma fermalar va portal yuk ortgichlar

1472.

8426200000

Minora kranlari

;

v) quyidagi mazmundagi 1531 — 1536-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

1531.

8428208001

Toʻqimachilik tolalarini transportirovka qilish uchun pnevmatik koʻtargichlar va konveyrlar

1532.

8428208009

Boshqa pnevmatik koʻtargich va konveyerlar

1533.

8428320000

Tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa kovshli elevator va konveyerlar

1534.

8428330000

Tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa tasmali elevator va konveyerlar

1535.

8428392000

Tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa rolikli konveyerlar

1536.

8428399009

Tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa elevatorlar va konveyerlar

;

g) quyidagi mazmundagi 4501-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

4501.

8472300000

Pochta joʻnatmalarini saralash, taxlash yoki konvertlarga joylash yoki oʻrab bogʻlash uchun mashinalar, pochta joʻnatmalarini ochish, yopish yoki muhrlash uchun mashinalar hamda pochta markalarini yopishtirish yoki hisobdan chiqarish uchun mashinalar

;

d) quyidagi mazmundagi 4761-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

4761.

8478100000

Tamaki tayoqchalari (stiklari)ni ishlab chiqarish uchun uskuna

;

e) quyidagi mazmundagi 5201 va 5202-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

5201.

8501630000

Oʻzgaruvchan tok generatorlari (nominal chiqish quvvati 375 kVA dan 750 kVA gacha)

5202.

8501640000

Oʻzgaruvchan tok generatorlari (nominal chiqish quvvati 750 kVA dan yuqori)

;

j) quyidagi mazmundagi 5381-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

5381.

8515190000

Yuqori haroratli payvandlash uchun boshqa mashina va apparatlar

;

z) quyidagi mazmundagi 5611-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

5611.

8704109000

Yoʻlsiz sharoitlarda foydalanish uchun moʻljallangan, elektromexanik transmissiyaga ega (dizel va elektr dvigatellari oʻrnatilgan), yuk koʻtarish quvvati 50 tonnadan yuqori boʻlgan yuk mashinasi (avtomobil-samosval)

;

i) quyidagi mazmundagi 6771-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

6771.

9406903100

Issiqxona uchun uskuna va jihozlar

;

k) izoh qismi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu roʻyxatga kiritilgan va ishlab chiqarilganiga 3 yildan koʻp boʻlgan ayrim texnologik asbob-uskunalarning roʻyxati faqat ularni bojxona bojidan ozod qilish sharti bilan Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/482/0717-son)