1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.02.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) shaxsiy huquq va erkinliklar / 01.06.02.08 Vijdon erkinligi;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.05.00 Diniy tashkilotlar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari . Ombudsman. Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
2.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamgʻarmalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TASHKILOTLAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 5-iyuldagi OʻRQ-699-sonli “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 186-modda; 1993-yil, № 9, 334-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 1-may,
618-I-son
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TASHKILOTLAR TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi har bir shaxsning vijdon erkinligi va diniy eʼtiqod huquqini, dinga munosabatidan qatʼi nazar, fuqarolarning tengligini taʼminlash, shuningdek diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solib turishdan iborat.
2-modda. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida vijdon erkinligini va diniy tashkilotlar faoliyatini taʼminlashga oid munosabatlar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.
Fuqaro oʻzining dinga, dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy taʼlim olishga oʻz munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʻqitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dinga eʼtiqod qilish yoki oʻzga eʼtiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan darajadagina cheklanishi mumkin.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon erkinligi va diniy eʼtiqod erkinligi huquqidan foydalanadilar hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladilar.
4-modda. Fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar teng huquqliligi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qatʼi nazar qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uygʻotish yoxud ularning diniy yoki dahriylik eʼtiqodi bilan bogʻliq his-tuygʻularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.
LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 141 va 156-moddalariga qarang.
Hech kim diniy eʼtiqodini roʻkach qilib qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishga haqli emas. Qonunga muvofiq bajarilishi majburiy boʻlgan bir vazifani diniy eʼtiqodi tufayli boshqasi bilan almashtirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech bir dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil eʼtiqodlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashadi, diniy va oʻzga mutaassiblikka hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qoʻyish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaydi.
Davlat diniy konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni qoʻllab-quvvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qoidaning buzilishiga aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga oʻzining hech qanday vazifasini bajarishni yuklamaydi, ularning qonun hujjatlariga zid boʻlmagan faoliyatiga aralashmaydi. Diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmaydi. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatini hamda dahriylik targʻibotiga oid faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlamaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida diniy mohiyatdagi siyosiy partiya va jamoat harakati, shuningdek respublikadan tashqarida tuzilgan diniy partiyalarning filiallari va boʻlimlarini tuzishga va ularning faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Diniy tashkilotlar amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishlari shart. Dindan davlatga va konstitutsiyaga qarshi targʻibot olib borishda, dushmanlik, nafrat, millatlararo adovat uygʻotish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, boʻhton, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatishda, aholi oʻrtasida vahima chiqarishda hamda davlatga, jamiyat va shaxsga qarshi qaratilgan boshqa xatti-harakatlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Terrorizm, narkobiznes va uyushgan jinoyatchilikka koʻmaklashadigan, shuningdek boshqa gʻarazli maqsadlarni koʻzlovchi diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar va boshqalarning faoliyati man etiladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, mansabdor shaxslarga tazyiq oʻtkazishga qaratilgan har qanday urinish, shuningdek yashirin diniy faoliyat qonun bilan taqiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 240-moddasiga, hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 2162-moddasiga qarang.
6-modda. Davlat organlarining va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabat borasidagi vakolatlari
Davlat organlari bilan diniy tashkilotlarning oʻzaro munosabatlarini muvofiqlashtirish hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita zimmasiga yuklanadi. Qoʻmitaning huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizom bilan belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, tuman va shahar hokimliklari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli hududlarda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi uchun qonun boʻyicha javobgardirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga eʼtiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan koʻngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy oʻquv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar) diniy tashkilotlar deb eʼtirof etiladi.
Diniy tashkilot Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan yuz nafardan kam boʻlmagan fuqarolari tashabbusi bilan tuziladi.
Tegishli konfessiyaga qarashli diniy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va yoʻnaltirib borish uchun ularning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha yagona markaziy boshqaruv organlari (bundan keyin — markaziy boshqaruv organlari deb yuritiladi) tuzilishi mumkin.
Markaziy boshqaruv organi Oʻzbekiston Respublikasining kamida sakkizta hududiy tuzilmasida (viloyat, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) faoliyat koʻrsatayotgan, tegishli konfessiyalarning roʻyxatga olingan diniy tashkilotlari vakillari taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi) tomonidan tuziladi.
