toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Tashqi reklama va ijtimoiy axborotni joylashtirish sohasini tizimli tartibga solish, mazkur yo‘nalishda qat’iy nazorat o‘rnatish, tashqi reklama bozorining ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratib, mulk daxlsizligini ta’minlash hamda sohaga oid munosabatlarni raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:
tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi;
davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarda yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron onlayn-auksion yakunlari bo‘yicha to‘lov hamda tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun yig‘im o‘rniga miqdori ochiq elektron auksion savdolari orqali belgilanadigan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im (keyingi o‘rinlarda — yig‘im) joriy etiladi;
davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalarida, bino hamda inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joyining pasporti hamda ularni o‘rnatish uchun shartnomalar ommaviy oferta shaklida “E-auksion” elektron savdo platformasining yagona elektron savdo maydonchasida auksion g‘olibiga avtomatik tarzda beriladi;
xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda hamda transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasporti O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) axborot tizimi orqali beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 702-sonli “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
2. Tashqi reklamani joylashtirish sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklamani joylashtirish sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishiga mas’ul etib belgilansin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tomonidan taqdim etilgan namunaviy tartib asosida tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazish tartibini tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hamda Qo‘mita bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda, tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazsin;
tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) belgilangan tartiblarga muvofiq o‘rnatilganligi ustidan doimiy nazoratni ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tashqi reklama sohasiga oid vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida zaruratga ko‘ra 2024-yil 1-martga qadar tegishli mahalliy budjetlardan, 2024-yil 1-martdan boshlab ularning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmalarini tashkil etish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki:
a) amal qilish muddati belgilanmagan reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar uchun 2024-yil 1-dekabrgacha va yer uchastkalari uchun 2030-yil 1-dekabrgacha etib belgilansin. Bunda mazkur qoida quyidagi talablarga javob beradigan tashqi reklama obyektlariga tatbiq etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan oxirgi besh yil muddat uchun qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda yoki mavjud qarzdorlikni 9 oy muddatda har oyning 10-sanasigacha teng miqdorda bo‘lib to‘lash sharti bilan qoplash majburiyatini olganda. Bunda qarzdorlikni teng miqdorda bo‘lib to‘lash summasi har bir konstruksiya uchun Toshkent shahrida 100 BHMdan, qolgan hududlarda 50 BHMdan oshgan qarzdorlikka nisbatan birinchi to‘lovni qarzdorlik summasidan kamida 30 foiz miqdorida amalga oshirish sharti bilan qo‘llaniladi. Pasportlar bekor qilinganda, amalga oshirilgan to‘lovlar qaytarilmaydi;
(5-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-martdagi 165-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.03.2024-y., 09/24/165/0251-son)
reklama joyining pasporti va texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi mavjud bo‘lganda;
reklamadan xoli hududlarda joylashtirilmaganda, jamoat transporti to‘xtash bekatlari bundan mustasno;
reklama joylashtirish huquqni belgilovchi hujjatlarning elektron nusxalari taqdim qilinganda;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) ilgari berilgan reklama joyining pasport egalari tomonidan 2024-yil 1-dekabrga qadar ularni yangi shakldagi reklama joyining pasportiga almashtirish uchun YIDXP axborot tizimi orqali ariza topshiriladi.
Belgilansinki, ilgari berilgan reklama joyining pasportlari yangi shakldagi reklama joyining pasportiga almashtirilmaganda, ushbu pasportlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-yil 1-dekabrga qadar:
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish va ulardan foydalanish qoidalari hamda ularni o‘rnatish chizmalari tasdiqlanishini ta’minlasin;
Qo‘mita bilan birgalikda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun shartnoma ommaviy ofertasining namunaviy shaklini ishlab chiqsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — elektron tizim) ishga tushirilishini ta’minlasin.
Bunda:
elektron tizimni joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash uchun — Departament;
elektron tizim ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun — Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul va javobgar hisoblanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda elektron tizim joriy etilishiga “Raqamli hudud” dasturi doirasida Departament huzurida tashkil etiladigan hududiy loyiha ofislari mas’ul etib belgilansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmalari Departament huzuridagi hududiy loyiha ofislari bilan birgalikda elektron tizimni yuritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tashqi reklama joyining pasportlarini rasmiylashtirish va berish (imzolash) vazifasi yuklangan vakolati mansabdor shaxsi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari qarorlariga asosan belgilanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
8. Belgilansinki:
elektron tizimni ishga tushirish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash Departamentning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
elektron tizim “E-auksion” elektron savdo platformasi va YIDXP axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
elektron tizimdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Qo‘mita, Departament, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida bepul foydalaniladi;
tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklama joyining pasportini tekshirish imkonini beruvchi maxsus QR-kod bo‘lishi shart;
davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan ushbu yer uchastkalari bo‘yicha alohida yer ijarasi shartnomasi tuzilmaydi;
davlat mulki bo‘lgan bino-inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo orqali) soliq organlarining “E-Ijara” axborot tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama tuziladi.
Bunda 2023-yil 1-dekabrdan boshlab ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ma’muriy markazlarida 10 foizi hamda boshqa hududlarda 7 foizi miqdorida belgilansin.
9. Belgilansinki, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq elektron auksion savdolariga chiqarishning boshlang‘ich narxi tasdiqlangan yig‘im miqdorida belgilanadi;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-martdagi 165-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.03.2024-y., 09/24/165/0251-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq elektron auksion savdolariga alohida yoki bir nechta obyektlardan iborat lot shaklida qo‘yiladi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-martdagi 165-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.03.2024-y., 09/24/165/0251-son)
yig‘im Toshkent shahrida reklama maydonining (sathining) bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizidan va boshqa hududlarda 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Bunda yig‘im xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlardagi tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun ham tatbiq etiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, yig‘im miqdorini belgilash hamda ularga 0,5 dan 3,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash tavsiya etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) reklamani joylashtirish uchun yig‘im miqdori ularning toifasidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi. Bunda yig‘im miqdori rasman e’lon qilinmagan va kuchga kirmagan taqdirda, mazkur davr uchun yig‘im undirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
(9-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
Oldingi tahrirga qarang.
elektron tizim ishga tushirilgandan boshlab tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq uchun oylik yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar 2-ilovaga muvofiq taqsimlanadi. Bunda yig‘imdan tushumni taqsimlashdan oldin “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun 0,5 foiz miqdordagi to‘lov chegirib qolinadi.
(9-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, 2024-yil 1-dekabrdan boshlab transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) reklamani joylashtirish uchun yig‘im transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini berishda to‘lanadi. Bunda 2024-yil 1-dekabrga qadar berilgan transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportlari uchun yig‘im 2025-yil 1-yanvarga qadar to‘liq to‘lanishi lozim.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son)
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasiga yig‘imni undirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklansin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni.
10. Tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) egalarining axborot xavfsizligi yuzasidan mas’uliyatini oshirish va tashqi reklama sohasini tartibga solish maqsadida quyidagilar joriy etilsin:
tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) siyosiy maqsadlarga mo‘ljallangan axborot faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalarning, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning buyurtmasiga asosan joylashtiriladi;
yo‘l qatnov qismida joylashgan bino va inshootlarning tashqi qismida har qanday turdagi shaxsiy e’lonlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar hamda jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida joylashtirilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan, umumiy maydoni bir kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan e’lonlar tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) sifatida e’tirof etiladi hamda ular uchun belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtiriladi.
11. Ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unga quyidagilar yuklansin:
ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
har yili 1-dekabrga qadar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan keyingi yilda e’lon qilinadigan ijtimoiy axborot dasturini tasdiqlash;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tayyorlangan ijtimoiy axborot joylashtiriladigan joylar va ularning grafigini tasdiqlash;
ijtimoiy axborotni tayyorlash va targ‘ibot jarayonlarini nazorat qilish;
ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborot tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborotni joylashtirish hamda tarqatish tartibini belgilash;
ijtimoiy axborot samaradorligi natijalari yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi komissiyaning ishchi organi etib belgilansin.
12. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijtimoiy axborotni tayyorlash va tarqatish 4-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshirilsin.
13. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijtimoiy axborotni tayyorlash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
a) tele va radiokanallarda namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan ijtimoiy axborot bo‘yicha:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ijtimoiy axborotni tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Kinematografiya agentligi) buyurtma beradi;
buyurtma asosida tayyorlanadigan ijtimoiy axborot ssenariysi muallifi (mualliflar jamoasi) va ssenariyga muvofiq ijtimoiy axborotni tasvirga oluvchi tashkilot alohida tanlov o‘tkazish orqali aniqlanadi;
har bir ijtimoiy axborot uchun Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy axborotning badiiy-g‘oyaviy mazmunini ko‘rib chiquvchi, zarur malaka va bilimga ega besh nafardan ortiq bo‘lmagan tarkibda alohida maslahatchilar guruhi tashkil etiladi. Bunda ushbu maslahatchilar guruhining a’zoligiga ijtimoiy axborotni ishlab chiqarish uchun buyurtma bergan tashkilotdan bir nafar xodim ajratiladi;
buyurtma asosida tayyorlanadigan ijtimoiy axborotning xarajatlar smetasi Kinematografiya agentligi tomonidan belgilangan talablarga mos keladigan auditorlik tashkilotining ekspertizasidan o‘tkaziladi;
ijtimoiy axborot moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarining asosligiga auditorlik tashkilotining xulosasi asosida Kinematografiya agentligi huzurida faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashi baho beradi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar Kinematografiya agentligi tomonidan tayyorlangan ijtimoiy axborotni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan holda qabul qiladi;
b) tashqi reklama orqali yoki veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan ijtimoiy axborot bo‘yicha:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ijtimoiy axborotni tayyorlash bo‘yicha buyurtmalarni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining maxsus axborot portaliga joylashtiradi;
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining maxsus axborot portali orqali ijtimoiy axborot bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan takliflar tanlov asosida tanlab olinadi;
tanlov yakunlari bo‘yicha tanlab olingan ijtimoiy axborotning muallifiga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda pul mukofotlari to‘lab beriladi;
v) ijtimoiy axborotni tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
14. Qo‘mitaning ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborot belgilangan talablar asosida joylashtirilmaganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Qo‘mita uch oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda tashqi reklama orqali yoki veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan ijtimoiy axborotni tanlov asosida tanlab olishni ta’minlovchi maxsus axborot portalini ishga tushirsin.
17. Vazirlar Mahkamasining 5-ilovaga muvofiq ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
18. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Qo‘mita ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.
19. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Sh.Sh. Sharaxmetov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-avgust,
428-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga
1-ILOVA
Tashqi reklamani joylashtirish sohasini rivojlantirishning
MAQSADLI KO‘RSATKICHLARI

T/r

Hududlar nomi

2023 — 2025-yillarda yangi o‘rnatiladigan tashki reklama obyektlarining (konstruksiyalari) prognozi*

2023-yilda

2024-yilda

2025-yilda

Jami

Auksionga chiqariladigan konstruksiyalar soni

YIDXP orqali beriladigan pasportlar bo‘yicha konstruksiyalar soni

Jami

Auksionga chiqariladigan konstruksiyalar soni

YIDXP orqali beriladigan pasportlar bo‘yicha konstruksiyalar soni

Jami

Auksionga chiqariladigan konstruksiyalar soni

YIDXP orqali beriladigan pasportlar bo‘yicha konstruksiyalar soni

LED ekran soni

bilbord soni

LED ekran soni

bilbord soni

LED ekran soni

bilbord soni

JAMI

16 342

4 677

708

2 418

1551

5 856

963

2 950

1943

5 809

805

2 843

2 161

1.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

577

113

23

80

10

145

29

74

42

319

31

223

65

2.

Andijon viloyati

558

149

36

98

15

189

46

123

20

220

60

130

30

3.

Buxoro viloyati

1 344

306

22

86

198

505

38

107

360

533

35

105

393

4.

Jizzax viloyati

208

74

22

42

10

86

32

42

12

48

28

5

15

5.

Qashqadaryo viloyati

526

116

19

87

10

185

24

149

12

225

15

195

15

6.

Navoiy viloyati

152

65

14

36

15

78

18

45

15

9

2

5

2

7.

Namangan viloyati

419

113

22

81

10

156

30

101

25

150

30

90

30

8.

Samarqand viloyati

5 339

1 397

182

460

755

1 729

257

564

908

2 213

362

754

1 097

9.

Surxondaryo viloyati

341

147

47

95

5

123

26

95

2

71

6

60

5

10.

Sirdaryo viloyati

257

73

24

45

4

83

15

62

6

101

16

77

8

11.

Toshkent viloyati

568

211

43

89

79

192

53

104

35

165

50

70

45

12.

Farg‘ona viloyati

566

184

26

133

25

233

24

173

36

149

6

102

41

13.

Xorazm viloyati

239

81

16

50

15

102

21

61

20

56

14

27

15

14.

Toshkent shahri

5 248

1 648

212

1 036

400

2 050

350

1 250

450

1 550

150

1 000

400

* Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 2023-yil 1-dekabrga qadar o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, qonunchilik talablariga javob bermaydigan konstruksiyalarning qayta rasmiylashtirilishi hisobga olinmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga
2-ILOVA
Tashqi reklama obyektini o‘rnatishga bo‘lgan huquq uchun oylik yig‘imlardan tushadigan mablag‘larning
TAQSIMOTI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Foiz

Mablag‘ yo‘naltirilishi

I.

Tashqi reklama obyektini o‘rnatishga bo‘lgan huquq uchun oylik yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar bo‘yicha:

1.1.

Toshkent shahrida:

a.

30 foizi

Toshkent shahar mahalliy budjetiga

b.

20 foizi

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining budjetdan tashqari g‘azna hisobvarag‘iga

v.

20 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga, shundan jami yig‘im summasining 5 foizi — uning huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasiga

g.

10 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga

d.

20 foizi

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga

1.2.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda:

a.

60 foizi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar mahalliy budjetiga, shundan jami yig‘im summasining 10 foizi — Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining budjetdan tashqari

jamg‘armalariga

b.

30 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga, shundan jami yig‘im summasining 5 foizi — uning huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasiga

v.

10 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga

1.3.

Avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida:

a.

25 foizi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetiga, shundan jami yig‘im summasining 10 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga hamda 5 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari maxsus jamg‘armalariga

b.

10 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga

v.

60 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasini rivojlantirish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga

g.

5 foizi

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining budjetdan tashqari g‘azna hisobvarag‘iga

II.

Transport vositalarida joylashtiriladigan tashqi reklamadan tushadigan mablag‘lar (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) bo‘yicha:

a.

60 foizi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetiga, shundan jami yig‘im summasining 10 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga hamda 5 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari maxsus jamg‘armalariga

b.

25 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga

v.

10 foizi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga

g.

5 foizi

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining budjetdan tashqari g‘azna hisobvarag‘iga

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 154-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2026-y., 09/26/154/0331-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga
3-ILOVA
Ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi
KOMISSIYA TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

A.N. Aripov

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya rahbari

2.

A.K. Qodirov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Komissiya rahbari o‘rinbosari (kelishuv asosida)

3.

A.A. Xodjayev

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori, Komissiya o‘rinbosari

4.

Sh.Sh. Shoraxmetov

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi

5.

M.P. Olloyorov

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori

6.

J.T. Mirzamaxmudov

energetika vaziri

7.

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

8.

A.J. Tashkulov

adliya vaziri

9.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri

10.

Sh.R. Xamrayev

suv xo‘jaligi vaziri

11.

A.Sh. Inoyatov

sog‘liqni saqlash vaziri

12.

H.O‘. Umarova

maktabgacha va maktab ta’limi vaziri

13.

A.I. Ikramov

sport vaziri

14.

O.A. Nazarbekov

madaniyat vaziri

15.

B.I. Zakirov

qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri

16.

A.B. Voitov

qishloq xo‘jaligi vaziri

17.

L.Sh. Qudratov

investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri

18.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

19.

M.M. Xodjimatov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori

20.

F.F. Abduxalikov

Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi bosh direktori

21.

A.K. Ko‘chimov

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori

22.

A.J. Xodjayev

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi

23.

Sh.T. Qudratxo‘ja

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi

Izoh. Komissiya a’zosi boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga
4-ILOVA
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijtimoiy axborotni tayyorlash va tarqatish
SXEMASI

Bosqichlar

Mas’ullar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi komissiya

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan e’lon qilinadigan ijtimoiy axborot dasturini tasdiqlaydi.

2023-yil 1-oktabrga qadar,

keyingi yillarda 1-dekabrga qadar

2-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar

1. Ijtimoiy axborotni tayyorlash uchun buyurtma beradi.

2. Tayyor bo‘lgan ijtimoiy axborotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan holda qabul qiladi.

3. Ijtimoiy axborotni ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilarga e’lon qilish (joylashtirish) uchun yuboradi.

Ijtimoiy axborot dasturi tasdiqlangandan so‘ng 30 kun ichida

3-bosqich

Ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar taqdim etgan ijtimoiy axborotni belgilangan grafik asosida tarqatadi.

Komissiya tomonidan belgilangan grafik asosida

4-bosqich

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi

Ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborotni belgilangan talablarda joylashtirilishini nazorat qiladi.

