toggle_night_mode
Hujjat 22.08.2023 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-10-son qaroriga muvofiq, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish orqali jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-sonli “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ichki ishlar vazirligi) bilan 24 ta davlat ichki ishlar organlari (politsiya) oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumlarida kadrlarni tayyorlash va oʻqitish boʻyicha hamkorlik qilish belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish (keyingi oʻrinlarda — taʼlim berish) tizimini yoʻlga qoʻyish;
Akademiyaning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida uning tuzilmasida Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakultetini (keyingi oʻrinlarda — Xorijiy fakultet) tashkil etish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
3. Quyidagilar Xorijiy fakultetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini belgilangan tartibda qabul qilish, oʻqitish va bitiruv tadbirlarini tashkil etish, ushbu jarayonga jalb etiladigan Akademiyaning ilmiy va oʻquv-tarbiyaviy boʻlinmalariga har tomonlama koʻmaklashish;
xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish shakllari va texnologiyalarini takomillashtirish maqsadida respublikaning boshqa sohalardagi yetakchi taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari va Akademiyaning kursantlari (tinglovchilari) oʻrtasida madaniyatlararo almashinuv boʻyicha tadbirlar, shuningdek, madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning sifatli oʻtkazilishini muvofiqlashtirish;

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish jarayonining samaradorligini baholash, madaniyatlararo almashinuvning yangi shakllarini qoʻllash hamda oʻqishning tahlilini amalga oshirish;

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari vaqtincha yashashi uchun uy-joy ijarasi va madaniy-hordiq tadbirlarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Akademiyada xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarining taʼlim olishi xorijiy davlatlarning rasmiy murojaatiga asosan Ichki ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda tashkil etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish belgilangan tartibda tuziladigan ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq bepul, imtiyozli hamda toʻlov asosida amalga oshiriladi;
xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish oliy taʼlimning bakalavriat dasturi boʻyicha ajratiladigan kvotalar doirasida hamda magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim dasturi boʻyicha Akademiyaga ajratilgan kvotalardan tashqari kvotalar doirasida amalga oshiriladi;

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish Akademiyaning kursantlari, tinglovchilari va doktorantlari uchun oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

6. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):

Akademiya tomonidan xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish tartibi va muddatlari boʻyicha doimiy ravishda tegishli xorijiy davlatlarni xabardor qilib borsin;
2023-yilning yakuniga qadar Akademiya qoshida yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining yuqori malakali mutaxassislaridan iborat oʻquv-metodik kengashni tashkil etish hamda uning faoliyati asosiy yoʻnalishlari sifatida Akademiyaning taʼlim jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani va innovatsion pedagogik texnologiyalarni tatbiq etishni belgilash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
har yili Akademiyaning kamida 10 nafar professor-oʻqituvchilari va ilmiy-pedagog xodimlarini xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalariga ilmiy-pedagogik stajirovka va malaka oshirish uchun yuborish choralarini koʻrsin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-sonli “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 1-bandi.
2024-yil 1-sentabr kuniga qadar xorijiy davlatlarning ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga taʼlim berish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish hamda samarali taʼlim jarayonini yoʻlga qoʻyish maqsadida Akademiyaning oʻquv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish choralarini koʻrsin;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov) bilan birgalikda 2024-yil 1-mart kuniga qadar yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, Akademiyaning xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari uchun oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqsin;

Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) bilan birgalikda xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga belgilangan tartibda vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek, ularni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.

7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Ichki ishlar vazirligi buyurtmasiga asosan xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarining farzandlarini yashash manzili (vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyi) boʻyicha biriktirilgan hududdagi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga joylashtirish choralarini koʻrib borsin.

8. Belgilansinki:

mazkur qarorni amalga oshirish, shu jumladan, xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash bilan bogʻliq tadbirlar Ichki ishlar vazirligiga har yili Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida, Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

xorijiy davlatlardan ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarining taʼlim olishi uchun Akademiyaning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar uning oʻquv va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, bino va inshootlarni qurish, taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish ishlariga yoʻnaltiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-avgust,
PQ-282-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-282-son qaroriga

1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisida

NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya)da xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini (keyingi oʻrinlarda — xorijiy kadrlar) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish (keyingi oʻrinlarda — taʼlim berish) tartibini belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-10-sonli “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 2-bandi.
2. Akademiyada xorijiy kadrlarga taʼlim berish ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasi.

3. Akademiyada xorijiy kadrlar uchun yillik qabul kvotalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Xorijiy davlatlar kesimidagi har yilgi kvota, mutaxassislik va oʻqitish turi boʻyicha taqsimot Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Xorijiy kadrlarni oʻqishga qabul qilish Vazirlikka xorijiy davlatlarning vakolatli organlari taqdim etgan rasmiy murojaatga asosan rejalashtiriladi.
5. Xorijiy davlatlar vakolatli organlarining xorijiy kadrlar taʼlim olishi boʻyicha qilgan rasmiy murojaatlarini koʻrib chiqish, kvotalar ajratish uchun roʻyxatni shakllantirish tartibi va oʻqishga qabul qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
Bunda belgilangan ushbu muddatdan oʻqish boshlangunga qadar boʻlgan oraliq vaqt toʻrt oydan kam boʻlmasligi lozim.
6. Akademiyada xorijiy kadrlarga taʼlim berish xarajatlari quyidagi tartibda qoplanadi:
bepul asosda — taʼlim va taʼminot (maxsus kiyim-kechak, oziq-ovqat, pul taʼminoti, kommunal xizmat) xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan (magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tinglovchilarining turar joy, oziq-ovqat va kommunal xizmat xarajatlari bundan mustasno);
imtiyozli asosda — taʼlim xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan, taʼminot (kiyim-kechak, oziq-ovqat, pul taʼminoti, kommunal xizmat), oʻqish davri mobaynida turar joy xarajatlari esa yuboruvchi tomonlar hisobidan;
toʻlov asosida — taʼlim va taʼminotning barcha xarajatlari yuboruvchi tomonlar hisobidan.
2-bob. Xorijiy kadrlarga taʼlim berish tartibi
7. Akademiyaga xorijiy kadrlar kirish imtihonlarisiz oʻqishga qabul qilinadi.
8. Xorijiy kadrlarga taʼlim berish quyidagi dasturlar asosida amalga oshiriladi:
oliy taʼlim darajasiga muvofiq keladigan oliy taʼlimning bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlim darajasiga muvofiq keluvchi tayanch doktorantura dasturi boʻyicha;
qoʻshimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlari boʻyicha.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 11 — 13-moddalari.
9. Akademiyada xorijiy kadrlarga taʼlim berish Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, bitiruvchilar kasbiy tayyorgarligining malaka talablariga tatbiq etilgan asosiy taʼlim dasturlari asosida amalga oshiriladi.
10. Xorijiy kadrlarga taʼlim berish oliy taʼlimning taʼlim dasturlari boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.
11. Akademiya tomonidan xorijiy kadrlarga mavjud mutaxassisliklar (shartnoma va bitim)larda koʻrsatilgan) boʻyicha taʼlim beriladi.
12. Xorijiy kadrlarga oʻzbek tilini oʻrgatish Akademiya tomonidan amalga oshiriladi.
13. Xorijiy kadrlarni tayyorlash bakalavriat, magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim dasturlari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari boʻyicha kunduzgi va masofaviy shakllarda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasi.
14. Bakalavriat taʼlim dasturlarini oʻzlashtirgan xorijiy kadrlarga mutaxassisligi boʻyicha malaka, belgilangan davlat namunasidagi diplom va koʻkrak nishoni beriladi.
Magistratura taʼlim dasturlarini oʻzlashtirgan xorijiy kadrlarga tegishli magistr darajasi hamda belgilangan davlat namunasidagi diplom va koʻkrak nishonlari beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan Magistratura toʻgʻrisidagi nizom.
Tayanch doktorantura dasturini oʻzlashtirgan va belgilangan tartibda dissertatsiya himoya qilgan xorijiy kadrlarga tegishli fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi beriladi.
Qisqa muddatli kurslarni tamomlagan xorijiy kadrlarga belgilangan namunadagi guvohnomalar (sertifikatlar) beriladi.
15. Akademiyada xorijiy kadrlarni bepul, imtiyozli va toʻlov asosida tayyorlash tartibi, ularning pul taʼminoti, moddiy-texnika va boshqa taʼminot turlarining oʻziga xosligi, qoʻshimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamkorlik doirasida tuzilgan shartnoma (bitim)lariga muvofiq belgilanadi.
3-bob. Xorijiy kadrlarga taʼlim berishni moliyalashtirish
16. Xorijiy kadrlarga taʼlim berish bilan bogʻliq xarajatlarning yuboruvchi tomon hisobidan toʻlanadigan qismi oʻquv yili boshlanguniga qadar Vazirlikning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha yuboruvchi tomondan Akademiyaning budjetdan tashqari hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan oldindan toʻlanadi.
17. Oʻqishga qabul qilingan vaqtda ofitserlik unvoniga ega boʻlmagan, bepul asosda taʼlim oluvchi xorijiy kadrlarga “Akademiya kursanti” lavozimi boʻyicha pul taʼminoti beriladi.
18. Oʻqishga qabul qilingan vaqtda ofitserlik unvoniga ega boʻlgan, bepul asosda taʼlim oluvchi xorijiy kadrlarga, taʼlim olish muddati va kursidan qatʼi nazar:
magistratura taʼlim darajasiga muvofiq keluvchi taʼlim dasturi va doktorantura dasturi boʻyicha — “katta inspektor” lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar boʻyicha lavozim maoshi;
qoʻshimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlarida — “inspektor” lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar boʻyicha lavozim maoshi toʻlanadi.
19. Ushbu Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan toʻlovlar oʻqishga qabul qilingan kundan boshlab, oʻqishni yakunlagan kungacha boʻlgan muddatda amalga oshiriladi.
20. Ofitserlik unvoniga ega boʻlmagan xorijiy kadrlar oʻqish davrida Akademiya kursantlariga belgilangan meʼyorlar asosida oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.
Ofitserlik unvoniga ega boʻlgan xorijiy kadrlarning oʻqish davrida oziq-ovqat taʼminoti oʻz hisobidan amalga oshiriladi.
21. Xorijiy kadrlarning kiyim-kechak taʼminoti yuboruvchi tomon hisobidan qoplanadi va Akademiya hududida oʻz xizmat kiyimini belgilangan qoidalarni buzmagan holda kiyib yuradi.
22. Xorijiy kadrlar Vazirlik xodimlari uchun nazarda tutilgan meʼyorlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlarning alohida turlarini oʻtkazish uchun maxsus kiyim-kechak bilan taʼminlanadilar.
23. Oʻqish davrida xorijiy kadrlarning turar joy taʼminoti quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
bakalavriat dasturi boʻyicha oʻqish davrida bepul asosda Akademiya yotoqxonasida turar joy bilan taʼminlanadi. Toʻlov asosida oʻqitiladigan kursantlarning turar joy xarajatlarini yuboruvchi tomon qoplaydi;
magistratura, tayanch doktorantura hamda qoʻshimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlari boʻyicha oʻqish davrida turar joy ijaraga olish orqali taʼminlanadi. Bunda ijaraga olish xarajatlari yuboruvchi tomon hisobidan qoplanadi.
24. Yuboruvchi tomon xorijiy kadrlarning oʻqishi davrida oʻquv rejalarida belgilangan meʼyorlardan tashqari qoʻshimcha akademik soatlar talab qilganda, oʻtkazilgan qoʻshimcha darslar uchun amalga oshirilgan sarf-xarajatlar yuboruvchi tomon hisobidan qoplanadi.
25. Xorijiy kadrlarning tibbiy taʼminoti Vazirlik xodimlari uchun belgilangan meʼyorlar asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-sentabrdagi 764-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
26. Xorijiy kadrlarga taʼlim berish jarayonida ularni tashish bilan bogʻliq xarajatlar qabul qiluvchi tomon hisobidan amalga oshiriladi.
Xorijiy kadrlarning taʼtilda boʻlish davrida doimiy yashash joyiga borishi va qaytishi bilan bogʻliq xarajatlar yuboruvchi tomon hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim olish davomida xorijiy kadrlarning huquq va majburiyatlari
27. Xorijiy kadrlar quyidagi huquqlarga ega:
Akademiya ilmiy-tadqiqot ishlarida (maxfiylik grifiga ega ilmiy-tadqiqot ishlari bundan mustasno), kursantlarning ilmiy va boshqa toʻgaraklarida qatnashish;
Akademiyaning maxfiy boʻlmagan axborot-resurs markazi, sport majmualari, klublari va madaniyat saroylaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquqlari va qonuniy manfaatlaridan ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan cheklovlar va taqiqlarni hisobga olgan holda foydalanish;
komandir (boshliq)lar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan oʻziga nisbatan adolatli munosabatda boʻlishlari hamda shaʼni va qadr-qimmatining hurmat qilinishi;
belgilangan taʼlim standartlariga muvofiq taʼlim olish;
hayoti va sogʻligʻini himoyalash;
xavfsizlik texnikasi hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga mos keladigan xizmat sharoitlariga ega boʻlish;
dam olishning uyushtirilgan turlarida qatnashish.
28. Xorijiy kadrlar:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qilishi, mahalliy urf-odatlar va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlishi, respublikada xorijiy fuqarolarning boʻlishi va harakatlanishi boʻyicha belgilangan qoidalarga amal qilishi;
intizomga qatʼiy rioya qilishi, mashgʻulotlarda qatnashishi, oʻquv rejalari va dasturlarida belgilangan oʻquv ishlarining barcha turlarini bajarishi, imtihon va sinovlarni belgilangan muddatlarda topshirishi;
Akademiyada oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi;
Vazirlik, Akademiya rahbarlari va komandirlarning koʻrsatmalari hamda farmoyishlarini bajarishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-10-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi.
29. Akademiyada belgilangan ichki tartib-qoidalarga rioya etmagan, oʻquv fani dasturlarini oʻzlashtirmagan xorijiy kadrlarni belgilangan tartibda oʻqishdan chetlashtirish choralar koʻrilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun xorijiy kadrlar belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan respublika hududidan chiqarib yuboriladi.
Kursantlar va tinglovchilarni oʻqishdan chetlashtirish, qayta tiklash hamda oʻquv rejasi talablarini bajara olmagan taʼlim oluvchilarga akademik qarzdorliklarni bartaraf etish imkonini berish tartibi oʻqish uchun tuziladigan oʻzaro shartnomalarda belgilanadi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan xorijiy kadrlar, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga asosan javobgarlikka tortiladi.
31. Oʻqishni tugatgan yoki tinglovchi yoxud kursantlar roʻyxatidan chetlashtirilgan xorijiy kadrlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishlari shart, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida, shuningdek, jamoaviy va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5-bob. Yakunlovchi qoida
32. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor deb topilgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-282-son qaroriga

2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3216-son qarorining 2-bandi toʻrtinchi xatboshisi “700 kishini,” soʻzlaridan keyin “shuningdek, toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha 200 nafargacha,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5076-son qarorida:
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Akademiyaning magistratura dasturi boʻyicha oʻqitish ichki ishlar organlari uchun rahbar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga qaratiladi hamda ikkinchi darajadagi “tashkiliy-taktik boshqaruv”, birinchi darajadagi “tashkiliy-strategik boshqaruv” va “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisliklarida tashkil etiladi”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“birinchi darajali magistraturaning taʼlim oluvchilari Ichki ishlar vazirligi departament boshliqlari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining bevosita murabbiyligida majburiy tartibda amaliyot (stajirovka) oʻtaydi, shuningdek, magistratura tinglovchilari xorijiy huquq-tartibot idoralari taʼlim muassasalarining malaka oshirish kurslariga yuboriladi”;
ikkinchi xatboshidagi “Akademiya magistraturasida” soʻzlari “Akademiya magistraturasining “Tashkiliy-taktik boshqaruv” va “Tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisliklarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “2024-yil” soʻzlari “2026-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Akademiya bakalavriatining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishda xizmat safari va avtotransport xarajatlari, kiyim-kechak hamda oziq-ovqat taʼminoti taʼlim oluvchilar hisobidan qoplanadi. Ushbu xarajatlarning miqdori har oʻquv yili uchun Akademiya tomonidan belgilanadi”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi etib hisoblansin;
g) 1-ilovaning matni qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidagi taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari)
ROʻYXATI

T/r

Yoʻnalish (mutaxassislik) nomi

Beriladigan malaka

Taʼlim shakli

Taʼlim muddati

I. Bakalavriat

1.

Tezkor-qidiruv faoliyati

yurist

kunduzgi

3 yil

2.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati

yurist

kunduzgi

3 yil

3.

Ekspert-kriminalistika faoliyati

yurist

kunduzgi

3 yil

4.

Jazoni ijro etish faoliyati

yurist

kunduzgi

3 yil

5.

Probatsiya faoliyati

yurist-psixolog

kunduzgi

3 yil

6.

Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash

yurist-psixolog

kunduzgi

3 yil

7.

Tashkiliy-shtab faoliyati

yurist

kunduzgi

3 yil

8.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etish faoliyati

yurist

sirtqi

4 yil / 3 yil*

II. Magistratura

9.

Tashkiliy-taktik boshqaruv

II darajali magistr-yurist

kunduzgi

1 yil

10.

Tashkiliy-strategik boshqaruv

I darajali magistr-yurist

kunduzgi

1 yil

11.

Ilmiy-pedagogik faoliyat**

magistr-yurist

kunduzgi

2 yil

* oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar uchun — 4 yil, oliy maʼlumotlilar uchun — 3 yil;

** oʻquv jarayoni 2024/2025 oʻquv yilidan boshlanadi”;
“Ofitserlar tarkibi” boʻlimi quyidagi mazmundagi pozitsiya bilan toʻldirilsin:

IIV Akademiyasi

kunduzgi ilmiy-pedagogik magistratura

(2 yil)

Magistr

(“ilmiy-pedagogik faoliyat”)

taʼlim va ilmiy muassasalar

polkovnik

-

”;

izoh qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“*fuqaroviy oliy maʼlumotga ega boʻlganda.
** fuqaroviy oliy maʼlumotga ega boʻlganlarni ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda.
*** Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida oʻqitilishi belgilangan boshqa mutaxassislik lavozimlariga oʻtishda.
**** Oʻzbekiston Respublikasi IIV Moliyaviy va moddiy-texnik taʼminot departamentining, Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining, Idoraviy hamkorlik bosh boshqarmasining boshqarmalari, axborot texnologiyalarni joriy etish boʻlinmalari, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi, Tibbiyot boshqarmasi, Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik boshqarmasi, Harbiy-safarbarlik boshqarmasi, Nazorat-taftish inspeksiyasi, Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi bundan mustasno.
***** Moliyaviy va moddiy-texnik taʼminot departamenti, Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi, Idoraviy hamkorlik bosh boshqarmasidan tashqari”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-10-son qarorida:
3-bandning uchinchi xatboshidagi “va “Tezkor-qidiruv faoliyati” taʼlim yoʻnalishlariga” soʻzlari “taʼlim yoʻnalishiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
7-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda, qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlaridan tushgan mablagʻlarning 50 foizi mashgʻulot oʻtkazgan oʻqituvchining mehnatiga haq toʻlashga qoʻshimcha ustama uchun, qolgan qismi akademik litseyning moddiy-texnik va oʻquv bazasini rivojlantirish, xodimlarni ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlarga yoʻnaltiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 07/23/282/0631-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)