toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Navoiy davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Navoiy davlat pedagogika instituti talabalarining taʼlim olishi va yashashi hamda oʻqituvchilarga taʼlim berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy shahar “Yoshlik” MFY hududida 2023 — 2027-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining kampusini (keyingi oʻrinlarda — Kampus) bosqichma-bosqich barpo etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Navoiy viloyati hokimligi Kampusni barpo etish uchun Navoiy shahar hokimligi zaxirasiga olingan Navoiy shahar, “Yoshlik” MFY hududidan 15 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi asosida Navoiy davlat pedagogika institutiga (keyingi oʻrinlarda — Institut) belgilangan tartibda ajratib berilishini taʼminlasin.
3. Quyidagilar:
2023 — 2027-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining kampusida quriladigan bino va inshootlarning yillar kesimida loyihalashtirish va qurilish bosqichlari 1-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining kampusi hududigacha tashqi muhandislik tarmoqlari, bino va inshootlar, transport kommunikatsiyalari qurilishi boʻyicha yigʻma koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) Kampusni barpo etish xarajatlari:
Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, mavjud bino va inshootlarini auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
Kampus hududigacha tashqi ichimlik va oqova suv, elektr, gaz, aloqa taʼminoti tarmoqlari va inshootlari hamda yoʻllar qurilishiga masʼul vazirlik va idoralar mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
Kampusning hududidagi ichki ichimlik va oqova suv, issiqlik, elektr, gaz tarmoqlari hamda ichki yoʻllar qurilishi Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
b) buyurtmachi etib:
Kampusni barpo etish boʻyicha — Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi;
Kampus obyekti tashqi muhandislik kommunikatsiyalarining loyiha-smetalarini ishlab chiqish va qurish boʻyicha elektr energiyasi, gaz taʼminoti, aloqa tarmoqlari hamda ichki avtomobil yoʻllari boʻyicha — tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbektelekom” AK va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hisoblanadi.
Bunda Kampusning issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishini taʼminlash choralari koʻriladi.
5. Qurilish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash hamda oʻquv jarayoni talablariga muvofiqlashtirib borish maqsadida Institutga Kampusni barpo etish davrida budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Kapital qurilish boʻyicha prorektor lavozimini kiritish va 2 ta shtat birligidan iborat Qurilish ishlarini muvofiqlashtirish boʻlimini tashkil etishga ruxsat berilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Kampusni barpo etish:
birinchi bosqichda — Institutning budjetdan tashqari, shu jumladan toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlari, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
ikkinchi bosqichda — Institutning mavjud bino va inshootlarini auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda oʻquv jarayoniga taʼsir etmagan holda, Institutning mavjud bino va inshootlarini alohida lotlarga (qismlarga) ajratib, belgilangan tartibda bosqichma-bosqich auksion savdolari orqali sotishni va sotishdan tushadigan mablagʻlar baholash va sotish xarajatlarini chegirgan holda Kampusni barpo etish uchun Institutning tegishli hisobvaragʻiga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida Kampus joylashgan hududni Navoiy shahar markazi bilan bogʻlovchi qoʻshimcha jamoat transporti yoʻnalishini tashkil etish chorasini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Kampusda qurilish-montaj ishlari sifatli amalga oshirilishi boʻyicha belgilangan tartibda davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abduraxmonov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov hamda Navoiy viloyati hokimi N.T. Tursunov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-iyun,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 232-son qaroriga
1-ILOVA
2023–2027-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining kampusida quriladigan bino va inshootlarning yillar kesimida loyihalashtirish va qurilish
BOSQIChLARI

T/r

Loyihalashtiriladigan va quriladigan bino va inshootlar

Bajarish muddati

Masʼul ijrochilar

1.

“Sanʼatshunoslik” fakulteti uchun 2 000 oʻrinli oʻquv binosi;

amfiteatr;

600 oʻrinli talabalar turar joyi;

hudud perimetri boʻylab toʻsiq devor;

transformator podstansiyasi;

tashqi muhandislik tarmoqlari;

ichki muhandislik tarmoqlari;

qozonxona;

yopiq ichimlik suv havzasi (texnik shart asosida);

obodonlashtirish, ichki yoʻllar, irrigatsiya tarmoqlari va k�chik arxitekturaviy formalar;

avtoturargoh.

2024-yil dekabr

Navoiy viloyati hokimligi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,

Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi,

Navoiy davlat pedagogika instituti

2.

“Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Tarix”, “Fizika va texnologiya”, “Matematika-informatika”, “Tabiiy fanlar” fakultetlari uchun 5 000 oʻrinli 3 ta oʻquv binosi;

850 oʻrinli talabalar turar joyi;

obodonlashtirish, ichki muhandislik tarmoqlari, ichki yoʻllar, irrigatsiya tarmoqlari va kichik arxitekturaviy formalar;

avtoturargoh.

2025-yil dekabr

Navoiy viloyati hokimligi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,

Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi,

Navoiy davlat pedagogika instituti

3.

Kampus binosi;

“Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim”, “Ingliz tili va adabiyoti”, “Tibbiyot” fakultetlari uchun 4 250 oʻrinli 3 ta oʻquv binosi;

450 oʻrinli talabalar turar joyi;

obodonlashtirish, ichki muhandislik tarmoqlari, ichki yoʻllar, irrigatsiya tarmoqlari va kichik arxitekturaviy formalar;

avtoturargoh.

2026-yil dekabr

Navoiy viloyati hokimligi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,

Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi,

Navoiy davlat pedagogika instituti

4.

Maʼmuriy bino (rektorat) va “Jismoniy madaniyat” fakulteti uchun 750 oʻrinli 1 ta oʻquv binosi;

500 oʻrinli talabalar turar joyi;

36x18 oʻlchamdagi sport zali;

yopiq turdagi 25x11 oʻlchamdagi suv havzasi;

110x75 oʻlchamdagi futbol maydoni;

manej (OZDK);

“Workout” maydonchasi;

amfiteatr;

tashqi hojatxona;

xoʻjalik binolari;

yongʻinga qarshi suv havzalari;

obodonlashtirish, ichki yoʻllar, irrigatsiya tarmoqlari va kichik arxitekturaviy formalar;

avtoturargoh.

2027-yil dekabr

Navoiy viloyati hokimligi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,

Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi,

Navoiy davlat pedagogika instituti

Izoh. Yillar kesimida loyihalashtiriladigan va quriladigan obyektlar bosqichlariga, bajarish muddatlariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining takliflariga asosan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 232-son qaroriga
2-ILOVA
2023 — 2027-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining kampusi hududigacha tashqi muhandislik tarmoqlari, bino va inshootlar, transport kommunikatsiyalari qurilishi boʻyicha
YIGʻMA KOʻRSATKIChLAR

Obyekt nomi

Ichimlik suv tarmoqlari

(km)

Oqova suv koʻtarish nasos stansiyasi

(dona)

Kanalizatsiya tarmoqlari

(km)

Elektr tarmoqlari

(km)

Gaz tarmoqlari

(km)

Issiqlik inshootlari

(dona)

Kirish yoʻllari va tashqi yoʻllar

(km)

Navoiy davlat pedagogika institutining kampusi

0,55

Loyiha asosida

0,56

14,0

0,2

Loyiha asosida

2,5

Izoh. Tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlar va transport kommunikatsiyalari koʻrsatkichlariga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish yakunlari bilan aniqlik kiritilishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2023-y., 09/23/232/0343-son)