Doimiy ravishda

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 428-son qaroriga
5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 30-avgustdagi 702-son qarorida:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-dekabrdan boshlab:
tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqi “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq elektron auksionlar orqali beriladi;
“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiq elektron auksionlar orqali berilgan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqi uchun shartnomalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yoki ular vakolat bergan tashkilot tomonidan tuziladi;
ijtimoiy reklama ma’lumotini joylashtirishning eng kam muddati har bir tashqi reklama obyekti bo‘yicha hisoblab chiqiladi”;
b) 2 va 3-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
v) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tumanlar (shaharlar)da joylashgan davlat hokimiyati organlari binolari, madaniy-tarixiy va diniy obyektlarda reklamadan xoli hududlarni aniqlashda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ko‘maklashadi”;
g) 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tashqi reklama obyektlari reklama joyining pasporti berilgan kundan e’tiboran olti oy ichida o‘rnatilmagan taqdirda, reklama joyining pasporti bekor qilinadi”;
d) 6-bandidagi “, shu jumladan, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va uning hududiy filiallari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va (yoki) uning hududiy organlaridan” so‘zlari “Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat unitar korxonasidan shartnomaga asosan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
e) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi bosh rejalar, batafsil rejalashtirish loyihalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilgan taqdirda, tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasida ko‘rsatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilish joylariga kiritilishini shuningdek, binolarni qurish (ta’mirlash) bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) shaharsozlik norma va qoidalari talablariga muvofiqligi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli xulosalar berilishini ta’minlaydi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek sirk san’atini yanada rivojlantirish va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 23-yanvardagi 55-son qaroriga ilovaning 11-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida” 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qarorida:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq”;
uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
uchinchi xatboshidagi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamenti 5-ilovaga muvofiq”;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi — oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmalarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 6-ilovaga muvofiq;
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 7-ilovaga muvofiq;
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) demontaj qilish va demontaj qilingan konstruksiyalarni saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
“z” kichik band chiqarib tashlansin;
“d” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) milliy bayramlar, xorijiy davlatlar rahbarlarining davlat tashriflari va boshqa davlat tadbirlariga oid axborot tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilganda, tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im (keyingi o‘rinlarda — yig‘im) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qaroriga binoan joylashtirilgan kunlarga mutanosib ravishda kamaytiriladi”;
“j” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“j) mazkur qaror talablariga muvofiq holda bitta reklama joyida bir nechta tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilganligi yoki ular o‘rtasida oraliq masofaga rioya qilinmaganligi hamda ular turli tadbirkorlik subyektlariga tegishli ekanligi aniqlangan taqdirda, ushbu joyga qayta elektron auksion o‘tkazish orqali faqat bitta reklama joyining pasporti beriladi”;
v) 3, 4 va 5-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
birinchi xatboshidagi “Tumanlar (shaharlar) hokimliklari:” so‘zlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:” so‘zlari bilan almashtirilsin:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi — yettinchi xatboshilar uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan ijtimoiy axborotlar hisobini yuritishni”;
oltinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga” so‘zlari “Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining hududiy organlariga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
d) 7, 8 va 9-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
e) quyidagi mazmundagi 91 — 97-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“91. Belgilansinki, “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — elektron tizim) doirasida:
a) Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita):
elektron tizimga mulk huquqi asosida egalik qiladi va tizim foydalanuvchilaridan kelib tushgan takliflar asosida hamda o‘zining tashabbusi bilan elektron tizimni yanada takomillashtirish va modernizatsiya qilish yuzasidan Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Raqamli rivojlanish departamentiga (keyingi o‘rinlarda — Departament) to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtma beradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining elektron tizimdan samarali foydalanishlarini ta’minlaydi;
tashqi reklama bozori ishtirokchilari, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari hamda elektron tizimning boshqa foydalanuvchilarining elektron tizimdan majburiy foydalanilishi hamda tashqi reklamani joylashtirishni tartibga soluvchi hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarga qat’iy rioya etishini nazorat qiladi;
b) Departament:
elektron tizim operatori sifatida uni ishlab chiqadi, joriy etadi, shuningdek, texnik jihatdan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi;
elektron tizimdagi ma’lumot va axborotlarning to‘liq saqlanishini va uzluksiz ishlashini, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda axborot xavfsizligini ta’minlaydi;
elektron tizimning operatorlik huquqini Qo‘mitaning roziligisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilmaslik choralarini ko‘radi;
Qo‘mitaning buyurtmasi asosida elektron tizimni takomillashtirish choralarini ko‘radi va elektron tizim foydalanuvchilariga doimiy texnik yordam ko‘rsatadi.
92. Belgilansinki, elektron tizim doirasida:
tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) o‘rnatish chizmasidagi joylashuvi, egasi haqidagi, oylik yig‘imlar to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar onlayn elektron bazani yuritish orqali tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) hisobi yuritiladi hamda yagona elektron reyestr shakllantirib boriladi;
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) egalari uchun shaxsiy kabinetlar ochilib, ularning Qo‘mita, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan bo‘ladigan barcha munosabatlari, shu jumladan, reklama eskizlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayoni elektron tizim orqali amalga oshiriladi;
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgarishlar elektron tizimga kiritiladi;
to‘lovlar faqat elektron tizim orqali o‘tkaziladi va ularning billingi yuritiladi;
elektron tizimda real vaqt rejimida tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun ruxsat berish jarayonlarining bosqichlari, faollik holati monitoring qilinadi;
transport vositalarida joylashtiriladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini joylashtirish namunaviy eskizlari va o‘rnatish tartiblari kiritiladi;
elektron tizim orqali berilgan reklama joylarining pasportlari reyestri yuritiladi.
93. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:
a) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmalari, shuningdek, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullangandan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi;
b) tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish hamda unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangandan boshlab 15 kundan keyin kuchga kiradi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish tartibi hamda ularga qo‘yiladigan talablar va texnik reglament tasdiqlangandan so‘ng bir yil ichida tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) belgilangan yangi tartibga moslashtiriladi;
g) tashqi reklama va axborot obyektlariga (konstruksiyalariga) reklamani joylashtirish va reklama joyining pasportida ko‘rsatilgan yer uchastkasidan, binodan yoki inshootdan vaqtincha foydalanish imkoni bo‘lmagan taqdirda, mahalliy hokimliklar yozma ko‘rsatmasiga ko‘ra ushbu obyektni reklama qo‘yilishi to‘xtatilgan va boshlangan oylar uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilgan holda, vaqtincha demontaj qilish tartibi joriy etiladi;
d) yer uchastkasida qurilish ishlari hamda binolar va inshootlarda rekonstruksiya-ta’mirlash ishlari tugallanganidan so‘ng yoki tashqi reklama va axborot obyektining (konstruksiyasining) demontaj qilinishiga sabab bo‘lgan boshqa sabablar bartaraf etilganidan keyin tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) avvalgi joyiga o‘rnatish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, amaldagi tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasidan chiqarib tashlanadi va tegishli reklama joyining pasporti bekor qilinib, ushbu obyekt egasiga uning tanloviga ko‘ra kelgusida elektron auksion orqali olingan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha tegishli muddatga yig‘imni to‘lashdan ozod qilish yo‘li bilan ham kompensatsiya qilinishi mumkin.
94. Toshkent shahar hokimligining tashqi reklamani joylashtirish sohasiga oid vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida Departamentga quyidagi vazifalar yuklansin va vakolatlar berilsin:
davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquqni olish uchun yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida tanlovlar o‘tkazilishi;
reklamaga oid faoliyat subyektlariga tashqi reklama va axborot obyektlaridan (konstruksiyalaridan) foydalanish bilan bog‘liq hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatlarda taqdim etishga doir so‘rov yuborilishi;
qonunchilikka muvofiq tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) reklama joylari pasporti berilishi hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar yer uchastkalariga, binolarga va inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun shartnomalar tuzilishi;
Toshkent shahar hokimining qarori bilan Toshkent shahar hokimligiga tashqi reklama sohasida yuklangan boshqa vazifalar ham amalga oshirilishi mumkin.
95. Belgilansinki:
a) 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:
yig‘im to‘lovlari billing tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga amalga oshiriladi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan reklama joyining pasportini boshqa tadbirkorlik subyektlari nomiga qayta rasmiylashtirish taqiqlanadi;
elektron auksion yakuniga ko‘ra g‘olib deb topilgan ishtirokchi besh ish kunida yig‘imning uch oylik miqdorini oldindan to‘lashi hamda jismoniy shaxs g‘olib deb topilgan taqdirda, belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart;
yagona elektron savdo maydonchasi operatori tomonidan elektron auksion yakuniga ko‘ra g‘olib deb topilgan ishtirokchining nomi, STIRi va boshqa rekvizit ma’lumotlari elektron tizimga avtomatik ravishda yuborilishi shart;
b) video ekranli (elektron displeyli) tashqi reklama obyektlarini masofaviy boshqarish imkoniyatini yaratuvchi platformaga ulanishiga ruxsat beriladi, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ochiq elektron tanlovlar asosida tashqi reklamani masofaviy boshqarish xizmatini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini tanlash huquqi beriladi;
v) ilgari berilgan reklama joyining pasportini yangi shakldagi reklama joyining pasportiga almashtirishda tegishli to‘lov va yig‘imlar bo‘yicha to‘lanmagan qarzdorlik summasi aniqlanganda tegishli davr uchun qarzdorlik Toshkent shahrida reklama maydonining (sathining) bir kvadrat metr uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi va boshqa hududlarda 5 foizi miqdorida hisoblanadi. Bunda Toshkent shahrida yuqori texnologiyali konstruksiyalar (LED ekran) uchun 3 koeffitsiyent va boshqa hududlarda 2 koeffitsiyent qo‘llaniladi;
96. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘z ma’muriy hududi doirasida:
a) yuqori texnologiyali tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) yangi turlarini o‘rnatish hamda ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi;
b) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmalarini, joylashtirish tartibini, oraliq masofalarini, turlari va ularga qo‘yiladigan boshqa talablarni o‘zlari ishlab chiqib tasdiqlaydi va tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) namunaviy to‘plami asosida belgilaydi;
v) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartishlarni o‘zlarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boradi;
g) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun yer uchastkasining tijorat qiymatini aks ettiruvchi hududlarning zonalar bo‘yicha taqsimotini tasdiqlaydi;
d) Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzadi. Bunda:
maxsus ishchi guruhlar kamida olti oyda bir marta barcha turdagi tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazishni hamda joylashtirilgan tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganishni ta’minlaydi;
e) maxsus ishchi guruhlarning bergan xulosalari tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun berilgan reklama joyining pasportlarini (yoki unga tenglashtirilgan hujjatlarni) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlari bilan bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Bunda maxsus ishchi guruhlarning tegishli xulosalariga ko‘ra xulosa olingan kundan boshlab bir oy ichida reklama joyining pasportlari (yoki unga tenglashtirilgan hujjatlar) quyidagi hollarda bekor qilinadi:
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentida nazarda tutilgan talablarga nomuvofiq bo‘lganda;
reklama tarqatishdan boshqa maqsadda foydalanilganda;
reklama joyining pasporti berilgan kundan e’tiboran olti oy ichida o‘rnatilmaganda;
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga nomuvofiq bo‘lganda yoki unga kiritilmaganda;
o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda;
reklama joyi pasporti egasining pasportni va tuzilgan shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi mavjud bo‘lganda;
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun berilgan reklama joyining pasporti (yoki unga tenglashtirilgan hujjatlar) qalbakilashtirilganda yoki asossiz o‘zlashtirilganda yoxud bir shaxsning nomiga rasmiylashtirilib, boshqa shaxs tomonidan foydalanilayotganda yoki vakolatga ega bo‘lmagan organ tomonidan berilganda;
qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda;
j) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari reklama joyi pasportlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlarini maxsus veb-saytlariga uch ish kuni ichida joylashtirishi shart va shu bilan reklama joyi pasport egalari ushbu qaror to‘g‘risida xabardor qilingan deb hisoblanadi.
97. Reklamaga oid faoliyat subyektlariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berish va ular tomonidan reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha Qo‘mita huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat unitar korxonasiga qo‘shimcha vakolatlar berilsin”;
1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) umumiy joylashtirish, shu jumladan, binolar tashqi qismida o‘rnatish tartibini, shuningdek, shahar yoki hududlar ijtimoiy faolligini, tarixiy-madaniy qiymatini hisobga olgan holda o‘rnatiladigan reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) turlari va ko‘rinishlarini, dizaynerlik yechimlari va reklama obyektlari (konstruksiyalari) o‘lchamlarini tavsiyaviy tartibda belgilab beradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishincha o‘z ma’muriy hududlarida tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish tartibi, turlari va ularga qo‘yiladigan boshqa talablarni o‘zlari ishlab chiqib tasdiqlagan Tashqi reklama obyektlari namunaviy to‘plami asosida belgilash huquqiga ega”;
1-band quyidagi tahrirdagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklama joyi pasportini tekshirish imkonini beruvchi maxsus QR-kod bo‘lishi shart”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yorug‘lik qutisi — tashqi reklamani joylashtirish va undan foydalanish uchun maxsus ishlab chiqilgan texnik vosita bo‘lib, yer maydonida, bino (inshoot) yuzasida, to‘siqlar yoki alohida ustunlarda qotiriladi va ichki yoritgichli bir yoki bir nechta reklama maydonlariga ega”;
o‘n uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) — tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qo‘llaniladigan vositalar, shuningdek, axborotni aholiga yetkazish vazifasini bajaruvchi texnik vositalar (konstruksiyalar), pilonlar, ko‘chma reklama konstruksiyalari (ustun, plakat), prizmatronlar, proyeksiyaviy konstruksiyalar, bilbordlar, videoekranlar, elektron displeylar, axborot obyektlari va boshqa texnik vositalar;”
o‘n beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydi;”
yigirma sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yigirma to‘qqizinchi — o‘ttiz ikkinchi xatboshi yigirma sakkizinchi — o‘ttiz birinchi xatboshi deb hisoblansin;
o‘n ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
senior (siti-bord) — o‘rta formatdagi alohida joylashgan, bir yoki ikki tomonli axborot maydonidan tashkil topgan, har bir tomonning axborot maydoni o‘lchamlari eni 3 — 6 metr va balandligi 2-3 metr bo‘lgan reklama konstruksiyasi. Reklama konstruksiyasining axborot maydoni uning barcha tomonlari yig‘indisi bilan aniqlanadi”;
o‘n yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
stela — yirik formatdagi, bir yoki bir nechta tomonli, aylanali gorizontal joylashgan axborot maydonlaridan tashkil topgan, umumiy axborot maydoni o‘lchamlari eni 1,2 — 2 metr va balandligi 3 — 15 metr bo‘lgan alohida vertikal turuvchi reklama konstruksiyasi. Reklama konstruksiyasining axborot maydoni uning barcha tomonlari yig‘indisi bilan aniqlanadi”;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Respublika hududida o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) ma’muriy hududdagi mavjud binolarning tashqi me’moriy ko‘rinishiga mos kelishi kerak.
Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga muvofiq bo‘lishi kerak”;
13-bandning uchinchi xatboshisidagi “texnik chizmasi mavjud bo‘lganda” so‘zlari “texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi mavjud bo‘lganda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
14-bandning sakkizinchi xatboshisi va 17-bandning ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
20, 26 va 29-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Reklama ko‘rsatkichlari reklama joyi pasporti olingandan so‘ng o‘rnatiladi”;
33 — 35-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
38-bandning oltinchi xatboshisidagi “5,5” raqamlari “1” raqami bilan almashtirilsin;
44 va 49-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
50-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“50. Tom ustidagi (tom usti konstruksiyalari) tashqi reklama obyektlarining balandligi bino umumiy balandligining 1/3 qismidan oshmasligi va elektr ta’minoti tarmog‘idan favqulodda uzilish tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak”;
51-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Vakolatli organ” so‘zlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
52, 55, 61, 62 va 66-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
71-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
76-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“76. Noqonuniy joylashtirilgan reklamalarni demontaj qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ularning egalari hisobidan qoplanadi”;
17-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17-bob. Yer uchastkalarida joylashtiriladigan tashqi reklama va axborot obyektlariga (konstruksiyalariga) qo‘yilgan talablar”;
81-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyiha hujjatlari va konstruksiyaning qurilish me’yorlari va qoidalari hamda boshqa normativ hujjatlarga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi mavjud bo‘lishi kerak”;
18-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18-bob. Yer uchastkalarida joylashtiriladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish talablari”;
86-bandning uchinchi xatboshisidagi “tuman (shahar) bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhlarning xulosalari hamda” so‘zlari chiqarib tashlansin;
87-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“87. Tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) orasidagi masofalar normativlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi”;
88, 89 va 90-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
93-bandning beshinchi xatboshisidagi “vakolatli organni” so‘zlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarini” so‘zlari bilan almashtirilsin;
94-bandning birinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi birinchi — o‘ninchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“94. Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun berilgan reklama joyining pasporti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentida nazarda tutilgan talablarga nomuvofiq bo‘lganda;
reklama tarqatishdan boshqa maqsadda foydalanilganda;
reklama joyining pasporti berilgan kundan e’tiboran olti oy ichida o‘rnatilmaganda;
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga nomuvofiq bo‘lganda;
moddiy madaniy meros obyektlariga, yo‘l belgilariga va svetoforlarga, ularning tirgaklariga yoki harakatni tartibga solish uchun mo‘ljallangan boshqa har qanday qurilmaga, shuningdek, tutash hududdagi obodonlashtirish elementlarini buzgan holda hamda yo‘lning qatnov qismiga chiqarib o‘rnatilganda;
o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda;
reklama joyi pasporti egasining pasportni va tuzilgan shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi mavjud bo‘lganda;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda.
Reklama joyi pasporti bekor qilingan taqdirda, reklama joyining pasportida ko‘rsatilgan, davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionda sotuvga qo‘yiladi”;
ikkinchi va o‘ninchi xatboshilar tegishlicha o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
95 va 96-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
97-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“97. Tashqi reklamaning hisobi tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan elektron tizim orqali yuritiladi”;
98-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
z) 2-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
i) 4-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
4-bandining yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
vakolatli organ — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari;”
35-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
l) quyidagi mazmundagi 6 — 8 ilovalar bilan to‘ldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qaroriga
6-ILOVA
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarni) o‘rnatish chizmalarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ushbu Nizom mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yer uchastkalarida shuningdek, binolarda yoki boshqa ko‘chmas mulk obyektlarida joylashtirilgan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasini shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi/chizma — o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yiladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish joylarini belgilaydigan, ularning turlari, shakllari, texnik tavsiflari, axborot maydonlarining sathi ko‘rsatilgan holdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hamda hududiy rejalashtirish chizmasi asosida ishlab chiqiladigan hujjat;
mas’ul organlar va tashkilotlar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududiy boshqarmalarining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining (tarkiblari bo‘yicha) hududiy organlari;
hududlar va inshootlardan alohida rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlari huzuridagi hududiy ijara markazlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati;
muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari balansda saqlovchilari;
reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga mulkchilik shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydi.
3. Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari, bino va inshootlarning ro‘yxati, tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) namunaviy dizayn ko‘rinishi hamda o‘lchamlari tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, davlat va nodavlat tashkilotlarining takliflari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflari asosida kiritiladi.
Bunda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasini shakllantirish yoki unga o‘zgartirish kiritish uchun:
takliflar har yili 1-oktabrdan 31-dekabrgacha “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi orqali qabul qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) tomonidan har yili 1-martga qadar tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shakllantiriladi yoki unga o‘zgartirish kiritiladi. Zaruratga ko‘ra chizmaga o‘zgartirish navbatdan tashqari kiritilishi mumkin.
Tashabbuskorlarning takliflari shaharsozlik normalari asosida ko‘rib chiqiladi va kelib tushgan takliflarning barchasi ham yer uchastkalarida, mulkdoridan qat’i nazar, bino va inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari)ni o‘rnatish huquqini bermaydi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalari)ni o‘rnatish uchun yer uchastkalari, bino va inshootlarni aniqlash maqsadida o‘z hududlarini xatlovdan o‘tkazadi.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘z hududlarini xatlovdan o‘tkazish maqsadida:
a) maxsus jihozlardan foydalangan holda, ko‘chmas mulk obyektlarini ko‘zdan kechiradi va mutaxassislarni jalb qiladi;
b) tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatiladigan joyni (geolokatsiya) va manzilni aniqlashtiradi;
v) tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatiladigan joylarni va obyektlarni fotosuratga oladi;
g) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) tasniflarga ajratadi va boshqa zarur ma’lumotlarni to‘playdi.
6. Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi hududlarning alohida uchastkalari (ko‘chalar, avtomobil yo‘llari, maydonlar va boshqalar) bo‘yicha o‘zaro hududiy bo‘linmalarga ajratilgan kichik sxemalardan iborat bo‘ladi.
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo‘lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashi hamda reklama konstruksiyalarining turlari va shakllari, axborot maydonlarining sathi hamda reklama konstruksiyalarining texnik tavsiflari ko‘rsatilgan holda reklama konstruksiyalarini o‘rnatish xaritalarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga kiritish uchun joylarni elektron tizim orqali quyidagi mas’ul organ va tashkilotlar bilan kelishish uchun yuboriladi:
a) tashqi reklama va axborot obyekti o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan joyning va tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) shaharsozlik normalariga mosligi, asosiy dizayn yechimlari va reklama tuzilmalarining o‘lchamlari bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalariga;
b) tashqi reklama va axborot obyekti o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan joyning va tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) harakat xavfsizligi qoidalariga mosligi bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boshqarmalari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlariga;
v) tashqi reklama va obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan joy va tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha — tashqi reklama va obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish ko‘zda tutilgan joyni tasarruf etuvchi tashkilotlarga (tegishliligi bo‘yicha);
g) tashqi reklama va obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan joy va tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, gaz quvurlari hamda tegishli infratuzilma ostida va/yoki ustida joylashgan bo‘lsa, shuningdek, yer uchastkasini kavlash va yoki yer ishlariga bog‘liq boshqa ishlarni bajarish talab etilsa, bunday ishlarni bajarish bo‘yicha — muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini tasarruf etuvchi tashkilotlarga;
d) zaruratga ko‘ra tegishli tashkilotlarga;
e) alohida rejim asosida foydalanadigan bino-inshootlarda va maxsus yo‘nalishlarda tashqi reklama va obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan joylarni tanlash bo‘yicha — tegishli vakolatli organlarga.
Mazkur bandning “a-g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan mas’ul organ va tashkilotlar ularga so‘rov kelib tushgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida elektron tizimga tegishli xulosani joylashtirish orqali elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda, tashqi reklama va obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish mumkinligini kelishadi yoki kelishishni rad etadi.
Belgilangan muddatda mas’ul organ va tashkilotlar javob taqdim etmagan taqdirda, tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish mumkinligi to‘g‘risida xulosa olingan hisoblanadi.
Mas’ul organ va tashkilotlarning rahbarlari tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish bo‘yicha o‘z vaqtida kelishilishi va xulosalar chiqarilishi, shuningdek, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik oqibatlari uchun shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmalariga oladi.
8. Reklamadan holi hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniy meros agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tegishli hududiy bo‘linmalari bilan kelishiladi. Bunda:
a) quyidagi bino va uning yondosh hududlari reklamadan holi hududlar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilangan hududlar;
madaniy meros va diniy obyektlar;
b) tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) reklamadan xoli hududlar yer chegarasidan 50 metr yoki undan kam bo‘lgan masofada joylashtirishga (qurishga) yo‘l qo‘yilmaydi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kelishish uchun yuborilgan so‘rovga tegishli davlat organlari tomonidan o‘n ish kuni ichida xulosa berilishi shart.
9. Tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun joylar barcha tegishli tashkilotlar bilan kelishuvlardan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi ishlab chiqiladi.
10. Ishlab chiqilgan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining hududiy organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishiladi.
Ijobiy kelishuvdan keyin tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi loyihasi tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarori bilan tasdiqlanadi.
11. Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi tasdiqlanganidan keyin tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish huquqi elektron auksionlarda joylashtiriladi yoki YIDXP orqali belgilangan tartibda reklama joyining pasportini rasmiylashtirish orqali beriladi.”;
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qaroriga
7-ILOVA
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning
MA’MURIY REG LAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament yuridik va jismoniy shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi) tegishli bo‘lgan:
xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida (keyingi o‘rinlarda — yer uchastkalarida), shuningdek, transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) hamda xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish;
ilgari berilgan va amal qilish muddati belgilanmagan reklama joyi pasportlarining amal qilish muddatini belgilash;
ilgari berilgan reklama joyi pasportlarini yangi shakldagi pasportga almashtirish bo‘yicha davlat xizmatini (keyingi o‘rinlarda — davlat xizmati) ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Ilgari berilgan reklama joyi pasportlari egalari 2024-yil 1-martga qadar ularni yangi shakldagi pasportga almashtirish uchun YIDXP axborot tizimi orqali ariza topshirishi shart va ushbu muddatlarda yangi shakldagi pasportlarga almashtirish uchun ariza topshirilmaganda, ushbu pasportlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
2. Reklama joyining pasporti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) tomonidan beriladi.
Transport vositalarida tashqi reklama va axborotni o‘rnatish uchun reklama joyining pasporti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda bir yil muddatga beriladi.
Reklama joyining pasporti “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi.
3. Davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan ko‘rsatiladi.
4. Davlat xizmati mazkur Reglamentning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida ko‘rsatiladi.
5. Yuridik yoki jismoniy shaxslar yer uchastkalardagi, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlardagi reklama joyining pasportini yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarning mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda reklama joyining pasporti ushbu shartnomalarda belgilangan muddatga beriladi, biroq bu muddat o‘n yildan oshishi mumkin emas.
2-bob. Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi
6. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi hamda ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan so‘rovnomani mustaqil ravishda elektron shaklda to‘ldiradi.
Bunda so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish uchun:
tashqi reklama va axborot obyektining (konstruksiyasining) eskiz loyihasi (eskiz loyihada texnik xususiyatlari aks ettiriladi va o‘rnatish manzili hamda o‘rnatish chizmasidagi reklama joyining raqami belgilanadi);
tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan joyning oxirgi bir hafta ichida olingan fotosuratlari (JPEG formatida);
kadastr hujjatlari;
yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarning mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar (ariza beruvchi mulkdor bo‘lmagan taqdirda);
yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarning mulkdorlarining rozilik xati (ariza beruvchi mulkdor bo‘lmagan taqdirda);
ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi qarorlari (agar tashqi reklama va axborot obyekti ko‘p kvartirali uyning tom qismi yoki fasadiga o‘rnatilishi nazarda tutilayotgan bo‘lsa);
ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlar nomidan tuzilgan shartnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda);
belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda);
b) transport vositalarida tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish uchun:
avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi guvohnoma seriyasi va raqami;
transport vositasida joylashtirilishi nazarda tutilgan reklama va axborotning (transport vositasining to‘rt tarafdan ko‘rinish) eskizi;
belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda);
v) ilgari berilgan reklama joyi pasportlarini yangi shakldagi pasportga almashtirish, shu jumladan, amal qilish muddatini belgilash uchun:
tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan oxirgi besh yil muddat uchun qarzdorligi mavjud bo‘lmaganligini asoslovchi hujjatlar;
beriladigan reklama joyining pasporti va texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi (o‘rnatilgan manzili (mo‘ljal) va lokatsiyasi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);
ilgari berilgan reklama joyi pasportining elektron nusxasi (agar pasport egasi qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, pasportga egalik qilish huquqi to‘g‘risida sud qarori nusxasi);
tashqi reklama va axborot konstruksiyasining to‘liq ko‘rinishini orqa tomoni va oldi tomonini aks ettiruvchi (fundamenti va yuqori qismi) oxirgi bir hafta ichida olingan fotosuratlari (JPEG formatida);
belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda).
Ariza beruvchilardan ushbu bandda va so‘rovnomada ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qat’iyan taqiqlanadi.
7. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Ilgari berilgan pasportlar egalari mulkchilik shaklidan qat’i nazar, reklama o‘rnatilgan joyning pasportini yangi shakldagi pasportga almashtirish, shu jumladan, pasport muddatini belgilash uchun YIDXP axborot tizimi orqali ariza topshirganda davlat xizmatlari uchun to‘lov undirilmaydi.
Undiriladigan yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasining shaxsiy hisobvarag‘iga;
11,25 foizi-Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun, shuningdek, 0,5 foizi Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari ko‘rsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
39,75 foizi — tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga, Toshkent shahrida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentiga (keyingi o‘rinlarda — Departament);
39 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
8. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rilmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
9. Ariza beruvchi so‘rovnomani to‘ldirgan so‘ng so‘rovnoma avtomatik tarzda “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimiga (keyingi o‘rinlarda — elektron tizim) yuboriladi va ushbu elektron tizim orqali tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga va Toshkent shahrida Departamentga yuboriladi.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan arizalar o‘n besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va elektron raqamli imzo (ERI) bilan tasdiqlangan, QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasporti rasmiylashtiriladi yoki rad etishga asoslar mavjud bo‘lganda, rasmiylashtirish rad etiladi.
Bunda kelib tushgan arizalardagi:
tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan oxirgi besh yil muddat uchun qarzdorligi mavjud bo‘lmaganligini asoslovchi hujjatlar — Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari;
beriladigan reklama joyining pasporti va texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari o‘n ish kunida elektron tizim orqali to‘g‘riligini tasdiqlaydi yoki rad etadi.
11. Ariza beruvchi YIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun shartnoma ommaviy ofertasini tasdiqlash orqali reklama joyining pasportini oladi.
12. Davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilgan taqdirda, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat hokimligi yoki Toshkent shahrida Departamentdan rad etish sabablari aniq ko‘rsatilgan xabarnoma ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
13. Reklama joyining pasportini rasmiylashtirishni (uning muddatini belgilash yoki yangi shakldagi pasportga almashtirishni) rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘im to‘lanmaganligi;
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) taklif qilinayotgan joyi tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga kiritilmaganligi;
so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi yoki hujjatlar so‘rovnomaga asosan to‘liq taqdim etilmaganligi yoxud yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganligi;
tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentida nazarda tutilgan talablarga muvofiq emasligi;
transport vositalarida reklamani joylashtirish bo‘yicha esa harakat xavfsizligi qoidalariga mos kelmasligi;
vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan ariza berilganligi;
ilgari berilgan reklama joyining pasportida ko‘rsatilgan egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) o‘lchamlari, joylashgan joyi (lokatsiyasi) uning joriy holatiga to‘g‘ri kelmasligi hamda oxirgi besh yil uchun tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan qarzdorlik to‘liq qoplanmaganligi.
Bunda ilgari berilgan reklama joyining pasporti bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan qarzdorlik va ular bo‘yicha to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlar solishtirma dalolatnomasiga asosan o‘rganilib, qarzdorlik aniqlanganda, reklama joyining pasporti egalariga qarzdorlikni to‘lash uchun invoys va qo‘shimcha 10 ish kun muddat beriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
14. Ariza beruvchi tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini yoki transport vositalarida tashqi reklama va axborotni o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish rad etilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda, transport vositalarida tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) pasportini rasmiylashtirish uchun yig‘imni to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirib berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini olish bo‘yicha qayta murojaat qiladi.
Tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirib berish bo‘yicha qayta murojaatni ko‘rib chiqishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament tomonidan avvalgi rad etish asoslarida bayon etilmagan sabablarning keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, avval ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar bilan bog‘liq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
Reklama joyining pasportini olish uchun qayta murojaat rad etilgan taqdirda, keyingi murojaatlar ushbu Reglamentga asosan umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari mazkur Reglament talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradi.
16. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
17. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladilar.
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1-ILOVA
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

1. Davlat xizmatini olish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

2. Xizmat ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im to‘laydi (ilgari berilgan reklama joyining pasportini yangilash bundan mustasno).

Murojaat etganda

2-bosqich

YIDXP

So‘rovnoma “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimiga yuboriladi va ushbu tizim orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departamentga yuboriladi.

Avtomatik tarzda

3-bosqich

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahrida Departament

a) Ilgari berilgan reklama joyi pasportlarini yangi shakldagi pasportga almashtirish, shu jumladan, amal qilish muddatini belgilash uchun: Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariga qarzdorlik bor yo‘qligini va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalariga reklama joyining pasporti va texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosalarini tekshirish uchun yuboradi.

10 ish kun ichida

Tegishli xulosalar olinib, qolgan ma’lumotlar tekshirilganidan keyin pasportni rasmiylashtiriladi yoki so‘rovnomaga rad javobini beradi;

5 ish kuni ichida (to‘lovlar bilan bog‘liq holda qo‘shimcha 10 kunga uzaytiriladi)

b) Yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish uchun:

pasportni rasmiylashtiradi yoki so‘rovnomaga rad javobini beradi;

15 ish kun ichida

v) avtotransport vositalarida tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish uchun:

15 ish kun ichida

pasportni rasmiylashtiradi yoki so‘rovnomaga rad javobini beradi.

QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan pasportni ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi;

Real vaqt rejimida

Ariza beruvchi YIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun shartnoma ommaviy ofertasini tasdiqlash orqali reklama joyining pasportini oladi.

Shartnoma ommaviy ofertasi tasdiqlanganda

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish uchun
SO‘ROVNOMA

I. Ariza beruvchi — yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. To‘liq nomi

2. STIR

3. Hisobvarag‘i

4. Joylashgan joyi

5. Telefon raqami

6. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lganda):

II. Ariza beruvchi-jismoniy shaxs (YTT):

1.F.I.O.

2. Biometrik pasport (ideitifikatsiyalovchi ID-kartasi) ma’lumotlari (seriyasi, raqami)

3. JSHSHIR

4. STIR

5. Hisobvarag‘i

6. Faoliyat turi

7. Yashash manzili

8. Telefon raqami

9. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lganda):

III. Yuridik yoki jismoniy shaxslar yer uchastkalaridagi, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlardagi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) joylashtirish uchun ma’lumotlar va ilova qilinadigan hujjatlar:

1. Obyektning joylashgan manzili va o‘rnatish chizmasidagi reklama joyining raqami

2. Tashqi reklama va axborot obyektining (konstruksiyasining) eskiz loyihasi (eskiz loyihada texnik xususiyatlari aks ettiriladi)

3. Yer uchastkasiga, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (shu jumladan, kadastr raqami)

4. Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi qarorlari (agar tashqi reklama va axborot obyektini ko‘p kvartirali uyning tom qismi yoki fasad qismiga o‘rnatilishi nazarda tutilayotgan bo‘lsa)

5. Yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlar egasining rozilik xati (agar tashqi reklama va axborot obyekti uchinchi shaxs tomonidan joylashtirilsa)

6. Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari yoki yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlar egasi bilan tuzilgan shartnoma (agar tashqi reklama va axborot obyekti uchinchi shaxs tomonidan joylashtirilsa)

7. Belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda)

8. Tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan joyning oxirgi bir hafta ichida olingan fotosuratlari (JPEG formatida)

IV. Ilgari berilgan reklama joyi pasportlarini yangi shakldagi pasportga almashtirish, shu jumladan, amal qilish muddatini belgilash uchun ma’lumotlar va ilova qilinadigan hujjatlar:

1. Obyektning joylashgan manzili va o‘rnatish chizmasidagi reklama joyining raqami

2. Ilgari berilgan reklama joyi pasportining elektron nusxasi (agar pasport egasi qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, pasportga egalik qilish huquqi to‘g‘risida sud qarori nusxasi)

3. Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining amaldagi umumiy yig‘ilishi qarorlari (agar tashqi reklama va axborot obyekti ko‘p kvartirali uyning tom qismi yoki fasad qismida o‘rnatilgan bo‘lsa)

4. Texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi (o‘rnatilgan manzili (mo‘ljal) va lokatsiyasi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart)

5. Tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan oxirgi besh yil muddat uchun qarzdorligi mavjud bo‘lmaganligini asoslovchi hujjatlar

6. Tashqi reklama va axborot konstruksiyasi to‘liq ko‘rinishining orqa tomoni va oldi tomonini aks ettiruvchi (fundamenti va yuqori qismi) oxirgi bir hafta ichida olingan fotosuratlari (JPEG formatida)

7. Yer uchastkasiga, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (shu jumladan, kadastr raqami)

8. Ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari yoki yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlar egasi bilan tuzilgan shartnoma (agar tashqi reklama va axborot obyekti uchinchi shaxs tomonidan joylashtirilsa)

9. Belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda)

V. Avtotransport vositalaridagi reklama va axborot to‘g‘risida ma’lumotlar va ilova qilinadigan hujjatlar:

1. Avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi guvohnoma seriyasi va raqami

2. Avtotransport vositasida joylashtirilishi nazarda tutilgan reklama va axborotning (transport vositasining to‘rt tarafdan ko‘rinish) eskizi

3. Belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma (uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda)

Ariza beruvchining

ERI/imzosi;

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qaroriga
8-ILOVA
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) demontaj qilish va demontaj qilingan konstruksiyalarni saqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ushbu Nizom tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) demontaj qilish tartibini belgilaydi.
2. Reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmagan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlarining (keyingi o‘rinlarda — vakolatli davlat organi) qaroriga muvofiq demontaj qilinishi lozim.
Bunda vakolatli davlat organining qarori qabul qilingan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmagan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) mulkdori tomonidan ixtiyoriy ravishda demontaj qilinmagan taqdirda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan majburiy tartibda demontaj qilinishi mumkin.
Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ushbu Nizomda ko‘rsatilgan xollarda majburiy demontaj qilinganida, demontaj qilish kuni va vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning veb-saytlarida demontaj qilish kunidan ikki kun oldin (ushbu Nizomning 9-bandi bundan mustasno) joylashtiriladi va demontaj qilinadigan tashqi reklama va obyektlarning mulkdorlari (egalari, foydalanuvchilari) tegishli tartibda xabardor qilingan hisoblanadi.
3. Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) demontaj qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari (shu jumladan, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish Departamenti — keyingi o‘rinlarda Departament) tomonidan tegishli hujjatlar hamda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) mulkdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar vakolatli davlat organiga kiritiladi.
4. Mulkdori noma’lum bo‘lgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) mulkdorini aniqlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan o‘zlarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarida hamda “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimida ushbu tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) hamda uning mulkdori qidirilayotganligi haqidagi e’lon 30 kun davomida joylashtirilgan turadi.
Ushbu muddatda mulkdor aniqlanmasa, tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatli davlat organining tegishli qarorisiz majburiy tartibda demontaj qilinishi mumkin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) majburiy tartibda demontaj qilish uchun ochiq tanlovlar asosida maxsus tashkilotlarni yollash huquqiga ega.
Tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) majburiy tartibda demontaj qilinganida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki maxsus tashkilot tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi va “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimida ushbu haqda ma’lumot joylashtiriladi.
Dalolatnomada tashqi reklama va axborot obyektining (konstruksiyasining) majburiy tartibda demontaj qilingan sanasi, vaqti, demontaj qilish sababi, holat bo‘yicha qisqacha ma’lumot, foto suratlar hamda saqlash uchun yuborilgan joy manzili ko‘rsatilishi shart.
Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) majburiy tartibda demontaj qilish va undan keyingi holati bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki maxsus tashkilot javobgar bo‘lmaydi.
6. Majburiy tartibda demontaj qilingan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) ular demontaj qilingan kundan boshlab o‘ttiz kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan maxsus joylarda saqlab turiladi.
7. Majburiy tartibda demontaj qilingan tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mulkdori tomonidan demontaj qilingan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) qaytarish to‘g‘risida murojaat qilishga haqli. Bunda mulkdor tomonidan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) demontaj qilish, ko‘chirish, saqlash hamda obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab bergan taqdirda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mulkdoriga qaytariladi.
Agar majburiy tartibda demontaj qilingan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) demontaj qilish, ko‘chirish, saqlash va obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlari demontaj qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun mobaynida uning mulkdori tomonidan qoplab berilmasa va saqlanayotgan joyidan olib ketilmasa, ushbu tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan sotilishi yoki belgilangan tartibda utilizatsiya qilinishi mumkin. Bunda tashqi reklama va axborot obyektining (konstruksiyasining) mulkdori mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga murojaat qilgan taqdirda tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) sotishdan yoki utilizatsiya qilinishidan tushgan mablag‘lar ularni demontaj qilish, saqlash, sotish va obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar chegirib tashlagan holda mulkdorga qaytariladi.
8. Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) majburiy tartibda demontaj qilish, ko‘chirish, saqlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan, keyinchalik ushbu xarajatlarni tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mulkdorlari yoki sotishdan (utilizatsiyadan) tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
9. O‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) atrof-muhit, inson hayoti va transport vositalariga xavf tug‘dirgan taqdirda (texnik nosoz holatdaligi, kommunikatsiya o‘tkazmalariga zarar keltirganligi aniqlangan va kechiktirib bo‘lmaydigan inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan vaziyatlarda), mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, ogohlantirishsiz tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) majburiy tartibda demontaj qilinadi hamda bu haqda tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) mulkdoriga ikki ish kunidan kechiktirmasdan xabar beriladi va “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimida ushbu haqda ma’lumot joylashtiriladi.
10. Tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun pasportlari, guvohnomalari, sertifikatlari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlari bekor qilingan yoki ushbu hujjatlar mavjud bo‘lmagan (ruxsatsiz o‘rnatilgan) hollarda, tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) demontaj qilish choralari ko‘riladi.
11. Ushbu Nizomda belgilangan tartibda demontaj qilingan tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) joyiga yoki yon atrofiga tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) takroran noqonuniy o‘rnatilganda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ogohlantirishsiz majburiy tartibda demontaj qilinadi. Bunda ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari qo‘llaniladi.
12. Ushbu Nizomda belgilangan tartibni buzganlik, qonunchilik talablariga rioya qilmagan xolda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatganligi uchun aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qaroriga 17-ilovaning 96-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 18-martdagi 116-son qaroriga 3-ilovaning 5-bandi chiqarib tashlansin.
Izoh. Mazkur ilovaning 1-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlari, 3-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi, “b” kichik bandining uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari, “i” kichik bandi 2023-yil 1-dekabrdan kuchga kiradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/428/0675-son; 16.10.2023-y., 07/23/330/0776-son; 29.03.2024-y., 09/24/165/0251-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son; 01.11.2024-y., 09/24/695/0877-son; 09.04.2026-y., 09/26/154/0331-son)