Diniy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida yoki uning joylardagi organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Tegishli diniy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari diniy tashkilotlarning rahbarlari boʻlishlari mumkin. Diniy tashkilotlar rahbarligiga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan shaxslarning nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishib olinadi.
9-modda. Diniy oʻquv yurtlari
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari ruhoniylar va oʻzlariga zarur boʻlgan diniy xodimlar tayyorlash uchun diniy oʻquv yurtlari tuzishga haqli. Diniy oʻquv yurtlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilib, tegishli litsenziya olganidan keyin faoliyat koʻrsatish huquqiga ega boʻladi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan, “Diniy taʼlim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
Oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq umumiy majburiy oʻrta taʼlim olganidan keyin qabul qilinadi.
Diniy oʻquv yurtlarida diniy fanlarni oʻqitayotgan shaxslar diniy taʼlim olgan boʻlishlari va oʻz faoliyatlarini tegishli markaziy boshqaruv organining ruxsati bilan amalga oshirishlari lozim.
Xususiy tartibda diniy taʼlim berish man etiladi.
10-modda. Diniy tashkilotning ustavi
Diniy tashkilotning ustavi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak:
diniy tashkilotning nomi, turi, joylashgan manzili, qaysi dinga mansubligi;
maqsadi, vazifalari va faoliyatining asosiy turlari;
faoliyatni tashkil etish va tugatish tartibi;
tuzilishi va boshqaruv organlari;
mablagʻlari manbai hamda ushbu tashkilot ichidagi, shuningdek undan tashqaridagi mulkiy munosabatlar;
ustavga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
ushbu diniy tashkilotga taalluqli boshqa maʼlumotlar.
Markaziy boshqaruv organlariga ega boʻlgan diniy tashkilotlarning ustavlari mazkur boshqaruv organlari bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.02.00 Nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil qilish va roʻyxatga olish tartibi. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatiga olish;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
11-modda. Diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlarini roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, boshqa diniy tashkilotlarni esa tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari boʻlgan, yuz nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi imzolagan ariza;
diniy tashkilotning ustavi;
taʼsis yigʻilishining bayoni;
tuzilayotgan diniy tashkilot joylashgan manzilni tasdiqlovchi hujjat;
roʻyxatga olish yigʻimi toʻlangani toʻgʻrisidagi hujjat.
Diniy tashkilotlar hamda ularning markaziy boshqaruv organlarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda koʻrib chiqiladi.
Adliya organlari qoʻshimcha materiallar talab qilib olishga hamda tegishli organlarning ekspert xulosasini olishga haqli. Bunday holda qaror roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan kundan eʼtiboran uch oylik muddatda qabul qilinadi.
Diniy tashkilotning ustaviga kiritilgan qoʻshimchalar va oʻzgartishlar diniy tashkilotni roʻyxatga olish kabi tartib va muddatlarda roʻyxatga olinishi lozim.
Diniy tashkilotlar rahbarlarining tashkilot ustavini davlat organlaridan roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlashi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga olib keladi.
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.02.00 Nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil qilish va roʻyxatga olish tartibi. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatiga olish;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
12-modda. Diniy tashkilotni roʻyxatga olishni rad etish
Agar diniy tashkilot ustavining qoidalari va boshqa hujjatlari ushbu Qonun yoki Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlarining talablariga zid boʻlsa, uni roʻyxatga olish rad etilishi mumkin.
Diniy tashkilotni roʻyxatga olish rad etilganda rad etish asoslari koʻrsatilgan qaror yozma ravishda arizachilarga yuboriladi. Diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari ustavlarini qonun hujjatlariga muvofiq holga keltirganlaridan soʻng, ustavni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan tegishli tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki uning joylardagi organlariga qaytadan murojaat etish huquqiga ega.
Diniy tashkilotni roʻyxatga olishni rad etilganligi yoxud adliya organlari tomonidan ushbu Qonun talablari buzilganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
13-modda. Diniy tashkilotning faoliyatini tugatish
Diniy tashkilotning faoliyati u oʻzini oʻzi tarqatib yuborganda yoki ushbu Qonunning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlarining qoidalari buzilgan taqdirda tugatilishi mumkin.
Diniy tashkilot faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi qaror uni roʻyxatga olgan organ tomonidan qabul qilinadi. Ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
14-modda. Diniy urf-odatlar va marosimlar
Diniy tashkilotlar ibodat qilish yoki diniy rasm-rusumlar oʻtkazish uchun qulay joylar tashkil etish va ularni saqlab turish, shuningdek ziyoratgohlarni saqlab turish huquqiga egadir.
Ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan manzildagi ibodatxonalarda va ularga tegishli hududlarda, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, zarur hollarda fuqarolarning ixtiyoriga binoan ularning uylarida oʻtkaziladi.
Kasalxonalarda, gospitallarda, keksalar va nogironlar uylarida, dastlabki qamoq va jazoni oʻtash joylarida ibodatlar va diniy rasm-rusumlar shu yerdagi fuqarolarning iltimoslariga binoan oʻtkaziladi.
Diniy marosim va ibodat binolaridan tashqarida oʻtkaziladigan ommaviy ibodatlar, diniy rasm-rusumlar va marosimlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Diniy tashkilotlar dindorlar majburiy pul yigʻimlari va toʻlovlar undirishga, shuningdek ularga nisbatan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi choralarni qoʻllashga haqli emas.
15-modda. Diniy tashkilotlarning mulki
Diniy tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan sotib olingan yoki yaratilgan, fuqarolar, jamoat birlashmalari ehson qilgan (vasiyat qilib qoldirgan) yoxud davlat tomonidan berilgan shuningdek chet elda joylashgan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda olingan, oʻz faoliyatlarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolar, imoratlar, ibodat qilish anjomlari, ishlab chiqarish, ijtimoiy va xayriya inshootlari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklar ularning mulki boʻlishi mumkin.
Diniy tashkilotlarning mulkiy huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining VII-boʻlimiga (“Mulkiy huquqning kafolati va himoya qilinishi”) qarang.
16-modda. Davlat mulki boʻlgan mol-mulkdan foydalanish
Diniy tashkilotlar oʻz ehtiyojlari uchun davlat organlari tomonidan shartnoma asosida beriladigan binolar va mol-mulkdan foydalanishga haqlidir.
Tarixiy va madaniy yodgorliklar obyektlari va buyumlarini diniy tashkilotlarga foydalanish uchun berish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlar uchun yer ajratish hamda ibodat binolari qurish tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17-modda. Ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari ustavdagi maqsadlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, noshirlik, ishlab chiqarish, taʼmirlash-qurilish, qishloq xoʻjalik korxonalari va boshqa korxonalarni, shuningdek xayriya muassasalarini (yetimxonalar, kasalxonalar) taʼsis etishga haqlidir.
18-modda. Faoliyatini tugatgan diniy tashkilotlarning mol-mulkini tasarruf etish
Diniy tashkilotlarning faoliyati tugatilgandan keyin ularga foydalanib turish berilgan mol-mulk oʻz egalariga qaytariladi.
Diniy tashkilotlarning faoliyati tugatilgan taqdirda, ularga qarashli mol-mulkka egalik qilish ularning ustavi va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Kreditorlarning talablarini qondirish uchun undirish qaratilishi mumkin boʻlmagan ibodatga oid mol-mulk roʻyxati diniy tashkilotlarning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Huquqiy vorislari boʻlmagan mol-mulk davlat mulki hisobiga oʻtadi.
19-modda. Diniy adabiyot va diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlar
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlar, diniy adabiyotlar va diniy mazmundagi boshqa axborot materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlab chiqarishga, eksport va import qilishga hamda tarqatishga haqlidir.
Chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish, ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari tegishli litsenziya olgandan soʻng diniy ibodat buyumlarini ishlab chiqarish va tarqatish huquqiga faqat ular ega boʻladilar.
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan matbaa nashrlarini, kino, foto, audio, video mahsulotlarini va shu kabi boshqa mahsulotlarni tayyorlash, saqlash va tarqatish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga olib keladi.
20-modda. Diniy tashkilotlarning xayriya faoliyati
Diniy tashkilotlar xayriya va mehr-muruvvat faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
21-modda. Diniy tashkilotlarda mehnatga oid huquqiy munosabatlar
Diniy tashkilotlarda mehnat shartnomalari (kontraktlari) boʻyicha ishlayotgan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari tatbiq etiladi.
22-modda. Diniy tashkilotlarning xalqaro aloqalari
Diniy tashkilotlar muqaddas joylarni ziyorat qilish yoki boshqa diniy tadbirlarda ishtirok etish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro aloqalar oʻrnatish va olib borishga haqlidir.
23-modda. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar, diniy tashkilotlarning xizmatidagilar va fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 99-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )